OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Bir kun ham umr, ming kun ham! (esse)

Agar Toshkent – Samarqand katta avtokarvon yo‘li bilan ko‘hna shahar sari yursangiz, viloyatning “darvoza”si – “Yuqori nuqta” postidan o‘tishingiz aniq. Ushbu qo‘nalg‘a joylashgan yerning ba’zilarga ma’lum, ko‘pchilikka noayon o‘ziga yarasha siru sinoati bor. Masalan, bu – diyorimizdagi dengiz sathidan eng yuqori sathda – 856 metr balandlikdagi yagona hudud. Tabiati ham boshqa manzillarnikidan farq qiladi. Yozin-qishin tinmaydigan shamolga shu joyda duch kelasiz. Cho‘lga o‘xshamaydigan, lekin suv sog‘inadigan dasht degani ham ushbu yurt. Xullas, ana shu tuproqda dehqonchilik qilayotgan odamni uchratsangiz, ne o‘ylarga borardingiz? Boz ustiga, u olis-olislardan suv tortib kelib, bog‘-rog‘ yaratayotgan bo‘lsa... Bunday odam, nazaringizda, zamona Farhodiga aylansa, ne ajab.
Qahramonimiz, bulung‘urlik usta dehqon, bir etak jujuqning otasi Ilhom aka Sultonqulov ana shundaylardan. Bu odam dashtni ko‘kalamga, lalmi to‘qayzorlarni suvot dalalarga aylantirgan desam, ishonmassiz. Rosti, quruq gapning hazmi qiyin. “So‘zning ozi, amalning sozi ma’qul”, deganlaridek, dehqon boboning nomai a’moli, o‘tmishi-yu buguni haqida bir-ikki jumla shunchaki gapirib emas, ko‘rsatib o‘tsak.
 
Gidiri yo‘q odam

Ikki minginchi yil, kuzak boshi edi. Dadam qishlog‘imizdan yetti-sakkiz chaqirim etakdagi yangi tomorqamizga jo‘xori ekkan. Oilamizning qo‘li kaltalik qilib, ekindan xabar oladigan vallomat topilmaydi. Ayni shu kezlar o‘qishdan yiqilib borgan men – turgan-bitgan bekorchixo‘jani uydagilar jo‘xori qorovulligiga jo‘natishdi. Ilhom akani dastlab o‘shanda uchratganman.
Sumbula. Suvlar tinib, dalalardan odam oyog‘i uzilib qolgan; biyday kenglikda onda-sonda bir-ikki cho‘pon-cho‘liq bilan hosili kechikkan dehqondan bo‘lak inson qorasi uchramaydi. Shaxmat taxtasi kabi qora-qura angarlarda kuzga qolgan jo‘xoripoya, kartoshkapoya, loviyapoya va hakozo ekinzorlar ko‘zga tashlanadi. Kimdir ko‘zini ishqalagancha chaylasi biqinidagi qo‘raga o‘tin qalab, cho‘g‘ puflash bilan ovora. Kimdir chakmoniga o‘ralib, tiramaning tongi epkinidan jirkanib, xuddi yashirgan yong‘og‘ini yer titkilab axtarayotgan hakkaday jo‘yaklar oralab nimalarnidir tepkilab ko‘radi.
Qo‘riqning u tomonidagi olmazorlar nimyashilu nimsariq barglarini shamol tortqilayotganidan xafadek, to‘qsonni bo‘ylagan momo kabi tebranib ketadi. Zovur bo‘ylaridagi qirmizi tusda donga kirgan suvot yantoqlarida mayda hashorotlar o‘rmalab yuradi. Sal teparoqda, maydonlar oralab bir chiziqda ekilgan bo‘ydor teraklar ilkis turib qolgan shamoldan qarsak uradi. Terakzor boshida bir-ikkita dehqon bolasi ketmon ko‘tarib ekinzorlarga suv haydaydi...
