OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Eh, sho‘rlik erkaklar! (hajviya)

1. TA’QIB QILISH

Sezyapman, u menga hamon o‘g‘rincha tikilib turibdi. Rostini aytganda, ayolning nigohini yetti qavat devorning ortidan his qila oladiganlarning bittasi – men. Avtobus keladigan tomonga qarab-qarab qo‘yaman-u, u turgan yoqqa yuzlanishdan o‘zimni tiyaman. Biroq, aniq his qilyapmanki, u mening o‘ng tarafimdagilarning sakkizinchisi. Jigarrang kastyumli tepakal kishining yelkasi osha hanuz menga termilib turibdi. Ulama kipriklarini yelpig‘ichdek tebratib, surmaga botirilgan qoshlarini chimirib qo‘yayotganini xuddi televizorda ko‘rayotgandek aniq tasavvur qilmayotgan bo‘lsam, non ursin. Shunaqa ta’qiblardan biram bezib ketdimki...
Xayriyat, lip etib taksi kelib qoldi. To‘xtatdim. Aqlim yetib turibdiki, u ham hoynahoy shu tarafga intilyapti. «Hayda, molodyoj!» deb baqirdim shofyorga. Mashina toychoqdek oldinga sapchidi. Mana endi «kafe»ga kirvolib, hamma odamlardek o‘zimni erkin his qilishim, bosib-bosib muzdek pivo simirishim mumkin. Axir, bugun maosh olganman.
U qanchalar pismiqlik bilan ortimdan tushgan bo‘masin, men baribir xotinimni boplab chalg‘itib ketdim.

2. BIR XONALI UYDA

– Bo‘ldi endi, xotinjon, chiroqni o‘chirib yoting.
– Ozgina sabr qiling, dadasi.
– Buncha qaysarsan? Yot degandan keyin...
– Yana besh minutgina...
– Axir, yarim kecha bo‘p qoldi. Yotsang-chi.
– Hozir deyapman-ku. Picha sabr qip turing.
– O‘chir chiroqni! He, dardisar!
– Nima?!
– Ha, dardisarsan! Yalmog‘izsan!!!
Kunda shu ahvol. Xotinimga konspekt yozish zarur, menga esa – surat chiqarish. Fotograflik ham qurib ketsin.

1976 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.