Lof emas, Yalamada Sherqo‘zidek muloyim, undan halimroq kishini topish mushkul. Mana, yoshi qirqdan ham oshibdiki, birov bilan san-manga borganini yoki, aqalli nomiga bo‘lsa-da, kimsaga do‘q urganini hech kim ko‘rmagan-eshitmagan. Lekin Yallamaning man-man degan bo‘yni yo‘g‘oni ham uning qarshisida qo‘l qovushtirib aytadigan gapini orqa-oldiga qarab, o‘ylab gapiradi: Sherqo‘zi “Jonim-jonim"lab har qanday odamning jonini kekirdagidan sug‘urib oladi.
Sherqo‘zi bir odamdan, u ham bo‘lsa otasidan bir oz cho‘chiydi. Lekin hovli-joyi, ro‘zg‘ori boshqa, shunday ekan, qarib qolgan boboydan cho‘chidi nima, cho‘chimadi nima! Uch singlisi, “musofirlikda yurgan” ukasi va onasiga Sherqo‘zi ayabroq gapiradi, ammo ular ham Sherqo‘zidan negadir hayiqishadi. Ainiqsa, xotini Karomatga xudo yurakdan bergan: yelkasidan ham kelmaydigan (taqdir ekan-da!), uvoqqina eri oldida qaltirab turadi. Sherqo‘zi jahli chiqqan paytlarda baqirmaydi, so‘kmaydi, “Xonim!” deb sizlaydi, “Karomatxon!”, deydi - uzib oladi. Uning eshikdan: “Karom, choy-poying bormi?” O’zbekning ro‘zg‘ori qursin, birin bitirsang, biri tayyor turadi-ya”. Deb horg‘in kirib kelishiga, oh Karomat joni-jahonini berishga tayyor - Sherqo‘zining erkalatgani shu-da!
Aslida-ku, Sherqo‘zi ro‘zg‘ori, xo‘jaligidan nolimasa ham bo‘ladi -joyida. Eshik oldi bir tekis vaish, husayni, keyin yana bir qator qora kishmish, muskat… eng oxiri - ertagi daroyi. Undan so‘ng xuddi shunday tartib bilan pomidor, bodring, kartoshka, loviya, bulg‘ori qalampir, achchiq jaydari qalampir ekilgan. Uyning orqasida esa beda, makkajo‘xori, piyoz, ozgina sarimsoqpiyoz, sabzi, yana urug‘ini Sherqo‘zi qaydandir topib kelgan "sudanka” degan yemish o‘t. Yon tomonda chog‘roqqina bog‘, u yerda mevali daraxtning yong‘oq bilan shaftolidan boshqa qariyb hammasi bor. Sherqo‘zi bu ikkala daraxtning mevasini yaxshi ko‘rsa ham, o‘zini xushlamaydi: yong‘oq ko‘p joyni egallaydi, tomorqaning ancha joyiga soya tashlab, boshqa ekinlarni siqib qo‘yadi, shaftoli esa uch-to‘rt yildan so‘ng qarib qoladi. Hovlining chor-atrofi bir tekis bo‘y tortgan mirzateraklar bilan o‘ralgan. Har biridan ikkita bolor chiqadi. Agar qirq so‘mdan (Sherqo‘zi oshiqcha so‘ramaydi -insofi bor) pullasa, o‘zicha o‘sadigan, osh-non so‘ramaydigan shu teraklarning o‘zi ikki yarim-uch ming turadi. Bu ham bir davlat-da, pul topish oson emas, lekin yo‘lini bilish kerak.
Sherqo‘zi pulga muhtoj emas. Uch govmish sigiri (bittasi yaqinda tug‘ib beradi), ikki zotli buzog‘i, bir novvosi bor; buqasi esa boquvda, burniga o‘tkazilgan xalqani silkitib, pishqirib yotibdi. Besh-oltita qo‘yi dashtda -cho‘ponda. Har yili yo birontasi yo‘qoladi, yo harom o‘ladi, biroq Sherqo‘zi qo‘li ochiq, bag‘ri keng odam - kuyinib o‘tirmaydi, “Sadaqa-da, kelgan baloqazo shunga ursin”, deb qo‘ya qoladi. Negaki, Sherqo‘zi pulning izidan quvgan odam emas, aksincha, pulning o‘zi uni quvlab yuradi. To‘g‘ri, Sherqo‘zi tinmaydi, ertayu kech mehnat qiladi, ko‘pincha tez-tez mol almashtirib sotadi. Har biridan ikki yuz-uch yuz yonga qoladi, lekin hech kim buni ayb sanamaydi -bozor-da, yo‘lini bilagn odamniki halol.
O’tgan yili Sherqo‘zi o‘g‘li uxlagandan so‘ng xotiniga achchiq choy damlatib, o‘zicha xomcho‘t qilib ko‘rsa, jamg‘armasi bitta yengil mashinaga bemalol yetib, hatto oshib ham qolibdi. Keyin o‘ylab qarasa, Yalamaning eng old odamlarida mashina bor. Sherqo‘zining ulardan hech bir kamchilik joyi yo‘q. Sherqo‘zi ertasi kuni yaqin-yaqin og‘aynilaridan shunchaki nomiga ikki ming qarz ko‘tardi; qishloqda har xil odam bor, o‘zi suvchi, topgani muncha, shuncha pulni qaydan oldi, deb ustingdan yozishdan ham toymaydi bular. U pulni kostyumining astariga tikdi-da, to‘g‘ri markazga - rayijroqo‘m raisining qabuliga jo‘nadi. Gapni qisqa qildi: “Bizni, mana, yaqin o‘n yildan beri yaxshi bilasiz. Paxtani kechalari quloq boshida qolib sug‘orish tashabbusiga qo‘shilganimiz uchun rahmatnomani o‘z qo‘lingiz bilan topshirgansiz. Ammo shu patgacha unim kam, bunim kam, deb sizni bezovta qilganim yo‘q. Endi bir iltimos bor. To‘g‘risini aytganda, siz uchun og‘zingizning bir chetidan chiqadigan gap, biz uchun esa… o‘zingiz bilasiz”. Rayijrokom raisi: “Nima iltimos ekan? Agar qo‘limizdan kelsa, sizdek ilg‘or suvchidan yordamimizni ayaymizmi?”, deb qo‘ygach, Sherqo‘zi temirni qizig‘ida bosdi: lo‘nda qilib shu kishi shu lavozimga ko‘tarilgandan beri rayon xo‘jaligi gurillab rivoj topganini, hali xudo xohlasa, bundan ham zo‘r bo‘lajagini, odamlarning farovonchiligi oshib; ko‘pchilik mashina olganini va shular qatorida g‘arib Sherqo‘ziga ham bitta “aravacha” kerakligini (agar iloji topilsa, albatta; yo‘qsa, nima, mashinasiz odamning kuni o‘tmayaptimi!) bayon etdi; “Kel-e, shu kalbag‘alning ham yelkasiga bir oftob tegsin, deysiz-da endi”, dedi oxrida. Xullas, markazga imi-jimida, hech kimga bildirmay jo‘nagan Sherko‘zi qaytishda hammaga ko‘z-ko‘z qilib govmish sigirining qaymog‘idek tovlanib turgan “Jiguli"ni haydab keldi. Qurg‘ur, o‘zi ham kiyikdek bo‘lar ekan, sal tizginni bo‘shatsang - uchadi-ya, uchadi! Ainiqsa, Sherqo‘zining bunga qadar kerakli qog‘ozlarigacha to‘g‘rilab qo‘yib, mashina haydashni ham o‘rganib olganini aytmaysizmi!
