OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abu Bakir. Olishuv (hikoya)

Biyday adirda yantoqlarning echkilar kemirib tashlagan butoqlari uning zo‘rg‘a bosib kelayotgan qadamlarini orqaga tortadi. Yurgan sari oyoqlari og‘irlashib, xos-bexos qayrilib ketar, o‘ziga bo‘ysunmagandek sudralib-sudralib orqada qolardi. Pastki jag‘lari og‘irlik qilganday, har zamonda so‘yloq tishlari ko‘rinib g‘ijirlab ketardi. Ko‘zlarini bazo‘r ochar, bir qadam naridagi narsani ko‘rish mumkin-u, uzoqlarga tikilishga mador ham, hafsala ham yo‘q edi.
Ilgargidek mag‘rur boqishlar, o‘tkir nigohlar bilan ziyrak termulishlar qani...

* * *

Hov bir paytlar uning nigohidan hech bir sharpa qocholmasdi. O‘tovdan sal teparoqda joylashgan maydontoshda orqa oyoqlarida cho‘nqayib o‘tirib olib olislarga shubhali, tamshanib, serjahl termular, quyoshning qanday botishini kuzatgandek tikilib o‘tirardi.
Kechki podasanoqdan keyin u biroz yengil nafas oldi. Yana o‘sha maydontoshga chiqib o‘tirdi. Kim bilsin uning bu odatiy ishni nima maqsadda qilishini. Balki haqiqatdan ham quyoshning botishini tomosha qilar. Paltoning qora tugmasidek burnini xavoga nuqib bir nimalarning hidini oladi go‘yo. O‘ngu so‘lga qarab havoni iskaydi. Ko‘zlarini katta ochib, quloqlarini ding qiladi, baquvvat old oyoqlarini qizigan maydontoshga tirab, tug‘ilganda bus-butun bo‘lgan, endi esa to‘rt enlik tumtoq dumini bilinar-bilinmas qimirlatib qo‘yadi. U yoshligida bu toshga chiqolmasdi. Shalpang quloqlarini osiltirib, dumini likillatib atrofida aylangani-aylangan edi. Bir-ikki marta uning maqsadini anglagan cho‘pon uni ko‘tarib toshga chiqarib qo‘ygandi. Shundan beri maydontosh uning qarorgohi. Ko‘pni ko‘rgan cho‘pon-cho‘liqlarning aytishicha, o‘lganiga ko‘p yil bo‘lgan Loma ham butun umrini xuddi mana shu joyda o‘tirib o‘tkazgan. Loma Ko‘kbo‘ri kuchga to‘lib o‘zini ko‘rsatmaguncha yaqin atrofga biror jonzotni yaqinlatmagan ekan. Uning haybati shu darajada bo‘lganki, Amudaryo to‘qaylarida yurgan yo‘lbarslar ham Shaytondaradan bu yog‘iga o‘tisholmagan. Qachonki, Ko‘kbo‘ri yoshiga yetib, kuch-qudrati bilan Bobotog‘ etaklarini o‘z tasarrufiga ola boshlagach, yoshi bir joyga borib qolgan Lomani bir kechada maydontoshning o‘zida yakson qilib ketgan.
