OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Suyunov. Oti borning oti bor! (esse)

Qishning zamharir, etni simmillatadigan ayozli kuni. Bepayon kengliklar qo‘ynidagi yaydoq sayhonlik. Sayhonlik mag‘ribida Kaltepa qishlog‘ining qora-qura uylari elan-qaran ko‘rinib turadi. Soy labi bo‘ylab turli-tuman avtoulovlar turnaqator bo‘lib tizilib olgan. Bu yerda bedovlar pishqirig‘i qaynaydi, qamchilar tarsillaydi, polvonlarning urho-uri guvillaydi. O‘rtada uloq talash, yo‘q, uloq emas, sha’n talash, or-nomus talash! Vizillagan qamchilar zarbi-yu, arg‘umoqlarning zarda bilan kishnashi shundan darak beradi.
Nogahon galani o‘mrovdor to‘riq  ot yorib o‘tib, chortoqqa qarab qo‘yib ketdi... Bakovullar to‘riqqa shubha bildirdi chog‘i, sovrinini bermadi. G‘ala-g‘ovur boshlandi; kimdir to‘riqniki halol dedi, kimdir esa...
 – Hey, Raim g‘o‘jal! Sen nima deysan? – qichqirdi yoshi ulug‘ bakovul. – Manov polvon chilvir o‘ramadimi?
Hakam xitobini baland ovozda uch-to‘rt marotaba qaytardi. To‘dadan qorachadan kelgan, qisiqko‘z polvon jiyron otda chiqib kelaverdi... “Shertoy halol ayirdi, – dedi chortoq (bakovullar turadigan joy)  qarshisiga kelib – Solim (sovrin) ini beraveringizlar”. Bakovullar birvarakayiga to‘riqnikini halolga chiqarishdi.
  Qadrli o‘quvchi! Qipchoq lahjasida ishlatiladigan g‘o‘jal so‘zi – ishkal, ishkalchi, ishbuzar degani. Biz ko‘rgan, siz guvohi bo‘lgan yuqoridagi ko‘pkari syujetida mazkur so‘z bilan bog‘liq qiziq holat bor. Ya’niki, Raim polvon chindan ham g‘o‘jal – ishkal, ishkalchi yoki ishbuzar bo‘lsa, nega hakamlar undan maslahat so‘rashdi? Nega uning xulosasidan so‘ng qat’iy hukm e’lon qildi? Yoki bu so‘zning boshqa ma’nolari bormikin...
Adabiyotdan ma’lum, siz-u biz ko‘p uchratadigan esse janridagi ushbuda Raim polvon bilan bog‘liq va aynan uning “g‘o‘jal”ligi borasida ba’zi mulohazalarni o‘qiysiz.
Ha-ya, bundagi fikr, iqtibos, maqol yoki tashbeh polvonniki...

Menkim, Raim polvon Ko‘bayxon o‘g‘li...

Odamning olg‘iri oldinda deganidek, otning ham tentagi ko‘pkari qiladi. Bu o‘rinda olg‘ir deganimni noto‘g‘ri tushunmang!  Bizda (Bulung‘urda) olg‘ir deb shijoatli, uddaburon, qaytmas va serg‘ayrat kishilarga ham aytadilar.
Yilqining yuragi puch – qo‘rqoq bo‘lmasa, albatta, to‘dayorar bo‘ladi. To‘dayorar ot –  polvonning qanoti. Agar tagingizdagi chorpoya qomati katta, tanasi baquvvat bo‘lgani bilan qo‘rqoq bo‘lsa, to‘daga kirmasa, uloq ayira olmaysiz. Polvonlar bunaqa otlarni dabang deyishadi. Yana, jussasi mayda  otlarning ham katta uyurni yorib chiqishi qiyin. Bundaylar faqat quvma (otlarni qizitib olish uchun katta ko‘pkarilarning  avvalida bo‘lib o‘tadigan uloq) da yaxshi chopadi. Ingichka, ya’ni qorinsiz yilqilar ham uloqqa yaramaydi. Qarchig‘ayi ensizlari ham shunday. Chunki ularning ustida egar turmaydi. Aniqki, bunday bedovda to‘daga kirishga polvonning yuragi betlamaydi, takaga uzanganida abzal og‘ib ketadi. O‘mrovi tor chorpoyalar ham yaxshi emas. Uloqchi arg‘umoqning ko‘kragi keng bo‘lishi shart. Otning quymichi kengish, olchoq bo‘lishi kerak. Bunday yilqilar surinmaydi.  Beli baquvvat ot – polvonning orzusi. Chunki shunaqa ayg‘ir  istalgan to‘daga qiynalmay kiradi, yana, arg‘umoq ustida o‘zingizni oromkursida o‘tirganday sezasiz.
