Marhum jurnalist Xolbek Yodgorov oshxo‘rlikni yaxshi ko‘rardi. U «Qizil O‘zbekiston»da ishlagan 50-yillarda mehnat ta’tiliga chiqqan yoki xizmat safariga borib kelgan xodimlarning choyxonada osh qilishi an’anaga aylangan edi.
Bir kuni tahririyat xodimlaridan besh-olti kishi ravoqda turganida Xolbek aka Sulton Akbariyga debdi:
— Buxoroga bir haftalik xizmat safariga bordingiz-u, lekin nega osh qilib bermadingiz?
— Hozir pulim yo‘q, — debdi Sulton aka.
— Qachon bo‘ladi?
— Yaqinda bir joydan qalam haqi kelishi kerak, o‘shanda qilib berarman.
Shu payt ravoq boshida pochtachi ko‘rinibdi. U jurnalistlar yoniga kelib ko‘rishgach, debdi:
— Xolbek aka, sizga Farg‘onadan «izve?enie» bor.
Shunda davradagilardan biri:
— Ana, osh qilish uchun pul topildi, — debdi.
Xolbek aka esa:
— Hozir pochtaga borish uchun vaqtim yo‘q, — debdi-da, xonasiga kirib ketibdi.
Pochtachi ortiga qaytib ketayotganida To‘lagan Soatov uni to‘xtatib:
— Xolbekning «izve?enie»sini bering. Unga o‘zimiz berib qo‘yamiz, — debdi.
Pochtachi «izve?enie»ni To‘lagan akada qoldiribdi. Xolbek aka bir oy avval Farg‘onaga borganida viloyat gazetasi uchun yozgan bosh maqolasiga 30 so‘m qalam haqi yuborilgan ekan.
Pochtachi ketgach, To‘lagan Soatov:
— Kimning pasporti yonida? — debdi:
— Mening pasportim yonimda, — debdi Sobit Toirov.
To‘lagan Soatov o‘sha zahoti Xolbek Yodgorov nomidan ishonch qog‘ozi yozib, uning imzosini qo‘yib, Sobit akaning qo‘liga tutqazibdi. Sobit aka darrov pochtaga borib, pulni olib kelibdilar. Keyin besh-olti jurnalist «Toshkent» restoraniga kirib, ajoyib gazaklar bilan tushlik qilishibdi. Qaytishda ikkita non orasiga kabob va gazaklardan solib, gazetaga o‘rab, Xolbek akaga «nasiba» olib kelishni ham unutishmabdi.
Voqeadan kimdir Xolbek akani xabardor qilgan ekan. U pochtaga telefon qilib: «Hozir bir odam soxta ishonch qog‘ozi bilan mening pulimni olgani boradi, unga pul bermanglar», — debdi. Lekin xabar kechikkan, bu paytda Sobit aka pulni olib, pochtadan chiqib ketishga ulgurgan ekan. Buni bilgach, Xolbek akaning kayfiyati battar yomonlashibdi.
Sobit aka bundan bexabar restorandan keltirilgan «sovg‘a»sini olib kirib:
— Xolbek aka, biz to‘rt-besh kishi bir joyga mehmondorchilikka borgan edik. Dasturxondagi noz-nematlardan sizga ham ilindik, — debdi.
Shunda Xolbek aka:
— Ko‘tar sovg‘angni, men senlarning sarqitlaringga zor emasman! — debdi.
Sobit aka bir narsa deya olmay qaytib chiqib ketibdilar. Biroz vaqtdan keyin muharrir muovini Qobiljon Uzoqov oldiga ish bilan kirsa, u:
— Sobitjon, qilgan ishlaringdan Xolbek xafa bo‘ldi. Restoranga borganlar o‘rtada yig‘ib, pulini qaytarib beringlar, — debdi.
Sobitjon aka Qobiljon akaning aytganini qilib, yana Xolbek akaning oldiga kiribdi-da:
— Ustoz,siz pochtaga borib ovora bo‘lib yurmang deb, qalam haqingizni men borib olib kela qoldim, — deb o‘ttiz so‘m pul uzatibdilar.
Xolbek aka pulni olgach, jilmayib debdilar:
— Endi boyagi kabob bilan nonni olib kel, Sobitxon, choy qo‘yib yuborishni ham unutma.
