OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abduqahhor Ibrohimov. Qish yomg’iri (hikoya)

Peshindan beri yomg‘ir yog‘yapti. Avval ezib yog‘di — to‘piqqa chiqadigan qorni oqizib ketdi. Kechga borib birdan shamol turdi. Tarnov suvlari goh chapga, goh o‘ngga, goho imorat devoriga quyiladi...
Tramvay bekatida turganlar o‘zlarini ko‘cha yoqasidagi dorixonaga, do‘konlarga urishdi. Bekatda faqat uch kishi qoldi: qiz tutgan zontik yigit uchun ham panoh bo‘ldi. Keyin zontik yigit qo‘liga o‘tdi. Ulardan sal narida o‘rta maktabning matematika muallimi Kozimbek turibdi. Qo‘lida chamadonsifat portfel. Qahvarang paltosi yomg‘irdan qorayib ko‘rinadi. U panaga o‘tishni xayoliga keltirmaydi.
Tramvay keldi. Odamlar dorixona va magazinlardan otilib chiqishdi, o‘zlarini tramvayga urishdi; chiqolganlar chiqdi, qolganlari izlariga qaytishdi.
Kozimbek ham, yigit-qiz ham joylaridan siljishmadi.
Trolleybus keldi. Odamlar dorixona va do‘konlardan otilib chiqishdi va o‘zlarini unga urishdi. Chiqolganlar chiqdi, qolganlari izlariga qaytishdi. Yigit bilan qiz  ham trolleybusga ilinishdi. Bekatda Kozimbekning o‘zi qoldi.
Yomg‘ir yog‘moqda...
Kozimbek kutyapti...
Nihoyat, uning kutgani — marshrutli taksi keldi, murodi hosil bo‘ldi. Kozimbek marshrutli taksida yurishga odatlanib qolgan. Bo‘lmasa bu bekatda tramvay, trolleybus, avtobuslar to‘xtab o‘tadi.
Kozimbek egilib marshrutli taksiga chiqar ekan, orqa o‘rindiqda o‘tirgan Jo‘ravoyga ko‘zi tushdi. Qaytib tushib ketishning iloji bo‘lmadi, mashina joyidan jilgan edi.
— Ie, Kozimmisan, seni suvga bo‘kkan... — Jo‘ravoy gapining davomini aytmadi, shunday ham nima demoqchi ekanligi ravshan edi, keyin yonidan joy ko‘rsatdi. — Qani, bu yoqqa!
Kozimbek bilan Jo‘ravoy kursdosh, besh yil birga o‘qishgan. Jo‘ravoy kursdoshlar orasida hazil-mutoyibaga, kalaka qilishga ustaligi bilan tanilgan edi. Kozimbek boshqa bo‘sh joy yo‘qligi uchun Jo‘ravoyning yoniga o‘tirishga majbur bo‘ldi. U Jo‘ravoyning askiyasiga uchrashidan cho‘chir edi. Ayniqsa, odamlar orasida.
— Tabriklayman! — dedi dabdurustdan Jo‘ravoy Kozimbek bilan qo‘l olishar ekan va uning yelkasiga urib qo‘ydi. Kozimbek hayron bo‘lib qoldi, har narsadan o‘zicha xulosa chiqaraveradigan, hadiksirayveradigan bo‘lgani uchun «tabriklayman» degani unga g‘alati ta’sir etdi.
— O‘zim eshitmasam, bundoq shipshitib qo‘ymaysan ham! — dedi so‘zida davom etib jiddiy qiyofada Jo‘ravoy. — Yangilik zo‘r-ku!
Kozimbek ajablanib:
— Tushuntirib ayt! Nima bilan tabriklayapsan? Yangilik deganing nimasi!, — dedi.
— Qo‘y, mo‘g‘ombirlik senga yarashmas ekan, — dedi Jo‘ravoy. — Bilib turib, o‘zingni go‘llikka solma, og‘ayni. Bir joyda ishlab turib... Ey, qo‘y-e...
— Rost aytyapman, — dedi Kozimbek. — Hech qanaqa yangilikni eshitganim yo‘q. 
— Ie, hali shundoqmi, bo‘lmasa seni g‘aflat bosibdi, og‘ayni. Maktabingdagi o‘zgarishdan bexabar qolibsan.
Kozimbekning yuzida taajjublanishdan ko‘ra vahima,  tashvishlanishga o‘xshashroq ifoda paydo bo‘ldi.
— Qanaqa o‘zgarish? — dedi u o‘z kasalidan qo‘rqqan bemor vrachga cho‘chib savol berganidek. Buni Jo‘ravoy sezmay qoldirmadi! Odatda hazilkash kishilar suhbatdoshlarining holatini tezda ilg‘ab oladilar, shunga qarab suhbat tarzini belgilaydilar. Jo‘ravoy yanada jiddiylashdi. Biroz sukut saqlagach, Kozimbekning qulog‘iga shipshidi:
— Direktoring maktabdan ketdi, o‘rniga tuman xalq ta’limi bo‘limining inspektori Soliev tayinlandi.
