Nayman aka salomimga alik oldi-yu, tomdan tarasha tushgandek savol berdi:
– Karim Rasulovichning ahvoli qalay?
Nima deb javob qilay? Boshim qotib qoldi. Chunki o‘zim yaqindagina viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga inspektor bo‘lib ishga kelganman. Boshqarma boshlig‘i Karim Rasulovich bilan bir martagina ish yuzasidan suhbatlashdik, xolos. Unga ham uch haftadan oshdi. Mana, to‘rt kundan buyon tumandaman, maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorligini taftish qilib yuribman. Xullas, Karim Rasulovichning shu kecha-kunduzdagi ahvolidan bexabarman. Nayman akaga shuni aytsammikan? Yo‘g‘-e, birga ishlab, rahbari ahvolini bilmasa, nima qilib inspektor bo‘lib yuribdi, demaydimi? Yoki: «Karim Rasulovich o‘ynab-kulib yuribdilar» deb aytsammikin? Yo‘q, bu ham bo‘lmaydi. Nayman akaga bir qarab oldim, yuz ifodasidan o‘z savoliga oid biror ma’no uqmoqchi bo‘ldim.
Yo‘q, uning yuz ifodasida xush yoki noxush xabarni eslatuvchi hech qanday ma’no ko‘rinmaydi. Demak, Karim Rasulovich sog‘-salomat. Og‘ir bemordan ham: «Tuzukmisiz?» deb ko‘ngil so‘rasangiz, «Kechagidan ancha yengilman», deb javob qiladi-yu, mendan nima ketdi degan o‘yga borib, Nayman akaga bunday javob qildim:
– Karim Rasulovich o‘ynab-kulib, sog‘-salomat yuribdilar.
– Yolg‘on gapirishga gapirdim, endi nima bo‘lsa bo‘lar, deb qo‘shib qo‘ydim. – Sizga ko‘pdan-ko‘p salom aytib yubordilar.
– Salomat bo‘lsinlar!
Javobim, ayniqsa, qo‘shimcham Nayman akaga yog‘dek yoqib tushdi. Men hamon ostonada turardim, u dik etib o‘rnidan turib, uzun kabinetidagi gilam poyondozdan yurib kelib, qo‘shqo‘llab so‘rashdi, ichkariga taklif etdi, o‘tirishga joy ko‘rsatdi. O‘zi esa mendan quyiroqdagi stulga omonatgina o‘tirdi.
– Esimda borida aytib qo‘yay, – deb so‘z boshladi Nayman aka, – avvalo Karim Rasulovich yo‘llagan salomlarini kaminaga yetkazganingiz uchun sizga chin qalbimdan minnatdorchilik izhor qilaman. So‘ngra, agar sizga og‘ir bo‘lmasa, viloyatga qaytib borgach, xizmatga kirishingiz bilanoq Karim Rasulovichga kaminaning otashin va samimiy salomlarini izhor qilib qo‘ysangiz.
– Bajonu dil, – bunday paytlarda va’dani quyuq berib yuborar ekansan, kishi. Vaholanki, Karim Rasulovich huzuriga xodimlar huda-behudaga kiraverishini yoqtirmaydi, deb eshitgan edim.
– Barakalla, yashang!.. Xo‘sh, xizmat?
– Hali kotibangizga bu yoqqa kelishdan maqsadimni...
– Kirib aytdi. Faqat shumi?
– Ha. Maktabingizda yangi o‘quv yiliga qanday tayyorgarlik ko‘rilayotgani bilan tanishsam. Boya hokimlikda ham bo‘ldim. Shu yerga kelishni maslahat berishdi.
– Yaxshi. Karim Rasulovich sizni shundan shu yoqqa maxsus yo‘llaydilaru sizni quchoq ochib kutib olmay bo‘ladimi, axir! Maktab ishlari bilan yaqindan va batafsil tanishish uchun sizga barcha sharoitni yaratib beramiz, albatta. Bu yog‘idan xotirjam bo‘ling. Aytganday, tanishib qo‘yaylik: Naim Soyimov.
