Dushmanning kelayotgani aniq edi. Sardor Shamolqoya ostida kengash gulxani yoqishni buyurdi. Kohinning ming‘irlaganiga e’tibor bermay, qabila ahlini to‘pladi. Jangchilar, oqsoqollar, ayollar, bolalar gulxan oldida qomat kerib turgan Sardorning og‘ziga tikildilar.
– Qarlonlar kelyapti, – dedi u jangchilarga bir-bir sin solarkan, – qo‘shini uch bo‘likdan iborat. Tezoyoq, gapim to‘g‘rimi?
– Rost, sardor, o‘zim ko‘rdim, – boyagina qaytib kelgan xabarchi yigit oldinga chiqdi, – ular ko‘pchilik, lekin qurollari biznikiday emas.
– Joyingga tur. Quloq sol, qabila: biz jang qilamiz! Qarlonlar ota yurtimizni bosib olishmoqchi. Bu tog‘u toshlar, sero‘t yaylovlar, biz ov qiladigan cheksiz sahro ota-bobolarimizdan qolgan. Ularga esa bu – Ulug‘ ona Itning in’omi. Biz, bobolarimiz xoki yotgan yerni dushmanga bermaymiz!
– Qarlonlar ko‘pchilik, biz chekinishimiz kerak, – tag‘in ming‘illay boshladi keksa Kohin. Sardor unga yomon qaradi, chol tislanib, o‘zini panaga oldi.
– Dushman ikki kundan so‘ng yetib keladi, – dedi Sardor nayzasiga suyanib, – ungacha biz daraga kirish yo‘lini bekitamiz. Elqut bilan Qo‘rqut bo‘liklari tosh to‘plab, kirish yo‘lining ikki yog‘ida pistirmada turishadi. Men o‘z bo‘likim bilan yovning omon qolgan qismini qirib tashlayman. Qani, kim nima deydi?
– Gaping ma’qul, sardor... – munkillab qolgan qariya asta yurib oldga chiqdi. G’ala-g‘ovyp tindi: qabila ahli qariyani, uzoq yillar sardor bo‘lib, yurtni omon saqlagan Bilgutni hurmat qilardi. – Faqat bir fikr bor. Ayollar bilan bolalarni Kumushtog‘ ortiga, bexavotir joylarga yuborish kerak. Kim bilsin, ayyor qarlonlardan har narsani kutish mumkin.
Sardor bir zum o‘yga toldi. Kechki g‘ira-shirada kengash gulxani charsillar, sardorning toshdan yo‘nilganday qoruvli gavdasi tag‘in-da haybatliroq ko‘rinar, xiyol yumuq ko‘zlarida alanga shu’lasimi, jasorat yolqinimi, aks etardi.
– Mayli, – dedi u xotirjam, – Tezoyoq ellik yigit bilan ularni qo‘riqlab boradi. Qolganlar yotib dam olsin, erta saharda ishga kirishamiz.
Odamlar tarqalishdi. Sardor qabila udumi bo‘yicha Shamolqoya ostidagi toshdan yo‘nilgan haykal – Buyuk Ona It siymosiga ta’zim qildi, so‘ng o‘z chodiri sari yo‘naldi.
– Sardor... Ota, men yov bilan jang qilishni istayman! – u bilan izma-iz kirib kelgan Tezoyoq zarda qildi, – odamlar nima deb o‘ylashadi? “Sardor o‘g‘lini ayab, tog‘ ortiga jo‘natdi. Bizni esa dushmanga ro‘para qildi!” deyishmaydimi?!
– Deyishaversin, – dedi Sardor xotirjam, – bu ularning ishi. Hozircha men sardorman, aytganim bo‘ladi. Sen esa mening yolg‘iz farzandimsan, naslimning davom etish-etmasligi senga bog‘liq. Borini aytdim!
Yigit noiloj chodirdan chiqdi. “Borini aytdim” – so‘nggi so‘z, oxirgi qaror. Qabila udumi shu. Kimki “borini aytdim” degach, tag‘in fikrini o‘zgartirsa, el orasida burdi ketadi.