Bu shalpangquloq ham shu toshga intiq bo‘laverib, chiqishga harakat qilavergach, cho‘pon-cho‘liqlar o‘zlaricha, «Shu cho‘ppol Lomaning izini ham bosadi-yov» deb unga ham Loma deb nom berishdi. «Loma»ning ma’nisini hech kim bilmaydi. Cho‘pon-cho‘liqlar o‘rtasidagi mish-mishga qaraganda olis tog‘laru daryolar, ko‘llaru cho‘llar ortida, dunyoning katta qismini egallab yotgan suvlarning narigi yog‘ida bo‘ridan katta, palangdan kichik, jondorsifat Loma degan jonivor yashar ekan. Yaqin atrofda yagona ism bo‘lgani kamdek, o‘zi ham betakror bo‘lib yetishdi. Uni ko‘rganda odamning taniga titroq turadigan, etxo‘rlar dumini qisib olislarga qochib qoladigan bo‘lishdi. U it zoti yashashi mumkin bo‘lgan yoshni ortig‘i bilan yashadi. Uning hayotiga hech kim xavf sololmadi. Qachonki, Shaytondarada Ko‘kbo‘ri paydo bo‘lmaguncha. Ko‘kbo‘rini bir marta yaqindan ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan yakkayu yolg‘iz cho‘pon hamrohlariga shunday hikoya qilib bergan: «Shaytondara o‘rtasida katta-kichik shu yaqin atrofning o‘n-yigirma chog‘li bo‘ribosar itlari to‘da bo‘lib turibdi. Yer tizza bo‘yi qor. Itlar gir aylana bo‘lib, goh o‘rtaga talpinadi, goh orqaga tisariladi. Bozor cho‘ponning ayiqday keladigan iti to‘da o‘rtasiga hammadan oldin xadaxalab kirmoqchi bo‘ladi-yu, yurak betlolmaydi. To‘da o‘rtasida esa ulkan Ko‘kbo‘ri vajohat bilan hurpayadi. Uning bo‘riligiga shubham bor birodarlar. Ko‘zimga sher bo‘lib ko‘rindi. Gala o‘rtasida yollarini hurpaytirib mag‘rur turibdi. Oyoqlarini keng yoygan, dumi ham arpa yegan tarlonning dumiday gajak. Uyoq-buyog‘iga tahdidli boqib, hamlaga shaylanadi. Lablarining chetini jiyirib so‘yloq tishlarini irjaytiradi. Bir payt tishlarini g‘ijirlatib tevaragiga chang soldi. U uvillamadi, angillamadi, ulimadi ham. Unga yopishgan itlar jon talvasada uvillab, dumlarini chotlari orasiga qisib orqasiga qarab qocha boshladi. Xudo zo‘rdan zo‘rni yaratar ekan-da. Jussa boshqa ekan, yurak boshqa ekan, deya hammani og‘ziga qaratgan edi o‘shanda cho‘pon. Shundan ozgina vaqt o‘tib Lomani tinchitib ketgan Ko‘kbo‘rining qudratiga hech kim shubha qilmay qo‘ydi. Cho‘ponman deganning tinchi buzildi.
Kichkina Loma esa mana shu joyni mustahkam egallagan edi. U ham endilikda chinakam kuchga kirgandi. Favqulodda qulog‘iga chalingan ovoz uni sergaklantirdi. Oldiniga anglay olmagan bo‘lsa ham keyingilarini aniq-tiniq eshitdi.
— Loma ol, Loma bos!
Xuddi suvga sakragan g‘avvosdek bir sapchib orqa tomonga o‘girilib oldi. Chaqmoqdek miyasiga urilgan fikr podayotoqni aylanib o‘tishga undadi. Demak maydontoshga chiqib olib hid olishi foyda bermabdi. Kutilmaganda ochiq-tekis joydan bo‘rilarning suruvga hujum qilishini kutmagan edi. Bu shamolning teskari esganidan. Lomani chalg‘itishga urinibdimi, bu bo‘rilar ham anoyilardan emas. Loma podayotoqni aylanib yugurar ekan orqa oyog‘ida og‘riq sezdi. Buni og‘riq ham deb bo‘lmaydi. Qo‘rqqanda yuragi orqaga tortib ketadigandek bir hol. O‘sha Ko‘kbo‘ri bilan ilk olishuvda olgan jarohati yana esiga tushdi. U qachon bo‘rilarga ro‘baro‘ bo‘lsa, yoshligidagi Ko‘kbo‘ridan orttirgan yaradorligi ichida bir simillab qo‘yadi.
