Meditsina fanlari doktori, professor Kamol Kamolovichni hamma “Barkamol domla”, deb ta’riflaydi. Chindan ham kiroyi domla shunday bo‘lsa!
G‘oyat bilimdon, o‘z sohasi bo‘yicha uning oldiga tushadigan olim topilmaydi, kasbdoshlari orasida zo‘r e’timodga ega. Studentu aspirantlar izzat-hurmatini qozongan; u institut ostonasiga qadam qo‘ydimi, hammayoq fayziyob bo‘lib ketadi shogirdlari nazarida.
Kiyinishini aytmaysizmi! O‘ziga mosini topib kiyadi, ha, ko‘rkam kiyinadi, shu sabab yoshi ellikdan oshgan bo‘lsa-da, ko‘rgan odam unga nari borsa qirq berar.
Odob-axloq bobida ham barchaga namuna! Darsida esnab o‘tirish uning uchun zo‘r haqorat...
Keksalar uni “mulloi boamal” deydilar; ichmaydi ham, chekmaydi ham.
Jismoniy mehnat uning uchun hayotiy zarurat, badantarbiya esa fanlarning podshosi: har kuni gimnastika bilan shug‘ullanishni kanda qilmaydi.
Uning bir odati bor: talabalarni birinchi kursdanoq har tomonlama sinab boradi. Ma’qul ko‘ringanlarini kelgusida o‘ziga aspirant qilib olish niyatida: “Qobilu har ishga qodir ekan”, deb ko‘z tagiga oladi. Ularga alohida mehr qo‘yadi. Chunki uning birdan-bir maqsadi — shogirdlarida o‘z aksini ko‘rish!
Domlaning ko‘ngillari juda nozik. Mabodo biror aspiranti oilasidami, jamoadami, qaerda bo‘lmasin, bari bir, nojo‘ya xatti-harakat qilib qo‘ysa bormi, o‘sha zahotiyoq bu aspirant bilan orani ochdi qiladi:
— Bo‘ldi, endi sizga rahbarlik qilmayman.
— Ustoz...
— Qo‘ying, vaj-korson ko‘rsatmang. Hojati yo‘q.
— Ustoz, axir uch oydan so‘ng ilmiy ishim nihoyasiga yetadi-ku? Keling, shungacha... Yanglishibman, uzr.
— Shungacha?! Yo‘q, men yanglishgan ekanman. Bari bir, sizga boshqa yordam berolmayman. Majbur etmang meni. Foydasiz. Yaxshisi, boshqa rahbar toping. Shunday qiling.
— Shuncha mehnatingiz...
— Hammasiga roziman... Xayr!
Bunday paytlarda ustoz-shogird o‘rtasiga ularni yarashtirib qo‘yish uchun hech kim tushmaydi. Chunki domla bir so‘zli, aytganini qilmay qo‘ymaydi. Bunday voqea kamdan-kam sodir bo‘lsa-da, har holda bo‘lib turadi. Shuning uchun ham Kamol Kamolovichning aspirantlari o‘zlarini nihoyatda ehtiyot qilib yuradilar.
* * *
Qobil meditsina instituti ostonasiga ilk qadam qo‘ygandayoq, yuqori kurs talabalaridan domlaning ta’rifini eshitdi. Eshitdiyu Kamol Kamolovichga munosib shogird, kelajakda u kabi katta olim bo‘lish orzusini diliga tugib qo‘ydi. A’lo o‘qidi, yurish-turish, kiyinish, xulq-atvor, jamoat ishlarida domladan o‘rnak oldi. “Barkamol domla”ning “qalb daftari”dagi “sevimli shogirdlar” ro‘yxatidan o‘rin oldi.
Yillar o‘tdi. Qobil institutni imtiyozli diplom bilan tugatdi. Domlaning “Qobilu har ishga qodir”, degan yuksak bahosini, zo‘r ishonchini qozondi. Endi u kimsan “Barkamol domla”ning aspirantlaridan biri!
Shu yili Kamol Kamolovichning Farida ismli qizi institutga o‘qishga kirdi...
“Barkamol domla” ilmiy rahbar bo‘lgan aspirantlar odatda belgilangan muddat — uch yilda dissertatsiya yoqlaguvchi edi. Qobil bilan ham shunday bo‘ldi.
Mana, Qobil dissertatsiya yoqlayapti. Domlaning sevinchini bir ko‘rsangiz! Axir, domla quvonmay, kim quvonsin! Uning uchun shogird baxti — o‘z baxti, shogird istiqboli — o‘z istiqboli.
