OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Ikki tong orasi (hikoya)

1

G‘ira-shira tong qorong‘usi.
Osmonga otilgan toshni payqash qiyin.
Kimsasiz adirlar qo‘ynini tilib o‘tgan ko‘chada onda-sonda lop-lop etib o‘tib qoladigan mashina chiroqlari yo‘l girdi bilan ketayotgan aravali baytal va ikki kishining ko‘zini qamashtiradi. O‘tkinchi shu’lada kunbotardagi betkaylikda o‘n chog‘li qo‘yning hayig‘ib ketayotgani va ilgariroqda mol yetaklagan uch-to‘rt odam sharpasi harakatlanadi. Yana qaerlardandir tungi sukunatni buzib kimningdir qisqa-qisqa hushtak chalgani-yu, “Chah-chah, tort, echki tort!” – degan xitobi eshitiladi. 
Ular beixtiyor bir-birlarini qora olib ketib boradilar. 
Biya sernur chiroqlarga beparvo, bir tekis yo‘rtadi. Arava sandig‘idan bazo‘r bosh chiqarib ketayotgan qo‘ylarning ko‘zlari ahyon-ahyondagi kuchli yog‘dudan yashil tusda tovlanadi. Egar ustidagi miqti bolakay ot biqiniga nuqib qo‘yadi. Arava tezlashib, chamasi besh-o‘n qadamlar lo‘kkillab ketadi. 
– Ko‘p tez haydayverma, – deydi arava girdiga ilinib olgan ellik yoshlardagi kishi – Ichimni ezib yubording. 
– Ertaroq borishimiz kerak-da, azonda bozor yaxshi bo‘ladi, dada! 
Olis-olislargacha ularning gangir-gungiri eshitilib turadi.

