OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdujalol Taypatov. Oyog‘i yerdan uzilgan odam (hikoya)

Gohi-gohida dam olish kunlari zerikkanda “dom”imiz yonidagi choyxonaga chiqib turaman. Katta yo‘l yoqasidagi ariq bo‘yida, baland chinorlar tagida joylashgan bu “oromgoh” hamisha gavjum bo‘ladi. Ayniqsa, havo issiq va dim kunlari sharqirab oqayotgan ariqdagi suv taftingni olib, choy tanangni yayratadi.
Choyxonachiga bir choynak ko‘k choy buyurdim-da, chekkaroqdagi kursilardan biriga sekin o‘rnashdim. Bugun negadir bu yerda odam siyrakroq ekan.
Choydan endi bir ho‘plagan edim hamki:
– Yoningizga o‘tirsam bo‘ladimi? – degan ovozdan boshimni ko‘tardim. Qarshimda baland bo‘yli, qaddi biroz egilgan, qovoqlari salqigan, ammo chehrasi ochiq, aniqrog‘i, hali keksalikni tan olishni istamayotgan bir odam turardi.
– Keling, bemalol, – dedim biroz yoqinqiramay. Chunki, atrofda bo‘sh joylar ko‘p edi.
– Aybga buyurmaysiz, uka! – U mening yoqtirmaganimni sezdi. – Yolg‘iz o‘tirishni ko‘p xushlamayman. Qarasam, biz tomonlarning odamlariga o‘xshadingiz. Istarangiz issiq ekan.
Yaxshi gap yaxshi-da. Yangi tanishimning bir og‘iz mulozamati ko‘nglimdagi chigillikni yozdi va o‘rnimdan turib, xizmatchiga yana bitta piyola keltirishni aytdim-da, hamrohimga zimdan nazar soldim. Uning bodomqovoq yuzlarida keksalik alomatlari sezilsa-da, negadir rangi qizil, sochlari va qoshlari qop-qora, bironta oqi yo‘q edi. Bo‘yadimikin? Yaltirab turibdi-ku! Umri maishatda o‘tgan sobiq amaldorlardan bo‘lsa kerak-da, deya o‘yladim.
Choydan piyolaga quyib uzatarkanman, hamrohimga yuzlandim:
– Bizning tomonlar deganingiz qaysi taraflar?
– Endi, – u biroz taraddudlandi. – Shu... Samarqanddan keyingi qishloqlar-da.
Tanishib oldik. U bizga qo‘shni qishloqdan ekan. Bir-ikki o‘zim bilgan odamlarni so‘ragan edim, tanimadi.
– Meni ayblamaysiz, – dedi u xijolatdan chiqish uchun. – Qishlog‘imdan chiqib ketganimga ellik yildan oshdi-yov. Dastlabki yillari tez-tez borib turardim. Keyin ishga o‘ralashib qoldim. Bola-chaqa, turmush tashvishlari deganday. Ota-onam o‘tib ketgandan buyon esa mutlaqo bormay qo‘ydim.
U kirishimli, ulfat odam ekan. Bizning mahallamizga yaqinda ko‘chib kelibdi. Oldin shaharning Jarariq mavzesida turarkan.
Yoshi ellikdan oshgan odamlar uchrashib qolsa, albatta, bir-biridan bolalari haqida so‘rashadi. Men ham yangi tanishimdan farzandlari haqida so‘radimu, uning avzoi o‘zgardi, kayfiyati buzildi.
U piyoladagi choyni oxirigacha sipqordi-da, menga qattiq tikildi. Uning ko‘zlari qizargan edi.
– Yaramga tuz sepdingiz, uka. Ha, mayli, o‘zimizdan ekansiz, dardimni aytsam, balki yengillasharman.
Uning hikoyasi ancha mungli edi.
– Maktabning oldi o‘quvchisi edim. Otam meni katta shaharga jo‘natar ekan, aytgan gapi shu bo‘ldi: “O‘g‘lim, qobiliyating bor. Men oddiy qora ishchiman. Birovga gapim o‘tmaydi, dastim kalta. Bilsang, dunyoda kambag‘allikdan, nochorlikdan og‘ir azob yo‘q. Men sening qo‘li istagan yerga yetadigan katta odam bo‘lishingni, senga hamma havas qilishini xohlayman. Sen bilan faxrlangim keladi, bolam”.
Birinchi yili dorilfununning mandatidan qaytdim. Keyingi yili qattiq va jiddiy tayyorlandim. Kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan, yotsam-da, tursam-da tinim bilmay o‘qidim va niyatimga yetdim. Talabalik yillarim ham oson kechmadi. Otam menga doim ham pul jo‘natishga qurbi yetmas edi. Yakshanba kunlari mardikorlikka chiqardim.
