OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Keksa yamoqchi (hikoya)

Uni hamma Usta buva deydi. Haqiqiy oti Hikmatulloligini yaqinda dadamdan eshitib bildim. Uning yog‘ochdan qurilgan oynavand ustaxonasi to‘rtko‘cha guzaridagi ariqning yoqasiga joylashgan. Uch mahallaning bolasi uch tomondan yoprilib kelib xuddi shu guzarda birlashgach, taxta ko‘prikni taqira-tuqur tepalab o‘tib, maktab sari eltuvchi terakzor ko‘chani to‘zitganlaricha darsga oshiqishadi.
Odatiga ko‘ra, biron-bir narsani yamab-chatib, agar qo‘lida ish bo‘lmasa, qandaydir eski-tuski kitoblarni titkilab o‘tiruvchi Usta buva ko‘prik taraqlay boshlashi bilan ochiq derazadan shoshib tashqariga mo‘ralaydi. Durbinsimon ko‘zoynagi orqali bolalarning oyog‘iga ukkiday chaqchayib tikiladi. Birorta bolaning poyabzali jo‘yasizroq ko‘rinsa, “Hov, ko‘k ishtonli bola, o‘qishdan keyin menga birrov uchrab o‘t!” - deb qattiq tayinlab qoladi.
Bu cholni qariyb har kuni ko‘rib yursam-da, sira yuzma-yuz o‘tirib gaplashmagan edim. Zarurat tufayli, bir marta suhbatdosh bo‘ldim-u, o‘zim sezmagan holda unga elikdim-qoldim.
O‘shanda biz – “B” sinfdagilar ikkinchi “A”dagi tengqurlarimiz bilan qasdma-qasdiga futbol o‘ynadik. Yutib, rosa quvondik.
Ko‘pchilik qatori quvonishga quvondim-u, hovrim bosilgandan keyin oyog‘imga boqib, dod deb yuborishimga oz qoldi. Oyoqyalang to‘p tepganlar suvga bir oyoq tiqib olishib, hech narsa bo‘lmagandek uy-uylariga tarqalishdi. Men tagi ko‘chgan yap-yangi sandalimga tikilib, turgan joyimda serrayib turaverdim. Hujumda o‘ynab, o‘n to‘rtta gol urgan Berdivoyning botinkasi tugalay majaqlanib ketganini ko‘rganimdan keyin, meniki hartugur evidaroq ekanligidan ko‘nglim ko‘tarilib, sal o‘zimga keldim.
Mana, Usta buvaning oldida o‘tiribmiz. Yaxshi tomoni shundaki, agar yosh bola bo‘lsang, poyabzalni o‘nglatish uchun bu cholga pul to‘lashing shart emas. Kimning o‘g‘li ekanligingni aytsang bas, mog‘or daftarchaga arab harfida nimanidir yozib qo‘yib, indamasdan ishingni bitirib beraveradi. Boshqalar aytsa, ishonmay yurardim, endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rib bildim. Chol to‘g‘ri qiladi, hammaning dadasi ham bir kunmas bir kuni shu ko‘chadan o‘tadi-da.
Usta buva sandalimni qo‘liga oliboq: “Voh-h!” deb yubordi.
– Bu ulovchani juda qiynab tashlabsan-ku, deya menga ko‘zoynagining ustidan qiyalab boqdi u. – Kasalni do‘xtirga, poyabzalni yamoqchiga vaqtida ko‘rsatish kerak.
Usta buva, oldiniga, sandalimning tagiga yelim surtdi, temirtirnoqqa kiydirib, bolg‘ada urib-urib jipsladi. So‘ng ipga mum surtib, chetlarini bigizlab tikishga tushdi. Qo‘li ishda, og‘zi esa gapda bo‘ldi.
Qo‘l bo‘shaganda, tez-tez guzarga chiqib turinglar, bolajonlarim. Guzar aslida “kezar” degani. Goh-goh shu atrofda kezib tursalaring, ham bahri dillaring ochiladi, ham poyabzallaringni ko‘rigimdan o‘tkazib turasizlar. Do‘st boshga qaraydi, dushman – oyoqqa. Bu gapni men to‘qiganim yo‘q, donolar aytishgan. Yirtiq poyabzalda yurish-ku – g‘irt uyat, hatto butuniniyam tez-tez moylatib turgan tuzuk. Etikdan “nechchi yilga chidab berasan”, deb so‘rashsa, “yog‘lashingga qarab”, deb javob qilgan ekan. Endi kap-katta bola bo‘ldilaring, bunaqa gaplarni bilvolishlaring kerak...