Yalamaliklar: “Sherqo‘zining hozir besh-olti ming puli bor”, deb gap qilishadi, balki, rostdir. Lekin buning uchun hech kim Sherqo‘zini ayblamaydi: ishlab topadi - haloli bo‘lsin! Ha endi, hamma joydagidek, Yalamada ham bir-ikki og‘ziga kuchi yetmagan topiladi. Bulturdan beri maktabda rus tilidan dars berayotgan malla, sepkildor Sarvar (u o‘qishdan diplomga qo‘shib “Savrasik” degan laqab ham olib qaytgan) Sherqo‘zini "meshchan” debdi. Sherqo‘zi buni eshitib kulib qo‘ya qoldi. O’zi tengi bo‘lganda-ku, onasini ko‘ziga ko‘rsatar edi-ya! Qo‘lidan bir ish kelishi dargumon, cho‘ntagida hemiri yo‘q bu mirquruq yoshlar o‘zlari yetisholmagan narsa borki, yomonlashadi. Keyin Sherqo‘zi hech ham mechkay emas, ovqatni taniga qarab tanlab yeydi.Bu bolalar og‘zidan chiqqan gapning ma’nisini bilmaydi-yu, yana birovlarni nah urishiga o‘lasanmi! Avval Sherqo‘zidek bo‘l, qora mehnatning mazasini tatib ko‘r, ha, unda gapirsang yarashadi. To‘y-marakangga boshqosh, quvonchingga sherik, dardingga dardkash bo‘lsa, boshingga tashvish tushganda, “Jon aka, yordam bering”, deb oldiga yugurib kelsang-u, yana o‘zi yeb birovni quruq qo‘ygandek, to‘rtta g‘ildirak olganiga Sherqo‘zi puf sassiqqa chiqsa!
Sherqo‘zi chorpoyadagi ikki qavat ko‘rpachada yonboshlagancha, qo‘lidagi shingil rayhon bilan yelpinib, goh xushnud, goh dilgir kayfiyatda (odam hech narsani o‘ylamasa shunaqa bo‘ladi) “Bizni tashlab qayga ketdi ul qaro ko‘zim mani”, deya ming‘irlab xirgoyi qilib yotgan edi, qay go‘rdan olashaqshaq paydo bo‘lib, naq tepasida shaqqillab qoldi. Sherqo‘zi cho‘chib tushdi, qo‘lidagi rayhonni dasturxonga tashlab yubordi.
Kisht-e, nafasing o‘chsin! Hoy Karomat, hayda buni, hozir chakki xaltangni teshib ketadi.
Kechki ovqat tashvishida g‘imirsib yurgan Karomat oshxonadan chiqquncha olashaqshaq bir narsani uqtirmoqchi bo‘lgandek avvalgidan qattiqroq, jon-jahdi bilan shaqilladi-da, uchib ketdi, qo‘shnining tepa shoxi qo‘rib qolgan toliga qo‘ndi.
O’h-o‘, - dedi Sherqo‘zi xavotirga tushib. - Yana achchiq ham qiladilar! Senga chakki xaltani qo‘shqo‘llab tutqazish kerak ekan-da?
"Shu qushning moyakni og‘zidan tug‘ishi –osmikan?- deb o‘yladi u, xayoliga kelgan noxush gaplarni quvishga urinib. Tavba, hamma parranda tuxumni bir tomoni bilan tug‘sa, bu tentak teskarisini qiladi-ya! Sabil juda bexosiyat qush-da, aytgani doim to‘g‘ri keladi”.
Karomat uydan yana ikkita yostiq ko‘tarib chiqdi.
Mana, bor-ku? - dedi Sherqo‘zi ajablanib. - Yo o‘zing ham yonboshlamoqchimisan?
Karomat hu o‘sha kelinchaklik paytlaridagidek ichki bir hayajon bilan, yuzlari yorishib tabassum qildi:
Sizning soyangizda yonboshlasam arzimabdimi?
Sherqo‘zining hayrati oshdi: “Bugun juda nozu firoqlar o‘zgacha - biron gapi bor-ov. Bekorga ishva qilmaydi bu”.
Hm… yonboshla, - dedi u boshqa gap topolmay. Karomat yostiqlarni erining yonboshiga qo‘yib, choynakka qo‘l cho‘zdi:
Choyingiz sovib qolibdi, yangilab kelaymi? - Keragi yo‘q.
Karomat erining yoniga chiqdi, indamay uning oyoqlariga suyanib o‘tirdi. Sherqo‘zining ko‘ngli g‘alati bo‘lib ketdi.
E-e, suykalmay o‘tir. Charchab kelganman.
Karomat erining sovib qolgan choyini ichdi-da:
Bugun o‘xshatib quyruq yog‘iga palov qilib beraman, - dedi, keyin erining kiyimlariga qarab, qo‘shib qo‘ydi: - Almashtirib olmaysizmi, ustingizdagini yuvib berardim.
Sherqo‘zi tomoq qirdi-da, chordana qurib o‘tirdi.
Menga qara, biron bundayroq kiyimlik-piyimlik oldingmi? Olgan bo‘lsang, ko‘p aylanib-o‘rgilavermay ayt-da qo‘y!
Karomat ma’sum iljaydi-yu, indamadi, dasturxonga tikilib o‘tiraverdi. Sherqo‘zining sabri chidamadi:
Gapirsang-chi!
Karomat yana indamadi.
Sherqo‘zi qarasa, xotini hali-veri og‘iz ochmoqchi emas, shuning uchun jo‘rttaga esnab, yolg‘onladi:
Aytganday, Hakim bechora: “Xotinini kasalxonaga olib borib tashlasangiz”, degan edi-ya. Sal bo‘lmasa, esimdan chiqay debdi. Tur, boshqa ko‘ylak olib chiq, buningning yoqasi to‘zib ketibdi.
Karomat unga tashvish bilan qarab qo‘ydi-yu, lekin hadeganda qo‘zg‘alavermadi. Sherqo‘zi battar qistovga oldi:
Tur, muncha inmillaysan?
Karomat boshini ko‘tardi, xotin bo‘lib eriga birinchi marta tik boqib gapirdi:
Sultoningiz, uylanaman, deyapti! Sherqo‘zi durust anglamadi:
Nima?
Xotin olib berasiz, deyapti. Sherqo‘zining ko‘zlari chaqchayib ketdi:
Qanaqaxotin?!
Karomatning boyagi tabassumlari, bu gapni aytishdan oldin o‘ylab qo‘ygan rejalari hammasi bir zumda uchdi-ketdi. Erining ko‘nglidagi gaplar hoshiyasiga maydalab yozib qo‘yilgandek dasturxonga termilib qo‘rqa-pisa ming‘irladi:
Bir-biriga ko‘ngil bergan ekan.
Kimga? Anavi Karim chakkining jinqarchansigami?
Yo‘q, boshqa Ashirqul akaning qizi.
