OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Yo‘qchi (hikoya)

Yomg‘irdan so‘ng tog‘u toshga tig‘ urgan quyosh nurlari iliq va bo‘shang tuproqni ko‘pchita boshladi. Tizza bo‘yi o‘tloqlar ustida tebranayotgan bug‘ parlana-parlana ko‘m-ko‘k bahor osmoniga singib ketadi. Pichanzorlar orasida bir maromda sayrayotgan mullato‘rg‘ayning chug‘ur-chug‘uri adirlar bo‘ylab kezadi. G‘o‘bdintog‘ etagidagi yoyilmalarda poda boqib yurgan bolakaylarning qiy-chuvi mullato‘rg‘ay chug‘ur-chug‘uriga esh bo‘lib, olis-olislarga uchadi. Qibladan esayotgan namxush shabada yomg‘ir aralash tuproq hidini uzoq-uzoqlarga olib ketadi.
Sel yo‘lida hosil bo‘lgan o‘ngirda bir qo‘ng‘ir tulki shabada esayotgan tomonga tumshuq cho‘zib, ko‘ksini yelga toblab turdi. U shamol yo‘nalishi bo‘ylab hid oldi. Keyin sarak-sarak qadam tashlab sal ilgariroqqa yurdi. Soy boshida esa, nam tortgan shox-shabbaning burqsiyotgandagi tutuni ko‘tarildi. Olov egasi tutun tagidagi qo‘radan ikkita kuyib ketgan kartoshkani halacho‘p bilan dumalatib oldi. Kartoshkalar anchagina kuygan va hatto yorilib ketgan edi. O‘sha yoriqlar orasidan kuyunki aralash dimog‘yorar hid taraldi. Qo‘ng‘ir tulkini ana shu ta’m bezovta qilgan edi. U qo‘ng‘irboshlar oralab shu tomonga yo‘l soldi. Biroq osmonda qandaydir o‘laksaxo‘r qush paydo bo‘ldi-yu, yana qo‘ziquloqlar orasiga urib ketdi.
Egri-bugri sayhonlik etagidan chiqib kelayotgan otliq shu tomonga o‘rladi. Goh pasayib, goh tezlashib turgan yel bir maromda tebranib kelayotgan jiyronning dumi va yolini chiltor qillaridek o‘ynaydi. Oftob uning xurmo tusiga olovrang jilo beradi. Ot boshini selkillata-selkillata suvlig‘ini g‘ijirlatib qadam tashlaydi; og‘zidan chaynalgan o‘t tutamlari tushadi. U yana ilkis engashib kovrak yoki barra shuvoqning bo‘liq joyidan uzib oladi. Otliq shunday kezlari yuganni siltab tortadi: “Chuh, kasofati mol”,  degan tovushi eshitiladi uning. Tovonning keti bilan tushgan tepkidan yilqi to‘rt-besh qadamga sergak tortib, yo‘rtib ketadi. Tulki qari bir jing‘il ostida ularni kuzatib turadi.
–    Hormang birodar, osh bo‘lsin, – dedi otliq kuymalanib kartoshka tozalayotgan kishiga- Qo‘ylar qovzandimi?
–    Salomalaykum, keling qani, – dedi u otliqqa qo‘l cho‘zib – Tuz toting.
–    Mayli, rahmat, yaqin orada ellik chog‘li suruvga ko‘zingiz tushmadimi?
–    Yo‘qchimisiz?
–    Ha, shunday. Hafta bo‘ldi, bir oqshom qo‘ylar hayigib ketibdi.
Ikkov  ancha vaqtgacha nimalarnidir gaplashib turdi. Qibla shamoli kuchayib yomg‘irning muzday taftini ufura boshladi. Otliq choponiga o‘ranibroq jilovni cho‘qqining o‘sma toshlar oqib tushgan tomoniga burdi. Ot o‘rlovga ko‘tarila boshladi; mushakdor sonlari taranglashib, ildam oyoq olishi cho‘ponning havasini keltirdi: “Otmisan, ot! Tilloga almashtirsang, yutqazmaysan, – dedi o‘ziga-o‘zi  – Hee, manov zalli-zamonda yo‘qchi bilan kasalga qiyin, ikkoviyam qidirib yashaydi”.
