OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Hamro. Olotning odamlari (hikoya)

– Qummi polvonga olib boring bu kishini, cho‘ponlarning zo‘ri Qummi bova! – dedilar hokim bizga. “Gap yo‘q, hokim bova, – dedik qulliq qilib, – bir og‘iz so‘zingiz... Moshin masalasi...”
– Moshin tayyor. Ana, bizning “uazik” bekor yotibdi, o‘shani mininglar. Kelishdikmi, muxbir bova?
– Kelishdik, – dedi muxbir bova va qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. 
Kamina qulingiz – hokimiyatda bosh mutaxassismiz, ijtimoiy masalalar bizning bo‘yinda. Bironta shoir-poir, muxbir kelsa, uni aylantirish, kerak-yarog‘ini topish, xursand qilib jo‘natish – birinchi darajali vazifa. Muxbirlarni yaxshi ko‘ramiz: ular kelgan kun kaminaga bayram! Dimiqqan kabinet, uyum-uyum qog‘ozlardan qutulamiz. Rosti, avvallari o‘zimizcha o‘ylardik: komputir degan matohni qog‘ozni kamaytirish uchun yaratishgan. Mana, hamma yon komputirlashdi, endi hujjatlar kamayadi, hamma narsa shu aqlli mashinalar xotirasida saqlanadi, deb sevindik. Yo‘q, har doimgiday, adashgan ekanmiz. Endi har bir hujjat bir necha nusxaga ko‘paydi, yangi-yangi papkalar paydo bo‘ldi. Osmondan qor yoqqandek yuqoridan qog‘oz yog‘adi-ey! Qaror-farmoyish, buyruq, yig‘ilish bayoni, dastur, qo‘llanma, yo‘llanma... oti ham, xili ham bisyor. Alqissa, muxbirjonlar kelishsa, ayniqsa, bugungiday qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha bo‘lsa, bizga xudo berdi. Ikki-uch kun yayrab olamiz. 
– Jo‘llievga uchrab keting! – deya gap qistirdi kotiba qiz. Jiblajibonga o‘x­shagan shu qoqchakkani hech jinim suymaydi-da. Bit ko‘zlarini g‘iltillatib, Farmonbibining shpiyon kelini Sottiday gap poylaydi.
– Bo‘pti-bo‘pti... – deya to‘ng‘illadik ensamiz qotib.
– Jo‘lliev? Bu qanaqa familiya? – irshaydi muxbircha. Uning yoshiga nomunosib qorinchasi, qirg‘iy burniyu tovoqday yuziga qarab ijirg‘anib ketdik. “Senga nima, xunasa! O’zingnikiyam ja unaqa jon olguday emas-ku! Mallaev emish! Bir harfi o‘zgarsa yo Kallaev, yo Sallaev bo‘ladi...” 
– E-e, taqsir bizda bunaqa familiyalar ko‘p, – deya tirjayib izoh berdik, – Jo‘lliev bo‘lsa, bobosining ismi yo Jo‘lmurod, yoki Jo‘lamon bo‘ladi. Buning qonida, menimcha, qozoqnimi, qirg‘iznimi qoni bor.
Olotda agar birovning familiyasi Xuddiev bo‘lsa, bobosi Xudoyberdi yo Xudoyqul bo‘lgan. Bekkiev – Bekmurodov, Qulliev – Qulmurodov, Xolliev – Xolmurodov, Shommiev – Shomurodov va hokazo. Mana, hozir o‘zimiz izlab bormoqchi bo‘lgan cho‘pon bova Qummi polvon. Asli ismi – Qurbonmurod. Jummi degan ism eshitsangiz, bilingki, u yo Jumaqul yoki Jumadurdi bo‘ladi. Siz sigaret-pigaret chekib turing, men zamhokimga bir uchrab chiqay, keyin jo‘naymiz. 
Jo‘lliev qabariq ko‘zoynagi ostidan savolomuz tikildi:
– Bolaning qadam olishi qalay?
– A chyort yego znaet! – qo‘l siltadik. – Prostoy muxbir-da. Katta Qummi cho‘ponga yuboryaptilar. Borib kelaylik-chi, “uazik”da.
– “Churpa”sini kim topadi, – ming‘illadi u. “Churpa” – muxbirning yo‘l kirasi va boshqa mayda-chuyda xarajatlari. Bu – yozilgan qonun. Kelgan odam hech narsa so‘ramaydi, lekin ilmoqli gap qiladi, xo‘mrayadi, tirnoq ostidan kir izlaydi. “Churpa”ni cho‘zsangiz hamma yoq gullola! Keyin mashhur “oloti somsa”dan bi-i-r to‘ydirasiz, shu bilan tamom. Ket-di-i! “Qaranglar, izidan gap-so‘z chiqib yurmasin” deydi katta. Ilojingiz qancha, ortiqcha gap kimga yoqadi deysiz.
