I
O‘zbekovullik Berkin nosfurushning to‘ng‘ichi to “Elmurod domla” bo‘lib tanilguniga qadar ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazdi. Bolapaqir viloyat markazidagi o‘zi tugallagan institutda ish boshlaganida, ko‘pi bilan to‘rt yilda nomzodligimni himoya qilib olaman, deb mo‘ljallagandi. Biroq bu muddat naq to‘qqiz yilga cho‘zilib ketdi, orada Elmurod poytaxtdagi universitet aspiranturasida tahsil olib ham qaytdi. Bundan tashqari, ish endi bitay degan palla avval otasidan, so‘ng onasidan ayrilib qoldi. Bu yoqda uch singil unga mo‘ltirab qarab turibdi; to‘g‘ri, ota-ona hayotligida kattasi turmushga chiqqan, ammo, uch qovun pishig‘i bo‘lib qoldi, umurtqa pog‘onasidagi churrani muvaffaqiyatsizroq oldirgan pochcha to‘shakda mixlanib yotibdi, inchunun, jigarga ko‘maklashib turmasa bo‘lmaydi.
Ikki singilni el qatori to‘y qilib uzatgan, nomzodligini yoqlagan, axiyri ovulda “domla” deb atala boshlangan Elmurod bir kuni zingil solib qarab ko‘rdiki, otadan meros, bundan kamida oltmish yil burun hashar yo‘li bilan qurilgan guvala uy ancha cho‘kib qolibdi; garchand tomiga shifer qoqilgan bo‘lsa-da, qurt yeb ado qilganmi nima balo, ora-sira yupqa faner ortidagi bolorlar vahimali tarzda qisirlab qo‘yadi. Bu ketishda bir kun tom “tap” etib bosib qolishi hech gap emas. Buyam kamday, pastakkina chordoqqa yarim qop bug‘doy olib chiqqan, emaklab borayotgan Elmurodning qo‘llari orasidan yo‘g‘onligi bilakday keladigan bir ola-chipor ilon shuvillab o‘tdi-ketdi; vahimaga tushgan xotinining yig‘lab-siqdab aytishiga qaraganda, beshikka o‘rmalab chiqayotgan bosh barmoqday kattalikdagi sariq chayonni ko‘rib qolgan-u, jon-jahdi bilan kalishida urgan, ammo jondor o‘lmagan, bir yumalab, o‘ziga kelib olgach, kigizning tagiga kirgan-ketgan. Shundan buyon dag‘-dag‘ qaltiraydigan bo‘lib qolgan juvon kun-tun zax xonadagi ikki yuzlik chiroqni o‘chirmasdan, beshikni quchoqlagancha, ko‘zlarini katta-katta ochgan ko‘yi tinmay atrofga alanglab o‘tiradi...
Ehtimol, bu galgi reja ham o‘zga ming bir tashvishlar bilan band boshda bir muddat izg‘ib yurgach, noma’lum muddatga unutilib ketilardi, ammo bosh barmoqday sariq chayon ko‘rinishidagi so‘nggi dastak domlaning qat’iy qaror qabul qilishiga sabab bo‘ldi.
Xullas, may oyining oxirlarida, ta’til mahalini mo‘ljallab uy buzildi. Eski stol-stullar hovli o‘rtasidagi daraxt tagiga ko‘chirildi, taxtaga qora bo‘yoq surtib tayyorlangan doska daraxtga qoqildi, ishqilib, domla uyida dars o‘tadigan bolalar uchun ochiq havoda qo‘lbola sinf tayyor bo‘ldi-qoldi. Shundan so‘ng Elmurod anchadan buyon ko‘nglining tubida asrab yurgan orzusini amalga oshirib, shahar bozorida qachon ko‘zi tushsa yuragini bir jizillatib qo‘yadigan zangor rang darvozani sotib olib keldi. Darvozamisan darvoza edi-da o‘ziyam. Ikki qavatli, ko‘cha tomonga qaragan sirtida ko‘rgan ko‘zning aqlini shoshiradigan allambalo naqshlar, mo‘‘jaz tutqichlari tillo rang, qo‘sh tavaqali, o‘lchamiyam to‘rt yarimga-to‘rt yarim, demak, “KamAZ”dan tortib xashak bosilgan telejkachaga bemalol o‘tib ketaveradi. Quyoshda tovlanishini-ku, aytmasa ham bo‘ladi: tillo bo‘lmasayam, kumush deysiz, kumush... To‘g‘ri, elchilik, bir-ikki qo‘ni-qo‘shni, hamqishloqlar atay domlaga eshittirib eshak olmasidan burun hovlisiga qoziq qoqqan Afandi xususida qochirimli payrovlar qilishdi, ammo Elmurod bunaqangi visir-visir gap-so‘zlarga parvo ham qilmadi; aksincha, “ko‘rolmasang kuyib o‘l” deganday, hozircha hovli adog‘idagi molxona devoriga suyab qo‘yilgan mahobatli darvozani tong sahardan mehr bilan artib-surtaverdi...
Ertalabdan hovliga qadam ranjida qilgan Qarindosh domlani mana shu mashg‘ulot ustida uchratdi.
