OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Anoyi yoki yechilmagan yettinchi tugun (hikoya)

   Hamma gap shundaki...  Niyozmat uch kundan beri uyidan chiqmas emish, har zamonda darvozadan ko‘chaga umidvor mo‘ralab, tag‘in ichkariga urib ketarmish, xuddi chillali kelinchaklarday. Hamisha soqol mo‘ylovi o‘sib, tappiyuqi kirzavoy etik kiyib yurguvchi Niyozmat uch kundan beri xuddi mehmonga borayotganday – yasan-tusan, oyoqda xrom etik, har kuni ikki marta moylab, soqolini qayta-qayta qirayotgan emish. Ayniqsa, hovlida Eshqobil fermaga o‘xshab, qo‘llarini orqasiga qilib, ko‘kragini kerib, damba-dam tomoq qirishi boshqacha emish. Umuman, hech kim bilan gaplashmayotgan emish. Jin chalganmi, balo tekkanmi, hech bir inson bilmaydi. To‘rt kun burun Eshqobil ferma “ezib tashlagach”, molxona ortiga o‘tib tavallo qilgani, “ishqilib o‘zing qo‘lla, hech bo‘lmasa bir kungina meni shuning o‘rniga ferma qil, bu kasofat menga o‘xshab molboqar bo‘lsin, bir tesini shilay”, degani jo‘rasi -  Qosim artisga ma’lum ekan. Qosim artistga u: “Ertaga ishga chiqmayman, shaharga boraman, yetti so‘mga go‘sht olib kelib, uyda maza qilib yeyman, yuraman mazza qilib”, degan ekan. Ertasi kun uydan yetti so‘m olib, shahardan go‘sht olib kelaman, bir qaynatma sho‘rva qilib ichamiz, deb chiqib ketgan ekan. Kechqurun ship-shiydam bo‘lib qaytipti: na go‘sht bor, na pul. Xotinining savollariga javob bermay, ichkariga kirib ketipti. Avvaliga xotini ahvolni birovga atiysha istihola qilipti. Nihoyat uchinchi kuni qo‘rqqanidan qo‘shnilari Mamat bilan Usmonni chaqiripti. Qo‘shnilar jinnixonaga olib borib yotqizsakmikan, deb maslahatlashib turgan mahal Niyozmat ichkaridan chiqib, kallalaring ishlamaydi senlarning, qqabilida g‘alati qarabdi, so‘ng ko‘chaga ishora qilib, uch barmog‘ini ko‘rsatibdi va yana g‘oz yurish bilan ichkariga kirib ketibdi. Shunaqa...
   Voqea aslida, keyinroq bayon qilishlaricha, quyidagi tarzda kechgan:
   Niyozmat  haqiqatan ham yetti so‘mga ikki kilo go‘sht olib qaytayotganda juda salobatli, sallasi savatday, to‘ni uzun va keng, oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan, boshdan-oyoq kiyimi oppoq, hassasi ham g‘aroyib, kinolardagi ulamolarnikiday – bir oqsoqol ro‘parasidan chiqdi. Na yosh deb bo‘ladi uni, na keksa.
   - Xudoyimga tavallo qilgan senmiding, ey hokisor banda?! – dedi u cho‘zib, har bir so‘ziga alohida urg‘u berarkan. – Hasrating joyiga yetib bordi, bo‘tam! Uch kun ichida hayotingda katta o‘zgarish sodir bo‘ladi.
   Niyozmat hangu-mang bo‘lib qoldi. Kim ekan bu?! Ovozi, qarashlari, qandaydir tanishmiey. Ammo esla olmadi. Nahotki Hazrati Xizrga duch kelgan bo‘lsa?! Niyozmat esini tanigandan beri Barlosda bunaqa salobatli nuroniyni ko‘rgan emas. Soqol ham shunchalar uzun bo‘ladimi, oppoq. Kiyimlariyam oppoq. To‘nining barlari yerni suparaman, deydi. Quyosh taftida qoraygan peshonasidan nur yog‘ilayotganday. Ko‘zlari kishiga o‘qday qadaladi. Aytishlaricha, Hazrati Xizr har bir yigitga umri davomida uch marta duch kelarmish, nimani tilasang bajo bilarmish. Qarabsanki, sendan badavlat odam yo‘q. Undan so‘ng somonning g‘amini yemasang ham bo‘laveradi. Nahotki u... Yoshi bir joyga borganda... Hozir shartta oyog‘iga yiqilsamikan? Hazratim, bir tilagim bor desamikan? Yo‘q, uning o‘zi ko‘nglidagini aytyapti-ku! Yo birontasi... unday desa...
