Muso yaxshi yigit — qobiliyatli. Lekin sal o‘yinqaroq. Buni o‘zi ham biladi, biroq ko‘p ham kuyina-vermaydi. Boshqalar, masalan, xonada u bilan yonma-yon o‘tiradigan Turg‘un aka nasihat qilsa, Muso: “Bola bo‘lsin — sho‘x bo‘lsin”, deya kulib qutulib ketadi. Muso o‘zining yana bir talay kamchiliklarinn biladi, lekin boshqa narsadan — garchi fe’l-atvorida nuqson hisoblanmasa ham — pulsizlikdan ko‘p qiynaladi. O’zingiz o‘ylab ko‘ring: otasi uni yedirsa-ichirsa, voyaga yetkazsa, besh yil o‘qitsa-yu, hali ham unga pul yuborib tursa! Musoqulboy — otasoqol iyagiga bitgan davangir yigit — endi otasini boqish u yoqda tursin, bir bosh, bir qulog‘ini ham eplolmasa, har borganida unga sarg‘ayib, ukalarining rizqidan yulib kelsa! Yaxshimi shu?
Yo‘q, Muso bersang — yeyman, ursang — o‘laman, degan lapashanglardan emas, o‘zini boqish, mustaqil yashash yo‘llarini ko‘p axtaradi. Lekin iloji yo‘q-da. Laborantlikning oyligi sakson so‘m, chirting-pirting bo‘lib, qo‘lga yetmish so‘mcha tegadi, bunga ovqat yesinmi, kiyim-bosh olsinmi? Sigaretaning o‘ziga har oy-da o‘n besh so‘mdan ketsa! Muso kechalari uxlamay o‘ylanib chiqadi: xazina topib olsa, lotoreyaga “Volga” yutsa, sportlotodan hamma nomeri to‘g‘ri chiqib qolsa yoki biron olihimmat odam: “Uka, men ilm ahlining shaydosiman. Mana, sizga o‘n ming so‘m. Ammo-lekin fanimiz rivojiga zo‘r hissa qo‘shasiz. Bo‘lmasa, rozi emasman”, deb jo‘mardlik qilib yuborsa! Muso entikiblar ketadi, biroq... Qiyin ekan-da, ishqilib.
Muso chidadi, chidadi, yo‘q, oxiri bo‘lmadi, direktorga kirdi: “Domla, bu pulingiz qorin to‘yg‘azishga ham yetmayapti-ku”, dedi. Direktor uni aldadi, avradi, iloji yo‘qligini aytdi: “Shtatlar sanoqli — sening oyligingni oshirish uchun, o‘g‘lim, boshqg bir xodimning oyligidan qirqish kerak”. Keyin Qudratovni misol keltirdi: “Shu yigit to‘qson sakkiz so‘m bilan oila tebratadi-ya!”, dedi. Yer yorilmadiyu Muso kirib ketmadi. U o‘zidan besh yosh katta Turg‘un akaning oilasidagi to‘rt jonni qanday boqishini hech o‘ylab ko‘rmagan ekan, juda xijolat tortdi, pulparast deb o‘zini koyidi, qabulxonadai ming pushaymon bilan yer bo‘lib chiqdi.
Muso oyligimni oshiring, deb direktorga tiqilinch qilgandan roppa-rosa uch kun o‘tgach, ishxonada xunuk gap tarqaldi, kimdir aspirant qizlar — Karima va Munavvarning stipendiyasini o‘g‘irlab qo‘yibdi. Upa-elik, taqinchoq-paqinchoqlariga tegmapti-yu, to‘qson sakkiz so‘mdan — bir yuzu to‘qson olti so‘mni o‘marib kvtibdi. Davlat bebaqo, pul — qo‘lning kiri, falon-pismadon deb karillaymiz-u, le-kin, sabil, bir yuz to‘qson olti so‘m katta pul-da To‘rt so‘mgina qo‘shsa — ikki yuz so‘m! Tushlikka chiqayotganlarida sumkada ekan, qaytib kelishsa, shuncha pul — yo‘q!
Boshlandi: qavatda kim bor edi, xonaga kim kirgan, tushlikka kim chiqmagan, kimning qo‘li egriroq... Ayollar jonlanib, tashvishmand qiyofada og‘iz poylagan, erkaklar burchak-burchakda so‘kingan; shivir-shivnr, pichir-pichir... Eski, remonttalab, mudroq ishxonaga fayz kirib, bamisoli hindlarning marhumnn kuydirish oldidan “ram-ram satti”, deb raqsga tushadigan marosimi o‘tayotgan joyga aylanib qoldi.
Xunuk gap ishxonada ajina shamoldek jilpanglab yurdi-yurdi va nihoyat, qabulxonaga, undan to‘ppa-to‘g‘ri direktorning qulog‘iga kirib ketdi.
Musoning dami ichiga tushib, birovning ko‘ziga qarashga botinolmadi. Ayniqsa, kotiba qiz hammani majlisga chaqirib yurganini eshitib, toza tamom bo‘ldi. Bo‘yniga ip solib kushxonaga sudralgan qo‘ydek, direktor kabinetiga kirdi-yu, burchakdagi kursiga o‘zini tappa tashladi — hukmni kutdi.
Direktor so‘zini bu gapning ishxona uchun naqadar sharmandalik, benihoya xunukligidan boshladi, o‘g‘ri (“o‘g‘ri”, demadi, “pulni olgan”, dedi) tashqaridan kirgan begona emasligi, qizlarga stipendiya tekkanini bilib, tushlikka chiqishlarini poylagan odamligini aytib, “Kim tushlikda shu yerda qolgan bo‘lsa, o‘sha olgan”, dedi. Muso o‘tirgan joyida cho‘kib. ketdi. Direktor davom etib, “Balki o‘sha noinsof hozir ichimizda o‘tirgandir”, deb taxmin qildi. Bu Musoga: “Hoy, noinsof Muso, tur o‘rningdan. Hammaning o‘rtasida bo‘yningga ol!”, degandek eshitildi. Hamma unga qarayotgandek, hamma uni o‘g‘ri tutib, mardlarcha bo‘yniga olishini kutayotgandek tuyuldi. "Men olmadim. Olmaganimni o‘zim aniq bilaman-ku, axir”, deya o‘ziga taskin berdi, sho‘rlik. Xayriyat, hech kim “Pulni Muso olgan”, deb o‘rnidan sapchib turmadi. Musoning bugun tushlikka ertaroq chiqib, darrov qaytganini sotib qo‘ymadi. Bundan tashqari, direktorning majlis chaqirishdan maqsadi o‘g‘rini topishdan ko‘ra (qaydan topadi!), pulini ochiq-sochiq tashlab ketgan qizlarni tergash, mahalliy komitetdan yordam uyushtirish, eng asosiysi — bu xunuk gapni ishxona ostonasidan chetga hatlatmaslikni qattiq uqtirib qo‘yishdan iborat ekan.
