OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Adham Damin. Ko‘ngil (hikoya)

Meni shaydo qiladurg‘on bu ko‘ngildur, bu ko‘ngil,
Xoru rasvo qiladurg‘on bu ko‘ngildir, bu ko‘ngil.
Lutfiy

...U vaqtlar endigina birinchi sinfga qatnay boshlagandim. Bolaligida aqli yetmagan ko‘p narsalarni vaqt o‘tgan sayin chuqurroq his qilarkan kishi. Uyimizda otamning kichik singlisi Mohiniso to‘g‘risida ko‘p gap qo‘zg‘ardi. Oyim doim “U senga amma bo‘ladi”, deb urishardi, men amma desam, go‘yo Mohinisodan uzoqlashib ketayotgandek “opa”lashni qo‘ymasdim. Men uni juda yaxshi ko‘rardim. U ham meni o‘zi bilan olib yurishni yoqtirar, ko‘nglim nimani tusasa birpasda istagimni muhayyo qilardi. Bizning uy qishloqning bir chetida, opamlarniki esa markazda – maktabning yonginasida edi. Maktabga o‘tganda ham, qaytganda ham ularnikiga kirib o‘tardim. Chunki opamlarning hovlisidagi ikki tup g‘uj-g‘uj hosil qiladigan behi mevasining yarmini men tugatardim, desam lof bo‘lmaydi. Pochcham – Mahkam aka shofyor bo‘lib, sira meni zeriktirmas, mashinasida har xil joylarga sayrga olib borardi.
Opam haqidagi suhbatni ko‘pincha oyim boshlardi.
– Uchrashmagan mulla-eshoni, ko‘rsatmagan tabibu baxshisi qolmadi. Qiyin bo‘ldi Mohinisoga, umri bekor o‘tyapti, sakkiz yil – aytishga oson, – derdi-da, keyin meni endi ko‘rayotgandek urishardi, – bor, bor, o‘yiningni o‘yna, kattalarning gapiga quloq solishni senga kim qo‘yibdi!
Men nari ketsam-da, baribir sevimli opam ha­qidagi suhbatni yashiriqcha eshitardim.
– Palon joyda yangi baxshi chiqibdi, – deya davom etardi oyim, – bir borib uchrashsa bo‘larmidi? Juda ilmi o‘tkir deyishyapti. Bir-ikki dardiga davo istab borganlar shifo topib, baxtlari ochilib ketibdi. Mohinisoni ham aziz avliyolar peshonasini silab, qo‘llab yuborishsa ajab emas. Qanchadan-qancha tabarruk joylarda is chiqardik, “Oqmozorbuva”da rasm-rusmini qilib xo‘roz so‘ydik, “Poshsho pirim” ziyoratida qo‘y so‘yib, qon chiqardik... Zora bunisi...
Bunday kezlarda otam uzoq sukutga cho‘mar, ko‘z­lari atrofini, peshonalarini ajin qoplardi. Otam­ning g‘amga botishidan oyimning gaplari shunchalik yomonmikan, deb o‘ylardim. Bola bo‘lsam-da, gap Mo­hiniso opamning oyim aytgandek, “tirnoqqa zor bo‘­lib o‘tayotgani” va uning farzand ko‘rishini barcha qa­­rindosh-urug‘imiz istashayotganini tushunardim. Ba­­­­ribir bola edim-da. O‘sha kuniyoq eshitganlarimni opam­ga oqizmay-tomizmay yetkazdim. Yangi baxshi yordam berar, debman. Opam gaplarimdan rosa yig‘ladi. Tushdan keyin dalaga ham bormadi. Men katta ayb qilganimni bilib, ularnikidan ketib qoldim.
Bir kuni opam biznikiga yig‘lab kelib qoldi. Eshitishimcha, o‘sha kuni Mahkam akam allaqaysi gurungda kimdandir farzandsizligi haqida gap eshitib kelib, alamini opamdan olibdi. Shu sabab bo‘ldimi yoki hammasini oldindan mo‘ljallab yurishgan ekanmi, o‘sha kuniyoq uyimizga qarindoshlarimiz, to‘g‘rirog‘i, otam­ning urug‘lari yig‘ilishib, uzoq suhbatlashishdi.
– Gulday umringni xazon qilib o‘taverasanmi birovning eshigida? – deb gap boshladi katta ammam, – maslahatimiz shu: undan chiqasan.
– Baxtlaringni boshqa-boshqa sinab ko‘ringlar. Sizlarning yo‘llaringizni nimalardir bog‘lab qo‘y­gan... Baxshilar ham shunday deyishyapti, – keksa momom yumshoq qilib gapirdi. – Urush-janjalsiz, kelishib, yaxshilikcha ajrashasizlar.