“Qarlonlarni nima jin urdi ekan... – Sardor xotini keltirib qo‘ygan yaxna go‘shtni hafsalasiz chaynay boshladi, – nahotki o‘z yerlari, podalari, ovdan tushgan o‘ljalari kamlik qilayotgan bo‘lsa? Axir, ota-bobolarimiz ularning ajdodlari bilan ahd bog‘lashgan. Ko‘hna Ahd – muqaddas, uni buzgan kishi Buyuk Ona Itning qahriga uchraydi. Qarlonlar buni bilishadi, ammo ochko‘zlik ularni uxlatmaydi. Qish kelyapti, bugun-erta toqqa qor tushadi. Bir oydan so‘ng to‘rt Ulug‘ ovning biri, qishki o‘lja mavsumi boshlanadi. Mayli, ungacha qarlonlarni daf etib, nafas rostlab olishga ulguramiz...”
Tezoyoqning yigitlari xotin-xalaj, bola-baqrani qo‘riqlab, tongda yo‘lga tushishdi. Hech kim uvvos solgani yo‘q, ko‘ch-ko‘ronni ko‘tarib, jimgina yo‘lga tushishdi. Avvalo, qabila ahli bu taxlit hayotga ko‘nikib kelgan, qolaversa, yig‘i-sig‘i, oh-voh g‘anim diqqatini tortadi. Kim bilsin, qarlonlar jo‘natgan xufyalar tog‘-tosh panasida ularni kuzatib yotgandir balki. Va nihoyat, Sardorning qahri ham yomon, u behuda shovqin solgan odamni yoqtirmaydi...
Qarlonlar ko‘p kuttirishmadi, ertasi kuni tushga yaqin ularning ilg‘or guruhi daraning tor yo‘liga yetib kelishdi. Elqut ularning dara ichkarisiga kirib bo‘lishlarini kutdi, so‘ng yigitlariga imo qildi:
– Tashla!
Ikki yoqdan katta-kichik toshlar yomg‘irday yog‘ildi, tor yo‘lak bir pasda ko‘mildi. Dushman kelgan yo‘l bekilgandi, endi u Sardorning bo‘liki bilan yuzma-yuz keladi. Elqut va Qo‘rqut bo‘liklari har ehtimolga qarshi tayyor turishardi: mabodo yov orqaga qaytib, tosh g‘ovni buzib o‘tmoqchi bo‘lsa, ikki yoqdagi tepaliklardan ular ustiga tosh va olovli yoylar yog‘dirish mumkin. Ammo soddadil Sardor ham, qabila ahli ham tunda yashirincha g‘oyib bo‘lgan Kohinni nazardan soqit qilishgandi. Qarib, oldingi kuchi va siyosati qolmagan chol so‘nggi paytlarda Sardor bilan chiqisholmadi. O’h-ho‘, bir paytlar u butun boshli qabilani yotqizib-turg‘izardi. Sardor Bilgut ham undan hayiqib turardi. Zero, Kohin xohlagan odamini Ulug‘ Ona It uchun qurbonlikka tavsiya qila olardi. So‘nggi yillarda esa Sardorning mavqei mustaqkamlandi, Kohin bilan hech kimning ishi bo‘lmay qoldi. Bir paytlardagiday qabilada ham diniy rahbar, ham harbiy yetakchi bo‘lishi endi kulguli tuyulardi ko‘pchilikka.
Alamzada chol kecha tunda arvohday sharpasiz yurib, qishloqdan chiqib ketgandi. Qarlonlar sardori uni yaxshi kutib oldi. Hikoyasini eshitgach esa bir kulib qo‘ydi, xolos. O’sha tunda cholni bo‘g‘izlashdi, albatta. “Sotqinga ishonib bo‘ladimi? – o‘yladi qarlonlar yetakchisi, – bugun o‘zinikilarni sotdi, ertaga bizniyam sotishi tayin!” Ammo chol keltirgan ma’lumot muhim edi. Shu bois bir bo‘lik cherikni panada qoldirdi, Elqut va Qo‘rqut bekitgan dara og‘zidagi to‘siqni ular ochishdi. Endi, agar zarurat bo‘lsa, chekinish mumkin.
