OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusattor Hotamov. Ayg‘ir kishnashi (hikoya)

Bu yigit bilan tasodifan uchrashib qoldik. Geograflar dengiz sathidan falon kilometr balandlikda deb ta’riflashadi-ku xuddi shunday tog‘ qishlog‘idan ikki o‘g‘li bilan ushbu oromgohning suv havzasida cho‘milishga kelgan ekan. Barvasta, ikki yelkasiga ikki o‘tov tikkuday alp yigit...
Odam bunday ko‘ngil yayraydigan joylarda yangi tanish orttiradi, telefonu manzil almashib o‘z-o‘zidan inoq bo‘lib qoladi. Qolaversa, kim bilandir suhbatlashib ko‘ngil yozishning ham o‘z zavqi bor-da. Tanishimni ham, kaminani ham xuddi shunday bir moyillik chulg‘agandiki, buni yigitning salom-aligidanoq ilg‘ash mumkin edi.
Kamina ham albatta suhbatdosh topilganidan xursand bo‘ldim.
— Bu yerlar chorvaning makoni ekan-da, — dedim gapni nimadan boshlashimni bilmay. — Qarang, tog‘u toshlarda qo‘y-qo‘ziyu, mollar o‘tlab yuribdi. Oyog‘i bo‘sh, mazza qilib. Xuddi rasmga chizgandeg-ey...
Yigit ham shu gapimni kutib turgan ekan chog‘i menga qarab to‘lqinlanib gapira boshladi:
— Faqat siz otlarni ko‘rmayapsiz-da. Ular bundan-da baland joylarni yoqtirishadi. O‘-o‘-o‘, boshqacha jonivor ular! — Keyin qiyiq ko‘zlarini yumib, zavq bilan bosh chayqadi. - Ziyrak, aqlli. Sadoqatda unga teng keladigani yo‘q. Lekin yilqi zoti baribir ozod yurganidagina go‘zal bo‘ladi-da.
Suhbatdoshim bilan gapimiz qovusha boshlaganidan battar xursand bo‘lib:
— Sadoqat deysizmi? Nima shoir-poir emasmisiz, uka? To‘g‘risi, otlarning sadoqati haqida kam eshitganman, qolaversa buyam bir jonivor-da. — dedim biroz taajjubu hazil aralash. Va berkitmayman, ko‘nglimning bir chekkasida uning davom etishini istardim.
— Oz bo‘lsayam eshitgan ekansiz-ku, unda nega ajablanasiz? — suhbatdoshim kutilmaganda achchiqlangandek gapirdi.
— Savolingizda mantiq bor, — bo‘sh keldim biroz va yigitni kuzata boshladim. U esa havzaning temir to‘sig‘iga ko‘kragini bosgancha suvga tikilib qoldi. Xipcha, lekin chayirligi shundoq bilinib turgan gavdasiga mos uzun barmoqli qo‘li bilan quvur ustunni asta shapillatib urar, aftidan, nimanidir o‘ylardi. Keyin menga ilkis o‘girildi:
— Bilasizmi, aka, men ot jinnisiman. Atigi bittasini boqaman. Lekin otmisan ot! Qorabayir. Ishonasizmi, o‘tgan yili mashinaga almashmadim. Yigit ot sotmaydi, der edi keksalar. Sadoqatli do‘st-da. Aldashni bilmaydi, yelpataklik qilmaydi. Mag‘rur va tik qomat. Bundan ortiq tag‘in menga nima kerak. Hech narsa! Otlar haqidagi kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘raman. Zo‘r-da! Axir tulporlar... O‘-o‘, bobolarimizdan meros... Nega indamaysiz, yo gaplarim yoqmadimi?
Yigitning biroz zarda aralash ta’nasi menga tegib o‘tdi:
— E, og‘ayni, — dedim o‘zim bilmay mushtlarimni tuggancha, — nima, meni biror oliftaga o‘xshatayapsanmi? — Keyin shoshib xatomni tuzatdim, - o‘xshatayapsizmi? Ot bilan boshimdan o‘tkazgan voqea ham bor.
Uning qiyiq ko‘zlari kattalashdi:
— Yo‘g‘-e, — dedi yigit ajablanarkan. — Sizdek bir ziyoli odam ... Lekin gavdangiz sportchilarnikiga o‘xsharkan. Xavf? Ot sizga xavf soldimi?!
Uni qiziqtirish uchun atayin javob aytmadim. Borib chinor ostidagi yog‘och o‘rindiqqa cho‘kkandim, u ham yonimga kelib o‘tirdi.