Sherqo‘zi tutoqdi:
Ey, menga qara, esing joyidami o‘zi? Og‘zingdan chiqqan gapni bilib gapiryapsanmi?
Karomat eriga alamli qaradi:
Bilganim uchun gapirayapman. Hali juda ahmoq bo‘lib qolganim yo‘q… Cho‘lga ketaman deyapti…
Sherqo‘zining bir qoshi ko‘tarildi: “Eh-e, gap jiddiyga o‘xshaydi. Bu kasofat olashaqshaq bekorga shaqqillamagan”.
Ey, menga qara, galdirama. Dam xotin olmoqchi, dam cho‘lga ketmoqchi deysan. Nima, uylanib, cho‘lga xotini bilan ketmoqchimi?
Sizga bir gapni uqtirguncha o‘lib bo‘ladi odam.
"Agar Manzurani olib bermasanglar, boshimni olib cho‘lga ketaman”, deyapti. – Karomatning ko‘zlariga jiq-jiq yosh to‘ldi. Sherqo‘zi esa negadir o‘z-o‘zidan bir oz yengil tortdi: “Ketib bo‘pti! Ketsa ham ikki kunda mulla bo‘lib qaytadi. Lekin manavit aqli kaltani qanday qilib tinchitish kerak?”
- Hm, boshini olib ketadi, de. Bu yerda ishlamagan bosh uyoqda ish berar ekan-da, a? Senga tashlab ketsa bo‘lmasmikan - aqlingga aql qo‘shilarmidi! Ikkita bosh bilan tuzukroq o‘ylarmiding…
Karomatning kipriklari pir-pir uchdi:
- Sizga shunaqa mayna qilish bo‘lsa! Televizordagi Ergashdan kamingiz yo‘q.
Sherqo‘zining qoshi joyiga tushdi, biroq shu on yana qayta, bu gal atay ko‘tarildi.
Tinchgina o‘tirgan edim-a! Qay go‘rdan shu gapni topding?
O’g‘lingda kalla bo‘lmasa senda bordir? Sen esingni yeb qo‘ymagandirsan?-Sherqo‘zi qo‘llari titrab choy quydi, bir ko‘tarishda ichib yubordi. - E, tavba! O’qishdan-ku birinchi imtihondayoq oyog‘i osmondan bo‘lib qaytdi. Endi bu nag‘mani o‘ylab topdimi? Noyabrda lip etib armiyaga olib ketsa… E, hali xotinning ma’nisini qaydan biladi bu!
- Bittayu bitta o‘g‘lingiz… - dedi Karomat iyagini tizzasiga qadagancha.
Sherqo‘zi bo‘g‘ildi:
Yo‘q, u mening o‘g‘lim emas, mo‘ltonining to‘rvasidan tushib qolgan, begona! Bu mol-davlatni narigi dunyoga orqalab ketaman, deb o‘zim uchun to‘pladimmi! O’pkam og‘zimga tiqilib ertadan qora kechgacha kim uchun chopaman? Bittayu-bitta farzandim, shuni odam soniga qo‘shay, deb yuribman-ku, axir!
Shunday-ku-ya - dedi Karomat ko‘zlarini yengi bilan artib.
Sherqo‘zi birdan hovuridan tushdi:
Karom, menga qara, esingni yig‘. Munda-ay tanagga o‘ylab ko‘r. Hali murti chiqmagan bolaga xotin olib berib, malomatga qolmaylik. Oyoq tirab turib olsa, nasihat qil, avra. Bugun ko‘ngil qo‘ysa, ertaga esidan chiqadi. Juda ko‘kragini zaxga berib yotib qolmas. Otam xotinni qo‘ynimga solib qo‘ysa, har kuni bittadan muchchi olardim, degan kaltao‘y bola-da. Yo biron shumlik qilib qo‘yganmi o‘g‘ling?
Karomat qo‘rqib ketdi:
- Yo‘g‘-e, xudo saqlasin! Faqat xat olib, xat berisharmish.
- Unda, hovliqma. Bolangning sal suyagi qotsin, biron ishning boshini tutsin, keyin bir gap bo‘lar.
- “Otamga ayting”, deb hol-jonimga qo‘ymayapti-da, nima qilay? Sherqo‘zi bir zum o‘ylanib turdi-da, dedi:
Ha, garang qilaversa, “Otang roziga o‘xshaydi”, deb qo‘yaver.
Karomatning yuzi yorishdi:
Rostdanmi?
Sherqo‘zining endi jahli chiqdi:
E-ha, gap bu yoqda ekan-ku O’g‘ildan oldin o‘zlari chopavul chopgan ko‘rinadilar? Farosat ulashganda qayoqda edilar? Qaynona bo‘lgilari kelib qoldimi? A, bu Ashirqulning xotini buzuq, erkaklarni yo‘ldan uradigan edi-ku? Uni ko‘rarga qo‘zlari yo‘q edi. Endi u bilan quda-anda bo‘lmoqchimilar ?
Bu gap Karomatga yomon botdi.
- Musallamni yomon ko‘rsam… - deya tutilib qoldi u. - Unga ham o‘zingiz aybdorsiz. Bechoranio‘zingiz… yo‘ldan oxdirgansiz. Shuni olaman, deb…
- Ha-a, ana shunaqa bo‘ladi, - deb Sherqo‘zi xotinining gapini shartta kesdi. – Bir vaqtlar puf sassiq edik, kaltabaqay, yana nima balolar edik. Biz bilan rosa bir yil yurib, tegishga kelganda, “Bo‘yi bir qarich bo‘lmay o‘lsin, shu chittakka tegamanmi! Tagiga to‘rtta g‘isht qo‘ysa ham menga yetmaydi”, deb burunlarini jiyirgan edilar, - Sherqo‘zi qo‘llarini beliga qo‘yib, ovozini chiyillatib, boshini sarak-sarak qilgancha xotinini ijikladi. - Aytavermaymi? Musallam menga bitay deganda, har kuni yo‘limni poylab, buning ham iloji bo‘lmagach, “Agar meni tashlab, musallamni olsa, ustimga kerosin sepib o‘t qo‘yaman”, deb opasini yugurtirgan ham o‘zlari. Shundaymi? Yana aytaymi? “Kuyovimga ko‘z qisding”, deb pgo‘rlik beva Sharofatni yulganingizni ha gapiraymi? “Musallamni issiq-sovuq qilib bering””, deb chizmakash oyimga yalinganingizdan ham mandat beraymi? Yo‘q, deng! Ha, nega indamaydilar?
Karomat boshlagan gapining o‘z zarariga bunday chappa aylanib ketishini kutmagan edi, shoshib qoldi, chor-nochor iljaygancha, qizarib-bo‘zarib yon berdi:
- O’ling, siz o‘shanda ham kichkinagina bo‘lib, bir yo‘la besh-oltitamiz bilan yurar edingiz. Bilmasmidim, hali ham men…
Bu gap Sherko‘ziga ancha yoqib tushdi, shunday bo‘lsada, o‘dag‘aylab qo‘ydi:
- Kim kichkina? - Keyin rostdan ham xudo o‘zini bo‘ydan jinday qisgani esiga tushib, xotinini gap bilan sekingina chimdib oldi: - Shuncha gapdan keyin kichkina ham qiladilar!