 –  Hoy, yodingizdan chiqmasin-a, orasida beshta olabel sovlig‘i bor! Shunisi esingizda tursin...
Tasodif xitobdan cho‘pon o‘ziga keldi. Yo‘qchi cho‘qqi boshida suyunchisini aytayotgan edi. U otliqqa ma’qul ma’nosida bosh irg‘adi; telpagini qo‘liga olib ko‘ksiga urdi. Otliq ham shunday qila-qila cho‘qqi ortiga enib ketdi.

***

Mol odamning yuragining moyidan degan gap to‘g‘ri ekan. Oqqiyalik Berdi chavandoz qo‘ylarini yo‘qotdi-yu, o‘zgardi-qoldi: bir qarasang jizzaki; arzimagan narsaga uchib-qo‘nadigan, bir qarasang parishonxotir; dunyo befarq telbaday. Ba’zan yaqinlarining arzimas gapiga ham nish otib, keyin uzoq vaqt o‘zini-o‘zi koyiydigan odat chiqardi.
Ana shunday telbaxayol kunlarining birida akasi Sayfi maxsum eshik qoqdi:
– Salomalaykum, keling aka, – deb maxsumning istiqboliga chiqdi.
Akasi hech so‘z demadi. Oldinma-ketin mehmonxonaga kirdilar. Polvonning xotini xontaxta ustiga dasturxon yozib, bir-ikki hovuch qand-qurs qo‘ydi.
 – Yaxshimisan, kelin ishlaring durustmi? – dedi maxsum gap ohangini cho‘zibroq .
 – Rahmat, birnavi. Chechamlar ham yaxshimi? – dedi kelin qisqagina qilib.
 – A, bu, bizning uka qo‘y yo‘qotgan desam  o‘ziniyam yo‘qotib qo‘yibdi-ku, – maxsum ukasiga qiya qaradi – Mol topiladi, jon topilmaydi, jon!
Kelini indamadi. Ovqat bahonasida tashqariladi. Aka-uka yolg‘iz qolib undan-bundan gap surishdi. Bu orada birovning mashina olgani, kimningdir to‘y qilgani, yana kimningdir o‘g‘li chet elga ketib, jaraq-jaraq pul jo‘natayotgani-yu, otasi yangi imorat ko‘tarayotganligi muhokama bo‘ldi.
  – Endi-i, uka men ham bir omadi gapni aytgani keluvdim, – maxsum dasturxon popugini o‘ynab davom etdi – Otamdan qolgan “Volga”ni sotsak. Pulini uchga bo‘lardik; teng yarimi seniki, qolganini Samandar ikkimiz bo‘lishamiz. Mana, sening ham bolang o‘qishga o‘tib kallang qotib turibdi, mushkuling osonlashardi.
Berdi polvon o‘ylanib qoldi. Mehmonxona derazasiga shox tashlab turgan g‘ujumning barglariga boqib turib otasini esladi. Ota-bola “Volga”ni olib kelgan kuni shu azamat g‘ujum ko‘chatini o‘tqazgan edi. Yana uning xotiridan armiyadagi akasiga xat jo‘natganlari ham o‘tdi:
 – Bilmasam, otamning yodgorligi. Ta’mirlab minib yursak, dushmanko‘zi bo‘larmidi?
 – Qanaqa dushmanko‘zi? Kim bizga dushman ko‘zi bilan qarardi uka, – Sayfi maxsum likopchadagi parvardaning maydarog‘ini og‘ziga soldi, – Qiziq gapirasan-ey; sen ham minganim eshak bo‘lsayam uzangim tillodan, degichlar xilidansan.
 – Shu ulov yurib tursa, har kimga to‘yu-ta’ziyaga oborib kel, deb yalinmaysizda,– dedi polvon akasiga ko‘z tashlab – Ro‘zg‘orimizning obodchiligi.
 – Hey, seni jin chalganmi deyman, bu Daqqiyunusdan qolgan arava qanaqa obodchilik bo‘ladi?. Buning – yangisi, zo‘ri bo‘lsa ekan, achinsang. Cho‘ntagingda puling bo‘lsa, ko‘cha to‘la mashina!
