Guljahon erta tongda sut-qatig‘ini bozorga olib borish uchun eshikni ochsa, yo tavba, uyining naq tagida ikki tup o‘rik daraxti paydo bo‘libdi. Ajabki, ular yana kurtak ochib, gullay deb turibdi. Qiziq, osmondan tushganmi yoki yerdan chiqqan, Guljahon bilolmay yoqa ushlab qoldi. Kecha oqshomga yaqin eshikni tambalash oldidan odaticha ko‘chaning u yoq, bu yog‘iga qaraganida hech vaqo yo‘q edi. Bugun esa...
– Normat, hoy Normat! – U hozir uyg‘otgan o‘g‘lini baqirgancha chaqirdi. – Buni qara, kim ekdi bu daraxtlarni? – Keyin bolasi yetib kelgunicha sabri chidamay zardali ovozda: – Qaysi go‘rdan kelib qoldi bular? – dedi ko‘zlarini ko‘chatlardan uzmay.
Normat nihollarni ko‘rdiyu, chehrasiga bilinar-bilinmas jilmayish yoyilib, yuzini burdi:
– Qayoqdan bilay, oyi? Kecha kun bo‘yi siz bilan dalada edim-ku.
Guljahon o‘g‘lidan ters o‘girildi-da, sut-qatiq to‘la xaltasini likillatganicha jo‘nadi-ketdi.
Yigitcha ta’tilda, lekin bo‘sh o‘tirmaydi. Ertalab mol-holga qaraydi. Keyin bir piyola choyini ichib, bitta yopgan non, qand-qurs yoki turshak-yong‘oqni oq ro‘molga tugib, beliga bog‘lab oladi-da, dalaga jo‘naydi. Sigir-buzoqlarni anhor bo‘ylariga haydaydi. Gohida arqon uchiga ulangan qoziqlarni yerga qoqib, qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi. Otasi shaharga – qurilishda ishlashga ketgan. Uyiga oyda bir-ikki kelib xabar oladi. Onasi erta tong va kechqurun sigir sog‘adi, tomorqasidagi ekin-tikinga qaraydi, yolg‘iz bolasining kir-chirini yuvadi va vaqti yetsa... ro‘parasidagi Jamol ota bilan janjallashadi.
Bu chol tushmagur ham sira tinch o‘tirmaydi. O‘g‘li yo‘q, bittagina asrandi qizini uzatgan. Kampiri bilan umrguzaronlik qiladi. Haliyam qo‘l-oyog‘i loydan chiqmaydi, ko‘ngli chinni piyolaning jarangidek nozik. Hali u qo‘shnisiga eshigi tagidagi daraxtlarni butashni, hali bu qo‘shnisiga ko‘cha devori bo‘ylab gul ekish yoki suzong‘ich buqasini ko‘chada boqmaslik haqida javragani-javragan. Ayniqsa, ro‘parasidagi mol-hol bilan tirikchilik qiladigan Guljahonning asabiga tekkani-tekkan. Ko‘chaga sigirlarning chiqindisini chiqarama, hovli etagiga chuqur kavlab ko‘mib qo‘y, shunda atrof hidlanmay o‘g‘it bo‘ladi, axir ko‘chada to‘y ham, ma’raka ham bo‘lishi mumkin, deydi. Guljahon esa qariyaga bidir-bidir qilib gap qaytaradi-da, keyin nari ketaturib aftini bujmaytiradi. “Ja-a qonimni ichvording-ku!”
Qiziq-da, Guljahon bilan Jamol ota, uzr, it-mushuk edilar-ku, lekin ayolning o‘g‘li Normat shu chol bilan buva va nevara go‘yo. Buning sababi shuki, o‘spirin vaqt topdi deguncha onasidan yashirincha qariyaning hovlisida paydo bo‘ladi-da, undan tandir yasash sirlarini o‘rganadi.
