OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abu Bakir. Tugallanmagan sayohat (hikoya)

Institutda o‘qib yurgan kezlarim bir jo‘ram bo‘lardi. Juda qadrdon emasdigu, har qalay, boshqa bolalarga sira o‘xshamasdi. Ba’zi yozgan narsalarimni unga ko‘rsatsam, xuddi buyuk munaqqiddek fikrlarini aytardi. Shuning uchun ham ba’zi bir injiqliklariga qaramay, uni o‘zimdan uzoqlashtirmasdim. Yotoqxonada birga turardik. Uning menga yoqmaydigan, har kuni takrorlaydigan bir gapi bor edi: 
– Yozyapsanmi? 
– Ha, yozyapman, – kayfiyatim qanday bo‘lishidan qat’i nazar, shu javobni berardim. Sababi, uni boshqa gap bilan to‘xtatish qiyin edi. Sal bo‘sh kelsam bo‘ldi, meni oshkora kalaka qilishni boshlardi. 
– Biror joyga borib qolding, – deb gap boshlardi beo‘xshov tirjayib, – birodar, nima ish bilan shug‘ullanasiz, desa, hikoya yozaman deysanmi, – derdi g‘olibona kiroyish bilan. 
Balki uning gapi to‘g‘ridir, deb o‘ylab qolardim ba’zida. Shunga qaramay, undan o‘zimni olib qochmasdim. Oxir-oqibat bu gaplarga ko‘nikib qoldim va yozyapsanmi, deyishi bilan ha, yozyapman, deb qutulardim. Jo‘ram menga bu kabi ta’na-dashnomlarni otishiga sabab bor edi menimcha. U... juda ko‘p kitob o‘qirdi. Qo‘lidan kitob tushmasdi. Qachon qaramay, qo‘lida kitob, yangi kitoblar chiqdimi, unda bo‘lardi. Mana shuning uchun unga ipsiz bog‘langan edim. Qaerga bormasin, kitob bilan qaytardi. Qizig‘i, u hech qachon kitob sotib olmagan. Institut kutubxonasidanmi, tanishlarining uyidanmi, qo‘liga nima ilinsa qo‘ltiqlab kelaverardi. Men ham unga bu qilayotgan ishi yaxshimasligini sira gapirmagan ekanman, chunki uning qo‘lida ko‘rgan kitoblarni imkon qadar o‘qib chiqardim va shunga xursand edim. Har oyda tuman markazidagi uyiga kitob jo‘natardi. «Kutubxona qurmoqchimisan?» – deb qiziqib so‘rasam, «Qurib bo‘lganman, endi uni to‘ldirishim kerak», derdi. 
U to‘playotgan kitoblarni ko‘rib aqlim lol qolardi. Hamma sohadan bor: badiiy adabiyot, matematika, musiqa, qishloq xo‘jaligiga oid yirik-yirik kitoblar, qo‘llanmalar. Bunday rang-barang kitoblarni qayoqdan topadi, hayron qolaman. Mana, uning injiqliklariga chidab kelganim sababi. Ora-sira yoqtirgan adiblarimning kitoblarini sotib olmasam, asosan u olib kelgan kitoblarni o‘qib ko‘nglim taskin topardi. 
Institutni tamomlayotgan yilimiz tug‘ilgan kuniga onasi keldi. Ozroq tayyorgarlik ko‘rgan edik, «mozorbosdilar» bilan «shohona» dasturxon tuzadik. Biri pichoq so‘rab, biri kimnidir qidirib keluvchilar bilan xona to‘lib ketdi. Ertasiga onasini kuzatar chog‘imiz jo‘ram bo‘lajak kutubxona uchun «ataganlarini» berib yubordi. Oybekning «Navoiy» romanini o‘qib tugatmagan edim, qancha iltimos qilsam ham onasi tashlab ketmadi: «Bacham, kitob o‘qib boshingiz achib ketmasin, hali ko‘p o‘qiysiz». Juda qiziqqan edim, keyinroq stipendiyamga sotib olib, oxiriga yetkazib qo‘ydim. 
O‘qishimiz oxirlab, diplom himoyasi kunlari to‘rt yil birga o‘qigan do‘stlarimiz bilan Samarqand, Buxoro ziyoratiga borishga kelishib oldik...
Yo‘l-yo‘lakay jo‘ram meni uyiga taklif etdi. Taklifini mamnuniyat¬ bilan qabul qildim. «Bozorga kirib o‘taylik. Kelganimni onamga aytib ketamiz», dedi. Onasi bozorda somsa sotar ekan, aylanib-o‘rgilib bizni kutib oldi. Uyoq-buyoqdan gaplashib o‘tirgan bo‘ldik. Shu orada bir payt-lar o‘z qo‘lim bilan berib yuborgan Oybekning «Navoiy» romaniga ko‘zim tushdi, muqovasiga yog‘ sachragan bir ahvolda qozon boshida turardi. «Onasi ham kitobga qiziqarkan, shu yerda ham kitob o‘qib o‘tiribdi», deb xayolimdan o‘tkazdim. O‘sha, meni o‘ziga maftun etgan kitobga qo‘limni uzatdim, ichida bir-ikkita varag‘i qolibdi, xolos. Yuragim uvishib ketdi. Tomog‘im xippa bo‘g‘ildi. Nahotki, shunday kitobga som¬sa o‘rab sotishsa...
Badanimda ming-ming chumoli o‘rmalaganday, etim jimirlay boshladi. Bir og‘iz ham gapirolmadim. Bir nimalar deb aylanib-o‘rgilayotgan onasi ko‘zimga xunuk ko‘rinib ketdi. Uyigacha jim bordim, ichimda «Ishqilib, bosh¬qa kitob¬lar ham shu holga tushmagan bo‘lsin-da», deb o‘yladim. 
– Kutubxonangni ko‘rsat! – dedim sabrsizlik bilan.
– Kutubxona, qanaqa kutubxona? – ajablanib qaradi jo‘ram. – Ey, ha, onam kitoblarni bozorda sotib yuboribdilar.
Ustimdan muzdek suv quygandek bo‘ldi, ortiq bu yerda o‘tirolmadim. Sayohatni chala qoldirib, o‘sha kuniyoq Toshkentga qaytdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.