Maxsum qildek bo‘yni ustida likillab turgan mushtdekkina boshini to‘xtovsiz silkiy boshladi. Go‘yo shunday qilsa, daxshatli tush ta’siridan qutiladigandek edi. Ammo bu tush deganlari xira pashshadek nuqul aylanar, har safar yangi-yangi tafsilotlar kelib qo‘shilardi.
Chol inqillagancha to‘rta taxtadan qo‘pol yasalib, ostiga sakkizta g‘isht terilgan qo‘lbola karavotdan turdi. Madori yo‘qday... Tavba, kuz oqshomidayam odam terlaydimi, buning ustiga “burjuyka” yoqilmagan bo‘lsa?!
U gandiraklagancha hovliga chiqdi. Eshik oldidagi sarg‘ish xazonlarni titkilab, yemish qidirayotgan bir juft qarg‘a parillab uchdi, Maxsumning o‘takasi yorilgudek bo‘ldi: “He... Palakatlar, shumqadamlar!”
U g‘o‘ldiragancha hovli chetidagi hojatxonada bo‘¬sha¬shib chiqqach, nariroqdagi tosh devor tagida, yerdan bir qarichgina chiqib turgan suv quvuri oldiga borib cho‘nqaydi. Qo‘l-betini chala-yarim yuvib, belidagi qas¬moq bog‘lagan ro‘molini yechdi. Bir haftadan beri ustara ko‘rmagan, ichkilik, uyqusizlik oqibatida ajinlar to‘ri qoplagan, g‘ijimlab tashlangan qog‘ozdek yuzi qo‘l¬lariga begonadek tuyuldi. Og‘ir so‘lish olib, behol o‘r¬ni¬dan turdi. Muzeyning orqa tarafiga yopishtirilgan, u hamisha “bizning oshxona”, deb ulug‘laydigan katalakdek chumchuqxonaga kirarkan, oyog‘i ostidan miyovlagancha chetga sakragan mushukdan seskanib tushdi: “Tfu, qistaloq! Nima balo, ashettan boshqa joy qurib qolganmi, chumchuq ovlasang! Bugun o‘zi bexosiyat kun ekan...”
Choy qaynaguncha, muzeyning asosiy zalini bir aylanib chiqdi. Negadir, o‘sha haykal turgan nimqorong‘i burchak tomonga oyog‘i tortmayotgandek edi. Ammo, o‘zini botirlikka solib, oldinga yurdi.
“Bordiyu, joyida bo‘lmasa-chi! – degan fikr kechdi xayolidan. – Be-e, qayoqqa ketardi, turgan bo‘lishi kerak, haykalning oyog‘i bo‘lsa ekanki, qochib ketsa... To‘g‘ri, oyog‘i bor-u, lekin...” Va shu on bo‘liq, tirsillab turgan, ko‘rgan kishining ehtirosini junbushga keltiradiganday oyoqlar ko‘z oldiga keldi. “Im-m!.. Nimalar deyapman, nimalarni o‘ylayapman?! Axir, u tosh-ku, haykal u, hay-kal!”
Oldinga yurdi. Ana ulkan suratli panno orqasida turibdi u. O’rta bo‘yli odamning qaddi-bastiday jussasi nozikkina, yarim yalang‘och ayol haykali. Parishon sochlar silliq yelkasiga shaloladek quyilib tushgan, bir necha tutami esa bo‘liq, tarang siynasini bekitib turibdi. Baquvvatroq erkak mahkam qisib ushlasa bir tutamgina bo‘ladigan xipcha bel nozli buralib, biroz orqaga tashlangan nafis tanani bazo‘r ushlab turgandek. Beldan pastdagi ikki enlikkina joyni chala yarim bekitib turgan harir mato nuqraday badanning butun ko‘rkini yashirolmas, aksincha, tag‘in-da bo‘rttiribroq ko‘rsatardi. Me’yorning, mutanosibligu uyg‘unlikning oliy darajadagi namunasi bo‘lmish silliq, jon o‘rtar sonlaru quyma oyoqlarga ortiq tikilib turishga toqati yetishmasligini anglagan Maxsum ortga burildi. Burilayotib, haykalning chehrasiga beixtiyor ko‘z tashlab o‘tdi. Bir oycha burun ham yosh, bokira qizlarning chehrasiday gardsiz yuz biroz burishgandek, avvallari ibo, hayo to‘liq bo‘lgan nigohlarda nafrat uchquni chaqnayotgandek, uyat va andisha zo‘ridan qisilib-qimtinib turadigan yumuq lablarda butun zaharxanda bir tabassum o‘ynayotgandek edi.
