OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Ayiq bilan bellashgan polvon (hikoya)

Qunduz tog‘ani sakson bilan to‘qson orasida desangiz, hech kim ishonmaydi. Juda daroz ekanligiga qaramay suyagi yengil bu odam bir joyda o‘tirolmaydi, soyu qirlar, hatto tog‘u toshlargayam chiqib tushaveradi. Chillaning ayni jazirama pallasida tuproqli ko‘chalarni popillatib yalangoyoq kezgani kezgan. “Aziz jonni namuncha qiynaysiz? Yotmaysizmi, nevara-avaralarning tilagini tilab?!” deganlarga javobi bitta: “Ayagan ko‘zga cho‘p tushadi. Yurmasang bu oyoq deganlari dangasalashib borovuradi. Oxir-oqibat yurmay qo‘yadi. Ana, innaykeyin, boshqalar tugul bola-chaqanggayam yoqmay qolasan, ishlatgan saring ishlayveradi.” Oyoq jonivor ham bor-da, Tog‘ada: tuproqqa tushadigan izlar eng ulkan ayiq polvonnikidan bir yarim, ikki barobar katta. Shundan xulosa chiqarib, bo‘yu bastni tasavvur qilavering...
Qishlog‘imizda klub qurilishi boshlanganda o‘ninchi paxsasiga Tog‘aning bir o‘zi loy otib bergan ekan! Tumonat odam, ammo hech kimning qulochi yetmagan-da, o‘ninchi paxsaga! Daroz bu odamning fe’l-atvori ajoyib: quvnoq, beg‘ubor, sodda va samimiy. Qishlog‘imizning eng yuqorisidan ham olisroqdagi soy bo‘yida bostirma uy bor. Qunduz tog‘a bu kulbada o‘ziga deyarli tengqur kampiri bilan umrguzaronlik qilardi. Norimjon ocha choli singari serg‘ayrat, ishlab charchamaydigan, istarasi issiq kampirlar xilidan. Kattakon hovlidagi yumushlarni bir o‘zi saranjomlab, hammayoqni yog‘ tushsa yalaguday qilib, cholini jimgina kutib o‘tiraveradi. Qunduz tog‘a esa ko‘chadan beri kelay demaydi, sang‘igani-sang‘igan. Qishloqning to‘rt tarafiga tarqalib ketgan bola-chaqalari, nevara-chevaralarinikiga har kuni bir-bir kirib o‘tmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Birov hasharga chaqirsa sahar-mardondan borvoladi. G’oyat saxovatli, olijanob bo‘lgani uchun uni hamma tog‘a deb chaqiradi. Bu odam yurtning tog‘asi, deb maqtab ham qo‘yishadi. Kechqurunlari uyiga qaytayotib, mahallamiz guzarida ba’zan biz bilan yarim tungacha hangomalashadi. “Ochamizning yolg‘iz o‘zlari qolib cho‘chimaydilarmi?”, - desak, “Buvilaring chumchuqni ko‘zidan uradigan mergan-ku, chiraqaylarim!”, - deb qo‘yadi gumburlagan ovoz bilan jilmayib.
Boboga hammamiz havas bilan qaraymiz, gapga solamiz, hatto ba’zan hazillashib ham qo‘yamiz. Juda kech qolib oldimizdan to‘xtamay o‘taversa, baravar salom berishni boshlaymiz: “Assalomu alaykum, Qunduz tog‘a!” Darhol javob qaytadi: “Va alaykum assalom, chiraqaylarim!” Jannati bu inson ko‘zdan ko‘rinmay ketib, to tog‘dagi uyiga yetguncha biz jo‘r bo‘lib, salom beraveramiz-da, javob kutamiz. Quloqlarimizga elas-elas tovush keladi: “Va alaykum assalom, chiraqaylarim!...”