– Siz-da, aka, men topaymi? – dedim hayron bo‘lib. Jo‘lliev uf tortdi, paytdan foydalanib, eshikni tashqaridan yopdik.
– Ketdikmi? – muxbir bova sigaretini ochiq derazadan chertib yubordi.
– Ketdik.
Ali polvon moshinasini yo‘lga to‘g‘rilab qo‘ygan ekan, o‘tirdigu jo‘nadik.
– Qandaysiz, doyi? – so‘radi u xumday boshini xiyol orqaga burib.
– Zap-zakonniy! O’zing-chi, jiyan, dimog‘ chog‘mi?
– E-e, bir qimir-qimir-da, yuribmiz. Moshin ezib tashlaydi ba’zan. Uyda uch inak, to‘rt gechchi, uch ho‘jak, besh bacha... tushunib olavering.
Mallaev hech baloni tushunmadi. Bizga angrayib qaradi. Noiloj “tarjima” qildik:
– Uch sigir, uch buzoq, to‘rt echki va beshta bola!
– A-a! Shevalaring qiziq ekan.
– Olotda shunaqa.
Qummi cho‘pon deganimiz – yoshi to‘qsonni qoralab qolgan, qotmadan kelgan, pishiq, quvnoq va bir oz ayyorroq chol. Uyiga olti oyda, bir yilda kelsa bir keladi, bo‘lmasa shuyam yo‘q. Ma’raka-mavriddan ham barganda, ya’ni mosuvo. Otag‘arning bovasi, ichi to‘la gap. Yosh ham shunga yarasha-da. Tag‘in deng, ayrim qiliqlari... qaysidir yili o‘sha yoqlarda, o‘z qo‘shi atrofidagi bir quduqni ochibdi. Yigirma yilcha burun boshqa yoqqa ko‘chganda uning og‘ziga qopqoq urib, mixlab tashlagan ekan. Hayit arafasi uyiga kelibdi. Chori polvon momosiga yil oshi berayotgan ekan. Gurung orasida Itolmas cho‘pon so‘rab qolibdi:
– Qummi og‘a, Doya xotindagi qudug‘ingizni ochibsiz deb eshitdim.
– Hm-m.....
– Bir hafta-o‘n kun ichida qo‘ylarni o‘sha yoqdan haydab o‘taman. Quduqdan sug‘orsa bo‘larmikan?
– Be-e, Itolmas bova, sog‘misiz o‘zi?! Yigirma yilda suv aynib, kislotaga aylanib ketgandir deyman! – gapga aralashibdi To‘raqul birgat. 
– Hih, nima, odamlar ahmoqmi senga! – deya ayyorona zarda qilibdi Qummi cho‘pon. – Ochgan kunim oldin Qoryog‘di cho‘ponga ichirib ko‘rdim suvdan, baloyam urgani yo‘q. Ke­yin qo‘ylarni sug‘ordim.
Endi o‘zingiz xulosa qilavering boboyning mug‘ombirligi to‘g‘risida. Tag‘in deng, o‘zi Qorovul qishlog‘idan, hamyurtlari hammasi “galdi – gitdi” taxlit gapirishadi, u bo‘lsa pot qilib, “kelopmiz-ketopmiz” deydi. Qiziqsangiz, “Biz uzoq yili vesilkada bo‘lganmiz Mirzacho‘lda” deydi. Buning ustiga, shunday ichdan pishganki, asti qo‘yaverasiz. Har yulg‘un, har saksovulning tagida bir juft aroqmi, vinomi ko‘mib qo‘yilgan “sekretn?y” to‘chkalari bor. Mana bunga o‘xshagan bironta yozarmonmi, yo boshqa idoradan ikki-uch tekshiruvchimi borib qolsa, maktabni tashlab, yonida tiqilib yurgan nevarasiga buyuradi: 
– Ahmadboy, huv anavi qumtepadan tushib, chap tomondagi saksovullarni sanang. To‘rtinchi saksovulning tagini kovlang.
Xiyol o‘tmay, yigitcha o‘sha yoqdan bir juft bo‘yni uzun shisha topib keladi. Cholning uchinchi xotini (oldingi ikkitasi uni kuta-kuta o‘lib ketishgan) Jummi (Jumasulton) momo ja yasan-tusanni joyiga qo‘yadigan kampir. Shundanmi, chol uning shoxini qayirib turadi o‘qtin-o‘qtin.
– Xotin aka, ko‘chada mandan naq o‘n metr orqada yuring. Begona erkaklar bilan so‘rashmang, xeshtabor bo‘lsayam, qo‘llashib ko‘rishmang. Qo‘lingizni yeng ostiga yashirib yuring... 