“E-e qudratingdan! – chol orqaga tisarildi. – Bu qanday tilsimot bo‘ldi! Yo‘q, bu o‘sha tush ta’siri, o‘sha qo‘rqinchli tushning oqibati. Bo‘lmasa, jonsiz bir tosh... Iya, choy qaynab ketgandir!” Shu xayol bilan burilgan zahoti hovlidan hirqiroq tovush eshitildi:
– Maxsum ho‘v, anjan! Tirikmisan? Choying quribdi-ku, oshna!
– Boryapman, abzi, boryapman.
Maxsum oshnasi Shomil tatarning kelganiga bir xursand bo‘ldi, bir ensasi qotdi.
“Kallayi saharlab pishirib qo‘yibdimi muzeyda! Lekin, bir hisobda yaxshi bo‘ldi, odam tafini odam oladi”. U o‘ylari yakun topmay, eshik oldida bug‘i chiqib turgan choynakni ko‘targancha iljayib turgan oshnasiga duch keldi.
– Kel, oshna, kel. Qalaysan?
– Maxsum Shomilning qo‘lidan choynakni olib, zalning chekkarog‘idagi qiyshiq stol ustiga qo‘ydi, so‘ng dasturxon tuzay boshladi. Shomil tatar oqsoqlanib unga ergashdi, yo‘l-yo‘lakay irimiga, savlat uchun ko‘taradigan mis dastali hassasini qo‘ltig‘iga qistirib, kirlanganidan gullari bilinmay ketgan gilam do‘ppisini yechdi-da, kafti bilan tepakal boshini silab qo‘ydi.
– Oltmishga kirib, senga o‘xshagan qorovul ko‘rganim yo‘q, – dedi u hiringlab. – Uyquni bik yaxshi ko‘rasan. Bulay yotaversang, hukumat seni ishlashga yoratmiy.
– O’zbekcha gapir-ey, battol! – dedi Maxsum ham kulimsirab. – Nuqul ulay-bulay qilasan!
– Ha, endi, ona tilimiz-da, oshna… – Shomil chol kursiga chikdi, hassani devorga tirab, cho‘ntagidan bir hovuch qand-qurs, mayiz chiqardi, “dasturxon” degan sharafli nomga erishib, stol ustiga yozilgan sarg‘ish gazetaga tashladi. Bu orada labi uchgan choynakka choy damlab, ikkita piyolani chayqab kelgan Maxsum uning ro‘parasiga o‘tirib, choyni qaytara boshladi. Shomil oshnasining kirtaygan ko‘zlariga qarab, uning xayoli parishon ekanligini sezdi.
– Ha, anjan, xomush ko‘rinasan? Yo yurtingni sog‘in¬dingmi?! – kulimsiradi u.
– Mening yurtim shu yerda, oshna...
– Ebi, ikki gapning birida “Anjan unday, Anjan bunday” deb, yurtingni maqtab, barchani jonidan to‘ydirarding-ku! Andijon ham o‘zimizning Buxoroga o‘xshagan bir yurtda, bo‘lmasa. Mana, masalan, Boshqirdiston – ona vatanim, lekin, shu xalq menga boshpana berdi, yedirib-ichirdi, odam qildi. Shu yerda umrim o‘tdi, ishladim, pensiyaga chiqdim. E-e, nimasini aytasan, jo‘ra, zo‘r joy bu!
– Bilaman... – uf tortdi Maxsum choy ho‘plagancha o‘zini kursi suyanchig‘iga tashladi, – bilaman... rosa qirq yil bo‘ldi kelganimga, birovdan yomonlik ko‘rganim yo‘q. Lekin, Andijon tushlarimga kirishiyam rost. O’zim batta yashayapman-u, xayolim, yuragim o‘shatta, oshna. Ammo, borolmayman...