Endi yaxshi otning qulunini-da ta’riflab o‘tay. Kelajakda to‘da yoraman deydigan ot bolasi lablari cho‘zinchoq (pastga osilib tushgan), oyoqlari uzun, quymichi keng, quloqlarining orasi ochiq, to‘shdor, sag‘risi yapaloq va bo‘rtiq, o‘mrovi baland bo‘ladi. Agar qulunning old oyoqlari orasi – o‘mrovining enishiga bir musht sig‘sa undan haqiqiy arg‘umoq kutsa arziydi.   
Menkim, Raim polvon Ko‘bay chavandoz o‘g‘li – qariyb yigirma besh yil maydonlarda ot surib, menman degan bedovlarning jilovini qayirgan, otdan otni fahmlaydigan sinchi sifatida shuniyam ildirib o‘tay, otning zo‘ri qorabayir bo‘ladi!
Qorabayirning-da tozasi uloq chopadi.  Har uchragan chorpoya arg‘umoq emas, ya’niki, hozir bizning uloqlarda ko‘p uchraydigan yilqilar qorabayirga bir-ikki qorin uzoqlashgani, zoti buzilganlari! Asl qorabayir men boya aytganimday bo‘ladi. Bunday otlar bugun Zominning otbozlarida, Baxmalning qirg‘izlarida bor. Masalan, Zominlik Sultonxon eshonning yilqilari, Urgutlik Zayniddin akaning “Tayson”, Jizzaxdagi “45”, “Rembo”, Baxmaldagi “Tornado”, “Oqyol”, G‘allaoroldagi “Ko‘kkaptar”  laqabli uloqchi otlar qorabayirning tozalari. Ilgarilari bizning Oqtoshda ham asl qorabayirlar bo‘lardi. Bolaligimda qishlog‘imiz etagidagi Kaltasoyda, G‘o‘bdintog‘ning lalmi adirlarida shunday uyurlar o‘tlab yurardi. Otamning ular orasida to‘rt-beshta (aniq sonini bilmayman) biyasi, qulunlari bo‘lardi. Esimni tanib, yoshim o‘ndan o‘tganlarda ham uyurdan xabar olgani borardik. Keyinchalik zamon o‘zgarib, odamlarning otga qiziqishi susayib ketdi. Ko‘pkari bo‘lmagandan keyin uloqchi otga hojat qoladimi?. Nafaqat bizning, atrofimizdagi barcha otbozlarning ham yilqiga nisbatan shashti tushdi. Eslasam, o‘sha paytlar bir kilogramm arpa sal kam bir kilo go‘sht narxida edi. Oradan bir necha yil o‘tib, odamlar o‘zini o‘nglab oldi, el ko‘pkarini qo‘msay boshladi. Ammo bizda qorabayirlardan tuyoq izi qolgan edi... Shukrki, Zomin va Baxmalliklar ana shunday kezlarda ham zot saqlab qolgan ekan.
Qorabayir degani ham onasining qornidan tusha solib uloq chopib ketavermaydi.