— Yo‘g‘-e, yo‘g‘-e... Bo‘lmagan gap. Hazilni qo‘y, og‘ayni.
— Hazil emas, rost. Senga yolg‘on gapirarmidim?
— Meni kalaka qilma. 
— Rost. Kuni kecha tuman xalq ta’limi bo‘limi shunday qaror qilibdi. Hozir o‘sha yerdan eshitib kelyapman.
Bu gapdan Kozimbekning eti uvishib ketdi. Shuncha yomg‘irda qolib ham eti uvishmagan edi.
— Mana shunaqa gaplar, og‘ayni, — dedi Jo‘ravoy yupatgansimon.
— Nahotki... — Kozimbekning tomog‘iga bir narsa tiqilgandek bo‘ldi. — Nahotki... 
— Mayli, ishonmasang, ishonmay qo‘ya qol. Men bor gapni aytdim.
— Gaping chin bo‘lsa, yaxshi bo‘lmabdi. Har holda, G‘iyos G‘anievich maktabdan ketmaydi.
— Nega endi?
— Negaki, bugun G‘iyos G‘anievichda hech bir o‘zgarish sezilmadi. Avvallari qanday bo‘lsa, bugun ham shunday ko‘rindi.
— Dilidagini bilib o‘tiribsanmi? Maktabdan ketishi aniq.
— O‘zi bilarmikan?
— Bo‘lmasa-chi! Kecha majlisda qatnashibdi.
«Ko‘rinishdan na xursandligi, na xafaligi sezilgan edi». Kozimbek shuni dilidan o‘tkazdi, keyin Jo‘ravoydan asta so‘radi:
— Og‘ayni, qani ayt-chi direktorimiz yuqorilarmikin yoki...
Kozimbek gapining bu yog‘ini aytmadi, go‘yo G‘iyos G‘anievich eshitib qolayotgandek tilga olishga cho‘chidi.
— Darvoqe, buni so‘ramabman. Lekin maktabdan ketishi aniq, — shunday deb Jo‘ravoy tushib ketdi.
Kozimbekning yuragi uvishganicha bor. Maktab direktori G‘iyos G‘anievich uning necha yillarki boshlig‘i. Kozimbek institutni tugatib, to‘g‘ri shu maktabga ishga kelgan. Bunga ham bu o‘quv yili tugasa, o‘n yil to‘ladi. Kozimbek ishga qabul qilinishini so‘rab G‘iyos G‘anievich nomiga ariza yozgan, diplomining asl nusxasini ham unga ko‘rsatgan. Mana endi kutilmaganda bunaqa gap  chiqdi. Kozimbek qizil qor yog‘ishini xayoliga keltirishi mumkin edi (qachonlardir allaqaerda qizil qor yoqqani haqida gazetada o‘qigan edi) ammo G‘iyos G‘anievichdan o‘zga kishini  maktab direktori sifatida tasavvur qilolmasdi. G‘iyos G‘anievichga shu qadar ko‘nikib, o‘rganib, moslashib ketgan ediki, asti qo‘yaverasiz. U maktabda direktordan bo‘lak hech kimni tan olmasdi. O‘qituvchilar u yoqda tursin, hatto ilmiy mudir bilan ham hisoblashmasdi. Nimaiki taklifi bo‘lsa, lutfan direktorga aytadi; nimaiki iltimosi bo‘lsa, shaxsan direktorga uchrashadi. Bu holning odat tusini olishiga dastlabki paytlarda G‘iyos G‘anievich bilan Kozimbekning tengdoshligi sabab bo‘ldi. Kozimbekning maslahat so‘rab yoki taklif bilan huzuriga tez-tez kiraverishiga G‘iyos G‘anievich moyillik bildirdi, chunki bu o‘ziga xush yoqardi. Kozimbekdan iltifotlarini darig‘ tutmadi. Ilmiy mudir yoki maktabning boshqa rahbarlari bilan ham bitirsa bo‘ladigan ish yuzasidan huzuriga kirganida Kozimbekka bir nima demadi, masalani shaxsan o‘zi hal qilaverdi,  «ilmiy mudirga uchrashing», «zavxozga boring», deyishni unutdi. Kozimbek bora-bora kollektivda direktordan o‘zgani tan olmaydigan bo‘lib qoldi. Uning direktor o‘zgarishini, o‘zga kishining boshliq bo‘lishini tasavvur qilolmasligiga sabab ham shunda.
Kozimbek xayol bilan bo‘lib, o‘z bekatidan o‘tib ketdi. Muyulishda sezib qoldi. Hay-haylab to‘xtaguncha mashina yarim chaqirim yo‘l bosib qo‘ydi. Yangi ochilgan ko‘chadan loygarchilikda, buning ustiga jalada yurish o‘zi bo‘lmaydi. Kozimbek bemavrid yoqqan yomg‘irni ichida so‘kdi.
