OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Poygakdagilar (hajviya)

Botinkavoy bilan Tuflioy dalabog‘dagi bir uyning ostonasida uchrashib qoldilar.
– Haliyam asfalni o‘yib yuribsanmi, poshnangdan akang? – deya suqlanib gap otdi Botinkavoy.
– Bor-e! – nozlanib, burnini cho‘chchaytirdi Tuflioy.– A’zoyi badaningdan achigan paypoqning hiydi kelyapti. Nariroq tur.
– Ho‘! Namuncha osmonlaysan? Sen amrikoni xiromlardan bo‘lsang, bizam salamandirlardanmiz. Xo‘jaynim katta bir zavo‘dni guldiratib turibdi. Qasrdek idorasi bor.
– Bekamning idorasini oldida senlarniki bir chaqa. Xona tugul hatto yo‘laklarimizgayam gilam to‘shalgan.
– E-e, masalan, men mashinamizning ichidayam gilamni ezib turaman. Shuniychun doim top-tozaman... Xex-xex-xe, tunov kuni bir zoti past kalish loy ilashtirib chiqsa bo‘ladimi? Achitibroq so‘kay desang, xo‘jayinning qaynanasiga qarashli narsa.
– Fu! Unaqa befahmlar navalom, – pistonchasini yarqiratib suzildi Tuflioy. – Ayniqsa, to‘yga borsang, atrofingni bir zumda kalish bosadi. Biri burishgan, biri tirishgan...
– Ha, biz shukur qilishimiz kerak, – deb salmoqlandi Botinkavoy. – Harholda, obro‘yimiz bor. Tunov kuni ziyofatdan qaytayotganimizda, xo‘jayinning o‘rinbosari meni artib qo‘ydi.
– Voy! Shuyam obro‘mi? Xi-xi-xi, xi-xi-xi... Agar bekam istasa, xo‘jayiningga meni o‘ptirishi mumkin. Qolaversa, ziyofatdan gapirib, maqtanishingni qara. Nima, seniyam to‘riga o‘tirgizib, oldingga bedana kabob qo‘yishdimi?
– Endi-i har kimning o‘z o‘rni bor-da, akasi bo‘yidan. Mana, o‘zing ham joyingni bilib turibsan-ku axir.
Shu payt darvoza ochilib, hovliga so‘laqmonday bir yigit kirib keldi. Majnuntol ostidagi so‘richaga o‘tirib, shumshayganicha sigaret tutatdi.
– Ana, haydovchimiz ham keldi, – deb ishora qildi Botinkavoy.
– Buyam o‘zimizdan, – deya achinqiranib xo‘rsindi Tuflioy. – Bu sho‘rlik ham bizga o‘xshab doim tashqarida qoladi.

1980 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.