Shu haqda o‘yladimu shoxlari ayqash-uyqash yovvoyi olma, bandlari sertikan, qip-qizil na’matak, egri-bugri tolu go‘shtidan ko‘ra danagi katta o‘rikkacha ko‘zimga ko‘rinib ketdi. Tavba, hatto sim-sim yog‘ayotgan yomg‘irning ham boshqacha — chuchmal suvini tuygandek bo‘ldim. Ajabki, qahramonim ham shu bog‘ga mos, ya’ni xulq-atvoriyu o‘zini tutishi odatdagi odamlardan bo‘lakchadek tuyulardi. Xullaski, men viqorli, bag‘rikeng va pokiza yovvoyi bog‘ni ham, qahramonimni ham shundoqqina ko‘rib turardim.
Qahraton qishda latta qo‘lqopu paxtalik nimcha kiyvolib, tosh-metin muzlab yotgan yerni naq bo‘yi baravar zil-zambil lo‘m bilan teshib, daraxt ekkan odamni ko‘rganmisiz? Yoki hali muz tugamasidan erta bahor tashvishida qaddi dol bo‘lib qop-qop mevali daraxt danaklarini orqalab, qaysidir huvillab yotgan tepaliklarga ariq olib, sadafdek qadab chiqqan kimsani-chi? Ko‘chatlarni ekib, ko‘kartirib qo‘yganidan keyin kimdir unga «Hoy, bog‘bon amaki, bu teraklarni qancha yildan keyin kesib pullaysiz?» desa u ajablanib: «Bu nima deganing, birodar? Mening vazifam kesish emas, ekish. Pul qilganga Xudo insof bersin. Yana shunaqa daraxt eksin», deydi astoydil jahli chiqib.
Goho bunday odamlar «osmondan tushgan emasmikan», deb o‘ylab qolaman. Aslida esa ular birimizning otamiz yoki aka-ukamiz. Ha, ular ham odam naslidan tug‘ilganlar.
Bu gaplarni aytayotganligim sababi shuki, barchamiz ham, jumladan, biz samoviylar deb o‘ylaydigan insonlar ham aslida Yaratganning bandalaridir. Kimning nasli ekanligimizni unutmasak bas.
Endi qahramonimning xulq-atvoriga qaytaylik. Bir kuni komxo‘z mudiri shaharlik hunarmandlarning qutqusiga uchdimi yoki yomon ko‘rindimi, yoz bo‘yi naq o‘nta daraxtning soyasini beradigan azim chinorni kesdirib qo‘ydi. Bizning qahramon ertasigayoq mudirga ro‘para keldi. Dediki, kim sizga bunday huquq berdi, ruxsatnomangiz bormi?
Mudir na kulishni, na kuyishni biladi. Kerza etik kiyvolib, almoyi-aljoyi gaplarni aytib yuradigan allaqanday odam unga aql o‘rgatmoqchi, buning ustiga kimsan komxo‘z mudiriga. Xohlasa ekadi, xohlasa kesadi, bu uning ishi. To‘g‘rirog‘i, unga buyurilgan ish. Kim haq, kim nohaqligi to‘g‘risida bog‘bonimiz ko‘pam tortishmadi, buning sababi keyin ma’lum bo‘ldi. Qishloqda bog‘bon mudirni sudga berganmish, degan mish-mish tarqaldi.
Bir kuni, qaysi xususiyatini yozsam ekan, deb uni gapga solmoqchi bo‘lib axtardim. U esa qayerda deng — ikki tomonidan kuniga minglab mashinalar g‘iz-g‘iz o‘tadigan markaziy ko‘cha chetida yig‘ma dala-bog‘ stulida oyoqlarini chalishtirgancha termosdan piyolaga choy quyib, xo‘plab o‘tirardi. Savlatli mashinalarda o‘tayotgan tumanning kattalarigayam, kichiklarigayam, hatto ajablanib qarayotgan notanishlargayam bepisand. Bunday beparvolik o‘ziga ham yoqadi shekilli, boshini baland ko‘tarib, atrofga mag‘rur nazar tashlab qo‘yadi. Axir u mag‘rurlansa arziydi-da. Bugun ham ancha ish qilib qo‘ydi: bahorda ekkan daraxtlarining tagini yumshatdi, sug‘ordi, na’matakka ulangan atirgullarning yovvoyi shoxchalarini qirqdi. Shunday bo‘lgach, ko‘chma choyxonasida u huzurlanmay, kim huzurlansin!
Buni qarangki, uncha-muncha odam daraxt ko‘kartirolmagan toshloq yerlarda uning nihollari yashnar, ko‘kka bo‘y cho‘zar, hosil berardi. «Oh-oh, — deydi u o‘tgan-ketganlarga. — Bu yurtning tuprog‘i oltin. Toshda ham g‘uncha gul ochadi. Ko‘chat ekish — rohat».
Gohida bog‘ stuliyu, termosi, ish qurollari kunlab ko‘chada qolib ketadi. Uni bilganlar ha, bog‘bon amaki shu yerda ishlayotgan ekan-da, deb qo‘yadi. Na biron muttaham o‘g‘irlashga va na biron hazilkash berkitib qo‘yishga jazm etoladi.
