OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. O‘g‘il (hikoya)

U maktabdan kech qaytdi. Ichkari uyda ust-boshini almashtirayotgan edi, momosi chaqirib qoldi.

– Samad, hov Samad!

– Hov-v!

– Dovushing o‘chgir, tezroq chiqsang-chi.

Samad shosha-pisha kiyinib chiqdi.

– Ha, nima deysiz?

Hovlida ipini uzib ketgan buzoq o‘ynoqlab yurar, kampir uni tutmoqchi bo‘lib ushlolmasdi.

– Manavi sabil qolgurni bog‘lab qo‘y. Hammayoqni yakson qildi.

– Nima qipti?

– O‘l qipti. Un xaltani yamlab tashlabdi. Ushlasang-chi,
lallayib turmay. O‘n beshga kirsayam odam bo‘lmadi bu!

Samad buzoqni quvib ketdi. Bir pasda tutib bog‘ladi. Kampir yana javray boshladi:

– Kuni bo‘yi sanqib yurmadagin, mollarga qara, siyir ertalabdan beri
suvsiz. Uying kuygir Usmon kalta bo‘lsa chinoq qo‘zini yitirib kepti. Hamsoyalarning molini ko‘r qani, birortasiga qo‘shilgandir-da. Ahmad kalnikini qara, bir safar shunikidan chiquvdi. Shu mol-hol bir menga kerakmi? Zaharmardilaringga bir kun kerak bo‘p qolar. Otangning yurishi bo‘lsa ul. Sen sal odamga o‘xshagin endi...

Samad momosining bunday beg‘ubor qarg‘ishlariga ko‘nikib qolgan. Parvoyigayam kelmaydi. Biladi, momosi uni yaxshi ko‘radi. Biron kun ko‘rinmay qolsa, butun qishloqqa jar soladi. Maktabdan sal kechiksa, qidirib chiqadi. Ular bir-birlariga o‘rganib, suyanib qolishgan. Mana shu hayhotday hovlida bir o‘zi zerikkanidan, siqilganidan nevarasini yaniydi, mollar bilan urishadi, ishqilib kunduzni kech, tunni tong qiladi. Samad momosi buyurgan yumushlarni chala-chulpa, yarim-yorti bajaradida, ko‘chaga qochadi. Bolalar bilan “oshiq”, “parin”, “traq-traq” yoki “chillak” o‘ynab nomozgarda kirib keladi. Keyin ikkovi kampir tayyorlagan kesgan oshmi, guruch oshmi, piyavami yo kulcha tayloqnimi maza qilib ichishadi. Momosi ovqatni biram shirin qiladiki, ichib to‘ymaysan. Ertalab Samad maktabga jo‘naydi. Kampir yana hovlida g‘imirlay boshlaydi. Ahyon-ahyonda uning hovlidan kimnidir, nimanidir qarg‘agan ovozi eshitilib qoladi.

Samadning otasi shaharda ishlaydi. Har shanba kuni qishloqqa kelib turadi. Uning sumkasida, albatta, Samadga biron sovg‘a bo‘ladi. Samad otasini yaxshi ko‘radi. Baland bo‘yli, yelkador, qop-qora mo‘ylovi o‘ziga yarashgan salobatli va ko‘rkam otasi ba’zan uni shaharga olib tushadi. Baland-baland uylarni, magazinlarni, hayvonot bog‘ini tomosha qildiradi. Otasining aytishicha, Samad maktabni bitirgach, shaharga borarmish, o‘qirmish, “katta” odam bo‘larmish. Momosi bo‘lsa otasini nuqul yomonlagani, yomonlagan. U odam bo‘lmadi, deydi. Otasi har kelganida yig‘i-sig‘i qiladi.

– Shuncha odamga topilgan rizq-nasiba, senga topilmay qoladimi, qishloqqa kel, sen ham odamlarga qo‘shil, el qatori yasha, – deydi.

Otasi indamaydi. Ketar chog‘i Samadga tayinlaydi: – Momong qarib qoldi. Bechora ko‘p azob chekayapti. Uni xafa qilma.

Samad bu yil beshinchida o‘qiyapti. U zehnli, ziyrak bola. Maktabda hamma uni maqtaydi, havas qilishadi. Uning hamma narsasi bor. Kiyimlari ko‘p. Chiroyli ruchkalari, velosipedi bor. Sumkasida doim biror qiziq kitob olib yuradi. Otasining puli ko‘p. Xohlagan narsasini olib beradi. Otasi “zo‘r” odam. Faqat ba’zan o‘ylab qoladi. Nega uning enasi yo‘q. Enasi qaerdaykin? Momosidan so‘rasa: “Seni men tuvganman, men sening enang bo‘laman” deb baqirib beradi. Momosining gaplariga ishonmaydi. Momosi yolg‘on aytadi. Axir, qanaqasiga uning enasi bo‘lsin?! U otasining enasi-ku!