Yilqini otboz ot qiladi! Asl arg‘umoqlar odamning yuragidan sizib chiqayotgan mehr bilan yaraladi. Hammayam ot saqlab, ko‘pkarilarda ko‘krak kerib yura olmaydi. Bunday baxt ot ilmining pirlariga nasib qiladi. Aslida yilqini to‘g‘ri parvarish qilish, fe’l-atvorini o‘zgartirish katta ilm. Masalan, bir xil otlar ko‘p yillar har qanday uyurni yorib, egasi cho‘tlagan solimni olib kelgan. Lekin boshqa birovning qo‘liga tushib, to‘daning yaqiniga yo‘lay olmay qolgan. Baxmalning Mirzaesagisidan Amiriddinning “Olaoyoqto‘riq”i taqdiri shunday bo‘ldi. Toy payti qarovi yaxshiligi uchun mayda uloqlarda to‘daning oldi edi. Keyin uni Uzoqboy rais sotib oldi-yu ikki yilda “Odamxo‘r” degan laqab orttirdi. Chunki, yilqining qarovida tartib yo‘qoldi, har kim duch kelganda minib, o‘tli-o‘tsiz joylarga tashlab ketaverdi. Toyning to‘qidan och mahali ko‘p edi. Natijada ot badjahl bo‘lib qoldi. Kamiga raisning bolalari qiziq-qiziq bilan hali g‘o‘nonga chiqmasi biyalarga “choptirdi”. Ana undan keyin to‘riq odam zotini yaqiniga yo‘latmay qo‘ydi. Shundayam egasi zo‘rlik bilan bir-ikki yil boqib, katta ko‘pkarilarga soldi. U to‘dada ilkis oldini ko‘tarib yonveridagi polvonlarning ustiga tashlanib qolar, ketidagilarga tuyoq sermar  edi. Mening ham boshimni bir-ikki marta g‘ajigan. Haliyam telpagim pishiq edi, tishi qattiq botmagan.
Xullas, uni hech kim minmaydigan bo‘ldi va egasi qazi qilib qutuldi.      

Ko‘pkari – ko‘pning o‘yini

Birodarlar, ko‘pkari – ko‘pniki, to‘g‘rirog‘i, eliboyniki!
Ba’zida ko‘nglining tubiga tugib qo‘yganlar uloq beradi, ba’zida “Bu – ota-bobolarimizdan qolgan udum”, deganlar shunday to‘y qiladi, yoxud tirnoqning qadrini boshidan o‘tkazganlar: “Yo, Olloh! Qulunday o‘g‘il tortiq qilibsan, chupronida polvonlar toy-tuya talashsin, ovozasini ko‘p yillar gapirib yurishsin!” deb katta izdihom uyushtiradi.  Ana shu uch sabab bilan maydonlarda otlar to‘planadi. Bizga o‘xshaganlar biror to‘bichoq topilsa ham to‘daga uradi o‘zini. Ey, bunda polvonman degan odam pul uchun yoki biror solimning ilinjida uzangiga oyoq solmaydi. Chavandozni bunday kezlarda otning jini, ko‘pkarining hoviri ko‘taradi. Pishqirib turgan bedovlar galasi ichida, tarsillab turgan qamchilar ostida “hay-hay”lab takaning bir poychasidan tortib, sherigidan “qo‘shtaqim qilaylik” degan elanishni eshitganda to‘qson ikki tomiri yayrab ketadi chavandozning...
 Qo‘shtaqim – takani sherikchilik bilan yoki kelishib tashlash degani. Bu – yaxshi usul emas! Chunki, polvonlar to‘dada til biriktirib ketaversa uloqligi qoladimi uloqning!?
Bir xil ko‘pkarilarda to‘y egasi katta solim aytilganda taka o‘rniga maydaroq tana tashlaydi. Tananing bundayrog‘iyam yo‘q deganda 150-170 kilo atrofida bo‘ladi. Endi o‘ylab ko‘ring, sal kam 200 kilo yukni yerdan uzib oladigan polvon qanday bo‘lishi keragu tagidagi arg‘umoq qanaqa bo‘lishi lozim. Eh-he, tana ko‘taraman, deganlarning nechtasini ko‘rdik!.. Ana shunday paytlari uzangidoshlar bir-birini suyaydi; biror bilagi baquvvat sherigiga yordamlashadi. Baxmalning Jo‘mjo‘midan Murodilla shunaqa. Uncha-muncha tanani yerdan dangal uzib, taqimlay oladi, agar unga o‘ramat (hech narsaga kuchi yetmaydigan) otliqlar halaqit bermasa. Shuning uchun Baxmallik polvonlar buqa tashlangan mahali Murodillaning atrofini o‘rab turishadi. Imkon qadar begona polvonlarni to‘daga kirgizishmaydi. O‘rni kelganda o‘zimizdan Tangir polvon bilan bog‘liq bir hodisani eslab o‘tsam.