Men ismimni aytdim. «Iya, ismi Naim ekan-ku, hokimlikda ham, kotiba ham «Nayman aka» deyishdi». U dilimdan kechgan fikrni sezdi shekilli, tushuntirdi:
– Asli ismim o‘zi Naim, lekin tumanda hamma meni Nayman aka deydi. Sababi yoshligimda, u paytlarda tengdoshlarning bir-biriga laqab qo‘yishi ancha keng tarqalgan edi, jo‘ralarim gurungida: «Men o‘zbekning nayman qabilasidanman» deb yuborgan edim. Shu-shu ismim Nayman bo‘lib ketgan. – Nayman aka ovozini pasaytirib davom etdi. – Men sizga aytsam, Karim Rasulovich ham nayman qabilasidan, bir qishloqdanmiz. Qishlog‘imiz «Qiziltepa» deb atalardi.
Nayman aka o‘z qishlog‘i, hamqishloqlari, urug‘-aymoqlari, maktabdosh va kursdoshlari, ular orasidan yetishib chiqqan taniqli kishilar haqida ancha gapirdi. So‘zining oxirida mendan so‘rab qoldi.
– Zafarali, o‘zingiz asli qaerliksiz?
Men tug‘ilgan joyimni aytdim.
– Ha, Vodil ajoyib maskan. O‘zbekistonning Shveytsariyasi deb bekorga aytishmaydi.
– Geografiyadan dars berasiz shekilli?
– Ha, jug‘rofiyonmiz! Lekin dars berishga vaqt qayoqda, tashkiliy ishlardan qo‘l bo‘shamaydi. Aytganday, Vodil taraflarda laqab qo‘yish odati saqlanganmi?
– Xabarim yo‘q, u yerdan ko‘chib ketganimizga yigirma yildan oshdi.
– Menimcha, laqab qo‘yish yo‘qolib ketadigan odatlardan. Aytganday...
Qarasam, Nayman aka ishga aloqasi yo‘q mavzularda hali ko‘p gapiradigan, uning tumandagi yirik maktablardan birining direktori ekanligidan ham tap tortmay shartta so‘zini bo‘ldim:
– Nayman aka, endi ishga kirishsak.
– Albatta. Bo‘lmasa, men kotibani chaqiray, hujjatlarni keltirsin. Lekin kotibamiz hali yangi, kerakli hujjatlarni darrov keltirmasa kerak, aybga qo‘shmaysiz, mayli, hechqisi yo‘q, to ungacha chaqchaqlashib o‘tiramiz-da, sizni zeriktirib qo‘ymayman.
Nayman aka joyiga o‘tib tugmachani bosdi. Kotiba qiz kirdi:
– Labbay.
– Karim Rasulovich bizlarga salom yo‘llabdilar, Sharifaoy!
– Muallim, Karim Rasulovich kim bo‘ladilar?
Men gap kelganda otangni ham ayama, degan qabilida ish tutib, so‘z qotdim:
– Karim Rasulovich Nayman aka bilan qabiladosh bo‘ladilar, – keyin o‘z gapimdan o‘zim kulib yubordim. Sharifaoy ham iljaydi. O‘zining noqulay ahvolidan qutulish uchun Nayman aka ham xandon otib:
– Zo‘rsiz, kelgan joyidan g‘ippa oldingiz. Qoyil, hisob biru nol. O‘zi Farg‘ona odamlari askiyaga usta bo‘ladilar-da. Aytganday...
Nayman akaning gapini yana bo‘lishga jur’at qildim.
– Endi, ishga kirishsak.
– Albatta, Sharifaoy, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlikka oid hujjatlarni bu yoqqa keltiring... o‘zingizda borini...
Shu kuni bir o‘zim, ertasi va indiniga tuman tashkilotlarining vakillari (Nayman aka tuman xalq ta’limi bo‘limi vakillariga nimagadir Karim Rasulovich haqida, o‘ziga salom yo‘llagani to‘g‘risida gapirdi) bilan birgalikda maktabning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligini tekshirdik. Natijada bir qator nuqsonlar ochildi. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida ikki o‘qituvchi Nayman akaning so‘zini oxirigacha eshitmagani uchun hayfsan olibdi. Bu yilgi ta’mir ishlari ham o‘lda-jo‘lda ekan. Xullas, gap ko‘pu, ish oz ekan. Bu ahvoldan maktabdagi jamoat tashkilotlari, keksa pedagoglar tashvishlanib, tuman tashkilotlarini xabardor qilishgan ekan.
