Rahim yo‘l-yo‘lakay bozorga kirdi. Axir bayramda bolalarning oldiga quruq borib bo‘lmas. Har gal uyga kirishi bilan o‘g‘li sumkasini ochib ko‘radi. Ayniqsa, kichkinasi: «Da-da, ta-a-ta-a?» – deydi chuchuk til bilan. Qolaversa, bugun bayram.
Bozor ichkarisi va oldidagi do‘konlarning hammasi bekiq ekan. Bir do‘kon eshigini ichkaridan mahkamlayotgan sotuvchi qizdan birrov kirib chiqishni so‘ragan edi, chaqib oldi: «Prazdnikdayam tinch qo‘yasilarmi, yo‘qmi?! Obedgacha ishladik, rahmat delaring». Rahim qosh-kipriklari surmadekkina bu chiroyli qizning pirpirab uchayotgan yupqa lablari tinishini bir zum kutib turdi-da, biroq unga biror so‘z deyishni lozim topmadi.
Bozor rastalarini oralay boshladi. Odamlar to‘da bo‘layotgan tomon yurdi. Jinsi shim kiygan, qizil ko‘ylakli bir o‘smir yigitcha qo‘lbola xo‘rozqand sotardi.
– Buning qanchadan? – so‘radi odamlar orasidan ichkariroq suqilib.
–O‘n tiyindan, – dedi labi-labiga tegmay sotuvchi yigit.
«Bolaga xo‘rozqanddan ham ziyoda sovg‘a bo‘ladimi?» o‘yladi u va sotuvchiga yuzlandi: – Bizga ham yaxshi-yaxshisidan o‘nta bergin.
Yigitcha galstuk taqqan, shlyapali bu odamga xavotirlanib qarab qo‘ydi va o‘nta emas, o‘n ikkitani qog‘ozga o‘rab uzatdi.
–Ko‘p bo‘ldi-ku?!
–Mayli, bayramga sovg‘asi bilan bo‘ldi.
Rahim o‘z zarariga yanglishayotgan bu yigitchaga ajablanib qaradi. Rahmat aytib, xo‘rozqandlarni sumkasiga soldi. Pasportining orasidan bitta beshtalikni oldi-da, unga tutdi. Yigit chaqqonlik bilan qaytim qaytardi. Rahim sanab ko‘rdi: beshta bir so‘mlik. Birdan yigitga qaradi. U o‘zi bilan o‘zi ovora, navbatdagilarga xo‘rozqand o‘rab uzatar, birovdan pul olar, kimgadir qaytim qaytarardi.
Rahim bir muddat ikkilanib qoldi. Bir qarorga kelguncha bo‘lmay qo‘llari pulni g‘ijimlagancha cholvorining cho‘ntagiga soldi. Oyoqlari egasiga bo‘ysunmasdan yurib ketdi. Sal uzoqlashgach, orqasiga qaradi. Yigit butunlay uni unutgan, oldi-sotti bilan mashg‘ul edi.
«Nega bunday qildim? Shu bir so‘m bilan boyib ketarmidim. Yana u menga saxiylik qilib, ikkita ortiqcha xo‘rozqand berdi. Mening bu qilig‘im uning muruvvatiga javobmi? Aldanganni aldayver ekan-da? Yo‘g‘-e, unchalik emasdir. Bir savdogar-da. Bir so‘m kam foyda ko‘rsa nima qipti. Ko‘zlaridan bilinib turibdi chayqovchiligi. Yo‘qsa, sanab bersin-da qaytimni. Men undan tortib olganim yo‘q. Yo kissasiga tushdimmi? Kimlardir o‘g‘rilik qilib yashayapti-ku? Yo‘g‘-e, o‘ylab, bosh qotirib o‘tirishga arzimaydi. Bir so‘m foyda qilsam qilibman-da. Yana kimdan, odamlarni kuppa-kunduz kuni aldayotgan savdogardan. Shunga shuncha bosh og‘riqmi, qo‘y-e!».
