O‘shanda Shahlo kelinlik libosini kiyganiga bir haftasi kam olti oy bo‘lgan edi. Shahloning mazasi qochib qoldi. Uyga “tez yordam” chaqirishib, uni shifoxonaga olib borishdi. U yerda Shahloni tajribali hakimlar ko‘zdan kechirishgach, tug‘ruqxonaga o‘tkazishdi. Azonda esa Shahloning ko‘zi yoridi.
Ertalab ortidan yo‘qlab kelgan qaynonasi kelinining ko‘zi yoriganini eshitib, avvaliga qo‘rqib ketdi.
— Chala tug‘dimi?! — dedi Lazokat xola shoshib. — Omon bo‘lgur biron bir og‘irroq narsani ko‘targan bo‘lsa kerak-da.
Doya ayol tabassum bilan bosh silkidi.
— Xavotirlanmang, xola, keliningiz soppa-sog‘, pahlavonday o‘g‘il tug‘di. Suyunchini cho‘zing!
Shunda Lazokat xolaning rangi birdan oqarib, oyoqlarining bo‘g‘inlari bo‘shashib, yonidagi o‘rindiqqa o‘tirib qoldi.
Doya ayol hayron bo‘lib dedi:
— Sizga nima bo‘ldi, xola?!
— Axir, to‘y bo‘lganiga hali olti oy ham bo‘lgani yo‘q-ku! Nega u tug‘adi?!
Lazokat xola hayotida birinchi marta qizi Manzurani ham, o‘g‘li Orifni ham yomon ko‘rib ketdi.
Shahloni akasiga ko‘rsatgan, uyga olib kelib tanishtirgan, onasini shu qiznikiga sovchi bo‘lib borishga da’vat etgan Manzura edi. U Shahlo bilan chevarlik bilim yurtida birga o‘qirdi.
Ikki marta borishganida qiz tomon to‘yga rozilik berdi. “Yoshlar avvalroq topishib, “donlashgan” ekan-ku, bilmagan ekanman-da, — deb xayolidan o‘tkazdi Lazokat xola. — O‘g‘lim ham ahmoq, yengiltak bo‘lgan ekan... Voy, man nodon-a, voy, man anqov-a!”
Keyin Lazokat xolaning xayolidan boshqa bir shubha o‘rmalab, qo‘rqib ketdi. “Nahotki, nahotki, bu bola mening zurriyotim bo‘lmasa, nahotki, u haromi bo‘lsa?!” — dedi u o‘ziga o‘zi.
U yonida qoqqan qoziqday turgan doya ayolga dedi:
— Jon singlim, chaqaloqni bir ko‘rsam bo‘ladimi?
Doya ayol biroz o‘ylanib turib:
— Bo‘ladi, — dedi.
U ichkariga kirib ketib, oq yaktak, oq durra olib chiqdi. Lazokat xola yaktakni kiyib, durrani tang‘igach, doya ayol uni zinadan ikkinchi qavatga olib chiqdi. Bir xonaga olib kirdi-da, hamshiralardan biriga dedi:
— Azonda ko‘zi yorigan Shahlo Parpievaning chaqalog‘ini olib keling.
Hayal o‘tmay hamshira chaqaloqni olib keldi. Hamshiraning qo‘lida big‘-big‘ yig‘layotgan go‘dakning yuzi qopqora, sochi jingalak edi. U na otasiga, na onasiga o‘xshardi.
Lazokat xola go‘dakka bir qaradi-yu: “Yo‘q, bu mening bolam emas! Mening bolam emas!” — deb ingraganday tovush chiqardi. U birdan chakkasiga mushtladi, yanoqlariga ko‘z yoshlari duv-duv to‘kildi: “Bu nima sharmandalik?! Bu gapni qo‘ni-qo‘shnilar eshitsa nima deyishadi?! Voy, to‘yga sarflagan pulimiz halol edi-ku!..”