Voqea saksoninchi yillarda Qozog‘istonning Yettisoyida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda qozoq birodarlarimizdan biri o‘n yil xudodan tirnoq so‘rab, o‘ninchi yili tug‘ilgan o‘g‘ilining sharafiga juda katta ko‘pkari beradi. Maydonga Qozog‘istonning ichki o‘lkalaridan, Jizzax, Toshkent, Samarqand va hatto tojik va turkman otliqlar uzangi eshib boraveradi. Uloq kishi ko‘rmagan, dovrug‘i tillardan tushmaydigan sayilga aylanadi. Aytishlaricha, solimning eng kichigi bir juft echki bo‘lgan ekan. Yana aytadilarki, solimni juft ayttirgan ekan o‘shanda to‘y egasi. Masalan: birinchi tovoq – bir juft qo‘y, ikkinchi tovoq – bir juft turkmani gilam.., yettinchi tavoq  – bir juft toy va hakozo... Ko‘pkari odamning aqlini olar darajada qizib ketadi. Bu yerda bir-birini qamchilagan polvonlar, raqibiga  tuyoq sermayotgan serjahl arg‘umoqlar, ularni butun vujudi ko‘z bo‘lib tomosha qilayotgan ishqibozlar jam edi. Sovrin kattaravergani sayin davra qizib, chavandozu bedovlarning tomirida qoni ko‘pirib boraveradi. Ana shunday ur-to‘polon uyurdan kutilmaganda juft toyning buqasini taqimiga olib o‘zimizning Tangir polvon sibjirilib chiqadi. Eh-he, o‘shanda bizdan borgan tomoshatalablarning “Tangir, bedovning yem yegan joyiga ur! Bo‘sh kelma,Tangir!”, deb baqiraverib tomoqlari bitib qolgan. Bulung‘urliklar buqani o‘zlari yelkalab ketayotgandek terga tushib ketadi. Uzoq ur-surlardan keyin Tangir polvon somonni dangal ishg‘ol qiladi. Lekin qozoq polvonlar xusumat qilibmi bakovullarga: “Uning solimi harom”, deb turib oladi. Buqa qaytadan tashlanadi. Bu safar ham Tangir polvon to‘da surib keladi. Ular endi ochiqchasiga zo‘rlikka o‘tadi, yana solimini “harom”ga chiqarishadi.  Tana uchinchi bor maydon ko‘radi. Taqdirni qarangki, yana Tangir polvonning bilagidan kuchlirog‘i topilmaydi. Polvon uchinchi marta buqani sudrab kelib, bakovullarga: “Ko‘zlaringiz ko‘z emas, po‘stakning yirtig‘i ekan...”, deb zarda bilan otiga qamchi berib o‘tib ketadi. O‘shanda qozoqlarning yoshi ulug‘laridan bir-ikkisi ortidan ot qo‘yib: “Jon bo‘tam! Oti qozoqni isnodga qo‘yma”, deb elanib keladi va polvonning solimini berib, ustiga zarbof chopon tashlaydi.