Birodarlar, men ham shu ovulning farzandiman, shu elga mansubman. Qishloqni esa bilasiz, hamma baayni ajriq tomirlariday bir-birlari bilan qo‘shilib-chirmashib, xesh-urug‘ bo‘lib ketgan. Inchunun, tilga olinayotgan Qarindoshning ham bizga ona tomondan andakkina yaqinligi borligi sababli ismini qog‘ozga tushirishdan istihola qilib turibmiz: to erta-bir kun yurt oldida “Senmi hali meni yozadigan? Mo‘ltonidan odam chiqsa, chodiriga o‘t qo‘yarkan-da, a!” deya jovillab yoqamizga yopishib tursa, buning xijolati yomon kechadi; illo, ovuldoshlarimiz hodisotga dovur nima bo‘lganligini emas, hodisotning o‘zini uzoq yillar saqich qilib chaynab yurishadi, deylik, oradan chorak asr o‘tib qishloqqa borsam ham, birinchi uchragan kishi “Ha, bu senmi, tanidim, jonday yaqining falonchini kitob qilgan yozg‘uvchisan-da!” deya iddao qilishi aniq. Shu bois, har galgidek, gap shakldami, mohiyatda-ku, deya o‘zimizni o‘zimiz chalg‘itamiz-u, voqea tafsilotiga o‘tamiz.
O‘zi asli qiziq odam edi-da bu Qarindosh deganlari. O‘ninchi sinfni yakunlash arafasida birdan maktabni oltin medal bilan tugallashi kutilayotgan sinfdoshi bilan yaqin jo‘ra bo‘lgisi kelib qoldi-ku. Shu maqsadda, qavm-qarindoshlarining “hay-hay”iga ham qaramasdan, ota-onasini ko‘ndirdi va hech narsadan bexabar sinfdoshini qo‘noqqa chaqirib, oyog‘i tagiga bir qo‘chqorni olib urdi, so‘ng, bu bilan ham kifoyalanmasdan, udumga ko‘ra, to‘kin dasturxon ustida xijolatdan qip-qizarib o‘tirgan, tomog‘idan ovqat o‘tmayotgan sinfdoshiga sarpo qo‘ydi – kostyum-shim kiygazdi. Shu bilan ular jo‘ra bo‘lishdi.
To‘g‘ri, yana o‘sha urf-odatimizga ko‘ra, Jo‘ra ham Qarindoshni chaqirib, ziyofat qilishi, so‘ng kiyitlik qaytarishi – kostyum-shim, hech bo‘lmaganda chopon hadya qilishi lozim edi. Ammo bu orada maktab tugab, o‘qishga kirish ilinjidagi bitiruvchilar har tomonga uchib ketishdi-yu, shu bilan “qaytar tovoq” Jo‘raning bo‘ynida qarz bo‘lib qolaverdi.
Kutilganidek, Jo‘ra poytaxti azimdagi katta o‘qishga o‘z kuchi bilan kirdi-ketdi. Qarindosh esa “sayqali ro‘yi zamin ast”dagi institutning birinchi imtihonidanoq guppa quladi.
Uch-to‘rt hafta “Haqiqat yo‘q ekan! Bo‘lmasa hamma savollarga yuz protsent javob bergandim! Mandatdan qaytarishdi! Savodi “nol”larni olishdi. Yozaman!” deb yurgan Qarindosh oxir-oqibat taqdirga tan berdi shekilli, zalvorli ketmonini yelkaga tashladi-yu, dalaga yo‘l oldi.
Shu bilan hammasi iziga tushib ketgandek, Jo‘raning bo‘ynidagi qarz qiyomatga qadar unutilgandek edi. Buning ustiga, o‘qishda mahallari ora-sira qishloqqa kelib turadigan Jo‘ra jonday jo‘rasi Qarindoshdan xabar olavermasdi, hatto qaydadir amaliyotdaligi bois uning to‘yida ham qatnasholmadi.
Biroq tez orada Qarindoshning arqonni juda-juda uzun tashlab qo‘ygani, deylik, qichiydigan joyini oldindan qashlab qo‘ygani, yiqiladigan joyiga esa gilam to‘shab qo‘ygani ayon bo‘ldi...
Universitetni “qizil diplom” bilan tugallagan Jo‘ra poytaxtda qoldi va asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham amal pillapoyalaridan yuqoriga ko‘tarilaverdi. Tabiiyki, bunga mutanosib ravishda ovulda Jo‘raning uyida tutun chiqsa ham yetib borishga hoziru nozir qarindosh-urug‘lari soni orta bordi. Dam shu damdir... Shundoq fursat kelishini sabr bilan kutgan Qarindosh ham miyig‘ida iljaygan ko‘yi harakatni boshladi...
Shoir “Hargiz iltimosga kuning qolmasin”, deydi. Keling, jur’at etib, shu hikmatga ozgina qo‘shimcha qilaylik: “Hargiz huzuringga iltimoschilar saf-saf bo‘lib kelishiga kuning qolmasin. Ayniqsa imkoniyatlaring cheklanganini o‘zing bilib turganingda...” Illo, men o‘sha, iltimoschilar gurros-gurros kelayotgan taloto‘p kunlari alam-iztirobdan yuzi qorayib ketgan, nainki uyiga, ishxonasiga borishdan ham yuragi bezillab qolgan, o‘ziga quyuq salom bergan har bandaga hadiksirab qaraydigan sho‘rlik Jo‘rani ko‘rgandim...
Qarindosh “qondosh jo‘ram-jondosh jo‘ram”lab Jo‘rani sog‘ib ichdi hisob... Qarindosh o‘g‘liga sunnat to‘yi qilganda Jo‘ra to‘y egasiga, uning xotiniga, to‘y bolaga boshdan-oyoq allambalo sarpolar qilib keldi, lekin bu bilan qutulmadi. Mana shu bola kollejni bitirganida o‘qishga kirishiga ko‘maklashdi, biroq bu bilan ham bo‘ynidagi qarz arqonidan xalos bo‘lmadi. Oxiri bir amallab institutni bitirgan shu bolaning bojxonaga ishga joylashishida ham qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi. Ammo sinov muddatida bo‘lgan yosh mutaxassis bosar-tusarini bilmay qolganmi, ishqilib, oradan uch oy o‘tar-o‘tmas pora olayotgan mahal qo‘lga tushganida Qarindosh ming tavallo qilib, yalinib-yolvorib kelmasin, Jo‘ra ishni “bosti-bosti” qilishga mutlaqo aralashmadi...