Komandirovka muddati tugab, vazifam bitgach, viloyatga yo‘l olar ekanman, Nayman aka tuman xalq ta’limi bo‘limi vakiliga ataylab eshitarli qilib:
– Zafarali, salomimni Karim Rasulovichga albatta yetkazing-a, – deb tayinladi.
Oradan ikki haftacha vaqt kechdi. Soat o‘n birlar edi, xonamizga qabulxona kotibasi kirib:
– Sizni Karim Rasulovich chaqiryaptilar, – deb iziga qaytib chiqib ketdi.
Salom-alikdan keyin Karim Rasulovich meni maqtab qoldilar.
– Birinchi komandirovkangiz natijasi chakki emas. Tuman xalq ta’limi bo‘limidan ma’lum qilishlaricha, taftish qilgan maktabingizning direktori lavozimidan pasaytirilib, yetti yillik maktabga ishga yuborildi. Siz to‘g‘ringizda iliq gaplar yozishibdi.
– Rahmat. – Nayman akaning qarz salomini aytishga bundan ham qulay vaziyat bo‘lmasa kerak, dedim ichimda: – Aytganday, Nayman aka sizga salom aytib yuborgan edilar.
– Nayman, deysizmi? Kim ekan u?
– O‘sha maktabning direktori Naim Soyimov-da. Uni tumanda hamma Nayman der ekan-ku.
– Yo‘q, men uni tanimadim. Mayli, hechqisi yo‘q, salom yo‘llagan ekan, salomat bo‘lsin.
...Oradan bir necha yil o‘tdi. Yaqinda yo‘lim yana o‘sha tumanga tushib qoldi. Men o‘zim Nayman akani surishtirdim.
– Iya, siz ham taniysizmi?
– deb taajjublandi yangi mudir.
– Ha, bir oz tanishligim bor.
– Lekin Nayman aka tanimaydigan maorifchi yo‘q. Hamma unga tanish va qarindosh. Hozir u chekka qishloqlarimizdan biridagi boshlang‘ich maktabda direktor. Shaharga o‘qishga yuborgan yigit-qizlarimiz mutaxassis bo‘lib kelguncha, ishlab tursin. Geografiyadan durustgina dars o‘tadi-yu lekin dars berishga bo‘yni yor bermaydimi, xullas, direktorlikni yaxshi ko‘radi-da.
– Men o‘sha maktabga borsam.
– Be, taftish qilishga arzimaydigan kichkinagina maktab, ham juda uzoqda.
– Mayli.
Yo‘lovchi yuk mashinasining kabinasiga o‘tirib, o‘sha qishloqqa yo‘l oldim. Shofyor yigit bilan gurunglashib ketdim. Nayman aka haqida ancha-muncha yangi gaplarni eshitdim. Nayman aka, «Hatto falonchini ham taniyman», degan emish. Qishloqqa yetib kelgach, shofyor bir qavatli uzun imorat oldida mashinani to‘xtatdi.
– Maktab mana shu.
Rahmat aytib mashinadan tushdim. Shofyor kabina eshigini yopar ekan:
– Mullaka, aybga sanamaysizu shaharlik notanish odamlar orasida: «Nayman akani taniyman», degan birinchi kishi siz bo‘lsangiz kerak, – dedi va mashinaga gaz berib ko‘zdan uzoqlashdi.
Nayman akaning xotirasi yaxshi ekan, oradan shuncha yil o‘tganiga qaramay, ko‘rgan zahotiyoq meni tanidi:
– Zafarali!.. Inoyat Hidoyatovich omonmilar!
Avvaliga achchig‘im keldi: «Nega o‘zimdan hol-ahvol so‘ramaydi?» Birinchi uchrashuvimizda: «Karim Rasulovich omonmilar?» degani mayliga edi, chunki bizlar unda notanish edik. Axir, bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan qadrdon deyishadi-ku. Darvoqe, Karim Rasulovich yaqindagina nafaqaga chiqib, Inoyat Hidoyatovich viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga boshliq bo‘lganini Nayman aka darrov qaerdan bila qolibdi?
– Inoyat Hidoyatovich sizga ko‘pdan-ko‘p salom aytib yubordilar, – dedim birinchi uchrashuvimizdagidek.
– Salomat bo‘lsinlar,
– dedi va keyin bir narsa esiga tushgan kishidek shoshilib menga qo‘l uzatdi:
– Yaxshimisiz.