Bekorchilikdan zerikkan Berdivoy dadasi Toshkentdan olib kelgan qalin muqovali kitobini jilddan sug‘urib, asta varaqlashga kirishdi. Vatanimiz tarixi va mustaqilligimiz ramzlariga bag‘ishlangan bu suratdor kitobni sinfdagi bolalarga qo‘shilib o‘n martacha ko‘zdan kechirgan bo‘lsam-da, undagi chiroyli-chiroyli rasmlarga boshqatdan mahliyo bo‘lib, sinfdoshimning pinjiga suquldim. Sahifalardan birini ochayotganimizda, Usta buva “nimani tomosha qilyapsizlar”, deb so‘rab qoldi.
– O‘zbekistonning gerbi bu, – dedi Berdivoy, suratni cholga ko‘z-ko‘zlab. – Manavi yonida – bug‘doy. Bu tomonida – paxtlar. O‘rtadagisi – Humo qush...
– Humo qush baxt keltiradi degani rostmikin? – deb so‘radim men.
– Bu to‘g‘ri gap, – dedi usta buva, sandalimga bigiz suqayotib. – Yaydoqi tilda bu qushni Humoy deyishadi. Kimningdir birdan ishi yurishib ketsa, “boshiga Humoy qo‘nib qoldi”, deb qo‘yishlari bejizmas. Ana, mahallamizdagi taqachining oti ham Humoyiddin. Qo‘shni mahallada Humoy xola degan kampir bor...
Shundan so‘ng, Usta buva, eng og‘ir paytda ajdodlarimizga bir ko‘rinish berib, qayta yuz ko‘rsatmagan bu tabarruk qush haqida rivoyat so‘zlab berdi. Uning aytishicha, Nuh payg‘ambardan keyin yer yuzida yana odamlar ko‘payib, aslida yaqin qarindoshlar ekanligini borgan sari esdan chiqara boshlashibdi. Bir-birining mulkiga, bir-birining kentiga ko‘z olaytirishlar avjga minibdi. Qadim-qadimda Chin xoqoni ochko‘zlik qilib bizning o‘lkamizga qo‘shin tortibdi, boyliklarimizni talab, elatiiz boshiga ajal yog‘diribdi. Qirondan omon qolganlar, qocha-qocha tog‘dan oshib o‘tishib, kimsasiz bir vodiyga borib qolishibdi. Yovdan qutulgan bo‘lsalar-da, oziq-ovqatlari tugagani bois, endi ochlikdan qirila boshlashibdi.
Ana shunday ayanchli kunlarning birida olis daralar tarafdan alla aytayotgan onaning tovushidek tiniq va o‘ta yoqimli sas taralishga tushibdi:
– Hu-u, moy! Hu-u, moy!
Oqsoqollardan birovi bunda qandaydir sir borligini payqabdi-yu, bir necha yigitni yoniga olib, “Hu-u, moy!” degan tovush tinimsiz takrorlanib turgan yoqqa yetaklabdi. Ular botqog‘u qamishzorlardan o‘tishib, haybatli-haybatli daraxtlar unda-bunda bo‘y cho‘zib turgan keng o‘tloqqa yetib borishibdi. Qarashsa, hammayoqni qoplab olgan yovvoyi arpa va zig‘irlar pishib-etilib yotganmish. Allaqachon pishib to‘kilgan zig‘irlar oftobda erib, moy bo‘lib oqib turganmish. Baland qayrag‘ochning uchiga qo‘nib, to‘xtovsiz sayrayotgan, boshida zar popildirig‘i bor go‘zal qush och odamlarni shu moyga chorlab jon kuydirayotgan ekan.
Ko‘p o‘tmay, bu yerga boshqalar ham yetib kelishibdi. Moyda arpa qovurib yeb, o‘limdan saqlanib qolishibdi. Kuchga to‘lgan yigitlar qaytadan qo‘shin tuzishib, chinlik yog‘iylarni bobomeros yurtlaridan haydab chiqarishibdi...
Humo qush rivoyati bahonasida Usta buva bilan gapimiz qovushib ketdi. Biz kitobni paypaslab-paypaslab, tortinmasdan cholni savolga tutaverdik, u ishini to‘xtatmay, bizni gapga ko‘mizaverdi. Gohida, nahotki shu yamoqchi chol o‘qituvchi opamizdan ham ko‘proq narsani bilsa, deb o‘ylab qo‘yardim. Masalan, maktabda “Semurg‘ – afsonaviy mo‘‘jizakor qush” degan gapni eshitganman, xolos.
