Men, derazasini lang ochib qo‘yib, nonushta qilishni yoqtiradigan boloxonaning shundoqqina tagidan torgina yo‘l o‘tgan. Yo‘lning narigi beti – bolalar bog‘chasi. Bog‘chaga qatnaydigan tirmizaklar menga shu qadar yodaki bo‘lib ketganki, ularni ko‘rmay turib, tovushidanoq adashmay tanib olaman.
Kuzatib keladigan kattalar otini aytib chaqirganda, ba’zilarining ismi esimda qolgan. Ko‘pchiligiga esa, o‘zimcha laqab to‘qib olganman.
Mana, yana odatdagi nonushta. Xontaxta yonida chordana qurib, qatiqli go‘ja kelishini kutganimcha, choy-nonni ermak qilib o‘tiribman. Yarim to‘g‘ram non yeb ulgurmasimdan, qulog‘imga birinchi tanish yig‘i chalindi:
– Big‘-g‘-g‘... G‘ip! Big‘-g‘-g‘... G‘ip!
Bu – Quyuntoy. Qaramasdan ham sezib turibman, oyisi dam uning qo‘lchasidan tortqilab, dam ketiga yengil shapatilab, boshlab kelyapti.
– E-e-v! Ev-ev-ev...
Bunisi – “Qora bo‘g‘irsoq”. Ikkala qo‘lini do‘mpaygan qornining ostiga doim chirmashtirib oladi. Qoshini baland kerib, salmoqli qadam tashlaydi. Boshqalarning ahvolini ko‘rib, bog‘chaga ho‘ngrak otib borishni faxrli rusum deb tushunadi shekilli, ko‘zidan bir tomchi yosh oqizmay, yig‘ini shunchaki xirgoyilab keladi.
Lekin, “Kulcha momo”ning ayyuhannosi haqiqiy. Ana, eshitib ko‘ring-a:
– Va-a-a! Va-vaa! Va-va-vaa!
Iy, bunisi kim bo‘ldi? E-e, Uchqurbek-ku. Shiravor narsalardan ko‘proq yeganmi, bugun ovozi andak xirillab qolibdi. Uning faryodi juda o‘ziga xos, loyga botgan yuk moshinasining paydarpay kuchanib silkinayotganini eslatadi:
– G‘i, g‘i, g‘i... G‘ir-r! G‘i- g‘i, g‘i... G‘ir-r!
O‘, Tasmaxon paydo bo‘ldi-ku! Uning usuliniyam tez farqlab olaman:
– Ya, ya, ya... Ya, ya, ya...
Har bir “ya, ya, ya”ning orasida charm shippagini “tap-tap-tap” qilib, saqichyo‘lni depsib qo‘yadi.
Yanglishmasam, navbatdagisi – “Mulla vahima”. Oyoqchalarini qarmoqdagi laqqadek potirlatib, yana dadasining qo‘ltig‘ida kelayotgan bo‘lishi kerak:
– Ang! Ang! Ba-ba-baa! Aba-babaaa!
Hammadan bosig‘i – Chintemir:
– Hiq, hiq... Qachan optetasiz, oyyi?
– Ishxonamda majlis bor. Bugun uyga dadang opketadi.
– Shatalat optesin. Hiq, hiq...
– Ko‘ngillari yana nimalarni kusayapti?
– Quyit, xo‘yazqant... hiq... qulqunay... hiq...
– Qulupnayni kecha rosa liqillatib yutding. Yetadi!
Chintemir: “Yo‘, yetmaydi!” – deb tixirlik qilishini kutib, diqqatimni jamladim. Biroq ona-bolaning tovushini “Mallabotir” ko‘targan dod-faryodlar bo‘roni butkul ko‘mib tashladi:
– Ha bo‘-o‘-o‘! Ha bo‘-o‘-o‘! Bo‘-o‘-o‘!!!
Shundan keyin ko‘cha ancha vaqt jimib qoldi. Bundan tuyqus dilim g‘ashlanib, jiddiy xavotirlana boshladim: “Jingirvoy”ga nima bo‘ldiykin? Sho‘rlikning tobi qochdimikan? Vaqtida do‘xtir chaqirishdimikan, ishqilib?
Go‘jani ichib bo‘lib, piyoladan oxirgi marta choy ho‘playotganimda ham ko‘nglimning bir cheti qorong‘iligicha turaverdi. Dasturxonga fotiha o‘qishga chog‘langan edimki, to‘satdan “Jingirvoy”ning chiyilloq ovozi taralib, qulog‘imga o‘qyoylardek yoyila ketdi:
– Miy-y! Miy-y! Mi-miy! Mav-v-v...
Hamma oshnalarimning soppa-sog‘ ekanligini bilib, yengil nafas oldim. Yaxshi kayfiyatda ishga jo‘nadim.
1996 yil