I
Etagi quloch yetmas qirlar...
Sal ilgariroqda niliy osmonga to‘sh berib, asrlar sukunatini shimib qari tog‘ yastanib yotadi.
Ayni kez biz tarifini aytmoqchi bo‘lgan G‘o‘bdin adirlari bahorgi ko‘kbaxmal choponini kiyib, shimoldan esayotgan Ilono‘tdi shamolining o‘zanini quyi Zarashfonga burib, ko‘klam oftobining iliq va nimjo‘sh nurlarida toblanib umr suradi. Qoyalar qo‘ynini qitiqlab, shag‘irlagan cho‘qqilaridagi qor qatlamlaridan en olib, pastdagi yoyilmalar sari Quruqsoy, Ingichkasoy, Xojakabudsoy, Katta Qoraqasmoqsoy, Bodbodsoy kabi soylar qish uyqusidan uyg‘ongan tanbal ayiq singari chayqalib-chayqalib to‘lqin surib keladi. Pat bulutlar qo‘noqlagan zangori falakda ko‘klam bilan tramada bir-bir ko‘rinib qoladigan turnalar zanjiri xalqa-xalqa bo‘lib aylanadi. Teshiktosh betkayida qo‘y yoyib yurgan qovurchini qotgan bolakay qadoq qo‘llarini soyabon qilib, ko‘kdagi ozod qushlarning sirli raqsini hayratlanib kuzatib turadi. Arpalisoyning kunshuvoq qiyaligida junining uvadasi chiqib ketayozgan – qishki po‘stinini endi tashlayotgan bir qari tulki lo‘kkilab ketib boradi. Uning ustida tulki bilan mayna o‘ynamoqchi bo‘lgan ikki qarg‘a pastlab-pastlab, gohida uni cho‘qilab o‘tmoqchiday salt tashlab uchadi...
Xullas, pastqam adirlardan boshlanadigan G‘o‘bdintog‘da yangi bir ko‘klam nafasi kezadi!
G‘o‘bdintog‘ – ko‘p keksa tog‘. Olimlarning yozishicha, u paleozoy davrining qoldig‘i. Moziyning sirli va mavhum qa’ridan uning ming yillar ortida mudrab yotgan shonli tarixini inkishof etuvchi turli obidalar, olamshumul topildiqlar chiqishi tayin!. Boisi, tog‘ tevaragidagi bugun odam oyog‘i uzilgan Saroyxona, G‘ishtlitepa, Xonimqo‘rg‘on, Qarovultepa kabi sayxonlik va bo‘z yerlarda uchraydigan uyum-yum pishgan g‘isht parchalari, sopol siniqlari, do‘ppayib turgan tepaliklarda o‘tmishning so‘zga sig‘mas sukunati yuradi...
II
Keling, mavridi kelganda moziy qatlamlarida xira tortib kelayotgan, baayni, tarixtopar – arxeologlar zahmati bilan oydinlashtirilayotgan G‘o‘bdintog‘ga tegishli uzuq-yuluq xabaru daraklarga bir qur quloq tutaylik.
Bularning eng qadimiysi va, albatta, biz bilganimiz, qadimshunos A.Sagdullaevning Iskandar Maqduniy (Aleksandr Makedonskiy) ning qadimiy Kiropolis shahriga yurishi tasviridir. Muarrix ajnabiy fotihning istilolari yo‘nalishini mana bunday keltiradi:
– Iskandar Maraqanda – Samarqand shahrini egallab Kiropolis shahriga qarab yo‘l oldi. Harbiy yurishlar hozirgi Sangzor, Jizzax orqali O‘ratepagacha davom etgan.
Demak, Iskandar qo‘shinlari Kiropolisga Maraqanda – Samarqanddan chiqib, Zarafshon daryosining yuqori oqimi bo‘ylab, Baxmal tog‘ining girdi bilan yuradi. Sababi, Zarafshon daryosining kechuvi o‘tmishda uning yuqori oqimi (hozirgi Urgut, Tayloq tumanlari hududlari)da bo‘lgan. Daryoning pastki qismida kechib o‘tadigan kenglikdagi sayoz oqim yo‘q; Cho‘ponota tepaliklari, tor sayhonliklar mavjud.
