OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akmal Sayyid. Bozorda (hikoya)

Qizim Charos bilan bozorga chiqadigan bo‘ldik.
— Dadajon, yuring, biror marta meni bozorga olib bormagansiz. Ayam, dadang bilan birga borib kelasizlar, men maktabdan bo‘shamayman, deganlar...
Rastalar oziq-ovqat, kiyim-kechak, ro‘zg‘or buyumlari bilan liq to‘la. Nariroqda pistachilar qatori. Hamma o‘z molini maqtaydi:
— Kep qoling, yog‘liq pista, jaydari pista!
Shundoqqina birinchi qatorda javrab, pista sotayotgan ayol e’tiborimni tortdi. U yostiqdek keladigan kitob ichidan bir varaqni yulqib oladi-da, xaridorga pista o‘rab beradi.
Kitob sarlavhasiga ko‘zim tushib, qotib qoldim. “Urush va tinchlik”. Qanday qilib ayolning oldiga borib qolganimni bilmayman.
— Keling, aylanay, qancha o‘ray, yog‘liq pista?
Men angrayib turardim.
— Hech qancha!
Kitobning anchagina qismi yirtib bo‘lingan. Yana ancha qismi pora-pora qilingan holda pista o‘rash uchun kitob ichida omonatgina turardi.
Ayol vajohatimdan taajjublandi:
— Ha, senga nima kerak o‘zi?
— Xolajon, bu kitobni yirtmang, menga bering! Men sizga bir dasta qog‘oz olib kelib beraman. Bu, bilasizmi, Lev Tolstoyning mashhur asari-ku?!
Ayol kitobning u yoq-bu yog‘ini ag‘dargan bo‘ldi.
— Ha, nima bo‘pti! Qornimni to‘ydirarmidi, yo pista o‘ralmasin, deb biror joyiga yozib qo‘yilganmi, a aylanay?
Qizim, janjal chiqadi, deb qo‘rqdimi, qo‘limdan tortqiladi.
— Dadajon, yuring, ketaylik!
Men esa unga e’tibor ham bermay, “bechora” kitobni ayolning changalidan xalos etmoqchi bo‘ldim.
— Iltimos, kitobni menga bering, qancha desangiz, shuncha qog‘oz olib kelib beraman!
Pistachi ayol bir qop jussasini ko‘tarib, o‘rnidan ilkis qo‘zg‘olib qo‘ydi. Uning pastki labi chetida osilib qolgan pista po‘chog‘ining bir bo‘lagi har gapirganida silkinib-silkinib qo‘yadi.
— Bor, bor, yo‘lingdan qolma! O‘zing-ku, tutday to‘kilaman, deb turibsan, apirisligingga o‘laymi?
Bozordagilar atrofimizda to‘planib, bo‘lgan voqeaga turlicha izoh berishardi. Kimdir meni “soliqchi” desa, kimdir u yoq-bu yog‘imga obdon suqlanadi-da, “makulaturachi” bo‘lsa kerak, deydi. Lekin hech kim kampirning qo‘lidagi “Lev Tolstoy”ga e’tibor bermaydi. Ko‘pchilik befarq. Balki hech kimga ortiqcha mashmasha kerak emasdir? To‘g‘ri-da, nima qiladi bu ayol bilan aytishib? Hayot uni yillab shu yo‘lda tarbiyalab qo‘ygan bo‘lsa! Shu bir kitob uchun shunchalik dahmaza qilish shartmi, yana bozorning o‘rtasida-ya? Ishlatsa ishlatar, senga nima, deyman o‘zimga-o‘zim. Ammo yuragimning allaqaerida g‘alayon ko‘tarayotgan g‘oyibona hislar boshimda hamon charx urayotgan ma’nisiz fikrlardan ustun keladi. Bu hislar ich-etimni yeb, botiniy kuchga to‘lib, bosh ko‘taradi-da bo‘g‘zimga tiqiladi, boz ustiga butun borlig‘imni ostin-ustun qilib yuboradi.