   Chol qo‘llarini uzun yenglari ichiga tortib, salobat bilan turardi.
   - Ey bandai gumroh! Tez xudo yo‘liga xayr qil! Yo‘qsa tilaging ushalmaydi. Katta davlatdan mahrum bo‘lib qolasan. Keyin yetti pushting seni noshudliging uchun qarg‘ab o‘tadi. Ko‘ryapsanmi yaratganning qo‘llarini. – Chol ko‘zlarini osmonu-falakka qadadi.- Ana, muborak qo‘llar sening manlayingga yaqinlashyapti. Xayr-ehson qil, bo‘lmasa u qo‘llar sendan ranjur!
   Niyozmat muborak qo‘llarni ko‘rib qolay deb osmonga tikildi. Hech vaqoni ilg‘amay, quyosh nurida ko‘zlari qamashib, yerga qaradi. Uni eng hayratlantirayotgan narsa shu ediki, anavi chol quyoshga tik qarayotgan edi.
   - Bandai mo‘min! Osiylik qilma! Sening ko‘zingga ul o‘zini ko‘rsatmagay! Ul nur shaklidadur! Tez yettita chalpak yoki yetti tanga sadaqa qil. O’shanda tilaklaring ushalgay.
   Niyozmat shoshib qoldi. Cholning bir qarashda qo‘pol, ammo shirador so‘zlari, mag‘rurligi, bir tekis gapirishi Niyozmatni tamoman o‘ziga rom etgan edi. Endi u qarshisida hazratning o‘zlari turganiga sira ham shubha qilmasdi. Aytishlaricha, hazrat kimga ro‘para kelsa, uning qanday odamligini bilish maqsadida yo pul, yo bir kecha yotarga joy, yo taom so‘rarmish. Saxovatli ekaningni bilgach,  saxovatmand bo‘lar emish – yuz yilga yetgulik mol-davlat in’om etib ketarmish. Ana o‘shanda mana bunday – ikki kilo go‘sht uchun rayon markazi – shaharchaga qatnab, ovora bo‘lib yurmaysan. Niyozmat  farzand tilamaydi. Xudoga shukrki, yetti bolasi bor. O’shalarni tarbiyalab, voyaga yetkazib olsa ham katta gap. Niyozmat hech vaqosi yo‘qligini bilsa-da, nimadir qilish kerak bo‘lgani uchun kissalarini kavlashtirdi. Hazrat  jo‘rtta sinash maqsadida pul solib qo‘yishi ham mumkin ekan-da. Pulim yo‘q, desang kissangdan olib ko‘rsatib, izza qilarkan.
   - Qo‘lingdagi nima? – so‘radi Hazrati Xizr, Niyozmatning bezovta bo‘lib qolganini ko‘rib.
   - Bobojon! – dedi Niyozmat jon halpida, - qo‘limdagi ikki kilo go‘sht. Yetti so‘mlik. Uyda ortiqcha pul yo‘q edi, borini olib chiqqandim. Agar ruxsat bersangiz, men go‘shtni qassobga topshiray, pulni opkelib sizga topshiray...
    - Go‘shting aniq yetti so‘mlikmi? – so‘radi chol, Niyozmatga sinovchan tikilib.
     - Ha, ha, bobojon, yetti so‘mlik.
   - Yolg‘on gapirmayapsanmi? – cholning ishongisi kelmadimi, yo sinamoq niyatidami, Niyozmat anglay olmadi.
   - Yo‘q, bobojon! Yolg‘on aytsam til tortmay o‘lay! Aytmoqchi, ishonmasangiz, borib tarozi tortib ko‘raylik.
   - Qani olchi bu yoqqa!
   - Niyozmat go‘shtni o‘rog‘liq belbog‘i bilan uzatdi. Xizr bobo  go‘shtni chamalab ko‘rdi.