Karomat sho‘rlik qora bulutlar yog‘may, boshidan shuv o‘tib ketganiga ishonch hosil qilib yengil tin oldi, o‘zini uyalganga solib eriga yer ostidan suzilib boqdi. Sherqo‘zi ham labini yig‘ishtirolmay kulib yubormaslik uchun choydan ho‘pladi. “He, noz qilmay o‘l-e”, deb ichida xotinini so‘kdi.
- Ha endi, xudo birovni uzun, birovni qisqa, birovni katta, birovni kichik qilib yaratadi-da. Anavi teraklarni qara, ekkanimda hammasi birday edi. Suvi bir xil, yeri bir xil, lekin ikkita baravarini topib ber, qani? Hamma bir tekis bo‘lsa, d…nyoning qizig‘i qolmaydi. Mana, sening bo‘ying ketgan… Bizniki shu, sal Lekin olmaga yetmasak ham, shaftolini uzamiz, ha! Yaratganning qudratini qara - ikkovimizni qo‘shib qo‘yibdi. Yo norozimisan? Norozi bo‘lsang, ayt. Mana, Sunnat salangni qara – bo‘yi tom baravar. Aqli-chi? Ellikka kirdi, hali ham valasapid minadi. E-e, kampir, dunyoning ishlari shunaqa…
Sherqo‘zi shu tariqa bir muddat va’z o‘qidi, butunlay tor-mor bo‘lgan "kampiri” ham ora-sira hangomaga moy quyib, erining oyoqlarini uqalab o‘tirdi.
Er-xotin oralaridan hech gap o‘tmagandek, yana apoq-chapoq bo‘lib ketishdi-yu, biroq Sherqo‘zining halovati yo‘qoldi. Qolaversa, xotinining gap ma’qullab, oyoqlarini uqalab o‘tirishida ham ma’ni ko‘p. Mushtipar ayolda, ham erning, ham fa–zandning kunglini olmoqchi. Bu savdoning o‘rta bir yo‘lini topish kerak six ham kuymasin, kabob ham. Lekin erkatoy o‘g‘ilni ahdidan qaytarib bo‘larmikan?
Kechqurun ukasi galstuklarini yaraqlatib, osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, bir-bir bosib eshikdan kirib kelganda Sherqo‘zi bir ko‘za tilla topgandek suyunib ketdi: Sulton hech kimning gapini olmasa ham, amakisinikini oladi.
- Kel-e! Qaylarda yuribsan? Odamni sog‘intirib yubording-ku! Uka degan ham shunday bo‘ladimi? Uch oydan beri na xat, na xabar! Mundoq akam bor edi ham demaysan. Ishlaring qalay? Ranging olinib qolibdi. Charchadingmi? Imtihonlarinigdan qutuldingmi? Qachon bitirasan bu ishingni? Hech yoqlay deyapsanmi? Yoqla-e tezroq. Bizning ko‘krakka ham shamol tegsin! Ukamiz olim bo‘ldi, deb karillab yuraylik. Endi uylansang ham erta emas, Musaqulboy. Turg‘un sen bilan o‘qiganmidi? Yaqinda yana o‘g‘illi bo‘ldi. O’zi magazinchi, to‘rt o‘g‘ilning otasi, burniga xoda yetmaydi. Bu yoqda, mana, Sulton akang ham uylanaman, akam yo‘limni ochsin, deb turibdi. Kelin ham tayyor emish, ha. Toza oshiq-ma’shuq. Qo‘y-e shu ishingni, qiynalib ketding. Yo domlangning qiz-piziga ko‘z tikib yuribsanmi? Mayli seniki to‘g‘ri. Katta odamlar bilan qarindosh bo‘lgan yaxshi. Mana, biz o‘qimadik. Lekin yangang bilan qozon-tovoq, uy-ro‘zg‘on institutini gullatib yotibmiz. Endi qaynotaqaynanalikni imtihon topshirarkanmiz…
“Maskovdagi besh yilligidan ham katta o‘qishda domullolikka o‘qiyotgan Musoqo‘lboy” akasining pishib o‘tib ketgan shaftolidek tap-tup to‘kilayotgan savollariga sipolik bilan xushlamaygina ha-hu deb o‘tirdi. "Mashqi past - pul so‘rab kelgan-ov”, deb qo‘ydi o‘zicha Sherqo‘zi.
Aka-uka quyruq yog‘iga qilingan xushxo‘r palovni tushirib, so‘ngra xo‘jabilmas qonuvnni huzur qilib yeyishdi, ustidan achchiq ko‘k choyni bosib-bosib ichishdi. Sherqo‘zi “Ha, ko‘rsatgan kuningga, yetkazgan martabangga shukur!” deb yonboshladi, nos otdi. Muso ham cho‘ntagidan tilla qog‘ozli qutichani chiqarib, sigatera tutatdi.
- Musoqulboy, boshga bir tashvish tushib turibdi, uka, - deb gap boshladi Sherqo‘zi nosini tupirib, og‘zini choy bilan chayib olgach - shu ukang, jiyan bo‘lsa ham ukang-da endi… Kampir, o‘g‘ling qayoqqa daf bo‘ldi?
- Mansur jo‘rasining tug‘ilgan kuni ekan. O’zingizdan so‘rab ketdi-ku, -dedi Karomat.
- Xah, tirmizaklar-ey! Tug‘ilib nima karomat ko‘rsatibdilarki, uni nishonlasa! - dedi Sherqo‘zi. - Mayli, borib kelaqolsin. Ishqilib ichkilikka o‘rganib ketmasa bo‘ldi… Musaqulboy, shu ukang yegan-ichganimni burnimdan buloq qilib oqizmoqchiga o‘xshaydi-da.
Musaqul akasiga hayron qarab qo‘ydi.
- Kampir, bor, sen u-bu ishlaringa qara qozon-tovog‘ingni yuvasanmi yo hamsoyalarnikiga o‘tib gap sotasanmi, ishqilib bizni xoli qo‘y, gapimiz bor, - dedi Sherqo‘zi.
Aftidan Karomat ularni hech xoli qoldirgisi yo‘q edi, shekilli, sinini buzmay:
- O’tiribman-da, - dedi.
Sherqo‘zi shu paytgacha gapini ikki qilmagan xotiniga o‘qrayib qaradi, ammo hech narsa demay ukasiga o‘girildi:
- Toza charchadim, uka. Bir o‘zim bo‘lsam, hali u deb yugur, hali bu deb. Bir yoqda kolxozning ishi, bir yoqda ro‘zg‘or tashvishi. Ahvolimni ko‘rib turibsan - bitta xotinga gapim o‘tmaydi. Ali desang, bali deb turadi. Ona-bola toza boshimga chiqib oldi. Mana, bir oyki, har kuni g‘alva: Sultonboyga xotin olib berish kerak emish! Oqshomlari uxlamay, ko‘kragini zaxga berib yotadi. Bir-birlariga ko‘ngil qo‘yibdilar! Shu Ashirqulda bir qiz bor - xudoning balosi. Agar shuni olib bermasam, ona-bola meni tashlab, cho‘lga qochib ketar emish, cho‘lga!