Orifning to‘yi to‘ymisan to‘y bo‘lgandi. To‘y haqida taassurotlar hali ham ko‘pchilikning xotirasida edi. Avval sakson kilo guruch damlab, yurtga osh berishdi. Nikoh bazmida esa ikki guruh atoqli san’atkorlar qatnashishdi. Obro‘li-obro‘li mehmonlar so‘zlab, oilaning ta’rifini keltirib, maqtab, ikki yoshga baxt-saodat tilab, qadahlar ko‘tarishdi.
To‘ydan keyingi shirin gaplarni aytmaysizmi! Qizil atlas ko‘ylak, jiyakli atlas lozimda, boshiga oq shohi durra o‘rab, oyog‘iga zar shippak kiyib, yal-yal yonib hovlida xizmat qilib yurgan kelinni ko‘rgani kirgan qo‘ni-qo‘shnilar Lazokat xolaga: “Voy, kelin emas, gul olibsiz. Ana husn, ana latofat! Keliningizga tez-tez isiriq solib turing, ko‘zikmasin”, deyishgandi. Oila a’zolari quvonchining ham cheki yo‘q edi.
Endilikda bu gaplarning hammasi behuda bo‘lib qoldi.
Lazokat xola shularni xayolidan o‘tkazib, yum-yum yig‘ladi. Doya ayol uni yaxshi gaplar bilan yupatib, uyiga jo‘natib yubordi.
Uyda voqeadan qaynota xabardor bo‘lgach, u ham tutaqdi. Lekin g‘azabini sirtiga chiqarmay, xotiniga tasalli berdi: “Shoshma, xotin, gapning tagiga yetmay bichib to‘qima. O‘g‘ling kelsin-chi, u nima derkin. Shunga qarab ish qilamiz”.
Orif geolog edi, xizmat safari bilan bir oyga Ustyurtga ketgandi. Uni ishlayotgan joyidan barqnoma yuborib chaqirtirishdi. U ertasi ertalab yetib kelib, bo‘lgan voqeadan xabardor bo‘lgach: “Bu bola meniki emas, — dedi. — Men bu haqda sizlarga gapirolmay yurgan edim. Shahloni shu uyga bolasi bilan olib keladigan bo‘lsanglar, men bosh olib chiqib ketaman”.
Rahim aka bilan Lazokat xolaning boshlari qotib qoldi. Bu voqea ko‘pchilikka oshkor bo‘lsa, Rahim aka oilasining ham, quda tomonning ham obro‘siga yaxshi bo‘lmasdi. Shuning uchun ham Lazokat xola sinchkov qo‘shnilar: “Keliningiz qani?” deb so‘rashsa, “Saqlanishda yotibdi”, deb yolg‘on javob qila boshladi.
— Zoti past, qiz tarbiyalashni bilmagan odamlarga quda bo‘lgan ekanmiz, — dedi u eriga. — Betlari qursin! Chuv tushdik... Kelinning husniga mahliyo bo‘libmiz-u, tagi-zotini surishtirmabmiz. Turing, adasi, qudalaringizning oldiga borib, deydiganimizni deb kelamiz. To‘yga ketgan xarajatlarni ham to‘laysizlar, deymiz.
— O‘chir ovozingni! — dedi shunda Rahim aka xotiniga o‘shqirib. — Qizing ikkoving pishirgan osh bu. Endi bir kamim qudalar bilan janjallashib, mahallaga sharmanda bo‘lishim qoldimi? Bo‘lar ish bo‘ldi. Janjallashgan bilan o‘rniga kelmaydi. Oilamizning shovqini ko‘chaga chiqsa, men or qilaman. Kechqurun bir o‘zim borib gaplashaman. Qudalarning o‘rniga o‘zingni qo‘yib ko‘r. Ularga ham oson emas. Bolamiz shunday bo‘lsin, deyishmagandir, axir... Hozirgi yoshlarning tarbiyasi qandayligi ravshan-ku! Ota-ona har bir farzandining ortidan poyloqchi qo‘yolmaydi.
* * *
Shahlo “saqlanish uchun” tug‘ruqxonaga yotganini Lazokat xola qudasi Robiya opaga sim qoqib, ma’lum qilgandi. Robiya opa turmushga chiqqan to‘ng‘ich qizi Nafisaga qo‘ng‘iroq qildi. U ertalab singlisidan xabar olishga va’da berdi.