Marhum hamkasb do‘stim Hamid Ikromovni ko‘chada uchratib qolib, so‘radim:
— Hamidjon, mehnat ta’tiliga chiqdingizmi?
— Yo‘q,
— Qachon chiqmoqchisiz?
— Tahririyatimizdagi «N» mehnat ta’tiliga chiqib kelganidan keyin.
— Sizning mehnat ta’tiliga chiqishingizning u odamga nima aloqasi bor?
— Bilasiz-ku, men uni jinimdan battar yomon ko‘raman. U ta’tildan qaytganidan keyin chiqsam, uni ikki oy ko‘rmaslik baxtiga muyassar bo‘laman.
50-yillarda «Qizil O‘zbekiston» gazetasida M.ismli ancha ishyoqmas matn ko‘chiruvchi bo‘larkan. U mashinkaga yangi qog‘oz qo‘yib, to‘rt-besh qator yozgan bo‘larkan-da, so‘ng yonidagi hamkasbi bilan gap sotib o‘tiraverarkan. Jurnalistlar ba’zan shoshilinch maqolalarni aytib yozdirish uchun uning oldiga kirsalar: «Shu betim chiqsin, keyin siz bilan yozaman», deb bahona qilarkan. Lekin bu bet ha deganda chiqavermas ekan.
Bir kuni jurnalist Shoahmad Shorahmedov yangi maqolasini M.ga aytib yozdirish uchun matn ko‘chirish xonasiga kiribdi. M. esa: «Mana shu betim chiqsin, keyin yozib beraman», debdi. Shoahmad aka, «Yaxshi» deb qaytib chiqib ketibdilar. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tgach, yana matn ko‘chirish xonasiga kiribdilar. M. haligi javobini takrorlabdi. Shoahmad aka ortiga qaytib chiqib ketibdilar. Yarim soatcha o‘tgach, yana kiribdilar. M. bu gal ham eski javobini aytgan ekan, Shoahmad aka unga yaqin kelib o‘qrayib qarab:
— Xo‘, beting qursin! — debdi.
Saidvaqqosovga hokimlikdan qo‘ng‘iroq qilishib, ertaga soat o‘n birga Valixonov qabuliga kelish kerakligini aytishdi. Valixonov kimsan — hokim, Saidvaqqosov esa kichik shaharda madaniyat boshqarmasi boshlig‘i. Hokim qabulida bo‘lishning nozik jihatlari ko‘p. Ya’ni, baxtingiz chopsa, yuqoriroq lavozimga o‘tib ketishingiz mumkin. Dakki berish, ishdan olish uchun chaqirgan paytlari ham bo‘ladi. Bundan xudo asrasin.
Saidvaqqosov ertalab ishga «po‘rim» kiyinib keldi. Boshqarmadagi ziyrak xodimlar esa boshliqdagi bu o‘zgarishga darhol e’tibor berib, bir-birlariga ma’noli qarab olishdi. Boshliq ikki-uch xodimni huzuriga chaqirib ish yuzasidan gaplashguncha, soat o‘n bo‘ldi. Xonada yolg‘iz qolgach esa, o‘rnidan turib, eshik yonidagi devorga ilingan oynaga qarab, ust-boshiga razm soldi. Shunda bo‘ynidagi galstugi yaxshi bog‘lanmaganligiga e’tibor berdi. Galstukning tugunini to‘g‘rilamoqchi bo‘lganda, uchi tugun orasidan sirg‘alib chiqib ketdi.
Saidvaqqosov galstuk bog‘lashni bilmasdi, shu bois kotibasini chaqirdi:
— Lobar, galstuk bog‘lashni bilasizmi?
— Yo‘q.
— Kim biladi?
— Surishtirish kerak.
— Darhol surishtiring, men hozir hokim oldiga borishim kerak.
Kotiba xonama-xona yurib, xodimlardan kim galstuk bog‘lashni bilishini surishtirdi. Ming afsuski, o‘ttiz kishilik jamoada faqat bir kishi galstuk bog‘lashni bilarkan-u, u ham aksiga olib, hozir ishxonada yo‘q ekan. Kotiba buni Bosit Saidvaqqosovichga ma’lum qilgandi, u shoshib:
— Kim ekan u? — debdi.
— Shoirimiz Nurulla Jo‘shqin.
— Qaerga ketibdi shoir?