Ko‘kbo‘ri butun yaylovga nomi chiqqan, o‘zining qonxo‘rligi bilan dong taratgan paytlar. Ko‘kbo‘rining ulkan panjalari qoldirgan izlar ham cho‘ponlar yuragiga qo‘rquv solardi. Bu yerlarda cho‘pon-cho‘liq Ko‘kbo‘rini yaxshi bilardi. Odatda bo‘rilar gala bo‘lib yursa u yolg‘iz yurar, biror bir galada uni uchratish mushkul edi. O‘tgan vaqt mobaynida atay uni ovlash uchun ovchi yollab qilgan harakatlar besamar edi. Buni ba’zilar mag‘rurlikka yo‘ysa, ba’zilar uni qarib qolganga, chiqarishdi, yana birovlar esa u bo‘ri qiyofasidagi ajina deyishardi. Qo‘rquv va yo‘qotish nimalar qilmaydi, deysiz. Ko‘kbo‘ri doxil bo‘lgan makonda qiyomat-qoyim bo‘lardi. Uning bir o‘zi qilgan ishni butun boshli gala ham qilishi mushkul. Odatda qudratli bo‘rilarning tevaragiga ko‘p bo‘rilar yig‘iladi. Lekin uning yolg‘izligi jumboq edi. Uning omon yurishi sababi ham balki shundandir. Xohlagan qo‘tonga kirib kelar, qo‘ylarni yemasa ham bo‘g‘izlab ketardi. Hatto cho‘ponlarga ham hamla qilishdan toymas, dalada bo‘sh qoldirilgan eshaklarni havasiga bo‘g‘izlardi. Bir voqeadan keyin u miltiqdan qo‘rqadigan bo‘ldi. O‘shanda Loma hali biroz kichik, ayiq bolasidek paxmoq junli, yetilib kelayotgan kuchuk edi. Lekin u ham hech nima qilolmadi. Ko‘kbo‘rining bo‘g‘ziga qarab chang solganda bo‘ri chap berib, uning orqa ikki oyog‘ini qo‘shib tishladi-da yoniga uloqtirdi. Bo‘ldi Lomaning boshqa sasi chiqmadi. Kuchukni birgina o‘q tovushi asrab qoldi. Bir zamon o‘ziga kelganda podada qiy-chuv, qo‘ylar bir chekkada g‘uj bo‘lib, quloqlari tikkayib turardi.
Shundan keyin Lomaning yuragida og‘riq, oyog‘ida mana shu chandiq qoldi. Lekin Loma haqiqiy bo‘ribosar bo‘lib yetishdi. Bobotog‘ning manaman degan bo‘rilarini yer tishlatdi. Lekin Ko‘kbo‘ri....
Loma bunday paytda nima qilishni biladi. To‘g‘ridan borsa ham, chetdan aylanib borsa ham bo‘rilar bir ikki qo‘yni yorib tashlashga ulguradi. Qo‘y degani befarosat keladi. Ular Lomani ham bo‘ri deb tum-taraqay qochishadi, bo‘riga esa shu kerak. Qo‘ylarning hurkkanini ko‘rib, ular ham qochib qolishadi. Lekin o‘rtadan yugurgan it bo‘riga yetolmasligi aniq. Qo‘ylar halal beradi. Shu sabab Loma podani aylanib yugurdi. Unga qo‘y emas — bo‘ri kerak.
Cho‘ponning miltig‘idan havoga ikki o‘q uzildi. Bu vaqtda Loma yirtqich galaning yoniga yetgandi. Podaning ichidan otilib chiqqan Chinoq bilan Oqtuyoqni Loma aniq tanidi. Oqtuyoq epchil bo‘ri hech qachon Lomaga betma-bet kelmagan. Uni doim chalg‘itib kelgan. Chinoq esa Qoplonning “qadrdoni”. Xudo zo‘rdan zo‘rni yaratar ekan-da. Jussa boshqa ekan, yurak boshqa ekan. Ular bir necha marta kuch sinashgan, doimo kuchlar teng kelib biri bo‘lmasa biri chekingan. Shunday janglarning