OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Ro‘zaning birinchi kuni (hikoya)

Akaday qadrdonim
Alisher Ishoqovga bag‘ishlayman

I

Bir kunda Erganaklining ustidan qancha samolyot uchib o‘tadi?!
Eh-he, o‘tgani qaysi-qaytgani qaysi...
Ba’zilari shundoq pastlaydiki, qulab tushaman deydi go‘yo. Ba’zilari, he-e, osmonning tubidan yuradi, faqat oqish izi ko‘rinadi. Ko‘mko‘k maydonda bilinar-bilinmas bo‘lib, ninachi misol yer sharining u burchiga enadi. Bulung‘ur yoqada sigir boqib yurgan bolakaylar ko‘zini qisib, barmoqlarini peshonasiga tirab tomosha qiladi.
Samolyot – ular uchun xayol. Ha, orzu emas, xayol! Xayol bo‘lgandayam cheksiz, alomat xayol. U shirali, kechib bo‘lmaydigan va o‘sha ishtonchan bolakaylar bilan doimo birga yuradigan umidbaxsh bir narsa.
Shuning uchun Erganaklining tepasidan somolyot o‘tib qolsa xayollari ham ketadi. Ketgandayam uchirim labidagi qoraola, qizilola govmishlarini esidan chiqarib, yetti qat falakka chiqib ketadi.
Ustara piyozning po‘stidek archigan taqir boshlaridan saratonning achchiq issig‘i o‘tib, hildiratib tashlaydiki, ko‘kka boqishdan charchamaydi. Ayrimlari pastlagan uchoqlarni oldiga solib quvlaydi. Quvaveradi, quvaveradi...
Bi-ir mahal ovdan quruq qaytgan toziday ichini urib keladi.
Maboda, yuqorida temirqanotlar bordi-keldisi uzilsa, uch-to‘rttasi bir bo‘lib loyqa Bulung‘urga o‘zini otadi: suv chalpitadi, moltiydi, uvatdagi qumda allapaytgacha uzala tushib yotadi; lablaridan, iyaklaridan loyshang tomchilar selgiydi. Bir-biriga tishining oqini ko‘rsatib kulishadi.
Ular tashvish nima, g‘am nima bilmaydilar...
     
II

Saratonning hoviri bosilgan, oy to‘lishgan tun. Allaqerda qorachigirtka chirillaydi. Bo‘ydor teraklar ortidan qurbaqaning qurillagani eshitiladi. Simyog‘och belidagi chiroqning xira nurida turli-tuman hashorotlar ving‘illaydi. Atrofda shundan bo‘lak shovir yo‘q, it uxlagan. Hovli sahnida yoz oqshomining sokin tarovati kezadi. Molxona tomondan ahyon-ahyonda qoramolning pishillagani, so‘ng pishqirib kavsh qaytargani eshitiladi. Yengil shabada og‘il tarafdan arpasomonning kakra aralash achimsiq hidini olib keladi. Keyin yana tinib qoladi.
Ichkaridan o‘n yoshlardagi ishtonchan bolakay chiqdi, oshxona orqasiga burildi...
Olma tagidagi tapchanda yotgan erkak chapga o‘ngarildi. Ko‘rpani ochib, o‘pkasini to‘ldirib “uf” tortdi. Yostiq boshidagi chovgumni oldi.
O‘zini uxlaganga solib yotgan xotini zimdan kuzatdi.
Eri chumakka lab bosdi: qult-qult-qult. Tomog‘idagi bag‘baqasi o‘ynab-o‘ynab ketdi. “Xudoga shukr!”- dedi iyagidan dumalab tushgan tomchilarni arta turib. Yana oyoq uzatdi: ikki qo‘lini boshining ostiga olib, yulduzlarga termilib yotdi.
Bola ishtonbog‘ini tortib o‘tdi: O‘n bir balorlik uyning o‘rtasida g‘ujanak bo‘lib to‘shakka tashladi. Yostiqning birini boshiga yopdi. Alahsiradi: “Ertaga meniyam obbor, dadangning samolyotida uchay” – dedi g‘udranib.