Chidab turolmadim:
— Bu — Tolstoy-ku!
— Ha, nima bo‘pti?! Soch-soqoliga qarasang, bekorchi odamga o‘xshaydi, yana yozadi-da! Hali bundan zo‘rini yozadi, nega ari chaqqanday yozg‘irasan, buncha?
Ayol pixillab kuldi. Kulganda uning butun tanasi qo‘shilib kulganday beyoqim silkinib ketardi.
Pistachi ayolga tushuntirib o‘tirishning xojati yo‘q edi. Obro‘ning bozori bo‘lmas ekan. Yon-verimni kovladim; bir chaqa ham yo‘q. Odamlar orasidan tanish qidirdim. Afsuski, hech kimni uchratmadim.
Bu orada uch-to‘rt stakan pista qog‘oz voronkalarga o‘ralib, bekorchilarning qo‘liga ketdi.
Men nima qilishni bilmay, bir kampirning qo‘liga, bir xaridorlar qo‘lidagi pista solingan voronkalarga najotsiz tikilardim.
— Xolajon, boshqa varaqlardan foydalanib turing, men hozir qog‘oz topib kelaman!..
Quyosh jizg‘anakni chiqarib, yondiraman, deb olov purkaydi. A’zoyi badanimdan ter quyiladi. Ustimdagi, ohori o‘chib qolgan chorxona ko‘ylak jiqqa ho‘l. Bozor ichi odatdagiday g‘ala-g‘ovur, baqir-chaqir og‘ushida. “Po‘sht-po‘sht”lab barchaning asabini tarang qilayotgan aravakashlar o‘tish-qaytishga yo‘l bermaydi. Har kim o‘z tashvishida. Men esa tanish izlayman. Biror joydan eski-tuski qog‘oz topsamu pistafurushning oldiga tashlasam!
Qizim dabdurustdan meni turtdi.
— Dadajon, menda pul bor...
U necha kunlardan beri bozorga chiqish uchun jamg‘arib qo‘ygan pulini qopchig‘idan olib menga uzatdi. Qalqib tushdim. Garchi, u berayotgan pul o‘sha kitobni pistafurushning qo‘lidan qutqazish uchun yetmasa ham, qizimdagi bu jasorat meni tamom hayratga solgan edi. Tubanlik va odamiylik yonma-yon yuradi deyishgani shu bo‘lsa kerak-da. Inson bolasining bir tana ichida qoq ikkiga bo‘linib ketishi siz bilan biz yashayotgan hayot mezonini hamisha tosh-taroziga solib turar ekan. Agar ikkalasi o‘rtasida, xudo ko‘rsatmasin, ixtilof chiqsa, unda hayot mezoniga putur yetadi... Bu holat ikki qutbning ayroligiga o‘xshaydi. Shuning uchun ham buni — hayot, deb o‘zimizni yupatamiz. Ko‘p narsani ko‘zimiz bilan ko‘ramiz, ammo e’tibor bermaymiz, ko‘rib-ko‘rmaslikka, bilib-bilmaslikka olamiz. Ayol tushmagur yana qanchadan-qancha shunday xazinalarni yo‘q qildiykin? Uning yonidagilar-chi? Buni kim aytib bera oladi? Dunyoning ishlari qiziq: nega, jajji qizaloq tushungan narsani yoshini yashab, oshini oshab bo‘lay deb qolgan ayol tushunmaydi? Shu murg‘akkina jon anglagan haqiqatni nega u anglamaydi?
— Rahmat, qizim! — dedim zo‘rg‘a.
Uning qorachiqlari namlanganiga ko‘zim tushdi. Pistafurush esa, go‘yo bir ishni qoyillatib qo‘ygandek, qizimga qarab xunuk va beo‘xshov xiringlab qo‘ydi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.