Qunduz tog‘aning yigitlik chog‘lari ayiqlar bilan “bellashib” o‘tgan deyishadi. Bobomiz biz bilan muloqot paytlarida ko‘proq bolalarni gapirtirib, maroq bilan tinglaydi, ba’zi o‘rinlarda astoydil va beg‘ubor ho-holab, o‘tirishimizni bezaydi. “Endi navbat sizga-da, tog‘ajon! – uni gapga solamiz bizlar ham qo‘yarda-qo‘ymay. 
– Ayiq bolalarini qanday qilib qutqargan edingiz? 
– Obbo, chiraqaylarim-ey, buni kimdan eshitgansizlar? 
– Endi, chala eshitganmiz-da, siz to‘liq qilib aytib bering, iltimos! – qistashni qo‘ymaymiz. 
– Kuz kirgan, ayni pishiqchilik paytlari edi, – hikoyasini boshlaydi bobo. – Olis archazorlar orasidagi qari archa kavagida o‘zimgagina ma’lum asalari uyasi bo‘lardi. Har yili chiqib, ortilib qoladigan bir-ikki chelak asalni olib qaytguchi edim. Shunisiyam borki, bahor yaqinlashganda yana bir xabar olardim. Agar ovqati kamaygan bo‘lsa, arilarni oziqlantirib qo‘yardim. Axir, ular bir martamas, har yili kerak-da, chiraqaylarim, to‘g‘rimi?”
Bizdan tasdiq javobini olgach, davom etardi bobomiz. 
– Bir gal archazorga yaqinlashganimda ari ini tomondan “taq-taq” etgan ovoz eshitila boshladi. “Obbo, kimdir asal olish ilinjida archani kesyapti, chog‘i”, odimimni tezlashtirdim. Yaqin borib qarasam, mendan yaxshigina tarsaki yegan katta ona ayiq ari ini bor ayrishoh ustiga o‘tirvolib, qo‘lida tosh, kuchi boricha archani urayapti. Maqsadi – ayrishohni ikki bo‘lib yuborib asalni olish! Hov, badbaxt, bolalaring qani?! – baqirdim ovozim boricha. Ayiq meni ko‘rdiyu, tanidi. Chunki o‘rinsiz qilmishi uchun tarsaki yegan edi-da! Xullas, toshni tashlab, tura qochdi. U ikki bolasi bilan qishdan chiqib, ergashtirib yurganini ko‘rgandim. “Bolalarini halitdan ajratibdi-yov, bu nodon?” Borsam, ayiqlar bola ajratadigan zov ostida ikki ayiqcha ho‘ng-ho‘ng yig‘lab o‘tirishibdi. Odam bolasi yig‘isining o‘zginasi. Mishiq-tupuklari oqib ketgan, mushti bilan artib-artib qo‘yishadi. Dam olvolgach, yana tepaga tirmashishadi, dumalab-dumalab zov tagiga tushishadi-da, yana o‘tirib yig‘ini boshlashadi. Bola ajratishda ayiqlar odati shunaqa: qaltis bir tepalikni tanlab, o‘zlari chiqib ketadi, bolalari zovda qolaveradi. Obdan qiynalib chiqvolgach, bolalar mustaqil yashab ketadilar. Bu ayiq bolalari hali juda kichik, tepaga chiqolmay, ochdan o‘lib qolishlari mumkin edi. Borib, ikkalasini tutdim-da, tepaga navbatma-navbat chiqarib yubordim. Qarasam, onasi tog‘ ustidan mo‘ralab turibdi. Unga musht o‘qtalib dag‘dag‘a qilib qo‘ydim. Ertasiga ataylab archazorga chiqib, ularni kuzatdim. Ikkala bolasini ergashtirib yurganini ko‘rgach, ko‘nglim taskin topib, asalari bilan mashg‘ul bo‘ldim...
– O’sha ayiqning quloq-chakkasiga tarsaki tushirishingiz sababi nimada edi?