Majlisdan bosh chayqab, afsus bildirib tarqaldilar. Musoning nazarida, odamlar pulidan ajralgan qizlarga emas, pulni olgan odamga achinayotgan-dek, to‘g‘rirog‘i, uni nazarda tutib, “Shunday yigit-a!”, deyayotgandek edilar. ,
Yo‘qolgan pul ikki kuncha odamlarning og‘zida shirin saqich bo‘ldi. Hech kim o‘zida tergovchilik mas’uliyati, javobgarligini his qilmagani uchun, orqavorotdan ikki-uch kishi o‘g‘ri deb topildi, barcha yaxshi-yomon tomonlari taroziga solingach, yana orqavorotdan oqlandi. Shunday qiziq voqeani boshqa joyda aytish qatag‘on etilgani sababli, gap faqat ishxonada qizidi. Uchtadan yigirma beshtalik, to‘rttadan besh, bittadan uch so‘mlik ekan yo‘qolgan pullar. Munavvar Halima opa bergan ellik so‘m qarzini qaytarishi, Karima pul qo‘shib, qishlik palto olishi kerak ekan. Noinsof shu mushtiparlarning haqiga ko‘z olaytiribdi. Keyin umuman o‘g‘rilik haqida gap ketdi. To‘rtta odam yig‘ilgan joyda qadim zamonlardagi kallakesar, yo‘lto‘sar, toshteshar, qulfbuzar, cho‘ntakkatushar o‘g‘rilar haqida dahshatli va qiziqarli hangomalar aytildi. Xullas, Nasriddin afandi qirq o‘g‘rini qanday aldagan bo‘lsa, ishxonadagi bir o‘g‘ri qirq to‘g‘rini shunday laqillatdi — uni hech kim topolmadi.
Bu hangomalar bosilguncha Muso o‘zini o‘zi yeb qo‘ydi, biroq, xayriyat, hech kim undan shubhalanmadi, uning ham ko‘ngli tinchidi. Hamma qatorida yordam ma’nosida undan ham besh so‘m so‘rashganda, gunohdan forig‘ bo‘lgandek, juda yengil tortdi. Agar undan gumonsirashsa, boyoqish kambag‘al, o‘zini qanday oqlashni ham bilmasdi: direktorga pulim yo‘q, deb kim ko‘zyosh to‘kdi — Muso; doim tushlikka kim qarz so‘raydi — Muso; kimning oyligi kam — Musoning; oyligi kam bo‘lsa ham, tez-tez restoranlarda kim davru davron suradi — Muso (aysh-ishratga qaydan topadi?); kim qizlarning xonasida laqillab yuradi — Muso; endi, xuddi o‘sha kuni ayni tushlik paytida ishxonada kim qolgan edi — Muso-da!
Hamkasblarini qo‘yavering, shuncha dalil-isbotni sinchiklab tahlil qilib chiqqan Muso ham qizlarning stipendiyasini o‘zi emas, boshqa birov ilib ketganiga juda-juda hayron edi.
Oradan ikki haftacha vaqt o‘tdi, Muso bu gaplarni esidan chiqarib yubordi. Shirinsaqychning ham shirini ketdi shekilli, odamlar uni tuflab tashlashdi. Musoga Shibutani degan amerikalik olimning “Sotsial psixologiya” degan kitobi juda zarur edi, so‘roqlay-so‘roqlay, oxiri bir faylasuf do‘stinikidan topib keldi. Xonada hech kim yo‘q: Turg‘un aka betob ekan, telefon qildi, Abduxalil javob so‘rab qayoqqadir jo‘nadi. Muso ertalabdan beri Shibutanining kitobidan bosh ko‘tarmay, oltmish sahifagacha o‘qidi, yetti-sakkiz bet ko‘chirma oldi. O’zining boshida ham psixologiyaga oid fikrlar g‘ivirlab-yugurgilab qoldi. “Uyatchanlik — uyatchanlikdan uyalishdir. Agar hamma odamlar bir-birlariga ko‘ngillaridagi uyatln his-tuyg‘ularni ayta boshlashsa, uyatchanlik yo‘qoladi. Nega birovlar o‘zlari shikoyat qilganda uyalmaydilar-u, boshqa kishining shikoyatiga g‘ashlari keladi?”, deb o‘yga cho‘mdi.
Muso ana shunday g‘alati, o‘ziga ham u qadar tushunarli bo‘lmagan fikrlar og‘ushida hayajonlanib o‘tirganda, eshik g‘iyq etib ochildi va Mukambarning chiroyli boshi ko‘rindi.
— Mumkinmi?
— O, albatta! Qadamlariga hasanot,— dedi Muso o‘tirgan joyida.
Mukambar eshikni ehtiyotkorlik bilan yopdi, Musoga qarab iljaygandek bo‘ldi.
— Yaxshimisiz,— dedi.
— Soyai davlatlarida!
Mukambar derazaga bir qarab qo‘ydi, o‘ng‘aysizlanib, boshini quyi soldi, loklangan tirnoqlari tikildi-da, begona bir ovozda:
— Bugun menga hazillashdingizmi?—dedi. Muso gavdasini orqaga tashlab yastandi.
— Hazillashdim.
U ertalabdan beri kitobga muk tushib charchagan hozir esa rostdan ham hazillashgisi, besh-o‘n daqiqa hordiq chiqargisi kelar edi. Mukambar — istarasi issiq, shiringina juvon — hamisha hazilni ko‘tarardi.
