OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Majlisboshi (hikoya)

Ovloq joyda to‘ng‘iz tepaga chiqadi.
Xalq maqoli

I

Qish. Kechagina qilichini qayrab turgan ayoz negadir bugun ortga chekinib, qaylargadir g‘oyib bo‘ldi-yu, anchadan buyon qichirlagan sovuqda hurpayib yurgan odamlarga iliq va namxush havo xush keldi. Ko‘chalarda chang‘i yetaklagan bolakaylar va qorbo‘ron o‘ynayotgan yoshu  qari uchun bu – bir lahzalik tuhfaga o‘xshardi. Osmonda o‘rkach-o‘rkach bo‘lib janub tomonga oqayotgan bulutlar raqsi kishilar qalbiga o‘zgacha bir dilgirlik baxsh etadi. Ularni kuzatayotgan kishi bir muddat bo‘lsa-da, inja tuyg‘ular ta’siridan mast bo‘lib qoladi. Eng pastlab  uchayotgan o‘sha bulutlarning muzday shabgiri bizning ulkan va hashamdor derazamizni ham yalab o‘tar, natijada oynalarda yupqa nam izi qolar edi. Ammo ichkaridagilar bunga umuman e’tibor berishmaydi, ular uchun buning qizig‘i ham yo‘q...
Binoning uchinchi qavatida joylashgan muhtasham majlislar zali. Ulkan derazalarga tortilgan sariq tusli harir pardalar ortidan erinibgina mo‘ralayotgan oftob ko‘rinadi. O‘tirganlarning  so‘lg‘in va bezovta nigohi kimnidir kutadi. Garchi chilla bo‘lishiga qaramay havoning tasodifan isib ketishi, muntazam yog‘ayotgan qorning to‘xtashi ham yig‘ilganlarning kayfiyatini ko‘tara olmadi. Ayni chog‘da deraza ortidagi nimjo‘sh va sokin rutubat ularning ham ruhiyatida kezayotgandek edi.
Biroq old qatorda o‘tirgan mayda rahbarlar va bo‘lim boshliqlari bir-birlari bilan bosh to‘qishtirib, nimanidir pichirlashadi, ba’zilari chuqur “uf” tortadi, lunjlari shishib, ranglari bo‘g‘riqadi. Aftidan, ular shoir Botir Bahodirning taqdirini muhokama qilmoqda, muhimi, o‘rtoq G‘olib Jobirovichga jamoa nomidan iltimosnoma kiritish yuzasidan bahs yuritmoqda.
Ular ko‘pchilikka tanish, kasbining qing‘ir-qiyshiq tomonlarining ham uhdasini olgan dajjam rahbarlar. Masalan, oldingi o‘rindiqdagi Abdurahmon Abdiberdi, ustoz maqomi bor. Fikrimcha, u uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida bo‘lganligi uchun shunday rutba olgan. Qora kostyum-shim, qizil bo‘yinbog‘li kishi Tohir Tolmas. Ko‘rkam savlati va jamg‘argan mol-dunyosini hurmat belgisi deb biladi. Keyingisi kalta bo‘yli, miqtidan kelgan, govbosh Kattaboy Qultosh. Bemisl laganbardorligi boismi yoki ko‘ringanga familiyasi bilan murojaat qilaverganidanmi Katta Ulkanovich degan nom olgan. Xo‘rmuz Qarnobiy barchaga tanish.  Bezovtalanishiga qaraganda yig‘ilishda katta rahbarning nigohidan olisroqda bo‘lishni mo‘ljallayapti. Nimagadir u doimo boshliqlarning nazaridan uzoqroq yurishga urinadi. Balkim, bu – uning quvligidir!?
O‘sha kungi voqea hammaning og‘zida. Harholda u uncha-muncha odamning qahriga uchragani yo‘q. Kimsan G‘olib Jobirovichga tik qaradi-ya! Kim biladi, o‘sha payt qaeri bilan o‘yladi ekan?. Baloning o‘qiga ko‘ndalang chiqib bo‘ladimi? Bir hamlada yo‘q qivoradi, axir! Mana, uning kasriga yana bir dilsiyohlik bo‘ladigandek.
Aftidan ko‘pchilikning xayolida ana shunday savolomuz fikrlar mavjud edi.