Shunday qilib, Qobil yigirma olti yoshida meditsina fanlari nomzodi degan ilmiy daraja sohibi bo‘ldi.
* * *
Qobil avtoreferati chiqqan kuni ziyofat haqida domlaga so‘z ochgandi, Kamol Kamolovich so‘rab qoldi:
— Yaxshi niyat! Kimlarni chorlamoqchisiz?
— Siz... — Qobil bir boshdan keksayu yosh o‘qituvchilar, yor-birodarlarning nomlarini tilga ola boshladi.
— Menimcha, bu ziyofatni yoshlar kafesida qadrdon tengqurlaringiz bilan o‘tkazing, shiringina bo‘ladi, — dedi domla shogirdi so‘zini bo‘lib. — Biz uchun ziyofat qochmas. To‘y bo‘lar...
Ziyofat masalasida ham Qobil domla maslahati bo‘yicha ish tutdi: dissertatsiya yoqlash kuni ma’lum bo‘lganda, shu kungi chisloni qo‘yib, qadrdon tengqurlariga taklifnoma tarqatdi.
Mana, dissertatsiya ham yoqlandi: ziyofat kuni yetib keldi. Qobil shu kun o‘zini dunyoda eng baxtiyor inson deb hisoblardi, quvonchining cheki yo‘q. U kafega hammadan burun borib, tayyorlangan joyni ko‘zdan kechirdi, hamma-hammasi o‘zi aytgandek: qatorasiga qo‘yilgan to‘rt stol usti nozu ne’matlarga to‘la. Buni ko‘rib chehrasi yanada yorishib ketdi.
“Dissertatsiya yoqladim — yelkamdan bir tog‘ni yiqitdim. Endi navbat ikkinchisiga! Qalb rozin oshkor etaman shu kech. Shu bugun, ziyofatdan keyin, albatta...” dedi o‘ziga-o‘zi...
Mehmonlar vaqtida kelishdi. Faqatgina Qobilning yonidagi stul hali bo‘sh. Qobil bir-ikki marta eshikka chiqib keldi. U hayajonlanardi: “Nahotki kelmasa-ya?” Ana shunda hali bo‘sh turgan stul Qobilning bo‘lajak qaylig‘iga atalgani ziyofat ahliga oshkor bo‘ldi, ammo “u”ning kimligi noma’lum edi.
Kutishdi... Ziyofat boshlandi. Sayfi kosagulning ichakuzdi latifalari Qobilga bu safar uncha yoqinqiramadi...
Va nihoyat “u” keldi. Bir emas ikki kishi bo‘lib tashrif buyurdi. Faridaning yonida kelayotgan notanish yigitni ko‘rgan Qobilning rangi quv o‘chib ketdi.
— Voy, “Barkamol domla”ning qizi Farida-ku! — dedi ziyofatdagilardan biri.
— Yonidagisi kim bo‘ldiykin? — dedi ikkinchisi.
— Tanishinglar, bo‘lajak injener Qodir Qosimov, — Farida Qobilning yoniga yetib kelgach, yigitni ziyofat ahliga tanishtirdi.
— Marhamat! — Qobil o‘z o‘rnini Qodirga, bo‘sh stulni Faridaga taklif etdi. O‘ziga esa zalning narigi burchagidan bir stul topib keldi. Uni Faridaning yoniga qo‘yib o‘tirdi...
Sayfi kosagul ikki qadahga vino quyib, Farida bilan Qodirga uzatdi:
— Kechikkanlarga jarima!
Farida qadahni ushlab o‘rnidan turdi:
— Bir gap kelib qoldi, hozir shu bahona aytaqolay. Qobil akamlar doktorlikni ham yoqlasinlar. Shunday ziyofat yana bo‘lsin. Biz, — u Qodirga bir qarab oldi, — ikkimiz yana kelib, shunday jarimaga tushsak ham mayli!
Mehmonlar chapak chalib bu niyatni olqishladilar. Qobil zo‘rma-zo‘raki kulib qo‘ydi. Farida vinodan ikki ho‘plam ichib, joyiga o‘tirdi. Qodir darrov konfet archib unga tutdi. Buni ko‘rib Qobilning rashki keldi. Bu unda birinchi bor shunday tuyg‘uning paydo bo‘lishi edi. Ma’yuslanib qoldi. O‘z ziyofati o‘ziga tatimadi. Shunday bo‘lgach, ziyofat ham uncha qizimadi, mehmonlar erta tarqalishdi.