birida Chinoqning bir qulog‘i Qoplonning og‘zida qolgan. Shundan cho‘pon-cho‘liqlar bu bo‘rini Chinoq deyishadi, lekin qo‘lga tushirolmaydi. Bu gal Qoplonning oshig‘i olchi bo‘ldi. Podadan ayrilib chiqishi bilan Oqtuyoqni oyoqlari ostiga oldi. Bo‘ri buni sezmay qoldi. U har doim soyaday kelib, soyaday ketardi. Ikkalasi g‘uj bo‘lib dumalab ketishdi. Shu ketishda Loma Oqtuyoqning bo‘g‘ziga o‘tkir tishlarini botirgan, uni bir hamlada qoniga botirib ketdi. Oldiniga tepalikka qarab chopgan Chinoq birdan yo‘lini o‘zgartirdi. Loma Chinoqni ko‘zdan qochirmadi. Izma-iz uning orqasidan ta’qib qildi. Bobotog‘ning o‘rkach-o‘rkach, serqoya adirlari butun yaylov bo‘ylab irmoq-irmoq bo‘lib daralarga bo‘linib ketgan yomg‘ir suvlarining izlari bo‘ylab chopib borarkan, Chinoqning xavotiri ortdi. Orqasida arloni — Oqtuyoq yo‘qligini payqab qoldi. Sarg‘ishtob ko‘zlari olazarak bo‘ldi. Orqasidan izma-iz kelayotgan Lomaning qorasi yaqinladi. Ko‘zlari yoshlanib, yo‘lni ko‘rishda xiralashib boraverdi. Endi arloni Oqtuyoqni qaytib ko‘rmasligini anglab bezovtaligi ortdi. Vujudida qoni ko‘pirdi, jahli chiqdi. Shart to‘xtab, kaltafahim qo‘yni bo‘g‘izlagandek Lomani ham g‘ajib talagisi keldi. Niyatidan qaytdi. Oldin ham unga bas kelish qiyin bo‘lganini yaxshi biladi. Kuchiga ishonmadi. Lekin juftini o‘ylab ingrab-g‘ingshib yo‘lida davom etdi. Shunda uchib borayotgan bo‘rining xayoliga eski hiyla keldi, yugurib borarkan, ko‘ngli taskin topdi. Lomaning bu yerlarda qaytib bo‘lmasligini tasavvur qilib tani rohatlandi. Yurishini sekinlatdi va yo‘lni biroz chapga oldi. Shaytondara sari burildi. O‘zini tetik va bardam tutishga harakat qilardi. Rejasi bo‘yicha hammasi to‘g‘ri ketayotgan edi-yu, lekin yuragidagi vahima baribir bosilmasdi. Chunki bu jarliklar Ko‘kbo‘riga tegishli. Bu makonda qari Ko‘kbo‘riga duch kelishni nafaqat cho‘ponu cho‘liqlar, hatto unga qavmdosh jondorlar ham xohlashmas edi. Ko‘kbo‘ri galaga qo‘shilmaganidek o‘zining oldiga yaqinlashtirmasdi ham.
Chinoqning yo‘lni bu tarafga solishi ham Ko‘kbo‘ridan foydalanish edi. U o‘ylardiki, avvalo Loma bu yoqlarga kelmaydi, kelganda ham Ko‘kbo‘ri uni tirik qo‘ymasligi aniq. U Lomani ajal og‘ziga haydab boraman deb o‘ylardi.
Lomaning ko‘ziga hozir hech nima ko‘rinmas, faqat o‘ljasiga yetishnigina o‘ylardi.    
Chinoq esa negadir tulkiga o‘xshab yo‘lni chap solib-chap solib yugurardi. Goh o‘nga, goh chapga qo‘qqisdan burilib qolar, Loma o‘zini o‘nglaguncha ancha yo‘lni bosib qo‘yardi.
Shunda yaqinginadan Ko‘kbo‘rining uzib-uzib uvlagani eshitildi. Bu ovozni eshitish Chinoqqa ham Lomaga ham qanchalar dahshat. Hay-hay-hay! Lomaning taniga yengil titroq kirdi, biroz sekinladi.
