Qish yaqinlashib qoldi. Alibekning qulog‘ini sovuq urib ketsa, keyin qizlar qaramay qo‘yishi mumkin. Ertaga Oqtepada bozor. Bitta yaxshiroq telpak olish kerak. Yana Toshtemirga iltimos qilishga to‘g‘ri keldi. Ertalab ikkovlon uning “Yava”siga mingashib, Oqtepaga borishdi. Izlab-izlab ko‘ngildagisini topisholmadi. Erta-indin Samarqandga borib, katta bozorni ko‘rishga kelishib, oshxonaga o‘tishdi. Kabob buyurishdi.
- Yarimtasi-chi? - talab qildi Toshtemir.
- Ertalabdanmi?
- Tush bo‘lyaptiku.
- E qo‘y, keyin telpakka pul yetmay qoladi.
- Senda pul yo‘qmi? Nurali akani aldab, brigadaning yarmini yeb yotibsan-ku!
- Bo‘lmaydi-da, sen ruldasan.
- Sen hech mening ichmay haydaganimni ko‘rganmisan?
Xullas, Alibek aroq ham olishga majbur bo‘ldi. Majbur birga ichdi. Toshtemir “Yava”siga har kun har xil qizlarni mingashtirib yuradi. Shunisiga qiziqib, Alibek ham mototsikl olmoqchi bo‘lganda otasi ro‘yxush bermadi. Ataylab! Maza-da! Rulda mag‘rur o‘tirasan. Orqangdagi qiz belingdan mahkam quchoqlaydi. Alibek mototsiklni juda tez haydab, rulni qattiq-qattiq bursa, qiz qo‘rqib uni mahkam quchoqlasa... Endi... buning gashtiga nima yetsin!
Ikkovidan sal naridagi stol atrofida ikki qiz ovqatlanib o‘tirishar, o‘zlaricha allanimalarni gaplashib kulishar, har zamonda ular tomonga ham nazar tashlab qo‘yishar edi. Alibek bilan Toshtemir avval ularga e’tibor berishmadi. Keyin... qizlarning stolida og‘zi ochiq “Portveyn” shishasi turardi
- Qizlar revolyutsiya qilyapti, - dedi Alibek.
- Qizlarning uyda ichganini ko‘rganman, to‘yda ichganini ko‘rganman, ammo... Toshtemir gapini tugatmadi. – Barlosga borib aytsang hech kim ishonmaydi. “Mast bo‘lib yo‘lda yumalab ham yotibdi dersan hali”, deb rosa ustimizdan kulishar.
- Balki shaharlik qizlardir, - tusmolladi Alibek.
- Qo‘ysang-chi. Shaharlik qiz bunaqa bo‘lmaydi. – Har qalay shahar borasida Toshtemir Alibekka nisbatan tajribaliroq edi.
Piyolalarini to‘ldirib, qizlarga qarab turishgandi, ular bir qarab qo‘yishdi. Shu ondayoq ikki yigit baravar ularga ko‘z suzib: “Sizlar uchun!”, deb ichib yuborishdi. Qizlardan biri oshkora kulib yubordi, ikkinchisi chetga o‘girildi. Bu orada qizlar o‘rinlaridan turib, bekat tarafga jo‘nashdi. Yigitlar hardamxayol bo‘lib, ularning ortidan tushishdi. Imkoni bo‘lsa, “ildirish” kerak. Shunaqalarga o‘xshashadi. Bir qarorga kelib ulgurishmay, qizlar bir “Jiguli”ga o‘tirgancha jo‘nab qolishdi. Shofyorning yonida ham bittagina yigit bor edi.
Tamom! Ikkovini ikkovi ilib ketdi.
- Qayoqqa ketishini kuzatib tur, - buyurdi Toshtemir Alibekka, “Yava”siga yugurarkan. – Quvamiz, qo‘ldan chiqarmaslik kerak.
Mototsiklni katta tezlikda haydab, “Jiguli”ni quvib o‘tishdi. Qizlar ularni tanishdi. Kulcha yuzlisi yana iljaydi. Alibekning yuragi hapriqdi. Mana omad! Qishloqdan chet joy... Zulfiya esa... bilib o‘tiribdimi? Zo‘r qizcha ekan! Do‘mboqqina!
Toshtemir ataylab, “Jiguli”ni o‘tkizib yubordi. Do‘mboqqinasi orqaga ham o‘girilib qaradi. “Ha-a, akaginang aylansin!”, deb Toshtemir qichqirib yubordi. Alibek uni turtdi: “Bunisi meniki, sen bunga ko‘z olaytirma”. Toshtemir yana “Jiguli”ni quvib o‘tdi. E, juda zo‘r bo‘ldi-da. Xuddi kinolardagiday. Quvib o‘tishadi, orqada qolishadi, yonma-yon borishadi. Qizlar esa hayratlanib ularni kuzatishyapti. Bir qishloqqa kirayotib, ancha oldinga o‘tib ketib qolishgan ekan, orqada “Jiguli” to‘xtab, qizlar tushayotganini payqab qolishdi. Mototsiklni sekinlatib, burib qaytib kelishsa, qizlar o‘sha yerdagi do‘konni ochishyapti. Demak, do‘konchi qizlar! Toshtemir to “Yava”sini joylagancha, Alibek tezlik bilan qizlarning ortidan do‘konga kirdi-da, katta qiz bilan qo‘l berib ko‘rishdi, keyin kulcha yuzlining qo‘lini ushlab olgancha:
- Sizga bitta gap aytmoqchiman. Imkoni bo‘lsa, meni bir daqiqa tinglasangiz. Shu bir og‘iz gapimni aytishim uchun ataylab orqalaringizdan keldik, - dedi. Nima demoqchi, qanaqa gapi bor, buni hali Alibekning o‘zi ham bilmasdi.. Qizlar hayron, kulcha yuzli hatto qo‘lini tortib olishni ham unutgandi.