Jang qizidi, himoyachilarning holi tang edi. Qarlonlar chekinishni o‘ylashmasdi. Qaytanga, ularning mohir kamonbozlaridan bir nechtasi dara yo‘lining ikki tarafidagi Elqut va Qo‘rqut bo‘liklariga ko‘p talofat yetkazishdi. Bu ikki bo‘likning oz qolgan jangchilari Sardor bo‘likiga kelib qo‘shilishdan boshqa chora topolmadilar. Ular aylanma yo‘llardan pastga tushib, jangga qo‘shilishdi.
– Qilichlarni ishga soling, – hayqirdi Sardor. Uning atrofidagi maxsus guruh yigitlari qarlonlar hali ko‘rmagan qurol – qilichlarni qindan sug‘urishdi. Kamon va nayza – uzoq masofa quroli, yaqin turib, yuzma-yuz jang qilganda qilichga teng keladigan yaroq yo‘q edi. Qarlonlar sarosimada qolishdi, jang bir pasda ularning ziyoniga o‘zgardi. Lekin xufiya bo‘lik yetib keldi, ularning mergan kamonbozlari himoyachilarni tutday to‘ka boshlashdi.
– Sardor, ahvol chatoq, – dedi u bilan yonma-yon jang qilayotgan Elqut hansirab. Yigitning chap yelkasini nayza tig‘i tilib o‘tgan, yaradan oqayotgan qon yengidan chakkillab tomardi.
– Qo‘rqma, o‘g‘lim, hammasi yaxshi bo‘ladi! – Sardor shunday deb ortga, qarorgoh tomon ko‘z tashladi, so‘ng Elqutga yuzlandi. – Hammaga ayt, ikki chetga, toshlar panasiga yashirinishsin. Hozir qora sel keladi.
U qilichini qiniga soldi-da, ikki qo‘lini og‘ziga karnay qilib, Shamolqoya tomonga o‘girilgancha sas berdi:
– Ay-ya-hu-uv. Bas-s-s!
Ulug‘ Ona It haykalining ikki yog‘ida, qoyani o‘yib kovlangan ikki tosh xona panjaralari ko‘tarildi. U yerdan esa xonalarning har biridan yuztadan it otilib chiqib, o‘zini dushman to‘dasiga urdi. Qop-qora tusli, silliq junlari kuz quyoshida yaltirayotgan, bir yildan beri moda it ko‘rmay iliqqan, uch kundan beri yemish yemay qonsiragan maxluqlar qarlonlar ustiga balo-qazoday yopirilishdi. Xanjarday tishlar duch kelgan kekirdakni uzar, to‘g‘ri kelgan qorinni yorib tashlardi. Umrlarida bu kabi vahshiy jonzotni ko‘rmagan dushman askarlari ortga o‘girilishdi, biroq odamzod itdan chaqqon emas. Buning ustiga yurakdagi so‘ngsiz vahima oyoqlardan madorni olgan, qo‘pol zirhlar yugurishga qo‘ymasdi...
Maydon bo‘shab qoldi. Unda faqat Sardor qad kerib turar, dushman murdalari aro tumshuqlari qonga belangan itlar izg‘ishardi. Sardor ularning nafslari orom olguncha kutib turdi, so‘ng yana hayqirdi:
– Huv-ay-ya! Ta-as! Ta-a-s!
Itlar itoatkorona ortga qaytishdi. Ular maydon o‘rtasida qilich yalang‘ochlab turgan Sardorni uch-to‘rt qadam naridan aylanib o‘tishar, ayrimlari unga xushomad qilganday dumlarini likillatishardi. Biroq Sardor ayni daqiqalarning nechog‘liq xavfli ekanligini yaxshi bilardi. Agar sal bo‘shashsa, chehrasidagi qat’iyat, nigohlaridagi g‘azab salgina o‘zgarsa, itlar unga itoat etmay qo‘yishadi, ortga qaytib, uning o‘ziga tashlanishadi. Shu sabab u qilt etmay, qilich dastasini mahkam tutib turardi.
To‘rt oyoqli jangchilar yotoqlariga kirishdi, panjaralar tushirildi. Sardor chetroqdagi xarsang ustiga og‘ir cho‘kdi. Pana-pastqamdan chiqib kelgan jangchilarning ayrimlari o‘lja qurollarni yig‘ishga ketishdi, bir nechta yigit esa Sardorni o‘rab oldi. Qarorgoh uzra tug‘ hilpirar, unda it boshining tasviri tovlanardi.