O’zi bo‘lsa otam zamonidan qolgan yarim harbiycha kitel, raisi cholvor (galife) kiyib olgan deng. Oyog‘ida xirom etik g‘archillaydi, boshida antiqa teridan sur telpak. Gitlernikiga o‘xshagan qo‘ng‘iz mo‘ylovi tagida bir juft tilla tishi bot-bot yaltirab turadi. Shoshmay, qo‘lini orqaga qilib, minnatdor bo‘lsagina yerni bosaman deganday odimlaydi. Vey, ko‘rsangiz bir nusxa-da, kuzatib maza qilasiz.
– Ha, shoir bova, damingiz ichingizda? – Ali polvon xayolni bo‘ldi.
– Ay-y, xayol opqochdi-da, jiyan. Qummi bovani o‘yladim.
– Iya, shoirmisiz, she’r yozasizmi? – muxbir bova jonlanib qoldi. 
– Nu-u, “hamma bidir-bidir, menam bidir-bidir” degan ekan bir chalamulla. Ko‘p qatori-da, Olotda hamma shunaqa. 
– Hamma? Hamma she’r yozadimi? – yigitcha ishonqiramay ko‘zlarini pirpiratdi.
– Hamma bo‘lmasayam, ko‘pchilik shunaqa. Polvonlik, shoirlik bu odamlarning qonida bor. Mana, Ali polvonni olaylik. Bovasini Ismat cho‘ng deyishardi. Gavdasi tog‘day edi, bolaligimda ikki-uch ko‘rganman. Qahraton qish kunlariyam ikki piyola ko‘knorini ezib, zakuskasiga bir xumchoynak choyni ichardi-da, to‘g‘ri kelgan yulg‘unning tagida uxlayverardi. Tuya boqardi-da. Uyg‘ongandan keyin ustiga yoqqan qorni qoqib, turib ketaverardi. Momomiz rahmatli tomonidan qarindoshligi bor. Ana, buyam meni tog‘a deb chaqiradi. Figurani qarang, naq Go‘ro‘g‘li deysiz. O’tgan kun Beshim qassobning to‘yidagi kurashda o‘zimiznikilarniyam, qo‘shni yurtlardan kelgan uch-to‘rtta polvonniyam “supurma” qilib qoqib tashladi, birinchi tovoqqa qo‘yilgan ho‘kizni tortib ketdi. 
– Ja-a, opqochdingiz-da, doyi... – Ali polvon xijolat bo‘lib qizardi. – Aslida davraga chiqish niyatimiz yo‘q edi. Jo‘ralar bilan bir oz dorilagandik, shular bod berishdi-da... Ho‘kiz ham dardisar bo‘ldi, o‘zi uydagilarni boqishga o‘t yo‘q. 
– Iya, polvonligidan, g‘alabasidan, olgan sovrinidan noligan odamni endi ko‘rishim... – muxbir hayron bo‘ldi. 
– Ajablanmang, muxbir bova, – dedik kula-kula, – Olotda shunaqa.
Bu orada tuman markazidan chiqib, qishloqlarni kezib, to‘g‘ri “Hamza” nasos stantsiyasiga eltuvchi asfalt yo‘lga tushib oldik. Bahor avjida, odamlar dalaga chiqqan, yo‘l yoqalarida ish qaynaydi. Bir payt polvon mashinani sekinlatdi. 
– Tinchlikmi? – dedik oldinga engashib.
– Kapchachilar chiqishyapti.
– Kapchachi? U nima degani? – Mallaev qiziqsindi. 
– Kapcha deganimiz – belkurakning bir turi. Faqat ikkita qulog‘i bor. Zavodskoy emas, temirchilar yasashadi. Ariq-zovur qaziganda foydalanimiz undan. Davlat chiqargan belkurak shox loyni kesmaydi, kapcha bo‘lsa, jallodning oyboltasiday o‘tkir bo‘ladi. Polvon, to‘xta!
Yigirma besh yoshlardagi yigit kapcha tig‘iga bir otim loy, uning ustiga bir to‘g‘ram non qo‘yib, yo‘lni to‘sib chiqdi. Orqa o‘rindiqdan tushdik-da, nondan bir tishlam olib yedik, so‘ng cho‘ntakdan bitta besh yuztalikni olib, loy ustiga qo‘ydik. 
– Uzr-da, jiyan, vaqt ziqroq. Hormanglar-ov! 
– Bor bo‘ling, shoir bova! Qani, yo‘l bo‘lsin? – so‘radi nariroqdagi ariq qazi­yotganlardan biri.
– Cho‘lga! Qummi bovani bi-i-r ziyorat qilib kelaylik. Qani, omin, ishlar baroridan kelaversin, allohu akbar!..
– Rahmat, shoir bova! Yaxshi borib kelinglar.
–Bo‘pti, xudo quvvat bersin, – deya mashinaga o‘tirdik. 
–G’alati odat ekan... – dedi muxbir bola. 