Jamol ota dastlab yigitchani xushlamaygina qarshi oldi, go‘yo cholning oldida sira yoqtirmaydigan ayolning soyasi turgandek bo‘lardi. Anchagina o‘spiringa qovoq osib, qo‘rslik qilib yurgandi, bir kun tush ko‘rdi: otasi uyi eshigi oldida xafa holda paydo bo‘lib, yerga qaragancha turaveribdi. Nega keldingiz, ota? – deb so‘rasa, ro‘parasidagi qo‘shni uy tomon bir boqiptig‘-yu g‘oyib bo‘libdi.
Tushini kimga aytardi, albatta, kampiriga-da. U bilan birgalikda tuproq changitib katta bo‘lgan, bir vaqt shu qishloqning qizi edi. Aniqrog‘i, sobiq sinfdoshi. Bir-birlarini Layli-Majnundek yaxshi ko‘rishardi. Yigitcha ilk ko‘klam kunlari chuchmomalar chaman ochilgan kezlari gullarni dasta-dasta qilib dastro‘moliga o‘rab, maktabga olib borardi-da, qizaloqqa pinhona uzatardi. Bu paytda qizning yuzlari tong quyoshi misol bir yorishardiyu keyin chuchmomalarni matodan tikilgan jild sumkasiga avaylab solib qo‘yardi.
U paytlar bunday jasoratli sevgi izhoriga nafaqat bir oddiy tandirchining o‘g‘li, hatto qishloqning manaman degan kattasi bo‘lgan raisning erkasi ham botina olmasdi. Lekin Jamol tabiatan sho‘x-shodon, chapani bo‘lgani uchunmi bunday “andishasiz” harakatni oddiy hol deb tushunar va mabodo biron kimsa buni ko‘rib yoki bilib uning yalpoq qulog‘idan cho‘zish u yoqda tursin, ozgina tanbeh bersin-chi, o‘sha odam bilan mushtlashishga ham tayyor edi. Balki uning avlodlari tandirsozlik qilish uchun loy pishitganlarida ana shunday chayir va g‘ururli odamlarga aylanishgandir.
Taqdir ekan, nihoyat ular turmush qurishdi va afsuski, yigirma yilcha birga yashab ham farzandli bo‘la olishmadi. O‘shanda er-xotinning yoshlikdagi g‘animlariga hech o‘xshamagan gap topildi-qoldi: go‘yoki Jamol olis yigitlik paytlarida qo‘shnisi tabib boboning o‘t tushgan boloxonasidagi xashakni o‘chirayotganida pushti kamari kuyib ketganmish. Xullas, shuncha yil birga yashab qo‘yishdimi, endi nima qilish kerak? Jamol va Mohigul bir qiz asrab olishdi. Oq yuvib, oq tarab katta qilishdi. O‘n besh kunlik oydek bo‘lib yetishdi. Institutga o‘qishga kirdi. Bir kun qishloqning ko‘chasida zulukdek qora mashina ko‘rindi-yu, chol-kampirning pastqamgina uyi oldida to‘xtaganida qo‘ni-qo‘shnilar angrayib qolishdi. Oxir-oqibat o‘sha savlatli mashinadagi olifta sovchilar sabab chol-kampir istar-istamay yakkayu yagonalarini olis shaharga uzatishga rozi bo‘lishdi. Chunki qariyalarning o‘zlari ham yoshliklarida bir-birlarini qanday sevganliklari va muhabbat bir qo‘shiqda aytilgandek, ayrilmas balo bo‘lishini hamon shirin tushdek unutishmagandi.
To‘ydan keyin esa o‘zi shundoq ham bo‘m-bo‘sh uylari qishki yaylovdagi kimsasiz o‘tovdek huvilladi-qoldi. Na shunday g‘amgin kezlarda er va xotin o‘zlarining xayolidan o‘tayotgan alamli va andishali o‘ylardan ich-etlarini kemirishar va albatta, shunday bo‘lsa-da hamon hayotlarini bir-birlaridan sira ayro tasavvur eta olmasdilar. Uzatilgan asrandi qiz esa po‘rim eri bilan oyda, yilda bir kelib, chol-kampirga qimmatbaho kiyim-kechagu bir dunyo ro‘zg‘or masalliqlarini tashlab ketardi. Biroq bularning hammasi kuchdan qolib, ko‘ngli tobora noziklashib borayotgan chol-kampir uchun yolg‘on yupanchdek tuyulib, kundalik diydor va ozgina mehr oldida sariq chaqachalik qiymatga ega emasdi.
