Dunyo go‘zal, xayollar esa uni yanada go‘zal qilarkan. Eh-he, bu mo‘‘tabar boshga kapalak misol ohista kelib qo‘nadigan cheksiz xayollar yigitlik chog‘laringda ko‘ngil qo‘ygan sohibjamol haqida, o‘sha qora qosh, qora ko‘z jononga bo‘lgan otashin muhabbating haqida bo‘lsa-chi, oh-oh, bu go‘zal dunyo jannatga aylanarkan-qolarkan..
Qo‘shni qishloqqa tegib ketgan Suqcuroyning eri bilan ajrashayotganini eshitgan Olim ham birpasda xayollarga asir tushdi-qoldi. Oshiqlik dardi qo‘zib, nozik ko‘ngliga olamning bor shodliklari birin-sirin mo‘ralay boshladi. Quloqma-quloq ko‘chib yurgan bu xushxabarni oyisi Muxlisa opa ko‘chadan topib keldi:
—Gulday qizning qadriga yetmabdi-ya, bay-bay-bay.. uvol-a, uvol! Qizgina asli suluv, suluvning o‘zginasi edi, hozir ham husniga qarab to‘ymaysan, bir qultum suv bilan ichvorging keladi-ya.
Orzu — ko‘ngilga toshu tarozu. Orzuga yetmoqqa esa birgina xayolotning o‘zi kam. Ehtiros alangasi kundan-kun kuchayib Olimbekning ko‘nglidan oromni, ko‘zlaridan uyquni tortib oldi. Yetisholmagan sevgining qo‘zg‘olishi Qo‘qon shamolidan ham battar bo‘larkan. Axir, sinfdoshi Suqsuroyning ko‘zlari ohu, boqishlari xumor, ortidan to‘lg‘onib chopadigan tim qora sochlari jonga qasd qilguvchi edi-da. Bularni unutib bo‘larmidi? Biroq o‘shanda qizgina bu yorug‘ dunyoning barcha go‘zallaridek bevafolik qildi, unga aqalli bir qiyo boqmay, boshqaga tegib ketdi. Shu-shu uning uchun baxt eshiklari berkilib, o‘rtangan ko‘ngil o‘rtanganicha qoli-ib ketgandi.
Baribir dunyoda adolat bor ekan. Astoydil niyat qilsang, tilagan og‘izga osh, yig‘lagan ko‘zga yosh kelarkan. Muhabbat! Ko‘hna dunyoning ko‘hna dardi! Qanchalik ajoyib, qanchalik g‘aroyib tuyg‘u-ya! Qalbdagi pinhoniy iztiroblari-chi, eh-he..
Olamning Eram bog‘laridek fusunkorligi, ohanrabodek sehrgarligi muhabbatda ekan. Ishq dardi yomon ekan — bir ilashdimi tamom, umrbod kuydirarkan, yondirarkan.. Olimbekka hayoti bachkana ko‘rina boshladi. Uch kun burun oyisi bilan janjallashib otasinikiga ketib qolgan xotinini eslaganda puchuq burni jiyirildi, bit ko‘zlari tag‘inam qisildi, peshonasidan ajin o‘rmalab o‘tdi. So‘ng Suqsuroyni o‘ylab chiroyi ochildi. Xuddi shu payt oyisi hujumga o‘tdi:
— O‘sha pandavaqini unut, na chiroyda bor, na boshqada. Agar Suqsuroy meniki bo‘lsin desang, ammamning buzog‘idek xo‘shshayib o‘tirma..
Olim «nima qilay» degandek yer suzgancha oyisiga termuldi. Oyisi hujumni davom ettirdi:
— Fursat g‘animat, o‘sha chillashirning bahridan o‘t, shu bugunoq ko‘ch-ko‘ronini jo‘nat, orani ochiq qil. Ana undan keyin..
Olimbek oyisining gapini ikki qilmay, aytilgan kuniyoq xotinining ko‘ch-ko‘ronini bir arava qilib tashlab keldi. Qaytishida qizchasining chinqirab ergashganiga ham quloq solmay, og‘zini to‘ldirib xotinining javobini berdi. Anchayin yugur-yugurlardan so‘ng, qonuniy ajrim qog‘ozi qo‘liga tegib, qushdek erkin bo‘lib oldi. Bu orada oyisi ham qarab turmadi, harakat qildi, bo‘zchining mokisidek bo‘lajak qudasinikiga tinmay qatnadi. U yerdan doim yangi gap topib kelardi. Bu gal:
— Oyisi rozi, suyunchini cho‘zaver, sal kunda baxting ochiladi, bolam, — dedi ona o‘g‘liga. Muxlisa opa ham o‘g‘lining shodligini ko‘rib jo‘shib ketdi.
— To‘yni katta qilamiz. Bozor kuni uydagi novvosu qo‘chqorni sotasan. Puli to‘yga! Aslida bunday qiz uchun dunyoning yarmisini bersang ham oz. Keyin rosmana sovchilikka boraman.
Nihoyat uzoq kutilgan kun yetib keldi. Olim sovchilikka ketgan oyisining yo‘liga ko‘zlari to‘rt bo‘lib so‘ridagi ko‘rpachada xayol surib yotardi.
... Ko‘cha eshigining taraqlab yopilishidan xayoli bo‘lindi. Hovlida yelpishtovoqdek dasturxonni arang ko‘targancha oyisi ko‘rindi. U lablari asabiy titrab, rangi bo‘zday oqargancha, boshidagi dasturxonni so‘riga otdi. Bundan Olimning yuragi orqaga tortib ketdi.
— Sho‘rimiz quridi bolam! — Muxlisa opa yig‘lab yubordi.
— Nega?! — Olimning ko‘zlari piyoladek bo‘lib ketdi.
— Kelin... kelin bo‘lmay yer yutkur erinikiga... qochib ketibdi.
— A?
— Arazlashgan ekan xolos.
Olim baqirganicha o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Ammo turishga madori yetmay so‘riga gup etib yiqildi. Hushsiz yotgan o‘g‘lini ko‘rib, ona ham hushidan ketdi.