“Toparmon-tutarmon bolamning davrida ketmon ko‘tarib yursam yarashmas”, degan mulohazalar ila allaqachon daladan bo‘shab olgan, katta-katta yeyishga o‘rganib qolgan Qarindoshning Jo‘radan hafsalasi pir bo‘ldi, ammo buni el-yurtga sezdirmadi.
Yetti yilga hukm qilingan o‘g‘il uch yilda amnistiyaga ilinib qaytib keldi. Shu bilan u tinchgina yashasa bo‘lardi. Yo‘q, otasining qondosh-jondosh Jo‘rasi ko‘magida yigitlarni Koreyaga kafolatli ishga jo‘natish qo‘lidan kelishini bir-ikki joyda shipshib qo‘ygan ekan, “ko‘k”idan ko‘targan xohlovchilar uzun-qisqa bo‘lib Qarindoshning uyiga kirib kelaverishdi.
Oradan bir yil o‘tdi-o‘tmadi, firibgar o‘g‘il bo‘ynida oltmish ming dollar qarzi bilan qamaldi-ketdi. Puliga kuyib qolganlar Qarindoshning uyining turumini buzishdi.
Zo‘rdan zo‘r kelsa, zo‘r dumini qisadi. Qarindosh ham “Bor, kuchala yegan joyingga borib tirish!.. Menga bir so‘m berib qo‘yganmisan?.. Men hech narsani bilmayman!..” va hattoki “Qaysi zamonda ota o‘g‘il uchun javob bergan?” qabilidagi dalil-dastaklarni qalashtirib tashlashga, baqir-chaqir qilib turganlardan ham ko‘ra qattiqroq bo‘kirishga urinib ko‘rdi; ammo ko‘pchilik baribir ko‘pchilik-da, buning ustiga, mol achchig‘i – jon achchig‘i: bunaqa mahal qo‘l o‘z-o‘zidan ketmondastaga borib qolaveradi... U yoqda Jo‘ra ham nomardlik qildi: bosh egib kelgan Qarindoshga uyda borini qirib-qirtishlab, bor-yo‘g‘i to‘rt ming besh yuz ellik besh dollar chiqarib berdi. Ayniqsa oxirgi besh dollar Qarindoshning rosa asabini o‘ynatdi: past-da, past; shuyam pulmi? Shuniyam uyalmay tutqazdi-ya! Nima, u sadaqa so‘rab kelgan gadomidiki?! Yana jo‘ramish... Biroq nima ham qila olardi? Pastkash Jo‘raning dasta-dasta dollarlari turadigan seyfning kaliti yonidamidiki... Oxir-oqibat Qarindosh uyini sotishga va oilasi bilan qishloqqa tutashib ketgan dala shiyponiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi.
Adashgan o‘g‘il-ku, yana avfi umumiyga ilinib, qaytib keldi; puliga kuyib qolganlar insof qilishdi – qaytib uni bezovta etishmadi: axir, rang ko‘r – hol so‘r... Faqat Qarindoshning alamzadaligi tarqamadi. Ustiga-ustak, bir emas, ikki emas, to‘rt marta borib ham Jo‘radan belga tugib qaytarli dalda ololmadi, aksincha, bir-ikki og‘iz nordonroq gap eshitdi. Qaysi jin urgan, tushunish qiyin, lekin Jo‘raning to‘nini teskari kiyib olgani ravshan edi: nima so‘rasa, nuqul “ilojim yo‘q”, deydi, qaysar eshakday oyog‘ini tirab turib oladi. “O‘g‘ilni hech bo‘lmasa gazzapravkaga joylashtirib ber...ing”, degandi, o‘zini eshitmaganga soldi, Qarindosh uning otasini urib o‘ldirib kelganday ekrani bir yarim qulochlik “oynai jahon”dan ko‘z uzmagan ko‘yi bez bo‘lib o‘tiraverdi... E, sadqai odam ket...
Albatta, Qarindosh qishloqqa, el ko‘ziga dimog‘i chog‘ holda qaytdi va atay ovulning uch-to‘rt xabarchisiga eshittirib aytdiki: “Bizning ko‘chadayam bayram bo‘lib qoladi... Jo‘ram va’da berdi, hech o‘ylanmang, o‘zingizniyam, o‘g‘lingizniyam shaxsan o‘zim borib, yog‘liroq ishga joylab kelaman, dedi...”
Shungayam biron besh yil bo‘lib qoldi-yov. Na yog‘li ishdan darak bor, na yog‘sizidan. Ota bekor, yo‘l qarayverib rangi siniqqan o‘g‘il bekor. Yana bosh egib, biron fermerga ketmonchi bo‘lib borishga Qarindoshning bo‘yni yor bermadi. Yaxshiyam uy bekasi qishloq markazidagi shifoxonada hamshira bo‘lib ishlardi: topgan uch-to‘rt so‘mi ro‘zg‘orni amallab tebratib turishga yetardi.