2

 – Hey, bu qo‘ylar kimdan? – Shop mo‘ylov, qorindor kishi bozor darvozasiga yaqinlashgan biya ustidagi bolakayga yuzlanadi – Yo, sen bilan savdo qilamizmi?
 – Dadam hozir keladi.
Shop mo‘ylov qo‘ylarning biqiniga qo‘l botirib, qovurg‘asini ushlab ko‘rdi. Birma-bir qo‘ltig‘iga olib silkidi. Novchabichim hamrohiga lab uchida pichirladi.
Bu orada bozor tomonga jandaga o‘rangan sotarmonlar tuya, ot, ho‘kiz, sigir... yetaklab o‘ta boshladi. Har soniyada ularning safi qalinlashib, mol bozori gavjumlashdi.
 – Sen oldinga o‘tib tort, men haydayman, – dedi hozirgina paydo bo‘lgan otasi, qo‘ylarga sirtmoq sola olmay kalovlanib yurgan bolaga.
 – Boy bova, bu qo‘ylarga pul sanaymizmi? – Qorindor dallol qo‘y egasi egniga qo‘l tashladi.
 – Bilmasam, bozorni ko‘raylik-chi...
 – Kelishtirsangiz shu yer ham bozor-da!
 – Og‘zim to‘la pul-da, birodar...
Dallol sotarmonning egnidan qo‘lini oldi. Ilgariroqqa o‘tib hamrohi bilan allanimalarni shivirlashdi. Novcharog‘i kelib:
 – Qani, qo‘lni bering, – deb ilik uzatdi. – Yettovini ko‘tarasiga bichaymi yoki...
 – Farqi yo‘q, pulning chiqishi hisob, – dedi qo‘y egasi.
– Unda, bunday: yettovi bir joyda besh yuz ming, – Dallol sotarmonning qo‘lini siltay boshladi. – Ko‘nglingizga og‘ir botmasin, deb mo‘ljalingizga yaqin oldim.
Qo‘y egasi churq etmadi.
 – Nega indamaysiz, yo past so‘radimmi?
 – Molni pachakilamang!
 – Unda, yigirma besh o‘taman. 
 – Bo‘lmaydi.
 – Besh yuz ellikka berdingizmi?
 – Yo‘q.
 – Besh yuz oltmishga-chi?
 – Siz qo‘ylarni ko‘rdingizmi, o‘zi?
 – Ko‘rdi-ko‘rmadi, bori yettov chortuyoqda, aka!
 – Unda yaxshilab ko‘rib, keyin baraka so‘rang!?
 – He-ey, achchiqlanmang, aka, bozor-da – bu! Ichida shirriq-mirrig‘i chiqsa, men kuyaman.
– Bular dashtning moli, suyagi butun. Zarurlikka sotayapman. 
 – Biron ulov olmoqchimisiz?..
 – Qiz chiqarayapman.
 – E-e, to‘yning xarajati deng, – novcha dallol yuziga tabassum surib qo‘l siltashda davom etdi: – Savob ishning xarji ekan, boya aytganimga o‘n qo‘shdim.
Sotarmon yo‘q ma’nosida bosh chayqadi.
 – Ho-ov aka, sizdan sado chiqadimi?
 – So‘rayvering...
Novcha dallol sotuvchining qo‘lini bo‘shatib, qo‘ylarni aylana boshladi. Chetdagi o‘rtabo‘y qo‘chqorni ko‘tarib ko‘rdi. Cho‘ntagidan qo‘lchiroq olib qo‘zili sovliqning tishini sanadi. Boshqalarining yelkasini g‘ijimlab chiqdi.
 – Bularning eti yaxshimas-ku?! – dallol yana sotarmonga yuzlandi. – Boya aytganimga o‘ttiz qo‘shdim, top-toza olti yuz bo‘ldi. Qani bir guldirang-chi?
 – Bo‘lmaydi.
– Qo‘shadigan hech narsasi qolmadi. Tezagigacha pullamoqchimisiz?
 – ...
 – Endi-i, menga qarang, aka! Jamiga saksoni kam yetti yuz atadim. Sizga yon bosdim, ana!
 – To‘g‘ri kelmaydi.
 – Olti yuz ellikka baraka bormi?
 – ...
 – Chorak kam yetti yuz. Endi baraka deng!.
– Kelishtiring.
– Kelishadigan joyi qolmadi. Hay, sizning ham aytganingiz emas, meniki ham; toza yetti yuz – chek puli, dallolga shirinkoma bermaysiz.
Qo‘y egasi o‘ylanib qoldi...
Sekin-sekin osmon tozarib, yulduzlarning tusi o‘cha boshladi. Miltiroq tong yulduzi va xira tortib borayotgan oy o‘rog‘ini aytmasa, falak bo‘m-bo‘sh hisobi. Sharqiy kengliklarda ufq qizarib, quyoshning qontalash qiyofasi ko‘rinadi. Etni jimirlatar yoz tongotarida ko‘chma yemakxonalardan dastlabki tutun taraladi. Qo‘radagi kabobning ishtaha ochar “jiz-jiz” hidi bolakayning dimog‘ini qitiqlab o‘tadi. Bora-bora tevarak gavjumlasha boshlaydi. Uzoq-yaqindan kelgan ulovlar tirbandlashib boradi. Otlig‘u piyoda, olarmonu sotarmon, kimki bo‘lsa, hayqirig‘u baqiriqlar bilan g‘o‘ng‘illab yotgan bozorga uradi o‘zini:
– Hey, aytganingdan ozroq tush!
– Tiling tanglayingga yopishib qolganmi, guldirasang-chi!?
– O‘ni kam to‘qsonga baraka de!
Bu yerda serzarda dallollarning narx talashuvlari, boquvdan chiqqan olako‘z buqalarning o‘kiriklari, yer depsinib turgan bedovlarning baland va davomli kishnashlari yoki badjahl chekchilarning baqiriqlari qaynab yotadi.
– Arzonroq berdik shekilli, dada, – dedi bolakay qo‘y chilvirlarini yig‘ishtirayotib. – Sal oyoq tiraganingizda yana qo‘shardi...
– Mayli, Xudoning buyurgani-da, bolam.
Ota-bola mol bozoridan chiqib, kiyim-kechak rastalarini oralab ketdi.