Bir oyog‘imni ikkinchisi ustiga chalishtirdim-da, jim qoldim. “Ot jinnisi”ga bu yerlar menga begona emasligini aytib qo‘ymoqchi bo‘lib, xotiramni titkiladim.
— Avazbek degan kursdoshim bo‘lardi, — dedim o‘zimga o‘zim gapirayotgandek sekin. — Biz fizkultura institutida o‘qirdik. Men boksga ishqiboz bo‘lsam, u kurash desa o‘zini tomdan tashlardi. Ta’til vaqtida qishloqqa kelganimda ko‘rardim: hovlisiga tirrancha bolalarni yig‘volib, bir-biri bilan olishtiraverardi, olishtiraverardi. Men esa eski latta-putta to‘ldirib, daraxtga ilingan qopni do‘pposlayverardim. Ikkalamiz saharlab daryodan kechib o‘tib, so‘qmoqlar bo‘ylab yugurishni kanda qilmasdik. Institut birinchiligiga tayyorlanardik-da. Bir kuni Avazbekning otasi Yodgor amaki sayxonlikka chiqmanglar, havoning avzoyi buzuq, sel kelishi mumkin deb qoldi. Yoshmiz – o‘t-olov. E, dedik qo‘l siltab, nima, yosh bolamizmi qo‘rqadigan. Mabodo yog‘ib qolsa bir qochish qilamiz. It quvsa ham yetolmaydi. Va kulib jo‘nab ketdik. Ko‘p o‘tmay momaqaldiroq gumbirlab qoldi. Keyin yomg‘ir tomchilay boshladi. E, uka, odamzot qanchalik kuchli bo‘lmasin, mo‘‘jizalar yaratmasin, tabiat hodisalari oldida baribir ojiz ekan. Tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshdamiz-u, lekin jonimizni qanday saqlab qolishni bilmay talvasaga tushdik. Biz turgan tog‘ yonbag‘rida bir kichik yong‘oqzor bor edi. Yong‘oqzor pastlikda, biroz chuqurlikda, nihollar esa hali hosilga kirmagan. O‘zimizni o‘sha yoqqa urdik. Baribir qattiq jala daraxtning quyuq yaproqlaridan o‘tib, kiyimlarimizni jiqqa ho‘l qildi.
Zum o‘tmay momaqaldiroqning yeru ko‘kni titratuvchi ovoziyu, osmonga o‘t yoqishi yetmaganidek qasir-qusur ovozlar eshitila boshladi. Avazbek bunday dahshatli voqeani jillaqursa bir marta ko‘rgan bo‘lsa kerakki, “Sel tog‘dagi toshlarni bir-biriga urib, daryoga itqitayapti, - dedi ovozi titrab. Endi biz o‘tib kelgan yakkacho‘p ko‘prik ham tamom...” Men esa “O‘zimizchi, o‘zimiz...” dedim-da, tog‘u toshlarda o‘lib ketamiz shekilli, degan gapni aytishdan uyalib turardim.
Hikoyamni to‘xtatib, yonimdagi hamrohimga qaradim. Ajabki, u hech narsa eshitmagandek havzadagi suvning yengil shabadada jimirlashiga boqqanicha sira ta’sirlanmay beparvo o‘tirardi. Yigitning avzoyidan, xo‘p, aka, shunga shunchalik vahimami, degan ifodani payqagandek bo‘ldim. O‘zimcha o‘yladim: “Tog‘ odamlari uchun bular voqea emas, oddiy turmush tarzi”.
Yigit fikrimni uqqandek birdan menga qaradi va tizzamga yaxshigina shapillatib urdi:
— Buni otga nima daxli bor, aka?
Azbaroyi tizzam og‘riganidan o‘rnimdan sapchib turdim:
— Bor-da, agar Yodgor amakining Qorabayiri bo‘lmaganida biz hozir... tuproq tagida yotgan bo‘larmidik. Axir, sel tog‘ xarsanglarini hali niholdek yong‘oqzorga surib kelayotgandi-da. Bir-birimizga yelka tirab o‘tiraverdik. Qachon tog‘dan bahaybat harsanglar dumalab, daraxtlarni ag‘daradi-yu, bizni majaqlab tashlaydi - go‘yo shuni kutayotgan edik.