Shomil chol gap kavlab o‘tirmadi. Hozir “Nega borolmaysan, kim to‘sqinlik qiladi?” deb surishtirgani befoyda. Anjan o‘zi shunaqa, ba’zan qulfi dili ochilib, so‘ramasang-da yurtini, odamlarini maqtab, ta’riflab ketadi. Ayrim paytlarda esa, xuddi Qoramulla jodulab, tiliga tushov solgandek, haftalab miq etmaydi. Zotan, Shomilning o‘ziyam ko‘p gapirgan odamni jini suymaydi, uning kasbi gap bilan emas, raqamlar bilan bog‘liq. Umr bo‘yi hisobchilik qildi, cho‘t qoqdi, sonlarni sonlarga urishtirdi. Turli idoralarda, turli rahbarlar bilan ishladi, kattalar ma’ruza qilaverishdi, u esa ko‘zoynagini burni ustiga qo‘ndirib olib, ishini qilaverdi. Darvoqe, ikkala yengi ustidan, tirsagigacha yetadigan jild kiyib yurish odati o‘sha yillardan qolgan. Stol yenglarini yag‘ir qilib tashlardi. Hozir kalkulyator, kompyuter degan gaplar chiqqan, ishlash oson. Bir paytlar, o‘h-o‘h, barcha ish kalla bilan, qo‘l bilan bitardi.
– E-e, dunyosiga uray! – Maxsum egilib, tumbali stol ostidan og‘zi ochiq shisha chiqardi. – Bugun dushanba, og‘ir kun. Muzeygayam hech kim kelmaydi. Oshna, “ellikta”dan uraylik, g‘ashlagim tarqamayapti.
– I-i, anjan, mana bu boshqa gap, jo‘ra! – Shomil jonlandi. – Bilganimda, zakuska olib kelardim. Yo borib kelaymi, a?
– O’tir, – qo‘li bilan imo qildi, Maxsum, – shu yetadi. Non bor, qand, mayiz bor. O’zi yarimta vino bo‘lsa. To‘g‘ri, kecha bir piyola urib yotuvdim.
U ikki piyolaga qultillatib quydi, achimsiq hid taraldi. Shomil burnini jiyirdi.
– Ha-a, yoqmadimi? – kinoya qildi Maxsum chol.
– Yo‘g‘-ey, normalno. Kafan tekin bo‘lsa o‘l, degan mashoyixlar. Qani, oldik.
Ikkinchi piyoladan so‘ng Maxsumni xayol opqochdi. Doim shu: ikki oshna bir juftdan olishadi, so‘ng Maxsum anjan xayol qushiga ergashib, yurtiga borib keladi. Shomil tatar papirosini burqsitib tortgancha yo muzeyni aylanadi, yoki bo‘lmasin oshnasining o‘ziga kelishini kutib o‘tiraveradi.
“Nega o‘shanda shunday qildim?! – Maxsum alam bilan lab tishladi. – Ruxsora hozir tirikmikan? E-e, tirik bo‘lsa yurgandir bola-chaqa, nevaralarini atrofiga yig‘ib, to‘xta, bordiyu erga tegolmagan bo‘lsa, isnodga chiday olmay o‘zini... Yo‘q, Xudo asrasin! Nimaga uning oh-zorlariga, iltijolariga quloq solmadim?! Shunchalik vahshiy, bag‘ritoshmidim?! O’sha tun...”
...O’sha tun oysiz edi, zulmat edi, zil edi. Ergash tegirmonchi hadeganda kelavermadi. Maxsum ham tortilgan unni eshakka ortib ketolmadi.
– Boravering, hozir ddam kepqoladilar, ungacha qo‘rqmayman, – dedi o‘n olti yashar qiz o‘ziga g‘alati qarab qo‘yayotgan yigitdan hadiksirab.
– Yo‘q, seni yolg‘iz qoldirib ketmayman! – yigit tegirmonda qolishga bahona topilganidan sevinib, yerga to‘kilgan unlarni kurakcha bilan to‘playotgan qizga hirs bilan tikildi. Bolalarga sim bilan osilgan kerosin lampaning xira yorug‘ida qiz unga jannatdagi hurlarday suluv ko‘rindi. Boshi aylandi, qoni gupirib, jismini bir olov kuydira boshladi. Egilgancha kuymanayotgan qizni shartta bag‘riga tortib, ezg‘ilay boshladi, so‘ng dast ko‘tarib taxlab qo‘yilgan bo‘sh qoplar uyumi ustiga bosdi.
– Voy men o‘lay! Voy, tegmang!.. Onajon!.. Maxsum aka, dadam kepqoladila hozir! Voy!..
