U derazadan tushayotgan zarrin quyosh nurlari ostida qamashgan ko‘zlarini erinibgina ochdi. Ko‘z ochdi-yu, birdan g‘ashlandi, payrahaday qo‘llarini deraza tomonga paxsa qilib, yozning odatiy jazirama olovidan nigohini to‘sgan bo‘ldi. Ammo eplolmadi. Nashtardek botayotgan nurlar uni qo‘zg‘alishga, lanj tanani soya tomon olib o‘tishga majbur etardi. Kir, yag‘ir yopinchig‘i ilon po‘st tashlagandek karavotning bir tomoniga osilib qolgan. U quyoshdan qochibmi, yoxud g‘ijimlanib qolgan ohorsiz chorxona pidjagi qatlanib, g‘ujanak tanasiga botganidanmi, sekin devor tomonga o‘girilib oldi. Baribir, yotolmadi. Chalqancha yotganicha hali uyqusi o‘chmagan ko‘zlarini shiftga tikdi; qulochlarini qarg‘a qanot qoqqanday erinibgina ikki tomonga sermadi-da, uzoq kerishdi. Suyak mushaklarining zirqirab ketishidan allanechuk lazzat hissini tuydi.
U xayolini bir joyga to‘plab, nimanidir eslashga tirishdi. Ustara tegmagan, kuygan chigitdek o‘siq soqol-mo‘ylov aft-angori nogoh burishib ketdi.
— Nima dedi u? Neofabiya dedimi? — deya o‘z-o‘zicha to‘ng‘illadi, kecha yo‘qlab kelgan, boshlang‘ich sinfda saboq bergan ustozi Meli akaning tanbehlarini eslashga harakat qilarkan. — Nega men yangilikdan qo‘rqarkanman? Balki meni odamlar tushunmayotgandirlar? Umuman, mening kimga og‘irligim tushmoqda o‘zi? — U kirtaygan mahzun ko‘zlarini yumdi. — Ha, meni Shofiya ham tashlab ketdi! Ajab, odamlar mendan qochmoqdalarmi, yo men odamlardan uzlatdamanmi? — U nayzasimon qoshlarini ma’nosiz chimirdi. — Uzlat? Nima u uzlat? Tavba, qaerdan bilaman buni? Qaerdan o‘qidim ekan? Baribir, eslolmadim. Har holda naqadar tanish so‘z! Uzlat? Ham qo‘rqinchli, ham sokin...
Ilkis o‘rnidan turgan edi, boshi aylanib, ko‘z oldi qorong‘ulashdi, yiqilib ketmaslik uchun karavot dastagini ushlab qoldi. U shundagina o‘zining ochqaganiyu yuragi holsizlanib borayotganini tuydi. Baribir, ko‘ngil g‘ashligi ustun kelardi. Shu sabab, qo‘l uzatsa yetadigan stol ustidagi yegulikdan tanovul qilishga ham hafsalasi bo‘lmadi. Naridan-beri yuz-qo‘l yuvgan bo‘lib, kecha yozilganicha qolgan, choy, ovqat to‘kilaverib, mog‘or hidi unniqib ulgurgan dasturxondagi uch-to‘rt burda qotgan non bo‘laklariga qo‘l uzatdi.
* * *
Gandiraklab-gandiraklab eshik qopqasini zo‘rg‘a itardi. Ostonaga qadam qo‘yishi hamono birinchi duch kelgani yana quyoshning odatiy, ko‘ngilni g‘ash etuvchi qaysar nurlari bo‘ldi. Go‘yo ularga bas kelmoqchi bo‘lgandek, ko‘zlarini qisib xo‘mrayib qaramoqqa chog‘landi. Ammo qisiq ko‘zlariga olov purkalgandek bo‘ldi. Shundagina qayta tepaga qarashga yuragi dov bermay, qilayotgan ishi uchun o‘zidan-o‘zi ijirg‘anib ketdi.