Birdan otning kishnashini eshitib qoldimu, Avazbekka yalt etib qaradim. U go‘yo buni mendan oldin eshitgandek o‘rnidan dik turdi-da:
— Saman, bu Saman! — dedi jinniga o‘xshab sakray-sakray. Keyin ikkalamiz tavakkaliga pastga-yalanglikka otildik. Sal narida shovullab yog‘ayotgan jalaning nimrang pardasi ostida yer tepinib kishnaganicha ayg‘ir turardi. Yig‘lamoqdan beri ahvolda ot tomon yugurdik: “E, jonivor-a, jonivor, yashavor-a...” Borasolib Samanga mingashib oldik va shu zahoti biz hozirgina jon saqlab turgan joyga bo‘tana sel aralash kichigi odamning kallasiday toshlar yumalay boshladi, daraxtlarning qarsillagani eshitildi. Otning tanasidan iliq nam hidi chiqar, bu esa bizga, tavba, juda yoqardi. Avazbek engashganicha ayg‘ir bo‘ynini, men esa sherigimning ho‘l tanasini mahkam tutgancha qishloqqa qaytib borardik.
Hikoyam yigitni unchalik qiziqtirmadi, shekilli:
— Keyinchi, — so‘radi hafsalasi so‘nib.
— Keyin... Bundan keyin bunaqa ob-havoda toqqa chiqishga tavba qildik.
— Shumi? — yigit o‘rnidan turib, yana temir panjaraga suyanib oldi.
— Shu, — dedim endi men ham aytganimga pushaymon bo‘lib.
— Bo‘pti. Endi mendan eshitasiz-a? Rahmat. Bir kun to‘y bo‘layotgandi. Uncha-muncha kurash tushib turardim. Havaskorlik-da. Qishloqda menga o‘xshagan kurash ishqibozlari ko‘p. Ular orasida ota-onasidan yetim qolgan bir yigitcha ham bor edi. Baland bo‘y, kelbatli. Ismi Zafar edi. Zo‘r polvon bo‘laman deb yurardi. Avlodlari polvon o‘tgan. Har holda unga ishonish mumkin edi. Qoyil-e, o‘zidan kattalarning ham kuragini yerga tegdirardi-da. Yigit gapni kesib-kesib aytar, gohida odati bo‘lsa kerak, jingalak qo‘ng‘ir sochlarini shahd bilan silab qo‘yar, bu kabi harakatlari va allaqachon oftobda qoraygan chehrasidan chapaniligi shundoqqina bilinib turardi. Xullas, to‘yda u ham bor ekan. Odamlar qiziq-da, unga tegajog‘lik qilib, men bilan kurash tushishga gij-gijlashishardi. “Tushganim bo‘lsin, dedi u baland kelib, yiqitaman uni!”. Bola-da, g‘o‘rligi bor, bu yog‘i g‘urur deganday. Gaplari g‘ashimni keltirdi-yu, jahlimni ichimga yutdim: ”Kel, shu ko‘ngli yarimni xafa qilma”, dedim o‘zimga-o‘zim. Nima qilishimni bilmay qoldim. Lekin bir narsa aniq: bir ko‘tarishda belini qayirib qo‘yaman. Tag‘in endi chiniqib kelayotgan bo‘lsa, yetimgina bola, mayib bo‘lib qolsa-ya, deb bezovtalandim. Tushmasam yigitning sazasi o‘ladi, o‘zim ham g‘alati bo‘layapman... Eng yomoni, yiqitsam kuchiga ishonchi yo‘qoladi. Odamning kuchi ishonchida, to‘g‘rimi, aka? Shunday qilib, odamlarning qiyqirig‘i ostida u bilan kurash tushdim va... — yigit kulib yubordi, — yengildim. Yengilgandayam...
— Yo‘g‘-e, shu gavda bilan-a? Tag‘in chavandoz bo‘laturib...
— Yashang! Men asli kurashchi emasman. Chavandozman, to‘g‘rirog‘i, traktorchilik qilaman. U esa yosh, o‘sadigan bola. Yutsin, kuchiga ishonsin, dedim-da. Belimni mahkam tutganidan bildimki, zo‘r polvon chiqadi. Qo‘llari tosh misol qattiq. Bir ko‘tarib tashlagandi, qarang-a, kuchini sezdim. Oyog‘imni omonat qo‘yipman, deng, oqibatda nima bo‘ldi, qars etib to‘pig‘im chiqdi-qo‘ydi. Buni keyin joyimga borib cho‘kkalaganimda bildim. Sir boy bermay o‘tiraverdim. Hamma tarqasin, keyin uyimga ketarman dedim.