Qiz jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatar, ammo bo‘z yigitning yovvoyi kuchi oldida ojiz edi.
Hamma ish bitgach, nima qilib qo‘yganini anglagan yigit yirtiq kiyimlarini epaqaga keltirolmay kalovlanayotgan, yig‘idan qovoqlari shishgan, tomog‘i ostida yigitning tish izlari bilinib qolgan, behol ingrayotgan qizga asta yaqinlashdi:
– Ruxsora...
– Ket!.. Iflos!.. Iloyo juvonmarg bo‘l! Iloyo kosang oqarmasin! Seni o‘ldiraman, baribir o‘ldiraman! Yo‘qol! Oh-h, onajon... Otam so‘yib tashlaydi meni...
– Men senga... uyla... – yigit gapi og‘zida qoldi.
Qiz unga shunday g‘azab va nafrat bilan qaradiki, uning ichida bir tomir shirt etib uzilgandek bo‘ldi.
– Haromi! Iloyo ko‘r bo‘l, shol bo‘l! Ket!
Ergash tegirmonchi Madamin qassobning to‘yida shirakayf bo‘lib, tunda tugirmonga yetib kelganida, u yerda hech kim yo‘q edi. Maxsumning rang-ro‘yi bir ahvolda kelganini ko‘rgan otasi Nazar omborchi o‘n daqiqa ichida do‘q-po‘pisa bilan undan hamma gapni bilib oldi.
– Ket bu yurtdan, – dedi u o‘g‘lini tepkilab charchagandan so‘ng. – Mana, bor pulim shu. Ol-da, ko‘zimdan yo‘qol! Agar tegirmonchi seni o‘ldirmagan taqdirdayam o‘zim o‘ldiraman. Nomusimni yer bilan bitta qilding! El orasida yuzim shuvit bo‘ldi. Bu yurtdan chiqib ket, to men o‘lguncha qaytib kelma!
Maxsum g‘ing demadi, otasi bergan pulni olib, indamay chiqib ketdi. Na onasi bilan, na aka-ukalari bilan xayrlashdi. Tongga yaqin yo‘lovchi mashina uchradi, o‘sha bilan Andijongacha keldi, so‘ng bozorda ishini bitirib, uyiga qaytayotgan buxorolik terifurushlarga qo‘shilib, bu yoqqa jo‘nadi. Shu-shu bo‘ldi-yu, taqdir uni shu zaminga bog‘ladi. U yer-bu yerda ishladi, rizqini terdi, nafaqaga chiqqach, mana, shahar muzeyiga qorovullik qilyapti. Ikki bora uylandi, ikkovidan ham farzand ko‘rmay ajralishdi.
“Ayb sizda, – deyishdi do‘xtirlar, – ayolingizda gap yo‘q”.
Nachora, taqdir ekan, ko‘nikdi. So‘nggi yillarda mana shu oshnasi, Shomil tatar uning yolg‘izligini bildirmaydi. Maxsumning o‘rtacharoq hovlisini tuzukkina pulga sotib oldi, ”Baribir o‘sha muzeyingda qishlaysan-ku, hovli nimangga kerak?!” dedi u kulib. Qo‘shnichilik, Maxsum yo‘q deyolmadi. Rosti, unga hovlining keragi ham yo‘q edi, u oxirgi paytlarda so‘nggi kuni yaqin qolganini his etayotgandek edi. Ruxsora tushlariga kiradi, uni qarg‘aydi, zorlanib yig‘laydi, nafrat bilan tikiladi. Chol qora terga tushib uyg‘onadi, anchagacha mijja qoqmay yotadi. So‘nggi oylardagi ovunchog‘i – haykal. Darvoqe, haykal... Bir oycha burun uni allaqaerdan opkelishib, muzeyga qo‘yib ketishdi. Tagidagi taxtaga “Yolg‘iz ayol” haykali, andijonlik usta Jaloliddin Rahmonov yasagan” deb yozib qo‘yilgan. Maxsumni hayratga solgan narsa haykalning go‘zalligi, yarimyalang‘ochligiyu raso qomati emasdi. Rost, bu narsalar ham ko‘pdan ayolga qo‘l tegizmagan, tug‘ma ehtirosi baland Maxsumni ancha bezovta qilardi, lekin, uning chehrasi... Maxsum barcha muqaddas avliyolarni o‘rtaga qo‘yib qasam ichishi mumkin: Bu – Ruxsoraning haykali! O’sha suluv chehra, o‘sha betakror badan... U seskanib ketdi, umrida ilk bor qiz badanini ko‘rgan, undan lazzat olgan va umrbod bu ilohiy tuyg‘uni unutolmagan Maxsumning yuragi hapqirib ketdi.