Bu yillar ichida... Qarindosh yozishning rosa hadisini oldi. Shaharga borishga yo‘l puli topilmay qolgach, yordam so‘rab avval jondosh-qondosh Jo‘rasiga yozdi, undan javob kelmagach, tuzukroq ishga joylashtirib qo‘yishlarini iltimos qilib hokimiyatga yozdi, prokurorga yozdi, sudga yozdi, ijtimoiy ta’minot bo‘limini ham esdan chiqarmadi. Biroq rasmiy idoralardan bir xil javob kelaverdi: “Bu masalada falon tashkilotga murojaat qilishingizni so‘raymiz”. O‘sha tashkilot, ya’ni, bandlikka ko‘maklashuvchi idora arizago‘yni ro‘yxatga olib olti oyga yaqin nafaqa berib turdi, bu vaqt ichida uch-to‘rt joyga yo‘llanma tutqazdi, biroq Qarindoshga bu ishlarning birontasi yoqmadi: bergani nosvoy puliga yetmaydi-yu... Oqibatda idora pul to‘lab turishni bas qildi, Qarindosh esa “Mana senga!” deganday “yoza-yoz”ni avj oldirdi. Ayniqsa bu borada unga xotini ishlaydigan shifoxonadagi kompyuter juda qo‘l keldi: bu sizga katak qog‘ozda ruchka tiqirlatib o‘tirish emas, printerdan biri-ikkinchisidan silliq, chiroyli matnlar ko‘zingizni quvnatib chiqib kelaverardiki – Qarindoshning o‘zi ham bu manzarani yosh boladay quvonib-hayajonlanib, yuragi “durs-durs” urgan holda, kaftlarini bir-biriga ishqagan ko‘yi kuzatib o‘tirardi, – ularga ko‘zingiz tushsa bas, shu zahoti shikoyatchining barcha muammosini hal qilib tashlasam derdingiz...
Qarindosh asta-sekin arizabozlik sarhadini kengaytirdi. Endi faqat shaxsiy dardlargina emas, ovulda sodir bo‘layotgan katta-kichik voqea-hodisotlar, mish-mishlar, turli talqinlaru ajabtovur xulosalar ham Qarindoshni kompyuter klaviaturasi tomon yetaklaydigan bo‘ldi. Alal-oqibat, bir necha marta kalitni berdirtirmagan bosh shifokor ustidan “Bemorlardan pora oladi... kasalxonani yeb yotibdi... menday bechora ishsizdanam qo‘rqmay pul so‘radi...” qabilida yoza-yoza oxiri uni qoniga tashna qilgan arizago‘y xuddi yumushga kelganday, roppa-rosa soat to‘qqizda kompyuter saqlanadigan xona eshigi yonida tik turadigan va g‘alaba tovoni undirayotgan muzaffar tomon yanglig‘ masrurlik bilan navbatchidan kalitni oladigan bo‘ldi...
Ikki yilcha bo‘lib qoldi-yov, ovulning o‘zlariga to‘q fermerlari kamxarjroq oilalarga sog‘in sigir berish tashabbusi bilan chiqishdi. Olim ferma yaqin xeshim, tus jiyanim deya hech kim yo‘g‘ida Qarindoshning shiyponiga ataganini tashlab ketibdi: savob pinhona qilinadi-da.
Shifoxonadagi kundalik “yumushi”dan qaytgan Qarindosh ko‘chib kelganlaridan buyon bo‘m-bo‘sh yotgan bostirma tagidagi bolali sigirni ko‘radi-yu... Xullas, Qarindosh hadyani oldiga solib haydab to‘g‘ri Olim fermaning uyiga boradi, “Bersang tuzukrog‘idan, semizrog‘idan ber-da, jiyan, buning oriq-ku, qara, umurtqasi sanalib yotibdi, ertaga yiqilib qoladi-ku”, deb to‘polon qiladi. Fermerning hozir ko‘klam payti ekanligi, shunga yarasha hamma sigirlarning ham oriqlaganligi, buyam og‘zi ko‘kka yetsa bas, to‘pposday semirib ketishi haqidagi izohlari o‘jar tog‘aga aslo ta’sir qilmaydi. Qarindosh: “Men tog‘aman, yetti pirdan azizman, shunga yarasha sag‘rini yaltirab turganidan bersang o‘lasanmi?” deb turib oladi. Asli sirkasi suv ko‘tarmaydigan, jahli burnining uchida turadiganlar toifasidan bo‘lgan fermer jiyan qattiq asabiylashadi, vujudi dir-dir titray boshlaydi. So‘ng, aytishlaricha, bir emas, ikki marta “Olmaysizmi, tog‘a?” deb so‘ragan. Qarindosh bunga javoban: “Buni o‘zing pishirib ye, jiyan. Men olsam fermangga kirib, o‘zim tanlab olaman”, degan. Darvoqe, Gollandiyadanmi, qaydandir ellik bosh zotdor sigir olib kelib, uni alohida joyda parvarish qilayotgan Olim fermer, fermasiga tog‘asi u yoqda tursin, xotinini ham kiritmasdi. Shungami, tog‘aning bu talabi sabr kosasiga tomgan so‘nggi tomchi bo‘ladi-yu, portlab ketgan fermer “Olmasang olma! Senga bergandan ko‘ra baliqlarga yem qilaman bularni!” deya bolali sigirni katta kanal bo‘yiga sudrab chiqadi va ikkalasini ham shiddat bilan oqayotgan bo‘tana suvga otib yuboradi...
Oriq bo‘lsayam, sigirdan, demakki sut-qatiqdan quruq qolgan tog‘a alam ustida sarkash jiyani ustidan erinmay yozdi, qayta-qayta yozdi, foyda bo‘lmadi. Kelgan komissiyalarga Olim fermer: “Mulk meniki! Agar g‘ing desalaring, qolgan sigirlarniyam kanalga otib yuboraman! Sizlarga shu kerakmi?” deya o‘shshayib turavergan. Qarindosh hayvonlarni himoya qilish jamiyatidan ancha umidvor bo‘lib turgandi, biroq bu muassasaga yo‘llangan shikoyatlar suvga cho‘kkan ona-bola sigir misoli izsiz yo‘qoldi...
