OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdusattor Hotamov. Ammamning buzog‘i (hajviya)

Ko‘chadan bolalarning qiyqirig‘i eshitilishi bilan xotinimning peshonasi tirishdi:
— Uf, yana kelishdi.
Uning bu so‘zidan dami chiqib ketgan pufakdek bo‘shashib ketdim.
— Eshikni ochmay qo‘ya qolamiz. Qo‘ng‘irog‘ini jiringlatib, uyda emas ekanlar deb, qaytib ketaverishadi, — dedi xotinim qovog‘idan qor yog‘ib.
— Esing joyidami? — dedim men yelkamga to‘nimni tashlab. — Bizni odam deb kelishayapti axir.
Xotinim to‘ng‘illadi:
— Na vaqtida yotishga qo‘yishadi, na dam olish kuni hordiq chiqarishga.
Ammamning mahallasidan kvartira olganimizga yarim yil bo‘lib qoldi. Shundan beri bordi-keldining keti uizlmaydi. Ammamiz yangi uy qurishgan. Hozircha hammomi yo‘q. Shuning uchun yuvingani biznikiga kunora kelib turishni kanda qilishmaydi.
Eshikni ochgunimcha yo‘lakda mehmonlarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozi eshtilib qoldi.
— Nima balo, darrov uxlab qolishdimi? — Bu ammamning tovushi.
— Ie, kelinglar, kelinglar, — dedim uyqusiragan ko‘zlarimni ishqalab eshikni ocharkanman, keyin boshqa gap topolmay so‘radim:
— Tinchlikmi?
— Kecha hasharchilar bilan bo‘lib toza charchagan ekanmiz. Bir vannaga tushaylik deb kelayotganimiz.
— Ajab qipsiz-da ammajon, qani ichkariga kiring.
Bu orada ammamning nevaralari shovqin-suron ko‘tarib kirib kelishdi. Karovatlarda tinchgina uxlab yotgan bolalarim cho‘chib uyg‘onishdi. Ichkaridan peshonasini tirishtirib xotinim chiqdi.
— Ha, kelinposhsha, namuncha shu paytdan yotib olmasangiz. Kun yilday-ya, — dedi ammam ko‘rishar ekan.
— Kecha charchab qolibmiz, — dedi xotinim yasama iljayib. — Bugun zo‘rg‘a ishga borib keldik.
— Yosh narsaga charchashga nima bor. “Dom”da ish yo‘q bo‘lsa. Qani, menga toza sochiq bering. Bir yuvinib chiqay. Chiqqunimcha achchiqqina choy damlab qo‘ying.
Ammam bilan bir mahallada ekanimizga dastlabiga rosa xursand bo‘ldik. Negaki, bir-birimiznikiga chiqib turamiz. Lekin masalaning boshqa tarafi ham bor ekan. Er-xotin shanba kuni ham ishlaymiz. Har haftaning o‘rtalarida ammamiznikidan xushxabar keladi: bu yakshanba mehmon kutamiz, kelib qarashvoringlar. Boshqa bir yakshanba hasharga chaqirishadi. Tomorqani chopamiz. Xullas, har yakshanba xo‘roz qichqirmasdanoq ammamiznikiga yo‘l olamiz. “Bugun maktab yo‘q-ku, bir pas yotay”, degan bolalarimizning qulog‘idan cho‘zib turg‘azamiz. Ammamning jahli yomon, vaqtida borishimiz kerak.
Ammam vannaxonaga kirib ketganiga bir soatdan oshdi. Jimlik.
— Qarang, uxlab qoldilarmi, yuraklari yomon edi, — deydi xotinim chimirilib.
— Sen turganda men qaraymanmi, farosatdan ham bor-da.
— Ammajon, — deydi u ovozini yumshatib, — yaxshi yuvinayapsizmi? Yuragingizdan odam qo‘rqadi, ko‘p o‘tirmang.
— Voy, otdek bo‘lib ketganman, — deydi ammam ichkaridan, — o‘n soat o‘tirsam ham hech balo qilmaydi, kelin.
Yarim soatdan keyin ammam vannaxonadan chiqdi.
— Voy, vo-ey, vannani chiqargandan o‘rgilib ketay-ey! Qani, choyingizni olib keling. Keyin nevaralarimni bir yuvintirib yuboring-chi.
Bu gapni eshitib xotinimning qovoq-tumshug‘i battar osilib ketdi. Vannaxona eshigi qulfini sharaqlatib yopib oldi. Birozdan keyin u bilan kirib ketgan kir-chir bolalar xuddi inkubatordan chiqqandek top-toza bo‘lib xonada paydo bo‘lishdi. Xotinim terlab-pishib ketibdi.
— Kelin, — deydi ammam unga. — Avval kelganimda chit ko‘ylak tashlab ketgandim. Dazmollab qo‘ygan bo‘lsangiz bering, kiyib olay.
— Voy ammajon, hali vaqtim bo‘lgani yo‘q.
— Yosh narsaga birpaslik ish-ku. “Dom”da nima ish bor, axir.
Xotinim indamay qo‘ya qoldi. Yakshanba siznikiga borishdan bo‘shamasam nima qilay, deyolmadi. Nihoyat mehmonlar ketishga shaylanishdi.
— Qola qoling, ammajon, — deymiz uyqusizlikdan bir esnab olgach. — Vaqt allamahal bo‘lib qoldi.
Ammam o‘z so‘zida turib oldi.
— Bu churvaqalar bilan bu yerda yotib bo‘larmidi. Ha, aytganday, keyingi yakshanba ertaroq boringlar. Daraxtlarni butash kerak.
Mehmonlar ketishgach, xotinim boshladi:
— Ammamning buzog‘isiz-a, nima desalar, xo‘p deyaverasiz.
— Ammamning buzog‘i? Ha, yaxshi eslatdingiz, ertaroq borsak, sigirlari buzoqlagan, sut ham ichib kelamiz.
Xotinim to‘ng‘illay-to‘ng‘illay vannaxonaga kirib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.