Samad maktabda Baxtiyor bilan oshna. Sinfdoshlari ichida shu bola unga yoqadi. Ularning uyi bozorjoyda, maktabning yo‘lida. Samad ba’zan kun bo‘yi ularnikida bo‘ladi. Ba’zan kechasi yotib ham qoladi. Baxtiyorning otasi Sotvoldi aka bo‘lsa, Samad bilan xuddi katta odamlarday gaplashadi. Otasini, momosining hol-ahvolini obdon surishtiradi. Bugun ham tomorqada yer ag‘darayotgan ekan. Samadni chaqirib qoldi. Undan-bundan so‘radi, gaplashdi. Keyin qo‘lidagi ketmonni daraxtga suyab, Samadning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi-da:

– O‘g‘lim, – dedi bosiqlik bilan. – Endi sen katta yigit bo‘p
qolding. Ko‘p narsaga tushunasan. Xo‘p desang, enangnikiga olib boraman.
 
– Enam... enam... bormi? Qaerda? – Samad hayratlandi, ko‘zlari
jovdiradi.

– Uzoqda, borasanmi?

– Boraman-n-n!
 
 Sotvoldi aka Samadni eshikkacha kuzatib chiqarkan: – Bu gapni otangga aytmay qo‘ya qol, – dedi.

Samad yo‘l bo‘yi o‘ylab keldi. “Mening enam bor!” Hozir uning baqirgisi, hamma eshitadigan qilib qichqirgisi kelardi: “Mening enam bor!” Sevindi. Ko‘zlariga yosh to‘ldi. Bir marta Salim sariq bilan urishib qolgan. Shunda Salim sariq “sag‘ir” deb so‘kdi. O‘shanda u Salim sariqni qo‘li tolguncha urdi. Urib bo‘lib, o‘zi ham alamidan yig‘lab yubordi. Mana endi uning enasi bor. Salim sariqqa endi ko‘rsatib qo‘yadi. Sotboldi aka “otangga aytmagin” dedimi, nega? Otam bilan enam urishib qolgan bo‘lsalar kerakda. Nega unda meni so‘rab kelmaydi. Enam qanaqaykin? Baxtiyorning enasiga o‘xsharmikin?

O‘sha kuni kechasi tush ko‘rdi. Tushida chip-chiroyli, sochlari qop-qora, yuzlari, qo‘llari oppoq, muloyim bir ayol uni quchoqlab yig‘layotganmish. Otasi esa uzoqdan qarab turgan emish. Yuraman deb yurolmasmish. Hadeb chaqirarmish:

– Sa-a-m-a-a-d-d!

U cho‘chib uyg‘onib ketdi. Tong otib qolibdi. Apil-tapil o‘rnidan turdi. Momosining o‘rni allaqachon yig‘ishtirilgan. U momosining qachon turib, qachon yotishini hech mahal ko‘rmagan. Tashqaridan ovozi eshitilayapti: “Bosht, hay, egang o‘lgur”.

Samad otasi hafta burun shahardan olib kelgan, hali bayramda kiyaman deb asrab qo‘ygan yap-yangi kamzul-cholvorini kiydi. Oynaga qarab sochini taradi. Tepasidagi bir tutam sochi tikkayib garang qildi. U sochini ho‘llab, qalpog‘i bilan bostirib qo‘ydi.

– Ota-a, Samad keldi-i! – Eshikka chiqqan Baxtiyor ichkariga qarab
chaqirdi.

– Kel o‘g‘lim, kelgin, – dedi chakka sochlari oqarib ketgan, yo‘l-yo‘l
mallarang uy kiyimidagi Sotvoldi aka oyog‘iga kalish ilarkan. – Baxtiyor, oshnangni uyga kiritib choy ichib turinglar. Men hozir...

Sotvolda aka kiyinib chiqdi. Baxtiyor ham ularga ergashdi. Sotvoldi aka mashinani ehtiyotlik bilan boshqarib borarkan, sekin gap otib qo‘yardi.

– Obbo Samadvoy-e, katta yigit bo‘p qoldim, degin. Maktabni bitirib
kim bo‘lmoqchisilar?.. Hali bir odam bo‘linglarki!..