Shu orada u avtobus bekatigacha qanday borib qolganini sezmadi. Avtobusga o‘tirib jo‘nadi. O‘ylar esa uni o‘z holiga qo‘ymasdi. Ko‘z oldiga boyagi yigitning kulib «Bayramga sovg‘asi bilan bo‘ldi» deyayotgan holati kelaverdi.
«U-ku muruvvat qildi. Bugun bayramligini eslatdi. Men-chi? Nahot, bir so‘m uchun shunchalik past ketsam. O‘sha payt yanglishibsiz ukam, mana haqingiz desam, qanchalik xursand bo‘lardi. Har holda kim bo‘lmasin kechqurun hamtovoqlariga maqtanardi: «Dunyoda insofli odamlar ham bor ekan. Bugun bittasiga adashib ortiqcha berib yuborsam, qaytarib berdi-ya». Yo bo‘lmasa, ustidan kulib qo‘ya qolardi: «Teshib chiqarmidi, axmoq». Nima bo‘lgandayam, qaytarib berganda ma’qul bo‘lardi. Bunchalik o‘ylab boshini ham qotirmasdi. Ko‘ngil tinchligiga nima yetsin». U kissasiga solgan boyagi pulni olib, sanab ko‘rdi: beshta, birining cheti sal yirtilibdi, shumikan uning haqi. Qog‘ozga o‘rog‘liq xo‘rozqandlarni ham erinmasdan sanab chiqdi. To‘ppa-to‘g‘ri: o‘n ikkita. Ko‘z oldiga sumka titayotgan o‘g‘li, «ta-ta, ta-ta» deya talpinayotgan qizchasi, ularga xo‘rozqand ulashayotgan o‘zining shodon qiyofasi keldi. Xotini, albatta, buni qanchadan oldingiz, deb so‘raydi. Nima deydi, tekinga tushdi, deydimi. Qolaversa, qaysi ko‘ngil bilan tekinga tushgan xo‘rozqandni o‘g‘li ham qizchasiga sovg‘a qiladi. U hech qachon uyiga bunaqa narsa olib borganmas.
Avtobus to‘xtadi. U majolsiz, ruhsiz, xayolan o‘zi bilan o‘zi olishib, sudralgancha o‘rnidan turdi.
–Yigitcha, diplomat sizdanmasmi? – Yonida kelayotgan semiz juvon Rahimni chaqirdi.
–Ha-ya, – u qaytib borib sumkasini oldi. – Rahmat.
Shu on chipta olmagani yodiga tushdi. Hamma o‘zini o‘rta va orqa eshikka urayotgan bir paytda u urilib, surilib oldinga yurdi. Haydovchiga pul to‘lab tushdi.
«Odam har bir qilgan gunohi uchun, albatta, jazo oladi». Bu gapni u qaysi kitobdadir o‘qigan va hayotda shu aqidaga qattiq amal qilib yashardi. Bu fikr hozir ham uning xayolidan o‘tarkan peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Yurolmay, chekkaroqdagi o‘tirg‘ichlardan biriga og‘ir cho‘kdi. Miyasi ishlamay qoldi. Nima qilish kerak? La’nati xo‘rozqand! Qaerdanam oldim. Har galgidek bu safar ham sovg‘asiz borsa, hech balo bo‘lmasdi. U boshini o‘rindiqning suyanchig‘iga qo‘yib, ko‘zlarini yumdi. «Bayramga sovg‘asi bilan bo‘ldi» deyayotgan yigitchaning muloyim chehrasi, olazarak ko‘zlari. Keyin beshta bir so‘mlik, Birining cheti sal yirtiq». U yana bir pas shunday tursa, bo‘lib o‘tgan voqealar birin-ketin yana xayolida jonlanaverishini sezib, ko‘zini ochdi. Chuqur «uf» tortdi. Shartta cho‘ntagidan cheti yirtiq bir so‘mlikni oldi, g‘ijimlab qisdi. «Uloqtirib yuborsam-chi? Yo‘q. Yaxshisi anavi chekkada o‘tirgan tilanchiga beraman. Bu ham savob-ku! «Yo‘q» derdi boshqa bir sas. «Bu bilan gunohdan qochib qutilolmaysan. Axir u birovning haqi-ku!»