– Yo besh-olti metr ariq qazib berasiz, yo ko‘ngildan chiqarib, bir narsa tashlab ketasiz. Olotda shunaqa. 
Yo‘lga tushdik. Jumabozordan o‘tib, Qizilqal’aga yaqinlashganda Ali polvon gap qotdi:
– Doyi, mehmon och qolmadilarmikan? Soat ham o‘n ikkiga yaqinlashdi.
– Muxbir bova, qorin...
– Yo‘q, haligina zavtrak qiluvdim Buxoroda, boraveraylik-chi. Hali cho‘lga uzoqmi?
– O-o, cho‘lga hali yuz kilometrcha bor! – dedik huzur qilib kerishgancha. – Bo‘pti, polvon, Qirlishonda, Mahmud akanikida choy ichamiz. 
Mehmon qiziqsinib atrofga alanglaydi. Tevaragimiz paxtazor, onda-sonda, u yer-bu yerda bironta shiypon ko‘rinib qoladi. Sho‘ro davrida bu adoqsiz hudud jamoa xo‘jaliklariga bo‘lib berilgan, suv taqchil, paxta hosili haminqadar edi. Mana endi fermerlar bu yerlarni yashnatishyapti.
Kanal ko‘prigidan o‘tib, cho‘lga burildik, bir kilometrcha yurmay, polvon moshinni to‘xtatdi.
– Ha-a? – dedik. – Mahmud ustolovoynikiga haydayver.
– Rahmon aka turibdi yo‘l boshida, – dedi u asta.
– A-a! Unda tushamiz! – Xursand bo‘lib ketdik. 
Qirlishon hududida mahalla raisiyam, kotibiyam shu odam. To‘g‘ri, rais qo‘yishadi, ammo tuman markazidan uzoq bo‘lgani uchun qatnab ishlashga kim chidardi. O’zi bu yerda ellik-oltmish xonadon bor, bular orasida Rahmon akadan bilimdoni topilmaydi. Past bo‘yli, chaqqon, kirishimli, har qanday ovqatni sayratvoradi. 
Tushib ko‘rishdik. Rahmon aka ayyorona iljayib turibdi.
– Ha-a, Chorliyup, kimni kutyapsiz?
– Sizlarni-da! Hokimiyatga telpon qilsam, cho‘lga ketishdi deyishdi. Man aytdimki, baribir shu yerdan o‘tishadi! Qani polvon, moshinni chetroqqa oling, uyga ketdik. 
– Aka, – dedi muxbir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. – Biz cho‘ponlar oldiga...
– Ebi, mehmon bova, hozir cho‘pon topiladimi cho‘lda? Nomozgar payti qayda bo‘sayam qo‘shiga qaytib keladi, borib tappa bosasiz! Shoir bova, ko‘p gap – eshakka yuk, ketdik. Sizning o‘tishingizni enamga aytganman. Indamay o‘tib ketsangiz xafa bo‘ladilar, bilasiz-ku! 
– Bilaman, ketdik.
Muharram momo saksondan sakraganiga ancha bo‘ldi. Tumandagi bayramu sayillarga chaqirtiramiz, doyra chalib, bir laparlar aytadiki, ihi! Yigirma yilcha Buxoroda yashagan, zamona zayli bilan eri qamalib, bolalarini olib, Olotga ko‘chib kelgan. Shungami, buyam Qummi polvondek tojikchalab qo‘yadi ba’zan. Bizga, ayolimizga mehri bo‘lakcha. Tadbirlarda birga yuraverib, ona-bola bo‘lib ketganmiz.
– Voh-voh, mani shoir o‘g‘lim kelipti-ku! 
Yugurgilab peshvoz chiqqan kampirni ko‘rib muxbir hayron bo‘pqoldi. 
– Aka, menmi? Shoirligimni qaerdan bildilar bu onaxon?
– Ebi, sizga emas, doyimga aytyaptilar. Hali sizam shoirmisiz? Mana bo‘lmasa! – Ali polvon xandon otib kulib yubordi. 
Uch-to‘rt soat qolib ketdik. Muharram momo xazina, gapu hangoma deganingiz qaynab chiqadi, ashula, laparlari tugamaydi. “Rahmon aka, ikki-uch xil ovqat qildirib, bolalarni qiynab qo‘ydingiz-da”, – dedi mehmon xijolatomuz. “Ebi, meymonjon, buning nimasi qiyin? O’zimizam huzur qilib o‘tirdik. Olotda shunaqa”, – dedi mezbon jilmayib. “Sohib mening otim. Sohib Salomovich Mallaev... Shu-u, familiya bir oz...”, – deya xokisor jilmaydi yigit.
–Nichego, za to, taxallusingiz qiyomat ekan! – dedi Ali polvon guldirab, – Sohib Salom! Gap yo‘q!