Mening daladagi birinchi kunim ana shunday: odamlardan ovloqda, tabiat qo‘ynida, muhimi, imtihondan yiqilib izdihomni jinim suymay turgan kezlari ayni muddaoga erishgan – o‘zim bilan o‘zim qoladigan lahzadan boshlandi. O‘sha kuni jo‘xorini poylashdan ko‘ra atrofni kuzatish ma’qul tushdi-da, dala kezdim. Kech kirgach, dadam qurgan kapada allapaytgacha shoqollarning chiyillashini, qari tollarga uya qurib olgan qarg‘alarning potir-potirini eshitib yotdim. Tonglasiga yuz-qo‘limni yuvib, nonushtaga urindim. Manqalga chovgum qo‘yib turganimda ortimda kimdirning oyoq tovushi va tomoq qirgani eshitildi.
 – Hormang, qo‘shni! – burilib ulgurmasimdan yangragan ushbu xitobdan cho‘chib tushdim. – Oqshom qo‘rqmadingizmi?
O‘girilsam, ro‘paramda kunda kuygan, kelbati otni seskantiradigan, qo‘llari qavarib chimchiloqlarining bo‘g‘inlari yorilgan, ko‘rinishidan sodda va samimiy bir kishi kulimsirab turardi. Ikki o‘rtada nari-beridan tanishuv qabilidagi hangoma boshlandi. U tomorqamizning kunbotaridagi o‘n gektarli chorbog‘ning sohibi, o‘zining ta’biri bilan aytganda, “ko‘cha ko‘rmagan o‘zbek bolasi” – Ilhom aka ekan. Yaxshi odamning nuqsi qaeridadir ko‘rinib turadi, garchi yaqin tanimasangiz ham, ana shu undovga beixtiyor bo‘ysunasiz. Yangi qo‘shnimning (shunday atash o‘rinli bo‘lar) ko‘zlaridagi o‘ta sodda nigoh va fe’lidagi samimiyat ichini oshkor etardi.
Gurungimiz anchagacha cho‘zildi. Men qishloqdan latifabop kechmishlar so‘zlayman. U o‘zining bolaligi, ekinlari, chorvasi to‘g‘risida davrabop gaplar qiladi. Gohida qiziqsinib Toshkentdan so‘raydi. Bir necha yil Toshkent tibbiyot institutiga imtihon topshirib, o‘ta olmaganligini eslaydi... Shu alfozda oramizdagi birinchi suhbat nihoyasiga yetib, u o‘z yumushiga, men o‘z tashvishimga kirishib ketdik. Kuzning kuni emasmi, hash-pash deguncha qorong‘i tushib, yana kapamdagi o‘rnimga kirdim. Sal o‘tmay ko‘zim ilindi...
 – Hoy, uka! Tursangiz-chi, quyosh tikkaga keldi! – yaqin atrofda yangragan chorlovdan ko‘zimni ochdim. Eshik oldida o‘sha nimtabassumi bilan Ilhom aka turardi. – Qani, yuring, biznikida choy ichamiz.
Ilhom aka jo‘xoripoya oralatib ergashtirdi. Shatir-shutir qilib qomati narvonni bo‘ylaydigan makkapoyalar ichida ketib borayapmiz. Bir payt jo‘yaklar orasidagi uyum-uyum bo‘lib tizilib yotgan ko‘saklar oldida to‘xtadik:
– Ko‘rdingizmi, uka! – gap boshladi sherigim. – Chaylada yotaverganingiz bilan qorovullik bitmaydi. Kechasi hech bo‘lmasa tovush berib turish kerak.
So‘ng ko‘saklarni bizning chaylaga tashidik. Men bir qopni bazo‘r paykaldan olib chiqqunimcha, Ilhom aka ikki xaltani qo‘ltiqlab kapaga tashlab qaytadi. Ishimiz adog‘iga yetguncha terga pishib qoldik.
Ilhom aka choy ustidagi hangomada tuni bilan o‘g‘ri quvgani-yu ba’zilarini tanib qolganini aytib berdi. “Yon qo‘shni – jon qo‘shni, – choy uzata turib gap tashlaydi hamrohim. – Hamsoyachilik shundayda bilinadi. Agar sizga aytmaganimda o‘zimni kechira olmas edim”.