   - Borakallo! Borakallo! Yaratganning yo‘liga pul sadaqa qilish shart emas... So‘zlarimga quloq sol, bandai mo‘min! Yoinkim, aytmoq niyatidamankim, so‘zlarimdan birini yodingdan chiqarsang, aytilgan shartlarning birini salgina buzsang ham... sen boyagi-boyagi holingcha qolaverasan. O gumroh inson! Sening boshingga yo ertaga, yo indin, yo uchinchi kuni -  uch kun ichida baxt qushi qo‘nmoq istaydur. U qo‘na oladimu, yo qaytib uchib ketadimu, bu senga bog‘liq. Shu uch kun ichida ko‘chaga chiqmasliging darkor. Shu uch kun davomida sen og‘iz ochmasliging, hech kim bilan gaplashmasliging lozim. Bil’aks xayolingdan yomon o‘yoy yokiyomon niyat o‘tkazmasliging kerak. O’shanda sen Eshqobilning o‘rniga ferma mudiri bo‘lasan. O’zlari kelib, seni mashinada olib ketishadi. Hovliqma inson, hovliqma! Gaplarimni uq! Yodingdan chiqarma, uch kun qanoat qil, sabr qil! Gunohga botma, bo‘tam! Xo‘-o‘sh, boshqa belbog‘ing bormi, yo‘qmi?
   Niyozmat angraygancha Xizr boboga ixlos bilan termulib turardi.
   - Boshqa belbog‘ing bormi, ey gumroh!?
   Niyozmat timirskilandi, so‘ng Xizr boboning qo‘llariga qaradi. Go‘shtni yap-yangi belboqqa tukkan edi-da.Ammo shunday-shunday gap, deyishga haddi sig‘madi.
   - Nega jimsan, boshqa belbog‘ing yo‘qmi, bandai mo‘min?!
   - Belbog‘imga... – Niyozmat qiynaldi. Aytishga majbur bo‘layotganini, bunga boboning o‘zlari undayotganini sezdirish maqsadida yuziga qattiq iztirob tusini berdi-da, tugunni ko‘rsatdi.
   - Bor-yo‘q belbog‘ing shumi? – deya so‘radi Xizr bobo nimagadir norozi bo‘lib. – Ha mayli, xayr-ehson uchun belbog‘ kerak emas. Go‘shtning o‘zi yettim so‘mlik bo‘lsa kifoya. Bir tiy    in ortiq yo kam olmayman. – Xizr bobo yon cho‘ntagidan yangi tuman gazetasini chiqarib, go‘shtni yaxshilab o‘radi. Keyin belbog‘ni oldi-da, shoshilmay yetti joyidan tugdi. – Ma, ol mo‘min banda. Har kuni ertalab, kechqurun bitta-bitta tugunni yechasan. Uch kun to‘lganda sanoq oltitaga yetadi. Agar shartlarni risoladagiday bajarsang, yettinchi tugun o‘z-o‘zidan yechiladi. Keyin ko‘chani changitib, mashinalar uyingga keladi-da, seni idoraga olib ketadi. O’sha kuniyoq Eshqobilning uyi kuyadi, o‘rniga sen tayinlanasan. Keyin o‘chingni olasan. Shunga rozimisan?
   - Roziman! Hammasiga roziman, Xizr bobo! – dedi Niyozmat, boboni taniganini, shu bilan o‘zining unchalar anoyi emasligini bildirib qo‘yish niyatida maqtangisi kelib. – Men hamma shartlaringizni bajaraman, hazratim!
   - Bilibsan-da,a? – dedi Xizr boboning ko‘zlari shodon chaqnab. – Qanday taniding meni?
   - Shunday. Yuragim sezdi, Xizr bobo! – dedi Niyozmat, bemisl shodlikdan tizzalari qaltirab. Tiz cho‘kishga, boboning oyoqlarini o‘pishga ham tayyor edi ayni damda.
   - Yaratganning muborak qo‘llari sening peshonagda. Hozir...  eriy boshlaysan. Qara, menga emas, quyosh tarafga qara! Ko‘zlaringni yum!