Ana shunday kunlarning birida kampir eriga tasalli berib, “Harholda bekor yashamadik, cholginam, - dedi asta yerga qarab. – Yodingizdami, o‘shanda onangiz aytib bergan voqea. Chaqaloqligingizda o‘pkangiz qattiq shamollab qolgan ekan, agarda shu ro‘paramizdagi qo‘shnimizning tabib bobosi bo‘lmaganida siz va men shuncha yil birga yasharmidik. Shunisiga shukr qiling, cholginam”.
Shu topda erining ko‘ngli yorishdi. Axir xotini to‘g‘ri aytayapti. Asrandi bo‘lsa ham bolasi, undan ko‘rgan ikki nevarasi bor. Lekin endi ular shaharchi, bu qishloqqa kelishmaydi, to‘g‘rirog‘i, kelishadi, shunchaki, chol-kampirning ko‘ngli, e, bu yog‘ini aytsa havo almashtirish, sayr uchun.
Ha, kampirining yodida ekan. Jamol o‘sha bolalik paytlarida qattiq shamollaganida bu dunyodan ketishi tayin bo‘lib qolgandi. Joyi jannatda bo‘lgur qo‘shni tabib bobo qandaydir o‘t-o‘landan dori tayyorlab, Jamolning onasiga berdi-da, go‘dak omon qoldi. Taqdirni qarangki, yana tabib boboning avlodi bilan qo‘shni. Qaytar dunyo ekan, bungacha dalaning bir chekkasida uning otasiga qo‘shni bo‘lib yashashar, boloxonasiga o‘t tushganda, u paytlar azamat, chayir yigit Jamol lovullab yonayotgan xashaklar o‘ramiga o‘zini urgan, yalang qo‘l bilan g‘aramlarni ko‘chaga uloqtirgandi. Kiprigu qoshlari kuyib ketganiga qaramay dahshatli olovni yenga olgandi.
Bu voqeaga ancha yillar bo‘lgan, tabib boboning o‘g‘li dunyodan o‘tgan, lekin chamasi o‘g‘li va keliniga bu haqda indamagandi. Shu sabab Guljahon o‘sha paytdagi abjir, yigit endilikda soqoli oppoq oqargan cholning nasihatlariga yov qarash bilan javob qilardi: “Ha, mayli, – o‘ylardi chol ajib taskin topib, – harxolda qaynotasining uyi yonib kul bo‘lishidan saqlab qarzimni uzgandim. Endi bu dunyodan... ha, nachora armonsiz ketarman”. Birozdan so‘ng ko‘ngli yana g‘ashlanardi.
Ana shunday kunlarning birida u qayta tush ko‘rdi: otasi unga norozi qiyofada qarab turganmish. Yonida tandir... Va ajabki, birdan ro‘para qo‘shnisi Guljahonning Normat o‘g‘li paydo bo‘libdi.
Chol bu safar tushini kampiriga aytmadi. Nima qilaman yana o‘tmishimizni eslatib, deb o‘yladi. Yigitchaning tandir tayyorlashga ishqibozligi, hovli etagida uyulib yotgan tuproqni loyga aylantirayotgani Jamol otada nevarasi misol Normatga mehrini oshirdi. Ana endi yetti avlodi tandirchi o‘tgan qariyaning ko‘ngli joyiga tushdi.
– Bolam, qo‘ling ancha kelib qolibdi, – dedi qariya ertasiga jilmayib. – Bo‘sh paytingda chiqaver, birgalashib ishlayveramiz. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsin, qishlog‘imizda donimiz mo‘l. Demakki, nonimiz mo‘l bo‘lishi uchun tandirimiz ham ko‘p bo‘lishi kerak.
Shu kuni bozordan qaytgan Guljahon sigiri ma’rab bezor qilgach o‘g‘lini qarg‘adi:
– Ha, qulog‘ing qurg‘ur, ertalab mendan keyin yana uyquga ketgansan, shekilli, molning ahvolini qara. Bor, boloxonadan xashak olib tush.
