Yana mukofot yozishmabdi. Buyam kamday, haftalab qorasini ko‘rsatmay, maosh beriladigan kuni kelib, saqichini chapillatgancha kassir yonidan jilmay o‘tiradigan kasaba uyushma raisasi Nazokat opa qarg‘aday qag‘illab haqini yulib qoldi: bu oyda birmas, ikki xodim tug‘ilgan ekan. To‘rt oydan beri va’da qilinayotgan mukofotga esa...
– Pulimiz yetmay qoldi, – dedi Nazokat opa mutlaqo xotirjam tarzda. – Endi keyingi oyda urinib ko‘ramiz...
Dilnoza mukofot chiqsa, uyga borib kelaman, deb niyat qilib yurgandi. Endi esa... qo‘lidan kelgani, sudralib joyiga qaytgach, raisaga o‘qrayib qarab qo‘yish bo‘ldi.
Dilnoza ishxonadan asabiy holatda chiqdi. Yulqinib, jahl bilan oldinga intilayotgan qiz banogoh qadamini sekinlatdi. Sirtiga dermantin qoplangan sumkachasiga qarab qo‘ydi. “Agar shu matohda bir million so‘mim, ming dollarim bo‘lib qolsami... – beixtiyor orzulariga berildi qiz. – Qulog‘imda tilla sirg‘a, bo‘ynimda chiroyli zanjir, barmoqlarimda... ikkita uzuk... Mayli, bittasi brilliant ko‘zli bo‘lsin...” Orzular, yoqimli, odamni sarxush etadigan, badanlarni jimirlatib yuboradigan shirin orzular...
Kuz kuni emasmi, atrofni birdan qorong‘ulik chulg‘adi. O‘z xayollaridan mast Dilnoza hali ko‘cha chiroqlari yonmagan, ammo yaqin-atrofdagi ko‘pqavatli uylardan tushayotgan shu’lada yuzasi yaltirayotgan asfalt yo‘lda endi shoshmasdan ketib borardi. Zero, u endi o‘zini qimmatbaho sumkachasida xayolidagicha puli bor, tilla taqinchoqlarga ko‘milgan boyvuchcha qiz sifatida tasavvur qila boshlagandi. Bu tasavvur shunchalar yoqimli va shunchalar tabiiy ediki, qiz beixtiyor qaddini rostlab, ko‘kragini kerdi. Lablariga mayin tabassum indi.
Xuddi shu lahzada orqadan kimdir hansirab-pishqirib yugurib kelayotganini his qildi va shirindan-shirin xayollaridan chalg‘iganidan sal og‘ringan ko‘yi shu tomonga andakkina qiyo boqdi. Atrof qorong‘i edi va shu zulmat ichida Dilnoza deyarli yoniga kelib qolgan taxminan yigirma besh yoshlardagi, qoruvli, boshiga qo‘ndirgan shlyapa tagidan patila sochlari chiqib turgan, banogoh ko‘pqavatli uylardan tushgan nurdan yaltirab ketgan ko‘zoynak ostidagi katta-katta ko‘zlari besaranjom yigitni ko‘rganday bo‘ldi.
Qiz hatto biron narsani fahmlab ulgurmadi. Yigit bir siltashda uning yelkasidagi, ayni damda mehr bilan silayotgan sumkachani tortib oldi va qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa xuddi shunday tezlikda o‘zini qorong‘ilik qa’riga urdi.
Dilnoza avvaliga turgan joyida angrayib qoldi. U hatto qo‘rqishga ham ulgurmagandi. Nihoyat u bir narsani anglab yetdi: sumkani olib qochishdi. Uning sumkachasini! Ichida jami boyligi – uch yuz oltmish besh ming so‘mi bor sumkachasi! Qiz chinqirib yubordi va tezlikda uzoqlashib ketayotgan yigit ortidan jon alpozda chopdi. O‘n qadamcha chopar-chopmas poshnasi qayrilib ketdi va qiz gup etib asfaltga quladi. Dilnoza ho‘ngrab yig‘lagan ko‘yi turishga urinarkan:
– Yordam beringlar! Yordam! – deb qichqirdi.