– Tomog‘ingni tirmalabsanmi, anjan? – u Shomilning hirqiroq tovushidan o‘ziga keldi.
– Qani? Nima?..
– Ana, qizarib, ko‘karib turibdi-ku! – dedi tatar iyagi bilan jo‘rasining tomog‘iga imo qilib.
– I-i? – Maxsum jonholatda tikanak soqol bosgan ingagini, so‘ng tomog‘i ostini paypasladi. Qo‘li hech narsani sezmadi shekilli, stol ostidan yuzini dog‘ bosgan siniq oynasi parchasini oldi, tomog‘iga sinchiklab razm soldi. Rost, ko‘kargandek izlar paydo bo‘libdi. Uning yuragi orqasiga tortib ketdi: bu barmoq izlari edi! O’tkir tirnoqli, ingichka, ammo kuchli bo‘lgan ayol barmoqlarining izlari!
– Kim biladi deysan, uyquda timdalagandirman-da... – g‘o‘ldiradi u. – Kel, qo‘y shu gaplarni. Qani oldik.
Bu safar piyolani to‘ldirib olishdi. Shomil gazagiga tag‘in papiros tutatdi, Maxsum anjan “uh-u” deb qo‘ydi, xolos. So‘ng oraga hamishagi jimlik cho‘kdi. Maxsum jo‘rasiga sezdirmay, iyagi ostini siypalab qo‘ydi. Nahotki, o‘sha voqea, kecha tundagi ish tush emas, haqiqat bo‘lsa? Yo‘q, aqlga sig‘maydi bu gap! Axir, u haykal-ku, bor-yo‘g‘i oddiygina bir tosh! Jonsiz haykal kelib, uyqudagi odamni bo‘g‘ishi mumkinmi? Yo‘q, bu gapga odam zoti ishonmaydi. Lekin shu ish sodir bo‘lgani rost-ku! Yarim tunda Maxsumning ustiga minib olib uni bo‘g‘ishga, o‘ldirishga uringan ayol kim edi unda? Yo birontasi tunda muzeyga kirib... Yo‘q, eshikni ichkaridan bekitgani esida, chunki, so‘nggi yillarda yolg‘izlikdan qiynalgan chol o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan odat chiqargan, ayniqsa, bir ishni qilsa, “falon ishni bunday qildim” deb aytib qo‘yardi ovoz chiqarib. Kimdandir eshitgani bor: agar ovoz chiqarib aytsa, o‘sha ishni qilgan-qilmaganligi esidan chiqsayam, gapirgani yodida qolar ekan. Kecha yotish oldidan ham eshikni ichkaridan berkitarkan, “Eshikni bekitdim” degani esida. Demak, begona kirmagan. Unda kim edi o‘sha ayol, uni o‘ldirishga chog‘langan, bo‘g‘ib qo‘yishiga sal qolgan mavjudot kim edi, axir?!
Aslida uning o‘zida ham ayb bor. Bo‘lmasa, hech zamonda haykalga ham ishqibozlik qiladimi odam?! Ammo, Maxsum chiday olmadi, ko‘p yillardan beri nozik tanga tegmagan barmoqlari, yolg‘izlik qiynagan tunlarining birida, suluv haykalning sovuq, ammo betimsol badanini ilk bor siypaladi. Va o‘sha ondan boshlab Maxsumning ongi ham, jismi ham haykalga bog‘landi-qoldi. U kunduzlari imillayotgani uchun quyoshni la’natlar, tezroq tun kirishini kutardi. El yotar payt esa, muzey eshigini ichidan bekitib, tosh badanli go‘zal sari oshiqardi. Nimqorong‘ilikda uni ehtiros bilan quchib o‘par, lablari beixtiyor “Ruxsora, Ruxsora!” deya pichirlardi. Xayolida o‘sha tun, tegirmondagi shirin, ammo hijolatli daqiqalar qayta tirilar, navnihol qizning ipakday badani jismini kuydirar, shu lahzalarda haykal, jonsiz haykal ham go‘yo uning erkalashlariga javob qaytarayotgandek edi.