II
Xullas, ertalabdan hovliga qadam ranjida qilgan Qarindosh Elmurod domlani hovli adog‘idagi molxona devoriga suyab qo‘yilgan mahobatli darvozani mehr bilan artib-surtayotgan holida uchratdi.
Odatdagi salom-alik, qisqacha hol-ahvol so‘rashishlar, uyga (to‘g‘rirog‘i, hovli chekkasidagi chorpoyaga) taklif qilishu, buni minnatdorchilik ila rad etishlardan so‘ng Qarindosh chor-atrofga bir muddat diqqat bilan, aytish mumkinki, tanqidiy ko‘z tashlab chiqqach, dabdurustdan:
– Domla, endi ustingizdan yozmasam bo‘lmaydi, – deb qoldi.
Elmurod domla avvaliga ajablandi, so‘ng “Noto‘g‘ri eshitmadimmikan?” degan o‘yda chaqirilmagan mehmonning jiddiy yuziga tikildi. Yo‘q, qo‘noq hazillashayotganga o‘xshamasdi.
Bu taxminni tasdiqlaganday, Qarindosh ishonch bilan takrorladi:
– Domla, endi ustingizdan yozmasam bo‘lmaydi.
Elmurod domla o‘zini majburlab jilmaydi:
– Yozishga arziydigan nima gunoh qilibmiz?
Qarindosh hovliga ishora qildi:
– Otangiz bir noskash edi. Endi shunday odamning bolasi qanday qilib hovlini buzib, o‘rniga qasr soladi, a?
Domla xotirjam gapirishga urindi:
– Qasr emas, to‘rt xonali oddiygina uy, aka.
Qarindosh bo‘sh kelmadi, endi darvozaga ishora qildi:
– Bizam suv ko‘rmasdan etik yechmaydiganlardanmiz. Oddiy uyning darvozasi bunaqa bo‘lmaydi, uka.
Domla sal asabiylashdi:
– Qanaqa bo‘ladi?
Qarindosh savolga javob bermadi, buning o‘rniga cho‘ntagidan yondaftarcha va ruchka oldi, nimanidir yozishga hozirlandi.
– Xo‘sh, oyligingiz qancha, uka?
– Nima edi? – xo‘mrayib so‘radi Elmurod.
– Aytavering. Men oddiygina uy qurish uchun ham necha yillab yemay-ichmay, bir so‘miniyam sarflamay yig‘ishingiz kerakligini birpasda hisoblab tashlayman. Siz bo‘lsa, ikki yil burun singlingizni chiqardingiz, endi bo‘lsa qasr qurayapsiz...
– Qasr emas, oddiy uy...
– Baribir. Hozirgi zamonda uy qurishning o‘zi bo‘ladimi? Demak, bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, siz noqonuniy daromad topayapsiz. Katta daromad...
Elmurod domla angrayib qoldi:
– Qanaqasiga?
Qarindosh o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi, pishillab nafas chiqardi:
– Shunaqasiga. Institutda studentlardan pora, o‘qishga kiritishga yana pora...
Domlaning jahli chiqdi:
– Og‘zingizga qarab gapiring, aka!
Qarindosh domlaga tik qaradi:
– Og‘zimga qarasam-qaramasam bor gap shu, uka.
– Tuhmat qilmang!
Qarindosh hovli o‘rtasidagi daraxt tagida turgan eski stol-stullarga, daraxtga qoqilgan doskaga ishora qildi:
– Balki hali repetitorlik qilayotganingizdan ham tonarsiz. Agar tonmasangiz, marhamat qilib litsenziyangizni ko‘rsatsangiz. “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga ko‘ra, buni sizdan talab qilishga mening haqqim bor. Siz esa litsenziyani ko‘rsatishga majbursiz.
Elmurod domla angrayib qoldi. Zero, to‘rt-besh yil bo‘lib qoldi, chindan ham mart-iyun oylarida qishloq bolalarini o‘qitadi, ammo shu paytgacha biron marta biron kishi undan litsenziya so‘ramagan.
Domlaning qanday ahvolga tushganini ko‘rgan Qarindosh qoniqish bilan, mamnun iljaydi:
– Shunaqa, Berkin akamning bolasi, shunaqa. Demak, noqonuniy faoliyat olib borganingizni o‘zingiz ham tan olasiz, shundaymi? Shunday deb yozaveraymi?
Domla ilon sehriga tushgan odamday Qarindoshning yondaftar sahifasi ustida yo‘rg‘alayotgan qo‘liga angrayib qarab qoldi.
– Yozaveraymi? Qo‘l qo‘yib berasizmi?
Nihoyat Elmurod domla bir seskanib o‘ziga keldi:
– Qanaqa qo‘l, aka? Qanaqa daromadni gapiryapsiz?
Qarindosh ko‘p narsani biladigan odamday uy egasiga ma’nodor qaradi:
– Yashiryapsiz-da, a? Mendan-ku, yashirarsiz, lekin kelgan odamlar bor haqiqatni ichingizdan sug‘urib olmay qo‘ymaydi, uka. Ha...
Domla ochiq havodagi qo‘lbola sinfga ishora qildi:
– Aka, rostdanam o‘n bitta bolani o‘qitaman. Beshtasi yaqin qarindoshlarimning bolalari, ulardan bir tiyin olmaymanam, ololmaymanam.