Shahlo rostmana bola tuqqanini shifokorlardan eshitgach, Nafisa ham ong-tong qotib qoldi. Ikki chekkasiga og‘riq turdi. U o‘z uyiga emas, onasining qoshiga bordi. Uyga darvozadan yig‘lab kirdi.
— Nima gap? Singling sog‘-salomatmi? — dedi ona hayron bo‘lib.
— Sog‘ bo‘lmay, qora yer bo‘lsin, qizingiz!
— Voy, nega unday deyapsan?
— U tug‘ibdi.
— Chala tug‘ibdimi?
— Go‘rda chala bo‘ladimi! Rostmana bola tug‘ibdi. Uch kilo ikki yuz gramm.
— Voy sho‘rim, bu nima ko‘rgilik?!
— Bola tug‘may o‘lib qo‘yaqolsa yaxshi bo‘lardi. Endi qanday bosh ko‘tarib yuramiz. O‘zi tovuq miya edi bu qizingiz, mana natijasi. Bu gapni qaynonam, tili qilichday qaynagachilarim eshitsa, men nima degan odam bo‘laman?!
Bu voqea Robiya opa bilan Parpi akani kalovlatib qo‘ydi. Ular Nafisaga nima deb tasalli berishni bilishmadi. U ichkari xonaga kirib, divanga cho‘zilgancha yig‘lab-yig‘lab charchagach, ota-onasiga xayr ham demay uydan chiqib ketdi.
Tushdan keyin Robiya opa tug‘ruqxonaga borib, shifokorlardan qizi bilan xoli uchrashtirishni iltimos qildi. Ular iltimosni bajarishdi.
Shahlo onasini ko‘rib: “Meni kechiring, oyi!” — deb unga o‘zini tashladi. Robiya opa qizini itarib yubordi. Shahlo gandiraklab borib, devorga suyanib qolib, yig‘lab yubordi. Ona kaftlarini tizzalariga bukib, qizini qarg‘adi, yig‘ladi. Keyin:
— Kimdan bo‘lgan bu haromi, rostini ayt?! — dedi.
Shahlo indamadi. Ona jahl bilan savolni takrorladi.
— Shavkatdan, — dedi shunda sekin Shahlo.
— Qaysi Shavkat?
— Turon ko‘chasida yashaydigan, uzoqqa yuk tashiydigan avtomoshina haydaydigan Shavkatdan.
— Bo‘lar ish bo‘lgan ekan, nega uning etagini mahkam ushlamading?
— U meni aldadi.
— Qanday aldadi?
— Qornimdagi homilamni oldirib tashlaylik, do‘xtir top, desam u: “Men Rossiyaga bir borib kelay, bir hafta-o‘n kunda qaytaman, so‘ng homilangni oldirib, senga uylanaman. Hozir pul kamroq”, dedi. Lekin Rossiyaga ketib, qirq kunda keldi. Bu orada homilam katta bo‘lib qoldi. Keyin oldirgani qo‘rqdim.
— Nega buni menga aytmading?
— Qo‘rqdim... O‘zimcha bolani tushirmoqchi bo‘ldim, lekin evidan chiqolmadim... Qo‘ymaganingizdan keyin Orifga tegishga rozi bo‘ldim.
— Qorningdagi bola uniki emasligini ering sezganmidi?
— Avval sezmadi, keyinroq sezdi. Oxirgi paytda u menga qaramay qo‘ygan, uyga tez-tez ichib keladigan bo‘lib qolgandi...
Robiya opa uyiga qaytdi. Qizi bilan bo‘lgan gaplarni eriga aytib turganda, qudalari Rahim aka kirib keldi. Mehmonni “keling” deb kutib olib, ostiga yangi ko‘rpacha solishga Robiya opaning zo‘rg‘a madori yetdi, Parpi aka qudasi bilan qo‘l berib so‘rashdi-yu, uning ko‘zlariga tik qarolmadi.
Rahim aka qudalari voqeadan xabardor ekanligini darhol sezdi. O‘tirib, fotiha o‘qigach dedi:
— Hoynahoy, tug‘ruqxonaga borgandirsizlar? Voqeadan xabardorsizlar?