Xullas, suhbati soz qo‘shnimizning fe’lidagi jo‘mardlik meni hayratga soldi. Uyga kelib shu haqda aytganimda, otam miyig‘ida kulib: “Ilhom fermermi, u ichida gidiri yo‘q odam”, deb qo‘ydi.
Ammo vaqt o‘zani turli tashvishlar girdobiga solib, ancha vaqt uchrashmadik...

Ko‘bay otaning ko‘kayi tog‘ bolasi

Uch yil burun, qish adog‘i bilan qandaydir tashvish chiqdi-yu, Bulung‘urga yo‘l oldim. Tuman markazidagi yemakxonalardan birida sherigimni kutib o‘tiribman. Onda-sonda chug‘urlashib bo‘y yetgan yigit-qizlar, tirikchilik vajida ildam-ildam qadam otayotgan turli yoshdagi yo‘lovchilar o‘tib qoladi. Qishning zahri hali ketmagan bo‘lsa-da, havoda huzurbaxsh mayinlik bor. Piyolaga sho‘rillatib choy quyayotgan edim, deraza ortida qo‘l telefonida zarda bilan gaplashayotgan tanish chehraga ko‘zim tushdi. Ha, bu – men bir paytlar tanishgan, begidir gaplari-yu qiliqlariga hayratlangan Ilhom fermer edi.
– Salomalaykum, ichkariga haydang! – dedim derazaning bir ko‘zini ochib, qo‘lim bilan eshikka ishora qilgancha. – Ikki og‘iz hangoma-da!
Ilhom akani gapga solish hech qiyin kechmadi. Suhbatimiz avvaliga undan-bundan boshlanib, keyin tashvishlarimiz o‘zaniga ko‘chdi.
– E-e, nimasini so‘raysiz? – deb kuyunadi hamsuhbatim. – “Xotinni er to‘ydiradi, dehqonni yer”, deganiday bizning ham tashvishimiz yer bilan-da! Bir kun soliqqa chopasiz, boshqa kuni uyushmaga. Mana, hozir ko‘klamgi shudgor payti, mening rayon markazida po‘rim kiyinib yurishimni qarang! Aslida, shu pallada traktorning belida o‘tirib yer ag‘darishim, urug‘ sochishim kerak.
– Bo‘ladi-da bari, ish kimdan qolmagan? – deyman o‘smoqchilab.
– “Chorvaniki ming yilda, dehqonniki bir yilda” – mashoyixlarning gapi bu, – o‘z fikrida davom etadi fermer. – Ekin-tikinga bir kun ham farq qiladi. Davlat rejasi bor. Innankeyin, o‘zimizga qancha ko‘p ortsa, shuncha yaxshi...
Gap gapga qovushsa, vaqt o‘tgani ham, boshqa tashvishlar ham unut bo‘ladi. Suhbatimiz daqiqa sayin qizib, o‘rtamizdagi begonasirash pardasi ko‘tarila boshladi. Bu orada xontaxta ustiga yegulik ham tortildi.
– Hozir ko‘pchilik firibgarlikni kasb qilgan, – choy ho‘plab, gurung beradi hamrohim. – Tavba, hatto davlatni ham tushirishga harakat qiladi. Bunday xayol ayrim fermerlarning ham xayolini o‘g‘irlaganiga nima deysiz?!
– Qanday qilib? – deb so‘rayman sinovchan.
 – Kecha qo‘shni qishloqdan bir davlatmandning arzandasi kelibdi, – xuddi mening savolimdan ensasi qotgandek peshonasini tirishtiradi fermer. – Nima emish, u bankdan falon million kredit olarmish, men kafil o‘tarmishman. Bordi-yu, qarzini to‘lay olmasa, mening fermerligim davlat tasarrufiga o‘tib ketarkan.
 – Keyin-chi?
 – Boyagi vallomat bir-ikki oydan so‘ng tanishlarini o‘rtaga solib, biror aka-ukamga boshqa nom bilan qayta ochib berarmish fermerlikni. Undirilgan mablag‘ o‘rtada “arra” bo‘larmish. Ko‘rayapsizmi firibni?!
– Nega rozi bo‘lmadingiz? – so‘rayman o‘smoqchilab.