Bu ovozni tanimay, unutib bo‘ladimi? Ammo bo‘ribosar Loma yana Chinoqning izidan tezlab ketdi. U ta’qibni to‘xtatmadi, Chinoq qochishni. Uning o‘ynoqlab yugurishi Lomaning battar qonini qaynatar, g‘azabini oshirardi. Ammo endi orasi tobora uzoqlashib borardi. Har qadamda qari Ko‘kbo‘riga duch kelishni o‘ylab taysallanib qadam bosardi. Shu payt uzoqdan o‘q ovozi eshitildi. Demak cho‘ponlar ham yo‘lga chiqishgan. Ular halizamon yetib kelishadi. Loma jonlandi, qadamini tezladi, qo‘rquv biroz chekindi. Panjalari yerga chuqurroq botar, tirnoqlari har qadamda namchil tuproqni ko‘chirib yuborardi. Chinoq xuddi Loma yetib kelgandek, dumini avvaliga havolatib, keyin orqa oyoqlari orasiga qisdi. Loma bu gal adashmasligi kerak. Bo‘rining orqa oyoqlari lapanglab tumshug‘i oldida o‘ynoqlardi. Hozir qo‘llaydigan usulini yaxshilab amalga oshirsa, Chinoq oyoqlari ostida bo‘ladi. Aks holda o‘zining og‘irligini nazorat qilolmay yiqilishi hech gapmas. Yana bir qadamdan keyin Chinoqning orqa yag‘riniga bir tomonlama zarba berish kerak. Loma xuddi shunday qildi. Baquvvat old oyoqlari bilan Chinoqning chap yag‘riniga zarba berdi. Bo‘ri esa bir g‘ingshib muvozanatini yo‘qotdi. Loma bahaybat gavdasi bilan uni butunlay yiqitib tushdi. Bu shunchalik tez sodir bo‘ldiki, endi Loma Chinoqning oyoqlari ostida yotardi. Chinoq paytdan foydalanib oldinga ilgariladi, ammo oyoqlari og‘irlashdi, bo‘ynidan pastga nimadir tortayotgandek bo‘ldi. Bu Lomaning baquvvat jag‘lari edi. Loma ko‘zlagan joyidan ushlagani uchun qimir etmay yotgan holida Chinoqning holdan toyishini kutardi. Bir muddatdan keyin Chinoq itning ustiga yiqildi, ammo befoyda tipirchilar edi. It turib, cho‘nqayib o‘tirdi. Old oyoqlarini yaladi, yugurganida terlagan burunlari ustiga yopishgan Chinoqning junlarini yalab tushirdi. Oyog‘ida negadir og‘riq tuydi. Bir-ikki qadam tashladi-da, holsizlanib uzala tushib yotib oldi. Keyin bu yerdan tezroq ketish uchun Shaytondara bo‘ylab ildamladi. Uning yo‘li unmasdi. Oyog‘idagi og‘riq borgan sari kuchayib butun taniga yoyilganday bo‘laverdi.
Bo‘ri itdan qo‘rqmaydi, u odam qo‘lidagi miltiqdan qo‘rqadi. Ko‘kbo‘ri daraning nishab yeridan tepaga chiqib, Lomaning yo‘lini kesib chiqdi. U odatdagiday irillamadi, akillamadi, Lomani xotirjam kutib turdi. Itlar bilan olishuvda qari jondor ko‘zlarini Lomaga tikib, oyoqlarini keng yoyib, yelka junlarini hurpaytirib turardi. Qadam tovushlari eshitildi. Loma irillashini qo‘ymay bo‘ynini yelkalari orasiga olib qadamini sekinlatdi. Bo‘ri ham tishlarini irjaytirib, irillab hamlaga shaylandi. Loma hujumni kutdi. Lekin hadeganda Ko‘kbo‘ridan hamla bo‘lavermadi. Bir necha vaqt shunday turib, so‘ng ikki-uch qadam olg‘a yurdi, vah-vah shunda vaziyat keldi. Bir umr kutilgan vaziyat. Ular faqat mana shu bugunni kutishdi asli. Shu bugun qachondir kelishini, ikkala juvonmard ham birga-bir qolishlarini yurak-yurakdan bilib yurishdi. Mana o‘sha vaziyat. Mana Bobotog‘dagi to‘rt oyoqlining ikki zo‘ri duch keldi. Loma orqa oyoqlariga cho‘nqayib, xuddi maydontoshdagidek o‘tirdi. Boshlarini sarak-sarak qilib, xuddi o‘ziga kelib olmoqchiday likillatdi. Tumshug‘ini oldinga cho‘zdi, havoni