Daftarchasiga nimanidir yozishda davom etayotgan Qarindosh istehzoli iljayib qo‘ydi, xolos. Elmurod domla izoh berishda davom etdi:
– Qolgan oltitasi ham begona emas. Bittasi Mannon fermerning qizi. U kishi qizimni o‘qitib ber, yil yaxshi kelsa uch qop g‘alla beraman degan. Yana bittasi Qurol do‘xtirning bolasi. Vaqt-bemahal do‘xtirga ishimiz tushib turadi, shuning uchun u kishidanam pul olmayman. Yana ikkitasining otasi “Bolamiz o‘qishga kirsa bir narsa tashlab ketarmiz”, degan. Shunda pulga o‘qiydigan ikkitasi qoladi, xolos. Ularam...
Yozishni tugatgan Qarindosh yondaftarchani yopdi:
– Har qalay, butun boshli qasrni ikkita bolani o‘qitganim evaziga quryapman deb meni laqillatmassiz, uka? Aldagani bola yaxshi-ya?
Elmurod domlaning burun kataklari kerildi:
– Aka. Men sizga izoh berishga majbur emasman. Boring, ko‘ring, kerak bo‘lsa tekshiring, institutda bir yarim stavka ishlayman...
Qarindosh hi-hilab kuldi:
– Ikki yildan beri qabul komissiyasining a’zosisiz...
Domlaning yuziga olov tepdi, shungami, tishlari g‘ijirlab ketib, asabiylashayotganini sezdirib qo‘ydi:
– Hozir test, aka, test...
– Bilamiz, bilamiz, buning ham yo‘lini topib qo‘ygansanlar... Testdan jaraq-jaraq pul ishlamasangiz, bunaqangi qasrni tushingizdayam ko‘rmasdingiz?
Elmurod guvala, eski-tuski qurilish materiallari sochilib yotgan hovliga ishora qildi:
– Qani siz aytgan qasr?
Qarindosh pinagini buzmadi:
– Bugun bo‘lmasa ertaga quriladi-da, uka. Harom pulning sassig‘iga uxlay olmay chiqadigan boyvachchalar uchun bitta qasr nima degan gap? Shahardanam uch-to‘rttasini olib qo‘ygandirsiz? Birovlarning nomiga, a?
Bo‘g‘riqib ketgan domlaning qo‘llari musht bo‘lib tugildi:
– Maqsad nima, aka?
– Maqsad sizni fosh qilish.
– Mening nimamni fosh qilasiz?
– Sizda gap ko‘p, uka, gap ko‘p. Sezib turibman, yurishlaringiz bejo...
– Haqorat qilmang-da, aka, borib, bemalol xohlagan joyingizda xohlagancha fosh qilavering.
– Bo‘pti. Avval institutingizga boraman. Rektoringizga uchrashaman. O‘nta studentni olib kelib, majburlab ishlatganingizni aytaman. Guvohlarim bor. Suratgayam olib qo‘yganman.
Elmurod domla ingrab yubordi:
– Axir... axir ular hasharga kelishdi-ku. Uyni buzgani...
– Hasharga emish? Odamning kulgisini qistatmang, uka. Kelmayam ko‘rishsin-chi. Institutdan haydattirib yuborardingiz. Undan keyin, ish mahali birontasini tom bosib qolsa nima qilardingiz?
– Bu nima deganingiz, aka?
– Siz ana o‘shandayam suvdan quruq chiqib ketardingiz, bular o‘z ixtiyorlari bilan kelishgan, deb. Lekin bilib qo‘ying, endi bunday bo‘lmaydi. Men bunga yo‘l qo‘ymayman! Keyin rektor janoblari ham bilib qo‘ysin, uning oylikka yashaydigan o‘qituvchilari qanday qasrlar qurayotganini!
Charchab ketgan Elmurod domla og‘ir uf tortdi va bez bo‘lib turgan qo‘noqqa horg‘in tikildi:
– Bo‘ldimi, aka?
– Yo‘q, bo‘lmadi. Rektoringiz oldidan chiqib, nalogoviyga boraman. Necha yillardan beri litsenziya olmay, repetitorlik qilib kelayotganingizni aytaman. Hech bo‘lmasa shuni tan olarsiz?
– Bo‘ldimi?
– Yo‘q. Bilasiz, hech bo‘lmasa eshitgan chiqarsiz, Toshkentda, katta idorada mening jon Jo‘ram ishlaydi. Unga bir og‘iz telefon qilib qo‘ysam bo‘ldi, sizning avra-astaringizni ag‘darib tekshirishadi, institutdan ham orqangizga tepib, boshqa joyga ishga kirolmaydigan qilib haydashadi. Sharmanda bo‘lasiz.
Elmurod domla Qarindoshga baqrayib qarab qoldi, axiyri arang so‘ray oldi:
– Men tushunmayapman, maqsadingiz nima o‘zi, nega meni qo‘rqitmoqchi bo‘layapsiz? Yo mendan uch-to‘rt so‘m undirmoqchimisiz?
Bu gaplarni eshitayotgan mahal mamnunlikdan og‘zi qulog‘iga yetgan Qarindosh shosha-pisha yondaftariga nimalarnidir qayd eta boshladi:
– Pora taklif qilyapsizmi, demak aybingiz men o‘ylagandan ham ko‘ra katta. Juda katta! Buni ham tirkab qo‘yamiz. Mana, endi bo‘ldi!
Daftarchasini yopib, darvoza tomon yo‘nalgan Qarindosh uch-to‘rt qadam yurgach, birdan to‘xtadi va ortiga o‘girilib, uy egasiga qarata xitob qildi:
– Lekin bilib qo‘y, uka, hammani sotib olsang ham meni sotib ololmaysan!
Nimanidir mulohaza qildi shekilli, Qarindosh qaytib domlaning yoniga keldi, uning qo‘lidan tutdi va bilagiga ko‘rsatkich barmog‘ini nuqigan ko‘yi ohista, so‘zlarni dona-dona qilib dedi:
– Men birdan o‘yib olmayman. Asta tirnayman, tirnayveraman. Tirnalgan joy yaraga aylanadi, keyin yiringlaydi, oxiri hammayoqni zaharlab tashlaydi.