Opam “o‘lganim yaxshi edi bu kunlardan”, dedi sekin yig‘i aralash.     
– Noumid shayton, Xudoyimning marhamati be­qiyos, – deya ovutdi ko‘ngli bo‘sh kichik ammam ko‘z yosh qil­gancha, – e, Parvardigor, mehringni darig‘ tutmay, shu bechoraga ham ko‘p qatori bitta farzand ato qilsang bo‘lmaydimi?..
Xullas, opam biznikiga ko‘chib keldi. Bizniki uning ota hovlisi edi. Opam negadir ko‘p yig‘lar, ammo bu­ni hech kimga sezdirmaslikka urinardi. Shunday paytlarda oldiga borib qolsam, meni ko‘rgan zahoti yig‘idan to‘xtar va menga har xil ertaklar aytib berar, “Shunday qilib, ular murodu maqsadlariga yetibdi”, degan so‘zlarni aytayotganida ko‘zlari yana namlanardi.
Endi opamning kelinlik uyiga oyimning “Yomon bo‘ladi, u yoqqa boshqa kirmagin”, deganiga amal qilib kirmasdim. Lekin ba’zan Mahkam akam meni ko‘chada ko‘rib qolsa, qo‘yarda-qo‘ymay uylariga olib kirar va men yaxshi ko‘radigan behilar bilan sumkamni to‘latgach:
– Opangning ahvoli qalay? – deb so‘rardi.
– Hech kimga bildirmay yig‘lagani-yig‘lagan, – der­dim rostini so‘zlab.
— Mendan salom aytgin, – deya Mahkam akam g‘amgin bo‘lib qolardi.
– Yana kiribsan-da, – behilarni ko‘rib urishardi oyim. – Hadeb birovnikiga kiraverish uyat bo‘ladi.
– Mahkam akam birovmas, – yig‘lagudek bo‘lib qar­shi gapirardim.
Opam bu gaplarni eshitib ma’yus tortardi. Yolg‘iz qolganimizda Mahkam akamning salomini aytardim. U esa xursand bo‘lar va “Yana so‘rasa mendan ham salom degin”, derdi sal ko‘ngli yorishib.
Opamning biznikiga kelganiga bir yildan oshganda to‘y bo‘ldi. Uni qo‘shni qishloqqa uzatib yuborishdi. Endi u qishlog‘imizga kam kelar, shunda ham sira ko‘chaga chiqmas, ketayotganida esa yangi uyiga oyog‘i tort­mayotgani bilinib turar, ba’zan ozgina ko‘z yoshi ham qilib olardi. Opamning hozirgi erini hamma yomon derdi: oyim ham, boshqa qarindoshlarimiz ham, ammo uning o‘zi sira ham zorlanmasdi.
Bir gal opamga ergashdim. So‘qmoq oralab bor­yapmiz. Ularning qishlog‘iga hali uch chaqirimcha bor, yo‘limizning ikki tomoni o‘siq jo‘xorizor. Bir vaqt ro‘paradagi jo‘xorizor shitirlab, kimdir ko‘rindi.
– Voy, o‘lmasam! – deb yubordi opam yuzlarini ro‘molining cheti bilan to‘sib. Qarshimizda devday bo‘lib Mahkam akam turardi.
– Mohiniso... Mohi... – dedi u opamga yaqin kelib, menga birinchi marta parvo qilmasdan, – ortiq chiday olmayman!
Opam ro‘moli bilan yuzlarini battar yashirdi.
“Nimaga chiday olmas ekan?” – hayron bo‘lganimcha Mahkam akamga qaradim. Uning ko‘zlari qizargan, yuzlari shiddatli edi. Opam yerga qaraganicha indamay turardi.
– Hammasini unutibsan-da...
– Yo‘q, yo‘q, unutganim yo‘q, – asta bosh ko‘tarib pichirladi opam.
– Bo‘lmasa, – degancha Mahkam akam menga bir qarab oldi–da, opamga yaqin borib nimadir dedi.
– Qaerga? – opamning ovozi vahimali eshitildi.
– Uzoqqa, bu yerlardan juda uzoqqa.
– Hozir ketolmayman... keyin... keyin bo‘lsa mayliga.
Opam yuzlarini to‘sib turgan ro‘molini qayirib, Mahkam akamga pichirlab nimadir aytdi. Mahkam akamning yuzlari tundlashdi va qo‘qqisdan qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shu ko‘yi jo‘xorizorga singib ketdi. Opam ko‘zlarida yosh qalqiganicha qoldi.
– Uni ko‘rganimizni hech kimga aytmagin, – deya yalindi opam o‘ziga kelgach. – Aytmaysan-a?
– Hech qachon, hech kimga. Agar aytsam Xudo... – Men qasam icha boshladim.