Tag‘in eski chavandozlar ham eldan uyalganidan ko‘pkari beradi. Umrbo‘yi egar ustida elma-el, uloqma-uloq yurgan odam qarigan chog‘ida ko‘pkari bermasa ko‘ngli joyiga tushmasa kerak, menimcha. Eldan yig‘ib olganini qaytadan to‘y ustida sochmasa polvonlik nomi qoladimi chavandozning!? Rahmatli otamning shunday niyati bor edi. Xudo kunidan qisgan ekan ko‘ra olmay ketdi nevaralarining xatnasini. Otam haqidagi xotiralarimning aksariyati otga qiziqqanligim uchunmi yilqi bilan bog‘liq. Gap kelganda otam – Ko‘bay polvonni eslashimning sababi shuki, u kishi katta to‘dalarda qadami siyraklashib qolgan kezlari bir-bir tashlab turardi. Solimlarini uyga kelganida nevaralari (to‘ng‘ich akamning o‘g‘illari)ga atab: “Bular – tirgaklarim! Shularga suyanaman-da”, deb suygich edi. Orqasidan “Eldan yiqqan butun umrlik qarzimni sunnatida sochaman”, deya qo‘shib qo‘yar edi. O‘ylab ko‘rsam, shunday o‘y bilan umr surib o‘tish ham mardlik ekan. Illo, Yaratgan ana shunday xayolda yurgan taqimizo‘rlarni niyatiga yetkazsin!
 Jomboylik G‘ayrat polvon yaqinda shunaqa to‘y berdi. Bahorning boshi, qishning keti bilan G‘o‘bdintog‘ning pastqam adirlarida juda katta sayil qildiki, ta’rifi kunchiqarda Andijonning polvonlari, kunbotarda Buxoroning chavandozlari og‘zida ketdi. Chorpoya soni minglar bo‘ldi-yov. Bakovullar kelishib, somonni ikkita qiladigan bo‘ldi. Agar shunday qilmasa boshi-keti ko‘rinmaydigan galani sig‘dirish qiyin edi-da. O‘sha kuni “To‘qqiz” chopildi.
“To‘qqiz” deganimiz ko‘pkarining “xo‘roz”i bo‘ladi. Bunda somon ikki joyga qurilib, polvon bir hamlada takani u somondan bunisiga olib kelishi lozim. Bu – juda katta mashaqqat va kuchli bilak talab qiladi. Takaning borib-qaytishiga tovoq tikiladi. Har bir tovoqqa alohida solim aytiladi. Masalan, birinchisi – bir echki, ikkinchisi – bir qo‘y..., to‘qqizinchisi – bir tuya va hakozo... O‘sha kuni shogird-ukam Zohid polvon baxmallik Boyahmadning “Oqyol” laqabli oti bilan “To‘qqiz”ni oldi.

 “Polvon qamchi o‘ynat, bakovul zot ayt!”
              
 Gohida davralarda “Otning zo‘ri qanaqa bo‘ladi?”, deb so‘rab qolishadi. Aslini olganda ot ham odamday gap. U sezadi, tushunadi, ilg‘aydi, fahmlaydi, sevinadi, va hatto o‘ksiydi ham. Maydonlarda to‘rt-besh yil uloq olib chiqib yurgan yilqiga jilov shart emas; to‘daga kirib takani taqimga olsangiz bo‘ldi, galani yorib, chortoqqa qarab uradi o‘zini. Chunki u ana shu ishning hadisini olgan; to‘dani yaxshi tushunadi.
Bir yili Rahmon akam Bodbod qishlog‘idan bir to‘riq sotib oldi. Davralarga men yoki ukam – Ilhom minib borardik. Jonivorning qiziq qiliqlari bor edi. Agar ko‘pkarida tashlay olmasam, uyga yetib kelguncha quloqlari shalpayib, tobi qochganga o‘xshab oyog‘ini sudrab kelardi. Ayvonda kuzatib o‘tirgan dadam “Ha, o‘g‘lim otingning mazasi yo‘q, bir juft kalish bo‘lsayam ayira olmadingmi?”, deb hazil aralash gap qotardi. Otimning avzoyidan bilardi besolim qaytganimni. Agar biror jonliqqa tashlasam bormi bechora to‘rig‘im qora terga botib qolgan bo‘lsayam ko‘chamiz boshida uzun-uzun kishnab, tuyoqlarini dupurlatib bosib kelardi. E-e, u paytlari egar ustida chalqayib, uzangiga oyoq tirab yurishimni ko‘ring edi... Ich-ichimdan to‘rig‘imni suyib ketardim. Bo‘yniga shapatlab qo‘yardim. Jonivor quloqlarini  dikkaytirib, pishqirib o‘ynoqlardi. Menimcha, ana shu hayotimning eng shirin daqiqalari edi... Tasavvur qiling, o‘n besh-o‘n olti yoshli bola boshiga kuloh, oyog‘iga etik ildirib, urho-urlar qaynab yotgan to‘dadan zot ayirib qishlog‘iga ko‘krak ko‘tarib kelsa. Endigina qovurchini qotgan o‘g‘lining g‘alabasini yuragining tubi bilan his qilib, miyig‘ida kulib turgan ota “Barkalla, o‘g‘lim!”, deb  yelkasiga qoqib qo‘ysa...