– Ena, duo qiling, turaylik endi... – deya qo‘lni ko‘krakka qo‘ydik. Enamiz tarang qila-qila oxiri ko‘ndilar. Fotihadan so‘ng mezbonlar bilan xo‘shlashib, yo‘lga tushdik. 
– Ko‘p ichvordik-da, aka... – dedi chaynalib Sohibboy. Ali polvon tag‘in kuldi.
– Ebi, o‘zi necha piyola oldingiz, shoir aka? 
– Bilmadim, besh-olti piyola bo‘ldi-yov!
– E-e, besh-olti butilkami debman men! Bular nima ekan! Ana, doyimiz bis-binoyi o‘tiribdilar-ku!
– Ha-a, endi ustozga gap yo‘q ekan! – muxbir bova yaltoqlangandek bo‘ldi. Ensa qotganini sezdirmay, latifa boshladik...
Qummi cho‘ponning qo‘shiga yetguncha qosh qoraydi. Moshindan tushayotib polvon hazillashdi: 
– Uyga aytib kelganmidingiz, doyi?
– E-e, uyga qancha kam borsam, yangang shuncha xursand. Yuraver, jiyan.
Bizning “qo‘sh” deganimizga tushunmagani shundoqqina aftidan ko‘rinib turgan muxbir bovaga izoh berdik:
– Ana, qo‘sh ana shu. Paxsa devorli ikki kulba, chetan bilan o‘ralgan qo‘yyotoq. Huv anovi yerda quduq bor, undan qo‘ylarni sug‘orishadi.
Sohib Salom bosh irg‘adi. Bu orada hokim bovaning moshinini ko‘rib, Qummi cho‘ponning cho‘lig‘i Qo‘ldosh kichkina yugurgilab keldi.
– Eb, ebi! Shoir bovami bu?! Qani-qani, tomirlar, kelaveringlar!
Bo‘yi bir qarich, jonsarak, bo‘lsa-bo‘lmasa beg‘ubor jilmayib yuradigan bu odamning rang-ro‘yi toza, qo‘y ko‘zlari samimiy, soqol-mo‘ylov qo‘ymagan. Rahmatli otamiz bilan sinfdosh bo‘lgani uchun bizga erkalik qiladi, ba’zan tegishib gapiradi. Yetti yot begonani ham “tomirlarim, jigarlarim” deb chaqiradi. Va shunga yarasha ardoqlaydi ham. Umuman, Qo‘ldosh kichkina uchun odamning begonasi yo‘q. 
Bir paytlar, o‘tgan asrning 60-yillarida jamoa xo‘jaliklari qoshida cho‘chqaxonalar tashkil etilgandi. Tabiiyki, o‘zbekman degan mardum bu maxluqqa yaqin bormaydi, shuning uchun rais bova Olotdan bir alkash o‘risni topib, xotini bilan qo‘shib, ko‘chirib opkeladi. Cho‘chqaxona ikki kolxoz chegarasidagi “neytral” bir hududda qurilgan bo‘lib, qishloqlardan sal yiroqroq edi. Qish kunlarining birida boyagi o‘risning ayoli Marusya qishloqda paydo bo‘ladi. Qorbo‘ronda boshyalang, oyoqyalang chopib kelgan nasroniy xotinni ko‘rib, hamma hayron. Hech kim eshigini ochmaydi. Faqat Qo‘ldosh kichkina, o‘sha paytlari armiya xizmatidan kelib, Buxorodagi buxgalteriya texnikumida o‘qiyotgan yigit, uni tushunadi. 
– Muj bolen! On prostudilsya! Pomogite!
– Chto s nim? – so‘raydi Qo‘ldosh.
– U nego jar! On prosto gorit! – izillaydi ayol.
– Nima deydi bu marja? Chuldiramay, odamga o‘xshab gapir, enag‘ar! – qahrlanadi Qo‘ldoshning akasi Sulton.
– Eri shamollab qolibdi, issig‘i baland ekan. Borib kelaman! – yigit choponini kiyadi. 
– E-e, o‘lib ketmaydimi, senga nima zaril!
– Og‘a, axir u ham odam-ku!
Alqissa, Qo‘ldoshboy bemorni eshakka o‘ngarib, medpunktiga opkeladi va bu atrofdagi yagona hamshira, tatar ayoli Vasima Hasanshinani o‘rischayu tatarcha aralashtirib oyoqqa turg‘azadi. Bu Qo‘ldosh bova deganimiz shunaqa.