— Haznllashdim,— deb takrorladi Muso.— Pasportingizni oldim-da, ariza yozib, ZAGSga topshirib keldim. Qalay, boplabmanmi? U yoqda siz, bu yoqda men, bag‘rimizni jizza kabob qilib yuraveramizmi?
Mukambar “Qo‘ying shunaqa bachkana gaplarni” degandek, qo‘l siltadi.
- Sumkamni kavlashtirdingizmi?
Muso qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirdi.
— Endi, nima desam ekan, avvalo, “sumkam” emas, “sumkamiz” deng, xo‘pmi? Innaykeyin...
Mukambar unga g‘alati tikildi, nimadir demoqchi edi, eshik yana ochildi-da, tashvishmand qiyofada Halima opa kirdi. Mukambar jim qoldi. Halima opa unga savol nazari bilan qaradi.
— Nima bo‘ldi?— dedi.
— Bilmasam, — dedi Mukambar tutilinqirab. — Muso hazillashibdimi...
Halima opa tanglayini taqillatdi, boshini sarak-sarak qildi.
— Ey ukam-ey, ukam! Kelib-kelib puldan hazillashasizmi? Musoning ko‘ngliga xavotir oraladi.
— To‘xtanglar. Qanaqa pul? Mukambar qizarindi.
— O’zingiz... Sumkani kavladim, dedingiz-ku? Musoning ichida nimadir uzilib tushgandek bo‘ldi.
— E, qo‘yinglar-e! Nahotki, meni... Ertalabdan beri xonadan chiqqanim yo‘q, axir!
Mukambar mung‘aydi, qo‘llarini qovushtirib, kiftlarini qisganda, kichkina juvon, battar kichraydi.
— Yo‘g‘-e, Musavoy, kim sizni...— deya Halima opa gapining davomini ichiga yutdi.
— Nima, yana pul yo‘krldimi?— dedi Muso yuragi uvishib.
Halima opa va Mukambar indamay tasdiqlashdi. Muso juda qattiq xafa bo‘ldi.
— Shu... Sakson so‘m oylik olsam, tez-tez qarz so‘rasam, kimning puli yo‘qolsa... Darrov meni o‘g‘rn tutasizlarmi!
— Hay-hay, Musojon, nimalar deyapsiz! Opangizman-a, aylanay! Sizday yigitdan shu ish chiqadimi? Sizdan gumonsiragan odam ko‘r bo‘ladi-ya, ko‘r!
Halima opa Musoning yelkasiga ustma-ust qoqqancha, kuyib-pishib tushuntirdi. Gap bunday bo‘lgan ekan: Mukambar ertalab sumkasidagi karmonchaga yigirma uch so‘m solgan; trolleybusda chaqasi yo‘q ekan, pul uzatsa, haydovchi naq qirq tiyinlik abonement beribdi: hozir pastki qavatga, kutubxonaga tushib, Tursunoy bilan besh minutgina gaplashib, qaytib chiqsa, sumkasida ikki so‘mu oltmish tiyin turgan ekanu yigirma so‘m yo‘q emish. Halima opaga aytsa, “E, o‘libdimi! Avval so‘raylik, Muso-puso hazillashgandir”, depti. Keyin Mukambar to‘ppa-to‘g‘ri Musoning oldigan chopib kelaveribdi. Ustiga ustak, Musoning ham hazillashgisi kelib turgan ekan...
— Puldan boshqa hazil qurib ketgan ekan-da, deb bo‘g‘ildi Muso.
Halima opa o‘ylanib turdi-da, so‘ngra:
— Yana o‘sha oldnmikan?—dedi.
— O’shalaring kim?— dedi Muso.
— Kim bo‘lardi! — dedi Halima opa.— “Turnaxon"da. Suvilonga o‘xshamay o‘lgur!
Muso shu paytgacha o‘g‘rini burni iyagiga yopishgan allaqanday yalmog‘iz kampir yoki hammayog‘ini jun bosgan, badbashara, og‘zi qiyshiq, bir ko‘ziga charm sirilgan erkak sifatida tasavvur qilganidanmi, qosh-ko‘zi, oyoqqo‘li o‘z joyida bo‘lgan rosmana odam, ustiga-ustak, qiz bola ekanligini eshitib, qo‘rqib ketdi.
— Yo‘g‘-e?!—deb yubordi. -
— Iy-e, Musovoy, buni hamma biladi-ku?
— Rost,— dedi Mukambar ham. — Mahzuna Zokirovnaning har oyligidan yigirma besh so‘m yo‘qolaverdi. Keyin bilsak — shu olgan ekan. Mening o‘ttiz so‘mim, Tursunoyning soati, Mapuz bechoraning qirq yetti so‘mi, tunov kungi pullar...
Muso angrayib qoldi.
— O’, enag‘ar-ey!.. E, kechirasizlar, og‘zimdan chiqib ketdi.
— O’lsin!—dedi Mukambar.— Bor-yo‘g‘i yigirma so‘m ekan. Teshib chiqsin!
— Yigirma so‘m ham pul-da, axir,— dedi Muso.
— Shuni uni ayting,— dedi Halima opa.
— Nima, bir gala xotin bo‘lib o‘rtaga ololmay-sizlarmi?— dedi Muso.— Bu... Nuqul og‘zimga so‘kinish kelyapti-ya! Nahotki uni tiyib qo‘yolmasalaring? Direktorga aytinglar. Hech bo‘lmasa...
— Ushlab olmasak, qanday aytamiz?
Muso qo‘llarini orqaga qilib, uyoqdan-buyoqqa yura boshladi.
— Bu ham to‘g‘ri. Lekin bir ilojini topish kerak-da. Nahotki, uni ushlab bo‘lmasa, a? Pul qachon yo‘qoldi? Hozirmi?
— Shu gaplashib turgunimizcha vaqt o‘tdi-da, - dedi Mukambar negadir Musoga umid bilan termilib.
— Ta-ak,— dedi Muso Mukambarning termilishidan ta’sirlanib.— Tekshirib ko‘rsak-chi?
— Qanday?—dedi Halima opa.
