Biyday dalada saratonning zilday hovuri kezadi.
Quyoshning achchiq nurlari qiyalamalarda tikkayib turgan shuvoqlarni qichirlatib, bilqillagan tuproqqa singib ketadi.
Qiyalik etagida o‘n besh-yigirma uyli qishloq joylashgan, bir tomoni kakrayu karrak, maskavagu tuyaqorin lar to‘shalib yotgan lalmi to‘qayzorga tutashib ketadi. Aslida bu to‘qayzor emas, bir-ikki yovvoyi bodomni hisobga olmaganda, qayrag‘ochzor. Dov-daraxtlar dasht chakalakzori tusini olgan. Ayni kezda nainki shoxi, barglarini qimirlatishga qurbi yetadigan – qilt etgan shabada topilmaydi.
Qishloq oralab o‘tgan – dashtga eltadigan chang yo‘l qayrag‘ochzorni ikkiga ayirib kesib o‘tgan. Tuprog‘i to‘piqni ko‘mguday bu ko‘chaning bir-ikki o‘tkinchi bilan cho‘pon-cho‘liqdan boshqa yo‘lovchisi ham yo‘q, ikki yondagi daraxtlar ostida saratonning dim nafasi qotib qolgan go‘yo.
Daraxtzor boshlanadigan qirdan enib kelayotgan qora kuchuk ana shu dimiq haroratning zabtini mensimaganday dam iskalanib, dam tilini osiltirib bir maromda lo‘kkilab boradi. Uning ortidan, qir tomonda qo‘ng‘ir eshakka mingashib olgan ikki kishining qorasi ko‘rinadi. Eshak ildam yo‘rg‘alagani sayin yo‘lovchilarning jussasi aniqlashib boradi: egarda soch-soqoliga oq oralagan o‘rta yoshli kishi. Orqasida oyoqlarini likkilatib kelayotgan, qovurchini qotgan bolakay. U egarga ko‘ndalang qadalgan xaskashga qo‘llarini tirab, oyoqlari bilan eshakni nuqib qo‘yadi.
...Yo‘l labiga yaqin o‘sgan maskavakning quyuq butalari orasidagi mullato‘rg‘ay polaponlari sariq tumshuqchalari orasidan bigizday tilini chiqarib uzoq-uzoq yutinadi. Ona mullato‘rg‘ay sal ilgariroqda, kakra tagida bag‘rini tuproqqa berib yotadi. Kuchuk mullato‘rg‘ay uyasi yonidan o‘tayotib noxosdan polaponlarga yaqinlashib boraveradi.
Soyalab yotgan ona qush o‘qday uchib it oldiga yaralangan kabi shalp etib tushadi. It unga otiladi. Qush bir zarb bilan sal ilgariroqqa kalta uchadi. Kuchuk likonglab ortidan tushadi.
Bu hol yana, yana va yana takrorlanadi...
Laqqi it mullato‘rg‘ay inidan olislab ketadi.
Mug‘ombir qush pirr etib daraxt shoxiga chiqib oladi.
Ko‘rpaday bilqillab yotgan yo‘lning tanobini tortib borayotgan oqsoch kishi ortiga qarab:
– Ko‘rdingmi, o‘g‘lim, qushlar ham anchayin mug‘ombir chiqadi. Anov mullato‘rg‘ay Bo‘bigingni aldadi, – dedi.
– Yo‘g‘-e, qaytib aldaydi, – dedi bola egar karsoniga suyanib, otasining yuzi tomon cho‘zilib, – qaerda ko‘rdingiz?
Ota indamadi... Uzangiga oyog‘ini mahkamroq tirab, chapga sal enishib, cho‘ntagidan noskadisini oldi, tizzasiga to‘q-to‘q etib urdi:
– Anov maskavakning tagida jo‘jalari boriydi. Kuchuging har kuni ularni bezopta qip o‘tadi. Sen e’tibor qimaysan...
Ota-bola yana nimalarnidir chug‘urlashib, so‘qmoq o‘rlagan tepalik ortiga o‘tib, sekin-sekin ko‘rinmay ketishdi.
* * *
– Endi, o‘g‘lim, sen jonqa larni g‘aramlab tur, men qo‘chqorchalarga chirmovuq bilan bo‘tako‘z o‘rib kelay.
– Dada, anov maxsarning orasi siyrak, shu yerda chirmovuq mo‘l.
Ota o‘rog‘ini qo‘ltiqlab sariq-pushti gullagan maxsarpoya paykaliga kirib ketdi.