Botayotgan quyosh nurida qizargan ufq tomondan qo‘ylar suruvi ko‘rindi, atrofni ma’ragan tovushlar tutdi. Qummi cho‘pon nevarasi bilan hay-haylashib, otarni haydab kelmoqda edi. Qo‘ldosh kichkina paxsa uycha oldiga, qumga sholcha to‘shab, ko‘rpacha soldi, qumg‘onni to‘ldirib, go‘sht qaynayotgan qozon ostiga, cho‘g‘ning bir chetiga o‘rnashtirdi. Ahmadboy bovasi bilan qo‘ylarni qamab, quduqdan suv tortib, novlarga quya boshladi. Novlarning bir cheti qo‘tondagi novga tutash, qo‘ylar suvga intilishdi. Qummi bova yuvinib-taranib, biz tomon yurdi.
Ko‘rishdik, so‘rashdik, ob-havodan, narxu navodan gaplashdik. Bu orada Ahmadboy beshinchi yulg‘un ostini kovlab, ikkita shisha topib keldi. Sho‘rva suzildi. Nariroqdagi benzinda ishlaydigan dvijok g‘uvillaydi, qo‘ylar ora-sira ma’rab qo‘yadi, qoshiqlar tovoqlarga tegib taqillaydi. Elektr lampochka yorug‘iga ko‘p o‘tmay oy nuri qorishib ketdi. 
Ovqatdan so‘ng muxbir yigit cho‘ponni so‘roqqa tutdi: so‘radi, surishtirdi, yozib oldi. Ularni yolg‘iz qoldirib, Qo‘ldosh bova ikkovimiz nariroqda gurunglashdik, Ahmadboy qo‘ylardan xabar olishga ketdi. 
– A-y, tomirlarim-ey, xo‘p yaxshi bo‘ldi-da kelganlaringiz. Mana, Xizr kezgan cho‘llarda yuribmiz bizam. Bir paytlar kalxo‘zda katta bug‘oltir edik. Gidilyan balosidan so‘ng bu yoqlarga kelib qoldik-da. Polvon bova ulfat odam, kelishib ishlab yuribmiz, – deya xo‘rsindi Qo‘ldosh bova sahro zulmatiga ko‘z tikkancha. – Bu bacha Toshkentdan kelganmi? 
– Hovva, gazitdan.
– Mayli esa, katta odam ekan. Xapa qilma uni, ko‘ngliga qara. Otang bilan jo‘ra edik... 
U o‘sha yoshlik yillariga qaytgandek tamshandi, ko‘zlari yoshlangandek bo‘ldi.
– Hay, bosmachining nevarasi, kelmaysanmi bu yoqqa!? Qo‘ldosh, kel senam! – cho‘ponning ovozi eshitildi. Borib ko‘rpachaga cho‘kkaladik. 
– So‘roq-savol tugadimi? – deya kulimsiradik.
– Hovva, tamom. Lekin yamon injiq ekan buning. Kim qaerdagi, otam zamonidagi gaplarni so‘raydi. Mayli-da, bilganimizcha aytdik... 
Cho‘pon bovaning kayfi chog‘ edi. Umuman, sarxushlik alomatlari hammamizdayam sezilyapti, ayniqsa, muxbir yigitda. 
– Sizni nimaga polvon deyishadi, yo kurash tushganmisiz yoshligingizda? – tuyqus yana so‘roqni boshladi u. 
– E-e, bratishka, ikki xotinni nokaut qilib, uchinchisi bilan “nichya”ga erishgan odam polvon bo‘ladi-da! – deya luqma tashladi Ali polvon guldirab. Qiyqirishib, rosa kulishdik. 
– Ha-a, endi, kurashganmiz bizam, bolam.
– Ebi-i, bir vaqtlar bu yoq hech kimga oldirmasdi! Qorako‘lu Jondor, Qarshiyu Farobdan kelgan ne-ne polvonlar Qummi polvonning otini eshitib qolsa, davradan zipillab chiqib ketardi! – Qo‘ldosh kichkina havolandi. – Polvonning kichkinasi chatoq bo‘ladi, bilasizlar-ku. Bu yoq ham o‘zimizday ixchamgina, qo‘lda turmasdi, zog‘ora baliqday...
Keksa cho‘pon hazin jilmayib, og‘ir bir damsar urdi. Shu xo‘rsiniq bilan to‘zonli, dard to‘la yillarning g‘ubori otilib chiqqanday bo‘ldi. 
– Istalin bova bizga bir yaxshilik qilib ketdi-da, bo‘lmasa o‘sha yoqlarda... 
U gapini tugatmay, Sohib oraga suqildi: 
– Iya, Stalin jallod, vosvos bo‘lgan deyishadi, o‘zimiz ham o‘qiganmiz!
– Unisini bilmadim. Lekin, to‘chniy, o‘z vaqtida o‘ldiyu biz qamoqdan qutildik! – dedi cho‘pon ayyorona jilmayib.
– Qamoqmi, surgunmi? – so‘radik bizam jim turmay. 
– Odamlarga “veshilka” deymiz-da, bolam. Qamoq desang birov qo‘rqadi, birov ola qaraydi. Qamoq, Magadan...