Kunduzlari u o‘zining tungi ehtiroslarini goh eslar, ba’zan eslamasdi ham. Sal hushyor paytlari xayolidan “Nima balo, aqldan ozayapman shekilli...” degan fikr o‘tar, so‘ng unga qo‘l siltab, ichkilik xiralashtirgan shuuri tag‘in haykal visolini qo‘msab qolardi. So‘nggi uch-to‘rt kun Maxsum uchun azob bo‘ldi. U haykalni harchand o‘pib-quchib, erkalagani bilan, toshyurak suluvning unga munosabati yomonlashib borardi.
Ikki kecha izma-iz u tushiga kirib, Maxsumni qo‘rqitdi. Birinchisida haykal o‘zining chap qo‘lini sindirib, o‘ng qo‘liga oldi va u bilan Maxsumni naq yarim soat savaladi. Ikkinchisida esa... Boyaginagacha chol buni ham tush deb o‘ylayotgan edi. Demak, tush emas ekan. Demak, haykalning uni bo‘g‘ib o‘ldirishga uringani rost, o‘ngida bo‘lgan ekan! “Undan kechirim so‘rashim kerak! – degan fikr go‘yo najot farishtasiday bo‘lib qoldi. – Ha, kechirim so‘rayman! Shu bugun tundayoq! Keyin unga minba’d teginmayman...”
– Yig‘layapsanmi, anjan? – bu safar ham uni jo‘rasining ovozi o‘ziga keltirdi. U yanoqlarini siypaladi: rost, yig‘labdi, yuzlari ho‘l...
– Bu yoqqa yur! – u qat’iy bir qarorga kelgandek, shahd bilan o‘rnidan turdi, xiyol gandiraklab, yo‘l boshladi. Shomil chol unga ergashdi, zal burchagidagi ayol haykali oldida turib qolgan oshnasining bukchaygan gavdasiga achingannamo qaradi.
– Mana, ko‘ryapsanmi buni?! – Maxsum titroq tovushda pichirladi.
– Ko‘ryapman. Haykal bu. Xotin kishi. Chiroyli-a, – tatar chol tishsiz og‘zini ochib hiringladi, tamaki sarg‘aytirgan mo‘ylovlari likilladi.
– Ana shu qildi! – Maxsum bo‘ynidagi izga ishora qildi. – Shu bo‘g‘di meni! Kechasi, uxlab yotganimda!
Shomil tatar oshnasiga xuddi jinniga tikilgandek tikildi. So‘ng haykalga qaradi. “Tavba, odamni aqldan ozishi oson ekan-da... Maxsum esini yeb qo‘yibdi! Haykal-ku bu!”
– Sen oshna... sog‘misan o‘zi! Nimaga endi u seni...
– E-e, hazillashuvdim bir-ikki marta! – Maxsum ko‘zini olib qochdi.
– Hazil? Qanaqasiga, nima deding? – Shomil chol hech baloni tushunmay, angraydi.
– Shu... bir-ikki o‘pib... so‘ng quchoqlab... Yolg‘izlik yomon-da, oshna... Buning ustiga, kayf bor edi...
– I-i?.. Qiziq!.. Mabodo, kasal-pasal emasmisan?
– Bilardim ishonmasligingni... – Maxsum uf tortdi, so‘ng sudralgancha ortiga qaytdi. – Yur, qolganiniyam olib qo‘yaylik.
Shomil tatar haykalga yana bir bor sinchiklab tikildi: “Haykaldaqa haykal, yigirma-yigirma besh yashar go‘zal ayol...”
Do‘stiga ergashib borarkan, haykal to‘g‘risida nega qiz emas, aynan ayol deb o‘ylaganiga e’tibor ham bermadi.
Shishani bo‘shatishgach, Shomil chol tag‘in yarim soatcha o‘tirdi. U yoq-bu yoqdan valaqlashib, vaqtni o‘tkazishdi. So‘ng u qo‘zg‘aldi.
– Kechqurun biznikiga borib yotaqol, – dedi u oshnasining so‘lg‘in yuziga qarab, – uyda gurunglashib yotamiz. Yarimtani mayda-lab!..
– Yo‘q, bu yerni qarovsiz tashlab ketolmayman.
– O’zing bilasan. Mayli, ertaga kelaman. Darvoqe, yarimta bilan “zakuska”niyam opkelaman. Qartani topib qo‘y, seni bi-i-ir ezay!