Muso o‘ylanib qoldi, qoshlarini chimirdi.
— Zamira... bu “Turnaxon” xonasida o‘tiribdimi?
— O’tirgandir,— dedi Mukambar.
— Xonasida,— dedi Halima opa,
— Unda pul shu yerda. Ishxonada,— dedi Muso. Uning
kallasiga ajoyib fikr kelgan edi.
— Halima opa, hozir siz achchiqqina choy damlasangiz-da, “Turnaxon"ni chaqirsangiz? Mukambar bu paytda...
Mukambar orqaga tisarildi.
— E-e, men qo‘rqaman.
— Sezib qoladi,— dedi Halima opa.
— Biron yo‘lini topish kerak-da, axir,— dedi Muso qizishib.— Qachongacha bunday bo‘ladi! Hadeb pul yo‘qolaversa, “Turnaxon” yallo qilib yursa!
— Xonada Yo‘ldosh aka ham bor-ku?—dedi Mukambar.
— Xo‘sh? Unga to‘g‘risini aytasizlar. Uning o‘zi “Turnaxon"dan bezor.
— Bari bir, juda noqulay. O’g‘ri bo‘lgani bilan, odamning yuzi issiq,— dedi Halima opa.
— Ha, o‘sha issiq yuzi qursin uning,— dedi Muso.— Yuzim issiq deb o‘g‘irlik qilaveradimi! Sizlarning shunaqa ko‘ngilchanliklaringni biladi-da.
Ayollar indashmadi.
— Bugun yigirma so‘m o‘g‘irlaydi, ertaga kassadan hammamizning oyligimizni o‘marib ketadi. O’g‘ri onadan o‘g‘ri tug‘ilmaydi, uni o‘zimizning ko‘ngilchanligimiz yetishtiradi. Uning gunohiga o‘zimiz ham sherik,— deb Muso tashviqotga zo‘r berdi.— Mayli, sizlar indamanglar — pullaring ko‘p, maoshlaring oshib-toshib yotibdi! Har zamonda bir kambag‘al ellik-oltmish so‘m olsa olibdi-da, kamayib ketarmidi! Qaytangga yaxshi — savobga qolasizlar!
— Halima opa, bizdan nima ketdi, bir urinib ko‘raylik,— dedi Mukambar oqarinqirab.
Halima opa indamadi.
— Eh, qiz bola bo‘lganimdami!—deb xitob qildi Muso, Halima opa Mukambarga qaradi:
— Mahzuna Zokirovnaga aytsakmi?
Mukambar Musoga qaradi. Musoning g‘ashi keldi.
— Uni aralashtirishning nima keragi bor?
— U kishi Zamirani biron ish bilan chaqirsala Mukambar ikkalamiz...
— Vo!—dedi Muso, Mahzuna Zokirovnaning bu ishga aralashishidan norozi bo‘lsa ham.— Zo‘r! Ikkovlaring qarab chiqasizlar.
— Mayli,— dedi Mukambar.
Aniqlik kiritadigan hech narsa bo‘lmasa ham Muso butun tadbirni qayta tushuntirib chiqdi: Mahzuna Zokirovna “Turnaxon"ni choyga, yo‘q, to‘g‘ri kelmaydi, yaxshisi, biron narsani o‘qishga chaqiradi (hozir doktorlik ishini mashinka qildiryapti, shunga yordamlashing, desa ham bo‘ladi); Halima opa bilan Mukambar bu paytda “Turnaxon"ning sumkasini, stoli tortmalarini sinchiklab qarab chiqadilar.
Natijasini kelib Musoga aytadilar.
— Pulni topib olsak, nima qilamiz?— dedi Halima opa.
Muso hayron qoldi: rostdan ham, keyin nima qilishadi? U “natijasini menga aytinglar”, deganida faqatgina bu ishga rahbarligini ta’kidlagan, nariyog‘ini o‘ylab ham ko‘rmagan edi.
— Keyinmi?— deb kiftini uchirdi u.— Keyin... Avval topaylik, keyin bir gap bo‘lar.
— Ularning xonasi ro‘parama-ro‘para-ku!
Mukambarning bu gapi pishib kelayotgan ishni buzib yuborishiga sal qoldi.
— Hech ko‘nglim chopmayapti-da,— dedi Halima op
— Obbo!—dedi Muso.— Muncha qo‘rqasizlar. Axir, eshik yopiq turadi-ku. O’zi, shu ayollar bilan bir ishni bitirish qiyin. Sal narsaga darrov: "Voy o‘lmasam, bir balosi chiqmasa edi”, deb vahima qilishadi.
— Pul topilmasa-chi?
— Topiladi. Halima opa, topiladi, meni aytdi deng, topiladi! Topilmay qayga boradi? Qanot chiqarib uchib ketmaydi-ku.
Halima opa og‘ir so‘lish oldi.
— Tezroq boringlar,— dedi Muso.— Xonadan bitta-bitta chiqinglar — “Turnaxon” koridorda bo‘lsa, shubhaga tushishi mumkin. Keyin, bunaqa hayajonlanib yurmay, bamaylixotir, go‘yo hech gap yo‘qday, pul yo‘qolganini bilmaganday tuting-da, o‘znngizni, Halima opa, Mukambar, siz ham.
Halima opa avval eshikni ochib, dolonga qaradi, so‘ngra, xuddi Zamiraning xonasiga kirayotgandek, bir-bir bosib, ehtiyotkorlik bylan chiqdi.
Muso kulib yubordi. Mukambar ham ojizgina, o‘lganining kunidan jilmayib qo‘ydi.
— Sizdan zo‘r izquvar chiqar ekan-da,— dedi.
— He, o‘zimizni xor qilib yuribmiz-da,— dedi Muso birdan ko‘ngli ko‘tarilib.
Ular nimanidir kutib jim o‘tirdilar.
Musoni xayol olib qochdi: Amerika, kanon, preriyalar... Gangsterlar g‘ij-bij to‘lib yotgan Kolorado... U — maxfiy politsiya departamentining boshlig‘i. Mukambar esa unga kotiba. Muso davlat bankini o‘marib ketgan o‘ta xavfli jinoyatchilarni tuzoqqa tushiradigan maxfiy kodli operatsiyaga rahbarlik qilmoqda. Mukambar mashinka yonida o‘tirib, uning ko‘rsatmalarini yozib olmoqda.