Momosi sergak tortdi:
– O‘rinboy, ma bolam, dustaman yotma.
Qorong‘uda paypaslab boshiga keldi, bir amallab yonbosh yotqizdi; bola tamshanib xurilladi. So‘ng burchakdagi ofotobani olib qo‘zg‘oldi.
Erkak eshikning ohista g‘ijirlagani va kampirning allanimlar deganini tusmolladi. Boshini ko‘tarib qarab qo‘ydi. “Uxlolmayapti, – o‘yladi xotini – So‘rasammikan, – chapga ag‘darilib yuziga qaradi. Ko‘zlari kirtayib, qovoqlari osilgan. Chuqur-chuqur nafas oladi. Lunjini tishlab, barmoqlarini qisirlatadi, – Sochi siyraklashibdi, yo‘g‘-e, tepasi to‘kilibdi ham. Baribir tish yormaydi. Enamga aytsammikan, yo‘-o‘q, menga tish yormagan, enam bilan hasratlasharimidi; yuragi o‘ynab ketmasin deydi – baribiram aytmaydi. Yuvoshning yumshashi qiyin, nima qilsam ekan?!”.
Uzoq-uzoqlarda it hurdi, hurgandayam jahd bilan vovilladi. Yoniga yana bir-ikkitasi qo‘shildi. Lahzalar o‘tgan sayin itlar tovushi uzoqlashib, zimziyo qa’riga singib ketdi. Qibla tomonda bozorga boradigan mashina gur-gurladi. Chiroqlaridan taralgan nur tom bo‘g‘otini yalab o‘tdi; devorlar yorishdi. Tapchan ostidagi mushukning ko‘zlari yashil tusda tovlanib, qorachig‘i birchiziq bo‘ldi, labini yalab esnadi.
Xotini hamto‘shagining bo‘rtiq dahanida, nimanidir pichirlayotgan lablarida tushkunlikni, mungli bir taqdirni ko‘rganday bo‘ldi; rangining suvi qochibdi, yuzini chang bosganga o‘xshaydi. Seskandi: “Astog‘furillo! – dedi, sirtiga chiqarmadi, – Tavba, tavba, tavba... Bo‘tanining betini teskari qilsin”.
Qorachigirtka cho‘zib-cho‘zib chirilladi.           
– Ishingiz nima bo‘ldi? – so‘radi ayol – Tergovingiz tugay deb qoldimi?
Erkak indamadi. Xotiniga qiya qaradi:
– Biror nima desangiz-chi, odamning ichini pishirmay.
Eri o‘rnidan qo‘zg‘oldi, ko‘rpani oyog‘iga yopib o‘tirdi:
– Birovdan bir tiyin olmaganman, xudo ko‘rib turibdi-ku!
– Ha, xudoga ayon kimligingiz, lekin tergovchi bilan anov – betingni teskari qilgur bilmaydi-ku!
 – Mayli, ungayam boqqan balo bordir...
 – Shunday deysiz-da, siz, shunday deysiz! – Ayol javrashga tushdi – Xudodan boshqani bilmaysiz.
– Kufr ketma... ovozingni pasayt, enam uyg‘onib ketadi.
Xotini tinchidi, yonbosh cho‘zildi.