Bolakay bamisoli yerga yopishib – yer bag‘irlab, quloch otib-quloch otib xaskash tortadi. Xaskash orasidan tirnalgan tuproqning gardi ko‘tarilib, turib qoladi. Bolaning peshonasidan reza-reza ter quyuladi. Ter qurimasidan chang o‘tirib, oyg‘iz-oyg‘iz – taram-taram, kirlangan izi qoladi.
Ota va o‘g‘il bepoyon dasht o‘rtasida, toltush da, quyosh jamiki mavjudotga rahm qilmay, achchiq va zilday nurlarining iskanjasiga olgan paytda somon yig‘ayotir. Qaydadir, pichan orasidan jizloviq ning cho‘zib-cho‘zib viz-vizlagani dasht saratonining o‘lik sukunatiga esh bo‘lib uchadi. Eshak egarining qoshiga ilig‘lik, ustiga chopon yengi qoplangan va sirtidagi nami sirqib ketgan yelim shishadagi suv ham eshak har qimirlaganda chayqalib-chayqalib qo‘yadi. Ota maxsarzor orasidan bir quchoq ko‘kpichan ko‘tarib chiqadi. Xurjunning ikki ko‘ziga peshma-pesh tutamlab-tutamlab tiqadi. Peshonasidagi sho‘r bosgan belbog‘ini olib, bo‘yni va ko‘kragidagi yiltirab turgan terni artadi. Egar qoshidagi idishdan suv ho‘playdi. Aftini bujmaytirib, og‘zini chayib: “E-e, Xudovandi karim, cho‘g‘siz-olovsiz qaynab ketibdi-ku”, – deydi o‘ziga-o‘zi.
– Hey, Bahodir, beri ke, bu yoqning xashagi to‘shalib yotibdi, – deb o‘g‘lini chaqiradi. – Qancha bo‘ldi. Bir qanor chiqadimi?..
O‘g‘li xaskashni sudragancha issiqdan erinib, ishdan beli sovib keladi. Gap-so‘zsiz xurjunning ustiga cho‘kkalaydi.
Ota o‘g‘lining xatti-harakatlariga beparvo holda xaskashni olib, sekin-sekin, bir maromda yer tirmalaydi. Xaskash har borib kelganida qovjiragan o‘t-o‘lan shirq-shirriq degan shovir chiqaradi. Tirnalgan tuproqda turli-tuman hasharotlar, lo‘kanglagan tuyaqumirsqalar yuguriklab qoladi. Issiqning zo‘ridan sarg‘ayib, mo‘rtilib turgan munchoqgullarga temirtishlar tegishi bilan omonat turgan donlari to‘kilib, poyasi g‘aramlar orasiga qo‘shilib ketadi. Sinib, ko‘rpa bo‘lib yotgan qo‘ng‘irboshlar arpa poyasining ichida yo‘qolib ketadi. Ota bir pasda ancha-muncha joyni tozalab tashladi. Onda-sonda qo‘llarini tupuklab xaskash dastasini qayta tutayotganda o‘g‘liga zimdan qarab qo‘yadi. U shu zaylda bir osh pishirim vaqti to‘xtamay ishladi. So‘ng bellari uvishib, bo‘yni qotib qolganidanmi, ko‘kragini ozod ochib, quloch otib kerishdi. Qoqirinib , bir kaft nos otdi-da, o‘g‘liga:
– Ha, bolam, jin chaldimi deyman, beling suvub qoldi? – dedi xaskashga suyanib. – Ishlaging yo‘q.
– Zerikdim, – dedi bola beparvo, – har kuni eshak bilan somon tashiymiz. Odamlarga o‘xshab uch kun tirnab traktirda opketsak kamayib qolarmidik?
Ota birpas o‘ylanib turdi, yana ishlashda davom etdi. Endi sal teparoqqa, angarning betkayligi ga ko‘tarildi.
– Buyoqqa ke, xas-xashagi mo‘l ekan, – deb bolaga yuzlandi.
Bola otasining yonida behafsala somon tirnashga tutindi. Jizirlagan issiq uvadasi chiqqan shapkasidan o‘tib boshini qizdirar, dimiq harorat shijoatini so‘ndirar edi. Ota birpas kuzatib turdi-da, qaddini rostlab, uvishgan suyaklariga rohat berib, belbog‘i bilan yuzlarini arta turib gap boshladi:
– Sen, o‘g‘li-i-im, ishlashdan erinma. O‘n besh qanor oborsang bir telejka bo‘ladi. Bu – o‘n besh ming so‘m degani. Shuni traktrisga bermayman, senga beraman. Ikovimiz foyda qilamiz, to‘g‘rimi?