– Qo‘y, qo‘y, qasam ichma, yomon bo‘ladi, – opam kafti bilan og‘zimni to‘sdi. – Senga ishonaman.
– Xo‘p.
Keyin yo‘l-yo‘lakay u xuddi o‘z-o‘ziga gapirganday pichirladi.
...Ketguningcha tekis, ravon yo‘l bo‘lsa. U quyosh botayotgan makonga tutashib ketsa. Shu yo‘ldan ufqqa bosh qo‘yayotgan quyoshni quvlab boraversang, oldingda qizarib tovlanayotgan ufq, qip-qizil nurli yo‘l... qanday yaxshi... Ortingga sira qaramasang... Senga hech kim xalaqit bermasa...
Bu gaplardan hech narsa anglamadim.
Opam farzand ko‘rdi. Qarindosh-urug‘imiz bundan xursand edilar. Barchalari “marhamatini darig‘ tutmagan” Xudoga shukr qilishardi. Opam ham o‘zini xursand ko‘rsatishga urinar, ammo uning shodligi o‘zi uchun emas, go‘yo qarindoshlarimizning ko‘ngli uchun zo‘rma-zo‘rakidek tuyulardi menga.
Shu voqeadan bir hafta o‘tgach, Mahkam akam avto-halokatga uchradi. Qishlog‘imizga bu mudhish xabar tar­qalganida opam endigina tug‘ruqxonadan bizni­kiga kelib turgan joyi edi. U chaqalog‘ini oyimga tash­ladi-yu, kasalxona tomon yugurib ketdi. Men unga ergashdim. Palataga kirganimizda ustiga oq choyshab tortgan Mahkam akam, ochiq turgan boshini u yoq–bu yoqqa tashlagancha:
– Mohiniso, Mohiniso... – deb alahsirardi.
– Mana, men keldim, ko‘zingizni oching, – dedi opam yig‘lamsirab.
– Mohi... keldingmi, Mohi? – dedi Mahkam akam ko‘zlarini ochib, so‘ngra majolsiz qo‘llariga opamning qo‘llarini olib, rangsiz yuzlariga surtdi. – Men va’damni bajara olmadim. U yoqqa ketolmaydigan bo‘l­dik...
– Ketamiz, siz albatta tuzalasiz, tuzalishingiz bilan... – Opam Mahkam akamning qo‘llarini, yuzlarini silaganicha tinmay gapirardi.
– Shunaqa bo‘p qoldi, Mohi... Eshitdim, bola ko‘­ribsan... Men... Mening ahvolim... Ketolmaymiz cho­g‘i, Mohi? Mendan endi rozi bo‘lgin... – Mahkam akam ho‘ngrab yubordi. Er kishining yig‘isi xunuk bo‘larkan.
– Ketamiz, albatta ketamiz, – dedi opam ham ko‘z yosh qilganicha.
Mahkam akam boshqa gapirolmadi. Doktorlar opamni palatadan olib chiqib keta boshlashdi. Men opamning qo‘lidan mahkam ushlab olgandim. Palataning ochiq eshigi oldida rangi quv o‘chgan yangi pochcham bizga sovuq tikilib turardi.
– Nomahram, – deb baqirdi u opamga qarab. – O‘z javobing o‘zing bilan. Akanglarnikidan qaytib kelma!
Opam uning yonidan bir so‘z demay o‘tib ketdi. U meni yetaklaganicha unsiz yig‘lab borar va har zamonda “u atayin qilgan barini”, deya pichirlardi.
O‘sha kuni kechqurun Mahkam akamning joni uzildi. Opam uvvos solgancha bosh-ko‘zini yulib yig‘ladi. Bolasiga qaramay qo‘ydi. Ertalab opamni og‘ildan topishdi. U o‘zini osib qo‘ygandi.
Ularning qabrlarini yonma-yon qazishdi. Birinchi marta yig‘lab qabristonga bordim... Men hammasini boshqalardan yaxshiroq bilardim... Qabrlar opam aytgan ertakdagi Tohiru Zuhrolarnikidek edi, go‘yo... Kimlardir tirikligida ularning yo‘llariga Qorabotir bo‘lgandek...
Har safar qishloqqa borganimda o‘zimdan sakkiz yosh kichik bir yigit bilan uzoq suhbatlashaman. U – Mahkam, opamning yolg‘iz farzandi. “Ismi Mahkam bo‘lsin”, degandi opam o‘sha kuni kasalxonadan kelayotganimizda. Buning vasiyat ekanligini bilmagandim... Keyin otamga aytganman.
 Doim opamning ufq, yo‘l, quyosh haqida aytganlari qulog‘im ostida takrorlanib turadi. Endi-endi u so‘zlarning mohiyatini teranroq tushunyapman...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 4-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.