Usta buva esa, bu qush haqida ajoyib hikoyat so‘zlab berdi.
Qadimda Turon bilan Eron o‘rtasida juda ko‘p urushlar bo‘lgan ekan. Rivoyatga ko‘ra, Semurg‘ voqeasi hali To‘maris momomiz bosqinchilar shohi Kurushning kesilgan kallasini qonli meshga tiqishidan ham, dovyurak cho‘ponimiz Shiroq forslarning butun boshli lashkarini hiyla bilan sahroda tor-mor qilishidan ham ancha ilgari bo‘lib o‘tgan ekan.
Yurtimizga tajovuz solgan forslarning bir qarashda po‘mqarg‘aga o‘xshab ketuvchi, lekin jussasi tovuqdan ikki baravar katta qushlari bo‘lib, ular jang vaqtida raqib askarlarining boshidan tosh yog‘dirishga o‘rgatilgan ekan. Ochiq jangda yengilish nimaligini bilmaydigan Turon lashkari qushlar hujumidan katta talofat ko‘ra boshlabdi.
Qutli ota degan avliyosifat qariya bo‘lgan ekan. U tap-taqir dashtda bog‘ yaratib, daraxtlarni o‘zi qazigan quduq suvida sug‘orar, mevalarga almashib olingan narsalar bilan tirikchilik o‘tkazar ekan. Turon jangchilarining boshiga tushgan kulfatni bilgach, ich-ichidan ezilib: “E, qodir egam, tug‘ilgan uyini qo‘riqlashga jon tikkan, ota-bobolari qabrini asrayotgan yurtdoshlarimni o‘zing qo‘llamasang, boshqa kim adolat qila oladi?” – deya kunu tun tangriga sajdadan bosh ko‘tarmabdi. Sajdaning qirqinchi kuni tong g‘ira-shirasida allaqanday sharpalar ko‘rinibdi. Biri burgut, biri lochin, biri turnaga o‘xshab ketuvchi qushlar bir joyga to‘planaveribdi. Keyin yunglaridan rangdor nurlar taralayotgan yosh bo‘ri paydo bo‘libdi, qushlar undan hurkimay, qadlarini g‘oz tutib, qanot kerishibdi.
Bo‘ri parrandalarning ko‘ksini tishlab qonatgach, ular mittigina bir qushning yoniga galma-gal kelishib, qonlarini uning patlariga surtib o‘ta boshlashibdi. Qonlar surtilgan sayin, mitti qushcha kattalasha borib, oxiri ulkan qushga aylanibdi.
Bosqinchilarning toshotar quzg‘unlariga havoda qiron solib, turonliklar g‘alabasiga yo‘l ochib bergan nihoyatda kuchli, o‘ta tezuchar bu qush so‘nggi jangdan keyin o‘lkamiz uzra tinsiz charx uribdi, tog‘larni burgut shakliga kirib, sahrolarni lochinga aylanib, dala-dashtlarni turna bo‘lib kezib chiqibdi. Oxiri Qutli otaning bog‘ida bir kecha bulbul bo‘lib sayrabdi. Erta saharda yana o‘z shakliga qaytib, ko‘kka parvoz qilibdi, shu zayl yuqorilab boraveribdi, yuqorilab boraveribdi va birdan yarq etib chaqnabdi-yu, quyoshning ilk nurlariga qorishib ketibdi.
Necha zamonlar o‘tib, hatto ko‘plab daryo va tog‘larning nomi ham o‘zgaribdi. Ammo semirtirilgan ma’nosini anglatuvchi o‘sha xaloskor qush birda “semiriq”, birda “semurug‘”, “semurg‘” tarzida tildan tilga uchib, dildan dilga qo‘nib, afsonalarda mangu yashab qolaveribdi...
Sandalim bitib, navbat Berdivoyning botinkasiga keldi. Uzatilgan botinkaga boqiboq, Usta buvaning kapalagi uchdi.
– Oldimga nimani sudrab kelding? – deya Berdivoyni o‘dag‘ayladi u, botinkani olgisi kelmay. – Buningni tuzatish o‘likni tiriltirishdek gap-ku! E-e...