3

Bir oy burun Qoraqul kombaynchining yolg‘iz qiziga sovchi keldi-yu, tashvishi shundan boshlandi: bir oyog‘i uyda bo‘lsa, bir oyog‘i bozorda. “O‘g‘illinikida – bir kun to‘y, qizlinikida – o‘n kun to‘y”, deganlaridek hovlisidan og‘ayni-qarindoshlarining qadami uzilmaydi. Ayollar kun ora yig‘ilishib sarpo-suruqning muhokamasini qiladi. Ba’zan o‘zaro shivirlashib, quda tomonga “elchi” ham jo‘natishadi. Vakil sarpo bahonasida turli-tuman ma’lumotlar olib keladi. Bunday xabarlar orasida qudaning fe’l-atvori-yu, qudaoyining matoparastligi to‘g‘risidagi yangiliklar ham quloqqa chalinadi. Qoraqul kombaynchining esa og‘ili bo‘shab, qo‘tonidagi tuyoq soni siyraklashgan. U yolg‘iz qizini el qatori – birovdan kam qilmay uzatmoqchi. Shu bois, xotinlarning ham ayrim maslahatlarini to‘g‘ri deb o‘yladi:
– Hozir qiz tomon mebel ham qilayapti, – dedi xotini.
– Oychechakdan tashqari kuyovga ham qishlik-yozlik kiyim qilishingiz kerak, – qo‘shildi qo‘shni ayol.
– “Qizlar bazmi” bilan “Kuyov chaqirdi”ni bir kunda o‘tkazganlaringiz ma’qul, – fikr bildirdi yana biri.
Qoraqul kombaynchi bozorma-bozor yuraverib shu narsani angladiki, u ulg‘aygan zamonlar o‘tib, taqdirning charxpalagi boshqa bir davrning shamoli bilan aylanib yotardi. Masalan, u “Qiz sepi”ga chinni idish olishda rosa ovora bo‘ldi. Avvaliga, u olib kelgan idishlarni xotin-xalajlar ko‘rimsiz ekan, zamonaviyrog‘i kerak, deb qaytarib yuborishdi. Kombaynchi ustiga bir-ikki so‘m qo‘shib almashtirib keldi. Bu safar yana o‘sha xotinlar “Chinnilar to‘plami”ning rangi, shakli, hajmi bir-biriga mos tushmadi deyishdi. Kombaynchi yana bozor sari yo‘rtib ketdi... Xullas, u sal kam bir oy deganda ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq, kiyim-kechak, parda-yu dasturxonning kamu ko‘stini bitirdi. “Hammayam shunday xarajat tortadimikan-a, – dedi bir safar bozordan qaytayotib o‘ziga-o‘zi. – Yo, men dahmazani katta qilayapmanmi? Yo‘-o‘q, olayotganlarim ham, Oychechakning sepi ham birovdan ziyod emas. Demak, yo narx-navo oshgan, yo zamon o‘zgargan, yo mening hech narsadan xabarim yo‘q?”.
Qoraqul kombaynchi asli xo‘jalikda mexanik edi. Keyinchalik zamon o‘zgarganida katta bir bochkaning ostiga motorli qurilma o‘rnatib, qo‘lbola kombayn yaratdi. O‘shandan beri el-yurtning arpa-bug‘doyini yanchib, ro‘zg‘or tebratadi. 
"Kombaynchi" laqabi ham shundan.