Ahamiyatlisi muarrix aytganidek, harbiy harakat “hozirgi Sangzor va Jizzax orqali” davom etgan. Bundan Iskandar qo‘shinlari G‘o‘bdintog‘ va Baxmal tog‘i oralig‘idagi mahalliy aholi bilan jang qilib, Morguzar va Nurota tizmalari “uchrashadigan” Ilono‘tdi darasi – “Temur darvozasi”dan o‘tib, Jizzax va O‘ratepaga chiqib ketgan deb taxmin qilishimiz mumkin.
Yana bir ma’lumot Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida quyidagicha saqlanib qolgan: “Bu viloyat (Samaraqand – A. S)ning shimol tomonidagi tog‘ Xuddin otaladi, (shu munosabat bilan kim) islom dini tarqalayotganda bu tog‘ eli o‘z mayllari bilan musulmon bo‘lganlar. Totor kofirlari janjalida (1220-1222 yillar) ushbu tog‘ tevaragiga qo‘rg‘on solib ular bilan urushganlar. Shuning uchun Sug‘udi kalon va bu tog‘ tevaragidagi yerlar ushriy bo‘lgan, ya’ni musulmon xonlari bu yerlarning unumidan o‘ndan bir ulush soliq olganlar. Bu tog‘larda buloqlar, ko‘ngilochar joylar va rohat orttiradigan o‘rinlar ko‘pdir. Iksir degan bir giyoh ham bu tog‘larda bor”.
Muarrix ma’lumotlari arablar bosqini va mo‘g‘illar istilosi davriga doirligi o‘quvchiga ayon. Demak, 7-8 asrlarda va undan ilgarilari ham G‘o‘bdintog‘ tevaragida aholi muqim yashaydigan qishloqlar bo‘lgan. Yillar bahorgi qushlar u yoqdan-bu yoqqa uchib o‘tavergani singari silkinib-silkinib o‘tib ketganu G‘o‘bdintog‘ tevaragidagi saroylar va karvonlar qo‘nib o‘tadigan rabotlar o‘rni oddiygina Saroyxona, G‘ishtlitepa, Xonimqo‘rg‘on nomi bilan vaqt shamolining beayov iskanjasida nurab qolavergan.
Muqoyasa uchun aytish mumkinki, bolaligimda bu joylarga besh-olti magizak bola qo‘y haydab kelardigu, do‘ppaygan tepaliklar ichra “yashinmachoq”, “taq-taq” degan o‘yinlarimizga sho‘ng‘ib ketardik. “Taq-taq” uchun do‘ngliklarni teshib, bir nechta chuqurcha kovlardik. O‘shanda ot uzangisi, suvlig‘i, yana bir-ikkita chirib qolgan xanjarmi yoki qilich sinig‘inimi topganmiz. Xullas, o‘sha kezlari bu joylar bizga o‘tmishdan xabar beruvchi afsonaviy makon bo‘lib ko‘rinardi. Buni keyinchalik ham ko‘p bor anglaganman. Masalan, tog‘ etagidagi qishloqlar gazlashtirilayotganda, mahalliy aholi Saroyxona va G‘ishtlitepaning ko‘hna qatlamlarini ochib, (ming yillik!) g‘ishtlarini gazpechning ichiga terib yuborishgandi...
Yana, tog‘ning shimolida ham ana shunday osori-atiqalar serob. Hamkasbimiz Alisher Ravshanovning aytishicha, yaqinda G‘allaorolning Xitoyuzi qishlog‘idagi eski mozorlardan birida ikkita 9 asrga tegishli qabrtoshi topilgan. Ulardagi oromiy yozuvida bitilgan yoziqlarni o‘qigan olimlar birinchisi 810 yil, ikkinchisi 812 yilda mahalliy aslzodalar sag‘anasiga qo‘yilgan deb ma’lumot berishgan. Mutaxassislar hozirda shu xususda ish olib borishmoqda.
III
Shu o‘rinda bu azamat tog‘ning o‘rnini ham keltirib o‘tsak.