– Siz baribir menga bermaysiz-ku...
– Nimaga bermayman, o‘n besh qanor qilsang aniq beraman.
– E-e-e, qo‘ying-e, o‘tgan yili yozi bilan qo‘ylarni boqsang valasapid oberaman devdingiz, ammo...
– Endi-i, o‘g‘lim, valasapid qochib ketmaydi, – dedi ota horg‘in bosh egib, tik turgan xaskash dastasiga tirsak tirab, – o‘tgan yil bo‘lmasa, kelasi yil olasan.
– Siz shunaqasiz-da, har doim biror nima oberaman deb nuqul aldaysiz, – dedi o‘g‘il otasining yuziga qaray olmay. – Maydan beri Botirni ola sigirni semirtirsang kastim-shim olasan, deb aldab keldingiz.
Ota mung‘ayib qoldi.
Bir oz vaqt olis-olislarga, angar quymich2idagi yovvoyi o‘rikzorga tikildi.
O‘g‘liga teskari burilib yuz-ko‘zlarini belbog‘i bilan artdi. Ko‘z oldidan ola sigirini so‘ygan kuni, qassobxonadan qaytganidan so‘ng, kenjasining yiltiroq kostyum-shim olaman, deb xarxasha qilgani o‘tdi. O‘shanda u o‘g‘lini, “akangning o‘qish pulini to‘lab kelay, ortganiga Bahodir ikkovingga ikkitadan kastim-shim oberaman”, deb yupatgandi.
Afsuski, ola sigirning puli bu ko‘chaga urvoq ham bo‘lmagan, kamiga ikkita sovliq sotgan edi.
Negadir xo‘rligi keldi. Ko‘ngli buzilib, enish jarlik labida arqonlog‘liq turgan eshakning ortiga o‘tdi va qizib turgan xarsangga cho‘kdi. Qo‘llarini iyagiga tiragancha, xotirasida yildan-yilga xira tortib borayotgan yoshligini esladi:
...bolaligida bu yerlarga teng-to‘shlari bilan juda ko‘p kelardi. Har safar mana shu jarlarda “shpion-shpion” o‘ynardi. U hammadan chaqqon va kuchli edi. Jarlar ora yashirinib olgan birorta raqibini tutib olsa, taslim qilguncha qo‘llarini qayirib qiynardi; yerga yotqizib oyog‘ini kuluklab, tayoq solib burardi. Shunda har qanday o‘jar bola ham tobe bo‘lib, shu to‘da vakiliga aylanardi...
O‘yin qoidasi shunaqa edi.
O‘sha kezlari yoshi tizzasidan baland kirza etik kiyib, saratonning jazirama kunida dastasi bilakday keladigan xaskash ko‘tarib somon yig‘ayotgan mushtday o‘g‘lidan ancha katta, sal kam armiyaga ketadigan, kap-katta davangirday yigit edi.
“Nega? – dedi u o‘ziga-o‘zi siniq tovushda, – nega bular o‘yin o‘ynamaydi, nega shaharlarga borib soya-salqin joylarda dam olib kelmaydi, nega beshikdan tusha solib og‘ir mehnatning azobini tortadi... bolalarda nima ayb?... Yo‘q, Rahmon, o‘zing noshudsan, ular jabr ko‘rmasligi kerak...”.
Ohista joyidan turdi.
O‘n besh qadam narida chang burqsitib, yer tirmalayotgan o‘g‘li tomonga yurdi-da, hayron qoldi.
Sal kam yer bag‘irlab xaskash tortayotgan bolaning terga botgan, terisi kuyib, archilib ketgan yalang‘och yelkasida quyoshning aksi o‘ynar, bola esa nimalardandir alamzada ko‘rinardi. U har xaskash tortganda somonning mayda qipig‘i aralash gard ko‘pirib, bir qancha vaqt uchgan joyida selgib, xira tortib yo‘qolardi. Qiyalamada mayda g‘aramlar potirlab ketgan: son-sanog‘i ko‘rinmasdi. U katta uyumlarni chamalab ko‘rdi. Keyin eshakning yoniga borib lash-lushlarini yig‘ishtirdi. Qo‘ng‘ir hangini qayta egarladi. So‘ng qanorni olib, g‘aramlarni sola ketdi. Bora-bora qanor sudralib, og‘irlashib, tortishga kuchi yetmay qoldi.
