Bu dunyoda nima ko‘p? Bilib-bilmay o‘zligini sotuvchilar. Yana-chi? Yana... qisqartma nomlar: BMT, AQSh, ToshMI, SSSR... va million hokazolar.
«RAF» – shulardan bittasi. Yo‘q, bu yangi tashkilot emas, amaldorlarning rangi o‘chmay qo‘yaqolsin. Rahbarlarni Ag‘darish Firmasi hali tuzilmagan. Aspan attorning sandig‘idan sal kattaroq bo‘lgan shunaqa markali mikroavtobus bor, haydovchilar uni erkalabmi, ermaklabmi, «Rafik» ham deyishadi.
Idoramizga qarashli pomidorrang «Rafik» jonimni hiqildog‘imga keltirdi. Mustaqil rizq terishni shu tashkilotdan boshlaganman, ammo, bunaqa rasvo mashinaga birinchi duch kelishim, «e» desam, «be» deydi, «yuramiz» desam, «turamiz» deydi. Birinchi haftadayoq payqadimki, uni bironta piyonista yasagan, zavoddanoq buraq chiqqan. Buraq bo‘lmasa, qo‘l tormozini tortib qo‘yganimga qaramay, uxlab yotganimdan foydalanib, birovning urg‘ochi eshagi ortidan boshvoqsiz o‘rmalashga tusharmidi? «Jarang!» etgan ovozdan uyg‘onib ketdim. Qarasam, mocha eshak shattalaganicha qochib boryapti. «Rafik» o‘ng «ko‘zi»dan tepki yebdi. To o‘zimni o‘nglagunimcha gazeta do‘konchasi tomonga burilib, endi sotuvchi ayolga tashlandi. Tormozni bosganimda gazeta va muzqaymoq do‘konlari allaqachon bir-biriga aralashib bo‘lgandi.
«Rafik»ni ayolbozlikda ayblashib, pastroq tashkilotga berib yuborishdi, nazoratni susaytirganim uchun menga pattamni tutqazishdi.
Avtobus parkiga o‘tib, ikki yilcha ishladim. Tushumning yaxshiligidan dastlab suyunib yurdim, keyin surunkasiga bir xil manzilga qatnayverish me’damga tega boshladi: oxori to‘kilgan avtobus, biqinida – 165 raqami, peshanasiga «Kommunistik – Yalang‘och» deb o‘chmas yelimda yozib qo‘yishgan. Istaysanmi, istamaysanmi, bundan qutulolmaysan – chiziqdan chetga chiqib ko‘r-chi!
Daromadiyam ordona qolsin deb, erkinlikni qo‘msab yurganimda, oldingi muovinimiz rahbarlikka ko‘tarilib, meni ishga chaqirib qoldi. Avtobus parkidan tez javob olib, eski idoramga yetib bordim. «Rafik» kapital remontdan so‘ng qaytadan idoramizga jo‘natilib, meni kutib turgan ekan.
«Rafik» avvaliga juda katta gapirib yurdi (shu kasbda ishlayverib, temir zotining tiliga tushunadigan bo‘pketganmiz):
– Bu idora idora bo‘lib, hali mendaqa mukammal texnikani ko‘rmagan!
– Avval yangi motorni avaylab obkatkadan chiqaraylik, yo‘lning past-balandini o‘rganib, sharoitga moslashib olaylik, keyin «Volga»larni changda qoldiramiz. Hatto, chet elniki bilan gaplashib qo‘yish ham qo‘limizdan keladi, tajribamiz yetarli.
– Toshiqma, o‘rtoq, behuda shoshilaverma. Hozircha hammasi yaxshi, hamma ish me’yorida ketyapti...
Qarang, shu temirtakning so‘zlariga chippa-chin ishonibman. Yap-yangiligida biron mo‘‘jiza ko‘rsatganmidiki, endi ishni qoyillatsa, degan o‘y kallamga kelmabdi.