 – Zamoni kelsa, ko‘chadagi ulov egasi sizning pulingizgayam, yuzingizgayam qayrilib qaramaydi.
 – Hoov, Berdi beri kel-chi, isitma-pisitmang yo‘qmi? – Sayfi maxsumning rostmana jahli chiqdi. Atay ukasining jig‘iga tegish uchun peshonasiga qo‘l cho‘zdi – Azaldan isming chala edi, endi miyang ham katilibdi. O‘zingni mullaga ko‘rsatib ol.
 – Hali mulla ko‘radigan bo‘lganim yo‘q! – polvon bazo‘r o‘zini bosib davom etdi – Mabodo, shunday bo‘lsa o‘zingiz o‘qib qo‘yasiz. Harholda, maxsum degan nomingiz bor.
Endi aka-uka o‘rtasidagi dahanaki jang tovushi tobora balandlab boraverdi. Gohida achchiq bilan ko‘tarilgan qo‘lning zarda bilan xontaxtaga tushgandagi shovqini eshitilardi. Ular biri olib-biri qo‘yib, o‘zinikini ma’qullatishga urinardi. Men – akaman! Aytganimni qil desa, yana biri akadan jo‘yali maslahat chiqsa qilaman-da, derdi. Shu payt deraza ustidagi g‘ujum shoxiga uya qurgan musichalar potirlab tepaga ko‘tarilishdi. Va bir qancha vaqt muallaq uchib turishdi. So‘ng hovli etagidagi bodom shoxiga qo‘nishdi. Uyalarida esa, ikki polaponning boshi goh ko‘tarilib-goh tushib turardi.
  – Sotasan! Gap shu, – dedi maxsum labi uchib – Kerak bo‘lsa otniyam bo‘lishamiz, uyam otamdan qolgan.
  – Bilganingizni qiling, – Berdi polvonning gap ohangi tushdi – Xohlasangiz ikkoviniyam olib keting, hech qanday ulush kerak emas menga.
Aka-uka bir qancha vaqt so‘zsiz o‘tirdi. Berdi polvon deraza pardasi ustidagi qizil gardishli ramkaga termulib qoldi. Unga urush yillarida tushirilgan sarg‘ish surat joylashtirilgan edi... Burchakdagi taxmonga  tikilib turgan maxsumning ko‘zi ilkis ukasiga tushdi. Keyin dasturxonni ko‘zdan kechirgan bo‘ldi. Keyin o‘tira olmadi...  
Ular hovli etagidagi darvozagacha so‘zsiz bordilar.
 – Chechamlarga salom deng, – dedi polvon siniq ohangda.
Sayfi maxsum gap-so‘zsiz muyulishdagi burimga qarab lo‘kkillab ketaverdi.

***

 Kimdir qaysidir ma’rakada Naqrachda ellik chog‘li beega qo‘y yurganmish degan darakni tarqatdi-yu, Berdi chavandozning ichiga burga tushdi. Xabarni eshitiboq, ertasi kuni saharda ot egarladi. Egar ustiga qaysidir ko‘pkaridan ayirgan gilam xurjunni tashladi. Unga ikkita non, bir-ikki hovuch qand-qurs va tselofan xaltaga o‘ralgan joynamoz soldi. Ochig‘i, polvon bu xabar rostmi-yolg‘onmi bilmaydi. Unga qo‘shnisi Abdurasul chilangar yetkazdi. Chilangarga kim aytganidan xabari yo‘q. Chilangar ham bu gap kimning og‘zidan tushganini eslolmaydi. Chunki, u o‘shanda qozonboshida bir-ikki “qultum” olgan edi. Aslida yo‘qchi xalqi shunday bo‘ladi: arzimas darakdan umid kutadi, elma-el og‘iz poylaydi, ma’rakama-ma’raka xabar tarqatadi, yo‘qotgan molining o‘lik-tirigini bilishni xohlaydi. Illo, idorama-idora yugurib melisa-yu, posbonni bezovta qilmaydi. Sababi, ularga ishonmaydi...