— Endi boraveraymi?—deb so‘radi Mukambar. Muso bosh irg‘adi — ruxsat.
— Rostini aytsam, juda qo‘rqyapman,— dedi Mukambar. Muso osmondan tushdi, “Amerika"dan qaytdi.
— Hech qo‘rqinchli joyi yo‘q,— dedi.— Eng muhimi — pulni topish. E attang, o‘g‘irlashini oldindan bilganimizda, pullarning nomerini yozib qo‘ygan bo‘lardik.
— Bari bir taniyman,— dedi Mukambar jonlanib.— Bitta o‘n so‘mlik, ikkita besh so‘mlik. Besh so‘mliklar yangi, o‘n so‘mlik toza eskirgan edi.
Muso qidiruv operatsiyasiga yanada chuqurroq kirayotgandek his qildi o‘zini.
— Eskiligi-ku yaxshi. Biron belgisi, dog‘-pog‘i esingizda qolmaganmi?
— Bilmasam, ko‘rsam taniyman lekin. Toza abgor edi.
— Da, mayli, topilsin-ch”. Sinchiklab qaranglar.
Mukambar odatdagiga o‘xshamaydigan bir yurish bilan eshikka bordi. Chiqayotganida shunday katta eshikning kesakisiga yelkasini urib oldi.
"Ikkita besh so‘mlik, bitta o‘n so‘mlik”, dedi Muso o‘zicha. U mana shu pullarni ko‘z o‘ngiga keltirdi. Halima opa “Turnaxon"ning sumkasi ichidagi qizil karmonchani (Muso kuzatuvchan yigit, bu karmonchani Zamira ko‘tarib yurganiga ham e’tibor bergan) ochayotganida shu o‘n so‘mlik chiqadi. Ikki buklog‘lik. Uning ichida esa yap-yangi ikkita besh so‘mlikning chetlari ko‘m-ko‘k chizilib turadi. (“Hamma, hamma odam pulning yirigini albatta sirtga, maydarog‘ini ichga olib taxlaydi. Qizig‘-a?”) Muso ayniqsa shu o‘n so‘mlikni aniq ko‘rdi: lattaday eskirgan, rangi uniqqan, g‘ijim... Shu qadar aniq ko‘rdiki, negadir uning topilishiga ishonmay qo‘ydi.
"Nega topilmas ekan? Axir, shu pullar qaerdadir turibdi-ku!—deb yana o‘ziga taskin berdi u. — Bordiyu Halima opa bilan Mukambar topolmasalar ham, hozir xuddi shu topda aniq bir joyda turgan chiqadi-ku!”
Eshik taraq etib ochilgan edi, Muso cho‘chib tushdi! Halima opa, ortidan yov quvayotgandek, hovliqib kirdi. Muso sapchib turdi.
— Nima bo‘ldi? Topildimi?
— Endi, endi, Mahzuna Zokirovna Zamirani chaqirdi. Hozir sizni ham chaqiradi,— deya Halima opa ko‘ylagining yoqasi bilan yelpindi, chuqur nafas oldi.— Choyingiz yo‘qmi? Ichim yonib boryapti.
— Iy-e, meni chaqirib nima qiladi? Nima ishi bor ekan?
— Bir o‘zim qo‘rqaman, deyapti. Noqulay-da, unga ham,— dedi Halima opa va choynakning qopqog‘ini ochib ko‘rdi. - Mendan boshqa odam qurib ketibdimi?
- Unga bu ishni sizning maslahatingiz bilan qilayotganimizni aytdim...
- E-e,— dedi Muso, birdan ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib.
— Juda kallasi ishlaydigan bola ekan, deb aytdilar. O’zi ham kelsin, bir o‘zim bo‘lsam, Zamira sezib qoladi, dedilar.
"E, kallam ishlamay o‘lsin!”, dedi Muso ichida.
— Hozir boraymi?
— Yo‘q, o‘zlari telefon qiladilar. Agar juda borgingiz kelmayotgan bo‘lsa...
— Nega endi! Boraman!
— Lekin, Musojon, mening yuragim o‘ynab ketyapti-da.
— Qo‘ysangiz-chi, shunaqa gaplarni.
— Rost. Mana siz ham xavotirlanib qoldingiz-ku.
— Men-a?!
Muso Halima opaga mag‘rur bir tarzda qarab qo‘ydi.
— Xo‘p, men Mukambarni chaqiray. Halima opa chiqib ketdi.
Muso Zamiraga ro‘para kelishini o‘yladi...
Telefon qattiq jiringlab yubordi. Muso ko‘pdan beri tip-tikka bigizining ustida o‘tirgan-u, bigiz payt poylab birdan sanchilgandek, otilib turdi. Stul ag‘anadi. Muso trubkani ko‘tardi.
Mahzuna Zokirovnaning ovozi loqayd eshitildi:
— Rahmonov?
— Ha, men,— dedi Muso.
— Salom alaykum!
Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganini Musoning o‘zi ham sezmay qoldi:
— E, kechirasiz, salom alaykum!
— Rahmonov, hozir ishning birinchi bobi mashinkadan chiqdi. Shuni, mana, Zamiraxon bilan asliga solishtiryapmiz. Yarim soatgina qarashmaysizmi? Hozir keling, xo‘pmi?
Mahzuna Zokirovnaning ovozida qo‘rqish, noqulaylik, hayajon — hech narsa sezilmas edi. Aksincha, o‘zini Zamirani fosh etish operatsiyasiga aloqasi yo‘qligini pisanda qilib turardi.
Musoning ko‘ngli sal joyiga tushgandek bo‘ldi.
Lekin koridor kimsasiz, nimqorong‘i, jimjit ekan. Ko‘pi kuyib, bor-yo‘g‘i uchta qolgan neon chiroqlaridan biri sirli tarzda lip-lip etar, shiftni qalqitib ko‘rsatar edi.