Karomat angrayib qoldi. “Yolg‘on gapirguncha yorilib o‘lsangiz yaxshi-e”, degandek yoqasini ushladi. Muso akasining gaplariga chippa-chin ishonib, yangasiga qaradi: “Shunaqami?” Karomat nimadir demoqchi edi, Sherqo‘zi imkon bermadi:
- O’tir-e! Men gapiryapman. Ermanmi senga! Ana shunaqa, uka, bir og‘iz gapirish uchun bulardan ruxsat so‘rash kerak. Ait, desa - aytaman, yo‘qsa, tilimni tishlab o‘tiraveraman.
Muso juda tashvishlandi:
- Masala shu qadar jiddiymi?
- Nima, qulog‘ingga tanbur chertayapmanmi? Jiddiy bo‘lmasa, shuncha kuyib-pishamanmi?
Muso galstugini bo‘shatdi, yana bitta sigareta tutatdi, rostdan ham akasining boshiga juda katta falokat tushganu, bunda faqat o‘zi xalaskor bo‘lishi mumkindek, o‘ychan qiyofada so‘z boshladi:
- Unda masalaga bunaqa tarzda bir yoqlama yondashib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, Sulton sal yoshroq albatta. Lekin kechalari uxlamay… Umuman, bu qadar qattiq sevib qolgan bo‘lsa, ko‘nglini sindirmaslik kerak. Keyin uning shakllanishiga yomon ta’sir etishi mumkin. Masala juda jiddiy. Chuqurroq o‘ylash kerak.
Sherqo‘zining ensasi qotdi.
- Masala-pasalangni qo‘yib tur, uka. Undan ko‘ra Sultonga o‘zing ikki og‘iz nasihat qilsang-chi. Seni “akam-akam"lab, soyangga sakkiz qavat ko‘rpacha to‘shab yuradi - gapingni ikki qilmas.
Muso “jiddiy masala"ni hal etishning bunaqa oson yo‘li borligiga hayron bo‘ldi:
- Men-ku nasihat qilarman, biroq u... Sevgi degan narsa…
- Xo‘sh? - dedi Sherqo‘zi ukasining chaynalishiga g‘ashi kelib.
- Bolaga javr bo‘ladimi, deyman…
- Men ham shuni aytaman-da, - dedi Karomat qaynisining daldasidan umidi uchqunlab.
- Unda nima qil deysan? - dedi Sherqo‘zi. Muso yana dudmal gapirdi:
- Har holda ko‘ngil masalasi…
- Uylantirib qo‘yaymi? - dedi Sherqo‘zi qizishib. - Nonni nanna deb yurgan bolani-ya?
Muso kiftini uchirdi:
- Bilmasam. Sherqo‘zi davom etdi:
- Uylantirib qo‘ysam-da, hafta o‘tmay: “Ota, bunisi yoqmadi, oyog‘i ingichka ekan, boshqasini olib berasiz”, desa, yo: “Kulishi bizga to‘g‘ri kelmadi, yaxshi kuladiganini topdim”, deb qolsa, unda nima qilaman? Mening qiz fabrikam yo‘qki, bu ona-bolaning ko‘ngliga to‘g‘ri keladigan, andazasiga tushadiganidan chiqarib beraversam!
Musoning birdan o‘jarligi tutdi:
- Demaydi! Men kafilman - demaydi. Muhabbat - sizga o‘yinchoq emas. Bu… O’zingizning o‘g‘lingiz bo‘lsa ham, tuyg‘ularini oyoqosti qilishga haqqingiz yo‘q!
“Ie, bu balo qaydan chiqdi?”, deb qo‘ydi Sherqo‘zi ko‘nglida.
- Ey, menga qara, kallang joyidami o‘zi? - dedi u ich-ichidan xuruj qilib kelayotgan jahlini bosishga tirishib.
Bu gap Musoga achchiq qamchi bo‘lib tegdi va u shu paytgacha qamchi ko‘rmagan asov arg‘umoqdek ko‘tarilib ketdi:
- Kallam joyida, juda joyida! Qani…
- Kallangiz joyida bo‘lsa, o‘zingiz uylantirib qo‘ya qoling! - deb Sherqo‘zi birdan sizlashga o‘tdi.
Musoga akasining kinoyasi juda og‘ir botdi, shuncha vaqt uning gaplaridan rangi chiqmay yurgan odam, birdan isyon qildi:
- Bo‘pti! O’zim uylantirib qo‘yaman! Nima, qo‘lidan kelmaydi, deb o‘ylayapsizmi? Keladi! To‘y-po‘y deb o‘tirmay ikkalasini ham Moskvaga olib ketaman, o‘qitaman. Stependiyamni shularga berib, o‘zim vokzalda yuk tushirsam ham, kunimni ko‘raman.
Sherqo‘zining zahrasi uchdi: “E, bu qipqizil tentak ekan-ku!”. Lekin, bari-bir tilining qichig‘ini bosolmadi:
- Hm… mayli uylantirig. Sizga ham farz - ukangiz. Men o‘lib, netib qolsam, albatta uning boshini silashingizga to‘g‘ri keladi. Lekin hozir qaysi pulchalariga uylantiradilar? Mullajiringni qaydan topadilar, mullajiringni?
Topaman! - deb tursaydi Muso.
Oldin o‘zlariga xotin topsinlar! Olti yildan beriki,
odamla…ning ichidagi gaplarni topish to‘g‘risida kitob - dasturilamal yozyaptilar (Dissertatsiyasining muvzuini Muso har kelganida akasiga dehqoncha qilib qaytaqayta tushuntirib qo‘ygan edi.) Biron bir qizning ham ko‘nglini tekshirsalar bo‘larmidi, zora, o‘zlariga mayl bildirgan chiqar…
Muso qanday guvlab ko‘tarilgan bo‘lsa, shunday shuvillab tushdi:
- Mening uylanishim bilan ishingiz bo‘lmasin! Uylanarman ham. Og‘irligi sizga tushmaydi. - U lablari titrab, akasiga yovqarash qildi. Sherqo‘zi haddidan oshganini sezdi, bundan o‘zi ezildi. - Aka bo‘laturub sizdan shu gap chiqdimi… bo‘pti! Bopladingiz! Endi o‘g‘il uylanti…asizmi yo o‘zingizga yana bitta cho‘ri olasizmi, aralashmayman. Bundan keyin - Muso gapini oxirigacha aytmay qo‘l siltadi-da, sapchib joyidan turdi.
- Iloyo, o‘g‘il tug‘may men o‘lay! - deya Karomat ho‘ngillagancha yig‘lab yubordi.
Sherqo‘zi indamay yerga qarab qoldi; ukasi eshikni qars urib chiqib ketgach esa, juda-juda xo‘rligi keldi: shu kitobxo‘r, savdoyi ukam ham odam bo‘lsin, peshonasiga oftob tegsin, deb topgan-tutganini ayamaydi; jo‘naganida doim mashinasiga o‘tqazib, shahardagi vokzalgacha chiqarib qo‘yadi shu yil ko‘klamda kiyimlarining unniqib qolganini ko‘rib, begona yurtda – do‘stu dushmanning ichida ko‘ngli cho‘kmasin, deb, jigari-da, yuz ellik so‘mga (shuncha pulni qaysi mard yeb ketarga beradi!) ustidagi kostyumni olib berdi; mana oqibati - itday qilib ketdi! Xotinini cho‘riga teng qildi. Bir og‘iz gapiga!