hidladi, o‘sha tanish hid. Bo‘ri bo‘riligini qildi, it itligini qiladi endi. Afsuski, shunday olishuv guvohsiz edi. Ko‘kbo‘ri bo‘riday hamla qildi, Loma itday himoyalandi. Ko‘zlar-ko‘zlarga to‘qnash keldi. Ko‘kbo‘ri hayqirib, o‘kirib tikka keldi, Loma ham odatdagiday unga chap bermadi, ayyorlik qilmadi, to‘g‘ri keldi. Ikkalasi ham orqa oyoqlarida tik turishdi, old oyoqlari bilan goh o‘ng, goh chap tomondan bir-birlarining yuzlariga, bo‘yinlariga zarbalar berishdi. Ko‘kbo‘rining chap tomondan old oyoqlari tirnog‘i Lomaning lunjini yirtib o‘tdi. Loma Ko‘kbo‘rining bo‘g‘ziga tishlarini botirdi. Endi baquvvat jag‘lar jangga kirdi. Ular bir-birini ayamay talar, tishlash bilan baravar oyoqlarini oldinga sermab-sermab olishardi. Loma Ko‘kbo‘rining chap jag‘ini bo‘g‘zi bilan qo‘shib tishladi, bo‘ri esa Lomaning chap qulog‘iga tish botirdi. Ikkisi ham holdan toyishdi, bir muddat shunday turishdi. Keyin Loma bor kuchini yig‘ib siltab tortgan edi ikkalasi baravar daraga yumalab ketishdi. Oldiniga xas-cho‘plar, keyin mayda-katta toshlar bilan qo‘shilib pastga sho‘ng‘ishdi. Bir-birini qo‘yib yuborishmay toshdan-toshga urilib, pastlab ketisharkan, chuqur-chuqur nafas olgancha, irillab tishlagan joylarini qo‘yib yubormaslikka harakat qilishar, ularga qo‘shilib katta-kichik toshlar ergashib yumalardi. Chang-to‘zonda jarlik pastiga ketarkan Loma tishlagan joyini noiloj qo‘yib yubordi. U endi o‘zini tutib qolishga, muvozanatini saqlashga urina boshladi. Ko‘kbo‘ri ham o‘zini o‘nglolmay nariga yumaladi. Endi ular o‘z holicha, o‘zlari bilan o‘zlari bo‘lib qolishdi. Loma bu to‘s-to‘polondan iloji boricha chetlashga urina boshladi, toshlarga urilganda har yonga o‘zini tashlar, iloji boricha, bir qadam bo‘lsa ham chetlanar edi. Bir burda bo‘lib toshdan-toshga urilib pastga borib tushdi. Tanasi xuddi kechki payt maydontoshga chiqib o‘tirganday qiziy boshladi, bo‘yin junlari orasi terlab ketdi. Lomaning ko‘z oldi qorong‘ulashdi, so‘ng hushini yo‘qotdi. Bir mahal tomog‘i qurib ko‘zlarini ochdi, allaqachon tong otgan edi. Olam yop-yorug‘, quyosh tepada qizdira boshlagan, tanasi jonsizdek o‘ziga bo‘ysunmaydi. Holsizlanib zo‘rg‘a oyoqqa turdi. Atrofga ser soldi. Bir necha qadam naridan Ko‘kbo‘rining orqa oyog‘i va dumi ko‘rinib turardi. It borib raqibini hidlab, tumshug‘i bilan oyog‘ini turtib ko‘rdi. Yengilmas Ko‘kbo‘rining ochiq, qotib qolgan ko‘zlari va suyagi chiqib turgan bo‘g‘zi ko‘rinardi.
Loma Shaytondaraning pastki labi bo‘ylab sekin keta boshladi. Qo‘ylar yurib suv yo‘lidek qilib tashlagan taram-taram yo‘ldan tepaga qarab arang chiqdi. Chiqib olgach, quyoshning qaynoq taftida olg‘a bosdi. Tomog‘i qurib borar, tili osilib qolgan, oyog‘iga ilashgan har bir xas unga og‘irlik qilib borardi. Bir muddat yurgach boshlari og‘irlik qilib, ko‘zlari tindi, ortiq holi qolmay o‘zini yerga tashladi.
Olis-olisdan qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi, ovoz borgan sari yaqinlashib kela berdi. Ovozga qo‘shilib qo‘ylarning oyoq tovushi, marashlari ham eshitila boshladi. Itlarning hurgani, keyin quloqlarini, yuzlarini iskayotganini his qildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.