G‘ira-shira tong qorong‘usida G‘o‘bdintog‘ning pastqam adirlarida bir otliq ketib boradi. Yilqi quloqlarini dikkaytirib olgan. Chigirtkaning shitiriga ham sergak qarab qo‘yadi. Angarlar shaxmat taxtasidek mayda bo‘laklarga bo‘lingan, oralig‘i sakkiz qatorlik qayrag‘och tizmasi bilan ihotalangan. Ot ana shu daraxtlarga quloq dikkaytirib, tikilib-tikilib boradi. U o‘sha taraflarda xatar borligini sezdi. Birpas o‘tib, ot sezimi ro‘yobini ko‘rsatdi. Daraxtlar orasida sang‘ib yurgan cho‘pon itlari dovrug‘ ko‘tarib kelaverdi. Otliq egarga mustahkamroq o‘tirdi. Uzangi arqonini bir-ikki marta eshib, oyoqlarini zinchlab joyladi. Yuganni tortayotib, itlar qurshovga olib, yilqining asabiga tega boshladi. U goh yo‘rtib, goh tislanib yo‘lida davom etaverdi. Ular shu ketishda daraxtzor ortidagi suruv ustidan chiqishdi. “Mah-mah Oqtirnoq, mah”, degan ovoz keldi suruvning u boshidan. Qo‘ylar “durr” etib hurkib oldi, keyin tinchib qolishdi. Ot qorasi cho‘ponning yoniga yetdi.
 – Hormang! – dedi otliq egarqoshni mahkamroq siqib – Kuchuklaringiz juda qopqir ekan. Sal bo‘lmasa otdan ag‘darayozdi.
 – E-e, sizmisiz polvon aka!
Cho‘pon polvonni ovozidan tanidi, yaqin kelib qo‘l uzatdi. Ular eski tanishlardek so‘rashishdi. Cho‘pon o‘shandan buyon begona qo‘y ko‘rmaganligini aytib, gap ohangidan hamdardligini bildirdi. Suhbat oxirida Naqrachga boradigan yo‘lni tushuntirib, xayrlashdi. Ot yo‘lida davom etdi.
 – Hoy, polvon aka to‘xtang, – dedi cho‘pon halloslab yugurib kelib – Manovi tayoqni oling, yo‘lda qopqir iti bor suruvlar ko‘p.
 – Cho‘pon tayog‘ini birovga bermaydi, unda baraka bo‘ladi, – dedi polvon unamayroq.
Cho‘pon qistab turib oldi. Berdi polvon cho‘pontayoqni olib, qayta xo‘shlashib, ot boshini tog‘ quymichidagi qishloqqa burdi.
Birpas o‘tib cho‘pon uning qorasini ko‘rmay qoldi.

***

Kun choshgohdan o‘tganda suvlar kechib, angarlar kezib kelayotgan Berdi chavandoz Naqrachga yetdi. Avval qishloq boshidagi jilg‘ada otini suvlatdi. Xurjundan non bilan qand-qurs olib, suv labiga belbog‘ tashladi. U bir tuyur non ushatib kumushdek tovlanib oqayotgan suvga botirgan ham ediki, orqadan kimningdir tomoq qirgani eshitildi. Beixtiyor tovush kelgan tomonga burildi. Nishablikdan yetmish yoshlardagi oqsaqol bir kishi enib kelardi.
 – Assalomu alaykum, – dedi chavandoz rostlanib olib.
 – Vaalaykum, – chol ehtiyotkorlik bilan qiyalikdan tushib kela-kela qo‘l uzatdi – Bu deyman, ariq bo‘yida tanovvul qilayotganingizga qaraganda mehmonga o‘xshaysiz. Qani, gapiring-chi, qaerlardan so‘raymiz sizni?.