Oy teraklar tepasidan enib, tom ustiga tushdi. Eri ko‘rpani bo‘yniga qadar tortdi: – Po‘latov Bakir Temirovich, aybingizga iqrormisiz? – Oy shul’asiga boqib uch kun burungi suhbatni yodga oldi, – Talmovsiramang! – Tergovchi qalamning ketini stolga to‘q-to‘q urib, salmoqlab davom etdi. Shu qadar bosim bilan tikildiki, Bakir Po‘latovni ter bosdi, kaftlarini ezg‘ilab, ko‘zini olib qochdi.  – Hech kimdan pul olmadim, aka. Hali bugungacha birovdan bir so‘m so‘rashga tilim bormaydi – Taysallamang! Shikoyatchi tuyaqumirsqaday harf bilan lo‘nda qilib yozgan – So‘roqchi hashaki do‘q qildi, bir dasta qog‘ozni boshi baravar namoyishkorona ko‘tardi. Vajohatidan Bakir Po‘latovning ichida titroq turdi. – Aytdim-ku... – Tutila-tutila og‘iz juftladi, ko‘z oldidan bolalari o‘tdi. – Keldi. Ishim nima bo‘ldi dedi. Boshliqqa uchrashing dedim, – Keyin, “beshyumaloq” bo‘ladi deb shipshitgansiz, to‘g‘rimi? – Tergovchi tanasining yarmini stoldan oshirib, bostirib keldi. – Gapiring! Tilingizga kurmov tushdi?.
 – Keyin...
– Nima balo mum chaynayapsizmi, hadeb bir gapni ezg‘ilaysiz!
– Xonamda edim, kirib o‘tirdi, so‘ng: – Aka, menga shu joyni olib bering, rozi qilaman, dedi. – Bakir Po‘latov o‘sha kungi xotiralarni titkilab, voqealarni jonlantirishga kirishdi – Ochig‘i, stolga muk tushib ishlayotuvdim, e’tibor bermabman. Ikki kun o‘tib, yana so‘roqladi.
– Bu safar qaerda edingizlar? – So‘roqchi suhbatdoshining gapini bo‘lib, allanimalarni yozishga kirishdi:
– Ishxona hovlisida, tut tagida.
– Nimaga?
– Chekishga chiquvdim.
– Xo‘-o‘sh, gapni nimadan boshladi!?
– To‘ppa-to‘qsindan o‘rinbosarlikka nomzodimni kiriting, – dedi.
– Innankeyin-chi!?
– Boshliq biladi dedim.
– Avval nimani aytuvdi?
– Hech nimani.
– Boya “Ishim nima bo‘ldi deb keldi” dedingiz-ku!?
– Menam shunga hayronman.
– Nimaga hayronsiz, nimagadir kelishgansizlar-da, shuning uchun bostirib kelgan.
–  Bir kuni qog‘ozga ko‘milib o‘tiruvdim. Boshliq kelib, shapaloqdek varaq uzatdi. Unda bo‘lim boshliqligiga nomzodlar bor ekan. “Hujjatlarini taxlang!” – dedi chiqib keta turib.
– Orasida shikoyatchi bormidi?
– Ha.
– Nega bu lavozimga o‘tirmadi.
Devor ortidan xo‘rozning pat-patlab qanot qoqqani, so‘ngra zo‘r berib qichqirgani eshitildi. Mushuk allanimani mo‘ljalga olib, bo‘ynini cho‘zib hovlidagi bedapoyaga urdi. Yo‘ng‘ichqapoya orasi ilonizi bo‘lib tebrandi. Oy tobora pastladi, og‘il oldini shibat – soya qopladi. Yulduzlarning tusi o‘cha boshladi. Qibladan yana shabada qimirladi. Erkak xira tuman yanglig‘ oqimtir somonyo‘liga o‘ysiz boqdi. Tuman orasida g‘ira-shira yulduzlar miltiraydi. Ayrimlarini ilg‘ash qiyin. Bir pas o‘tib, miyasini osmon chiroqlarining sirli jilosi mavh etdi: “Yulduz – baland! – dafatan boshi-keti yo‘q fikrlar uyg‘ona boshladi – Ha, ular – yuksak, cheksiz koinot bolalari. Ularning g‘am-g‘alvasi yo‘q. Bola-chaqa demaydi, ro‘zg‘or kemtigi demaydi. Ular – ozod! Kimbilsin, umri ham abadiydir. Shuning uchun biz... yulduz ekan deymizda...”. Shu kez simyog‘och ostidan begona kuchuk o‘choqboshiga qarab lo‘kkilab yurdi.