Shu bilan Qarindosh hovlidan chiqdi-ketdi.
Elmurod domla uning ortidan angrayib qarab qolaverdi...
III
Boshlamasiga rektoratdan suhbatga chaqirishdi. Oddiy fan nomzodi qanday qilib qishloqda qasr qurayotgani, shaharning o‘zida esa bir nechta hovlini birovlarning nomiga olib qo‘ygani bilan qiziqishdi.
Elmurod domla izoh beraverib charchadi.
Kelgan komissiya hovlini videoga olib qaytdi. Shu bilan hamma mashmasha tugaganday edi. Ammo ertasi kuni kechga yaqin, dars o‘tilayotgan mahal soliqdan kelib bosishdi...
Bular izoh-pizoh eshitib o‘tirishmas ekan: xolislar ishtirokida darhol dalolatnoma tuzishdi, o‘quvchilarga ham imzo qo‘ydirib olishdi. Necha yillar davomida noqonuniy faoliyat olib borganligi uchun Elmurod domla ham otning kallasiday jarima, ham undanam kattaroq soliq to‘lashga majbur bo‘ldi. Qonunbuzar bundan keyin mazkur ko‘rinishdagi faoliyatini davom ettirishi uchun maxsus ruxsatnoma olishi kerakligi haqida tegishli tartibda ogohlantirildi.
Soliqchilarni kuzatib, uyga asabiy ravishda qaytib kelgan Elmurod domla jahl ustida eski stol-stullarni yig‘ishtirib tashlayotgan mahal qo‘lbola doska yonidan chiqib turgan mixga bilagini urib oldi. Domla zanglagan mix tilgan joyning sal qizarinqirab qolganini ko‘rdi-yu, bunga e’tibor bermasdan, ishida davom etdi...
Keyingi kuni mahalla profilaktika inspektori tashrif buyurdi. Hasharda qatnashgan talabalar orasida bolalar, ya’ni o‘n sakkizga to‘lmaganlar bo‘lmaganligini isbotlagunga qadar Elmurod domlaning ona suti og‘zidan keldi: buning uchun har bir talaba pasportining nusxasi bilan birga “domlaning uyidagi hasharda o‘z ixtiyorim bilan qatnashdim” mazmunidagi tushuntirish xati ham topshirishga majbur bo‘ldi.
Shu kuni Elmurod domla mix tilgan joyning qichishayotganini, simillab og‘rib-og‘rib ham qo‘yayotganini sezdi, ammo o‘tib ketar degan o‘yda shu joyga loy bosib, ustidan ro‘molchasini bog‘lab qo‘yish bilan kifoyalandi.
Tuman elektr ta’minoti korxonasidan kelib, buzilgan uyda elektr simlari o‘zboshimchalik bilan uzib tashlanganini aniqlashdi, tegishli tartibda bayonnoma tuzishdi va simyog‘ochdan uyga kelgan simni ashyoviy dalil sifatida qirqib olib ketishdi...
Elmurod domla bilagining mix tilgan o‘rni lovullay boshlaganini sezdi va ro‘molchani yechib ko‘rdi. Yara o‘rni maddalay boshlagandi. Domla do‘xtirga o‘tib kelmoqchi ham bo‘ldi, ammo avval jarimani to‘lab kelishga qaror qildi. Do‘xtir shu yerda, qishloqda. Omonat kassa esa tuman markazida. Ulgurish kerak. Do‘xtirga ertaga borsa ham bo‘ladi.
Ertasiga ertalabdan tashkilotiga tushgan “signal” tufayli tekshirishga kelgan tuman me’mori uyni buzish va o‘rniga yangi uy qurish uchun ruxsatnoma olinmaganligini aniqladi. Eng asosiysi esa, yangi qurilajak uyning tegishli tartibda tasdiqlangan loyihasi yo‘q edi. Bu qanaqasi axir? Uy egasi bo‘lmish domlaning o‘quvchilar daftaridan yirtib olingan sahifasiga chizilgan qing‘ir-qiyshiq bir nimalari me’morlik loyihasi vazifasini o‘tay oladimi? Aslo va aslo yo‘q! Bu axir insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yish bilan barobar-ku! Jarima, darhol jarima!..
Bilagidagi yara o‘rni lovullab og‘riyvergach, Elmurod yana dastro‘molni yechib ko‘rdi. Yara yiringlab ketgandi... Buni ko‘rib, Elmurod ertaga ertalabdan, agar osmon uzilib yerga tushsayam, do‘xtirxonaga borishga o‘ziga o‘zi va’da berdi. Axir odamga sog‘liq kerak-ku!
Biroq domla ulgurolmadi: ertasi ertalabdan tuman gazlashtirish idorasidan kelgan mutaxassis-vakil gaz quvuri amaldagi tartib-qoidalarga zid ravishda kesib tashlanganligini fosh etdi. Uy egasining “Axir olti oydan beri gazning o‘zi tugul, hidiyam yo‘q-ku!” degan izohlari vakilga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmadi. Bil’aks, ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgan mutaxassis bir zumda vahimali manzarani chizib tashladi: tuyqusdan gaz kelib qoldi, quvur esa kesilgan. Xo‘sh, nima bo‘ladi? Gaz yig‘ilib turadi-turadi-da, keyin birdan... port-lay-di! Tamom-vassalom! Butun qishloq osmonga uchadi! Elmurod domlaning “Axir, gaz qanday qilib ochiq havoda yig‘iladi, bu yerda gaz yig‘iladigan xonaning o‘zi yo‘q-ku!” degan e’tirozlari ham o‘sha ko‘rinmas gaz misoli havoga izsiz singdi-ketdi. Vakil esa shosha-pisha tegishli tartibda bayonnoma tuzdi, kerakli odamlarga imzolatdi va bundoq jinoyatkorona mas’uliyatsizlikka, sovuqqonlikka, loqaydlikka yo‘l qo‘ygan uy sohibi eng kam ish haqining falo-on barobari miqdorida jarima to‘lashga mahkum etildi. Zudlikda...
