OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. Ulg‘ayish (hikoya)

Mashina orqaga yurib, ochiq turgan darvozadan ichkari kirdi. Sekinlab bordida hovli to‘rida odam bo‘yi keladigan, tirqishlariga latta-putta tiqib qo‘yilgan yog‘och eshikka taqalib to‘xtadi. Kabinadan shapkali, fufayka kiygan yo‘g‘on kishi tushdi. U ehtiyotkorlik bilan darvoza tabaqalarini birlashtirdi-da temir dastakni ildirdi. Bir pas qo‘shni hovlilarga quloq tutdi. Sokinlik. Osmonning bir chetidan xira nur sochib tepaga ko‘tarilayotgan qoshdekkina oyni hisobga olmaganda tun sukunatini buzishga go‘yo hech kim jur’at etolmayotgandek.
O‘ng tomondagi tomi shifer bilan yopilgan baland uyning ayvonida chiroq yondi. Ichkaridan kichik jussali, mushtdekkina bir ayol chiqdi.
–G‘allaxonaning kalitini obchiq!
Ayol ichkariga qaytib kirdi. Dahliz devoridagi mixga osig‘liq turgan shoda kalitlardan birini oldida eshigining tirqishidan yorug‘ tushib turgan turgi xonaga o‘tdi. Xonada rangsizgina, oqish yuzli bola ko‘kragini yostiqqa bosgancha kitob o‘qirdi. U sharpani sezib, boshini ko‘tardi.
–Haliyam yotmadingmi?
–Hozir, ozgina qoldi... – Bola yana kitobga yuzlandi.
–Otang keldi. Kiyinib chiqaqol, yuki borga o‘xshaydi.
Bola kitob varag‘ini buklab, yopdi. Astaridan paxtasi chiqib qolgan eski choponini yelkasiga tashlagancha tashqariga yo‘naldi. Otasi mashinaning orqa tomonini tushirib, qo‘lida kurak bilan kutib turardi. Bola indamay otasining qo‘lidan kurakni oldida kuzovga chiqdi. Chiqayotganda kurak kuzovga tegib “darang”lab ketdi.
– Sekinroq, – dedi ota. – Ko‘zingga qara! Shoshmasdan, tovush chiqarmasdan tushir! – Uning ovozi nimagadir qaltirab chiqdi.
Bola yukni tushira boshladi. U har kurak surganida quyuq chang tumani osmonga ko‘tarilardi. Aksiga olib shamol ham qarshi tomondan esmoqda. Bir pas ishlamasdan terlab, toliqa boshladi. Quloq-burni, yuzi changga belandi. Tomog‘i qurib, og‘zida loy ta’mini sezdi. Mashina ustida chang buluti paydo bo‘ldi. Bola changdan qochib kuzovning chetiga o‘tdi va pastga, onasiga qaradi.
–Ena, og‘izni bog‘lagani ro‘mol-pumol bering. Ichim changga to‘lib ketdi.
Ayol uy tomon yurdi. Ota o‘g‘liga o‘shqirdi:
–Tezroq qimirlasang-chi, birato‘la yuvinasan! – Baribir sabri chidamadi. Yo‘g‘on gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan mashinaga chiqdi. Biroz ishladi. Keyin kurakni o‘g‘liga tutqazib, belini ushlagancha pastga tushib ketdi.
Bola yana ishga sho‘ng‘idi. O‘ylay boshladi. “Nima kerak ekan shu ishni qilib? Hamma narsamiz bor bo‘lsa. Yo shunday qilmasa, kunimiz o‘tmasmikin?! Nega?! Hammaniki o‘tayapti-ku?! Mana Akbarlarni olaylik. Mendan yaxshi kiyinadi. Uylarining ichiyam biznikidan chiroyli. Otasi domilla. Hamma narsaga tushunadi. Qani, mening otam ham shunday bo‘lsa!”.
Shu payt ko‘chada motor ovozi eshitildi.
–Yot-t!