 – Siz fe’limni yaxshi bilmaysiz-da, – dadillanadi Ilhom fermer. – Bir zamonlar yer oddiy odamlarga mulk qilib taqsimlanganda, yaxshi niyat bilan rahmatli otamning sharafiga “Ko‘bay ota” fermerligini ochuvdim. Eh-he, oradan qancha suvlar oqib o‘tdi; davlatdan qarz bo‘lib, hosil soliqni qoplamagan kunlarni ham boshdan o‘tkazdim. Mana, qariyb o‘n yetti yildirki, ana shu nom turibdi. Endi kelib-kelib, o‘tkinchi hoyu havas deb, bir-ikki so‘mning ilinjida otamning sha’nini sotamanmi!..
Tashqarida badanga xush yoquvchi shabada kezar, deraza tuynugidan sizib ichkariga kirar edi. Gurungni ko‘ngli toza ulfat bersa, taningiz ipakdek eshilib turgan yeldan yayrasa, odam boshqacha huzur qilarkan. Bu orada men kutayotgan kishi keldi-yu, suhbatimiz uzildi...
Avtobus to‘lqinlar osha pishqirib suzayotgan kema yanglig‘ shamollar zabtini kesib boradi. Adirlar bag‘rida dikirlab o‘ynayotgan qo‘zichoqlar ko‘zga tashlanadi. Uyg‘onayotgan zaminning hayotbaxsh nafasi ulov ichkarisiga suzib kirib, kishi qalbida allaqanday dilgir tuyg‘ularni uyg‘otib yuboradi. Ko‘klam nasimida kurtak otayotgan daraxtlarning, nishlayotgan maysalarning, qiziyotgan tuproqning, boringki, tog‘lar bag‘rini tilib sizayotgan chashmalarning bo‘yi bor. Shu bois odam bunday damlarda olis bolaligini, beg‘ubor damlarni, kengfe’l odamlarni qo‘msab qoladi.
Negadir oqko‘ngil dehqonning sodda falsafasi esimga tushdi. Qulog‘im tagida kuyunib gapirishlari eshitilayotganday bo‘ldi.

Zoti toza zot aytadi

Qish. Qichirlagan ayoz jamiki tiriklikni siquvga olgan. Hatto qushlarning qanot qoqishga hafsalasi yo‘q. Biroq ko‘hna G‘o‘bdintog‘ning kunchiqardagi quymichida tuyoqlar guvillaydi, qiyqirig‘u hayqiriqlar qaynab-toshadi. Zot emas, or-nomus talashayotganlarga qarab el emranadi.
 – Hey, dasti uzun, niyati toza birodarlar! Bugun solimga to‘yxonadan ko‘p o‘likmoldan tashqari besh qo‘chqor, ikki novvos, bir toy, bir tuya aytilgan! – deydi po‘stinga o‘ralib olgan norg‘ul bakovul guldirab. – Ko‘ngilda bo‘lsa aytavering, baqirib-baqirib yurt oldida aytaman!
Chortoqning turli burchaklaridan qur tomonga otlig‘u piyoda enib kelaverdi – jarchi birma-bir tovushlab ketaverdi:
– Oqtoshlik Ilhom fermerning nomidan – bir qo‘y, ustida bir billuri choponiyam bor! – bakovulning o‘ktam ovozi adirlar bo‘ylab chillaning zabtini kesib o‘tdi. – Ho-ov, iligi to‘q taqimdorlar! Oting qushdan o‘tsa, o‘zing halollab yutsang – olasan. Birinchi takaga shu mardi-maydonning ataganini tikdim!
Otlar uyuri sayhonlikning enishiga qarab qo‘zg‘aldi. Kenglik uzra uloqning havosi ko‘targan qiyqiruvlar yangraydi. Tomoshatalablar o‘zlari ishqiboz bo‘lgan polvonning nomini aytib qichqiradi. Bu orada kimlardir bahsga ham kirishib ketdi:
– Ko‘rasan, qo‘chqorni Sobir polvon taqimlaydi, – dedi biri.
– Undan Sirojiddin peshroq! – e’tiroz qildi ikkinchisi.
Ularning gapi hech murosaga kelavermadi.