Shu bilan kun kech bo‘ldi. Ko‘ngli hovlisiday zimiston Elmurod domla do‘xtirga ertasiga borishga qaror qildi. Aksiga olib domla yana ulgurolmadi: tong saharda qo‘ng‘iroq qilishib, rahbariyat uni institutga chaqirayotganini ma’lum qilishdi.
Elmurod domla o‘pkasini qo‘ltiqlagancha hovliqib ishxonasiga yetib keldi. Rektoratda unga bu yilgi qabul komissiyasi tarkibidan chiqarilganligini, shuningdek, dars soatlari ham qisqartilganligini aytishdi.
Yuragiga qil ham sig‘mayotgan bo‘lsa-da, Elmurod domla institutdan chiqib, to‘g‘ri qishloq vrachlik punktiga bormoqchi bo‘ldi. Biroq yo‘l-yo‘lakay tuman gaz idorasiga kirib o‘tishga qaror qildi: jarimani to‘lash kerak edi. Aksiga olib, yagona badqovoq ayol ishlayotgan kassada odam ko‘p ekan, navbatda uzoq turishga to‘g‘ri keldi. Bo‘yinbog‘ taqib olgan Elmurod domla bunaqa masalalarda o‘ta ziyoli edi: hech qachon navbatsiz oldinga suqilmasdi, hatto institut oshxonasida ham talabalar bilan teng navbatda turardi.
Bilagi lo‘qillab og‘riyotgan, issig‘i chiqqan Elmurod domla uyiga qorong‘u tushganda bazo‘r yetib keldi.
Ertasi kuni ertalabdan, domla bir amallab kiyinayotgan, ayoli esa sigir sog‘ayotgan mahal darvoza tarafdan “Ilmurod...” degan tanish chaqiriq eshitildi. Domla yanglishmagandi: qishloqda faqat fuqarolar yig‘ini raisi Nahalboy akagina uni shunday deb chaqirardi.
Nahalboy aka so‘rida uzoq o‘tirdi, uch choynak choy, bir kosa sut ichdi, bo‘lgan voqealarni erinmay surishtirdi, Elmurodning gaplarini tomog‘ini taqillatgan ko‘yi boshini chayqab-chayqab eshitdi, aloha, hammasining tagiga yetishga va’da berib o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Elmurod domla sal yengil tortdi. Ammo u hovlidan chiqishga ulgurolmadi: Mannon fermer kirib keldi. Fermer nega qizi o‘qishga kelmayotgani sababini so‘radi. Elmurod domladan o‘qish vaqtinchalik yopilganini eshitib esa, o‘pkalashga tushdi: bunaqa emas-da, ukajon, ataganimiz kam bo‘lsa, mayli, yana bir qop qo‘shay, faqat siz qizimni yaxshilab o‘qiting, domla, do‘st-dushmanning oldida o‘z kuchi bilan bir o‘qishga kirib ketsin...
Elmurod domla fermerni bir amallab kuzatganida vaqt choshgohga yaqinlashib qolgandi. Shundoq eski darvoza o‘rnidan shoshib chiqqan domla kattagina sumkasini yelkasiga tashlab olgan o‘rta yoshli bir ayolga urilib ketishiga sal qoldi.
Ayol o‘zini “BTIdanman, tuman me’mori topshirig‘i bo‘yicha kelganman” deb tanishtirdi. So‘ng sumkasidan yig‘ma o‘lchagich chiqardi va buzilgan uyning poydevori o‘rnini o‘lchashga tushib ketdi. Ayolning yakka o‘zi qiynalayotganini ko‘rgan Elmurod domla noiloj unga ko‘maklashib turdi.
O‘lchash ishlari ancha cho‘zildi. So‘ng ayol yozib olganlarini kattagina qog‘ozga tushira ketdi. Keyin domla chizgan yangi uy loyihasi bilan qiziqdi.
Xullas, ayol ishini bitirgunga qadar soat beshdan oshdi. Endi QVPga borishdan foyda yo‘q edi.
Kechasi chorpoyada yotgan Elmurod domlaning issig‘i ko‘tarilib, dag‘-dag‘ qaltiray boshlaydi.
Buni ko‘rib vahimaga tushgan domlaning rafiqasi Qurol do‘xtirning uyiga chopdi...
Shu oqshom “Tez yordam” butun badani o‘tday yonib, o‘zi alahsiray boshlagan Elmurod domlani viloyat markazidagi shifoxonaga olib ketdi...
IV
Oradan ikki hafta o‘tdi.
Elmurod domla qishloqqa bir ko‘ylagining yengi bo‘sh holda qaytib keldi...
Kuzga borib Elmurod domla darvozani yarim puliga bir amallab sotdi va usta yollab, bir xonali hujra qurdirib oldi. Qish o‘tib olsin-chi, keyin bir gap bo‘lar...
Aytishlaricha, shu kunlarda Elmurod domla do‘kondan yarim kilo mix xarid qilsayam chekini talab qilib olishni unutmas ekan: har ehtimolga qarshi-da, mabodo tekshirib kelib qolishsa, “mana, hammasi qonuniy” deb ko‘rsatish uchun...
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son