Xullas, u haqdagi antiqa gaplardan battar ajablanardim.
Emishki, bir kuni qulupnaychi dehqonlar bilan bahslashib qolibdi. Bahsning sharti shu bo‘liptiki, qahramonimiz poyezdni qulupnayzor yonida to‘xtatib, hosilni unga yuklab ketarmish. To‘g‘ri, xuddi shu yerdan shahar chekkasiga qatnaydigan poyezd o‘tardi. Ha, o‘tardi, lekin bekat yo‘q edi. Hamma gap shunda-da! U poyezd mashinistini qanday ko‘ndirgan yoki sehrlagan — har holda odamlarni hayratda qoldirib, so‘zining ustidan chiqibdi.
Bunisiyam mayli. Yana bir bahslashganida vertolyotni qulupnayzorga qo‘ndirgani haqidagi gaplar hammani hayratga solardi.
Shunday qilib, u menga bu gaplarni jiddiy va hech bir ehtirosga berilmay so‘zlab berdi va men esa bu hangomalarni boshqalardan eshitganim uchun rostdan ham shunday bo‘lsa kerak-da deb, ishonib borardim.
O‘zining ajabtovur tabiati odamlarning e’tiborini tortayotganini u sira bilmasdi. Yoki bilsa ham parvo qilmasdi. Qolaversa, biz uchun g‘alati tuyulgan egasiz yerlarga beminnat, tekin, yoyinki, hisobchilar aytmoqchi «o‘z hisobidan» bog‘-rog‘lar qilish va ulardan zarracha manfaat ko‘rishga intilmaslik, nafaqat intilmaslik, hatto o‘ylamaslik ham odamlarning unga nisbatan ayricha qarashlariga sabab bo‘lardi. Ha, noshukur bandalar-a! Emish-ki, u kishi haqida qancha ko‘p g‘alati gaplarni aytishsa, shuncha ko‘p gunohi to‘kilishi uchun ham shunday ishlar qilib yurarmish.
Kezi kelganda bitilajak asarimga yana bir personajni kiritgim kelib qoldi. Boshida qalamga olgan komxo‘zning qorovul yigiti bor edi. Vazifasi almisoqdan qolgan, eshigiyu derazasiga qachon qaysi rangli bo‘yoq tekkanini bilib bo‘lmaydigan, jaziramada hovuri chiqib yotadigan pastqamgina beton binoni qo‘riqlash. Bizning idoramiz ham xuddi shu bino yonginasida bo‘lgani uchun bir kuni hasharlashib atrofiga 10-15 tup terak ko‘chatlarini ekdik. 3-4 kun o‘tgach, bundoq qarasak ko‘chatlardan nom-nishon yo‘q! Kimga arzimizni aytamiz, albatta qorovulga-da.
U esa qotib-qotib kuladi: «Hoy insonlar, ishni ko‘paytirib nima qilasizlar, axir ertaga teraklar bo‘y cho‘zsa, bizning ham ishimiz ko‘payadi. To‘kilgan barglarini supurishimiz kerak». Bu gaplardan keyin kim osmondan tushganu kimning oyog‘i yerdan uzilgan ajrating-chi?!
Xayolimga negadir bot-bot yovvoyi bog‘ manzarasi kelaveradi. Aytganday, bu bog‘ni qayerda ko‘rgan edim? Ha, yodimga tushdi, tog‘da!
Yozning qaynoq kunlaridan birida o‘t-o‘lanlar chirmashib yotgan so‘qmoqlardan ko‘tarilib borardik. Qanchalik yuqorilaganimiz sayin shunchalik hayratimiz oshardi. Atrof go‘zal va purviqor edi. Bunday manzaralarni ko‘p ko‘rganman: tog‘ning yalangligiga chiqsangiz ro‘parangizda mana-men deb mag‘rur yana bir o‘rkach turadi. Odam tabiati shunaqa, yana yuksaklikni qo‘msaydi. Bizda ham shunday bo‘ldi. Kel, shunisigayam chiqa qolaylik dedik va yo‘l-yo‘lakay yelim xaltalarimizga isiriq, do‘lana, na’matak kabilarni terib oldik. Yoz bo‘yi shu yerda xordiq chiqarayotgan do‘xtir hamrohimiz esa allaqanday o‘t-o‘lanlarni yulib olar, biz eshitgan-eshitmagan nomlarni aytar va muhimi, bu giyohlar qaysi xastalikka davo-yu qanday ishlatishni maydalab tushuntirib borardi.
Daf’atan yalanglikda bodomzorga duch kelib qoldik. To‘g‘rirog‘i, bodomzoru men hozirgacha ko‘rmagan butazor, sal narida olmazor, allaqanday daraxtlarga chirmashib yotgan pechaksimon o‘simliklar, odamni sarxush qiluvchi hid qayerdandir, ehtimol, bundan ham yuqoridan, tog‘li cho‘qqidan oqib kelayotgan jilg‘a hammamizni sehrladi qo‘ydi. Ajab, bunday yovvoyi bog‘ qanday paydo bo‘ldi ekan? Shunchalik balandda, tog‘u toshlar orasida?! O‘z savolimga o‘zim javob topgandayman: tabiatga tasanno! Biz ham uning bir bo‘lagi. Yuksaklik, beg‘uborlik, bag‘rikenglikni yo‘qotmay yashamoq kerak.