Toshkent – Samarqand katta avtokarvon yo‘lining Samarqand viloyati hududiga (Jizzaxning G‘allaorol tumani chegarasi) kiraverishda, o‘ng qo‘lda dashtga tutash pastqam adirlar boshlanadi. Ulovning Samarqandga yaqinlashaverishi sayin qora-qura qirlar kattalashib, tog‘ tusini oladi. Jomboy tumaniga yetgach, yo‘lovchining ko‘z o‘ngida (o‘ng tomonda) kunchiqarga tumshuq tirab cho‘kkalayotgan ulkan nortuya yanglig‘ qoramtil tog‘ paydo bo‘ladi.
Bu – ming yillar shamolini shimib kelayotgan, ko‘p asrlik G‘o‘bdintog‘!
Girdo-girdini Samarqandning Bulung‘ur, Jomboy, Poyariq, Jizzaxning G‘allaorol tumanlari o‘rab turadi. Tabiati va iqlimi turfa xil.
Sharqi boshqa tomonlariga nisbatan quruq va shamolli. Bu – Ilono‘tdidan esadigan yelvagezakning ta’siri bo‘lsa kerak. Bu yerda qishin-yozin mutassil shamol esib turishiga ham sabab – shu. Sharqiy kengliklaridan Jomboy tumani sarhadlariga qadar Tumshuq, Eshmonto‘b, Shuvoqli, Mirzabuloq, Qo‘ng‘irot, Ingichka, Bodbod, Beshqo‘ton kabi bir nechta qishloqlar tizilib ketgan.
Elimizning iqtisodiy quvvatiga en bo‘lib kelayotgan barakali Marjonbuloq oltin koni ham tog‘ning sharqiy tumshug‘ida.
Yana, kunchiqar tomoni dengiz sathidan 856 m balandlikda. Oqarsuv tanqisligi ham shundan. Angarlari lalmikor. Bog‘dorchilik va boshqa ekin-tikinlar quduq suvi bilan sug‘oriladi. Tog‘ ariqlari to‘laligicha dasht bo‘g‘iziga yetib kelmaydi.
G‘arbining ob-havosi biroz o‘zgacha. Iqlimi yumshoq – namchil, shamoli kam. Quyimichidagi adirlarning asosiy qismi suvli. Tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab Bulung‘ur kanali, Mirzaariq anhori, sal pastroqdan Zarafshon daryosidan suv oladigan mayda ariqlar oqib o‘tadi. G‘arbiy janubida mashhur alloma Imom al-Buxoriyning xoki yotibdi. Ko‘pming yillik “Ko‘ktepa” yodgorligi ham tog‘ning g‘arbiy shimoliga yaqin.
Shimoli sharqiy qismiga o‘xshaydi. Iqlimi nisbatan quruq va sershamol. Tog‘ zigi bilan Keshkobud, Obolim, Chaqa, G‘o‘bdin, Xitoyuzi, Solin, Tuyoqli, Duvl, Naqrach qishloqlari tizmasi joylashgan. Undan sal shimolroqda – Zarmitan tilla koni yo‘liga chiqishda Gulchambar, Sho‘rcha, Juma, Cho‘michli kabi bir nechta qishloqlarni kesib Qorasuv soyi oqadi. Qorasuvning oxiri Poyariq tumanigacha boradi.
G‘o‘bdinning janubi ham suvot. Zarafshondan suv oladigan Tuyatortar kanalining bir nechta tarmoqlari tog‘ning janubiy qiyaliklari tegrasini obod qilib o‘tadi. Harorati sharqiga qaraganda ancha yumshoq. Yeri fayzli. Dehqonchilik va bog‘dorchilikka qulayligi mo‘l.