   Shusiz ham Niyozmat quyosh nurlaridan  qamashgan ko‘zlarini yumdi. Haqiqatan ham qandaydir muloyim qo‘llar peshanasini, yuzini silayotganday... Niyozmatning boshi aylandi. “Bunchalar oliy mukofot nechun?” – Niyozmat nogoh xayolan Xizr bobo tili yo‘sinida gapirib yuborganini anglab quvonib ketdi. Rahbar kishining gapi madaniyatli bo‘lishi kerak-da. Demak, unga hazratning nuqsi uripti. Gapning quyulib kelishini qarang. Nazarida kallasi og‘irlashib ketdi Aqlga to‘lyapti shekilli. U boshini egdi .Shundagina hamon ko‘zlari yumuqligini esladi. Ko‘zlarini ochsa, yon-verida hech kim yo‘q. Nari-berida ham hazrat ko‘rinmas edi. Ana endi karomatga, ilohiyotga ishonmay ko‘r. Niyozmat ko‘zlarini ishqaladi. Qo‘liga qaradi: belbog‘, yetti joyidan tugilgan. Hammasi haqiqat. – Niyozmat havoyi o‘ylar og‘ushida mast bo‘lib, asta yo‘lga chiqdi. Do‘konlarni bi-ir oralasa-chi? O’zlari mashinada olib ketishsa... Eshqobil fermanikiga o‘xshash kiyimlarni kiyib yurish kerak bo‘lar. Sovxoz direktori doim galstuk taqadi, shlyapa kiyadi. Ferma mudiri – o‘ng qo‘li. Ammo... “darrov uyingga bor, hech yoqqa chiqma”, dedilar shekilli. Shartni buzmaslik kerak. Buning ustiga hozir yonida puli ham yo‘q. Mayli, gap kiyimda emas, - kallada! 
   Niyozmat agar fermaga mudir bo‘lsa, direktor bilan gapni bir joyga qo‘yib, avval Eshqobilni  quritadi. Eshqobil ferma qancha molni gumdon qilganini, umuman hamma o‘g‘irliklarini yaxshi biladi. Mana endi uning jazosini berish kerak.
   ... Eshqobilning qo‘llarini orqasiga bog‘lab, qishloqning o‘rtasiga olib chiqishsa, keyin barloslikman deganning bari yig‘ilsa. “Nopokni quvg‘in qilamiz”, desa xalq bir ovozdan. Hamma uni toshbo‘ron qilishga shaylansa. “Shoshmanglar o‘rtoqlar!” desa Niyozmat o‘rtaga chiqib. Ha, ha, aynan “o‘rtoqlar!” deydi. Niyozmat qanday qilib bu so‘z yodiga tushganiga hayron bo‘ldi. Keyin qoyil qoldi: kallasi  vij-vij aql. Ha, yana bir marta “Shoshmanglar, o‘rtoqlar!  -  deydi bir qo‘lini baland ko‘tarib. – Biz bu inson qiyofasidagi  blg‘ichni yer yuzidan supurib tashlashimiz hech gap emas. – Ana, ana, chiroyli so‘zlar shundoqqina quyulib kelyapti. Keyin: - Biz yulg‘ichga shunaqa jazo beraylikki, inson bo‘lib tug‘ilganiga ming-ming pushaymon yesin. Uni cho‘lu-biyobonlarga haydaylik, toki o‘lgunicha elga elakisholmay, odamlar bilan gaplasholmay yursin!”
   “O! Barakalla! Qoyil!” – Barlosliklar Niyozmatni olqishlashsa, shunchalar aqlli hukm chiqarganiga tasannolar o‘qishsa. “O’zimizning Niyozmatmi shu?!” deya ajablanishsa. Niyozmat esa chuqur o‘yga tolganday, ko‘zlarini bir nuqtaga qadab turaversa... Keyin direktor bilan maslahatlashib, hamma ishchilarga yangi-yangi uylar qurib bersa... Eh-he! Hali juda ko‘p yaxshi ishlar qiladi. Zo‘r bo‘ladi!..
   Niyozmat hovlisiga yetib kelganini sezmay qoldi U uyiga  ko‘chadan qaradi. Devorlar eskirgan. O’tganqishda yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lib, tomidan tomchi o‘tib ketdi. Molxonalari qiyshaygan... Ferma mudiri – sovxoz direktorining o‘ng qo‘li bunaqa uyda yashashi uyat! – Niyozmat hovliga o‘tdi. Molxonadan chqqan go‘ng tomorqaga to‘kilgan. Bir gala tovuq qu-qulashib, go‘ngni tityapti. Tezda bu go‘ngni ham, tovuqni ham yo‘qotish kerak. Hozirdan boshlasachi? Yo‘q, Xizr bobo “uch kun sabr qil!” dedilar. Keyin... bola-chaqasi bilan go‘ngni tozalab, o‘rniga sovxoz idorasi yonidagi kabi ikkiqator chiroyli gul o‘tqizadi. Ana, ana, kallasiga yana aqlli fikrlar kelyapti.
   Ichkaridan xotini chiqdi. Erining tomorqaga g‘alati tikilayotganini ko‘rib, hayron bo‘ldi.