II

Voqea bunday bo‘lgan edi.
Keyingi paytlarda negadir idorada umumiy majlislar tez-tez o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ana shunday yig‘inlarda boshliq o‘rinbosari G‘olib Jobirovich soatlab ma’ruza qilish odatini chiqardi. Ba’zan choshgohda boshlanadigan odatiy mashvaratlar peshingacha davom etar, gohida xodimlarning ish kuni shu bilan yakunlanar edi. Bora-bora yig‘inlar idoraning ehtiyoji deb baholandi-yu, G‘olib Jobirovich ma’naviyat, ma’rifat, kasb odobidan dars bera boshladi. O‘sha saboqlarning so‘nggisida tuzsiz hangomalarga toqat qilolmaydigan Botir Bahodir G‘olib Jobirovichga:
– Maylimi, savol bersam? – dedi.
Davradagilar hayratga tushdi. Hamma uning og‘zini poyladi. Ikki yillik faoliyati davomida hurmatsizlik neligini bilmagan G‘olib Jobirovich so‘roq egasiga “kutib turing” ishorasini qilib:
– Umuman, adabiyotimizda ilk bor ma’naviyat so‘zini kim ishlatgan? – deb jamoatga yuzlandi.
Zalning turli joylaridan  javob berish istagidagi qo‘llar havoladi. Boshliq intiqlarga parvo qilmasdan tirnoq kavlab o‘tirgan Shoyimqul Shodievga “siz” ishorasini qildi. U kutilmagan buyruqdan kalovalanib, shunday so‘z boshladi:
– Him, ma’naviyat asli arabcha... Ha-ha, shunday! Bu – arabiy ibora. Bizda ishlatilishi arab istilosidan keyingi davrlar adabiyoti bilan bog‘liq. Ya’ni, VII-IX asrlarda yaratilgan tarixiy asarlarni o‘qib, bunga amin bo‘lamiz. Narshahiyning “Buxoro tarixi” kitobida bir qator arabcha so‘zlarning muomalaga kiritilganligini ko‘rganman...
G‘olib Jobirovich uning so‘zini uzib:
– Bu nima degani, nega gapni aylantirasiz, menga aniq javob kerak, qisqa va lo‘nda gapiring! – dedi.
Shoyimqul Shodiev fikrining davomi bo‘g‘zida qolib, serrayib turib qoldi.
Majlisboshi tag‘in bir-ikki kishini tingladi. Vajohatidan zalga jimlik cho‘kdi. U sukunatni g‘alaba deb bildi chog‘i, iyak kerib yana va’zga kirishdi:
– Sizlar, adabiyot o‘qimay qo‘ygansizlar, agar kitob ko‘rganlaringizda to‘g‘ri javob aytgan bo‘lar edingizlar.   Gapning indollosini o‘zim aytib qo‘ya qolay. O‘zbek adabiyotida ilk bor ma’naviyat so‘zini Jaloliddin Rumiy qo‘llagan. Bu dalil hazratning “Ichimdagi ichimda” kitobida bor!
 –  Iy-iy, – Kulgudan o‘zini bazo‘r tiyib, kafti bilan og‘zini bekitib so‘zlandi, chetda o‘tirgan Nortoji Hamroqul – Rumiy hazratlari kulliyoti forsiyda emas-mi?! – Ta’kidini birov eshitmadi hisobi. Biroq, burchakda parda popugini o‘ynab o‘tirgan Sadriddin Soli nimkulgu qiyofada qovoq uchirib qo‘ydi...   
– Hurmatli xodimlar! – Jobirovichning nutqi irodga kishti keldi shekilli, hech bir istiholasiz davom etdi – Shu kitobni hammangiz o‘qib chiqishingizni tavsiya qilaman, ichi g‘ij-g‘ij ma’no. Umuman olganda, sizlar adabiyotdan uzoqlashib ketganga o‘xshaysizlar! Bu asarga tishingiz botmasayam kerak. Shu bois, zamonaviy adabiyot namunalarini, hech bo‘lmasa, varaqlab ko‘ringlar. Misol uchun yengilrog‘idan, Abdulla Qahhorning “O‘tgan kunlar” romanidan boshlasalaringiz ham bo‘laveradi.
Men!..
Yaqindayam ikki marta o‘qib chiqdim!
Nortoji Hamroqulning ko‘zlari baqrayib, dami ichiga tushib ketdi. Sadriddin Soli hayrat egasiga bilinar-bilinmas qo‘l silkidi. Qoshlarini kerib, chap lunjini shishirib, bosh chayqab kuldi.  
Shu damda G‘olib Jobirovich jamiki bilmlarini namoyish qila ketdi. Kun tushlikdan oqqanligi sabab qatnashchilar tobora horg‘inlashib, hashamatli imorat ichida ularning ruhiyatiga o‘xshash allaqanday lanj havo oqimi suzmoqda edi. Ayni paytda xonani bezab turgan naqshinkor qandillar ham yig‘ilganlarning ko‘ziga shiftga yopishib olgan ulkan mo‘ri-malaxga o‘xshab ko‘rinardi. Ikki soat davomida tik turaverib charchagan Botir Bahodir majlis boshqaruvchining so‘zini kesdi:
 – Muhtaram G‘olib Jobirovich, shu topda qaysidir bir adibning ajoyib bir hikoyasi esimga tushib ketdi. Ruxsat bersangiz, mazmunini aytib bersam!
 Ahli majlis qalqib tushdi. Negaki, bu, yig‘ilishni noma’lum vaqtga cho‘zib yuborishi aniq-da. Shundog‘am ertalab nonushta qilmaganlarning chehrasidan suvi qochib borayotir. Ko‘pchilikning nigohi Botir Bahodirga qadalganligini, so‘z bermasa obro‘siga dog‘ chaplanishini anglagan G‘olib Jobirovich ilojsiz izn berdi. Shoir keltirgan hikoyaning mazmuni mana bunday:
Emishki, bundan yuz yillarcha burun, kurrai zaminda qirg‘inbarot avj olib, g‘arbliklar samolyot yasab, dunyoviy ilm sirlarini inkishof etayotgan chog‘da toshkentlik sernufuz qori-domlalar taryok urib, masjidga qaysi oyoq bilan kirmoq to‘g‘riligi xususida uzun qish kechalari bahslashib chiqqanmish.
Shoir hikoyani nuqtadon roviylardek so‘zlar ediki, yig‘inchilarning aksari mahliyo boqar, ayrimlar taajjublanar, yana bir-ikki kishi bebezovta edi. Jumlalarni chertib-chertib gapirishi, goho beixtiyor kimlargadir yuzlanishi ko‘pchilikning qiyofasida so‘z bilan ifodalab bo‘lmas sarosima zohir qila boshladi. Qishloq xo‘jalik texnikumini bitirib, bir amallab kotiblikdan ish boshlagan, keyingi ikki yil ichida amal pillapoyalaridan jadal ko‘tarilib, hozirda pichog‘i moy ustiga chiqqan Nurliboy O‘rliboev boshini berkitgani joy topa olmasdi. Nazarida uni hamma kuzatayotgandek edi. Botir Bahodirning otashin nutqini baland ovozda ta’kidlayotganidan g‘ijinar, ohori to‘kilmagan italyancha tuflisining hech kimnikiga o‘xshamaydigan tugmachalaridan ko‘z uzmas, shu asnoda G‘olib Jobirovich bilan nigohlari to‘qnashib ketishidan cho‘chib, bir nuqtaga tikilib turish uchun deraza tirqishini topganidan mamnun ko‘rinardi. Shu tobda uning xayolida yangi-yangi  takliflar g‘ujg‘on o‘ynab, imkon qadar o‘zini himoya qilish rejasini o‘ylamoqda edi. Kutilmaganda  uning tizginsiz xayollari “savolni savol bilan daf etish” haqidagi fikr atrofida to‘plandi-yu, hech kimda yo‘q tuflisining tillarang tugmachalariga mahliyo bo‘lib qoldi.
Botir Bahodir esa hikoyasini oxirlatib qolgan, shu bois, gap orasida chuqur-chuqur, uzun-uzun nafas olar edi.
 U so‘zini tugatgach ko‘pchilik seskanib ketdi. Ayrimlar shubhasiz yurak qo‘ltiqladi. Tor doiradagi majlisda javob berishini o‘ylayverib qon bosimi o‘ynoqlayotganlar ko‘p edi.
Zal suv quygandek jimjit, faqatgina konditsionerdan chiqayotgan havoning parda tutqichini o‘ynatayotgandagi pirillagan tovushi eshitiladi. G‘olib Jobirovich endi pishib yetilayotgan anor  tusi  yanglig‘ yuzini bir muddat mikrofonga burib, uchib turgan qoboqlari orasida qisilib borayotgan ko‘zlarini Botir Bahodirning allanechuk holatga tushgan yuziga qadadi.
– Xo‘p, sizda ana shunday noyob takliflar bor ekan, ularning barchasini yozma tarzda qabulimga olib kiring, – dedi qat’iy ohangda – Kelasi majlislarda yonimda o‘tirasiz, xodimlar bilan birgalikda muhokama qilamiz.
Shoir  hech narsa demadi.
Majlisboshi Botir Bahodirning hikoyasini obdon maqtadi. Ahli mashvarat zamonga munosib bo‘lishi kerakligini, shunda tashkilotimiz yuksak mavqega ko‘tarilishini, buning uchun Botir Bahodir kabi ko‘p o‘qish zarurligini hech bir tutliqmasdan, zalning qaysidir burchagidagi nuqtaga tikilib ta’kidladi. Orada shoirning fe’lidagi jo‘mardlik, dangalchilik va dovyuraklik xususida ham, og‘rinmasdan, iliq misollar keltirdi. Ketar chog‘ida bir-ikki mulohazasini o‘rtaga tashlab, keyingi yig‘inda shular haqida so‘z borishini e’lon qildi. Tabiiyki, barcha tayyorgarlik ko‘rib kelishi shart.