Gohi-gohida G‘o‘bdintog‘ning kunchiqarida g‘alati tentak shamol turib qoladi. Buni Bekobod yoki Afg‘on shamoliga qiyoslab bo‘lmaydi. Avvali shuki, bu to‘polon har to‘rt faslda, kishi xayoliga kelmagan paytda uyg‘onib ketaveradi. Shuning dastidan Toshkent – Samarqand katta atokarvon yo‘lidagi “yuqori nuqta”da qish kezlari ko‘zni ochirmaydigan izg‘irin va otni ko‘mguday urgunlar hosil bo‘ladi. Bunaqa bo‘ronlarning tanobini el ustida yurguvchi haydovchilar juda yaxshi biladi. U Qashqadaryodan bo‘ladimi, Xorazmdanmi yoki so‘lim Farg‘onaning xushhavo go‘shalaridanmi bu yo‘llarda ko‘p yurarli bo‘lsa, albatta, betiyiq tabiatning toltuv zarbalaridan totib ko‘rgan... Shuning uchunmi, tog‘ning xayvonot dunyosi, o‘simliklari anchayin serbardosh turlardan iborat. Masalan: yovvoyi jonivorlardan bo‘ri, silovsin, chiyabo‘ri, tulki, jayra, bo‘rsiqlarga ko‘zingiz tushsa, jangovor qushlardan burgut, qirg‘iy, lochin, ukki, qarchig‘ay – noziktab xillaridan kaklik, tuvaloq, qorabovurdoq, bedanalarni ilkis-ilkis uchratib qolasiz. Bahor kezlari dasht osmonida har qanoti ikki quloch keladigan tasqaralar ham suzib qoladi. Ularning asosiy yemagi adirlardagi chakalakzorlarni o‘yib yashaydigan to‘qishoyoq tovushqonlardir.
G‘o‘bdintog‘ pichanzorlarida qo‘ng‘irbosh, qo‘ziquloq, qizilmiya, bo‘ztikan, shirach, tuyaqorin, yelkasar, yantoq, tak-tak, yovvoyi beda, oquvray, sigirquyruq, shuvoq va kovrakka o‘xshash suvsizlikka chidamli o‘t-o‘lan bisyor. Ko‘klam kezlari ularning sirli jilosi, o‘tkinchi lahzalarni bezab turuvchi gulu g‘unchalari har qanday metin kishini-da entiktirib yuboradi.
Tog‘ ichkarisi bo‘ylab kiyiko‘t, andiz, ravoch, bodom, pista, tog‘olcha, tog‘jiyda, yovvoyi olma, do‘lana, qatron, yong‘oq, jing‘il singari xalq qadrlaydigan, o‘zlaricha qadim tabobatning tomiri va ming dardning davosi deb biladigan noyob o‘simliklar bor.
IV
Har joyning o‘z ajoyibotlari bo‘ladi deganlaridek, G‘o‘bdintog‘da ham boshqa hududlarda uchramaydigan g‘aroyib manzilu makonlar bisyor. Shulardan biri Jiydalisoy cho‘qqisidagi Toshqozondir. Uning mo‘jizasi shuki, cho‘qqi tik qoyalardan iborat bo‘lib, eng yuqori qismi bamisoli buldozer bilan surilgandek; hududi kichikroq futbol maydoni kabi keladi. Yeri tep-tekis. Noqolib turgan toshni uchratmaysiz. O‘rtada suv ustida chayqalib turgan nilufargul singari Toshqozon (qozon shaklidagi, ichi o‘yiq yombi tosh ichida joylashgan chashma) omonatgina turganga o‘xshaydi. Balandligi bir odam bo‘yining sal kam yarmi baravar. Umumiy sahni 3 metr kvadratlar atrofida. Ichki qismida – qozon tubida uchta bulog‘i bor. Qishin-yozin biqirlab qaynab yotadi. U yovvoyi yilqilarning suvlaydigan manzili. Boshqa jonivorlarning suv ichishga bo‘yi yetmaydi (albatta, sigir, ho‘kiz kabi uy hayvonlarining tik qoyaga chiqa olishi amrimahol). Hayratlanarlisi, otlar qancha ko‘p suv ichishmasin, chashma qurib qolmaydi. Shuningdek, suvi toshib, qozon labidan oqib tushmaydi; doimo bir zaylda – qozon sahni bo‘ylab kil-killab turadi.