— «Beshqarsak» dastasining yangi dasturi ko‘rigi bo‘layotgan ekan, o‘sha yoqqa ketibdi.
— Shofyorimga ayting, hoziroq borib uni olib kelsin.
Soat o‘n birga oz vaqt qolayotgan edi. Boshqarma haydovchisi «Volga»ni uchirib ko‘rik bo‘layotgan joydan Nurulla Jo‘shqinni olib keldi.
Jo‘shqin yetib kelganda Saidvaqqosov xonasida yechilgan galstugini qo‘lida tutgancha hayajon bilan u yoqdan bu yoqqa yurardi. Jo‘shqin ichkariga kirishi bilan boshliq:
— Nurullajon! Meni soat o‘n birda Valixonov kutyapti. Bu enangni... galstuk yechilib ketdi-ku! — dedi.
— Hoziroq bog‘laymiz-da uni, aka.
Jo‘shqin boshliq qo‘lidagi galstukni olib, barmoqlarini xuddi sehrgarday harakatlantirib, uni bir pasda chiroyli qilib bog‘lab, Saidvaqqosovning bo‘yniga taqdi. Boshliq yana oynaga qarab, mamnun qiyofada Jo‘shqinga dedi:
— Ming rahmat, uka! Yaxshiyamki, siz bor ekansiz...
Hokimiyatda nima gap bo‘lgani noma’lumu, ammo galstuk voqeasidan so‘ng ko‘p o‘tmay Jo‘shqin oddiy xodimlikdan yetakchi xodimlikka ko‘tarildi. Uni yig‘ilishlarda bironta xodim tanqid qilsa, Saidvaqqosov himoya qiladigan bo‘ldi.
Boshliqqa qarab, boshqalarning ham munosabati o‘zgarib, shoir bilan quyuq so‘rashadigan bo‘lib qolishdi. Jo‘shqin bu o‘zgarishlarning asl sababini yaxshi anglar, shu bois Bosit Saidvaqqosovga xoli joyda duch kelsa, salom-alikdan so‘ng «Yechilib ketsa, men bor!» deganday uning galstugini yo‘liga bo‘lsa ham to‘g‘rilab qo‘yardi. Bu boshliqqa ham xush yoqardi, albatta.
Lekin har bir yaxshi narsaning yomon tomoni ham bo‘larkan. Saidvaqqosov Jo‘shqinning jamoadagi galstukni bog‘lay oladigan yagona odamligini bilgandan beri uni san’atkorlar bilan gastrollarga ham, xizmat safariga ham yubormay qo‘ydi. Boshliq bu ishini har gal turli bahonalar bilan izohlardi. Aslida esa, mabodo galstugi yechilib ketsa, bog‘lab beradigan odam topolmay qiynalishini o‘ylab, uni o‘zidan uzoqlashtirmasdi.
Jo‘shqin bu haqda o‘ylab-o‘ylab, oxiri ilojini topdi. Saidvaqqosovning tug‘ilgan kuni ertalab to‘qqizta chiroyli galstuk sotib oldi. Ularni yaxshilab bog‘lab, boshliq huzuriga kirdi. Uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, sovg‘asini topshirarkan:
— Bu galstuklar mendan sizga tuhfa, Bosit Saidvaqqosovich, — dedi, — To‘rttasi uyingizdagi shkafda, to‘rttasi ishxonadagi g‘aladonda tursin. Bittasini doim kostyumingiz cho‘ntagida olib yuring. Bo‘yningizdagi qaerda yechilib ketsa, o‘sha yerda shartta almashtirib olasiz.
— Ey, ofarin, Nurullajon, aqlingizga balli! O‘zi bo‘ladigan yigitsiz-da, — dedi Saidvaqqosov xazina topgan devonaday suyunib. — Shu narsa shu paytgacha hech xayolimga kelmapti-ya...
Jo‘shqin boshliq huzuridan xursand bo‘lib chiqdi. Xonasiga kirib, qilgan ishini sirdoshi Solijon Temirovga maqtandi.
— Bu ishing yaxshi bo‘lmabdi, — dedi Solijon.
— Nega?
— Obro‘dan ayrilibsan-ku! Jamoamizdagi galstuk bog‘lashni biladigan yagona xodim sifatida mavqeingni boy beribsan-ku!
— Bu yog‘ini o‘ylamabman. — Jo‘shqin bo‘shashib joyiga o‘tirib qoldi.