Normat qovog‘ini uyib, narvondan ko‘tarila boshladi. Qorong‘uda oxirgi zinasiga oyoq qo‘ygandi, bir silkindi-yu, boloxona ustunini tutolmay pastga quladi. Yerda esa xashak maydalaydigan zil-zambil jodi yotardi. Yigitcha biqinidagi qattiq og‘riqdan azoblanib yig‘lar, o‘rnidan qo‘zg‘alish u yoqda tursin, cho‘kkalab o‘tirishga ham madori kelmasdi. Baqir-chaqirni eshitgan Jamol ota ko‘chaga chiqdi-yu ahvolni bilib qo‘l telefonida tez yordam chaqirdi. Doktorning hay-haylashiga qaramay men buvasiman degancha mashinadagi Normatning yoniga chiqib oldi.
Chol qabulxonada Guljahon bilan ancha kutib qoldi. Bir payt uning ro‘parasiga oq xalatli xipcha kishi chiqib keldi.
– Siz buvasimisiz? – so‘radi u choldan, keyin javobini kutmayoq davom etdi: – Nabirangizning oyog‘i sinibdi. – Mayli, tuzalib ketar, lekin... – uning ovozi titradi. – Bitta buyragi yomon jarohatlangan. Olib tashlashga to‘g‘ri kelmasa bo‘ldi.
Guljahon dod solib yig‘ladi:
– Voy, bolam-a, yolg‘izginam-a! Ollohim, nima gunohim uchun boshimga shunday kulfat solding?!
Jamol otaning serajin peshonasidan muzdek ter chiqib ketdi. Qo‘llari bilan shimi cho‘ntaklaridagi ro‘molchasini axtarar ekan:
– O‘g‘lim, agar shunday bo‘lsa bolamga mana men buyragimni beraman, – dedi shoshib. – Ichmaganman, chekmaganman, qara, soppa-sog‘man.
Guljahon birdan yig‘idan to‘xtab, cholga baqirdi:
– Voy, siz qari cholning buyragi kimga kerak! – So‘ng doktorga qaradi. – Mana men onasiman, bolam uchun jonimni ham berishga tayyorman.
Doktor bu gaplardan garangsiradi-da “Kutib turinglar-chi, aniq javobini keyinroq olasiz”, – degancha xonasi tomon yo‘l oldi.
Bir necha kun o‘tgach Normat gipslangan oyoq bilan kasalxonadan qaytdi. Doktorlar zo‘r ekan, jarohatlangan buyrakni davolashibdi.
Jamol ota va Mohigul xola Normatni ko‘rgani chiqishdi.
– Mana, bu o‘zing yasagan tandirda yopilgan non, – dedi ota ularni xontaxta ustiga qo‘yarkan. – Tuppa-tuzuk shogird bo‘lib qolibsan. – Keyin Guljahonga qaradi. – To‘g‘rimi, kelin?
Kelin esa bir paytdagi o‘z o‘g‘lini qarg‘agani yodiga tushdi shekilli, shoshib: “Ha, ha, siz faqat duo qilib tursangiz bas”, – dedi uyalgancha. Keyin o‘yladi: “Onaning qarg‘ishi o‘tmaydi deyishardi. Nima, o‘g‘limning narvondan yiqilishi tasodifmi? Uf-f, baribir yaxshi niyat qilish kerak ekan”.
Bu vaqtda qariyaning ko‘zlarida yosh miltilladi. Uning xayolidan nima o‘tganini faqat o‘zi bilardi: “Ha, ota-bobolarimiz odamlarga yaxshilikni ravo ko‘r deganlari hozir ham amalda. E, buyog‘ini aytsam, endi yetti avlodimda davom etgan tandirsozlik hunari qishlog‘imda ham yashayveradi”.
Ko‘chaga chiqishdi. Jamol ota qo‘shnisining uyi biqiniga tunov kuni oqshomda o‘zi ekkan ikki tup o‘rik daraxti oppoq gullay boshlagandi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.