Anchadan beri biror narsa yozolmay bezovtaman. Yozuvchi uchun bundan yomoni yo‘q. Ammo-lekin osmoni falakda uchib yuradigan ilhom parisini tutib olishning o‘zi bo‘ladimi? Shunday bo‘lgach, uni tutish chorasini ko‘rish kerak... Keyin-chi? Topilgan mavzuni qoyillatib qoralash kerak... E, bu yog‘ini o‘ylayversang, boshing qotadi. Oldin “ilhom parisi”ni tutaylik-chi, qolgani chikora.
Oqshom gazetda navbatchi edim, yarim tunda uyga qaytdim, yana taksida, o‘z pulimga... Bosh muharrir xizmat mashinasini ayadi. Bular-ku mayli-ya, ammo kechagina birga ulfatchilik qilib yurgan, mendan o‘n yosh kichik bosh muharrirning “Aka, men aroqni tashladim, biroq chekishni tashlash qiyin ekan” degani-yu, tag‘in menga g‘alati qarab, og‘zidagi papirosni buruqsitgancha: “Siz ham tashlang, tanangiz qushday yengil bo‘p qolarkan”, degan o‘giti hech xayolimdan nari ketmaydi...
Bugun shanba. Shunga kechroq turdim. Uyda yolg‘izman: tushgacha qo‘lim bir ishga bormay, eski qo‘lyozmalarni titgancha garangsib vaqt o‘tkazaman. Xayolim boshliqning o‘gitida — tashlash kerak! Tashlayman! Chunki bir kun kelib, buyam bir armon bo‘p qolmasin, notavon ko‘ngilda.
Lekin shu payt kimdandir eshitganim boshga tepdi: yigit kishi yaxshimi, yomonmi bir odatdan qutulishga astoydil ahd qilganda “Irodani charxlash va gapni mixlash uchun yuz gramm “otib” qasamyod qilishi kerak!” Kerak bo‘lsa, qilamiz. Muharrirning degani — degan ekan, biz ham anoyi emas, aytganimiz — aytgan. Biroq, ana o‘sha yuz gramm zormandaning o‘zi qani?
Eski shkafni ochib bo‘z matoga o‘ralgancha qiyshayib turgan uch-to‘rtta gilamchani u yoq-bu yoqqa surgandim, birovining ichidan nimadir sirg‘alib polga “taq” etib tushdi. Yuragim jiz etdi. Niyat xolis bo‘lsa, oshxo‘rga — osh, nonxo‘rga — non, topiladi deganlaridek, “taq” etib tushgan narsa aroq bo‘lmasa-da, bitta qorni katta “0,7”lik “Mona Liza” vinosi ekan. Qarab ko‘zlarim to‘ymaydi: qip-qizil, cho‘g‘day yonadi. Kim qo‘yib qo‘ydi ekan uni bu yerga? E, shu topda Sherlok Xolmslikka balo bormi? Topilganiga shukur!
Ichuvchining dardini ichgan biladi. “Monashka”ni ko‘rgach, qorinning ochligiyu bu dunyoning bo‘lar-bo‘lmas tashvishlari zumda g‘oyib bo‘ldi. Axir vino aroqmidi, uning gazagiga atrofingdagi havo-yu krandagi suv ham bo‘laveradi-da. Endi bu go‘zal “Mona Liza” xonimning ko‘ngliga yo‘l topish kerak!
Dast turib, tortmadan pichoqni oldim-da, shishaning og‘zini ochishga kirishdim. Lekin uning og‘zidagi po‘kak o‘chakishgandek toza injiq chiqib qoldi: na kiradi, na chiqadi, xuddi uzoq ko‘rishmagan oshiqdek Lizaxonning og‘ziga mahkam yopishib olgan. Qo‘lda pichoq, tomoq qaqragancha quruq yutinib shishaga mastona tikilaman. “Sim-sim” eshigingni ocha qolmaysanmi, shishajon?