Kechga yaqin yana Kengash gulxani yoqildi. Ziyofatdan so‘ng Sardor o‘rnidan turdi.
– Qarlonlar qirib tashlandi, biz g‘alaba qildik. Ulug‘ va mehribon Ona It bizni o‘z himoyasiga oldi. Quloq sol, qabila! Bizning eng yaqin do‘stimiz, birodarimiz, himoyachimiz kim?
– Itlar! – hayqirishdi to‘planganlar.
– Ovni qoyillatadigan, o‘lja izini adashmay topadigan iztopar va izboqar kim?
– Itlar!
– Buyuk Ona Itga hurmatimiz, sodiq do‘stlarga e’zozimiz ifodasi sifatida men o‘zimga yangi nom tanladim. Umid qilamanki, u sizlarga ma’qul bo‘ladi.
– Gapir, Sardor! Sen bugun ishonchimizni yana bir bor oqlading, – dedi dono Bilgut, – qanday nom tanlading?
– Izboq! – dedi Sardor ko‘zlari chaqnab.
– Izboq! – hayqirdi olomon
– Izboq! – aks sado berdi Shamolqoya.
– Sen bu nomga munosibsan! – dedi Bilgut faxr bilan, – amringga muntazirmiz, Izboq!
– Unday bo‘lsa eshiting. Men, qabila sardori Izboq, buyuraman: tog‘ ortiga odam yuborilib, ayollar va bolalar olib kelinsin. Uch kecha-kunduz o‘lganlar uchun motam tutib, ularni dafn etamiz, uch kecha-kunduz g‘alabani bayram qilamiz. So‘ng to Ulug‘ ov mavsumigacha qarorgohni tuzatib, ta’mirlaymiz. Uylanadigan, erga tegadigan yoshlarning to‘ylari Ulug‘ ovdan so‘nggi birinchi oy to‘lishgan kunlarda o‘tadi. Men Izboq, borini aytdim!
Izboq o‘n besh yil qabilani boshqardi. Qo‘shni qabilalarni bo‘ysundirib, ulkan hudud hukmdoriga aylangach, bahor kunlarining birida u barchani yana Shamolqoya oldiga to‘pladi va ularning ko‘zlari oldida Buyuk Ona It haykalini sindirib tashladi.
– Hayvon odamzodni yaratolmaydi! – dedi u qat’iy. – U oddiy bir hayvon, aqlsiz maxluq, xolos. Odamni ham, itni ham, qushlaru qurt-qumursqani ham yaratgan boshqa bir ulug‘ kuch, ilohiy qudrat bo‘lishi kerak. Uning nima ekanligini bilmayman, lekin nima bo‘lganda ham u – It emas! It – oddiy bir jonivor, u insonga xizmat qiladi. Mana, ko‘rib qo‘yinglar! Pas-s!
To‘rtta ulkan it chopib kelib, uning oyog‘i ostiga yotishdi.
– Ana, ular buyrug‘imga muntazir. Agar amr etsam, sizlarga tashlanishadi. Bordiyu xohlasam, ularni chopib tashlayman. Chunki, it –odamzodning xizmatkori, xo‘jayini emas. Hech qanday Ulug‘ Ona It yo‘q, bo‘lgan ham emas, bo‘lmaydi ham. Faqat barcha narsani yaratgan Oliy qudrat – Tangri bor! Menkim, hukmdor Izboq buyuraman: mamlakatdagi barcha it haykallari sindirib tashlansin, it surati solingan tug‘lar yoqilsin, itlar odamlar bilan emas, alohida itxonalarda saqlansin. “Ulug‘ Ona It” degan ibora yo‘qotilsin! Borini aytdim!
Izboq ham, uning elati ham xotiraga aylandi. Biroq mehribon va odil tarix jasoratli, dono kishilar nomining unutilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Izboqning nomi ham “izboq – spak – sabak – sobaka” shaklida bugungi kunlargacha yetib keldi. It esa Izboq aytganiday, odamzodning sodiq xizmatkori bo‘lib qoldi.