Uning kulib turib bergan savollariga, hazil-chin gaplariga Samad yelka qisib qo‘yadi. “Bilmasam” deydi, qizarinqirab yerga qaraydi. Ular ancha yurdilar. Katta asfalt yo‘ldan o‘ngga burilib, tuproq yo‘lga tushishdi. Atrof qirlar. Har bir qir ustida ikki yoki uch uy. Oralari olis-olis. Soylarda qo‘y-echki, sigir-buzoqlar o‘tlab yurishibdi. Mollarning ortida uch-to‘rt bola. Ular chillak o‘ynashayapti. Bahor emasmi, qip-qizil lolaqizg‘aldoqlar ko‘zni qamashtiradi. O‘t tizzaga uradi. Osmon yaqin. Qo‘l uzatsang yetguday tuyuladi.Mashina o‘t-o‘lan, cho‘l gullarini bosib-yanchib, yolg‘izoyoq yo‘ldan o‘rmalaydi. Sotvoldi aka bir qirga chiqib, mashinani o‘chirdi. Ro‘parada tomi qizil tunuka bilan yopilgan oddiy paxsa uy. Uy oldida o‘choq, tandir. O‘choqdagi qozondan bug‘ ko‘tarilayapti. Soy tarafda to‘riq ot, toychasiyam bor. Ot bog‘log‘liq, toycha bo‘sh. Bo‘yni oppoq, hirsday kuchuk chopib kela boshladi. Uydan bir ayol chiqib, o‘choq tomon yurdi. Mashinaga ko‘zi tushdi, shekilli, darrov orqasiga qaytdi. Yalangbosh, yalangoyoq to‘qqiz-o‘n yoshlardagi bola mashina tomon kela boshladi. Bolani ko‘rib, hurayotgan it jimib qoldi. Dumini likillatib uning oyoqlariga suykaldi.

Sotvoldi aka mashinadan tushdi.

– Sa-amalay! – Bola salom berdi.

– Vaalaykum assalom!

 U hamma bilan qo‘l berib ko‘rishdi.

– Qani, yigit, chopqillab yuribsanmi? Katta yigit bo‘p qoldingmi?

Bola indamay oyog‘i bilan yer chiza boshladi.

–Mamat bova uydami?

– Yo‘q. Molga ketgan. Tushga keladi.

– Sendan boshqa tag‘in kim bor?

– Enam.

– Enangni bu yoqqa chaqir. Samad akam kepti, de.

Bola orqasiga qaytib ulgurmasidan eshik oldida ularga qiziqsinib qarab turgan boyagi ayol halpillab, harsillab chopib kela boshladi. U mashinaning oldiga kelib, bir zum taraddudlandi. Oldin Baxtiyorga, so‘ngra Samadga qaradi. Va birdan, ona qalbi aldamadi – o‘zini o‘g‘liga otdi.

– Bolamm! – Samadning yuz-ko‘zidan chapillatib o‘pa boshladi. – Voy,
enaginang o‘rgilsin. Meni so‘rab kelgan oyoqlaringdan o‘zim aylanay... – U kulib turib yig‘lardi. Yuzida, ko‘zida tabassum qotib qolgan edi.

Samad bu ayolni ko‘rgandayoq tanasiga titroq kirgandi. Ayol uni bag‘riga bosib, suyib o‘parkan hapriqtiruvchi bir tuyg‘udan butun vujudi qizib ketdi. Yuragi “gup”illab, tez-tez ura boshladi. Dimog‘iga nimaningdir hidi, sut isimiey, urildi. Bu isni u juda yosh paytlarida momosining quchog‘ida tuyardi. Boshi aylanib, ko‘zi tindi. “Shu ayol enasimi? Bolam, deyaptiku” Unda menga o‘xshasa kerak-a?” U boshini ko‘tarib, enasidan o‘ziga o‘xshashlik axtardi. Samad otasiga tortgandi. Ammo uning sal qisiqroq ko‘zlari, qop-qora sochlari-yu, pachoq burni enasiniki edi.

Ayol Samadni quchog‘idan bo‘shatib, Baxtiyorning peshonasidan o‘pdi, o‘rgilib aylandi:
– Voy o‘g‘ilginamning oshnasidaney, voy silardan o‘zim o‘rgilay. Voy, omon bo‘lgirlarey...

Uning ko‘zi Sotvoldi akaga tushdi. Yangi uzilgan nondek bo‘rsildoq yuziga sal-pal qizillik yugurdi.