Men chidam va umid bilan kutaverdim, u pismayib turib xilma-xil maynavozliklar qilaverdi. Goh idoradagilarni hasharga olib ketayotganimda jazirama dashtda o‘chib qoladi, goh yuqoridagi rahbarlar bilan qaltis masalani hal etishga borayotganimizda «pis-s» etib dami chiqadi. Ba’zan qahratonda suvi qaynab ketsa, ba’zan saratonda moyi muzlaydi. Eng alam qiladigan joyi – odatdagi mayda yumushlar vaqtida miq etmay ishlaydi-yu, nozik vaziyatda albatta pand beradi. Agar idoramizdagilarni ayrim masalalarda shashtini pasaytirib turish uchun chetdan qo‘poruvchi yuborilgan bo‘lsa, imonim komilki, bu– «Rafik».
Bir kuni shahar chetidagi istirohat bog‘ida «O‘zbek tili bayrami» o‘tkazildi. Shunchaki qiziqqanlar-u, ko‘nglida savoli sarg‘ayib turganlar ishdan keyin bir mashina bo‘lib yo‘lga tushdik. Ikki chaqirim yurmasimizdan la’nati «Rafik» qaerdandir «viy-y» etgan tovush chiqardi-yu, ayiqning o‘ligiga aylandi-qoldi. Itarib ko‘rdik – bo‘lmadi, sudratib ko‘rdik – bo‘lmadi, oxiri sovutish parragidan tortib tutunpurkagichning uchigacha tekshirib chiqdim, kasalini aniqlolmadim.
Achchiqlanib birov eshigini daranglatib yopdi, birov g‘ildiragiga tepdi... Men ham jim o‘tirmadim – o‘zbekcha bo‘ralasam eshitmaganga, tojikcha so‘ksam tushunmaganga oladi. Oxiri o‘rischalab «podlets» degan edim, birdaniga o‘ziga kelsa bo‘ladimi – kalitni xiyol burashim bilan, pochtachining soatidek tekis ishlab turibdi-ku!
Ammo, endi kech bo‘lgandi, shu mahalda bayram qoptimi? «Maxfiy zararkunanda» bu safar ham niyatiga yetdi. Shunda his qildimki, boshga nima kulfat kelsa, o‘zgalarga xudodan, menga faqat shu «Rafik»dan keladi.
Aslida, hamma ayb boshlig‘imizda, uning dastidan kunim qandaydir «Rafik»ka qolib o‘tiribdi. Birinchi rahbarim zo‘r edi – qaerga borsa gapi – gap, idoraning obro‘yi osmonda, mashinaning ham manaman deganini tanlab, istagan vaqtida yangilab turardi. Keyingi rahbarlar biri-biridan lapashang chiqdi. Hozirgisi-ku g‘irt Amerikabop...
Amerikada ishsizlarga nafaqa berishar ekan. Ma’lumki, abjir odam hech qaerda ishsiz qolmaydi, tanballar bilan nogironlargina tekin nafaqaga shukr qilib yashashi mumkin. Amerikadagiga nisbatan bizning mamlakatda odamgarchilik baland – uquvsiz lanjlarga shunchaki nafaqa to‘lashdan or qilamiz, stipendiya va yotoq bilan ta’minlab dorulfununda o‘qitamiz, diplomlar tutqazamiz, katta moyana, hashamatli kabinet, ketvorgan kotiba, xizmatkor mashina beramiz. O‘rniga ko‘z olaytirmaydigan galvarslarni atrofiga to‘plab olsa, ulargayam maosh tayinlaymiz. Ko‘ribsizki, bizda na ishsizlar bor, na nafaqa. Amerikadagidan qirq marta qimmatga tushsa, nima qipti?
