OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Maqolasiz sarlavha (hajviya)

O‘quvchiman, lekin amalim bor – maktabimizdagi «Qalampir» devoriy gazetasining muharririman. Ushbu satirik gazetadagi serg‘alva faoliyatim davomida goh imzosiz, goh sarlavhasiz maqolalarni ko‘p uchratganman. Ba’zilar shoshqaloqliklari bois sarlavha qo‘yishni shunchaki esdan chiqarishadi, ba’zilar achitqiroq sarlavha topolmay, bu yumushni mening zimmamga yuklab qo‘yaqolishadi. Balki katta gazetalardagi muharrirlar ham sarlavhasiz maqolalarga onda-sonda bo‘lsayam, duch kelishgandir. Ammo, ishonchim komilki, maqolasiz sarlavhani ko‘rish mendan boshqa hech kimga nasib etmagan.
O‘tgan hafta tahririyat a’zolari maslahatni bir joyga qo‘yib, maktabimizda ozodalik bo‘yicha reyd tashkil etdik. Sinflar va fan kabinetlaridagi ahvol bilan birma-bir tanishib chiqdik. Dalillar jamlab bo‘lingach, maqolani yozish menga topshirildi. Foto-to‘garakchilarning bo‘sh xonasiga kirib, stolga o‘tirishim bilanoq, sarlavha ham lop etib kallaga kela qoldi. Oldimdagi qog‘ozning tepa qismiga yirik-yirik rangdor harflarda «Kirlik – surlik!» deb yozib qo‘ydim.
Shundan so‘ng shaxsan o‘zim ko‘rgan va tahririyat a’zolari to‘plagan dalillarni miyamda hijjalab oldim-da, og‘zimda qalampirning ta’mini his qilganimcha aftimni tirishtirib, maqola bitishga kirishdim. Ikkinchi betga o‘tganimda, navbat 7-«V»ga keldi-yu, birdan jazavam tutdi: «Ayniqsa, 7-«V»ning ahvoli xarob! Anavini ko‘rib qo‘yingki, hatto navbatchi tayinlanmabdi. Navbatchi kim deb so‘rasak, Ali Valini, Vali Solini, Soli Ahmadni, Ahmad Rahmatni, Rahmat Nigorni, Nigor devorni ko‘rsatdi. Shu tufayli, kimdir xattaxtaga chizib ketgan cho‘chqaning suratini matematika o‘qituvchisi Hisobiddinov shaxsan o‘zlari o‘chirishga majbur bo‘ldilar. Agar zoologiya darsi bo‘lsa, balki bu rasmni xattaxtada qoldirish ham mumkin edi. Biroq, cho‘chqaning matematikaga hech qanday aloqasi yo‘qligini biz a’lochi o‘quvchilar yaxshi bilamiz.
Mana endi 8-«V»dagi ahvolga kelsak, derazadagi tuvaklarga suv quyilmagan, gullar changga botib yotibdi...»
Boshqa sinflarni ham ayamay po‘stagini qoqdim. Maqolani tugatishim bilan og‘zimdagi taxir ta’m ham o‘z-o‘zidan yo‘qoldi-qoldi. Yengil nafas olib, stolni chirmanda qilib cherta boshlagan kezimda, xonaga o‘zbek tili o‘qituvchimiz Salayxon aka kirib keldi. Ko‘ksimga qo‘l bosib, irg‘ib o‘rnimdan turdim:
– Assalomu alaykum!
– O‘tiraver, o‘tiraver, – deb jilmaydi Salayxon aka.– Ha, barakalla...
Salayxon aka yonimda piypalanib, stoldagi qog‘ozga zimdan qiyalab boqdi. Men xuddi beixtiyor qilgandek, maqolaning ustiga qo‘limni qo‘yib olganimdan so‘ng, yonimdagi stulga o‘tirayotib: «Hm... bu nima?» – deb savol tashladi.
– Reyd o‘tkazuvdik, – dedim men. – Yuqori sinflardagi tozalikni tekshirdik.
Salayxon aka «xo‘-o‘-sh» deya yana bir oz paysalanib turgach, 8-«B» haqida surishtirdi. Bilaman, u aynan mana shu sinfning rahbari. Shamol tursa, tabiiyki, hamma birinchi galda o‘zining do‘ppisini o‘ylaydi.
– Bu sinfda ishlar chatoq, – dedim men yashirib o‘tirmay va kamchiliklarni birin-sirin sanashga tutindim.
Salayxon aka «hm-m» deya yelkamga qoqdi. Keyin, dars vaqtidagi sayroqiligini unutib, duduqlanib-duduqlanib so‘z boshladi:
– Umuman olganda... xo‘-o‘-sh... reyd yaxshi narsa. Lekin... Bilasanmi, bu sinfning rahbarligini olganimga bir hafta bo‘ldi xolos. Haqiqatdanam, intizom bo‘shashib ketganakan. Mana, tuzatyapmiz... Endi-i... ish yaxshi tomonga ketayotgan paytda sen «Qalampir»da urib tursang... Menimcha, sinfning yana ruhi tushadi. Picha shoshmay tursakmikin, a? Tag‘in o‘zing bilasan...
Barcha birdek hurmat qiladigan Salayxon akaning menga bir ishi tushibdi-yu, yo‘q dermidim? Uning ko‘zi oldida 8-«B» haqidagi jumlalar ustiga shartta chiziq tortdim.
Bo‘yalib ketgan maqolani boshqatdan yozishga shaylangan vaqtimda, xonada fizika o‘qituvchisi Toshbek Temirovich paydo bo‘lib, o‘zi rahbar bo‘lgan sinf reyd a’zolarida qanday taassurot qoldirganini so‘radi. Achchiq bo‘lsa ham, borini gapirishga to‘g‘ri keldi.
– Juda tirishqoqsan-da, – kutilmaganda meni maqtay boshladi Toshbek Temirovich. – Bariga ulgurasan – bir yoqda darslar, bir yoqda devoriy gazeta... Ha, senga o‘xshagan faollarga yordam berishimiz kerak. Fizikadan choragingga «besh» chiqarishga harakat qilamiz.
– Rahmat Toshbek Temirovich! – dedim sevinib.
Shu payt eshik ochilib, yosh tarix o‘qituvchisi Dehqonov xonaga mo‘raladi. Bandligimni ko‘rib, eshikni yopdi.
Toshbek Temirovich tashqariga chiqib ketayotib, go‘yo bir narsa to‘satdan yodiga tushgandek to‘xtaldi-da, «Balki, bu safarcha sinfimizni afv etarsan? Sal beparvo qolibmiz shekilli, bugunoq hammasini o‘nglaymiz», deya ko‘zimga tikildi. Yana bitta jumlaga chiziq tortdim.
O‘qituvchilar shu asno galma-gal huzurimga kiraverdi, kiraverdi, maqola qisqaraverdi, qisqaraverdi. Bir mahal qarasam, maqolaga boshdan-oyoq chiziq tortib chiqqanimni o‘zim ham sezmay qolibman. O‘chirishni hech kim iltimos qilmagani bois, qog‘ozning eng tepasidagi rangdor yozuvlargina ko‘zga yaraqlab tashlanib turardi: «Kirlik – surlik!»
Ana sizga maqolasiz sarlavha!
... Bahonada, bir narsani bilib oldim. Odamlar qarishdan, maqolalar qisqarishdan o‘ladi.

1975 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.