4

Kun tushlikka yaqinlashavergani sari jazirama zo‘raya boshladi. Ko‘cha-kuyda oyoq tovushi tinib, borliqni allaqanday sukunat chulg‘adi. Bo‘g‘otlarda bigizday tilini o‘ynatib hansirayotgan qushlar qishloq oralab “g‘iyq-g‘iyq” etib ketayotgan aravani kuzatib turadi. Baytal ko‘zi atrofida o‘ralashayotgan chivinlardan zada – ilkis-ilkis bosh chayqab yo‘rg‘alaydi. Manzilga yaqinlashavergani sayin qadam otishi tezlashadi. Saratonning tubsiz osmonida egri-bugri ko‘chalar va betartib uylardan tashqari etakdagi kimsasiz adirlarga ham nigoh tikib uchayotgan burgut yoz chillasining harakatsiz lahzalarida yemak qidiradi. Uning o‘tkir ko‘zlari qishloq quymichidagi selxona-jarlarga tutashib ketgan chekka hovli sari o‘rlayotgan qo‘ng‘ir tulkini nishonga olgan. Tulki lo‘kkillab hovli etagidagi ovloq bostirmaga urib ketadi. Bostirmadan besh-o‘n qadam naridagi g‘ov ochilib, aravasini g‘ijirlatib sudrab kelayotgan biyaning horg‘in gavdasi ko‘rinadi.
– Marjonbuloqdagi opamning o‘g‘li keluvdi – jiyaningiz, pochchamni konda tosh bosib qolibdi, – dedi xotini yuzida ma’yuslik zohir bo‘lib. – Tog‘am kelsa, ertaroq shahardagi do‘xtirxonaga borar ekan, dedi.
Qoraqul kombaynchi hovli o‘rtasidagi g‘ujum ostida bir shokosa ayronga ikki sindirim non botirib yedi-yu, bozordan ortgan pulni beliga tugib shaharga jo‘nadi. Etakdagi angarni kesib chiqib, katta yo‘lda eski bir avtobusga ilinib oldi. Ulov kuchdan qolgan qirchang‘iday imillab, duch kelgan joyda kimki ko‘rinsa ortmoqlab, kun peshinga oqqanda shaharga kirib keldi. Saraton quyoshi selgib, borliqni ajib bir harorat chulg‘aganda Qoraqul kombaynchi do‘xtirxonani topib bordi. Ko‘rdiki, bu yerda yotganlarning barisi yarimjon: birining oyog‘i singan, bo‘ksasigacha gipslab, yana tosh ham osib qo‘yibdi. Yana birovining beligacha oq mato o‘ralgan. Boshqasining ko‘zi bilan burni ochiq, qolgan a’zoi badani toshqotgan doka o‘rami ichida. To‘rda aftodahol yana biri yotardi. U behush edi. Qoraqul kombaynchi allaqanday ichki sezgi bilan yaqin bordi unga. Shilinib-tilinib, yarog‘i qolmagan yuzini artdi. So‘ng eshikka, undan bino yo‘lagiga chiqdi. So‘rab-surishtirib bosh do‘xtirning xonasini topib, ming bir istihola bilan eshikni taqillatdi:
 – Kiring, – guldurak ovoz keldi ichkaridan.
 Oromkursiga omonatgina qo‘nib turgan girdig‘um do‘xtirning qarshisida g‘ujanak bo‘lib – egnini qisib o‘tirgan opasini ko‘rdi. “Oldirib qo‘yibdi o‘zini, – dedi ichida kursiga cho‘kayotib. – Notinchlikning beti qursin, bulutday edi-ya...” Ayol o‘ksasi qurib: “Hah, falak! Peshonamda bu kunlar ham bormidi? – dedi, illo, uning hasratlarini o‘zidan bo‘lak hech kim eshitmadi. – Ko‘rsatganlaring kammidi...” Bosh do‘xtir ko‘ngilso‘rar gaplar qildi. Qaerdandir paydo bo‘lgan kotiba qiz piyolada suv keltirdi. Ayolning hovuri bosilib, bir nuqtaga ma’yus tikilib qoldi. Bosh do‘xtir dilgir sukunatni buzib, so‘zlandi:
– Akaning yetti joyi singan. Unchalik xavfli emas, xavotir olmang. Endi-i, ochig‘ini aytishim kerak, biz xo‘jalik hisobidamiz. Bu – uncha-muncha xarajati... bor degani. Hozir ko‘p do‘xtirxonalarda ahvol shunaqa. To‘g‘ri tushuning meni.
– Uka, siz dangal aytavering... – Kombaynchi do‘xtirning xabari ketidan davom etdi. – Hammasi ochiqchasiga bo‘lgani ma’qul, shunga qarab soz qilardim.
Ular bir necha soniyada kelishib olishdi. Kombaynchi opasini qo‘ltig‘idan olib hovlidagi boqqa tushdi. Bu yerda sassiz lahzalar hukm surardi. Opa-uka chetroqqa, o‘rik ostidagi o‘rindiqqa joylashdilar.