Ha, bedavo, beburd rahbar tufayli, idoramiz obro‘sizlanib, kunim «Rafik»ka qoldi. Balki: «Ie, nega kuning unga qolarkan, mashina senga tobe-ku?» – dersiz. O‘zim ham shunday fikrlab, katta ketgan ekanman, chuqurroq o‘ylab qarasam, men mashinaga emas, mashina menga xo‘jayin ekan: yonilg‘i desa – yonilg‘i beraman, uzatkichlarimni moyla desa – moylayman, falon joyimga ehtiyot qism top desa – topaman, g‘ildiragimni almashtir desa – almashtiraman. Men tomidan chakka o‘tadigan tor, pastqam uyda ko‘mir yoqib yashayman, u tabiiy gaz bilan isitiladigan keng, baland binoda turadi. U tufayli kiyimim goh moyga, goh loyga belanadi, ammo o‘sha temirtakni doim yarqiratib yurishga majburman.
Kecha haddan ziyod jonimdan o‘tib ketdi. Boshlig‘imdan bir kunga javob so‘rab, qishloqdagi qaynanamnikiga yo‘l oldim. Kenja o‘g‘liga qiz topib, sovchilikka borishmoqchi bo‘lishuvdi. Xotinim, qaynanam, qaynatam, yana uch kampiru ikki cholni yuklab, «hayyo-huyt» deb qo‘shni qishloqqa jo‘nadim. Daradagi soy ustida mashina ba’zo‘r sig‘adigan osmako‘prik bor ekan, o‘rtasiga yetganda temirtagimning yana ovozi o‘chdi. Eshikni ochsang, tashqarida qadam qo‘yadigan joy yo‘q, soyning to‘lqini naq betingga sapchiydi. Shu kuyi o‘tiraverdik.
Kech kira boshlaganda qaynatam sekin qulog‘imga shivirlab: «Juda pishiqib ketdim-ku, kuyov, bir iloj topmasak, sharmandam chiqadi», dedi.
– Menga qaynata xolossiz, – dedim unga. – Otam bo‘lsangiz ham yordam berolmayman.
Qaynatam afti burishganicha joyiga borib o‘tirdi. Ora-sira inqillab-inqillab qo‘yadi deng. Bir mahal: «E xudo, endi xarob bo‘ldim!»– dedi-yu, shartta eshikni ochib, o‘zini soyga tashladi.
– Voy-dod, cholimdan ajrab qoldim! – deb ayyuhannos soldi qaynanam. So‘ng ikkala cholga dag‘dag‘a qildi. – Nega qarab turibsanlar, xezimlar!
Oriyat kuchlilik qilib, avval tetikrog‘i o‘zini suvga otdi, keyin bukrirog‘i hassasiga tirmashganicha eshikka yaqin kelib, «ollohu akbar», deya parashyutchilarning sak-rashidan qildi.
Uchala cholni tutib qirg‘oqqa olib chiqqunimcha ona sutim og‘zimga keldi. Birinchi marta kiyilgan kostyum-shimim yuz joyidan yirtilib, xirom botinkamning bir poyi baliqlarga qo‘shilib ketdi. Yaxshiyamki yaponcha soatimni og‘zimga solib, do‘ppimni tishlab olgan ekanman.
Hujumni qaytarish vaqtida titilib ketgan polk bayrog‘idek bo‘lib, ko‘zlarimda jiqqa yosh bilan mashinaga yaqinlashdim.
– Iloyim, nomingga o‘t tushsin, «Rafik!» – deb qichqirdim qo‘sh mushtimni havoda o‘ynatib. – Hech bo‘lmasa, sho‘rlik qishloqilarni ayamading-a! Ularni nima qipqo‘yding, la’nati? Endi xotinimning yuziga qanday qarayman?! Hey, qarg‘ishdan qaqshagur, «Rafik»!
Bu surbetga gap ta’sir qilarmidi...
Bas endi! Asabim yemirilib bo‘ldi, ortiq chidolmayman. Uni avrab-maqtab, umrida ko‘rmagan eng baland tepalikka olib chiqaman-u, sekin pastga qo‘yib yuboraman. Qani, boshqalarning dastyorligisiz o‘zini-o‘zi bir boshqarib ko‘rsin-chi. Oldindan sezib turibman, asli buraq yaratilgan bu chiranchoqning faoliyati o‘sha yerda batamom yakunlanadi. Nishon ham qolmaydi.
1989 yil.