Ammo atrofda biron qora ko‘rinmasdi. Dilnoza amallab qaddini rostladi va oqsoqlana-oqsoqlana oldinga yurishga urinarkan, yana:
– Yordam! Yordam bering! – deb qichqirdi.
Shu mahal ko‘pqavatli uylar ortidan katta tezlikda chiqib kelgan mashinaning o‘tkir chiroqlari uni yoritdi. Mashina tepasida yonib-o‘chib turgan chiroqlarni ko‘rgan Dilnoza oqsoqlangancha shu tomon yugurdi. Qizning yoniga kelib to‘xtagan mashina militsiyaniki edi. Undan otilib tushgan formadagi xodim ikki hatlashda Dilnozaning yonida paydo bo‘ldi.
– Nima bo‘ldi? – hovliqib so‘radi militsioner.
Qalt-qalt titrayotgan qiz nimadir demoqqa urindi, ammo og‘zini kappa-kappa ocha oldi, xolos.
– O‘zingiz tuzukmisiz, ishqilib?
Qiz majolsiz bosh irg‘adi.
Militsioner jon holatda yonboshini paypaslab, g‘ilofidan to‘pponchasini chiqardi va shoshib atrofga alangladi.
– Necha kishi edi?
– Bitta...
– Qayoqqa qochdi?
Dilnoza o‘g‘ri chopib ketgan tomonga ishora qildi.
– Nimangizni o‘g‘irladi?
– Sumkamni...
Nozir o‘g‘ri ketgan yoqqa diqqat bilan bir muddat qarab turgach:
– Unda bunday qilamiz... Siz hozir mashinada bo‘limga borib, navbatchiga ariza topshiring, — dedi.
Shu gaplardan keyin militsioner borib mashina eshigini ochdi.
Mashina yurib ketdi. Tobora tezlikni oshirib borayotgan haydovchi qarshisidagi ko‘zguchadan Dilnozaga achinib qararkan:
– Yolg‘izmidingiz, nima bo‘ldi? – deb so‘radi.
Qiz bir zum o‘ylanib qoldi, so‘ng nima deyishini bilmay:
– O‘g‘ri sumkamni olib qochib ketdi, – dedi.
– Anavi... o‘zingizgayam hujum qildimi?
– Yo‘q...
Haydovchi bosh chayqadi.
– Unaqa demang. Ko‘rinib turibdi-ku. Siz bunday ablahlarni ayab o‘tirmang... Eh, ayollar! – deya xitob qildi haydovchi. – Hatto dushmaningizga ham rahm qilasiz-a! Bular tobora surbet bo‘lib boryapti, – haydovchi bir lahzaga orqaga o‘girilib, qunishibgina o‘tirgan Dilnozaga dalda berganday bosh qimirlatib qo‘ydi, – ayab o‘tirmang. Borini yozib bering. Bir ta’zirini yesin!
– Qo‘lga tusharmikan? – ikkilanib turib so‘radi qiz.
– Mahmud akam tajribali izquvarlardan, – dedi haydovchi ishonch bilan. – Bir iziga tushib olsa bo‘ldi, ushlamasdan qo‘ymaydi...
Shu asno mashina militsiya bo‘limi hovlisiga kelib to‘xtadi. Haydovchi chopib borib navbatchini chaqirib keldi. Ikkala militsioner tizzasi oqsoqlanayotgan Dilnozaning mashinadan tushishiga yordamlashishdi.
– Tuzukmisiz? – mehribonlik bilan so‘radi navbatchi.
Qiz bosh irg‘adi. Navbatchi qizni vannaga boshlab kirib, jo‘mrakdagi suvni iliq qilib chiqib ketarkan, ilgakdagi sochiqqa ishora qildi:
– Tortinmay ishlatavering. Yuvilgan, dazmollangan...
Dilnoza yuvinib, sal o‘ziga kelgach militsionerning xonasiga bordi. Keksaroq yoshdagi, sochlari kumushrang, qizga achinib qarab turgan navbatchi stolga uch-to‘rtta oq qog‘oz va ruchka qo‘ydi.