Qo‘l olishdik. Tanaffus payti edi, maktab hovlisida turardik. Bolalarning qiy-chuvi hammayoqni tutib ketgan edi, biri lanka tepar, biri hovliga kirib qolgan xo‘rozni qiyqiratib quvlar... bir guruh qizlar sopalak o‘ynar edilar.
– Zafarali, ochig‘ini aytganda bugun ish yuzasidan gaplashmaylik, – dedi Nayman aka. – Bir o‘qituvchimiz kasal bo‘lib qolgan ekan, geografiyadan uch soat javrab charchadim. Siz ham yo‘l yurib charchaganingiz ko‘rinib turibdi. Bugungi ishim ham tugadi hisob. Qani, yuring, biznikiga ketdik.
– Men mehmonxonaga joylashsam.
– Mehmonxona? Tushingizni suvga ayting. Sinfxona yetishmaydi-yu, mehmonxona nima qilsin bu yerda.
Demak, bu qishloqqa kelib, chakki ish qilmabman, maktabni kengaytirish, qurilish ishiga xo‘jalik rahbarlari e’tiborini jalb qilish masalasini ko‘tarish mumkin.
Nayman aka xo‘roz quvlagan bolaga dakki berayotgan past bo‘yli bir o‘qituvchi ayolni yoniga chaqirdi:
– Zebioy, Inoyat Hidoyatovich bizga salom yo‘llabdilar.
– Kim u?
– Men sizga ming marta tayinladim, gazet o‘qing, savodingizni oshiring deb.
– Qoldirmay o‘qiyapman.
– Kerakli joylarini uqib olish kerak.
– Xo‘p bo‘ladi.
– Inoyat Hidoyatovich viloyat xalq ta’limi boshlig‘i bo‘ladilar. Bizlar eski qadrdonmiz. Frontda birga bo‘lganmiz-da.
– Ha, esimga tushdi, – dedi ayol chehrasi yorishib. – Anov kuni majlisimizda bu haqda gapiruvdingiz-ku...
– Barakalla... – Nayman aka menga yuzlandi. – Qani ketdik. Qorong‘i tushmasdan sizga qishloqni o‘zim bir ko‘rsatay.
Oziq-ovqat magaziniga meni boshlab kirar ekan, Nayman aka:
– Mudiring qani? – dedi sotuvchi yigitchaga.
– Mudirni so‘rab nima qilasiz, oqidan beraymi? Nechta?
– Odobsiz. Viloyatdan kelgan katta inspektor oldida shunday muomala qiladimi?
«Inspektor» so‘zini eshitib sotuvchining rangi o‘chib, dami ichiga tushib ketdi, aroq tutgan qo‘li titrardi.
– Qo‘rqma, Zafarali qadrdon ukalarimdan. «Ekstra»dan bitta o‘rab ber, mana, pulini ol, qaytimi sigaretga yetadimi?
– Ortadi...
Nayman aka aroqni paltosining qo‘yin cho‘ntagiga, sigaretani yon cho‘ntagiga soldi. Magazindan chiqdik. Yap-yangi “Jiguli” o‘tib qoldi. Nayman aka qo‘l ko‘tarib to‘xtatdi.
– Dadang omonmi?
– Dadamni so‘rab nima qilasiz? – dedi haydovchi yigit mashina oynasidan bosh chiqarib. – Undan ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Uyimga olib borib qo‘y», deyavermaysizmi?
– O‘zi senlarga qaysi muallim ta’lim bergan? Nomersiz mashina haydashni bilasanu lekin viloyatdan kelgan katta inspektor oldida shunaqa muomala qilasanmi?
Haydovchi yigit g‘o‘ldirab qoldi.
– Kechirasiz, o‘tiringlar.
– Rahmat, men piyoda yurmoqchiman, – deb tezda mashina oldidan uzoqlashdim.
Nayman aka menga yetib oldi. Xo‘jalik idorasi oldidan o‘tayotganimizda skameykada suhbatlashib o‘tirgan uch-to‘rt mo‘ysafidga yaqin borib:
– Rais aka tumandan qaytdilarmi? – dedi. – Bo‘lmasa, kelishlari bilanoq biznikiga borsinlar, viloyatdan mehmon keldi...
Ufqqa bosh qo‘ygan quyoshning eng so‘nggi zaif, haroratsiz nurlari ham tugab borar, qishloq uzra oqshom qo‘nar edi.