Muso shiftga xavotir bilan qarab qo‘ydi. Hozir Zamiralarning xonasida Halima opaning Mukambar bilan tintuv o‘tkazayotganligini o‘yladi-yu, ko‘nglini vahm bosdi; kashalotlar og‘zini ochib yotgan o‘pqonning ustidan muallaq yuzib o‘tayotgandek, avaylab qadam qo‘ydi.
Mahzuna Zokirovna to‘rda — eshikka qarab, Zamira quyida — Mahzuna Zokirovnaga ro‘para o‘tirgan ekan.
"Zigmund Freydning psixoanaliz nazariyasi o‘z o‘zidan vujudga kelmagan — u burjua jamiyatidagi ma’naviy inqirozning in’ikosi edi...”
Elliklarga kirib, sochlariga oq oralay boshlagan Mahzuna Zokirovna o‘qishdan to‘xtab, boshini ko‘tardi, oltin gardishli ko‘zoynagining bir shishasn “yilt” etib sovuq chaqnadi.
— Keling.
Olimaning shisha bilan qoplangan nigohi hech qanday ma’noni ifoda etmas, odamni qo‘rqitar darajada bo‘m-bo‘sh edi.
— Salom alaykum,— dedi Muso, negadir ovozi qaltirab.
Zamira yerga qaragancha tovush chiqarmay bosh irg‘adi.
Musoga o‘g‘irlik sodir bo‘lmagandek, Mahzuna Zokirovna bilan o‘zining orasida Zamiradan bekitadigan hech qanday gap yo‘qdek tuyuldi.
Zamira stolga singib ketguday egilib olgan edi.
Muso uning yonidagi kursiga o‘tirdi.
— Oldingizdagi ikkinchi nusxami? Uchinchi betni oching. Freyd haqidagi joyini topdingizmi? Qarang,Zamiraxon, qaerda edik?
Zamira indamay qo‘l cho‘zib, boyagi jumlani ko‘r-satdi.
— “In’ikosidir”, shundaymi? Boshladik. “Yigirmanchi asr boshida Yevropa burjuaziyasi orasida tushkunlik, axloq kategoriyalarining darz ketishi, kelajakdan umidsizlanish oqibatida... Freyd o‘zining erotik ta’limotini yaratdi. Airim kuzatishlari meditsina, jumladan, psixiatriya uchun qimmatli bo‘lgan holda, ijtimoiy va ilmiy jihatdan xato bo‘lgan bu ta’limot...”
Muso Zamiraga zimdan razm soldi: Zamiraning cho‘zinchoq, suyagi turtgan yuzi ko‘karinqirab, ma’nosiz qotgan, burni o‘shshayib, yupqa lablariga sezilar-sezilmas soya tashlab turardi (Muso shuni ham ko‘rdi).
"Rostdan ham shu o‘g‘irlagan”.
— Rahmonov, qarayapsizmi? Muso shoshib qoldi.
— Ha, qarayapman. Freyd haqida gap ketyapti. Mahzuna Zokirovna rostkamiga jahl bilan tikildi.
— Rahmonov! Sizni pashsha qo‘rishga chaqirmadim. Xayolni keyin surasiz.
Muso qog‘ozga qaradi, qatorlar lipillab, harflar xira tortdi.
— “Edip kompleksi, “Elektra kompleksi” degan g‘ayriilmiy sxemalar bo‘yicha o‘g‘il onani otadan qiz otani onadan rashk qilar emish.
Endi Muso qiziqib tinglay boshladi.
— “Freydning reaktsion qarashlari ~arb va Amerika Qo‘shma Shtatlariga keng yoyilib...”
Shu asnoda koridordan g‘alati shivir, pichir-kuchur kelib, Muso quloqlarini ding qildi. U gap-so‘zlarini eshitmasa ham, Halima opa bilan Mukambarni tovushlaridan tanidi. Uzini qaerga qo‘yishini bilmay, Mahzuna Zokirovnaga, keyin Zamiraga, yana Mahzuna Zokirovnaga qaradi.
Mahzuna Zokirovnaning ovozi bir parda ko‘tarildi.
— “Uning... izdoshlari...”
Birdan Musoning ko‘zlari Zamiraning o‘qib bo‘lib, ag‘darib qo‘yilgan oq qog‘oz ustidagi qo‘llariga tushdi; qonsiz eti suyakka tortilgan, ko‘m-ko‘k tomirlari jilvirab turgan, tirsakkacha yalang‘och qo‘ldagi sezilar-sezilmas titroqni payqab, ko‘ngli bir xil bo‘lib seskanib ketdi: “O’g‘rilarning qo‘li titraydi!”
Qo‘lga birin-sirin qizg‘ish, ko‘nglini aynitadigan darajada yoqimsiz donachalar toshib chiqa boshlaganda, Muso menga shunday ko‘rinyapti shekilli, deb ko‘zlarini yumib ochdi; bu orada donachalar xira tortib, bir tiyinlik, ikki tiyinlik tangadek noparmon dog‘larga aylandi, ko‘m-ko‘k tomirlar ularning ostida bilinmay qoldi.
Zamira birdan qo‘lini tortdi, “Im-m”” deya ingranib, og‘zini changallagancha, bukchayib qoldi.
Musoning yuragini allanarsa timdalab-yulib o‘tdi.
Mahzuna Zokirovna qo‘rqib ketdi.
— Ha-ha, Zamiraxon! Nima bo‘ldi?
Zamira yana bir ingrandi-da, eshikka otildi. Mahzuna Zokirovna "Zamiraxon!”, degancha o‘rnidan turdi, Musoga qarab hayron qotdi.
"Eshitdi! Ularning shivirini eshitdi!”
Mahzuna Zokirovna darrov o‘zini bosib, ko‘zoynagini qo‘liga oldi.
— Rahmonov, nima bo‘ldi o‘zi?
Muso javob berishdan oldin koridor tomonga quloq tutdi: uning hisobicha, xuddi hozir Zamiraning vag‘illashi, Mukambarning chiyillashi, Halima opaning hay-haylashi eshitilishi, nimadir gurs yetishi, nimadir sinishi, eshik qars ochilib-yopilishi kerak edi. Lekin bularning o‘rniga neon chiroqning g‘o‘ng‘illashi elas-elas keldi — tinchlik edi.