Chol odmigina belbog‘-dasturxon boshida oyoq uzatdi. Polvonni ilgaridan taniydigandek qalin so‘rashdi. Avvaliga iymanibroq turgan Berdi chavandoz sal o‘ng‘aysizlikdan so‘ng ochilibroq gap boshladi:
 – Aslimiz G‘o‘bdintog‘dan, otim Berdi, otaxon. Olti oylar burun, ko‘klamning boshida bir qo‘ton qo‘y yo‘qotib qo‘yganman. Mol achchig‘i – jon achchig‘i ekan, hech tinchlik bermaydi: ko‘cha-kuyda, to‘yu-ma’rakada daraklab yuraman. Birov unday-birov bunday xabar yetkazadi, ammo izlovi kelmadi shekillli, topolmadim. Kecha bir qo‘shnimiz ma’rakadan Naqrachda ellik chog‘li beega qo‘y yurganmish degan gapni topib keluvdi, erta bilan shu tomonga ot soldim. Endi esa, sizdan qanday yangilik eshitaman ekan, deya ilhaq o‘tiribman.
 – Yo‘qchiman, deng?! – chol bir ushatim holva soldi og‘ziga, keyin bir muddat uni eritish uchun shimib turdi  – Qo‘ylaringiz ichida beshta olabel sovlig‘i bormidi?
 Bu gap polvonga akang armiyadan keldi yoki xotining o‘g‘il ko‘rdi degandagidek ta’sir qildi. Rosti, gangib qoldi. So‘ng, gap egasiga hayratlanib razm soldi.  Shu on qarshisida hazrati Hizrni ko‘rgandek bo‘ldi. “Ha-ha, Hizr bobo shunaqa bo‘lsa kerak!– dedi ichida – Yuzi kitoblardagi nuroniylarnikiga o‘xshaydi, usta – Xudo!”. Keyin uning oq ishton-ko‘ylagi, peshonasidagi belbog‘i-yu sersaqol yuziga qayta qarab chiqdi.
 – Qo‘ylaringizni yo‘qotganingizda orasida qanaqa qo‘chqorlari bor edi?
Chavandoz so‘rovni eshitib o‘ziga keldi.
 – Uchta qo‘chqorim boriydi, – dedi kalovlanib – Kattasi ko‘k, ikkovi simobi, birovining orqa tuyoqlari oq.
 Endi, polvon qarshisida hazrati Hizr emas, yetmish yoshlardagi bir chol o‘tirgani-yu, qo‘ylari to‘g‘risida qandaydir yangilik borligiga fahmi yetdi.
 – Molingiz peshona teri ekan, – chol salmoqlab gap boshladi  – To‘rt oylardan o‘tib qoldi, qishlog‘imizga beega suruv kelib hali uning-hali buning ekiniga tushaverib bezovta qila boshladi. Hamqishloqlardan bir-ikkisi gumdon qilishning ham payiga tushgan. Shunda bizning maxsarpoyaga oralagan suruvni nevaralarim haydab kelib qolishdi. Bir bechoraning rizqi qiyilmasin, xabari chiqsa o‘zim yetkazib beraman, deya ega chiqdim. O‘shandan buyon qo‘ylaringiz biznikida.
Ha, aytgancha, chorvangizning uzun soni nechta edi?
Polvon avval hayratlangan bo‘lsa, bu hangomani eshitib ochiqchasiga angrayib qoldi. Vallomat odam, e’tiqodli kayvoni bilan o‘tirganligiga ishonmadi.
 – Bir kam oltmishta – dedi beixtiyor.
 – Demak, qo‘ylar sizniki, – dedi chol ishonchi komil bo‘lib – Faqat, hozir qo‘ylaringiz bir kam oltmishta emas, oltmish uchta bo‘lgan.  Bu yerga kelib to‘rttasi qo‘ziladi.
Berdi chavandoz hayratdan lol qotdi. Nima deyarini bilmay qoldi. Qariyib yarim soatlik vaqt qanday o‘tganligini sezib ulgurmadi.
 – Hay, turdik endi, – dedi chol tizzasiga suyanib – Sizni uyga boshlasam. Hali zamon nevaralarim suruvni suvlatgani tushiradi, shunda ko‘rasiz qo‘ylaringizni.
 Berdi polvon “bir tish tuz toting” deb turib oldi. Chol non ushatib oldi. Ular polvonning otini yetaklab, kungaylikdagi dov-daskasi kelishgan hovliga boraverdilar.