- O’chir uningni! - deb o‘shqirdi u hamon o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgan xotiniga. O’chir, deyapman!
Karomat unini o‘chirib, piqillashga o‘tdi. Sherqo‘zi ukasining hamon o‘chmay, likopchada tutab yotgan sigaretasiga termulib, o‘zini bu olamdagi eng baxtiqaro odamdek his etdi, chuqur xursindi:
- So‘rovdingmi, bu bodi necha kunga kelgan ekan? Karomat yelkasini qisdi.
- Qanaqa merov xotinsan? So‘rab olmaysanmi, axir? - deya Sherqo‘zi do‘ppisini qiyshaytirib, gardanini qashladi. - Bugun buqaga yem berdinglarmi?
Karomat bosh irg‘ab, “Hi-iy” degan tovush chiqardi, bu “Ha”, degani edi.
Shu tunni Sherqo‘zi qush uyqusida o‘tkazdi. O’g‘lining yarim kechasi gandiraklab kelganini, yotgandan so‘ng ham ko‘ngli aynib, uch marta tashqariga otilib chiqqanini ko‘rsa ham, indamadi. O’ylagan o‘ylarining to‘g‘riligiga ishonch hosil qilib, ertalab dili ravshan tortib turdi. Ikki chaqirimcha naridagi uchastkadan xabar oldi. Kecha taralgan suv hali etakka yetmabdi. Tekis yer-da, suv yurishi qiyin, lekin g‘o‘zalar qonib ichadi. Sherqo‘zi u yer-bu yerdagi yuvilayozgan quloqlarga chim bosib to‘g‘riladi-da, uyga qaytdi. Kelsa, ko‘zlari qizarib, rangi olinib qolgan Sulton qatiqni qoshiq bilan kavlab o‘tirgan ekan, otasini ko‘rib boshini ham qildi; kecha ichgani uchun undan achchiq-tiziq dashnom kutdi. Ammo Sherqo‘zi buni o‘g‘lining yuziga solmadi - u boshqa fikrlar bilan band edi.
- Bo‘ldingmi? - dedi u. - Qani, boltani ol.
Ota-bola hovliga chiqishdi. Sherqo‘zi qaysi teraklarni yiqitish kerakligini bir boshdan ko‘rsatib turdi. Sulton esa bolta bilan kaftdek po‘stlog‘ini uchirib belgi qilib boraverdi.
- Yigirmata, - dedi Sherqo‘zi. - Yetadi. Yiqitib, butaysan-da, po‘stlog‘ini shilasan. Ko‘zingga qara, elektr simiga yonboshlatib qo‘yma tag‘in. Daraxt bolta urgan tarafga qulaydi, esingdan chiqmasin. Ailantirib g‘ajib tashlama, bir tomonidan chop. Bunga ikki kun ketadi. Keyin mana bu eski og‘ilni buzib, o‘rnini tekislaysan. Bironta shopir bilan tog‘dan besh-olti moshin tosh tashiysan. Biron tonna semon, uch mingta g‘isht quyasan. Og‘ilning o‘rniga, keyin tashib qiynalmaysan-da. Terishiga, mayli, o‘zim qarashaman, ammo boshqa hamma ishni o‘zing qilaman, o‘rgataman. Uch uy, bittasi mana bunaqasiga tushadi. Bu yog‘i ayvon. Imoratni quling o‘rgilsin qilib bitirasan, ana undan keyin - to‘y. Kelinni yangi uyga tushirmasak uyat bo‘ladi, hamma shunday qilyapti. Sening boshqalardan kam joying yo‘q. O’zing qara, shu choldevorga kelin obkelib bo‘ladimi? - U poydevori yerdan bir quloch ko‘tarilgan, derazalari uch tavaqali, tomi shifer bilan qoplangan, oqlangan besh xonali imoratga ishora qildi. - Senga yangi uy kerak. Bir cholu kampirga shu choldevor ham bo‘laveradi. So‘g‘in… pul topishning ham yo‘lini o‘yla. Tokaygacha seni boqaman? Endi bizni boqadigan vaqting ham keldi… Mayli, seni ko‘chaga tashlab qo‘ymayman - ming so‘m beraman. Imorat uchun. Ana, bor-e, novvosni ham to‘yingga atadim. Bozordan bironta mol olib beraman. Boqib semirtirsang - foydasi seniki, zarar qilsang - to‘laysan. Lekin qolganini o‘zing topasan. To‘yga ham besh-olti ming kerak. Nima qilasan? Ishlaysan-da. Brigadirdan so‘rab ko‘ray-chi, aravani berarmikan. Keyin, paxta tugagach, Pirimning qavatiga kirib traktorchilikni ham o‘rgansang... Hozir traktorchi ham oyda ikki yuzdan oshirib tushiradi. Ola xurjunni yelkalash oson emas. Jamiyki narsa pulga bog‘liq bo‘lib qoldi. Hozir qizlar to to‘ygacha, to ship etib oyoqqo‘lingni bog‘laguncha iljayib: "Sulton akajon, sizsiz menga dunyo qorong‘u”, deb yuradi, keyin xat olib, xat berishlar qayoqda? Pul olib, pul berishadi.
Sultonning qo‘lidan bolta tushib ketay derdi.
- Bunaqada… uch yilda ham… - deya oldi u.
- Ha? Uylanish - olma pish, og‘zimga tush emas. Agar bu ishlarni ertaroq bitiraman, pulni bir oyda topaman, desang ham - ixtiyoring. Men cho‘zib o‘tirmayman. Yoki, shuncha vaqt meni kutib o‘tirmaydi, deb qo‘rqayapsanmi? Kutadi, yaxshi ko‘rsa - kutadi. Sen yangi uyga tushirib olaman desang, obro‘yi-da, qaytanga boshi osmonga yetadi. Yo yaxshi ko‘rmaydimi?
Sulton yerga qaragancha qizarinib g‘uldiradi:
- M-m, nega endi…
- Bo‘pti-da, - dedi Sherqo‘zi. Biroq Sultonning savoli bor edi:
- A, kelasi yil o‘qishga borasan, degan edingiz-ku?
Sherqo‘zi bunaqa anqov bolani endi ko‘rayotgandek, juda "hayratlanganini” bildirib:
- Ana xolos! - dedi. - Qanaqa o‘qish? Esingni yeb qo‘ydingmi, o‘g‘lim? Bo‘yningga ola xurjun tushayapti-yu, sen o‘qish deysan. Xotiningni kim boqadi? Senga kim har oyda yetmish-sakson so‘m jo‘natib turadi? Bularni o‘ylaysanmi?
Sulton bo‘zarib ketdi.
- He, sodda bolam! Xotin deb o‘lib-tirilib pul yig‘asan, tushurib ham olasan. To‘ydan keyin uch-to‘rt hafta chillang chiqquncha yashinmachoq o‘ynab, quvlashib ham yurasan. Keyin… boshlanadi - ro‘zg‘orning unisi kam, bunisi kam. Bir vaqt qarabsanki, sevgi degani donga qo‘ngan chumchuqdek pir-r etib uchib ketdi, uning o‘rniga esa xotining to‘rt-beshta churvaqani qatorlashtirib tug‘ib tashlabdi. Shundan keyin dod sol, baqir, qayda - yoshlik qaytmaydi, yashinmachoq ham yo‘q. Bolalaring katta bo‘ladi, qo‘lini halollash kerak uylantirish kerak. Ular-ku hech narsaning tashvishini tortmay unib-o‘saveradi, ammo sening bo‘yningda - bir umrlik bo‘yinturuq!