 – Agar Sirojiddin qo‘yga tashlasa, qishloqqa tekin olib ketaman, lekin bunday bo‘lmaydi! – burnini ko‘tarib qaradi miqtirog‘i.
 – Qishloqdoshing qo‘chqorni ayirsa, xo‘roz so‘yaman! – dedi qotmadan kelgani.
Suhbatni eshitib kulgim keldi. Soddadillikni qarang: solimni birov oladi-yu, xo‘rozga “tushgan” boshqa?!
Ko‘pkari qizigandan-qizidi. Qish chillasining ko‘kka o‘rlayotgan jimir-jimiri-yu gala ustidan ko‘tarilayotgan bug‘ maydonga qaynab yotgan qozon tusini beradi. Vaqtni g‘animat bilib Ilhom fermerni axtardim. Nega izladim, nima turtki bo‘ldi, bilmayman. Kishi barcha tashvish-u tirikchilikdan uzilgan kezlari begidir hangoma beradigan hamsuhbatni qo‘msaydi, shekilli.
Biz yana uchrashdik. Ko‘p yillar ko‘rishmagan do‘stlar kabi bel olishib so‘rashdik. Zum o‘tmay gap gapga ulandi.
– Uloq – elniki! – deydi Ilhom aka mening bilagimdan tutib, ko‘pkaridashtning qibla tomoniga boshlarkan. – Gashti boshqacha-da, qish bo‘yi ko‘pkarilardan qolmayman. Qaerda polvonlarni ko‘rsam, qo‘shilib olaman. Agar shu o‘rtada chopiladigan bo‘lsa, albatta, solim aytaman.
 – Nega? – hayrat aralash qarayman.
– E-e, xalqda haqingiz qolarmidi?! – qah-qah urib kuladi pahlavonkelbat fermer. – Ertaga bolalarning sunnatida uloq beradigan bo‘lsam qaytarib qo‘shadi-da!
– Qo‘shmasa-chi? – unga pishang bergim keladi.
 – Unda ko‘ngliga havola. Men orzu-havas bilan atayman, to‘y berganimda bizga o‘xshash havasmandlar topiladi...
Ikkimiz tizzabo‘yi qor qoplagan keksa dalalarni kesib, avtoulovga o‘tirdik. Ulov ichidagilarning aksari Ilhom akaning tanish-bilishlari ekan, g‘ala-g‘ovur avjiga mindi.
– Hey, Keldibek aka, manovi muxbir ukam bo‘ladi. Solim ayttirishimga ishonqiramayapti. Sobir polvonni qo‘y so‘yib kuzatganingizni gapirib bering.
“Damas”ning o‘ng burchagida jussasi yarim quchoq keladigan, azbaroyi qisilganidan faqat boshi ko‘rinib turgan kishi kulgi aralash gap boshladi:
– Nimasini so‘raysiz, sharmandagarchilikdan bosh ko‘tara olmay qoldik-ku o‘sha kunlar, rais!
Mashina ichida yana g‘ala-g‘ovur boshlandi. Hamma aytuvchini qistovga oldi.
Keldibek akaning so‘zlariga ko‘ra, oqtoshlik Sobir polvon qaysidir uloqda toyga tashlaydi. Izdihomdan so‘ng uyiga qaytayotib, ko‘cha boshida Keldibek fermerni uchratib qoladi. Fermer undan nima ayirganini so‘raydi. Polvon borini aytadi. Toyni qishloqqa tan qilganligidan suyunib, uyiga taklif qiladi. Dasturxon to‘kin bo‘ladi, ammo haligi “qurg‘ur”dan bir-ikki piyola simirilgach, ikki birodarning jigar yegisi kelib qoladi. Bu yer shaharmidiki, zip etib qassobxonadan jigar qo‘ltiqlab kelsang! Azamatlar o‘ylab-o‘ylab fermerning qo‘tonidan bir sovliqni sudrab chiqib, bo‘g‘izlashadi.
“Kamsuqum” mehmon bilan “saxovatpesha” mezbon qishning qahratonida qo‘yning tersini shilib, qornini yorgan mahal haligi “noming o‘chgur” kuchini ko‘rsatganmi yoki chiroq o‘chib qolganidanmi, jigarxo‘rlar sovliqning... o‘pkasini qozonga bosishadi shunday qilib ikki jigar ishqibozi tongotargacha o‘pkaxo‘rlik qiladi.