   - Go‘sht olib keldingizmi? - deb so‘radi
   Niyozmat xotiniga bir qaradiyu, indamay ichkariga kirdi. Kira turib “ikki kilo go‘shtning g‘amini yeyapsanmi, xotin!” deb yuborishiga sal qoldi. Xotini orqasidan ergashdi, yana surishtirdi Niyozmat mum tishlagancha karavotga bordi-da, uzala tushib, teskari qarab yotdi. Undan sado chiqmagach, xotini lol bo‘lib, dahlizga chiqdi. Niyozmat charchagan ekanmi, ko‘p o‘tmay uyquga ketdi. Tush ko‘rdi, tushida yana Xizr bobo... bilan yetaklashib borayotgan emish. Keyin ikkovi sovxoz direktorining “Volga”siga o‘tirishipti-da, to‘ppa-to‘g‘ri sovxoz idorasiga yo‘l olishipti. Yo‘l chetidagi bir daraxtga  ferma mudiri yarim yalang‘och zanjirband qilib tashlangan emish. “Gunohimdan o‘tinglar! Axmoq ekanman! Ikinchi bu b...ni og‘zimga olmayman”, deya yolborar emish. Ko‘zlaridan yum-yum yosh oqarmish. Har qancha yomon ko‘rmasin, Niyozmatning unga rahmi kelipti. Bora solib 
Zanjirni yechmoqchi ekan, hazrati to‘xtatipti: “Qo‘y, nopokning jazosi asli shu!”
    “Har qalay buyam odam, - dermish Niyozmat, ichi achib, - bola – chaqasi bor”.
    “Yo‘q, bu inson qiyofasidagi  yulg‘ich! Biz uni cho‘lu-biyobonlarga haydaymiz...”
   Keyin Xizr bobo Niyozmatni sovxoz direktori oldiga boshlab kiribdi: “Tanishing, bu kishi fermaning yangi mudiri Niyozmat Fayozmatovich bo‘ladilar Bugundan boshlab birga ishlashasiz”.
   Direktor o‘rnidan turib, Niyozmat bilan quchoq ochib ko‘rishibdi. Rosa xursand emish. Keyin birgalashib, “Volga”da fermaga jo‘nashipti. Yo‘l bo‘yi qizlar ro‘mollarini silkitarmish. Niyozmat esa go‘yo bunaqa hollar odat tusiga kirib qolganday, direktor bilan kelgusida qilinishi zarur ishlarni muhokama etarmish...
   Niyozmat uyg‘ondi. Xayolida “Volga” rostdan ham yo‘lga tushganday bo‘lib, shoshilib hovliga chiqdi. Ko‘chaga qaradi. Ammo idora tomon tinch.Ko‘cha changiyotgani  yo‘q. Mashina tugul  mototsikl ham ko‘rinmaydi. – Uning shashti tushib, ichkariga qaytdi. Ha mayli, hali irinchi kun. Darrov olib borib qo‘yishsa, qizig‘i qolmaydi. Ozroq kutish kerak. Kech kirib qolipti. Endi birinchi tugunni yechaversa bo‘ladi, shekilli.
   Qolgan voqealar, aziz o‘quvchim, sizga ma’lum.
   Shunday qilib, yettinchi tugun yechilmadi. Ko‘chani changitib, idoradan Niyozmatnikiga “Volga” kelmadi. Ustiga ustak tish qayrab yurgan ekanmi, uch kun ishga chiqmaganini bahona qilib, ferma mudiri buyruq chiqardi – Niyozmat ishdan haydaldi. To‘rtinchi kun Niyozmatnikiga poyu-piyoda bolalik do‘sti – Qosim artist kirib keldi Bir piyola choy ustida do‘sti tush ko‘rganini, tushida Xizr boboga o‘xshash bir odam Niyozmatdan gap ochganini, g‘irrom ekan, go‘shti ikki kilodan kam ekan, deganini aytdi. “Shu bois tilaging ushalmay qolganga o‘xshaydi”, dedi do‘sti. “Unday emas, unday emas, - deya e’tiroz bildirdi Niyozmat, - go‘sht roppa-rosa ikki kilo edi”. “Murod qassobdan olgandirsan-da”. – “Ha, o‘shandan olganman”. – “G’irrom-ku  u. O’zim ham o‘ylovdim, a. Nuqul suyak ekan...”
   Alqissa, Niyozmat fermaga mudir bo‘lish niyatini xaylidan chiqardi. Borib, Sultonning brigadasida yana suvchilik qila boshladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.