– Xudo shifosini bersin, ichikavermang, – dedi uka.
– Manglayim qora bo‘masa, bu kunlar ham bormidi menga? – Opa ukasining to‘shiga bosh qo‘yib yig‘lay boshladi. – Bechora yorti edi, kunimizga sen bor ekansan. Yolg‘izlik shundayda bilinadi-da, jigarim!
Qosh qorayib, tevarakda ko‘cha chiroqlari yog‘du socha boshlaganda Qoraqul kombaynchi opasini shahardagi eski tanishinikida qoldirib, qishloqqa qaytdi. 
Begard osmonda g‘uj-g‘uj yulduzlar jimirlab yotadi. Somon yo‘li bo‘ylab uchgan birining taram-taram nurlari bir necha soniya yo‘nalishini yoritib o‘tadi-da, xira tortib yo‘qoladi. Olis-olislardan bir itning g‘ingshinib akillagani eshitiladi. Toshlarga singgan oftob tafti ko‘tarilib tevarakni dim va iliq haroratga to‘ldiradi; borliq osuda lahzalar qo‘ynida mudrab yotadi. Biroq hovli o‘rtasidagi g‘ujum ostida yotgan er-xotinning ko‘ziga uyqu inmaydi. Ular uchi-quyrug‘i yo‘q xayollar girdobida band. “Kombaynimni sotaman, – o‘yladi eri. – Pulga boradi. Bultur Umar qassob so‘ratuvdi. – Shu kez etakdan otning pishqirig‘i eshitiladi, – Yo, biyani bozorga solsammikan...” Xotini eriga kishibilmas qarab qo‘yadi. Uning tubsiz falakka tikilib o‘y surayotgani-yu, ming bir rejani xomcho‘t qilayotganini his qiladi. O‘qlovdek ingichka, boz yana ajin bosib ketgan bo‘yniga ko‘zi tushib ich-ichidan achinadi. “Jag‘iga pichoq qayraydigan bo‘libdi bechoraning, – deydi o‘ziga-o‘zi. – Ne bir yigit edi; tog‘ni ursa talqon qiladigan. Yolg‘izlikning shunisi yomon, aka-ukalari bo‘lganida suyashib turarmidi... It bo‘l, qush bo‘l – ko‘p bo‘l degani bor gap. Yakkashning otauyi chirog‘ini yoqib o‘tirishi qiyin”. Kunchiqardan esgan yelpinchiq er-xotinni barcha dardu hasratlaridan forig‘ etib, yulduzlar jimir-jimiriga mahliyo qilib, xayollarini osmonning sirli qa’riga tortib ketadi...
Qo‘shni chol bomdodga azon aytar mahali qishloq oralab borayotgan Qoraqul kombaynchining xayolidan: “Umar qassobnikiga borsammikan, yo Hamza fermerdan qarz ko‘tarsammikan...” degan yakkam-dukkam mulohazalar o‘tadi. Qaysiki davlatmandni bilsa, ular bilan oralarini chamalaydi. Masalan, uzoq Taypoqsoyga ko‘chib ketgan partadosh tengquri Boysayfi bilan jo‘rachiliklari, anchayin qo‘li ochiqligini ham xotirlaydi. “Qarz so‘raganning bir beti qora, bera olmaganning ikki beti, – deydi kimningdir oldida mulzam bo‘lishini o‘ylab. – Hay, bir gap bo‘lar. O‘ladigan ho‘kiz boltadan qaytmas”, qo‘shib qo‘yadi yana. Oftob dashtu dalalarni otashdek kuydirayotgan bir pallada eshikma-eshik, uyma-uy kezib yurgan kombaynchining reza-reza ter quyulib kelayotgan peshonasida shamshir o‘ynatadi go‘yo. Shamshirki, jon olmas – ajal emas; faqatgina ustomon qassobday terining bir qavatini jizillatib shilib tashlaydi. Qizarib, hildirab borayotgan to‘rqovundek ajin bosgan qiyofada bebaxt bolalik hasratlari-yu suronli yillarning g‘am-anduhlari qotib qolgan. Qotib qolgan emas, aji-buji chiziqlarda aks etib turadi. Bujmaygan qovoqlar orasidagi botiq ko‘zlar esa, ana shu aji-buji chiziqlarni harfma-harf, jumlama-jumla fosh etadi...
Bozordan bol topib, uni qo‘yniga solib, yana yo‘l-yo‘lakay “Zamon-zamon, bizning zamon...”ni hirgoyi qilib kelayotgan va xotiniga ikki zuvala kulcha solishni buyurib turgan ot dalloli Boysayfi do‘sti, ya’ni bola sirdoshi Qoraqulning ko‘zidagi ilinjni uqdi. Uqdiki, ...qiymatini so‘radi, xolos. Mehmonning kelishuv haqidagi va’dalarini tinglamadi ham. Bundan o‘ttiz-qirq yil burungi dali-g‘ulliligiga bordi: “Topar oyida berasan” dedi...