Bundan ortiq baxt bormi odam uchun!
Bedovlarning belidan boldir oshirib, qamchining qulog‘ini tishlab to‘daga kiribmanki, otamning yuz-xotiri bilan yashayman. Ishqilib, ikki enlik joynamoz bo‘lsayam, dadamning qarshisiga “Bu – otning haqi-da”, deb yorug‘ yuz bilan borsam bo‘ldi deb ko‘p o‘ylardim bolaligimda. Uloqdan quruq qaytgan paytlarim otamning: “Uloq ayg‘irlarning olishuviga o‘xshaydi. Yengilgan jonivor kuch to‘plab yana janggga kirishgani misol, polvon ham bir ko‘pkaridan hech nesiz qaytsa, ikkinchisiga kuchliroq, e’tiborliroq tayyorlanishi kerak” degan yupatgich gapi bo‘lardi. Aslida o‘sha kezlar umrimning eng g‘alabali, shukuhli damlari yalov ko‘tarib o‘tayotganligini sezmagan ekanman. Gohi-gohida qishloqdagi to‘y-yu ma’rakalarda men haqimda orqavorotdan “Ko‘bay chavandozning Raim o‘g‘li toyga tashlabdi, yoki paydar-pay uch kelibdi somonga” degan serzavq hangomalarni eshitib qolardim. Tomirlarimda allaqanday jo‘shqin va farahli hislar gupurib ketardi. Ochig‘i, o‘zimdan-o‘zim g‘ururlanib qo‘yardim. Bunday davralarda otamning davradoshlariga yarim tabassum bilan “Buyam xudoning ishi-da. Yaratgan toleini baland qilsin” degan tashakkur monand ta’kidlarini ko‘p eshitganman. Otamning o‘sha paytlardagi masrur qiyofasi bir umrga xayolimda muhrlanib qolgan... Har gal u kishini eslasam ana shu nimtabassumi ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Keyin, mana bu satrlarini xotirlayman:

Polvon qamchi o‘ynat,
                              bakovul zot ayt!
Ayt, to‘ychiboboning davlatidan,
Sermastlangan bo‘taloqning savlatidan,
Larza solib gijinglagan G‘irko‘k otning
Bu maydonga tuyoq urgan – dastxatidan!
Ayt, bakovul Qur keldi – surur keldi,
Taqimizo‘r polvon bilan g‘urur keldi,
Ko‘pkaridasht bug‘ ko‘targan lahza bu chog‘,
Mayda odam xayoliga putur keldi.
Chalqayib kerilgan bunda bo‘z yigit,
Uzangi eshmoqda zot ayt, bakovul!
Qirmiz yuz, bodomko‘z, ro‘moli tivit,
Sanamjon kutmoqda, zot ayt bakovul!
Tuyoqlar tarsillar, yurak gursillar,
Gursillar tog‘larning qozondarasi!
Hey, siz nazarkarda bakovul ellar
Bir imo kutmoqda otlar galasi.
Ayting, momolarning qalbidan o‘yib,
Olis kelajakka meros so‘zlarni.
Shu so‘zlar sha’niga sag‘ana qo‘yib,
Go‘dak avlodlar ham eslar sizlarni.
Eslanar nomingiz qalblar tubida
Yod etar shaharlar, eslaydi ovul.
Simday botgan qamchilarning zarbida
Pishqirar bedovlar, zot ayt bakovul!
Simillagan qahratonning zabtin kesib ayt,
Qo‘chqor, buqa, toy, tuyani eshib-eshib ayt,
Bu davrada uloq bo‘lsin oriyat, nomus,
Hayqir, ey bakovul! Jondan kechib ayt.