— Bilmadim, quyanchiq-puyanchig‘i tutib qoldi shekilli.
Mahzuna Zokirovna kulmoqchi bo‘ldi-yu, lekin darrov lablarini yig‘ishtirib oldi.
— Qo‘pollik qilmang, Rahmonov.
Zamira tezda qaytib kirdi, to‘g‘ri kelib joyiga o‘tirdi.
— Tishim birdan sanchib qolsa bo‘ladimi?—dedi u yana qog‘ozga muk tushib.
"Bo‘ladi”, dedi Muso ichida.
Mahzuna Zokirovna Muso bilan ko‘z urishtirdi-da, o‘ta mehribonlik bilan:
— Haliyam og‘riyaptimi?— dedi.
— Analgin qo‘ydim,— dedi Zamira.
Muso Zamiraning qo‘liga qaradi: hech qanaqa donacha-ponacha, dog‘-pog‘ yo‘q; qonsiz eti suyagiga tortilgan, ko‘m-ko‘k tomirlari jivirlab, tirsagi turtgan, oddiy oriq qo‘l; qaltiramas, sahifa ustida xotirjam cho‘zilib yotar edi.
"Pulni bekitib keldi!”
Hozir shu qo‘ldagi tomirlar ko‘kimtir suvilonchalardek o‘rmalab, chiqib, qochishi kerakdek edi...
— “Freydning original ko‘ringan ideyalariga ergashgan bu olimlar...”
Muso Mahzuna Zokirovnani to‘satdan yomon ko‘rib ketdi. Shu daqiqadan boshlab undan qo‘rqish ham o‘z-o‘zidan yo‘qoldi: ko‘nglining bir- burchida achinishga o‘xshagan bir narsa uyg‘ondiyu o‘chdi — olimaning toza po‘latdan yasalgan pichoq tig‘idek keskir ovozida hech qanaqa amirona kuch-puch yo‘q, bor-yo‘g‘i sovuq ekan.|
Mahzuna Zokirovna o‘qiyverdi. Muso esa uning ko‘zoynagiga oshkora tikilib qoldi, agar u ham qarasa, “bo‘ldi qilaylik” degan ishora berishga chog‘landi. Lekin olima bosh ko‘tarmadi; so‘zlar xolodilnik muzxonasidagi katak plastmassada qotgan, qirralari salgina yeyilgan muz parchalari kabi shaldirab to‘kilaveradi...
Muso Mahzuna Zokirovnaning endi nega dissertatsiyasiga yopishib olganiga tushunolmadi: axir, Za-miraning xotirjam o‘tirishidan ishni tinchitib kelgani shundoq ko‘rinib turibdi-ku, olima hech bo‘lmasa, Musoga javob bersa bo‘lardi.
Nihoyat Mahzuna Zokirovna xuddi charchagan odamdek uf tortdi, ko‘zoynagini olib, chakkalarini uqaladi...
Muso Zamiradan oldin chnqdi, to‘g‘ri Halima opalarning xonasiga kirdi.
Halima opa juda darg‘azab, Mukambar esa umidsiz bir qiyofada o‘tirgan ekan.
Halima opa Musoni ko‘rishi bilanoq yorildi:
— Yo‘q! Hamma joyni titib chiqdik. Faqat tangasi bor. Bir so‘m ham pul yo‘q.
— Boya koridorda muncha shivir-shivir qildilaring?
— Sen kir, men kir qilib turgan edik-da.
— “Turnaxon” shu paytda chiqdimi?
— Endi eshigini tortmoqchi edim, sho‘p etib chiqib qolsa bo‘ladimi! Demak, Muso yanglishmapti.
— U bekorga og‘zini changallab chopgani yo‘q. Shivir-shivirlaringni eshitib turgan edi. Pulni biron joyiga qistirib chiqdi. Sizlar yo‘q narsani axtarib yuribsizlar.
— Yashshamay o‘lgur-ey!— dedi Halima opa.
— Ustaligini qarang!—dedi Mukambar.
— Qo‘yinglar, endi foydasiz,— dedi Muso.— Yigirma so‘mlaring ham ketdi — qulog‘ini ushlab, chinqirib.
Halima opaning g‘azabi oshdi.
— Nega qo‘yar ekanmiz! Hozir borib shartta betiga o‘g‘risan, deb aytaman. Mukambar nima deyar ekan, deb Musoga qaradi.
— O’zini bir... obisk qilsak,— dedi Muso yurak yutib.— Quruq g‘alva ko‘targandan ko‘ra...
— E, endi shuning basharasini ko‘rgani toqatim yo‘q, - dedi Mukambar. Lekin Halima opaning alami hali-beri o‘chmoqchi emas edi.
— Yo‘ldoshni chiqarib yuboramiz-da, hamma xotinqizlarni tekshiryapmiz, deymiz.
— Ko‘nmasa-chi?—dedi Mukambar junjikib.
— Ko‘nmay ko‘rsin-chi!—dedi Halima opa.— Zo‘rlab yechintirarman. Musoning zavqi keldi:
— Bir yulishmaysizlarmi!
— Eh-he, hali qariganim yo‘q,— deya sal shashtidan tushdi Halima opa.— Bitta qoqsuyakka kuchim yetmay, nima qilib yuribman.
...Muso “tintuv” natijasiga behad qiziqqanidan koridorda kutishga ahd qildi.
Biron daqiqalardan so‘ng Yo‘ldosh aka chiqdi “Ha, Musavoy, o‘g‘ri mushukdek koridorni poylayapsiz?”, degan yoqimsiz gap aytib o‘tdi.
Sal o‘tmay Zamiraning vag‘illashi, Mukambarning chiyillashi eshitildi. Nimadir gurs etdi, nimadir singandek bo‘ldi...
Muso turgan joyida taxtadek qotdi.
Eshik qars ochildi-da, Zamira otilib chiqdi, butun qavatni boshiga ko‘tarib vag‘illagancha, Musoning yonidan o‘tib ketdi.
Muso g‘alati bir shiddat bilan o‘zini eshikka urdi, ichkari kirgach, shartta eshikni qulflab oldi; tanglayi qurib qolgan ekan, suvi yangilanmagan grafinni ko‘tardi.