Parpi aka sekin bosh irg‘adi.
— Endi nima qilamiz?
— Biz hayronmiz, — dedi Parpi aka. — Bu tashvish osmondan tushganday bo‘ldi... Endi sizlar nima desanglar shu.
— Bo‘ladigan ishni qilaylik, quda. Siz ham shaytonga hay deng. Yoshlarimizning taqdiri yolg‘on taqdir ekan. Ularni yaxshilikcha ajrataylik. Sizlarga davo-janjalimiz yo‘q. To‘y ham bir xayr-ehson. Unga ketgan xarajatlar uchun piysabillilo rozimiz. Ammo, bir gapni aytay, qizingiz tug‘ruqxonadan yolg‘iz chiqsa, har ikki oilaning ham obro‘yi saqlangan, el o‘rtasida bo‘ladigan ortiqcha gap-so‘zlarning oldi olingan bo‘lardi.
— Bola nima bo‘ladi? — dedi Robiya opa.
— Davlatga topshiradi.
— Shunday qilsa bo‘ladimi?
— Nega bo‘lmaydi, bo‘ladi. U yerda go‘dakni ayollar suti bilan ma’lum muddat boqishgach, go‘daklar uyiga topshirishadi yoki uni o‘sha yerning o‘zidan befarzand kishilar farzandlikka olib ketishadi.
— Aqlli odamning sadag‘asi ketsang arziydi, — dedi Parpi aka. — Mening boshim qotib qolgan edi. Yaxshi yo‘lini aytdingiz, shunday qilamiz.
Qudasi ketgach, Parpi aka xotiniga dedi:
— Ertalab qizingning oldiga borib ayt, haromisini tug‘ruqxonaga tashlab chiqsin.
— Ko‘narmikan?
— Ko‘nmasa ko‘ndirasan-da, onasan-ku!
— Shavkatning ota-onasi bilan o‘zingiz bir borib gaplashsangiz qanday bo‘larkin, adasi? Axir, bola o‘shaniki-ku.
— Bo‘ladigan gapni gapir, xotin! Men erkaklik g‘ururimni yerga urib, u xonadon eshigiga bormayman.
— Bo‘lmasa men boraqolay.
— Sen ham bormaysan. Qizing u xonadonga ortida “buzoqcha”si bilan borib baxtli bo‘lmaydi.
Ertalab Robiya opa yana tug‘ruqxonaga borib, bosh shifokor Umida Qodirovnaning xonasida qizi bilan uchrashib, unga otasining taklifini aytdi.
— Yo‘q, — dedi shunda Shahlo. — Bolamni tug‘ruqxonada qoldirmayman. Ahmoqlik qilganimni tan olaman. Endi esa ham er, ham farzanddan judo bo‘lish men uchun og‘ir.
— Sen kalta o‘ylayapsan, qizim, bizlarni o‘ylamayapsan. Otang bilan olti farzandni yemay yedirib, kiymay kiydirib o‘stirdik. Mana, opang yomon oilaga tushmadi, ikki farzandlik bo‘lib, bib-binoyi yashab o‘tiribdi. Erta-indin ukang ham harbiy xizmatni tugatib qaytadi. Uni ham yaxshi bir oilaning qiziga uylantirish niyatimiz bor. Ota-onamning orzulari ushalsin, el-yurt oldida boshlari yerga qaramasin, onam bergan oq suti uchun mendan rozi bo‘lsin, ukalarimning baxtiga zomin bo‘lmay desang, bolangni davlatga topshirasan.
— Unday qilmayman. Uyga ham bormayman, alohida yashayman.
— Ko‘chada orttirgan haroming bilan kim senga eshigini ochib turibdi? Yo bolangni deysan, yo bizni deysan, gap tamom.
— Bolamni deyman.
— Axir, u haromi-ku, halol bo‘lsa mayli edi.
— Harom bo‘lsa ham unda mening qonim bor. Nega men o‘z qonimdan bo‘lgan bolamni birovga berar ekanman. Men uni to‘qqiz oy qornimda olib yurdim. Ne azoblar bilan tug‘dim. Bola tug‘ish oson emas ekan-ku!