“Yo rabbim-a, bu yog‘i “Tulach” bo‘pketdi-ku!” degan gap xayoldan o‘tdi. Shu payt cho‘pon bova yonboshidagi tayog‘ini dutorday ushlab, bir nimalarni g‘o‘ng‘illay boshladi. Muxbir hayron bo‘lib Qo‘ldosh kichkinaga qaradi. 
– Kayflari tutib qolsa, bu yoq g‘azalmi, o‘lanmi aytib qoladilar. Sizlar eshiting­lar, tomirlarim, eshitinglar... – dedi u shivirlab. Keksa cho‘pon hamon g‘o‘ldirardi. 
– Polvon bova, sasni bir parda ko‘taring endi! – deya bod berdik. 
– A-a? Ha-a... Alqissa, Go‘ro‘g‘li Xirmondalidan xat olgandi, keyin kayfi chog‘ bo‘lib, ko‘ngli tog‘ bo‘lib, bir g‘azal aytdi:

O’n sakkiz arshli ot mindim,
Otdin armonim qolmadi.
Zarrin to‘shaklar ustinda
Yotdim armonim qolmadi,
Yotarman, armon qolmadi-yo-yov!

Bahor havolari anqib yotgan cho‘lni oy nuri sutdek yoritar, cho‘ponning dardli, hazin tovushi olis moziy qa’ridan kelayotganday ko‘tarilib tushardi. Sohibboy ang­rayib qoldi. Uning ko‘zlarida: “Vo ajab, bu odam cho‘ponmi, polvonmi yo baxshimi!” – degan savol aks etardi. Bizning ko‘ngilni esa faxr tuyg‘ulari to‘ldirdi: ana, bizning bovalarimiz qanaqa! Olotliklar shunaqa, muxbir bova!
– Bovajon, Sayotxondan ayting, – deya iltijoli pichirladi Ahmadboy. Uning qachon kelib o‘tirganini sezmay ham qolibmiz.
– Mayli, bolam, hozir... O’-o‘, bir paytlar “Tohir-Zuhro”, “Shohsanam-G’arib”, “Sayotxon-Hamro”larni yod bilardik... Qarilik qursin, bolam, qarilik! – Cho‘pon yana ko‘zlarini yumdi, bir oz sukut saqlab, xayolini jamladi. – Alqissa, Sayotxonni axtarib borgan Hamro musofir yurtda zindonga tushib qoldi. Chohda yotib, tepasidan qarab-qarab o‘tayotganlarni ko‘rib, jismu joniga dard o‘ralib, ko‘ksini tig‘lab, zor-zor yig‘lab, bir g‘azal aytdi: 

Misrning elidan kelgan jonlarim,
Xabar bering, bizim ellar omonmi?
Soyasiga kun tushmagan tog‘larim,
Xabar bering, bizim ellar omonmi?

Yon-atrofga qarasak, Qo‘ldosh bovaning boshi egilgan, Ali polvonning dami ichiga tushgan, muxbir bovaning ko‘zi yoshga to‘liq, Ahmadboy bovadan ko‘z uzmay termilgan... Polvon bova bo‘lsa tebranib-tebranib aytaverdi:

...Qanotim yo‘q olis-olis uchmoqqa,
Ilojim yo‘q ushbu chohdin chiqmoqqa.
Hamro aytar, sarmast bo‘lib quchmoqqa,
Hurliqojon, xipcha bellar omonmi?

Yer-osmon aylandi, yulduzlar yig‘ladi, oy uyatdan yondi. Chirildoqlar jim bo‘ldi, bovamizning sasi ham pastladi. Xayollar olislarga uchdi, har kim nimanidir esladi. Kim bilsin, polvon bova – qamoqdagi hayotini, Qo‘ldosh kichkina Gidilyan tergovini, biz esa... biz tengilar nimaniyam ko‘ribdi? Harqalay, ko‘rmasak-da, his etdik, tushundik. G’amnok nola, shoh satrlar, aytim bag‘ridagi dard bizni mahv etdi. Ancha cho‘zilgan sukutdan so‘ng Sohibboy so‘z qotdi: 
– Rahmat-ey! Lekin... nimaga “Hurliqojon”? Nega? 
– Chunki, “Sayotxon va Hamro” dostoni xalq orasida “Hurliqo va Hamro” deb ham ataladi. Tag‘in bilmadik, balki biz adashayotgandirmiz, – deya izoh berdik. 
– A-a! Vot gap qaerda! 
– “Vot-vot”lamang, muxbir bova, o‘zbekcha aytavering, – dedi cho‘pon jilmayib, – o‘risning zamonini ko‘rgan biz aytsak, manavi bosmachining nevarasi aytsa yarashadi, yo‘q, kechirimli. Siz mustaqillikning bolasi, tag‘in shoirman deysiz...