III

Bu gal havoning isishi ham, konditsionerdan taralayotgan iliq shamol ham qatnashchilarning, ayniqsa mayda boshliqlarning ko‘ngliga  harorat olib kira olmadi. Boisi,  o‘sha yig‘indan keyin hech qanday hodisa sodir bo‘lmadi-da!. Bir chekkada esa, kushxonaga kelgan qo‘chqorday Botir Bahodir hadiksirab o‘tiradi. Uning  taqdiri xususida bahslashayotgan guruh bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Chorak soat o‘tgandan so‘ng muhtasham zalning alohida eshiklari ochilib, G‘olib Jobirovichning muzlagan ayronto‘rvaga o‘xshash qiyofasi ko‘rindi. Uning qaboqlariga qirov qo‘ngan, gaplarida  esa xotirjamlik bor edi. Ajablanarlisi, bugun u hech qanday voqeani xotirlamadi. Ma’nviyat va kasb odobini eslamadi ham. Gapni tashkilotning ertangi rejalaridan boshladi. Qo‘lidagi taxlam-taxlam qog‘ozdan bir-ikki satr o‘qidi-da, ishtirokchilarga yuzlandi:
– Kelgusida muassasamiz oldida turgan ulkan rejalarni amalga oshirish uchun nimalar qilmog‘imiz kerak?
Hayal o‘tmasdan nazarga ilinish istagidagi tashabbuslar oqimi vujudga kelib, yig‘ilganlarning o‘zaro savol-javobidan hashamatli zal ulkan ari uyasiga o‘xshab qoldi. Bunda kim yalov oladi-yu, kim nazarga tushadi?. Buni anglash qiyin edi. Faqatgina Botir Bahodir va yana sanoqli kishilar vaziyatni behafsala kuzatar edi.
Men esa shoirning mulohazalaridan so‘ng hosil bo‘lgan tizginsiz o‘ylar girdobida edim. Deraza ortida suzib yurgan xira bulut quyqalari vujudimni bosib ketayotganga o‘xshardi. Qishning hoviridan seskanib yopib qo‘yilgan oynalar xonadagi bo‘g‘iq va qo‘lansa hidning tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘ymas edi. Nafasimni qisayotgan havo va fikrlarimni to‘plash azobidan xalos bo‘lishni o‘ylayverib, majlis tugaganligini anglamay qolibman.    
Uchinchi qavatdan pastgacha bo‘lgan pillapoyalar  dimiqib ketgan va sabrsiz xodimlar bilan to‘lib ketdi. Kutilmaganda binoning asosiy foesidagi e’lonlar peshtaxtasining atrofi undan-da gavjumlashdi. Odamlar turtinib-surtinib nimanidir ko‘rishga oshiqardi. Chamasi qirq daqiqalar o‘tib peshtaxta atrofi bo‘shab qoldi. Navbat menga yetganligi bois, bitiktaxtadagi yozuvlarga nazar soldim. Unda mana bu so‘zlar yozilgan edi:

BUYRUQ:  № 105  
Xizmat vazifasiga ma’suliyatsizligi uchun tashkilotning yetakchi mutaxassisi Bo‘riev Botir Bahodirovich egallab turgan lavozimidan chetlatilsin.

ILOVA:
Kompaniyaning xodimlar bo‘limidan tushgan shikoyatlar.
Uzoq vaqt bir joyda qimirlamay o‘tiraverganimdanmi yoki boshqa bir sababmi behuzur bo‘lib tashqariga chiqdim. Quyosh charaqlab turganligiga qaramay suzib yurgan muzday epkin etimni junjiktirib yubordi.
Uzoqda, shafaq ortidan ko‘tariladigan ko‘pqavatli uylar biqinidagi keng ko‘chada bir kishi xayolchan qadam tashlab ketib borardi. Onda-sonda orqasiga burilib qo‘yar, so‘ng yana jadal yurib ketardi.
U shu ketishda haybatli qoyalarni eslatadigan osmono‘par imoratlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Nazarimda, u  Botir Bahodir edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.