U to‘pig‘idan loyga botib, arang hovlisiga yetib keldi. U uyga kirgach, kiyimlarini almashtirdi, ovqatlandi, shirin choy ichdi, o‘zini pechkaga tobladi, lekin bari bir vujudi isimadi. Chunki o‘zi  uchun eng sovuq xabar eshitgan edi. «Jo‘ravoyning gapi rostmikan yoki hazil?»
Bu savol uning oromini o‘g‘irlab qo‘ygan edi.
Kimdir bir kuni Kozimbekka hech esdan chiqmaydigan gap qilgan edi: «Kozimbek, esingiz borida matematika o‘qituvchisi kasbini tanlab zap ish qilgan ekansiz-da! Baxtingizga bu fan tez o‘zgaravermaydi. Ikki karra ikki hamisha to‘rt. Boshqa predmetdan dars berganingizdami...»
Kozimbekning fe’l-atvori ham odatiga munosib edi. U qaynatasining uyiga borsa, faqat qaynatasi bilan gaplashardi, boshqalar bilan so‘zlashishni o‘ziga ep bilmasdi. Chunki qaynatasi oila boshlig‘i-da!
To‘yda to‘y egasi bilangina so‘rashadi. Nikoh to‘yida esa kelin-kuyovni tabriklash o‘rniga ularning ota-onalarini qutlaydi.
Do‘konlarga kirsa, mudirni yo‘qlab qo‘ygach, xarid qiladi.
Kursdoshlarini ko‘rganda ularning o‘zini emas, boshliqlarini surishtiradi. Xullas, yomg‘irdan ko‘ra qorni afzal biladi, handalak pishig‘ida qovundan gap ochadi...
Kozimbek bir kechadayoq o‘zini oldirib qo‘ydi. Ertasiga ishga ko‘zlari kirtayib keldi. Hamkasblari uni tobi yo‘qqa chiqarishdi. Allakim: «Gripp bo‘lsa kerak», deya o‘zini chetga oldi. Bu ham Kozimbekka ta’sir  qilmay qolmadi. «Yangilik»dan xabardor bo‘lsa kerakki, — deb o‘yladi, —meni G‘iyos G‘anievichga yaqin sanab o‘zini olib qochyapti». U to‘rt soat darsini o‘tguncha o‘qituvchilar xonasiga kirmadi — o‘qituvchilardan biror gap eshitib qolishidan cho‘chidi. «Qani endi Jo‘ravoy aytgan gap hazil bo‘lsa!»
Kozimbek tanaffus paytlarida sinfda o‘tirdi, lekin bekor o‘tirmadi. G‘iyos G‘anievich huzuriga kirish uchun bahona uyladi. Topdi! «Shu Navro‘zda kollektiv bo‘lib toqqa chiqilsa!» Yaxshi taklif! Buni topolganidan behad quvonib, direktor huzuriga yo‘l oldi. «Lekin Navro‘zga  hali ancha bor-da! Mayli, oldindan tayyorgarlik ko‘rgan yaxshi». Kabinetga kirib ne ko‘z bilan ko‘rsinki, direktor inspektor Soliev bilan suhbatlashib o‘tiribdi. Buni ko‘rib Kozimbek o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, ostonada so‘rrayib qoldi. Direktor unga qayrilib qaradi:
— Keling, Kozimbek, — u o‘rnidan turdi. Buni Kozimbek o‘zicha yo‘ydi: «Avvallari kirganimda o‘rnidan turmasdi, demak, maktabdan ketadiganga o‘xshaydi. Solievda yaxshi taassurot qoldirmoqchi shekilli». U oldin direktor bilan ham qo‘l olishgach, poygakdagi stulga cho‘kdi.
— Xo‘sh, keling? — dedi G‘iyos G‘anievich.
Bu gapdan Kozimbek: «Nega suhbatni bo‘lding, qani, gapingni tez aytu, ko‘zdan yo‘qol», degan ma’noni uqdi. Demak, Jo‘ravoyning gapi hazil.
— G‘iyos G‘anievich, Navro‘zda bir lola sayliga chiqsak, o‘zingiz bosh bo‘lsangiz, kamina xizmatda tursa...
— Lola sayli?.. Mayli, chiqamiz. Navro‘z kelsin, albatta chiqamiz.
— Rahmat, — Kozimbek kabinetdan xursand bo‘lib chiqib ketdi.
«Jo‘ravoyning gapi hazil ekan, G‘iyos G‘anievich maktabdan hech qayoqqa ketmaydi. Ketadigan odam hech qachon shunday qat’iyat bilan va’da bermasdi». Kozimbek baxtiyor edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.