Bola engashdi. Mototsikl ekan. Qo‘shni ko‘chaga burilib, tovushi uzoqlashdi. Otasi darvozadan chiqib qarab keldi. Bola hamon o‘z o‘ylari bilan ovora edi. “Hozir melisa kep qolsa-ya. Otasini qamaydimi? Unda bizga kim non topib beradi? Mendan so‘rasa-chi? Sen komsomolsan, to‘g‘risini ayt, nima ish qilayotganding, desa, nima deyman? To‘g‘risini aytadi. Shunday-shunday bo‘ldi, deydi. Yo‘g‘-e, unda otasini qamab qo‘yadilar-ku! Meniyam qo‘shib qamasa kerak-a? Chunki bug‘doyni men tushirayapman-ku! Buni Gulsara eshitsa nima deydi? Domillalarchi? Oshnalarim-chi?!”.
– Nima balo, uxlab-puxlab qoldingmi?
– Hozir. Tomog‘im loyga to‘lib ketdi. – Bola kurakni kuzovga suyab, pastga tushdi. – Bir suv ichib olay. Burnini qoqqan edi, bir parcha loy tushdi. “Jonga tegdi, nima kerak shunday yashash?”
Ota o‘g‘lining charchaganligini sezdi. Bola bechoragayam javr bo‘lyapti. Bultur tom suvayotganda narvondan yiqilib, beli qattiq lat yegan edi. Shundan beri katta-kichik yumushning hammasi shu o‘g‘liga qolgan. Kattasi armiyada. Shu tiromaga keladi. Shunchalik qilmasayam bo‘lmaydi. Bir qozondan o‘n uch jon ovqat yeydi. Eshikli uy – birov keladi, birov ketadi. Hali oldida ma’rakasi bor. Ikki qo‘lini burniga tiqib o‘tirgan bilan birov kelib berarmidi?! Oylik tirikchilikdan ortmasa.
Er yonida turgan xotiniga o‘girildi.
–Chiq, yordamlash!
Ayol mashinaga tirmashdi...

***

Musurmonqul kechga yaqin uyga qaytmoqchi bo‘lib motorni o‘t oldirayotgan edi, boshliq chetga imlab qoldi.
–Qorong‘i tushib, odam-odamni tanimaydigan bo‘lgach, ikkinchi bo‘lim angariga borib, Mamatqul kombaychiga uchrashing. Bir bunker to‘kib beradi. Uyni bilasiz.
Musurmonqul boshliqning aytganini qildi. U hech mahal boshliqlarga gap qaytarib o‘rganmagan. Shuning uchun ham “katta buva” har mavsumda uni bosh injenerdan so‘rab oladi.
Endi yukni tushirmoqchi bo‘lib turganlarida boshliqning otasi Haydar gajir chiqib qoldi. O‘lgiday o‘jar, bir so‘zli bu odamni qishloqda shunday atashadi. U haqda qiziq bir gap yuradi. “Haydar gajir bir kun kalish olmoqchi bo‘lib bozorga tushibdi. Bir juft kalishga xaridor bo‘libdi. Endi savdolashib turgan ekan bir chol (aytishlaricha, uyam gajir ekan) kelib mol egasi aytgan pulni to‘labdi. Kalishlarni Haydar gajirning qo‘lidan yulqib olib, xurjiniga sola boshlabdi. Haydar gajirning orqasi tutibdi. “Buni men olmoqchiydim-ku” degan ekan, kalish egasi “Mol pulini to‘laganniki”debdi. Haydar gajir shu zahotiyoq u aytgan pulni to‘labdi-da, kalishlarga ushlashibdi. Ikki gajir talashib-tortishib, urishib qolishibdi. Alqissa, ikkovi ikki poyni qo‘ltiqqa qisib jo‘nabdi. Olibsotar bo‘lsa bir juft kalishni ikki kalishning bahosiga pullaganiga xursand qolaveribdi. Mish-mishlarga qaraganda, o‘sha bir poy kalish Haydar gajirnikida haliyam turganmish”...
Chol qorong‘ilikda yaxshi ko‘rmasada hassasini to‘qillatib, mashinaning yoniga keldi. – Nima bu? – deb so‘radi. Keyin birdan jazavasi tutib qoldi.
–Ol mashinangni! – Baqirdi Musurmonqulga qarab. – Hozir melisaga xabar qilaman! Nontepkilar!
Musurmonqul boshliqqa qaradi. Boshliq otasiga yaqinlashib, uning qulog‘iga nimadir deb shivirladi.