Hov, ana tog‘lardan ko‘chgan ko‘chkidek
Bir uyur keladi, bamisli dovul.
Jiyron, to‘riq, buvril – kamon o‘qidek
Uchib kelayotir, zot ayt bakovul!
Dalalar qo‘ynida kezar bir tovush:
“Haloyiq eshiting! Toy tikdim” degan
“To‘ychiboboning borini to‘kdim” degan
“Olako‘z, g‘irromingni so‘kdim” degan

“Ol! Shunga, men bir gilam o‘tdim” degan
Ol-e, chavandozlar! Bakovuling solim aytdi...

Otdek orzusi bo‘lsin odamning...

Otning turli-tumani bo‘lgani kabi polvonlarning ham turfa fe’llisi bor. Masalan, birov toza chopadi, boshqasi olako‘zroq bo‘ladi. “To‘rqovoqning kadisi bor, har bir ishning hadisi bor” deganlariday uloq chopaman degan kishining o‘z yo‘li, uslubi, kerak bo‘lsa, mug‘ombirligi bo‘ladi. Sinchiklab kuzatadigan tomoshatalab  tez fahmlaydi buni. Vaziyat talab qilganda bu xususda, yanayam aniqrog‘i, o‘zimning va bir-ikki yaqin biladigan uzangidoshlarimning fe’l-atvorini gapirib beray. Masalan, Jo‘mjo‘mlik Murodilla to‘dada ot aylantirishni yaxshi biladi. Bu, mana bunday bo‘ladi: Uloq hakamlar tomonidan yerga tashlangach, epchilroq polvonlardan biri jussasi katta otni uyur ichkarisiga olib kirib, taka ustida abjirlik bilan aylantiraveradi. Natijada boshqa otlar keyinga tisralib, uloq ochiq maydonda qoladi. Ana shu kezda ot aylantirayotgan chavandozning sherigi ustamonlik bilan aylanayotgan ayg‘irning bo‘yni ostidan qo‘l uzatib, takani sug‘urib oladi.
Bir xil chavandozlar otni ayyorroq qilib tarbiyalaydi. Misol uchun, hamqishlog‘im Sobir chavandozning ilgari bir Bo‘z laqabli to‘bichog‘i bo‘lardi. Tanasi uncha havas qilarli, chopishi ham tez emas edi. Lekin o‘ta mug‘ombir edi. Bir kuni to‘daga ikkalamiz birga tushib qoldik. U takani yerdan uzib taqimiga oldi, men tortqilay boshladim. Surilib-surilib, galadan chiqib ketdik; men qo‘ymayman, u bermaydi. Tortishib-tortishib, maydonda ancha quvishdik. Chortoqqa yetavergandan keyin uchib borayotgan oti birdan taqa-taq to‘xtasa bo‘ladimi!.. Mening ayg‘irim nima bo‘layotganligini tushunib ham ulgurmadi, katta tezlik bilan o‘tib ketdik. Ishonasizmi, takaning poychasini tutib kelgan qo‘lim ikki joyidan chiqib ketdi. U bamaylixotir, somonga dangal tashladi.