– Ko‘ramiz, kim kimni ezarkan... – Maxsum, mahzun jilmayib, uni eshikkacha kuzatdi.
Kunning o‘tishi qiyin bo‘ldi. Aksiga olib, muzeyning yakkayu yagona xodimi bo‘lmish Umrzoq bugun kelmadi, nafaqaga chiqsa-da, hamon qimirlab yurgan bu bukri cholni Maxsum unchalik yoqtirmaydi.
“Ilmiy ish yozarmish! He o‘rgildim olimligingdan!..” deya so‘kinadi u Umrzoq muzeyda kechgacha qolib ketgan kunlari. To‘g‘rida, kun botmasdan uyginasiga borib, huzur qil-i-b yotsa o‘ladimi, bu yerda Maxsum tezroq tun kirishini zoriqib kutayotgan bo‘lsa...
Nihoyat, qosh qoraydi. Bir qoshiq obi yovg‘onni erinibgina qaynatgan Maxsum apil-tapil ovqatlanib, eshikning ilgagini tushirdi. So‘ng hayajon zo‘ridan qaltiragancha haykal tomon yurdi. Borliq jim-jit, onda-sonda qor chaqirayotgan qarg‘alar qag‘illab qo‘yadi. Ulkan derazadan qaragan Maxsum so‘nggi barglarini to‘kayotgan daraxtlar, kuz shamolida tish qayrayotganlarini ko‘rdi. Yengil shabada hazonlarni erinibgina surgalaydi. Chol dunyoga qo‘l siltab, zal burchagiga oshiqdi.
Ana, turibdi! Eshik oldidagi chiroyning xira nuri bu yerga zo‘rg‘a yetib kelganidan haykalning chehrasi nimqorong‘ilikda tag‘in-da sirliroq ko‘rinadi. Maxsum kalovlagancha borib, haykalga yopishdi. Uni yutoqib o‘par, sovuq siynalarini, sonlarini siypalar, jismi-jonini qiynoqqa solayotgan titroq zo‘rayib borardi...
Maxsum shalpayib, sovuq polga cho‘zilib qoldi. Miyasi bo‘m-bo‘sh edi. Anchadan so‘ng sudralgancha o‘rniga yo‘l oldi. Ketayotib, haykalga so‘nggi bor qaradi: ayol unga so‘ngsiz bir nafrat bilan tikilib turardi.
– O’qrayma, Ruxsora, o‘qrayma... Nima qilay endi, shu ekan-da... – deya g‘o‘ldiradi past ovozda. Qo‘lbola karavotga behol cho‘zilarkan, ertalab haykaldan kechirim so‘rashni diliga tukkani ham, bu tunda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan dahshatlar ham xayolidan ko‘tarilgandi.
Shamol tuni bilan daydi itdek ulib chiqdi. Ushbu tunda Shomil tatar ham uxlay olmadi. Aloq-chaloq tushlar ko‘rib, o‘n bora uyg‘ongan cholning ko‘ngli alag‘da edi. Saharlab turib, oshnasiga va’da bergan aroq va yegulikni ham unutgancha muzeyga yo‘l oldi. Qariyb yarim soatcha taqillatganiga qaramay Maxsum turib eshikni ochmagach, Shomil chol militsiyaga va mahalla-kuyga xabar berdi. Eshikni buzib ichkariga kirganlar ko‘zlariga ishonishmasdi: Maxsumning tili og‘zidan bir qarich osilgan, ko‘zlari xonasidan chiqib olayib yotar, tomog‘ining tagida esa o‘tkir tirnoq va barmoq izlari yaqqol ko‘rinib turardi. Odamlar allaqachon muzlab ulgurgan jasad bilan ovora bo‘lishayotgan bir paytda Shomil chol oqsoqlangancha haykal sari yo‘rg‘aladi. Kechagina yigirma besh yoshli ayol siymosidagi haykal endi qirq besh-ellik yoshlarda ko‘rinardi. Silliq, tarang badan salqi tortgan, ko‘kragi sezilarli pastga osilgan, xipcha bel ancha to‘lishgan. Chehrasi esa... U yer-bu yeriga ajin tushgan chehra endi xotirjam, yaqindagina olov sachragan nigohlarda endi o‘z ishidan mamnunlik, qasos lazzati barq urardi...