– Tur, ket!
So‘kchakdagi kalishni otdi. It ortiga qayrildi, dumini qisib g‘ov tomonga yo‘rg‘aladi. Ayoli uyqusirab boshini ko‘tardi. Chovgumni olib tandirxonaga yurdi...
Simyog‘och chirog‘ining xira nurlari tushib turgan ayvonda qaynona-kelin nimalarnidir pichirlashib choy ho‘playdi. Ba’zan kosa qilib so‘yilgan tarvuzning suviga non botirib yeydi.
Tag‘in o‘y bosdi:         
– Bo‘limning yangi rahbari bilan boshliqlaringiz orasida biror nima sezganmisiz?
– Umuman oshqatiqligi yo‘g‘iydi.                   
–U nomzodligini bilarmidi, aytganmidingiz?
– Yo‘q, hech kimga og‘iz ochmaganman.
– Nega unda shikoyatchiga “beshyumaloq bo‘ladi” degansiz? Dangalini gapiring, o‘zingizga yaxshi bo‘ladi.
– Ikkinchi martasida xo‘jayinning oldiga kirdim.
– Nima dedingiz?
– To‘ra Qaytmasovich shu odam o‘rinbosarlikni so‘rayapti, xatingizda ham boriydi, nima qilamiz? – dedim.
– Televizordan ko‘zini uzmay: “Besh yumaloq” bo‘ladi, tayyorlanaversin” dedi.
– Chiqa solib xabarkashlik qilgansiz, – Tergovchi qog‘oz qoralab davom etdi – Paytida poraxo‘r rahabarni fosh qilmaysizmi?.
– Yo‘g‘-e, To‘ra akaning unday qilig‘i yo‘q.
– Ichiga kirib chiqmagansiz-ku.
Bakir Po‘latov jim qoldi. So‘rov egasiga ma’nosiz ko‘z tashladi.
Deraza pardasi osha sizib kirgan xira nur  yuzini badtar qoraytirgan. A’zoi badani terchilayotgan edi. Shinam xona, burchakda kompyuter stoli,  chapda bir tup qumanjir, undan berida hujjatlar taxlami, kompyuter ekranida qizil-sariq baliqlar u yoqdan bu yoqqa borib keladi.
Tergovchi tebranma kursida bir yonga bosibroq o‘tirdi-da, boshini liqillatdi. Qog‘ozlar taxlamidan xatjild sug‘urib oldi. Bakir Po‘latov qunishib, qiyofasiga ilhaq tikiladi. Bog‘ichni sekin-sekin, salmoqlab yechaverdi. Ichidan allaqanday varaqni olib, zo‘raki qovoq uyib, pichirlay boshladi: “Qamalib ketasiz, aka! – Ovozi bilinar-bilinmas, pashsha g‘o‘ng‘illaganday xona bo‘ylab suzadi – Yetti yil berishadi, balkim undan ham ko‘proq. Sodda bo‘lmang, aka. Sodda bo‘lmang!”. Bakir Po‘latovni zalvor bosdi, oyoq-qo‘llari qalt-qalt qilib, boshiga ari uya qurganday bo‘ldi; hech nimani eslolmaydi, tili kalimaga kelmaydi.
A’zoi badanidan ter quyulaverdi. “Nega bunday bo‘lishi mumkin – dafatan miyasiga shu fikr urdi – Qaerda xato qildim?!”. So‘roqchi barmoqlarini labiga bosib, sahifalarni birma-bir o‘tkazdi:       
– Sizni boshqa tergamayman, – Allanimalarni o‘qish barobarida so‘ray boshladi – To‘ra Qaytmasovich bilan yangi o‘rinbosarning tanish-bilishchiligidan xabaringiz bormi?
– Ular yaqin emas edi-yov.
– Shikoyatchi Esirov bilan-chi?
– U To‘ra aka bizga kelmasidan avval ishlardi.