5

Saraton o‘tib, tiyramohning namxush shamollari uyg‘ongan mahali Qoraqul kombaynchining shahardan oyog‘i uzildi. Suyak deganlari kun sanar ekan; pochchasi Berdimurod qariyb oltmish kun yotdi do‘xtirxonada. Bu orada kombaynchi ancha-muncha dorining farqi-yu davosining fahmiga yetdi. Gohida oq rangli imoratning o‘tkir va qo‘lansa hididan bezib ham ketdi. Ba’zan shapaloqdek qog‘ozga turnaqator qilib bitilgan dorilar ro‘yxatini qo‘ltiqlab shaharning duch kelgan teshigiga bosh suqdi. Qudalar bilan kelishib to‘yni ham orqaga surdi; jiyanlarim otasiz qolmasin, dedi. Pochchasining yolg‘iz ekanligini-da qistirib o‘tdi. Odam odamga el bo‘ladi, pul yoki martaba ellik qilmaydi, deb o‘yladi quda tomon. To o‘rim-yig‘im tugab, daladan hosil ko‘tarilgunicha Qoraqul kombaynchining sozini kutishdi. 

6

Kechasi bilan sharros quygan yomg‘ir erta bilan tinib, tonggi rutubat odamlarga xush yoqdi. Ob-havoning yumshaganidan kayfiyati ko‘tarilgan to‘y egalari izdihomning tadorigida. Yosh-yalanglar o‘choq qazish, samovar tayyorlash bilan band. Bir-ikkita o‘rta yoshlilar hovlining etagida, ko‘zdan panaroqda qora qo‘chqorni bo‘g‘izlab, terisini shilish bilan ovora. Choynak-piyola, kosa-tovoq tashiyotgan xotin-xalajlar oyoq uchida uchib yurishadi go‘yo. Holiroq tomga yig‘ilishib olgan qizlar kelin bo‘lmishning pardoz-andoziga zo‘r berishadi. Ayvondagi uch-to‘rtta keksalar o‘tgan zamonlardan gap surishadi. Ichki uylardagi kayvonilar kelin sepini qayta ko‘rikdan o‘tkazadilar. Kun choshgohdan o‘tib shohning ko‘chiga bezatilganday turli xil popuklarga o‘ranib olgan kuyovjo‘ralarning ulovlari “bib-bib”lab hovliga kirib keladi. Ostonaga qadar pishqirib kelgan birinchi mashinadan qorindor karnaychi va miqti doirachi tusha solib “g‘iyq-g‘iyq, tapir-tupur”ini boshlab yuboradi. O‘z ishlari bilan kuymalanib yurgan qiz-juvonlar bir pasda chetroqqa yig‘ilishib olib, yigitlarning xatti-harakatini kuzatishga tushadi. Sho‘x-shaddodlari navkarlardan ayrimlariga qochirim qilishga ham ulguradi. Taraflar orasida hazilu mutoyiba boshlanib ketadi. Davrani ipak sallali Imomxon eshon tomoq qirib kesib o‘tadi-yu yig‘ilganlar jimib qolishadi. Yangalar kuyov bolani nikoh o‘qitilmish xonaga boshlab ketadi...