- Voy, siz nima deyapsiz, mening yigitim bor!
Alibek kulib yuboray-yuboray deb o‘zini zo‘rg‘a tutib qoldi...
- Qizlar, shu bolaga bitta telpak topib beringlar, - dedi otilib kirgan Toshtemir. – Bechoraning qulog‘ini sovuq urib ketmasin. Keyin qizlar qaramay qo‘yishi mumkin.
Alibek quvonib ketdi. – Bahona topildi!
- Iye! Hali topmadilaringizmi? Bozorni ostin-ustun qilib yuruvdilaringiz-ku telpak deb, - so‘radi katta qiz.
- Sizlar bizga telpak kerakligini qaydan bildilaring?
- Bizdan ham so‘ragandilaringiz-da. Siz qiziqchilik qilib yuruvdingiz-ku, - deya katta qiz Toshtemirga o‘girildi.
- Siz nima degandingiz?
- Yo‘q, devdim.
- Sotib qo‘ydik, do‘konga borsangiz topib berishimiz mumkin, demaganmidingiz? – o‘smoqchiladi Toshtemir.
- Yo‘-o‘q, unday demadik, -dedi katta qiz.
- Siz aytmaganmidingiz, - deya Alibek kulcha yuzliga murojaat qildi.
Qizcha ko‘zlarini katta-katta ochgancha hayron bo‘lib yelka qisdi.
- Bari bir sizlarda bo‘lishi kerak, iltimos, bitta telpak topib beringizlar menga, - deya Alibek iltimos qilgan bo‘ldi.
Do‘konda borlari Alibekka yoqmadi. Do‘konning ichki xonasida ham bor edi, deb qizlar izlashga tushishganda Alibek pul chiqarish uchun ko‘krak cho‘ntagiga qo‘l soldi. Qarasa, ko‘kragi baland. Quvonib ketdi. Boya Toshtemir xarxasha qilganda u har ehtimolga qarshi ikki shisha aroq olgan, birini ko‘krak cho‘ntagiga yashirgandi. Aroqning kayfi hali tarqamagan, yurak botir, shartta aroqni chiqarib, do‘kon taxtasi ustiga qo‘ydi.
- Boya sizlar uchun olgandim. Endi men oladigan telpakni birga yuvamiz.
- Kim aytdi sizga, bizlarni ichadi deb. – so‘radi katta qiz, “Toshtemirniki”. Jilmayib. Aftidan uning bu g‘aroyib bolalar bilan valaqlashgisi bor edi.
- Ko‘rdik ichmasligingizni, -dedi – dedi Toshtemir. – Oshxonada o‘tirganlaringizda-chi! Oldilaringda bitta “Portveyn” turgandi.
- Iye! Unda vino emas, sirka bor edi, -deya qiz kulib yubordi.
- Rostdanmi?
- Bo‘lmasam-chi! Kabob yeydiganlar uchun qo‘yib qo‘yilgan.
“Axmoqqina qizlar ekan. Voy qishloqilar-ey!”
- Yo‘q ekan, qolmapti, -deya ichki xonadan Alibekning “kulcha yuzligi” chiqib keldi.
- Ataylab keldik, shunaqa emas-da endi axir! – deya Toshtemir o‘pkalangan bo‘ldi. “O’zinikiga” elandi: - Iltimos! Bitta telpak!
- Ertaga xo‘jayinim rayPOga boradi. Aytib yuboraman. Ikki-uch kundan keyin bir xabar olingizlar.
- Xo‘jayiningiz ham do‘konchimi? – Toshtemirning yuragi orqasiga tortib ketdi.
- Ha, u kishi mudir. Hozir bizni qoldirib ketdi-ku. Hali zamon qaytib kelib qolsa kerak.
- “Jiguli”dagimi?
- Ha, o‘sha! - “Toshtemirniki” jilmaydi. – Yonidagi yigitga mana bu singlimni unashtirganmiz, - deya “Alibeknikini” ko‘rsatdi. – Ular sotilmay qolgan mollarni mashinaga yuklayotganda biz oshxonaga kirgandik.
- Ha bo‘pti, unda singlingizning baxti uchun ichamiz. Ikkita piyola keltiring, - deya Alibek aroqning og‘zini ochdi.
Shu payt ko‘chada g‘iyqillab boyagi “Jiguli” to‘xtadi. Ichidan to‘rt yigit tushdi.
Keyin... keyin... bo‘lar ish bo‘ldi, bo‘yog‘i sindi. Keyingi gaplarni eslashga aslo hojat yo‘q. Barlosdagi gap-so‘zlarga qaraganda Toshtemir bilan Alibek ichib olib, rulda yurganu, qaerdadir avariya qilgan. Yuz-ko‘zlari, badanlaridagi jarohatlar shundan. Barlosda bu haqda boshqacha gap chiqqani yo‘q. Demak, shunday bo‘lgani rost.
Tag‘in,.. kim biladi deysiz.