U soatiga qaradi. Ikkidan o‘tayapti. Qishloqqa avtobus uchda jo‘naydi. Ungacha nimadir qilishi, o‘zini chalg‘itishi kerak. Yaxshisi ovqatlanadi. Ertalabdan beri tuz totgani yo‘q. O‘rnidan turib oshxona tomon yurdi. Tushlik tugagani uchunmi u yerda odam siyrak ekan. Bir kosa ovqat olib chekkaroqqa o‘tdi. Negadir hech narsa yegisi kelmasdi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini majburlab ovqatlandi. Choy olib ichdi. O‘zini ancha bardam sezib oshxonadan chiqdi. Patta sotiladigan tuynuk tomon yurdi. Boraturib qornida yengil og‘riq sezdi. «E-e, nima bo‘lyapti o‘zi? Umrida oshqozoni og‘rimagan. «Tekin narsa teshib chiqadi» deyishgani rost bo‘lsa-ya! Chamamda, boyagi gunohim uchun jazo berish boshlandi-yov».
U kassaga bormadi. Taqqa to‘xtadi. Og‘riq sal turib tarqab ketdi. Keyin qorni sekin g‘o‘ldirab qo‘ydi. «Xayriyat-ey! Bu menimcha, ogohlantirish. Jazo tayin. Balki men chiqqan avtobus avariya bo‘lar». Yuragini vahima bosdi.
–Ha, Rahimboy, bundaygina o‘ylanib turibsan, – uning xayolini yo‘g‘on, do‘rildoq ovoz buzdi. Qarasa, qo‘lida og‘ir sumka ko‘targan hamqishlog‘i Elomon buva. Ko‘rishishdi.
–O‘zim. Shunday. Ishdan qaytayotgandim.
–Bayramdayam ishlaysilar-da. Silar endi davlatning odami.
–Ha, paradga qatnashdik.
–Tezroq bormasangiz bilet tugaydi. Aptoviz bir pasda jo‘narmish. – Elomon buva o‘rindiqlar tomon yurdi.
«Elomon buvaga mazza. Hech narsani o‘ylamaydi, azoblanmaydi ham». Rahim kassaga yaqinlashdi. Odam tirband. Shu payt ko‘zi oldida turgan talabanamo qizning sumkasiga suqilayotgan ingichka barmoqlarga tushdi. Qo‘l egasini axtarib orqasiga burildi. Sochlari to‘zg‘igan, ust-boshi, yuzlari kir-chir, o‘n to‘rt-o‘n besh yoshlardagi bola Rahimga ayanchli tirjayib, xuddi sherigiga imlayotganday ko‘z qisdi. Rahim uning nozik bilaklaridan mahkam ushladi.
–Nima qilyapsan, tirrancha?! – Uni chetga sudradi. – Hozir milisaga topshiraman.
Bolaning yuzidaga ifoda birdan o‘zgardi. Yalinib-yolvora boshladi:
–Akajon, jon aka, qo‘yvoring! – Uning dum-dumaloq, qop-qora ko‘zlariga yosh to‘ldi.
Rahim qo‘llarini bo‘shatdi. O‘yladi. «O‘zing-chi? U-ku, yosh bola, Adashgandir. Kimdir aldagandir. Sen-chi? Ko‘ra-bila bir kishining haqini urib kelayapsan-ku!».
U ortiq toqat qilolmadi. Shoshib tashqariga chiqdi. Bo‘sh turgan taksi haydovchisiga iltimos qildi.
–Bozorgacha borib kelaylik.
Mashinadan tushdi-yu, chopganicha xo‘rozqand olgan joyiga bordi. Yigitcha yo‘q. Xo‘rozqandlar ham. O‘rnida bo‘sh qog‘oz quti. Atrofda qog‘oz parchalari. Pista sotib o‘tirgan choldan so‘radi.
–Bilmadim, hozirgina sotib bo‘luvdi, uzoqqa ketmagandir.
Rahim atrofga olazarak boqib, butun vujudi ko‘zga aylanib, odamlar orasidan xo‘rozqand sotuvchi bolani axtara boshladi...
1982 yil.
(“Sharq yulduzi” jurnalida 80-yillarda chop etilgan).