–Ni-m-m-a-a! – Chol baqirishda davom etdi. – Kunjara yeb katta bo‘lganingni unutdingmi? Hali ko‘zim ochiq ekan senlarga bu noma’qulni yedirmayman. O‘lganimdan keyin esa bilganlaringni qilinglar. Hayda mashinangni! – Chol hassasi bilan kabinaga niqtadi. Musurmonqul “Nima qilay?” degan ma’noda boshlig‘iga burildi.
–Bo‘pti, siz boravering! – Boshliq jahl bilan qo‘l siltadi.
–Buni-chi? – Musurmonkul kuzovga ishora qildi. – Buni nima qilay?
–Bilganingizni qiling!...

***

G‘allani kiritib olishdi. Bola qattiq charchadi. Tomog‘i achisha boshladi. Yuvinib bo‘lgach, otasining yoniga – supaga chiqib o‘tirdi. Ona o‘g‘liga choy quyib uzatdi.
–Ich, charchog‘ingni bosadi.
–Yigit ham charchaydimi? Bularning yoshida bizlar, eh-he, mardikor ishlardik. – Ota gapga aralashdi. Bir uxlasang, hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasan.
Bola taraddudlandi. “Aytsammi? Urishib bersa-ya. Urishsa urishar”.
–Ota-a... – Tovush juda siniq chiqdi.
–Ha, nima deysan? – Er bo‘sh piyolani ayoliga uzatdi.
–Shu-shu... ishni qilmasangiz-chi? – Bolaning ko‘nglidagi gap beixtiyor og‘zidan chiqib ketdi.
–Ni-i-ma-a? – Ota o‘rnidan turib o‘tirdi. O‘g‘lini birinchi marta ko‘rayotganday tikilib qoldi. Oyning xira nurida uning yuz ifodasini ko‘rib bo‘lmasdi. Ayol eriga hadik bilan boqdi.
–Aql o‘rgatayapsanmi menga?! Kim qo‘yibdi shu paytdan otaga gap o‘rgatishni?! Yaxshi. Zo‘r tarbiya berayapti ekan domlalaring! – E-e, havoga ko‘tarilgan qo‘lini hafsalasizlik bilan siltadi-da, yana yostiqqa yonboshladi. Sen hali nimaniyam tushunarding...
Oraga og‘ir jimlik cho‘kdi. Bola piyolada sovib qolgan choyni ho‘pladi. Ota asta hech kimga bildirmay xo‘rsinib qo‘ydi. So‘ngra vazmin ohangda go‘yoo‘z-o‘ziga so‘zlayotganday gap boshladi.
–Azondan qora kechgacha tinmayman. Kimgadir aka deyman, kimgadir uka. Bari kim uchun? Men bilan enangga nimayam kerak. Bir xalta un bo‘lsa, bir oy mayda chaynab yeymiz. Shular birovdan kam bo‘lmasin, shular biror narsaga darqab qolmasin, birovning qo‘liga qaramasin, deb yelib-yuguraman. Hali tushunmaysan. Keyinroq, ota bo‘lganingda bilasan. Erta-indin akang armiyadan qaytadi. Uning uyini tushirib berishimiz kerak. Sen ham maktabingni bitiray deb qolding. Yana o‘qirman dersan. Buning hammasiga pul kerak, o‘g‘lim. Mening yoshimga yetganingda, otam bechora to‘g‘ri aytgan ekan, deysan. Men sizlarning o‘qimishli, obro‘li odam bo‘lishlaring tarafdoriman. Men tortgan azoblarning mingdan birini ham ko‘rmanglar, deyman. O‘zing esli yigitsan-ku, o‘g‘lim!...
U otasining bunchalik kuyinib, dard bilan gapirishini, otam shuncha gapni biladi, deb sira o‘ylamagandi. “Demak, hali bu dunyoda uning aqli yetmaydigan ko‘p narsalar bor”. Bola asta o‘rnidan turib, uy ichkarisiga yurdi. Ota o‘g‘lining orqasidan qarab qoldi: “G‘alati bo‘lib o‘sayapti. Men boshqacharoq edim”.
