OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Xizmatchilik-da, xizmatchilik (hajviya)

1. ISHTAHANGIZ KARNAY BO‘LSIN

– Kechirasiz, bu kotletmi, yo...
– Bifshteks.
– Tushunarli. Nima, u tuxumsizmi?
– Tuxumi bor edi. Uni hozirgina...
– Tushunarli. Garniri no‘xatdan deng?
– Yarmi makaron edi. Uniyam hozirgina...
– Tushunarli. No‘xatni yemabsiz, tuzi pastmi deyman?
– No‘xatni mana endi yeymiz... Menimcha, tuzi joyida.
– Qiymachalpak-chi? Xo‘sh, nega uni sanchqiga ilmayapsiz? Bilaman, bilaman, u g‘irt chandir.
– Menga qarang, sizga nima kerak o‘zi?
– Kechirasiz, men...
– Yetar-e! Qanaqa yog‘da qovurilganini bilmoqchi bo‘lsangiz, ana, qolganini o‘zingiz yeb qo‘yaqoling.
– Hoy, shoshmang. Shoshilmasangiz-chi, men... ovqatning sifatini bilmoqchiman, xolos. Xalq kontrolidanman!

2. FAVQULODDA MAJLIS

– O‘rtoqlar, bugungi yig‘ilishimizga shaxsan hurmatli Ali-hushtakning o‘zlari tashrif buyurganlar. So‘z qadrdonimiz Ali-hushtakka!
– Birodarlar! TAAS axborotchilari Yaqin Sharq va Afrika muguzidagi voqealarni keng sharhlab turishibdi. Xalqaro bozordagi vaziyat ancha jiddiy.
O‘zimizdagi ishlarga kelsak, vaziyat yanayam qaltisroq. Mundoq qaraganda, hammangiz o‘z o‘rningizda avvalgidek faollik ko‘rsatib turibsiz. Lekin, tushum tobora kamayib ketyapti. Bu hol ayrim o‘rtoqlarning g‘irromchilik qilayotganidan dalolat beradi. Sizlarni bu yerga to‘plashdan maqsad, o‘z nafsidan boshqani o‘ylamay qo‘ygan ayrim o‘rtoqlarni ogohlantirib qo‘yishdir. Men hozir «bor, baraka» qilib, ularning otini tilga olib o‘tirmayman. Kimlar haqida gap ketayotganini o‘zlaring fahmlab turgan bo‘lishlaring kerak...
Bozorkom raisi shunday deya, o‘tirganlarga zimdan ma’nodor ko‘z yugurtirib qo‘ydi. Chayqovchilar tengdan cho‘ntak kovlay boshladilar.

1976 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.