– Yaxshimisiz, – dedi iymanibgina. Ro‘molini tuzatgan kishi bo‘ldi. Bir
zumda tortinchoq qishloq ayoliga aylandi-qoldi. – Bola-chaqa, uy ichlaringiz tinchmi? Marhamat dugonam eson-omonmi?

– Shukr. O‘zlaring yaxshi o‘tiribsizlarmi?

– Xudoga shukr. – U bir qo‘li bilan Samadni yana bag‘riga tortib, uning
sochlarini tartibsiz siypalay boshladi. – Ichkariga kiringizlar!

Devorlariga gilam, kashtalar tutilgan kenggina uyga kirdilar. To‘rda guldor sandiqlar ustiga har xil gilamlar, ko‘rpa-yostiqlar taxlab qo‘yilgan. Burchakda pechka o‘rni. Ayol taxmondan shoyi, baxmal, beqasam ko‘rpachalarni olib, qalin qilib to‘shadi. Xonaga bir-biriga qo‘yib qo‘yganday o‘xshaydigan past-baland ikki bola chopqillab kirib, ayolning pinjiga tiqildi. Ayol ularni bag‘riga olib suyarkan, dedi:

– Ana, Samad akang kepti. Qani ko‘rishinglar. Salom, denglar-chi?!

Kattarog‘i birin-ketin qo‘l uzatib chiqdi. Ukasi onasi qancha qistamasin, o‘rnidan qo‘zg‘almadi. U onasining orqasiga pusib, mehmonlarga begonasirab qarab qo‘yardi.

– Esli yigit ekanda bu. Malodets! – Sotvoldi aka bolaning qo‘lini
siltab ko‘rishdi.

Samad nima bo‘layotganini, qaerda o‘tirganini idrok qilolmasdi. Qimtinib, tortinib o‘tirardi. “Shu ayol enasimi? Bu bolalar kim? Akang, dedimi? Men ularga qanaqasiga aka bo‘lay? Ularni tanimasam... Bu uy kimniki? Enam nega bu yerda?”.

Dasturxon yozildi, qand-qurs, yong‘oq-mayiz, holva... Dasturxon to‘lib ketdi. Yumshoq, bo‘rsildoq nonlar sindirildi. Sal o‘tmay ayol kosalarda issiq sho‘rva, tosh lalida ustixonli go‘sht keltirdi.

Dahlizda uzun bo‘yli, qotmadan kelgan, qoracha cho‘zinchoq yuz, qo‘ng‘ir soqolli kishi ko‘rindi.

– Keling, Mamat bova, – Sotvoldi aka o‘rnidan turib, qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. – Bardammisiz, mollar charchatmayaptimi?

Mamat buva chordona qurib o‘tirdi. Fotihaga qo‘l qovushtirdi. Lablari sekin pichirladi-da, tovushini chiqarib:

– Ovmin, – deya qo‘l ko‘tardi. – Omonliq bo‘lsin! – Hamma bilan alohida-alohida so‘rashdi.

– E, nimasini aytasiz, domilla, – dedi so‘ngra Sotvoldi akaga o‘girilib, – Bir kal echkimiz uch kundan beri yo‘q edi. Daragini topolmay yuruvdim. Oqto‘nlilik Mirhaydar cho‘ponning suruviga qo‘shilgan ekan. Otangga rahmat, durust yigit-da. Duch kep qovdi. “Bir echki bor, sizdanmasmi?” desa bo‘ladimi? Biron imonsizga tushganda bormi...

– Ha, insofli odamlar ko‘p. – Sotvoldi aka Mamat buvaning gapini ma’qullarkan, patirni sindirib sho‘rvaga to‘g‘ray boshladi.

Ayol eriga sho‘rva suzib keldi. Mamat buva kosani olarkan xotiniga gap qotdi:
– O‘g‘ling kelgan bo‘lsa, mol-pol so‘ymadingmi?

– Siz keldingiz, endi-da.

– Tashvishning keragi yo‘q. Biz darrov qaytamiz, – gapga Sotvoldi aka qo‘shildi.

– Allag‘aytib bir kelibsizlar, bugun-erta qirlarni aylanib, mehmon bo‘lib... ketasilarda o‘sha uy bo‘lsa...

–Ish ko‘p, bova. Samadjon borgan ekan, savobda deb... Hali mehmondorchilikka alohida kelamiz, nasib etsa...

– Yaxshi ish qilibsiz, inim. – Mamat buva Samadga bir qarab qo‘ydi.
–Tanishganlari ma’qulda.