O‘qishni bitirayotgan yilim omad kulib boqdi. Bir boy xonadonning erkatoy qizi menga ko‘ngil qo‘ydi. O‘ziyam baland bo‘yli, ko‘rkam yigit edimda o‘sha paytlari. Ota-onam boshida rozi bo‘lishmadi-yu, keyin mening kelajagimni o‘ylab, “xo‘p” deyishdi. Buyog‘i silliq ketdi. Shahar propiskasi, uy-joy, ish osongina hal bo‘ldi. Besh yildan so‘ng shahardagi katta banklardan biriga o‘rinbosar bo‘ldim, yana bir yildan keyin esa boshliq. Boy qaynotam qo‘llab turgan bo‘lsa-da, men o‘zim ham iqtidorli edim. Mudom otamning o‘gitlarini yodimda tutdim. Maqsadga erishish uchun hamma vositalardan foydalandim. Xullas, yoshim o‘ttizga yetmasdan, kimsan Toshpo‘lat Ahmedovichga aylandim.
Xotinim diplomni sandiqqa tashlab, o‘zini savdoga urdi. Xorij unga bir qadam bo‘lib qoldi. Bilasiz, qishloq maktablarida chet tillari yaxshi o‘qitilmaydi. Shu bois o‘zim ham haligacha til masalasida qiynalaman. Shuni hisobga olib, bolalarimni rus tilli bog‘cha, maktablarga berdim. Shuning uchunmi, ular ancha erkin, milliy qadriyatlarimizdan yiroqroq bo‘lib o‘sishdi. Biz ularning kundaliklaridagi baholariga mahliyo bo‘lib yuraveribmiz.
Xotinim pultoparman, chiroyli, noz-karashmasi zo‘r edi. Ammo mening qarindoshlarimni xushlamasdi. Bilasiz, biz tomonlarda o‘zlaridan chiqqan kadrlarni g‘oyat izzat-hurmat qilishadi. Buni men to‘y-ma’rakalarga borganda ko‘p ko‘rganman. Mehmondorchiliklar, sovg‘a-salomlar mo‘l bo‘ladi. O‘zlari bayot-shayot yashamasa-da, shaharga to‘lib-toshib kelishadi. Nima emish, poytaxtda yashash oson emas emish. Biznikiga ham ular sira quruq qo‘l bilan kelishmasdi – birovi bir qop olma yo anor, uzum yoki bir gavda go‘shtmi, bir bidon asalmi-ey, ishqilib biron tansiqroq ne’matlardan ko‘tarib kelishardi.
Bizning xotin esa ularni yoqtirmasdi. Narsalarini olardiyu, o‘zlarini aldab jo‘natvorardi. “Toshpo‘lat akangiz chet elga komandirovkaga ketgan”, “U kishi bu hafta bo‘lmaydilar” derdi. Men bularni bilardim, albatta. Qishloqdoshlarimga yordam bersam bo‘lardi. Kimgadir davolanish, kimgadir ish, o‘qish yoki bankdan kredit olish masalalarida ko‘mak berishga imkoniyatim bor, bir qo‘ng‘irog‘imga mushtoq rahbarlar ko‘p edi. Biroq men ularga yordam berishni istamasdim. Chunki, xotinimning tinmay javrashlari evaziga mening miyamga ham qishloqdoshlarimga nisbatan nopisandlik, mensimaslik kayfiyati singib ulgurgandi. Men o‘zimni yaxshi ko‘rardim. Tinchim, oromimni buzadigan har bir narsa mening kayfiyatimga ta’sir qilardi.
Pulim ko‘p edi. Hovli, dacha, mashinalar, do‘konlar. Hammasi bor edi.
Katta o‘g‘lim maktabni tugatgach, o‘qishni istamadi. Dada, men chet elga ketmoqchiman, dedi. Nima qilasan chetda, dedim. Mustaqil yashamoqchiman, dedi. Mana, o‘n yildan buyon qorasini ko‘rsatmaydi, enag‘arning bolasi. Eshitishimcha, Amerikada yurganmish. Uylanganmish. Bir telefon qilib qo‘yay ham demaydi. Ikkinchisi mashina bilan bir yosh bolani urib ketdi. Tanishlarimni ishga solib, “bosti-bosti” qildim. Bir yil o‘tmay “qora dori” savdosiga aralashib, qamaldi. Xotinim esa Turkiyaga qatnab, mol olib kelib yurardi. Hozir Antaliyada. Bir turk bilan yashayapti. Sevib qolganmish. Qizim esa, bilmadim, nima jin urdi: tibbiyot institutida o‘qiyotgandi. Ishdan kelsam, mehmonxonamizning zalidagi katta qandilga o‘zini osibdi. Qizim akalariga o‘xshamasdi. U boshqacha edi. Shundan so‘ng men adoi tamom bo‘ldim. Ikki yil burun ishdan olib tashlashdi. Bor mulkimni sotdimu, shu mahalladan kvartira olib, ko‘chib keldim. Negaki, oldin yashagan mahallamda bosh ko‘tarib yurolmay qoldim. Bolalarimga pul beribmanu, ammo ularga insoniylik saboqlarini o‘rgatmabman. Endi o‘ylasam, ular ota-onalarining turmush tarzi, xudbinligidan ibrat olgan bo‘lsalar kerak-da.