– Shuncha payt gap olib o‘zimni tanitmabman-ku, – dedi chol keng sahnli ayvonning eshigini torta turib – Qarilik qursin. Meni bu yerda Rahmonali tegirmonchi deyishadi, mulla Berdiboy. Olti o‘g‘il, uch qiz, o‘ttiz ikki nevaram bor. Qani, ichkariga kiraylik, suruv kelguncha bafurja gurung qilamiz.
Ular behasham mehmonxonaga kirdilar.
Xonaning hovli tarafida ko‘zlari yirik-yirik, ustiga oq bo‘zdan parda tortilgan deraza joylashgan. O‘ng tomondagi burchakka ikkita oynabezakli sandiq qo‘yilib, ustiga ko‘rpa-to‘shak taxlangan. Chapda esa, kattaligi bir quchoq, bo‘yi yarim bel keladigan tumba bo‘lib, ustida tuvagi paqircha keladigan yirik gul ko‘chati o‘tqazilgan. Uning ikkita ochilib turgan piyoladay-piyoladay qirmizi g‘unchasi kishining aqlini oladi. Polvon bilan Rahmonali tegirmonchi chamasi bir osh pishirim vaqti gurunglashib o‘tirdi. Bu orada dasturxon tuzalib, avval sergo‘sht qaynatma sho‘rva, orqasidan dumba yog‘iga dimlangan qo‘zi eti tortildi. Ovqatga fotiha qilingach, sho‘rillatib choy simirayotgan tegirmonchi avvalroq boshlagan gapini davom ettirdi:      
– Otadan uchov yetim qoldik. Onamizning chehrasini esa, yaxshi eslolmayman. Lekin ikkisiniyam xudoyam ko‘p ko‘rgan ekan; ukam qovurchini qotmay bizlarni tashlab ketdi. Akam uylanib, bir bolali bo‘lganda rihlat qildi, – cholning ko‘zlarida yillar hasratidan qolgan ko‘z yoshlar bilinar-bilinmas qalqib chiqdi – Manovi, yonimizdagi uy akamning o‘g‘liniki. O‘zi shaharda, institutda dars beradi. Avval uni o‘qitdim, orqasidan o‘zimning bolalarimni. Bariga tegirmonchilik qilib, qo‘y-mol sotib shahardan o‘y olib berdim. Keyin qishlog‘imdan imorat ko‘tardim, har biriga atab. Baribir, qaytadigan joyi shu yer-da! – Tegirmonchining mung cho‘mgan ko‘zlarida allaqanday masrurlik zohir bo‘la boshladi – Ko‘zim ochiqligida o‘rinli qilay deyman-da. O‘zlari kulib yurishadi, shaharda uyimiz bor-ku, deb. Bari bir-biri bilan ahil; intiboqchiligini ko‘rib yashagim keladi. Tortgan azoblarimga achinmayman. Aslida, o‘zbekniki shu – bolalarining huzurini ko‘rish! Mol-dunyo topiladi; mana, siz ham olti oy burun yo‘qotib, bugun topib turibsiz. Odam insongarchilik va iymonga kelganda yo‘qchi bo‘lmasligi kerak...
Shunday emasmi?
Rahmonali tegirmonchi polvonning jimib qolganligini kuzatib, suhbatga tortmoqchi bo‘ldi. Hamsuhbati unamadi: “Siz gapiring, so‘zlaringiz tabarruk”, – dedi. Bobo yana o‘tgan va hozirgi kunlarini hikoya qilishda davom etdi. Bu orada kelinimi yoki qizlaridan birimi qo‘ylar suvlagani kelganligini aytib ketdi.
Ular oldinma-ketin jilg‘a oxiridagi ko‘lmakka yo‘l olishdi. Hay-haylab polvonning qo‘ylarini suruvdan ayirdilar.
 – Endi-i, Rahmon aka shuning ichidan xohlagan o‘novini ayiring, – dedi polvon otga mina turib – Suyunchisiga beshtasini atagan edim. Shuncha payt boqibsiz, o‘ntasini beraman, deb niyat qildim.
Tegirmonchi unamadi. Polvon harchand qistasa ham olmayman, deb qat’iy turib oldi.
 – Menga ataganlaringizni bolalarni o‘qitishga harj qiling, – dedi Rahmonali tegirmonchi xayrlashayotgan mahali – O‘qimishli bo‘lganda eslab yurasiz.