Qavatda bor odamlarning hammasi, nima gap ekan deb, koridorga chiqdi shekilli, g‘ala-g‘ovur boshlan? di.
Kimdir eshikni tortib ko‘rdi.
Tashqariga qarashga na jur’at, na mador bor edi Musoda.
Keyin Musoning tushiga ham kirmaydigan ajabtovur voqealar sodir bo‘libdi: “Turnaxon” shu vag‘illaganicha, Halima opaning aytishicha, "ishtonin boshiga ilib”, qabulxonaga, undan to‘ppa-to‘g‘ri direktorning oldiga kiribdi, o‘zidan ketib qolibdi (Muso buni eshitganda tishini tishiga bosdi, “yolg‘on!” dedi); suv-puv ichirgan bo‘lib, “o‘ziga
keltirishsa”, yana vag‘illabdi, “Meni o‘g‘ri tutib, koridorda qip-yalang‘och yechintirishmoqchi edi, zo‘rg‘a qutulib qochdim, qochganimni Muso ham ko‘rdi”, depti (Muso buni eshitganda o‘tirgan joyida bir sakrab tushib, so‘kinib yubordi); direktor uni otang yaxshi, onang yaxshi, deb tinchitishga urinibdi, keyin Halima opa bilan Mukambarni chaqirib, picha dag‘dag‘a qilibdi, "Uchovingni ham ishdan bo‘shatib yuboraman”, depti (Muso buni eshitganda "Shunchaki yo‘liga-da”, dedi); direktor ayollarni “Turnaxon"dan kechirim so‘ratgach, uchalasiga ham bu xunuk gapni ishxona ostonasidan chetga hatlatmaslikni qattiq uqtiribdi (Muso buni eshitganda indamadi).
Bu hangoma odamlarning og‘zida ko‘p ham turmadi, faqat ikki-uch kun burchak-burchaklarda, Zamiraga eshittirmay (yuzi issiq, axir!) shivir-shivir bo‘ldi. “Izquvarlar"ning bo‘shligidan kulishdi, Zamiraning ustakorligidan hayratlanishdi.
Lekin, hech kim Musoni tilga olmadi. Na Halima opa, na Mukambar, na Mahzuna Zokirovna bu haqda churq etmagani uchun, hech kim undan shubhalanmadi. Qaytaga, Mahzuna Zokirovna Musoning bergan salomiga mutlaqo alik olmay qo‘ydi. Musoga odammisan ham demay o‘tadigan bu olima Zamirani har ko‘rganida quyuq so‘rashadigan, uy ichlarigacha surishtiradigan bo‘lib qoldi.
Muso rahbarlik qilgan mahfiy operatsiya muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin ikki oylar o‘tgach, ishxonada “shtatlar qisqararmish” degan noxush gap o‘rmaladi. Muso bu ilmiy dargohga hali ko‘p foyda keltirishiga ishonsa ham, negadir o‘zidan xavo-tirga tushib qoldi.
Lekin direktor undan qutulishni xayoliga ham keltirmagan, aksincha, "Bu bolani studentligidan beri bilaman, sal... unaqarog‘-u, hali xom-da... lekin undan ko‘p ish chiqishi mumkin. Kelasi yili aspiranturaga shuni yuborsakmikan?”, depti. Muso juda quvondi.
"Xatga tushganlar” orasida Zamira ham bor ekan. Muso buni eshitganda Zamiraga achindi, dil-dilidan achindi. Har qalay, o‘g‘irlik deganida ham sal-pal obro‘ bo‘lishi kerakmikan, ishqilib, unga Zamiraning o‘g‘irligi juda abgor, bechora bo‘lib tuyuldi. Bu o‘g‘irlikni na fosh qilib bo‘ladi, na fosh qilgandan keyin maqtanib... Bor-yo‘g‘i yigirma so‘m ekan, arzimagan narsa. Shunga silliqqina ishdan ketkazildi. Odam degan muncha maydalashmasa-da: mayda o‘g‘ri, mayda izquvar... Dunyoda shunday katta ishlar bo‘layotgan paytda bu gaplar endi cho‘ntakdan tushib koldi-da.
Dunyodagi hamma katta narsa maydadan ulg‘ayadi. Lekin Musoniki teskari — u kattadan maydalashib ketyapti. Odamlar bir ishda xatoga yo‘l qo‘ysalar, shundan kerakli saboq oladilar. Ammo Muso bechoraning xatosi ham kulgili, betayinroqmi-ey... Mana, endi o‘ylab ko‘rsa, o‘shanda nega shuncha hovliqqanini o‘zi ham tushuna olmaydi: “Menga shu zarilmi-di?..”, deb xijolat tortadi.
Xijolatdan boshqa hech narsa yo‘q. Quruq xijolatning saboqlik joyi ham yo‘q.
"Qachon odam bo‘laman?”, deb o‘ylaydi Muso. Nazarida, o‘zi bilan odamlik o‘rtasida bir masofa bordek, bu masofani loy kechib o‘tish kerakdek...;
Xullas, yana shunday xunuk hodisa ro‘y beradigan bo‘lsa, Musoning birdaniga o‘zini katta odam bilib, bir chetda aralashmay turishiga ishonch yo‘q. |
Yana ham kim biladi, katta ishlar o‘z yo‘liga — katta odamlar zimmasida, lekin shunaqa mayda-chuyda hodisalarda Musoga o‘xshagan o‘yinqaroqlarning vijdoni taskin topmay, hovliqib yurishi ham kerakdir — eshagiga yarasha tushovi-da; olamshumul ishlar qo‘lidan kelmagandan keyin jilla qurmasa, arzimas narsalardan ko‘z yumishmasin. Yana shunday maqol ham bor: “O’g‘irlik ignadan boshlanadi”. To‘g‘rilik-chi?
Vijdon degan narsaning hamma ishga, katta-kichik demay, birdek tumshug‘ini suqishini, shuning uchun ham o‘zining hali ko‘p loy kechishini Muso hozircha tasavvur qilolmaydi.
Bu ahvolda qachon odam bo‘lar ekan bechora?..