– O’-o‘, uzr, bovajon, uzr. Biru nolga urdingiz.
Shu oqshom uxlamadik hisobi: gap, gurung, xotiralar bizni rom qildi. Sahar turib qarasak, cho‘pon cho‘lig‘i bilan qo‘ylarni haydab ketibdi, Ahmadboy bir shirboz qo‘yni so‘yib, moshinga bosib qo‘yibdi. Hay-haylaganimizni ko‘rib, qat’iy turdi: 
– Jiyanlarning nasibasi bu, doyi. Buning ustiga, bovamiz eshitsalar xafa bo‘ladilar, bizni ko‘zga ilmadi bular deb.
“Ana, bizda shunaqa” degandek Sohibboyga qaradik, u ham yelka qisib qo‘ydi. Qaytdik – Qirlishonga yetgach, Ali polvon moshinni sekinladi. 
– Ha-a?
– Rahmon aka turibdilar yo‘l chetida.
Muxbir bovaning rangi aroqning shishasiday oqara boshladi. Kulishdik, uni yupatdik:
– Qo‘rqmang, tushmaymiz. A-a, Rahmon aka, assalomu alaykum! Qani, nima gap, aka?
– Hokimiyatda yig‘ilish bor ekan, – dedi u ko‘rishib bo‘lgach, – uyga kirib bir piyola choy ichib, so‘ng yo‘lga tushsak ham uspet qilamiz.
– Yo‘q-yo‘q, akajon, chiqing-chiqing moshinga, iloyim xudo xayringizni bersin, ketdik! – Sohibboy tipirchilab qoldi. Kula-kula Rahmon akani moshinga tortib chiqardik.
– Bu nima? – so‘radi muxbir, Jo‘lliev bergan “churpa”ni cho‘ntagiga tiqishga urinayotganimizda.
– Bu – yo‘lkira, muxbir bova, – xokisor jilmayishga urindik, – irimi shunaqa...
– Aka, ustoz! Men kitoblaringizni o‘qiganman, sizga aytmagandim hali. Men sizni esladim, yaxshi esladim kecha. Xalqingiz ham sizni qanchalik ardoqlashini ko‘rdim. Bu – bir. Maosh tuzukkina, safar haqi bor, shu yetarli. Bu – ikki. Shunday odamlarni ko‘rdim, tanishdim, maza qildim, taassurotlar – bir dunyo. Bu – uch. “Olot somsa”dan to‘ydik. Bu – to‘rt. Mana bu esa – besh!
Shunday deb u papkasidan shapaloqday kitobcha chiqarib uzatdi. She’riy to‘plam ekan. “Sohib Salom. Sizlarni so‘rab keldim.” Dastxat ham yozib qo‘yibdi. Balo ekan! Qachon ulgurdi o‘zi! Ilk betdagi she’riga ko‘z yugurtirdik.

...Yomonga yo‘q deganlar,
Lafzida to‘xtaganlar,
Bobomga o‘xshaganlar,
Men sizni so‘rab keldim.

Uni bag‘rimizga bosib, qulog‘iga shivirladik:
– Omon bo‘l, uka. O’g‘il bola ekansan. Iloyim katta shoir bo‘l! 
“Churpa”ni Jo‘llievning stoliga tashlab, Sohibbek bilan yetaklashgancha pastga tushdik.
– Men hali bu yurt odamlari haqida hikoya, yo‘q, qissa yozaman! – dedi u xayrlashar chog‘i. – Ajoyib odamlar ekan!
– Arziydi, uka, yozsangiz arziydi. Olotliklar shunaqa.
Bir oycha o‘tgach, katta gazetalardan birida “Cho‘ponlarning baxshisi” degan maqola bosildi. “Barot qirriqning to‘yiga Qummi polvon ham kelarmish” degan gapni eshitib, gazetani cho‘ntakka tiqib bordik. Qurbonmurod cho‘pon maqolani ko‘rib, yayrab ketdi.
– O’-o‘, qistaloq, yamon zo‘r yozibdi lekin! Istalin bovaniyam yozibdi! Ey-y, otasining go‘riga! Qani, bosmachining nevarasi, oldikmi? – U yarimlatib quyilgan piyolalarga ishora qildi.
– Bovamizni ko‘rib qolgan odamsiz, qo‘lingizni qaytarsak uyat bo‘lar deyman...
– Ha-a, malades! Shunaqa muxbir balalar kelsa, to‘g‘ri mani oldimga olib boraver. Polvon bovang hali-beri o‘lmaydi!
– Iloyim o‘lmang, bovajon, iloyim o‘lmang...
Polvon bovaning ko‘nglidagi dunyoni ham, bizning yurakda talashayotgan hislarni ham ikki pulga olmaydigan sershovqin to‘y esa davom etardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.