– Singlim, hammasi qanday bo‘lgan bo‘lsa shundayligicha, batafsil yozib bering. Avval ism-sharifingizni, manzil, ish joyingizni, telefonlaringizni ko‘rsating. So‘ng nima bo‘lganini yozing. O‘g‘ri olgan narsalarni alohida ro‘yxat qiling. Sumkangizning rangi, ko‘rinishi, ichidagi narsalar — hech narsani unutmang. Men do‘xtir chaqirdim...
Dilnoza o‘tirib, yoza boshladi: “Menkim, Dilnoza Malikova Olimjonovna...”. Qiz yashash manzilini, ish joyini, ish joyidagi telefon raqamlarini yozdi. So‘ng namozshom mahal ko‘chada o‘g‘ri o‘ziga tashlanib qolganini yozarkan, baayni o‘sha qo‘rqinchli lahzalarni qaytadan boshdan kechirayotganday qaltirab ketdi. Bu hatto yozuviga ham ta’sir qildi – harflar qing‘ir-qiyshiq chiqa boshladi. Hayajonlangan qiz yozishdan to‘xtab, suyanchiqqa behol suyandi. Uning ko‘z oldida qiyshaygan shlyapa, patila sochlar, yaltiragan ko‘zoynak, katta-katta besaranjom ko‘zlar namoyon bo‘ldi. Bu tasavvur shu qadar aniq va yaqin ediki, qiz beixtiyor seskanib ketdi. Xuddi shu lahzada uning quloqlari tagida militsiya mashinasi haydovchisining so‘zlari yangraganday bo‘ldi: “Siz bu ablahlarni ayab o‘tirmang. Ko‘ngil bo‘shlik qilgan sayin bular tobora surbet bo‘lib boryapti. Shuning uchun, ayab o‘tirmang...”.
To‘satdan Dilnoza ko‘ngli g‘azab aralash alam zardobiga to‘lib borayotganini his qildi. Axir, o‘sha surbet uning oxirgi pullarini, oxirgi chaqalarini shilib ketdi. Yana erkak emish!..
To‘g‘risi, Dilnoza ko‘nglining tub-tubida o‘g‘rining topilishiga ishonmasdi. Shunday ekan... Qizning ko‘zlariga yosh keldi. Shu tuyg‘u ta’siridami, Dilnoza beixtiyor engashdi va jahl bilan yoza boshladi: “Qora sumkachamda... – tuyqusdan qiz bosqinchilik sodir bo‘lmasidan burungi holatini esladi va nimagadir aynan o‘sha, o‘zini orzulagan narsalarni yoza boshladi: – ... bir million bir yuz oltmish besh ming so‘m, o‘nta yuz dollarlik pulim bor edi. – Dilnoza bir zum o‘ylanib turdi-da, so‘ng ilhom bilan yozishga tushib ketdi: – O‘g‘ri meni “O‘ldiraman!” deb qo‘rqitib qo‘limdagi ikkita uzukni (bittasi brilliant ko‘zli), bo‘ynimdagi tilla zanjirni, qulog‘imdagi tilla sirg‘ani yechib oldi... Shularni tinchgina olib ketavermasdan meni bir necha marta urdi ham...”.
Bo‘ldi! Nihoyat yolg‘on-yashiq yozish bilan nafsi orom olgan Dilnoza chuqur uf tortdi, matn oxiriga bugungi sanani yozib, imzo qo‘ygach, qog‘ozni o‘zidan nari surdi, titrayotgan barmoqlarini stol ostiga yashirdi.
Navbatchi arizani oldiyu, unga qaray-qaray stol ustidagi jurnalga bir nimalarni qayd qilishga tushdi. Bino darvozasi yoniga “Tez yordam” mashinasi kelib to‘xtadi.
Shifoxonada Dilnozaga tibbiy yordam ko‘rsatishdi, so‘ng “Tez yordam”da uyigacha oborib qo‘yishdi.