So‘ng poliz qo‘riqchisidek birpas hovli o‘rtasida turib qoldi-da, to‘nkarilgan eski paqirga omonat cho‘kdi. Shu chog‘ oyoqlari ostida zir yugurayotgan chumolilarga ko‘zi tushdi. Ular sarosima ichida o‘ljalariga ham qaramay, turli tomonga to‘zib qocha boshladilar. Birozdan so‘ng, «ovul»larida yana tinchlik qaror topganini bilganday, hammalari yana o‘z tashvishlariga yuz tutishdi. Biri o‘zidan besh-olti hissa katta don-dunmi, xas-xashakmi olib kelayotgan bo‘lsa, ikkinchisi sherigining o‘ljasiga ochiqdan-ochiq hamla qilayotir. Bularning barchasi qo‘shilib, sirli va tashvishli hayot manzarasini anglatardi. Hozir qish g‘amini yeyotgan bo‘lsalar, ajabmas. Ularda ham bola-chaqa bordir? Bo‘lmasa, shunchalar jonlarini jabborga berisharmidi? Unda bularni nima majbur qilgan? Bir qorinlari bo‘lsa yurgan yo‘llari, istagan joylarida to‘yadi-ku? O‘zaro kelishmovchilik, tortishuv, birining moliga ikkinchisi egalik qilish, bir-birini xarob etish kabi insonga xos odatlar chumolilar orasida ham bormikan?
Ana, og‘zi no‘xotdek keladigan, atrofi mayda tuproq zarralari ila mahorat bilan o‘ralgan tuproqqal’a in bo‘ylab chumolilar betartib kirib chiqishmoqda. Go‘yo bir narsadan quruq qolgandek in og‘ziga o‘zlarini shosha-pisha uradilar. Nariroqda, gandiraklab yurgan bir chumoli in og‘ziga yetmasdan, bir narsasini unutib qoldirganday, yarim yo‘ldan ortga qaytdi.
«Ana, shunisi menga o‘xsharkan! Ammo menga o‘xshab imillamaydi, cho‘rtkesar va qaysar!» — xayolidan kechirdi u miyig‘ida jilmayib.
Negadir, o‘sha chumolini uzoq kuzatdi. Kirmagan teshigi, olishmagan chumolisi qolmadi-yov, uning nazarida. Axiyri, o‘zidan zaif chumolining o‘ljasini zo‘ravonlik bilan qo‘lga kiritdi-da, in tomonga tortqilay ketdi. Afsuski, inga yetmasidan uch-to‘rtta bezori chumolilarga duch keldi. Ana, endi tamom — o‘g‘rini qaroqchi urdi! Bechora, bir o‘zi hammasiga bas kelmoqchidek, olishuvga tashlandi. Favqulodda oradan bir zo‘r chiqib, o‘ljani boshi oqqan tomonga ortqilab qochdi. Boshqalari esa, uni go‘yo kalaka qilishayotgandek, bir muddat sherigi to o‘ljani biror joyga gum qilgunga qadar ushlab turishlari kerakdek, gir o‘rab olishgan.
«Buni hayotning bir parchasi, desa bo‘ladi!»
U xayoliga kelgan fikrdan irshayib nari ketdi.
O‘sha tentirash zaylida deraza oldida to‘xtadi. Shundoqqina xira tortgan deraza oynalarida uning qora ko‘lankasi paydo bo‘ldi. Soch-soqolini barmoqlari bilan taroqladi. Aksiga olib barmoqlari patanak sochlari orasida to‘xtab qolar, bu hol uning tamom g‘ashini keltirardi.
“Ilgari ham shunday ko‘rimsizmidim?” — deya u sergak tortdi oynadan ko‘zini uzmay. Xayoliga kelgan bu fikrdan yana ma’nosiz irshayib qo‘ydi. Balki anov, Meli ham meni neofabiyasan, deb bekorga ustimdan kulmagandir? Xo‘p, endi bu yog‘i nima bo‘ladi, yo shunday o‘taveradimi kunim? Yotaverganim bilan birov bir burda non ham bermas. O‘lganing bilan birovning ishi yo‘q! Atrofingdagilarga kerak bo‘lganingdagina seni so‘rashadi, bo‘lmasa yo‘q. Hatto o‘z xotining Shofiya ham tashlab ketdi-ku! Negaki, sen ularga foydang tegsa, keraksan, tegmasa undan narisan! Asl mohiyat shu emasmi? Demak, yashash uchun kurashishing kerak! Kurashish uchun esa jur’at zarur! Shundaymi? Ha, shunday! Boyagi chumoli ham o‘z hayoti uchun kurashmoqda. U ham kim bilandir olishdi, kimdandir yengildi, kimnidir yengdi! Shunday qilmasa, supurib tashlashadi. Boshqacha bo‘lmaydi!