Berdi chavandoz kutilmagan bir sevinch va allaqanday masrur tuyg‘ular girdobida jilg‘a boshidagi qirdan oshib ketdi.

***

Sumbula kirib, suv tinigan kezlarida polvon akasi Sayfi maxsum va ukasi Samandarni uyiga chaqirdi. Bir qo‘chqorni bo‘g‘izlatib, qo‘ni-qo‘shnilarni yig‘ib xudoyi o‘tkazdi. Kelganlar polvonni molu-joning omon bo‘lsin, deb duo qildilar. Uzoq qishloqdan kelgan Zikrxon eshon Qur’ondan xatm qildi. Va, izdihom oxirida bir chaqmoq qo‘y go‘shti, bir kiyimlik sarpo olib jo‘nadi. Vaqt xuftondan o‘tib yig‘ilganlar ham tarqalishdi.
 – Sizlar qolingizlar,– dedi polvon akasi bilan ukasiga.
Uchov holi mehmonxonaga kirdilar. Polvon taxmondagi bo‘g‘chadan ikkita belbog‘ olib xontaxta ustiga qo‘ydi. Ularda vazni besh kiloni oladigan nimadir bor edi.
 – Ot bilan mashinani narxlatdim, – chavandoz ularga nazar soldi – Ikkovining qiymatidan har biringizga o‘nta sovliqning pulini atadim.
Samandar hayron qoldi. Nima gap degan ma’noda Sayfi maxsumga nigoh tashladi. Maxsum e’tibor qilmasdan polvonga qarata dedi:  
 –O‘zing rozimisan? Harholda, otadan oltov bo‘lsang ham vataningga yolg‘izsan, degan maqol bor.
Gap nimadaligini tushunib yetgan Samandar qizishib ketdi. Ovozini balandlatib suyakteshar gaplar qildi. Biroq...
 – Ol, uka, otauyida hamma farzandning haqqi bo‘ladi, – dedi polvon allanechuk mung‘ayib turgan ukasiga qarab – Ro‘zg‘oringning biror teshigini yamaysan.
Maxsum belbog‘ni qo‘ltiqlab qo‘zg‘oldi. Aka-uka ortidan ergashdi. Darvozada suyuqqina xayrlashishdi. Polvon qanchalik qistamasin, menga unaqa meros kerak emas, deya Samandar ham mashinasiga o‘tirib jo‘nab qoldi.
Berdi chavandoz negadir yengil tortdi. Kuzning etni jimirlatar havosidan simirib-simirib nafas oldi. Tog‘ boshiga qo‘nib turgan miltiroq yulduzlarga boqib ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Qalbida bahorning qizg‘aldoqlari kabi dilbar tuyg‘ular bo‘y ko‘rsatdi. Darvozadan ayvon tomonga kela-kela Rahmonali tegirmonchini esladi. Shu kez uning yuzidagi tabassumga moyil dilgir ifodani oy yorug‘ida bemalol ko‘rsa bo‘lar edi. Yana ukasining qiliqlaridan masrurlik tuydi: “Kelasi yil Samandar bolalarini sunnat qiladi, toy qo‘shaman”, - dedi o‘ziga-o‘zi.
Oshxonani tambalab kelayotgan xotiniga:
– O‘g‘lingga ayt o‘qishiga boraversin, - dedi.  Yana orqasidan – Kechikmabdimi, pulini to‘lashga? – deb qo‘shib qo‘ydi.
Tashqarida, g‘ujum tagida yotgan to‘ng‘ichi Bekbola suyunib ketdi. Lekin ko‘rpadan bosh chiqargisi kelmadi. To‘shak orasidan uy tomonga qiya qarab qo‘ydi. So‘ng hovli burchagidagi qo‘tonga ko‘zi tushdi. Kuchur-kuchur qilib kavsh qaytarayotgan qo‘ylar negadir unga yaxshi ko‘rinib ketdi. Keyin o‘qish haqida o‘y surib uxlab qoldi.
Hovli bo‘ylab uyqudagi olamning sukunati keza boshladi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.