Keyingi urinishlarim ham befoyda ketdi. Xunobim oshib so‘kinaman: aroq ichadigan obro‘li odamman-u sen esa gradusi kam musallas bo‘la turib, ichaman desam, qonsifat jamolingni po‘kak bilan to‘sib namuncha nozlanasan... Biz ham kichkina odam emas, qalami o‘tkir muxbirmiz, axir! Ha-ha, yozuvchi degan nomimiz bor! Agar haq gapni aytadigan bo‘lsam, sen po‘kak o‘lgur, mana shu obro‘yim uchun meni ko‘rganda o‘zingdan-o‘zing “paq” etib otilib ketishing kerak edi... O‘z o‘yimga o‘zim ishonib bir oz kutdim — otilmadi, qurmag‘ur. Tag‘in tamshangancha “Liza” xonning jamoliga ne umidda suqlanib tikilaman... Namuncha ko‘zga yaqin-u ko‘ngildan yiroq bo‘lmasang, toshbag‘ir! Muncha o‘rtaysan!
Ochaman! Bu yog‘iga astoydil qasd qildim. Shu bugun seni ichmagan nomard! Shartta “Mona Liza”ning bo‘g‘zidan ushlab oshxonaga olib chiqdim-da, stol tortmasidan chog‘roq zamonaviy ochqich — “parma”ni topdim. Ammo bu ochqich o‘lgurning aylanma bigizini ming aylantirsam ham po‘kakka botmaydi, zo‘rlab itarsam ikki yonidagi temir qanotlari ko‘tarilib, havolanadi... ularni yopsam, bigizi po‘kakdan qochadi. “Vo-ajab! Bu qanday bema’ni texnika-ya! O‘z vazifasini bilmagan ablah! — Rosa bo‘larimcha bo‘ldim. — E, o‘rgildim, sendaqa zamonaviy ochqichdan, seni yaratgan ustangga ham tupurdim!”.
Uni qanday qilib derazadan tashqariga uloqtirganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Yaramas ochqich uchdi-yu ketdi, ammo muammo qoldi. Ko‘ngil o‘lgur betoqat, oshqozonning har bitta hujayrasida tashnalik. Mana bu yaramas po‘kak esa hammasiga beparvo, beg‘am. Axir bunaqada quruqdan-quruq ishlab, oshqozon ishdan chiqadi-ku. Boshim aylanib, ko‘zlarim xiralashib, kayfiyatim tobora rasvo bo‘lib boryapti...
Soatga qarayman: go‘zal “Mona Liza” bilan olisha boshlaganimga ham yarim soatdan oshibdi. Hademay xotin ishdan keladi. Ichganingdagi kayfning do‘zax azobidan farqi qolmaydi.
Oshxonadan yeyilib qilday ingichkalashib qolgan pichoqni topdim-da, zarb bilan po‘kakka sanchdim. Pichoq po‘kak tanasini qoq o‘rtasidan teshib o‘tdi. “O‘l-a! Bu kuningdan battar bo‘l!” Ammo ko‘ksi teshilsa ham ko‘zi teshilmagan po‘kakvoy menga baqrayib qarab turardi. “Voy joning toshdan bo‘lmay o‘lgur-ey! Voy turqing qursin-ey!” — so‘kishlarni qalashtirib tashladim.
Ichmasam-da, mastdan battar dovdirayman. Endi bo‘yniga pichoq suqilgan “xonim” ko‘zimga dushmandek ko‘rina boshladi. Dushman! Ha-ha, dushman! Dushmanni esa yanchish kerak!
Ko‘zimga alvastidek ko‘rinayotgan “Mona Liza”ni yerga qo‘yib, bir tepdim. Shisha sopigacha sanchilgan pichoq-michog‘i bilan oshxonaning narigi tomoniga qarab dumalab ketdi. Dumalashdan to‘xtadi, bo‘g‘zidagi pichoqning sopi esa meni masxara qilayotgandek uzoq likkillab turdi. “Ko‘ramiz, — dedim battar zardam qaynab, mushtimni tugib. — Qani kim yutarkan, “Monash”kaxon. Shishaning ichida qachongacha yashirinarkansan? Ko‘ramiz hali. Shu bugunoq boshpanangdan ayrilib, xurmachamga kelib tushmasang, otimni boshqa qo‘yaman!”.