Ertasiga shanba edi va Dilnoza kun bo‘yi xonasida yotishdan boshqa iloj topolmadi. Tizzasi hamon simillab og‘rib turardi. Peshonasidagi shish ancha pasaydi, ammo yuzining tilingan joylari hamon qonsirab turardi. Bu ahvolda ko‘chaga chiqish mushkul. Baribir ko‘chaga chiqishdan foyda yo‘q edi – ablah o‘g‘ri uni so‘nggi tiyiniga qadar qoqlab ketgandi. O‘z ahvolini o‘ylarkan, qizning xo‘rligi keldi va yostiqqa yuzini bosgancha ho‘ngrab yig‘larkan, bir kambag‘al bechoraning bor-yo‘g‘ini shilib ketgan o‘g‘rini rosa qarg‘adi...
Yakshanba kuni choshgohga yaqin eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ostonada o‘tgan kungi militsiya mashinasi haydovchisi iljayib turardi.
– Assalomu alaykum, – dedi yigit ko‘tarinki ohangda. – Opketgani keldim, so‘rashyapti.
– Kim? – dedi ham hayron bo‘lgan, ham qo‘rqib ketgan Dilnoza.
– Yuravering, kennoyi, – dedi oppoq tishlarini namoyish etib iljaygan yigit. – O‘g‘rini ushlashibdi, o‘g‘rini.
– Rostdan-a?!
– Rost, kennoyi, rost. Aytgandim-ku, militsiya topmay qo‘ymaydi deb.
Go‘yo hozirning o‘zida eski sumkachasini va uch yuz oltmish besh ming so‘mini qaytarib olayotganday suyunib, hayajonlanib ketgan Dilnoza darrov kiyinib chiqdi. Bir pasda idoraga yetib kelishdi.
Oynavand xonada o‘tirgan navbatchi qizni ikkinchi qavatga boshlab chiqdi. Kichkina xonada o‘sha militsioner – kapitan Mahmud aka o‘tirgan ekan. U Dilnozani ochiq chehra bilan qarshi oldi va:
– Keling, singlim, keling, – dedi o‘rnidan turib Dilnozani qarshisidagi stulga taklif qilar ekan. – Marhamat, o‘tiring.
Qiz joylashib o‘tirgach, Mahmud aka mehribonlik bilan hol-ahvol so‘rashdi, so‘ng oldida turgan qog‘ozlarni varaqladi.
– Mana, Dilnozaxon, – dedi Mahmud aka otalarcha mehribonlik bilan jilmayib, – tibbiy xulosalarni ham oldim. Jarohatlarning xavfli joyi yo‘q ekan, o‘zingizni yaxshi his qilayapsizmi, ishqilib?
– Rahmat. Juda yaxshi.
Dilnoza besaranjomlanib, o‘rnida qimirlab qo‘ydi. U borgan zahotim sumkachamni berishadi va shu bilan hammasidan qutulaman, deb o‘ylagandi. Ammo sertakalluf Mahmud akaning gap orasida sinchkovlik bilan qarab-qarab qo‘yishiga qaraganda, hali-beri javob beradigana o‘xshamaydi.
– O‘g‘rini ushlabsizlar deb eshitdim... – dedi qiz asta.
– Ushladik, singlim, ushladik, – dedi allaqanday ishonchsizlik bilan Mahmud aka.
– Xursandman, – dedi Dilnoza. So‘ng haydovchining gaplari yodiga tushib qo‘yib, qo‘shib qo‘ydi: – Bunaqalarning boplab jazosini berish kerak. Indamagan sayin haddidan oshib ketashayapti...
– Albatta, albatta, – dedi negadir besaranjom bo‘lib qolgan Mahmud aka.
Shu mahal eshik taqillab qoldi.
– Kiring, – dedi Mahmud aka.
Eshik ochilib, avval bir militsioner, so‘ng uzun bo‘yli yigit kirib keldi. Garchand shlyapasiz bo‘lsa-da, Dilnoza uzun sochlaridan, qoruvli gavdasidan va ko‘zoynak ostidagi besaranjom ko‘zlaridan o‘g‘rini tanidi. Mahmud aka allaqanday iztirobli ovozda so‘radi:
– O‘rtoq Malikova, sizga hujum qilgan o‘g‘ri shumi?