Besabr bolalardek bodom daraxtlariga tirmashdik. Qaysi birimizningdir bo‘yimiz yetib, hosilni terib, cho‘ntakka urdik. Boshqamiz pastdan turib toshmi, allaqayerdan topib kelgan kaltak bilanmi mevasini urib tushirdik. Yana boshqamiz shoxlarini bexosdan sindirib oldik. «Namuncha achchiq, — dedik birimiz aftimizni bujmaytirib, — shunga ovora bo‘lib yuribmiz». Do‘xtirimiz aql o‘rgatadi: «Shu achchig‘i davo-da, aslida ko‘p dorilar tog‘ o‘t-o‘lanlaridan tayyorlanadi. Shifobaxsh o‘simliklarni tabiatning o‘zi yaratib qo‘yibdi».
Mayda-mayda ko‘rimsiz, lekin sal qizargan tog‘ olmasidan tatidik. Anchadan beri biz tuymagan allaqanday shirin maza berardi u. Do‘xtirimiz yana gapiradi: «Ekologik toza, nihoyatda shifobaxsh».
Men esa bu o‘t-o‘lanlar tabiat hosilasi bo‘lsa, shuncha balandlikka bodomlarni kim ekkan, deb o‘ylayman. Buning ustiga pishib yetilgan shirin mevasiga hech kim tegmagan. Yuragim tub-tubidan javob keladi: e, xayolparast, uni tabiatning bir bo‘lagi bo‘lgan sen kabi inson ekkan, mevasi bir o‘zi uchun emas, yo‘lovchilar, hamma uchun. Shunday yurt bilan, shunday odamlar bilan faxrlan!
To‘satdan momoqaldiroq gumburladi. Tog‘lar qo‘rqinchli aks-sado berdi. Bu ovoz kuchidan allaqayerdadir harsang toshlar dumalab ketdi shekilli, bo‘g‘iq hayqiriq anchagacha elas-elas quloqqa chalinib turdi.
Sharros yomg‘ir quydi. O‘zimizni butalar orasiga oldik, lekin baribir shalabbo bo‘ldik. Keyin birpasda qo‘l uzatsa yetgudek, qora bulutlar qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Atrof yorishib, baxmaldek tovlandi. Ko‘ylaklarimizni yechib qaradik, zarracha g‘ubor yo‘q. Demak, butazorlar ham chinnidek, toza, pokiza.
Eh, bu yuksaklik, musaffolik!
Shamollab qolsak kerak deb o‘ylagandik. Qayoqda! Ona sutiga to‘ygan chaqaloqdek bardam va tetik edik.
O‘ylarimni yozayotib, shu yerga kelganda ilkis derazam ortidan «chiq-chiq» etgan ovozni eshitdim. Xayolim bo‘linib, eringancha o‘girildim. Yo tavba, tushimmi, o‘ngimmi? Qahramonim — allaqachon quyoshda qorayib ulgurgan o‘sha kishi tok qaychi bilan o‘tgan kuzda ekkan anor ko‘chatlariga shakl berardi.
Allaqanday kuch meni tashqariga undadi: eshiging tagida begona ishlasa-yu, sen muk tushib o‘tirasanmi. Tur, unga yordam ber.
Belim qaqshab, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Ko‘chaga chiqdim. Sezmabman. Anhorga bo‘tana suv kelibdi. Havo yoqimli, o‘rigu bodomlarning guli aralash muattar is, go‘yo jannat isi kelardi.
Bog‘bon yoniga bordim. Tok qaychini qo‘lidan olib qarashmoqqa chog‘landim. Qiziq, u niyatimni qayerdan bildi, ishidan ko‘z uzmay gap boshlab qoldi: «Balli, bolam! Niyat qilganingni o‘zi katta gap. Rostdan ham yaxshilar ko‘p. Xudo xohlasa, hademay hammayoq anorzor bo‘ladi. Bola-baqra yeydi. Odamdan shu qoladi-da».
Ko‘zimga kech kuzda quyosh nurida shu’lalanib oqayotgan anhordagi katta-katta qizg‘ish anorlar ko‘rindi va o‘yladim: tabiiylikda yuksaklik, ezgulik bor ekan. Bunday bog‘lar ham ko‘payaveradi.
Endi chizgilarimni muxtasar qilsam bo‘lar. Uni kim qanday tushundi, o‘ziga havola. Men esa shunday gapni aytmoqchiydim: bu g‘animat dunyoda aslimizni unutmay mag‘rur va pokiza, ezgulikka yo‘g‘rilib yashamoq kerak.
Buni qanday ifodalamoqchi ekanligimni siz bilan fikrlashdim, xolos. Asarni esa nasib etsa yozarman.