* * *
Qobil tun bo‘yi uxlayolmadi; xayolan Farida bilan so‘zlashib chiqdi:
“Farida!”
“Labbay?”
“Sevardim sizni”.
“Sevardingiz? Meni?!”
“Ha, faqat sizni”.
“Chinmi?”
“Yurakdan aytyapman. Rost, sevardim”.
“Sevsangiz... nega izhori dil qilmadingiz?”
“Turli xayollar bunga yo‘l bermadi”.
“Qo‘rqdingizmi, rad javobini eshitib qolsam deb?”
“Shunga o‘xshash”.
“Eshitayin, bo‘lmasa”.
“Xo‘p, tinglang. Bir boshdan so‘zlayman, muhabbatim qissasi juda uzun. Sahifalari ko‘p. U dil to‘rida saqlanib keldi, umrbod saqlanajak, chunki u ilk muhabbat daftari.
Yigirma uch yoshda edim. Dadangizga aspirant bo‘lganimga bir hafta bo‘luvdi chog‘i. Domla ikkimiz auditoriyaga kirdik. Ko‘zim sizga tushdi. Hali ham o‘sha-o‘shasiz. Lekin bir oz to‘lishgansiz, chiroyingizga chiroy qo‘shilgan. Keyin ham sizlar bilan haftada bir marta amaliy mashg‘ulot o‘tkaza boshladik. Men domlaga ko‘maklashardim.
“Esingizdami, keyingi mashg‘ulotlarda men birinchi qatorda o‘tirardim, sizga qarab-qarab qo‘yardim!”
“Hammasi ko‘z oldimda... muhabbat izhor etishga ahd qildim. Ammo kimdandir...”
“Farida — “barkamol domla”ning qizi, deb eshitib qoldingiz. Shundaymi?”
“Ha. Eshitdimu qarorimda ikkilandim: muhabbatim rad etilsa, bu xabar domla qulog‘iga yetsa, ustoz yuzlariga qanday qarayman...”
“Bu gapingiz unchalik to‘g‘rimas. Menimcha, “Barkamol domla”ga shogirdlikdan mahrum bo‘lmayin, degan xayolga borgansiz, cho‘chigansiz. Qo‘ying-ey, uch yilda ilmiy daraja olay, debsiz-ku, muhabbatingiz taqdirini o‘ylamabsiz. Yanglishibsiz, tuzalmas xatoga yo‘l qo‘yibsiz. Ko‘nglim bor edi sizga, muhabbatingizni so‘zsiz qabul etardim. Jasorat ko‘rsatmabsiz. Jur’atsiz yigit ekansiz, sizda shu fazilat ham bo‘lganda edi, balki... ziyofatni birgalashib uyingizda o‘tkazarmidik, o‘zim dasturxon tuzarmidim...”
“Qo‘ying, Farida! Qalbimni o‘rtamang!”
“Nega? Sizniki o‘rtanganda, meniki kuymayaptimi, yonmayaptimi? Axir, dadamlar qalbingizga hukmron emasdilar-ku!”
“Shundayku-ya, ammo domlaga samimiy hurmatim, sadoqatim, u kishining salobatlari...”
“Lekin muhabbat o‘z yo‘liga, hurmatu sadoqat o‘z yo‘liga. Bu borada dadamlarni to‘g‘ri tushunmabsiz. U kishi pok muhabbatni hamisha ardoqlaydilar: avtoreferatingiz nashrdan chiqqan kun dadam bilan ish kabinetlarida uzoq suhbatlashdingiz. Kofe bahona, oldingizga kirdim, menga tuzukroq qaramadingiz ham. Birinchi stakanni dadamlarga uzatdim, ikkinchisini oldingizga qo‘yayotib, qo‘lim titrab ketdiyu kumush qoshiqchani stolga tushirib yubordim. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Dadam yalt etib menga qaradilar, mendagi bu o‘zgarishni sezdilar chog‘i. Uyaldim, shosha-pisha qo‘shni xonaga chiqib ketdim. O‘rta eshik ochiq qoldi. Oynaga qarasam, rangim oqargan, vujudim titraydi, tik turib qoldim. Suhbatingiz qulog‘imga chalinardi: ziyofatdan so‘z ochdingiz... Dadam: “Tengqurlaringiz bilan o‘tkazing, biz uchun ziyofat qochmas, to‘y bo‘lar”, degan ma’noda maslahat berdilar, bilsangiz, bu sizga ishora edi. O‘zimda yo‘q sevindim. Quvonchim bir olam: demak, dadam ham rozi ekanlar”.
