Yangi to‘qimachilik kombinati qurilishi haqida gazetada bir sahifalik tantanavor maqola berilgach, telestudiyadagilar ham birdan yeng shimarib qolishdi. Bosh muharrir meni huzuriga chaqirib, bu joydan shoshilinch ko‘rsatuv tayyorlashimni topshirdi.
Ishni bizni iliq kutib olgan quruvchilar-u, zarur ashyolarni qurilishga uzluksiz yetkazib berishga erishayotgan turnaqator mashinalarni suratga tushirish va ko‘pirtirib izohlashdan boshladim:
– Ko‘rib turganingizdek, eng zamonaviy kranlar o‘rnatilgani karvon-karvon yuk mashinalarini o‘z vaqtida bo‘shatish imkonini bermoqda. Ayniqsa, oilaviy pudrat asosida ishlashga o‘tgan Qovunchiev va Kabanovlar sulolasi sifatu tejamda barchaga namuna bo‘layotgani bizni quvontirdi. Besh yillik zarbdorlari hisoblangan Markaev, Jaloladze, Pak va Papandapulo o‘rtoqlar maxsus qurilgan chekish kapasida ham bekor o‘tirishgani yo‘q– prorab Layloev bilan navbatdagi rejalar to‘g‘risida kuyib-pishib suhbat qurishyapti.
Mana bu esa, quruvchilar ovqatlanadigan oshxona. Bir necha yuz kishilik ulkan kollektivga bu katalak torlik qilmasmikan? Qolaversa, oshxonada bor-yo‘g‘i besh xil ovqat tayyorlanar ekan. Tepsa tebranmas bosh oshpaz Kamoloxunovdan buning sababini surishtirganimizda, qovoq-tumshug‘i osilganicha lom-mim deyolmay qoldi. Rayon umumiy ovqatlanish idorasidagi kallador zotlar bu masalani jiddiyroq o‘ylab ko‘rsalar chakki bo‘lmasdi.
Qurilish rahbari Do‘mboqovni yaqinda mukofotga berilgan shaxsiy «Jiguli»siga o‘tirayotgan chog‘da uchratdik. Bu kamtarin inson teleekranda ko‘krak kerishdan iymangandek, «haqiqiy qahramonimiz – oddiy ishchilar, o‘shalarni suratga olinglar», deya boshqarmadagi yig‘ilishga jo‘nab ketdi.
Azamat binokorlar bu muhim ob’ektni shu yilning birinchi aprelida, ya’ni muddatdan ikki oy ilgari foydalanishga topshirish uchun kurashmoqdalar. Buni eshitib, shijoatkorlar maskanidan dilimiz zavq-shavqqa to‘lib, mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoygan Qayta qurish jarayonining muqarrar g‘alabasiga ishonchimiz yanada mustahkamlanib qaytdik...
Ertasi barvaqt ishga kelib, montajni endigina tugallagan edimki, yana bosh redaktor yo‘qlatib qoldi. Borsam, turqi bejo.
– Ishlar chatoq, – dedi u. – Kecha kechqurun ministrlikda bo‘lgan yig‘ilishda to‘qimachilik kombinati qurilishi cho‘zib yuborilayotgani qattiq tanqid qilinibdi, gazetada asossiz maqtalgani ko‘rsatib o‘tilibdi. Endi borib, boshqacha ko‘rsatuv tayyorlaysiz. Ayamay do‘pposlang xumparlarni. Topshiriq shunaqa.
Xonaga shalviraganimcha qaytib, yurakni changallagudek ahvolda kresloga cho‘kdim: bu qanaqasi – kecha undoq deb borsam, bugun bundoq deb borsam... burd degan narsa qayoqda qoladi?!
Administrator qiz quyib uzatgan to‘qson beshinchi choyni bir-ikki simirishim bilan kallam yarq etib ishlab ketdi. «Nega endi boshqatdan suratga tushirish kerak ekan, – deb o‘yladim men, – tap-tayyor tasvirlar turibdi-ku!»
Shartta qog‘oz-qalam olib, yangi jumlalar tuza boshladim:
– Quruvchilar bemavrid kelganimizdan o‘ng‘aysizlanib, bizni soxta iljayish bilan kutib olishdi. Axir yuki soatlab bo‘shatilmay, machit ostonasidagi kalishlardek tizilib yotgan manavi mashinalar fonida suratga tushishga kimning tobi bor? To‘g‘ri, kranlar eng zamonaviy, ammo ish uslubi hanuz eskichaligi qattiq pand bermoqda. Intizom sustligi, o‘zaro talabchanlik yo‘qligining boisi shuki, bu yerda qarindosh-urug‘chilik kuchayib, hammayoqni Qovunchiev va Kabanovlar bosib ketgan. Bu ham yetmagandek, Markaev, Jaloladze, Pak va Papandapuloga o‘xshagan takasaltanglarga maxsus kashandalar joyi qurib qo‘yilgan. Qarangki, prorab Layloevning o‘zi bekor vaqillashda ularga o‘rnak bo‘lib turganining ustidan chiqdik.
Mana bu esa, quruvchilarning ovqatlanish joyi. Ishining bosh-uchi yo‘q boqibeg‘amlarga shunday shinam oshxona qurish shartmidi? Tag‘in har bir tekinxo‘r uchun besh xildan ovqat tayyorlanayotgani-chi? Menimcha, qo‘li gul pazanda Kamoloxunovning nega qovog‘i uyilib turganini tushunish qiyin emas – qoloq uchastkaning xo‘randalari haddan ziyod taltaytirib yuborilmayaptimikan? Rayon umumiy ovqatlanish idorasidagi o‘rtoqlar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishsa, chakki bo‘lmasdi.
Qurilish rahbari Do‘mboqov bizning daragimizni eshitib, qandaydir yo‘llar bilan mukofotga olgan ziynatdor «Jiguli»sida qochib qoldi. Balki hamma aybni oddiy ishchilarga ag‘darib, bu safar ham boshqarmadagi homiylarning panohiga oshiqayotgandir?
Bu muhim ob’ektni shu yilning birinchi aprelida foydalanishga topshirish planlashtirilgan. Ahvol shunday davom etsa, kelgusi yilda bitishi ham amrimahol. Shular haqda o‘ylab, ushbu harobadan qaytar ekanmiz, mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoyishi lozim bo‘lgan Qayta qurish jarayonining taqdiri bizni qattiq tashvishga soldi...
Mana, bugungi gaplar kechagi suratlarga binoyidek yopishdi-qoldi. Jurnalist mahorati degani bundan ortiq bo‘ladimi? Kallamga qoyil-e! To‘qson beshinchi choyga ofarin-e!
1989 yil.