Ertasigayoq Sobir polvon bilan Keldibek fermerning “jigarxo‘rligi” olamga doston bo‘lib, to‘y- ma’rakalarda asosiy “mavzu”ga aylanadi...
Ulov ichida bir ajib – kalaka-yu mazaxdan, tahqiru kamsitishdan xoli kulgi yangradi. Ochig‘i, yayrab-yayrab kuldim. Keldibek fermerning harakatlari, imolarini eslasam, hali ham zavqim toshadi.
Yana o‘ylayman: elimizda ana shunday zot aytadigan, aytganini odamgarchilik yo‘sini deb biladigan fermerlar ko‘paysin. Polvonini hurmat qiladiganlar, ardoqlaydiganlar safi kengaysin. Mayli, ming bir xandalar ham to‘qib chiqilsin!

Mehnat – boshga toj, umrga bezak

Quyosh savr burjidan o‘tib, javzoni qoralab qolgan kezlari bir to‘y tashvishi bilan Baxmal tomonlarga yo‘lim tushdi. O‘zbekning ma’rakasi nimasi bilan qiziq? Avvalo, bir-biriga yetti yot begona odamlarning tanishuvi bilan.
– Qani, mehmon, qaerlardan so‘raymiz sizni? – deb gap boshladi to‘rda o‘tirgan oqsoqol.
– Biz ham shu atrofning odami, – javob qaytardim oqsoqolning gap ohangida.
Ohangim mo‘ysafidga ma’qul tushdi chog‘i, gurungimiz qizib, dehqonu chorvadorning kamu ko‘stini, zamona zaylini muhokama qila ketdik. So‘z aylanib Baxmalning noyob olmasiga kelib taqaldi. Dasturxon atrofidagilar uning tarixi, hosildorligi, yetishtirishdagi o‘ziga xos jihatlari xususida qiziq-qiziq gaplarni aytishdi. So‘ng...
– Buning bari mehnatning mevasi, – vazminlik bilan so‘z boshladi oqsoqol. – Yana, ob-havoning ham ta’siri bor. Mana, masalan, Bulung‘urning Oqtoshidan Ilhom degan fermerning bog‘ida bizdagidan pesh bo‘lsa pesh, kam bo‘lmagan “Golden”, “Beshbarmoq”, “Semerinka”larni ko‘rib, havas qilganman, – mo‘ysafid har bir jumlani chertib-chertib aytardi. – Jon koyitib ishlamasa, Baxmalda bo‘ladimi yoki boshqa joydami, olma tugul oddiy qayrag‘och ham bitmaydi. Ochig‘i, Ilhomning niholni parvarish qilishini eshitib yoqa ushladim. Har bir ko‘chatni alohida tarbiya qilgan ekan, ukkag‘ar!
Davrada “Rost, hamma narsa qarov bilan-da, tarbiyasi yaxshi daraxt mo‘ljalingizdagi hosilni beradi-da!” degan ma’qullovlar eshitildi.
Mening xayolim esa kasbiga sobit, hunarining piri rutbasiga erishgan fermerga og‘di. U haqda qog‘oz qoralagim keldi. Zotan, eskilar “Bir kun ham umr, ming kun ham!” deb shunchaki aytmagan. Inson bu yorug‘ tashvishgohga kelib, hayotning har lahzasini chin ma’noda yashab o‘ta olsa, ko‘pming yillik ustuvor qarashlarimizga sobit tura olsa, saodatli kishilar deb shularni aytish mumkin. Qahramonimizning u yonidan-bu yonidan qarayman: ichki dunyosini, tish yorib birovga ayta olmaydigan sirlarini bilishga chog‘lanaman. Ammo... Bilish – Yaratganga xos. Men bir bandai ojiz, ko‘rganlarimni qog‘ozga tushirishgagina yarayman, xolos.
Usta dehqon, mohir mirishkor Ilhom Sultonqulov haqida bilganlarim hozircha shu.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.