Shishani balkonga sudrab olib chiqdim-da, xumoridan chiqquncha so‘kdim, urdim, yana tepdim, oxiri qo‘l qovushtirib yolbordim ham. Sal esi bo‘lsa, bir gap aytar, hech bo‘lmasa, meni ichishga chiqarganlar-ku, deb po‘kagini otib yuborar... He yo‘q, chuchvarani xom sanabman...
Uning “ichimdan top”ligiga chaparasta jahlim chiqdi. Beor, qiltiriq pichoq esa yarim beligacha botib olib, bahuzur Liza xonimni so‘rib yotibdi. Rashkim qo‘zidi. So‘ra-so‘r, xonimchaning domiga ilinmay o‘l, qiltiriq!.. Shunda balkonning bir burchagida yotgan bolg‘achaga ko‘zim tushib qoldi. Hozir bir boplab ta’ziringni berib qo‘yay! Sen shishavoy esa tamoshasan, “Mona Liza”dek xonimchalarni boshqa bag‘ringda saqlolmaydigan bo‘lasan...
Ana endi otam qilmagan ishni qilaman, o‘zidan ko‘rsin, hurmatini bilmagan xasis, “qizil alvasti!”.
Shartta shkafdan katta bir sirli mis tog‘orachani olib, unga “Mona Liza”ni yotqizdim-da, bolg‘acha bilan naq och biqiniga tushirdim. Xonimcha bir oh urgandek, “paq” etdi-yu, siniq shisha parchalari har tomonga sochilib ketdi. Tog‘oracha qip-qizil sharobga to‘ldi. “Xonimcha”ni dokadan o‘tkazdim: o‘ziyam ikki chinni chiqdi. Oshxonaga o‘tib, lo‘labolishga yonboshlagancha butun borliqni unutib, “Liza” xonimdan “bo‘sa” ola boshladim. Qachon ikkinchi kosaga o‘tganimni bilmayman, “Liza” xonning kayfimi yoki mehrimi elitib, uxlab qolibman. Ayol kishining nogahoniy faryodidan cho‘chib uyg‘onib ketdim.
— Nima... Nima bo‘ldi? Yer qimirladimi? — deb yuboribman bosinqiragancha.
— O‘l bo‘ldi, go‘r bo‘ldi! — balkondan ayol kishining momaqaldiroqdek ovozi yangradi. Ovoz o‘zimizning “Lizaxonniki” edi. Elovlanib ko‘zimni ochdim-da, balkonga mo‘raladim — xotinim balkon burchagidagi siniq stulga o‘tirgancha bir oyog‘ini tizzasiga qo‘yib olib, bosh barmog‘idan sizib oqayotgan qonni to‘xtatish uchun yod tomizardi.
— Endi kuningiz shu vino o‘lgurga qoldimi? Alkash! Uyda yolg‘iz qolsa, bir baloni boshlaydi-ya, yaramas! Hozir melisa chaqirib, berib yuboraymi? — dag‘dag‘a qildi xotinim. Keyin chiroyli ko‘zlarini noxush yaltiratib, cho‘ntagidan qo‘l telefonini chiqardi...
Yuragim shuv etib ketdi. O‘zimni oqlashga so‘z qayda? Asta turib, balkonga chiqdim. Shosha-pisha shisha siniqlarini yig‘ishtirib, axlat chelagiga soldim. Xotin “sotka”sini qo‘lida mahkam ushlagancha meni kuzatar edi.
— Boshqa takrorlanmaydi, — dedim yerga qaragancha.
— Minginchisimi bu? — tutaqib o‘shqirdi xotinim, go‘yo har ichgan qasamimni sanab yurgandek. — Qasamxo‘r!
Damim ichimda, sekin chelakni qo‘lga oldim. Eshikka yetkanimda yuragim o‘ynab ketdi: xotinim “sotka”sida kimgadir nimanidir uqtirardi...
Chelakni bo‘shatib keldim, ammo uyga kirishga yuragim dov bermaydi.
Endi eson-omon kirib olsam, bosh muharririm aytgandek, ichkilikni tashlash o‘yida, go‘zal “Mona Liza” bilan qanday topishganim-u, u bilan qanday ajrashganim haqida rostakamiga hajviya yozadiganga o‘xshayman... Mavzuning kelishini ko‘ring.