– Qiz otasini chaqiring, – dedi eshon nikoh suvi keltirgan kishiga.
Hayal o‘tmasdan do‘ppisini qiyshiq bostirib olgan Qoraqul kombaynchi ko‘rindi. 
– Siz, tog‘asi bo‘lasizmi?
– Yo‘q, dadasi bo‘laman.
– Unda tog‘asini chaqiring, nikohda tog‘alar ota o‘tadi, udumimiz bu!
Qoraqul kombaynchi tashqariladi. Eshikdan chiqa turib o‘ylanib qoldi. Xotiniga imladi:
– Hamqishloqlaringdan bo‘lsayam birontasini ayt. Qizga nikohda tog‘alar ota o‘tar ekan.
Dahlizdagi kursida omonatgina o‘tirgan pochchasi Berdimurod qo‘ltiqtayog‘iga suyanib:
– Zarkumush mening qishlog‘imdan, og‘alari yo‘q deb kim aytdi, men – akaman! Oychechakka men otalik qilaman! – dedi to‘lig‘ib.
Er-xotinning ko‘zlariga nam tepdi. Biroq bir-biriga bildirmay teskari burilib ketishdi. Yarim soat o‘tib kelin-kuyovni tashqariga olib chiqishdi. Qiz otasi bilan xayrlashdi: Qoraqul kombaynchini quchoqlab ho‘ngrab yubordi. Yangalar lab uchida shivirladi, bilagidan tortib chetga oldi. Ota bir juft nonni qizining qo‘ltig‘iga qistirib, yelkasi uchib – selkillab ketaverdi... Belgisiz tomonlarga tikilib, qabog‘idagi namni sirqib oldi...
Bazm qizigandan qizib, lutfu ehsonlar avjiga mindi. Kuyovning urug‘lari kelin tomonni va yoki aksincha, bir-birlarini og‘iz to‘ldirib maqtadilar. Qizlar-yigitlar, ammalaru xolalar to‘yxonani kulguga to‘ldirib, bir-birlarining qo‘ltig‘idan olib, gir aylanib raqs xirom etishdi. Qoraqul kombaynchining yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. U atrofidagi shirakayf oshnalarining sershovqin qahqahasini eshitmaydi go‘yo...

7

Tong tunning pardasini tortib, sharpa sharpani eran-qaran ilg‘aydigan bir pallada G‘o‘bdintog‘ning quymichidagi adirlarda bir ot o‘ynoqlab boradi. Qirq kunlik boylovdan chiqqan yilqi tizginni uzgudek siltanib, gohida old oyoqlarini qo‘shshasiga o‘ynatib, belidagi jilovdorni mensimagandek pishqiradi, og‘zidagi suvliqning g‘ijir-g‘ijiri eshitiladi.
– Mahkamroq o‘tir, tashlab ketmasin, – deydi otasi egar ortiga qarab. – Bozorgacha bir amallab yetib olsak bo‘lgani...
Bola oyoqlarini qisib, egar karsoniga yopishibroq oladi.
Ular biyaning narxini xomcho‘t qilib, biri olib-biri qo‘yib, bepoyon kengliklar ichida nuqtaga aylanib boradi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.