Qiz yerga tikilib olgan yigitga bir muddat qarab turgach, ishonch bilan:
– Shu! Xuddi shu! – dedi.
– Olib chiqib keting!
Militsioner o‘g‘rini olib chiqib ketayotgan payti u to‘satdan to‘xtab, Dilnozaga nafratlanib qattiq tikildi va so‘zlarni dona-dona qilib dedi:
– Arizangni o‘qidim... Rosa obqochibsan-ku...
Endi sumkacham o‘zimga tegadi deb o‘ylayotgan Dilnozaning yuragi urishdan to‘xtab qolganday bo‘ldi. Ammo qiz buni sezdirmaslikka harakat qilgancha savol nazari bilan Mahmud akaga qaradi.
– Bilasizmi, singlim... – battar kalovlanib, kerakli gap topishga qiynalib qoldi kapitan eshik yopilgandan keyin. Oxiri o‘zida kuch topdi chog‘i, qizga emas, stolidan ko‘z uzmagan ko‘yi shartta-shartta gapirdi: – Xullas, singlim, men ham tirik odamman... yaqinlarim, tanish-bilishlarim bor... Bu bola... xotin tomondan uzoqroq qarindosh chiqib qoldi... Hech kutilmaganda deng... Katta bir odamning, to‘g‘risi, bir balnisaning bosh vrachining bolasi ekan bo‘lmasa... To‘qlikka sho‘xlik qilib... Xullas, singlim, men arizangizni o‘qib chiqdim. Bu bola sizdan tortib olgan pul, tillalarning barisini qaygadir yo‘q qilgan... Yana bo‘yniga olmaganini zang‘arning!.. Biz... otasi bilan o‘tirib baholadik... Otasi o‘zim qattiq jazolayman deyapti... Ishlamasam ishlamayman, lekin bolamni odam qilaman deyapti... Bilasiz, o‘zingiz tushunasiz, u yoqqa tushib qolsa tamom bo‘ladi... Xullas, singlim, agar siz rozi bo‘lsangiz...
Dilnoza angrayib qoldi. U kapitanning gaplaridan hech narsani tushunmadi. “Endi sumkacham topilmaydi” degan o‘ydan vahimaga tushib, rangi oqarib, kapitanga tikilib qoldi:
– Siz... siz menga... Men... nahotki... Meni kim deb o‘ylayapsiz?
Bu gaplarni o‘zicha tushungan militsionerning bo‘lari bo‘ldi. Battar qizardi, bo‘zardi, oxir-oqibat:
– Aslo! – dedi u allaqanday ishonchsiz ohangda. – Aslo va aslo! Pora haqidagi gap xayolimga ham kelmagan! Bilaman, u bosqinchilik qilgan, sizga tan jarohati yetkazgan, qo‘rqitgan. Buni tasavvur qilishning o‘zi dahshat! Ayniqsa, ayol kishiga shunday... Jinoyatiga yarasha jazosini ham olishi kerak... Lekin... o‘rtada xotin... qarindosh-urug‘lar...
Terlab ketgan kapitan shartta o‘rnidan turdi va:
– Xullas, gap bunday, – dedi go‘yo o‘zi istamagan gaplarni aytayotganday. – Odam ko‘p narsalardan voz kechishi mumkin, lekin qarindosh-urug‘dan kechib ketishi qiyin ekan. Aytib qo‘yay, ixtiyor tamomila o‘zingizda. Lekin sizga shu iltimosni aytib qo‘yishga majburman. Arizangizni ko‘rib chiqdik. O‘g‘irlangan pul, dollar va tillalarni o‘g‘rining otasi bozor narxida besh ming dollarga baholagan. Tan jarohat yetkazilgani uchun zararni yigirma mingga... dollarda. Xullas, o‘g‘rining otasi sizga yigirma besh ming berish evaziga arizangizni o‘zgartirib berishni o‘tinib so‘rayapti... Ya’ni faqat sumkamni olib qochib ketdi, deb yozib bersangiz bas. Bilaman, aslida u ablah sizni qo‘rqitgan, hattoki qo‘l ko‘targan. Aytdim-ku, u baribir qamaladi deb. Faqat... Agar “Qorong‘ida kelib faqat sumkachamni olib qochdi”, deb yozib bersangiz... Birinchi marta ekanligi hisobga olinib... Qonunlarimiz insonparvar... Sizni ko‘rgan shifokor otasiga shogird chiqib qoldi... Yozib bersangiz... Shunda bola shartli qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bir yilgami, ikki yilga... Agar amnistiyaga ilinib qolsa olti oyda ham qutulishi mumkin. Har qalay ko‘z oldida bo‘ladi. Aks holda uch yildan yetti yilgacha, qattiq rejimli koloniyada... Lekin, aytib qo‘yay, ixtiyor o‘zingizda...