Yana bir mo‘jizakor manzil – Quruqsoy darasidagi Kattasuv arig‘i labida joylashgan qiyalama toshlarda aks etgan ot izlaridir. Daraning shimoliy sharqidan oqib tushgan, baayni yerdan “o‘sib chiqqan” ulkan tosh qoyaning Kattasuv girdiga yondosh qismida 5 ta ot tuyog‘i izi “muhrlangan”. Har bir tuyoq o‘rni alohida-alohida va aniq, shuningdek, harakatlanayotgan yilqining izlariga o‘xshash – juft-juft holatda bir-biriga yondosh joylashgan. Faqat oxirgisi (suvga yaqinrog‘i)ning jufti yo‘q. Izlar yapasqi tosh ustida yaqqol ko‘rinib turadi; dastlabki juftlik boshqalariga nisbatan botiq va chuqurroq. Keyingisining o‘rni sayozroq va tuyoqlarning dumaloqligi ham “buzilgan”. Oxirgisi, ya’ni juftsiz tuyoq izi anchayin xira tortib qolgan. Kimdir buni bir paytlar cho‘pon-cho‘liqlar zerikkanidan chekishgan desa, kimdir xalifa Alining afsonaviy tulporiniki deyishadi.
Aytishlaricha, 20 asrning boshlariga qadar tog‘ning serqoya soylaridan birida ichiga 20-30 otliq sig‘adigan g‘or bo‘lgan. Rahmatli amakim Usan boboning gapiga ko‘ra, o‘tgan asr boshidagi ur-yiqitlar payti qishloq odamlari xotin-xalajlarini shu yerda yashirishgan. Lekin keyingi zamonlardagi tabiiy o‘pirilishlar natijasidami og‘zi bekilib (hozir o‘rnini aniqlab bo‘lmay) qolgan.
Xullasi, shu yerliklarning nazdida bu ajib o‘lka va uning ko‘kayi bo‘lmish G‘o‘bdintog‘ asrlar silsilasi, mangulik izi, boqiylik qo‘shig‘i bo‘lib kelayotir.
Va, shunday bo‘lib qolgusi!
V
Olisdan – quyosh nuri ilk bor nishablaydigan Oyqorning servahm cho‘qqilaridan yana momo oftob bosh ko‘tarib keladi. Zum o‘tmay uning nurlari Baxmal tog‘iga yuzma-yuz turgan G‘o‘bdintog‘ adirlarining ko‘pchib yotgan bahorgi shudgorlariga singib, sahro sarobi yanglig‘ to‘lqin-to‘lqin bug‘ ko‘taradi. Ilono‘tdidan esayotgan shabada qiyalamalarda shig‘il bo‘lib o‘sayotgan shuvoqlarning tebranishlarini qiblaga burib dengiz to‘lqinlari kabi mavj hosil qilib o‘tadi. Tulki bilan qarg‘alarning tomoshasini kuzatib turgan bolakayning dimog‘iga toblanayotgan lanj tuproq bilan shuvoqning dimog‘yorar omixta hidi uriladi. Bolakay xuddi yeru-ko‘kka sig‘mayotgan qulun singari shataloq otib Arpalisoyning Qoratosh cho‘qqisi oshuviga qarab chopadi. U nimaga va nima uchun chopayotganligini bilmaydi.
Ayni lahzada u qalbining tub-tubini qitiqlab o‘tayotgan sirli hislarning og‘ushida mast. Bu – har kimning ko‘ngil qatida har bahor takorlanib turadigan va kishi idrok etishi, ko‘ngil ochib birovga ayta olishi qiyin bo‘lgan tuyg‘u!
U hansirab cho‘qqining beligacha ko‘tariladi. Shaxdiga terisi torlik qilayotgan o‘spirin bundan-da baland manzillarni zabt etishni xohlaydi. Biroq uning shu tobdagi qudrati cho‘qqining beligacha yetadi, xolos! U qo‘tir qoyaning ulkan xarsangiga chiqib qalbini junbushga keltirgan sirli tuyg‘ularni qo‘shiqqa ko‘chiradi. Va olisdagi qishloqlarga, bepoyon kengliklarga, ro‘parasidagi tog‘ o‘rkachlariga qarab o‘zi idrok etmagan holda mana bunday kuylaydi:
Sen agar bug‘doyboshoq bo‘lsang, somoningman VATAN,
To abad boshing omon bo‘lsin, tovoningman VATAN!