To‘y terakzor o‘rtasida, bir sayxonlikda bo‘layotgandi. Hech kim qolmagach alam qilib o‘zimga-o‘zim: ”Kelib-kelib bolang tengi boladan yengilding-a, buning ustiga cho‘loq bo‘lib o‘tiripsan, e, battar bo‘l, ahmoq!”, - dedim. Shu payt yuragimning bir chekkasida: ”Qiziq odam ekansan-ku, hayot faqat g‘alabadan iborat emas, yoshlarga ham yo‘l berish kerak. Buning ustiga o‘zing ichingda roziyding. Yengilganinga... xursand bo‘lsang-chi. Ko‘ngli yarimning ko‘chasida ham bayram bo‘ldi-da”, derdi kimdir.
Oyog‘imning og‘rig‘i betayin o‘y-xayollarimdan ustun chiqdi. Otimni bog‘lash odatim yo‘q. Aqlli. Emin-erkin yursin deyman. “Qoravoy, qaydasan? Kel!”, deb chaqirdim. Ovozim tog‘larda aks-sado berib, masxara qilgandek o‘zimga qaytdi: ”Qo-ra-voy, qay-da-san? Kel!”. Soy bo‘yida o‘tlab yurgan ekan, kishnab yetib keldi. Cho‘loqlanib, ikki-uch qadam yurgandim, jonivor menga surkalib to‘xtadi. Sezgir-da, payqadi. Amallab minib, to‘ppa-to‘g‘ri kasalxonaga ketdim. Hovlisiga, aniqrog‘i eshigi oldidagi zina yonida turib qoldi. Og‘riqqa arang chidab yerga tushdim. Keyin: ”Bor, dedim yuziga shapatilab. Xotinimni chaqirib kel”. Bir kishnadiyu o‘ynoqlab jo‘nadi jonivor. So‘ng bildim, oyoq suyagim yorilgan ham ekan.
Yigit shularni aytib, o‘rkach-o‘rkach tog‘larga qarab jim qoldi. Go‘yo o‘sha otni qidirayotgandek ko‘zlarini qisib, atrofni nazardan o‘tkazdi. Balki shu topda qaylardadir o‘tlab yurgan ayg‘irini sog‘inib qolgandir. Oti ham uni kutayotgandir. Egasining qattiq, lekin allaqanday mehrli kaftlari bilan har kuni boshdan-oyoq silab-siypashi, erinmay cho‘miltirishi, bo‘ynidan quchoqlab-quchoqlab olishi xumor qilgandir. Bu endi kaminaning xayoli.
— Anchadan keyin ayg‘irni minib, xotinim keldi. Ayolimning aytishicha, hovliga kirib, yer tepinibdi. Qattiq-qattiq kishnabdi. Buni ko‘rib xotinim ichidan zil ketgan chog‘i: ”Xo‘jayinimga bir gap bo‘lgan, shekilli”.
Do‘xtirlar dorilarni ayolimga yozib bergach, u qishloqqa qaytishi kerak edi. Qarang, jo‘nagan deb o‘ylagan xotinim bir payt palatamga kirib keldi.
 — Otingiz oyoq tirab turib olgan. — dedi u ma’yuslanib, — qamchigayam qaramaydi, “chuh”gayam, nuqul pishqiradi”. Darrov tushundim. Palata derazasini lang ochib baqirdim: “Qoravoy, qani, uyga ket-chi!” Qarasam, quloqlarini bir chimirib qo‘ydi. Demakki, tushundi. “Bor, dedim xotinimga, endi gapingga kiradi. Faqat uyga borib, oqqand berishni unutma”.
Negadir xotinim haliyam qotib turardi. “Ha, dedim jahlim chiqib, nega qoqqan qoziqdek turipsan?”. “Voy, dedi u yerga qarab, ko‘chada qandoq qilib ot minib boraman, odamlar bu xotinni nima jin urdi, demaydimi?”. “E, xotinjon, dedim o‘zim kutmagan holda yumshoq ohangda, bu otni minib yurish faxr-ku. Qaddi-qomatini qara, oyoqlari uzun, tekis, yollari-chi, sening sochingdek mayin, silagan saring silaging kelaveradi. Lekin u ayg‘ir-da, g‘ururli, buni yoqtirmaydi”. Keyin xotin bilan pachakilashganimga o‘zimning g‘ashim keldi. Ovozimni balandlatdim: “Bor endi, gapni ko‘paytirma, min-da ket”.
Aslida uni ham tushunib turardim, xotin shaharlik edi-da.