Bu gaplarni aytish asnosida tamoman terga botgan Mahmud aka so‘zini tugatgan zahoti battar qizarib oyna tarafga burilib oldi. Nihoyat qiz o‘zidan nima talab qilishayotganlarini anglab yetdi. Arizani qayta yozsa bas. Evaziga yigirma besh ming dollar...
– Men... roziman...
Dilnoza bu gapni qanday aytib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Banogoh yengil tortgan Mahmud aka qizga o‘girildi. Ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan kapitan jilmayishga urinarkan:
– Siz!. Siz... – dedi hayajonlanib, – ajoyib qiz ekansiz, oqila qiz ekansiz! Siz xafa bo‘lmang. Men uni o‘zim yaxshilab do‘pposlab... nazoratim ostiga olib... Lekin siz... – azbaroyi to‘liqib ketgan Mahmud aka tuyg‘ularini ifodalashga so‘z topolmasdi, – siz... bizning oilani saqlab qoldingiz... Yangangizning oldida obro‘yimni oshirib yubordingiz... Yangangiz “Baribir eplolmaysiz, sizning bunaqa gaplarga tilingiz aylanmaydi, qarindoshlargayam qayishmaysiz”, deb yig‘lab qolgandi... Lekin siz buyuk qiz ekansiz! Kechirimli...
Bu gaplarni quyi labini qonab ketguday darajada qattiq tishlab eshitayotgan Dilnoza aloha qizib ketgan boshini ko‘tardi va kelganidan buyon birinchi marta kapitanga tik qaradi:
– Faqat... — u yig‘lardi.
Mahmud aka qalqib ketdi, keyin bo‘shashib, arang gapira oldi:
– Hali aytdim, singlim, har qanday holatda ham tanlash huquqi o‘zingizda...
Dilnoza ma’yus kulimsiradi, bu nochor tabassumda so‘nayotgan g‘arib ilinjlaru, yuz ochayotgan qat’iyatning ojiz ko‘lankalari bo‘y ko‘rsatganday bo‘ldi.
– Men... hammasini yozaman... Aslida qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha... Hammasini... Menga sumkam va uch yuz oltmish besh ming so‘m pulimni qaytarib bersangiz bo‘ldi.
... Oradan besh oyga yaqin vaqt o‘tdi. Juma kuni edi. Ishdan ertaroq qaytgan Dilnoza oshxonada kuymalanib, kechki ovqatga tayyorgarlik ko‘rardi. Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Qiz borib avval yog‘och eshikni ochdi, keyin qalin temir eshikka o‘rnatilgan ko‘zguchadan tashqariga qaradi. Yo‘lakda qora charm kurtka kiygan barvasta bir kishi teskari o‘girilib turardi. “Issiq suvdan shekilli”, degan o‘yga borgan Dilnoza har ehtimolga qarshi:
– Kim? – deb so‘radi.
Erkak o‘girildi. Dilnoza o‘sha tanish qiyofani ko‘rdi: uzun sochlar... yo‘lakdagi neon chiroqda yaltirab turgan ko‘zoynak. Ammo yigitning nigohi ma’sum, yuzi kulib turardi. Yigit g‘oyat xotirjam va o‘ktam ovoz bilan o‘sha tanish jumlani takrorladi:
– Arizangni o‘qidim... Rosa obqochibsan-ku...
Avvaliga bir qalqib ketgan Dilnoza beixtiyor ilgakka qo‘l cho‘zdi...
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 37-son