Mamat buva bilan Sotvoldi aka undan-bundan gaplashib o‘tirdilar. Mol-hol, narx-navo, to‘ylar haqida. Yil og‘ir keldi, ta’ziyalar ko‘p bo‘layapti, deyishdi.

Ona esa o‘g‘lidan ko‘z uzolmas, hadeb uni dasturxonga undardi.

– Ol, ye, Samadjon, olgin, olinglar!

U piyolasidagi sovib qolgan choyda suzib yurgan shamaga tikilib o‘ylardi: “Ancha ulg‘ayib qopti. Yoqimtoy, shirin bola bo‘pti. Qo‘g‘irchoqday yasatib qo‘yibti-ya, kuydirgi. U men haqimda aytganmikin? Nimalar deganikin? Qol, desam, qolarmikin? U o‘lgandayam menga bermaydi. Faqat ayb mendami. Aslida kim aybdor?”.

Samad atrofida sodir bo‘layotgan voqealarni ajabsinib kuzatardi. “Bu bova kim bo‘ldi? Enasining erimi? Nega enasi bu odamga tegdi? Otasi yomonmi? Enasi-chi? Uni shu ayol tuqqan, emizgan, kechalari boshida alla aytganmi? Nega unda uylariga bormaydi? Nega Samad uning anovi qorako‘z bola bosh qo‘yib yotgan tizzalariga bosh qo‘yolmaydi? Nega? Boya quchoqlab erkalagan paytda bir boshi aylanib ketdiki... Hozir hech kim bo‘lmasa, u enasi bilan to‘yib-to‘yib uzoq gaplashsa. Enasiga hammasini tushuntirsa. Enasini uylariga olib ketsa...”

– Dasturxonga duo aytsangiz...

Samadning xayollari to‘zg‘ib ketdi.

– Endi biz boraylik. – Bu Sotvoldi akaning ovozi edi.

– “Mehmon atoi xudo” deydilar. Omin sizdan domilla.

– Sizning yoshingiz ulug‘.

– Baribir biz uy egasi.

– Sizdan o‘tolmaymiz, bova.

Mamat buva qo‘llarini juftlashtirdi:

– Eson-omonlik bo‘lsin. To‘ylarda ko‘rishaylik. Yigitlar o‘sib
unaversin. Omin!

Hamma unga qo‘shilib qo‘l ko‘tardi.

– Samadjon qolar... – Ayol bir eriga, bir o‘g‘liga, bir Sotvoldi akaga
iltijo bilan boqdi. Ko‘z kosasiga qalqqan yoshni yengi bilan sidirdi: “Qolaqol, o‘g‘lim?”

– Samad, qolasanmi? – So‘radi Sotvoldi aka o‘rnidan qo‘zg‘alarkan.

–Bugun dadam keladilar, so‘ramaganman.

Oraga og‘ir, yurakni siqadigan sukunat cho‘mdi. Bu jimlikni yana Sotvoldi aka buzdi.

– Mana, tanishib oldinglar. Samadjon endi kep turadi.

Tashqariga chiqdilar. Samad orqaroqda qoldi. Onasi uni qayta-qayta quchoqlab o‘par, ko‘zlarini arta-arta takrorlardi:

– Kel, kelib tur, jon bolam, kelasan-a?

Samadning ko‘ngli ezildi, yig‘lagisi keldi.

– Yuring, ketamiz ena! – U bu so‘zni esini taniganidan beri birinchi
marta aytdi.

Ona ortiq toqat qilolmadi. O‘pkasi to‘lib, ko‘zidan oqqan yosh jolalari yuzini yuvdi.

– Ena, degan tillaringdan o‘zim o‘rgilay. Boraman, bolam, boraman!

Ular bir-biriga suykalib mashina tomon yurishdi. Ayolning kichkina bolalari yig‘lashib onasining etagiga tarmashdilar...

Samad uyga kelganida otasi odatdagiday unga gap qotdi:

– Qara, senga nima olib keldim, o‘g‘lim?

Samad otasiga qaramadi. Tumshayib o‘tiraverdi.

– Ha, nima bo‘ldi. Seni kim xafa qildi? Qaerda eding?

– Enamnikiga boruvdim...

– Nima-a-a?

– Enamni ko‘rib keldim.

Otaning qo‘lidan sovg‘a tushib ketdi. Lablari xiyol titradi. Rangi oqarinqiradi. U Samadni shu paytgacha kichkina bola deb yurardi. Unga tikildi. O‘g‘lining ko‘zlaridagi o‘y, mungni ilg‘ab, ko‘zini olib qochdi. Ko‘kragida ilkis og‘riq turdi...

1983 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.