Sherqo‘zi o‘g‘liga zimdan razm soldi: Sultonning rangi o‘chib, shalvirab qolgan edi.
- Qanaqa qilib o‘qiysan? Ularni qishloqda qoldirib, o‘zim ketaman desang, bolalaring: “Otajon, bizni tashlab qayga borasiz”, deb big‘illab etagingga tarmashadi, xotin yoqangdan ushlaydi, sen qayda bo‘lsang men ham o‘sha yerda, sensin bir kun kam yashamayman, deydi. Yaxshi ko‘rgandan keyin shunaqa-da. Seni yeru ko‘kka ishonmaydi. Shahardan birortasini topib oladi, deb qo‘rqadi. Jo‘ralaring o‘qiydi, bitirib kelib yog‘liq-yog‘liq joylarni egallaydi. Yana o‘qiyman degani Muso amakingga o‘xshab Maskov, Leningrad, Kiev degan yurtlarga boradi, dunyo kezadi. Sen esa birimni ikki qilay, chirqillab yotgan bolalarimning og‘ziga biron yegulik tiqay, deb, xotinning etagidan chiqolmay, shahar nima, sayohat nima, tomosha nima - bilmay o‘yin-kulgidan, dunyoning gashtidan bebahra o‘tib ketasan. Doim shu qishlog‘ing, vag‘-vug‘ yig‘layotgan bolalaring, shu qora ketmon… Mayli, nima qilasan endi, uylanaman, deb so‘z berib qo‘ygansan, ustidan chiq. Chidaysan-da endi, - deya Sherqo‘zi, go‘yo o‘g‘li allaqachon uylanganu hozir otasiga kun kechirishning og‘irligidan zorlanayotgandek tasalli berardi.
Sherqo‘zi uylanishning “qora” manzarasini o‘g‘liga aniq-ravshan chiqib berdi, misollar bilan tushuntirdi, kuyinib uqtirdi, unga juda achindi, bunday mushkul ahvoliga o‘zi madad bo‘lolmasligi uchun taassuf bildirdi: uylangandan so‘ng har kim ham, agar u erkak bo‘lsa o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak. O’zi esa boshqa narsalarni o‘yladi: og‘ilni yiqitib, o‘rnini tekislashga vaqtii yo‘q edi - ayni muddao; lekin teraklarga jabr bo‘ladigan bo‘ldi-da. Xdy mayli, yiqitib, archib, yaxshilab tahlab qo‘yilsa, birontasi so‘rab qolar. Ana Sohibnazar aka bu yil imoratini boshlamoqchi, bolor izlab yuradimi, keladi-da. Bo‘lmasa, ustiga qora qog‘oz yopsa, nam o‘tmaydi, qurib yotadi. O’zi ham vaqti keldi - yana bir yil qirqilmasa, o‘zagi chirib qoladi.
- Ha, peshanangdagini ko‘rasan-da, o‘g‘lim. Q,lga tuflab olib, bismillo, de, ishni boshla. Boltani terakning tubidan ur, tunkasi yer barovar qolsin. Men onang bilan maslahat qilay-chi, keliniga kiyim-kechak to‘g‘rilaganmikin. Bu ham katta g‘alva - qirqta ko‘ylak qo‘yish kerak. Har biri yuz so‘mdan kam emas. Tavba, yaxshi ko‘rganingdan keyin janda-junda ham bo‘lavermaydimi? Yo‘q, bu zamonning qizlariga kamida poshshoning malikasi kiyadiganidan topish kerak. Ilgari odamla… bir qop juxori, uch gaz chitmi, bo‘zmi, shu bilan xotin tushirib olgan. E-e
Sulton har biri quchoqni to‘ldiradigan teraklarning avval tubiga, so‘ngra uchiga mung‘ayib qaradi, nazarida, ular bulutlarga tutashib ketgandek edi. Sherqo‘zi esa o‘g‘lining uylanishiga ruxsat berib, otalik burchini o‘tagan, ammo uning boshiga tushgan fojiadan gangib qolgan odamdek yelkasidan bosib turgan yukni bazo‘r ko‘tarib, og‘ir-og‘ir qadam tashlagancha jo‘nadi, yo‘l-yo‘lakay kaftini to‘ldirib nos otdi.
- So‘rab keldim, - dedi Karomat erini ko‘rgan zahoti. - Bugun kechqurun ketar ekan.
- Xafami?
- Ha, xiylagina, - deya Karomat erining og‘ziga termildi.
- Puldan o‘nta o‘n so‘mlmk olib chiq. Yap-yangi, shaldirab turganidan! -deb buyurdi Sherqo‘zi.
Muso akasini ko‘rib qovog‘ini uyub oldi, ko‘rishmadi ham. Sherqo‘zi esa o‘zini juda g‘arib tutdi, ukasi salomlashmasligini bilsa ham qo‘lini cho‘zdi.
- Otam qani? - deb so‘radi.
- Xatmga ketdi, - deb to‘ng‘illadi Muso.
- Biyim-chi?
Muso teskari o‘girilib oldi:
- Bilmayman!
- Qayoqqa ketdi ekan, a? - dedi Sherqo‘zi kampir onasida juda zarur ishi bordek.
- Kelin axtarib ketgan. Menga! - dedi Muso.
Sherqo‘zi yo‘talib qo‘ydi, tomoq qirdi, “Eh-e, kecha toza tegib ketgan ko‘rinadi. Pulingiz kerak emas, deb boyvachchalik ham qilsa kerak”, deb o‘yladi.
- Ha, uka, mening ham kunim bitganga o‘xshaydi, - dedi Sherqo‘zi dabdurustdan yig‘lamsirab. Atay burnini ham tortib qo‘ydi. - Mazam yo‘q, uka, mazam yo‘q. Shu yil qishda o‘pkani oldirib qo‘yganga o‘xshayman.
Muso akasiga ishonqiramay qaradi, indamadi.
- Ko‘klamda, rengin keluvdi… - Sherqo‘zi gapining davomini aytmay, xuddi hozi– , ayni damda bu dunyo bilan xayrlashayotgan odamdek “olis-olislar"ga shiftning burchagidagi o‘rgimchak uyasiga cheksiz qayg‘u bilan termildi: “Tavba, ming xil jonzot bor-a, shu ham kun ko‘rsa kerak-da endi”.
Muso lakqa tushdi.
- Xo‘sh-xo‘sh?