Ikki marta infarkt o‘tkazganman. Yolg‘iz odam uchun tunning o‘tishi qiyin ekan. Tong otmaydi, birodar. O‘lib qolsam, egasiz qolib ketmay, deb eshikni qulflamay yotaman.
Eng yomoni, qishloqqa borolmayman. Ikki yil oldin otam qazo qilganida borgandim. Otam elning xizmatini ko‘p qilgan ekan. Ma’rakasiga guras-guras odam keldi deng. Ishonsangiz, kelganlarning ko‘pini tanimadim. Ammo ular meni tanisharkan. Ular uchun men “Ahmad buvaning Toshkentda ishlaydigan, ammo qishloqqa deyarli kelmay qo‘ygan bankir o‘g‘li”man, xolos. Qabristonga borganimizda mulla mendan “Otangizni go‘rga kimlar qo‘yadi?” deb so‘radi. Men kalovlanib qoldim. Chunki, qarindoshlarimni tanimasdim. Shunda yonimda turgan chopon kiygan uch-to‘rt yosh yigit “Ruxsat bersangiz, biz qo‘yamiz, Toshpo‘lat aka!” deyishdi. Shunda ko‘zlarimga yosh keldi. Ularning biri jiyanim, biri amakimning o‘g‘li ekan. Otamni yerga qo‘ygach, bir fotiha qilayin, deb onamning qabrlarini izlab yursam, o‘sha chopon kiygan yigitlardan biri sekin imlab ko‘rsatdi.
Yolg‘iz qolganimdan buyon bir savol meni qiynaydi: men qaerda, qachon, qanday xatoga yo‘l qo‘ydim? Nimani noto‘g‘ri qildim? Nega mening umrim bu tarzda ayanchli xotima topishi kerak?
O‘ylab-o‘ylab bu savolga javob topganday bo‘ldim. Men, meni dunyoga keltirgan aziz tuproqni, ona qishlog‘imni, eng yaqin qadrdonlarimni unutibman. Ularning oldidagi qarzimni, farzandlik burchimni esimdan chiqaribman. Endi xatoimni to‘g‘rilab, bilib-bilmay qilgan gunohlarimni yuvishga menda imkon yo‘q. Umr o‘tib bo‘ldi...
Toshpo‘lat aka chuqur ho‘rsindi. Uni diqqat bilan tinglayotganimga ishonch hosil qilgach, sekin davom etdi.
– Bilasizmi, uka, keyingi paytlarda tushlarimga nuqul qishlog‘imiz kiradi. Biz bola paytlarimizda hovli devorlari bo‘lmasdi. Yoz oqshomlari uyimiz oldidagi loy supada aka-ukalar osmondagi yulduzlarni sanay-sanay, adog‘iga yetmasdan uxlab qolardik. Uylar bir-biriga yaqin qilib qurilgani, devorlar bo‘lmagani sababli ota-onamiz qo‘shnilar bilan supada o‘tirib bemalol suhbatlasha olardi. Uzoq qish tunlarida issiq sandal atrofini o‘rab, kerosin chiroq yorug‘ida “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Yusuf va Zulayho” kabi xalq dostonlarini o‘qir, buva-buvilarimizning ertak-matallarini miriqib tinglardik. Tuproq ko‘chalarni changitib chopganlarimiz, ko‘m-ko‘k qir-adirlarda qo‘ylarni haydab yurganlarimiz-chi? Endi o‘ylasam, eng samimiy, beg‘ubor davrlarim o‘sha olis bolalikda qolib ketgan ekan. Qani edi, o‘sha kunlar bir kungina qaytsayu, men bolaga aylanib ota-onamning bag‘rida o‘shanday supalarda bir kecha orom olsam, tuproq ko‘chalarni changitib holdan toyguncha yugursam. O‘sha paytlari qishlog‘imizga hali elektr bormagan, gazlashmagan ham edi. Biroq men biron marta shamollaganimni eslay olmayman. Qor yog‘sa, biz bolalarning quvonchi, zavqi haddan oshardi. Uyimizning tomini kimo‘zarga kurardik. Maktab yo‘lidagi tepalikdan pastga sirpanaverib, kirza etiklarimizning tagi yeyilib ketardi. Eh-he, ajoyib damlar ekan-da, endi bilsam. Odamlarni aytmaysizmi, odamlarni. Chehralaridan soddalik va samimiylik ufurib turgan bu to‘pori hamqishloqlarimni, rosti, juda sog‘indim.
Bolalik haqidagi xotiralarini so‘zlarkan, hamrohim hayajonlanib, ko‘zlari porlab ketdi... Atrofda bizdan boshqa hech kim qolmagan. Choyxona xizmatchilari stol-stullarni yig‘ishtirardi.

(“Hurriyat”, 2013 yil).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.