– Nima ish qilgansiz, o‘zi?
– Bo‘limda bosh mutaxassisman.
– Hey, bunchalik anqov bo‘lmasangiz! – So‘rov egasi ilkis ovozini balandlatdi, qo‘lini paxsa qildi – Bosh mutaxassisligingiz ma’lum, ular orasida qandaydir aloqa bo‘lganmi deb so‘rayapman!   
Gumondor yelka qisdi, o‘yga cho‘mdi.
Tevarakda ayolidan bo‘lak qora yo‘qligini bilib yotaverdi.
–O‘rinboy, ma, suv ich – Ichkaridan kampirning siniq ovozi eshitildi – Bosliqdingmi? Yig‘lama, berman ke, o‘zimning quluntoyim”.
Yana bir pas yotdi. Og‘il tomonda oppoq sut ipakdek eshilib, chelakka tiz-tizlab urildi. Hayal o‘tmay chelak ichi sho‘r-sho‘rlay boshladi. Tag‘in xayol tortdi:
–  Hech balo sezmaganman.
– Odam sal sinchkovroq bo‘lish kerak, aka. – Tergovchi belgisiz tomonga qarab so‘zlandi – Xudobexabar, lallayib yurasizlarda...
– Rostini gapiring aka, kesilib ketamanmi?
– Bo‘lmasam-chi, ishni yopishim kerak.
– Jon, aka! – Bakir Po‘latov hech narsani tushunmadi, lekin qarshisidagi odamdan umid qildi. Umid qilgandayam qismatim shu kishining iligida deb ishondi – Ixtiyorim sizda ekan, yordam bering, uchta qovurchini qotmagan bolam, pishib turgan enam bor...
–Menga qarang – Tergovchi past ohangda, dona-dona qilib davom etdi – Siz e’tibor bermagansiz, jamiki qilg‘ilik atrofingizda bo‘lib o‘tgan. Siz esa, – Bir-ikki daqiqa so‘zsiz turib qoldi – Hammani birday bilgansiz, jinoyatni o‘zingizga qildirayotgandayam, buyruqni bajaravergansiz, o‘rgildim! Siz, sizning joyingizni ko‘zlagan, tushundingizmi! Endi men qanday yordam bera olaman?.
Bakir Po‘latov angrayib, lab juftlagani madori yetmadi. Tinkasi qurib, oyog‘idan quvvat tortildi. Tizzalari qaltirab, ichidan issiq hovir ko‘tarildi. Tili tanglayiga yopishib qolganday edi. Bazo‘r kuch to‘plab so‘radi:
– Akajon, shu topda haqiqat nondanam azizroq, tozaligimni isbotlab bera olasizmi?
– Qo‘limdan kelmaydi.
Kun peshinga og‘di. Oftob chiyparda oralab, devor bo‘ylab olaquroq soya hosil qildi. Tergovchi stol tagiga engashib suvidishni oldi; qult-qultlatib piyolani to‘latib sherigiga uzatdi. Shaqirlatib kompyuterda allaqanday xat bitdi. Xatjildni yopa turib, Bakir Po‘latovga bir dasta qog‘oz berdi-da “o‘qing” deya imladi...
– Sud hal qiladi! – dedi xonadan chiqish oldidan.
– Turmaysizmi? – Xotini tandirxona tomonga o‘tayotib gap tashladi – To‘shaklarni yig‘ib olay, enam turgan.
Tongotar qirmizi tus olib, bahaybat tog‘lar, bepayon dalalar, muazzam bog‘lar oshib Erganakliga yetib keldi. Ulkan qari olmaning pushtirang mevalari, g‘ij-g‘ij barglari shafaqdan yaltiradi. Yo‘ng‘ichqapoya uzra jimirlab, shudringlar kumush tusga kirdi. O‘choqboshidan ho‘l o‘tinning achimsiq oqish tutuni ko‘tarildi. Xotini sigir boshvog‘ini o‘rab podaga haydadi. Tapchan tevaragiga suv sepib, dasturxon yozdi. Onasi nevarasining sutiga non to‘g‘radi.  