— Xo‘p, tug‘ruqxonadan bolang bilan chiqib, qanday yashamoqchisan? Ijara uy toparsan, osh-nonni, kiyim-boshni senga kim beradi?
— Bir rizqimni ko‘rarman... Gadoylik qilib bo‘lsa ham bolamni boqib olaman. Ortiq erga tegmayman. Dunyodan shu bolam bilan o‘taman.
— Ha yergina yutkur, qaysar! — Robiya opa qizini qulochkashlab urmoqchi bo‘lganida, xonada ona-bolaning gapiga jimgina quloq solib o‘tirgan Umida Qodirovna Robiya opaning qo‘lidan mahkam ushlab, uni yaxshi gaplar bilan yupatdi.
* * *
Robiya opa uyiga kirib borganida, Parpi aka hovlidagi so‘rida bir o‘zi xayol surib o‘tirardi. U xotiniga tikilib:
— Nima bo‘ldi, tashlab chiqishga ko‘ndimi? — dedi.
— Yo‘q.
— Nima qilarmish?
— Bu yerga kelmasmish, bolasi bilan alohida yasharmish.
— Ha la’nati, oqpadar!
— Bilmadim, bu qizingiz kimga o‘xshadi, adasi, zotimizda bundaylar yo‘q edi-ku?
Parpi aka qozondagi yog‘day chatnab o‘tirgandi. Xotinining gapi ensasini qotirdi.
— Nega zotingda yo‘q bo‘ladi? — dedi beixtiyor zaharxandalik bilan. — Ammang-chi, ammang?! Norbek raisga ikkinchi xotin bo‘lgan-ku.
— Endi osilmaganingiz mening qari ammam qoldimi?! — dedi birdan Robiya opaning rangi bo‘zday oqarib. — Almisoqdagi gapni o‘ylab topganingizni qarang. Ammam Norbek raisga ikkinchi xotin bo‘lgan bo‘lsa, rais uni nikohlab, halollab olgan.
— Avval ammang Norbek raisga o‘ynash bo‘lgan. Homilador bo‘lib qolgach, nikohlab olgan.
— Yongan yuragimni qo‘lansa gaplaringiz bilan battar kuydirmang! Ammam yomon ekan, nega uning jiyani bilan yashab yuribsiz, odamning nomardi?! Meni qo‘yib yuborib, tagli-zotligidan olsangiz bo‘lmasmidi!
Parpi aka so‘ridan tushib, xotini yoniga keldi. Uning vajohati qo‘rqqulik edi.
— Kim nomard?
— ...
— Mana nomard! — Parpi aka xotinini tarsakilab yubordi. — Xali seni ham, buzuq qizingni ham bolta bilan chopaman!
Robiya opa yuzini ikki qo‘li bilan ushlagancha uyga kirib ketdi. Ichkaridan uning: “Turmush qurmay men o‘lay! Farzand o‘stirmay men o‘lay!” — deb yig‘lagani eshitildi.
Oqshom maktabdan qaytgan Nilufar onasining ichkari uyda yotganini ko‘rib:
— Sizga nima bo‘ldi, oyi? — dedi.
— Sal tobim bo‘lmadi, — dedi Robiya opa sir boy bermay. — Bugun kechki ovqatni sen tayyorlaysan. Ukalaring och-nahor qolishmasin.
Nilufar mastava pishirib, onasining oldiga olib kirganida ichmadi.
Bolalar odatdagidan ancha barvaqt uxlagani yotishdi.
Parpi aka tong saharda turib, tovuqlarga don olib kelgani bozorga ketdi.
Nilufar ertalab choy damlab, dasturxon yozib, onasini o‘yg‘otgani ichkari uyga kirib, baqirib tashqariga yugurib chiqdi. Robiya opa o‘rnida jonsiz yotardi.
Jasadni shifoxonaga olib borishdi. Shifokorlar uni tekshirib ko‘rib, marhum yurak xuruji natijasida vafot etgan, deb xulosa qilishdi.