- Otamga aytolmay yuribman. Dog‘imni ko‘tara olmaydi, deb qo‘rqaman. Ilinib turgan boboy narsa, yiqitib qo‘yamanmi, deyman-da. Mendan oldin qayga borasan, sendan oldin men ketishim kerak, deb… Ey xudo, senga nima yozig‘im bor ediki, otamdan ilga…i meni olsang! Sen Maskovda, mushtipar singillarim o‘z ro‘zg‘ori bilan Men bunaqa qiya bo‘lib ketsam, boboyning og‘ziga kim suv tomizadi? Kim hassa ushlab, “Voy, otam"lab turadi? Hammangning yo‘lingga termilib ko‘zi ochiq ketadigan bo‘ldi-da otam bechora… - Sherqo‘zi buni aniq tasavvur qildiyu gapiga o‘zi ham ishonib, birdan o‘pkasi to‘ldi, ko‘zlaridan tirqirab yosh keldi. Musoqulboyning ham iyaklari qaltirab qoldi.
- Ha, sh–rlik otam! Yetmishga chiqqanda bu ko‘rgiliklar ham kutib turganmidi! Sherqo‘zi kafti bilan ko‘zlarini artdi. - Uka, bu gapni og‘zingdan chiqara ko‘rma lekin. Zinhor bazinhor! Ayniqsa, boboyga.
Endi Musoning ko‘zlari yoshlandi:
- Nima, doktorlar aniq kasalga chiqardimi? Sherqo‘zi cho‘chib ketdi-da, yolg‘onini andavalashga o‘tdi:
- Hali aniq emasku-ya, lekin shu Xo‘jam hech natijasini aytmaydi-da. Ko‘rsa, indamaydi. O’zim so‘rashim - nokulay.
- So‘rash kerak-da, axir. Negativini ko‘rsatsin. Qanaqasiz, odam ham o‘z sog‘ligiga shunchalik beparvo bo‘ladimi?
- E-e, sen ham qiziq ekansan, - dedi Sherqo‘zi. - Agar sil kasalsan, desa, odamlar men bilan bitta piyoladan choy ichmay qo‘yadi. Oshna-og‘ayniga to‘y-ma’rakaga aralasholmay qolaman…
- Nu i nu! - deya tutab ketdi Muso. - To‘y-ma’raka emish! Gapni qarang! Bo‘pti, so‘ramang, odamlar sizni to‘ydan kaltak bilan quvlab chiqaradi. Lekin gap bunday: hoziroq, yo‘q, bugun kechqurun men bilan jo‘naysiz! Moskvada sizni o‘zim tekshirtiraman. Sizni qishloq vrachlari emas, akademik… professorlar ko‘radi.
- Qo‘y-e, o‘zim bir balo qilib tuzalib olarman, - deb qo‘l siltadi. Sherqo‘zi, “O’ttizga chiqsa ham buning hovliqmaligi qolmabdi”, deya o‘ylarkan. - Balki… hech gap yo‘qdir. O’zim vahima qilib yurgan bo‘lmayin tag‘in. Meni Moskvaga olib borsang-u, soppa-sog‘ chiqsam, sen akadim, prapesirlaring oldida qizarib… Lekin shu har zamonda “O’h-ho‘-o‘”, deb yo‘talib qo‘yaman-da.
Muso Moskva kasalxonalarining bu yerdagidan ming karra afzal ekanini isbotlab, oyoq tirab turib oldi. Sherqo‘zi ko‘nmadi, “Ro‘zg‘or, bola-chaqamni tashlab, Maskovda tentirashim yetmay turuvdi”, dedi. “Ana shu qoloqligingiz bilan o‘z boshingizga yetasiz!” deb xitob qildi Muso. Sherqo‘zi gapni aylantirdi, chuvalatdi-chiyratdi, oxiri Muso akasining hech qanaqa kasal-pasal emasligiga qanday ishonganini bilmay qoldi. U boplab chuv tushganini sezib, jahli chiqa boshlagan edi, Sherqo‘zi mavzuni mutlaqo boshqa tomonga - Musoning bolaligiga burib yuborib, kuldirdi: Muso to‘rt yasharligida “Nazirani olaman”, degan emish. “Uni olib nima qilasan?” – deb Sherqo‘zi so‘rasa, Muso o‘ylab turib-turib: “O’paman”, - degan emish.
Muso boshini orqaga tashlab qahqah otgan paytda Sherqo‘zi segingina uning oldiga pulni qo‘ydi. Musoning qahqahasi og‘zida, tizzalariga shapatilamoqchi bo‘lgan qo‘llari ko‘tarilganicha qoldi:
- Iya, bu… qanday bo‘ldi? - dedi o‘n so‘mliklardan ko‘z uzmay.
- Ha endi, choy puli qilarsan, - dedi Sherqo‘zi jilmayib. Musoning yuziga mamnun bir tabassum yoyildi:
- Kechagidek tezlashib tursak bo‘lar ekan-ku.
Chamasi biror soatlardan so‘ng Sherqo‘zi o‘sha chorpoyada yonboshlagancha, "Bizni tashlab qayga ketdi…” deb xirgoyi qilgancha xayol surib yotardi: "Hamma ishning chappa aylanib ketishiga sal qoldi-ya… Musoqulboy bu yil yoqlarmikan? Kitob yozish shuncha qiyin ishmi, a? Ha, odamlarning ichidagini bilish oson emas-da. Heh-he, “Tuyg‘ularini oyoqosti qilishga haqqingiz yo‘q” emish. Ol-a! Ha, mana tuyg‘ularini oyoqosti ham qilmadik, katta yo‘l ham ochib berdik. Qani, bu kishining tuyg‘uchalari necha kunga chidar ekan? Yigirmata terakni yiqitishni bir haftaga cho‘zadi. Keyin og‘ilni yiqitganda bir changib bersin, bir changib bersin! “Ota, bu...ni bir yedim, ikkinchi yemayman, o‘qishga boraman”, deb chopib keladi oldimga. Ishlarni sanab berganimda ko‘zi chiqib ketdi-yu, yana bu kishi xotin olarmishlar. Shu Sohibnazar akaning sakkizinchiga o‘tgan qizchasi qo‘g‘irchoqdekkina bo‘libdi-da. E, tavba, umr juda tez o‘tadi-ya! Sohibnazar aka birinchi xotinini tug‘masligi uchun qo‘yib yuborgani xuddi kecha edi. Mana, qizi bo‘y yetib qolibdi. Onasi juda pokiza ayol. Sultonboyni bir amallab o‘qishga joylashtirsak, ikki-uch yilni o‘tkazib shu jamalaksochga bir og‘iz solib ko‘ramiz-da”.
- Karom, choy-poying bormi? Ey, bu o‘zbekning ro‘zg‘ori…
Shu payt Sherqo‘zi so‘rining suzma osilgan ayrisiga qo‘nib turgan kechagi olashaqshaqni ko‘rib qoldi.
Bungacha Sultondan hamma gapni oqizmay-tomizmay bilib olib, labini tishlab qolgan Karomat damlab, tindirib qo‘ygan choyini ko‘tarib chiqqanda Sherqo‘zi olashaqshaq bilan qizg‘in “suhbat” qurgan edi:
- Ha, cho‘qi, cho‘qi! Shu chakki xaltani sen uchun osdirib qo‘yibman. Qachon bu arzanda olashaqshag‘imiz keladiyu teshib ketadi, deb kechadan beri yo‘lingda ko‘zim to‘rt. E, bugun mashqing pastroq? Nega shaqillamaysan? Shaqilla, yana bir eshitaylik. Armoning qolmasin. Shaqilla-da-e…