Oynadan qarab ko‘nglim buzildi, ot zina oldiga kelib ayolimni mindirdi: “Eh, Qoravoy, o‘zing zo‘rsan-da”. Xayrlashdi shekilli, bir kishnadiyu darvozadan chiqdi-ketdi. Shu-shu, endi bu so‘z yarashsa kerak, malikam ot minib, kasalxonaga ancha qatnadi. Har kelganda cho‘loqlanib Qorabayirning oldiga boraman. Ko‘zlaridagi mung yo‘qolayozgan, qaddi battar tiklanayotgandek tuyuldi. “Senga rahmat, dedim ko‘nglim ko‘tarilib, sadoqatingga rahmat, Qoravoy. Mana endi soppa-sog‘man”.
Yigit o‘z gaplaridan o‘zi zavqlandi, keyin “Aka, tag‘in bu bola ja-a oshirvordi-ku, deb o‘ylamang, otni tushungan odam meni tushunadi” dedi jilmayib. Shu payt ikki o‘g‘li havza suvidan chiqib keldi.
— Endi biz ketdik, — dedi u tezgina qo‘l uzatib. — Bular to‘garakka kech qolishmasin. Bo‘lmasa, Zafarbek ta’zirini beradi.
— Kim u Zafarbek? — shoshilib so‘radim.
 Yigit orqasiga yarim o‘girilganicha shahd bilan qo‘l siltadi:
— E, aka, unutdingizmi, o‘shanda meni kurashda yiqitgan bola-da. Allaqaerdan chempion bo‘lib kelgan. Hozir kurashdan dars beradi.
Shunday deb o‘g‘illari bilan ildam jo‘nadi-ketdi.

* * *
Ajab, o‘sha kuni o‘zimning hikoyam... o‘zimni qiziqtirib qo‘ydi. Avazbekni haliyam shu atrofda yashaydi deb eshitgandim. Bir qidirib topmaymanmi, deb o‘yladim va mashinada aylanma yo‘llar bilan yuqoridagi qishloqqa chiqib bordim. Balandlikdan quloqlarim shang‘illab, tomi qizil cherepitsa bilan yopilgan qo‘sh darvozali bino oldida to‘xtadim. Yashil ramkadagi ”Yoshlar sport majmui” degan yaltiroq yozuvga ko‘zim tushdi. Darvoza yonidagi eshikni ochgan qorovul choldan so‘ragandim: “Bu atrofda Avazbek degan odam yashamaydi”, dedi sira ikkilanmay. So‘ng hafsalam pir bo‘lganini sezdi, shekilli, biroz o‘ylanib aniqlashga tushdi: ”U odam o‘zi nima ish qiladi?” “Shu atrofdagi maktabda dars berardi. Toshkentda birga o‘qigandik. Otasining ismi, yanglishmasam, Yodgor aka edi” dedim.
Qorovul daf’atan jonlandi: “E, siz Xoldorboyni aytyapsizmi, u kishi keyinchalik fermerlik qilganlar. Shu tog‘u toshlarda meva-cheva yetishtirib, mashina-mashina savdoga jo‘natardilar. Bu binoni shu kishi qurgan. Hozir yo‘qlar. Kurashchilarga homiy bo‘lib qayoqqadir ketganlar. O‘g‘li Sardorbek u kishining kasbini olgan sportchi.
— Zafarbek? — bo‘shashdim birdan.
— Ha, endi o‘g‘illari-da. Bo‘lmasa uchta azamat o‘g‘illari bor, — keyin yaqin kelib sekin shivirladi. — Asrab olganlar. Shunaqa bag‘ri keng odam u.
— Meni kechirasiz, ismlari ham boshqa. Mabodo adashmadingizmi? — so‘radim.
— Yo‘g‘-e, mehmon, asli ismlari Avazbek. Lekin qishloqda Xoldorboy deymiz. Kurash tushganlarida ko‘rganmiz. Ko‘kraklarida xollari bor.
Birdan suv bo‘yida uchratganim chavandoz yigit, to‘g‘rirog‘i, o‘zi aytmoqchi traktorchi yigitning gaplarini esladim. U Zafarbekning ota-onasi yo‘q, shuning uchun ... unga yengildim degandi. Qarang-a, qorovul chol buni tasdiqlayapti.
Ko‘nglimda quvonchmi-g‘ururmi, ishqilib, yoqimli bir tuyg‘ular jimirladi. Iloyim, hammaning ham tog‘lardek ishongani bo‘lsin. Bu endi mening gapim emas, qorovul cholning gapi. To‘g‘rirog‘i, duosi. Harholda men shunday tushundim.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 30-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.