“Bu ishoraga e’tibor etmabman-da, afsus. Ming afsus. Oldinroq qayoqda edingiz? Menga ma’lum qilmaysizmi! Hamma ayb o‘zimda ekan. Endi bildim”.
“Unday emas! Yo‘q, mening ham aybim bor. Sizda jur’at bo‘lmadi, men esa andishaning quli bo‘lib qoldim. Sevdim-u, zohirda oshkor qila bilmadim, pinhon tutdim. Sizdan sado chiqishini kutib, yanglishdim. Bir yil og‘zingizni poyladim. Jimsiz. Ikki yil kutdim, sado yo‘q. Yana o‘n oy. Hamon jimsiz, sukut qilasiz. Dadam og‘izlaridan “to‘y bo‘lar” jumlasini eshitgach, menda andishadan kuchliroq qandaydir bir tuyg‘u paydo bo‘ldi. Dadam uyda ekanliklarini aniq bila turib, bir necha bor avtomatdan sizga telefon qildim. Siz trubkani olasiz:
“Labbay?”
“Dadam bormilar?”
“Domla kelganlari yo‘q hali. Tinchlikmi o‘zi?”
“Tinchlik! Bo‘sh edim, o‘zim shunday... telefon qilyapman.”
“Yaxshi”. Trubkani bir oz jim ushlab turasiz-da, joyiga qo‘yasiz.
Har gal suhbatimiz shu “yaxshi” bilan tugaydi. Men bir narsa deyishga iymanaman, siz esa... hamon jimsiz.
Dissertatsiya yoqlanadigan kun yaqinlashgan sari sizdan umid uza boshladim. Chunki aspirantlik paytida sevgi izhor qilmagan odam, olim bo‘lgach, meni nazar-pisand qilarmidi, degan xayolga borardim. Bu xayol meni azoblardi”.
“Men esa xuddi shu kunni orziqib kutardim”.
“Ie, er yigit degan ham boshiga baxt qushi qo‘nmoqchi bo‘lganda: “Sen bir oz yaqin kelmay tur, avval yelkamdagi tog‘ni yiqitay, so‘ng qo‘narsan”, deydimi?!”
“Qo‘ying Farida! Ta’na toshlari otib, busiz ham o‘rtangan qalbimni sadpora qilmang. Iltimos!”
“Keyin... Qodir akamlar bilan tanishdim. Sizda yo‘q jur’at u kishida kuchli ekan. Sevgi izhor qildilar bir kun. Quloq solsam, so‘zlari samimiy, muhabbatlari pok, ko‘ngil berib qo‘yganimni o‘zim sezmay qoldim”.
“Yana bir oycha kutsangiz...”
“Bugungi rejangizni tush bilibmanmi! Bilsam, bir oy emas, yana ko‘p kutishga bardoshim yetardi. Bilmadim. Xatomni ziyofatda, o‘zingiz o‘tirgan stulni Qodir akamga taqdim etganingizda angladim. Shu sabab ziyofat davomida o‘zimni xushchaqchaq tutishga rosa urindim, sizga kishi bilmas kesatiqlar qildim. Ammo bu yurakdan emasdi. Shunchaki o‘zimni quvnoq ko‘rsatib, sizdan — erisha olmagan birinchi muhabbatimdan o‘ch oldim go‘yo. Nachora, bechora bo‘lgach! Qodir akamlar bilan ahd-paymon qilishganmiz. Ziyofatda eshitdingiz: shu oy ichi to‘yimiz bo‘ladi. Ammo... Qobil aka! Bari bir, u kishi — siz emas. Ilk muhabbatim siz bilan ketdi. Qalbimda uning umrbod o‘chmas dog‘i qoldi”.
“Olim bo‘lishni poylab, muqaddas insoniy tuyg‘u — muhabbatni boy berib qo‘ydim. Boshdan uchgan baxt qushi kabi u yana qaytib kelmas. Yelkadagi tog‘ni istalgan paytda yiqitish mumkin ekan. Ammo qalbdagisini-chi? Buni o‘z vaqtida yiqitmasang, o‘zi ustingga tushar ekan. Odam uni umrbod ko‘tarib yurishga majbur. Bir kun borib doktorlikni ham yoqlarman. Siz kabi o‘zgani yor etarman. Ammo... Farida! Bari bir, u siz bo‘lolmaydi”.