Mening bilagim mahkam. Uncha-muncha takani yerdan uzib somongacha ko‘tarib keta olaman. Tortishganda, ko‘pchilik dog‘da qoladi. Shu sababmi, polvonlar imkon qadar to‘dada menga chap berishga harakat qiladi. Bir safar bunday bo‘ldi. To‘qsoninchi yillarning boshida, Tojikistonning Qirqarcha mavzesiga uloq chopgani bordik. Ular bizning, biz ularning zo‘rini bilmaymiz. Qo‘niqdan chiqib, otlarni sovutib olgunimizcha quyosh odambo‘yi ko‘tarildi. Qiziq, u tomonlarda uloq erta chopilar ekan, hash-pash deguncha Qur tikilib, ko‘pkari boshlanib ketdi. Oftob tikkaga keldi hamki, biznikilardan hech kim zot ayira olgani yo‘q... Qishning oftobyor kuni edi, ma    ydon balchiqqa belanib qoldi. Otlarning ahvoliga qarab bo‘lmaydi. Sheriklar bilan kelishib, nomiga bo‘lsayam biror solimga tashlashga qaror qildik. U paytlari Bulung‘urning dongdor otlaridan “Million”ni men chopardim. Davra shunday bo‘ldiki, shu arg‘umoqdan boshqasi to‘daga yaramay qoldi. Ko‘pkarining oxirlarida xudoga tavakkal qilib, toyning ulog‘iga egildim. Tojik birodarlarimiz begona bilib, otimniyam-meniyam savalab, qisuvga olib yotibdi. Ichimdagi hovir, tomirimdagi alamzadalik gupurib, hech qanaday zarbani his qilganim yo‘q. Yumshab qolgan takaning poychasini qo‘limga eshib, uzangining ostidan o‘tqazib, otni niqtayverdim. Jonivor to‘lqinlarni mensimay ildamlayotgan kemaday to‘dani surib boraverdi. Gapning lofi deb bilmang-u “Million” xuddiki shoqollar orasidagi arslonday u yoqdan-bu yoqqa, bu yoqdan-u yoqqa pishqirib ilg‘orlaydi. Odam baribir odam-da, bechora hayvonning oldini bir nechta otliq bo‘lib to‘sib, chortoq tomonning yo‘lini berkitib olgan. Kamiga, yuganni yechib, jilovsiz qoldirgan meni. Shu holatda chamasi ikki soat surdaklashib yurdik. Bakovullar ham, tomoshatalablar ham zerikib ketdi. Oraga ikki otliq qo‘shimcha hakam jo‘natishibdi. Ular kelib, mening chilvir o‘ramasdan, yugansiz otda ikki soatdan beri taka bermay kelayotganimni kattalariga yetkazishibdi. Bir mahal Qur tomondan: “Bulung‘urlik Raim polvonning toyi halol!” degan xitobni eshitdim. Takani tashlashimni ham-tashlamasligimni ham bilmayman. Xitob uch-to‘rt bor qaytalandi. So‘ng yonimdagilar qisuvni bo‘shatishdi... Toy meniki bo‘ldi.
Ilgarilari, katta zotlarga davogar chiqib yurgan paytlarim juda gajir fe’lim bor edi. Bir xil to‘dakash – katta zotlarni to‘da bo‘lib o‘maradigan polvonlarni ko‘rsam “yakka olib chiqinglar”, deb qaysarlik qilardim. Agar ularning solimini bakovullar ma’qullaydigan bo‘lsa, tortishib bo‘lsa ham takani qaytadan tashlatardim. Shu sababmi el orasida “Raim g‘o‘jal” degan nomim bor. Rosti, bundan uyalmayman. Chunki, to‘ychining yillab yiqqan mol-dunyosini xo‘jako‘rsinlik bilan taqimlab ketish noinsofning ishi. Rahmatli otam shunday degich edi.
Boya aytganimday otga qiziqqan, ko‘pkarining hovirini tuygan odam ko‘kayida bir martaga bo‘lsayam uloq bergisi bo‘ladi. Katta to‘yu tomosha qilib, elni dasturxon ustiga cho‘kkalatgisi keladi. Dadam rahmatli bir umr shunday orzu bilan o‘tdi. Biroq... Taqdirning hukmi bilan odamning orzusi har doim ham baqamti kelavermas ekan. Akamning bolalari xatnaga bo‘y berib qolgan paytlari tasodifan qazoning ishini bajardi. O‘sha yillari tangri toychoqday o‘g‘il bersa, otamning niyatini ro‘yobga chiqaraman – nevaralariga ko‘pkari beraman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim. Lekin ollohning irodasiga qarshi borgan yoki shak keltirgan joyim bormikan hanuzgacha o‘sha o‘y o‘yligicha qolib kelayapti...
Noumid – shayton, deydilar. Agar uyimning to‘rida o‘g‘il chaqaloqning yig‘isi yangrasa, albatta, bulung‘urlik Raim polvonnikiga ot qo‘yib kelaverasizlar... 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.