Shofiyaning tashlab ketganiga ham qariyb uch oy bo‘ldi. Uch oyki, onasi bilan birga chiqib ketgan o‘g‘li Samarni atigi bir bor ko‘rmabdi ota bo‘lib! Ko‘ray ham demabdi. Har gal Shofiya u bilan jig‘illashib qolganida uydan qaytib kelmas bo‘lib chiqib ketar, ammo eri ortidan bormasligini bilib, bir-ikki hafta o‘tmayoq yana o‘zi qaytib kelardi. Eri bo‘lsa, tirjaygancha «O‘zi ketdi yor-yor, o‘zi keldi yor-yor», deb qo‘yaqolardi bamaylixotir. Uning salomi ham, aligi ham — shu edi. Bu gal u uzoq ketdi. Nazarida, qaytmas bo‘lib ketgan ko‘rinadi. Shofiya bilan aksar janjali uning hech qaerda ishlamasligi, ro‘zg‘or uchun topib-tutib kelmayotganidan chiqardi. Shofiyaning nazarida u ro‘zg‘orim, deydigan erkaklar toifasidan emas. Oilada uning bor-yo‘qligi aslo bilinmaydi.
U deraza raxiga suyangancha o‘g‘li Samarning hovlini to‘ldirib, u yoqdan-bu yoqqa chopishlari, beg‘ubor qiyqiriqlarini esladi. Uning bolalarcha talaffuzi bilan qachondir aytgan oxirgi so‘zlarini aytib ko‘rdi, qo‘msadi. Lablari bexos pirpirab, tili zabonsiz kalovlandi. Qachonlardir qotib qolgan diydadan ikki tomchi yosh sizilib chiqdi. Tomchilar qaboqlar ustida zo‘rg‘a sizildi-da, patak soqoli orasiga singib ketdi.
“O‘g‘lim!” — dedi u bazo‘r.
Samarning unga erkalanib, dadajon, deya osilgani, qattiq quchib, achom-achom qilganini sira-sira eslolmadi. O‘g‘lining odatiy erta turgan kezlari boshqa bolalar kabi dadasining qo‘yniga suqilib kirib o‘ynoqlaganiyu qo‘shilib pinakka ketganini ham eslolmadi. Uyda o‘z tuxumidan nari ketmay, kurk bosgan tovuqdek mastona hurpayib yotaverishi uning kunlik a’moliga aylanibdi. Shundanmi, oshna-og‘ayni, yor-birodarlarining qadami bu uydan bir-bir uzildi. Shofiyaning nazdida, bu uy bexosiyat va bebaraka xonadonga aylandi-qoldi.
Balki sen haqdirsan, Shofiya! Mening sendan, o‘g‘lim Samardan boshqa yana kimim qoldi? Hamma tashlab ketmadimi? Nahotki, endi sen ham meni tashlab ketsang! Yo‘q, bunday bo‘lmaydi! Bo‘lishi mumkin emas! Men bunga yo‘l qo‘ymayman! Men ham o‘z hayotim, oilam uchun kurashaman! Xuddi anov chumolilardek! Bunga albatta kuch topa olaman! Endi angladim: inson hayotda nimagadir intilib yashamog‘i, yiqilgan taqdirda ham yana o‘rnidan turib, oldinga intilmog‘i, oilasi, bolalarining boshqalardan bekam yashashi uchun kurashmog‘i shart! Bundan o‘zga yo‘l ko‘rmayapman! Ortga qarasam, tubsiz jarlik! Bir qadam chekinsam, bas, o‘sha tubsiz choh meni yutadi. Unda borliqdan izsiz yo‘qolaman. U meni orzularimdan, bolamdan va sendan abadul-abad mosuvo etajak! Shunday ekan, oldga bosgan birinchi qadamim sizlar tomon bo‘ladi! Faqat sen qo‘l bersang, bas! Men patanak bosgan odamman! Uni yorib chiqishni istayman! Shofiya, menga yordam ber!
U boyadan beri suyanib turgan deraza raxidan o‘zini olib, darvoza tomon jildi. Avval ko‘chaning narigi betidagi guzarga chiqib, soch-soqolini tartibga keltirish, so‘ng esa Shofiyaning oldiga borishga qaror qildi!
Muyulishdagi tanish ko‘chaga burilganida, quyoshning zarrin nurlari uning qirtishlangan, tap-taqir boshiga tinmay yog‘ilayotganiga e’tibor bermasdi. Hozir uning xayolini boshqa bir hissiyot, boshqa bir manzara butkul asir etgan. Qarshisidan esayotgan epkinlar patanak soqol-mo‘ylabidan tamom ozod bo‘lgan chehrasi uzra qachonlardir qotib qolgan qizillik va iliqlik anfosini qo‘zg‘adi. Bu tiriklik faslining umid kurtaklari edi. Bu kurtaklar uning ruhiyatiga gumrohlikdan butkul holi bo‘lgan o‘zgacha orom baxsh etmoqda edi.