– Bahodirboy, kel endi, manovga yordamlash, – dedi o‘g‘liga.
Ota-bola so‘zsiz ishladi...
Ular bir-biriga qaray olmadi...
O‘g‘il ortib qolgan uchta g‘aramni sig‘dirish uchun qanorni tikka qilib ustida jon-jahdi bilan cho‘pchiladi . Yerga yotqizib, og‘zidagi mag‘izlik2dan tortib, oraliqdagi bo‘shliqlarga oyog‘ini tiqib yana ikkita uyumni joyladi.
– Qo‘y, o‘g‘lim, bittasi ortsa ortar, shu bilan boy bo‘larmidik, – dedi ota eshakni yetaklab kelib.
Ota-bola terga pishib qoldi. Ikkalasining ham qora-qizil yuzidan suv tomchilay boshladi. Qaqragan lablariga arpasomonning gardi o‘tirib, burmalarida loyshang taramlar hosil qildi.
O‘g‘il eshakni no‘xtasidan ushlab qopga o‘ng‘aylab turdi.
Ota “yo, bissmillo...” – deb qanorni egardan oshirdi.
O‘g‘lini boldiridan suyab qop ustiga chiqardi.
O‘zi no‘xtadan mashinalar o‘tadigan tekis yo‘lga chiqqunicha tutib bordi.
Qo‘ng‘ir hangi oldinga o‘tib, ancha olislarga yo‘rg‘alab ketdi.
Ota qo‘llarini orqasiga qayishtirib, quyoshning o‘tkir tig‘ida tanglayi qaqrab, nosini tupira olmay tebranib boraverdi.
Ular quyosh peshinga tushganda mullato‘rg‘ay uyasi yonidan oldinma-ketin o‘tib ketishdi.
Bu safar qora Bo‘bik qaylargadir sang‘ib ketgan edi.
* * *
Uyiga yetib kelganida o‘g‘li qanorni tushirib, xurjunni yelkasiga olib molxona tomonga shoshayotgan edi.
...Bo‘sh yurgan eshakni soyaga tortib boyladi. Egarini yechib, tom bo‘g‘otidagi qoziqqa osdi. Eski novga yetaklab borib eshakni sug‘ordi. Yonidan o‘tib ketayotgan o‘g‘liga:
– Ovqatingni yeb, damingni ol, – dedi.
O‘zi oshxonaga borib, hozirgina muzday quduq suvida tayyorlangan chalobdan ikki kosa simirdi. Dasturxon yoniga o‘tib yaqinda suzilgan sho‘rvani non bo‘ktirib tanovul qila boshladi. O‘choq boshida kuymalanib yurgan xotini ishlarini saranjomlab kelib:
– Bozordan keluv bo‘yida somonga ketib qolibsizmi? – dedi sho‘rva shopirib. – Bo‘rdoqilar qanchaga turdi?
– Go‘ram pul bo‘lgan yo‘q, katta sandiqning tagida belbog‘da turipti, – dedi xotiniga o‘qrayib. – Shundan o‘ttiz mingini ol-da, ertaga bozorga chiqib, Botir bilan Bahodirga kastim-shim olib ber. Shahar aylaninglar.
Xotini angrayib qoldi...
Biroq jo‘yali taxmin topa olmadi.
Eri ovqatlanib bo‘lgach, pichirlab duo o‘qidi-da, yuziga fotiha tortib, derazasiga oq surp qoplangan salqin mehmonxonaga kirib ketdi.
Teparoqda yotgan o‘g‘lining yoniga to‘shanchi tashladi. Ko‘ylagini yechib sekin cho‘zildi. Birpas jim yotdi-da, bolakayni kuzatdi. O‘g‘li ko‘zlarini yumib uyqu aralash mudrab yotardi...“Senlar shopirning bolasisanlar, men raisning o‘g‘li edim”, – dedi o‘ziga-o‘zi, beixtiyor eshitarli ovozda. Yana ancha vaqt kallasidagi tum-taraqay va alg‘ov-dalg‘ov fikrlarini g‘udranib gapirib yotdi.
So‘ng chalqanchasiga yerga o‘girilib yotib, ming bir xayolning xaltako‘chasiga kirib ketdi...
Shu zaylda o‘y surib uxlab qoldi.
Bu paytda o‘g‘li uning o‘ksiklarga to‘la g‘udranishlarini eshitib yotardi.
Tashqarida esa, saratonning achchiq issig‘i tobora avjiga chiqar edi.
Anvar Suyunov. Ota va o‘g‘il (hikoya)
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.