–  Ro‘za kirmasdan otamga osh berishimiz kerak, – Omindan avval onasiga yuzlandi – Ma’rakasini ertaroq o‘tkazsakmikin...
–  Bugun ro‘zaning birinchi kuni, hayit bilan birga bo‘ladida endi – Onasi yuziga fotiha tortdi – Yo‘l bo‘lsin, otlanib turgandaysan.
–  Shaharga tushib kelay.
–  Tinchlikmi, ishqilib?
–  Ha, bir-ikki tashvishim boriydi.
–  Mayli, – Pichirlab duo o‘qidi ichida: – Qasd qilganlar past bo‘lsin, – Ovozini balandlatdi: – Hamisha xudoyim panohida saqlasin.
Uy ichi qo‘zg‘oldi: onasi buzoqni sudraklab bedazor girdiga arqonladi. O‘g‘li og‘il burchagidagi eshagini yetovga oldi...
–  Menga qara, egnimga qalinroq narsa ber, – Uy biqinidagi darchadan chiqa turib to‘xtadi.
–  Chillada qalin kiyimni nima qilasiz?
–  Aytganimni qilsang-chi!
–  Mabodo, bir-ikki kunda qaytmasam, – Uzoq-uzoqlarga qarab so‘zlandi – Qoraqishloqdagi Butunboy tog‘amni aytib otamning yilini o‘tkazinglar...
Xotini esankiradi, bo‘g‘inlari bo‘shashdi, ichida nimadir chirt uzilganday bo‘ldi. Qovog‘iga yosh qalqdi. Gapira olmadi...
–  Jo‘rtaga aytdim – Kulimsirab ayolining sochini siypadi – Hamma gapimga e’tibor beraverma.
Yo‘lga tushdi.
Xotini shu ko‘yi so‘zsiz turib qoldi.
Tuprog‘i bilqillab yotgan ko‘chada bir-bir qadam bosadi. Tovonidan ko‘pchigan chang selgib turib qoladi. Yelkasiga tashlab olgan kostyumi onda-sonda ohista tebranadi. Boshini egib, ayolining xayolida kichirayib, yetmish yoshar cholday bukchayib olislayverdi. Burimga yetavergan sayin bamisoli qoraga aylanib, saratonning hil-hil hoviriga singishib ketdi.

III

Bir kunda Erganaklining osmonida o‘nga yaqin, balkim undan ham ko‘proq samolyot keksa qarchig‘ay misol pastlab, boshga tegay-tegay deb parvoz qiladi. Qo‘nayotib ham, ko‘tarilayotib ham shunday – yerga yaqin, Erganakli bolalariga yondosh uchadi. Hali qismatning talxu taqirini bilmagan go‘dak podachilar uchoq bo‘ylab chopadi.
Chopaveradi.
Gohida govmishlarini yo‘qotib, kattalardan dakki eshitadi. Ammo, temirlochinlarni quvishdan charchamaydi.
Charchash bilmaydi.
Yovshanu yantoqzorlar oralab, tikanak bosgan kovulzorlar oralab yuguradi.
–  O‘rinboy chop, anov samolyot seniki! – Kunda kuyib, yelka terisi archilib ketgan kamshik bolakay bor bo‘yi qichqiradi – Otam aytdi, dadang samolyotda kelarkan. Yugur!!!
Chilla jamiki tiriklikni tovaga solib qovurganday qizdiradi. Adirlar adog‘idagi qishloq o‘lik chiqqan hovliday tinchib qolgan. Faqatgina servahm jarlar aro loyqa Bulung‘ur eshilib-buralib oqadi. Ishtonchan podaboqarlar Imperator pingvinlari kabi bahaybat qoyalardan qiyqirishib suvga tashlaydi.
He-e uzoqlarga dam ko‘rinib, dam ko‘rinmay suzib boradilar...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.