O‘g‘li bilib-bilmay uning qalb torlarini chertib ketdi. Otaning xayoli qochdi. “Bu yoshlar nimaniyam tushunardi. Azob ko‘rmay o‘sayapti. Otam o‘tganida o‘n uchdan endi o‘n to‘rtga o‘tgan edim. Eh-he, kimlarning xizmatini qilmadim. Bir hovuch bug‘doy yoki bir bo‘lak qora zog‘ora uchun nima ishlar qilishga majbur bo‘ldim. Men tengilarning bitta g‘ami bor edi: uyam bo‘lsa qorin. Odam bo‘lib kun ko‘rayotganimizga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. O‘qiyolmadim. Bunga vaqt ham, imkon ham bo‘lmadi. Oddiy rabochchi odamman. Birovga gapim o‘tmaydi. Ba’zan xo‘rligim keladi. “Qo‘li tekkanning og‘zi ham tegadi” degan gap bor. Gayi-gayida to‘g‘ri kep qolganda bir qopmi, yarim qopmi olaman. Harna-da. Besh-oltita mol bor. Axir, hamma qilayapti-ku?! Direktor “buva”ning o‘ziyam shu moshinni berishda umidvor bo‘lgan. Bo‘lmasa qanday zo‘r, tushungan odam. Moskvada o‘qib keldi. Nima yetmaydi u kishiga. Hamma odamda tomoq bor. Bizlar endi ilojsizlikdan qilamiz. To‘rt o‘g‘il, olti qiz. Ularni kiyintirish, boqish osonmi? Har birini uylash, chiqarish-chi? Kechalari ba’zan uyqum qochib ketadi... E, nodon bola-ya?”.
Bola o‘z xonasiga kirdi. Yerda yotgan kitobini deraza raxiga olib qo‘ydi. Yechinmasdan o‘rniga cho‘zildi. “Nimaga bunday? Kitoblarda boshqacharoq yoziladi-ku?! Nahot, to‘ppa-to‘g‘ri, halol yashab bo‘lmasa? Kimga ishonish kerak? Domlalarning hamma gapi to‘g‘rimi? Ana Suvon domlani oling. Ularga geografiyadan kirardi. Sinfda papiros chekib o‘tirardi. Bir kuni qiziq bo‘ldi. Suvon domla dars o‘tayotuvdi, to‘g‘rirog‘i, kitobdan o‘qib berayotgan edi. Nima bo‘ldi-yu, u tashqariga chiqdi. Shunda birinchi partada o‘tiradigan Karim kalta kitobning boshqa betini ochib qo‘ydi. Suvon domla qaytib kirdi-da, o‘sha joydan o‘qishga tushdi. Bolalar kulib yubordi. U hammani urishdi. Karim kaltani bir shappat urdi.
O‘sha Suvon domla hozir sovxozning omborida katta. Odamlarning aytishicha, bir xalta puli bormish. O‘g‘li Sobir sariq to‘qishtirib o‘qishniyam bilmasada, domlalar unga “besh” qo‘yadi. Nega bunday qiladi, tushunmayman. Sobir sariqning maqtanishicha, o‘ninchini bitirsa otasi mashina olib berarmish. Keyin qizlarni mindirib kataysa qilarmish. Ochil mallim bo‘lsa xuddi yosh boladay haliyam valasapid minib yuradi. Tunov kuni Sobir sariq uni “enangdi...” deb so‘kdi. Hech kim unga indamadi. Direktorimiz eshitsayam hech narsa demadi. Men shunday qilganimda ertagayoq maktabdan haydashardi.
Qattiq charchagan bo‘lishiga qaramasdan uning sira uyqusi kelmasdi. Hadeb u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darilar, chalqancha yotgancha o‘y surardi. Yopirilib kelayotgan oxiri yo‘q savollarga javob topolmay murg‘ak qalbi ozorlanar, qiynalardi. “Otamning gaplari to‘g‘rimi? Pul bo‘lmasa kun o‘tmaydimi? Nega unda Tayloq ko‘r bilan Islom cho‘loq ochdan o‘lib qolmaydi?”
To‘lishib tobora yorqinroq sho‘‘la taratayotgan kemtik oy esa derazadan o‘g‘rincha mo‘ralardi. Tong oqarib kelardi...

1979 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.