Berdivoy nima deyishni bilmasdan, shumshayganicha turib qoldi. O‘rtoqchilik hurmati o‘rtaga tushmoqchi bo‘lib, endigina yalinishga chog‘langanimda, Usta buvaga tuyqus insof kirdi, “uzat buyoqqa”, deya tumtaygan kuyi botinkaga qo‘l cho‘zdi. Ishga kirishib ham anchagacha qovog‘i ochilmadi. Chamasi, botinkani “tiriltirish” juda og‘ir kechayotgandi.
Bu ahvolda choldan sado chiqishi mushkulligini sezganimizdan so‘ng, o‘zaro g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qilib yana kitob varaqlashga tushdik. Suratlar ostidagi qisqa-qisqa yozuvlardan Kushonu Eftalitlar haqida tushuncha hosil qilishga tirishdik. Qon tusini olgan maydondagi qizg‘in jang tasvirlangan qo‘shsahifani ochib, uzoq termilib qoldik. Kutilmaganda, Usta buva tag‘in tilga kirdi:
– Kim u... otda savalashib turgan?
– Spitamen! – deya negadir quvonib javob qaytardi Berdivoy.
– Spitamen nima degani o‘zi, bilasizlarmi?
Biz cholning ko‘ziga jovdirab boqdik. Qiziq savol bo‘ldi-ku. Spitamen – barchamizga qo‘yiladigan otga o‘xshash bir ot-da.
Paydo bo‘lgan jimlik uzoqqa cho‘zilmadi. Usta buva yangi rivoyatni boshladi. Rivoyatdan ma’lum bo‘lishicha, tovushi yo‘g‘onlashib qolgan o‘spirinlarning turli qishloq-ovullardan yaylovga chiqib kelib, kuchini sinash uchun zo‘rni qidirib kurashish odati qadim zamonlardan qolgan ekan. Yilqichilar ovulidan keladiganlar orasidagi novcha o‘spirinni hech bir ovulning kurashchisi yengolmas ekan. Oxiri unga qattiq alamzada bo‘lgan echkiboqarlar uzoq bir ovuldan nomdor kurashchi yigitchani topib kelishib, bu bizning kurashchimiz deya novcha yilqiboqarni bellashuvga chorlabdi.
Kuchlar teng kelib, bellashuv uzoqqa cho‘zilib ketibdi. Bir mahal shamol turib, to‘zon ko‘tarilibdi. Tomoshabinlar changga ko‘milgan kurashchilarni ko‘rolmay qolgan bo‘lsalar-da, olishuv to‘xtamabdi. Talay vaqt o‘tgach, “Hayt!” degan qichqiriq yangrab, kimningdir gursillab yerga yiqilgani eshitilibdi. Tomoshabinlar kim yiqilganini bilolmay turishganda, yilqichilarning novcha kurashchisi to‘zon ichidan ovoz qilibdi:
– Ustindamen! Ustindamen!
Shu-shu, bu novcha o‘spirin borliq ovullardagi kurash ishqibozlari-yu, taniqli kurashchilar orasida “Ustindamen” nomi bilan tobora mashhurlanib boraveribdi. Yillar o‘tib, Iskandarning son-sanoqsiz lashkari yurtimizga bostirib kirganda, tengsiz qilichboz, tug‘ma kamonchi saglar, o‘limdan qaytmas so‘g‘dlar, nayzada tuxumni uradigan otliqlari bilan dovruq taratgan massagetlar bu pahlavon atrofida bir tan, bir jon bo‘lib birlashibdilar va forslar mamlakatini uch oyda yanchib o‘tgan qudratli yunon qo‘shinlariga uch yil mobaynida ayovsiz qirg‘in solishibdi. Jasur askarboshining ismi yunonlar tilida “Spitamen”ga aylanib, bu nomni eshitganda yuraklarini vahima qoplaydigan bo‘libdi...
O‘tmishimiz, kimligimiz haqida qiziq-qiziq gaplarni so‘zlab beradigan shunaqa bobom yo‘qligidan o‘shanda qattiq afsuslanganimdanmi, har gal maktabga borayotib, guzardagi yog‘och do‘koncha tomonga orziqib qarayman. Derazadan ukkidek mo‘ralab turgan Usta buvaga quyuq salom berib, e’tiborini tortishga urinaman. Ammo, urinishlarim doimgidek yelga sovriladi. Chunki mening va boshqa bolalarning salomiga shunchaki bosh qimirlatib qo‘yish bilan kifoyalanuvchi bu ajabtovur cholning butun diqqati shu topda o‘tkinchilarning oyog‘iga qaratilgan bo‘ladi. Ba’zan, sandalim yana yirtilsaydi, deb o‘ylab qo‘yaman.

1999 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.