– Bir kun qishloq arichilari shikoyat qilib qolishdi: bahaybat bir ayiq kechasi kelarkan-da, ari uyasini sindirib, asalini yeb ketarkan. Ular: “Ayiqqa shikast yetkazmasdan yordam ko‘rsatsangiz”, deyishdi. Oydin kecha edi, qalinroq kiyinib, ari uyalari yonida qurilgan chaylada poylab o‘tirdim. Bir mahal, ko‘zim uyquga ketgan ekan, qandaydir sharpadan uyg‘onib ketdim. Sekin eshikni ochib qarasam, kattakon ayiq inqillab-sinqillab ari uyasini ko‘tarib, zovga olib ketyapti. U yashikni tepadan pastga otib pachaqlar ekan-da, asalini yeb ketarkan. Men ochgan eshik ovozidan ayiq sergaklanib, yashik orqasiga o‘tib yashiringan bo‘ldi. Ildam emaklab bordim-da, dast o‘rnimdan turdim. Xuddi shu asnoda ayiq ham o‘rnidan ko‘tarilgan ekan. Ikkimiz sutdek oydinda yuzma-yuz turib qolibmiz. U menga zarba berish uchun harakat boshlashi hamon quloq-chakkasiga tarsaki tortib yubordim. Ayiq yuztuban ketib, to‘rt oyog‘i osmonda bo‘ldi. Darhol o‘rnidan turgan edi, bor ovozimni qo‘yib:
– Yo‘qo-ol, maymoq! Naq teringni shilvolaman! – deb hayqirdim. Tog‘lar gumburlab ketdi. U paytlarda ayni kuchga to‘lgan chog‘larim edi-da, chiraqaylarim. O’g‘ri ayiq o‘mbaloq osha-osha qochib borishini ko‘rib, o‘zimni tutolmayman, hoholagandan hoholayman!.. Shu-shu u asalari uyalariga yaqin yo‘lamaydigan bo‘ldi.
– Endi, ayiq bilan kurash tushganingizniyam aytaqoling, buvajon! – yana gapga tutdik bobomizni.
– Mayli-yu, bu so‘nggisi. Norimjon buvilaring uxlamay kutib o‘tirgandir, – yana hikoyasini davom ettirdi Qunduz tog‘a. 
– Qishlog‘imizga bir kun ayiq o‘ynatib yurganlar kelibdi. O’rinlovchi eshikni ochib: “Sizni Hulkar ota so‘rayapti, ayiq bilan kurash tushar ekansiz!” – deydi. Hulkar deganlari qishloq oqsoqoli. Men bilan qadrdon, uning gapini ikki qilib bo‘lmaydi. “Obbo, shunisi yetmay turuvdi!”. Borsam, qishloqning yoshu keksalari guzarga yig‘ilgan, o‘rtada kattakon erkak ayiq hunar ko‘rsatyapti. Qani xamir qoring, desa, ikki qo‘llab yerni savalaydi, loy pishiting, desa, tippatik turib ikki qo‘lini orqaga olgancha salmoqlana-salmoqlana loy pishitadi...
– Ana, polvonimiz! – Oqsoqol ayiq o‘ynatuvchiga meni ko‘rsatdi. Ayiq o‘ynatuvchi oqsoqolga shartini aytdi: “Polvoningiz agar ayiqni yiqsa, manovi radioni oladi. Kuchi yetmay qolsa, hammadan bir so‘mdan yig‘ib beradi.”
Hulkar oqsoqol menga qarab, nima qilamiz, degan ma’noda imladi. Qarasam, ayiqning jussasi ikki yuz kilodan ziyod.
– Aytib qo‘yay, – qo‘shimcha qildi ayiq egasi. – Bu deparalarda hozirgacha maymog‘imizni hech kim yiqolgan emas!...
Yuragimda xavotirlik hissi uyg‘ondi: bu ayiq tushmagur kurashning obdan hadisini olgan ko‘rinadi, yiqilib sharmanda bo‘lsam-a! Keyin qishloqda qandoq bosh ko‘tarib yuraman!” Shu payt sizlar singari chiraqaylarim qiyqirig‘i olamni tutdi: “Tog‘ajon, bo‘sh kelmang, kurash tushavering, mana, biz bormiz!..” Ayiq polvon bilan qandoq bellashib ketganimni o‘zim sezmay qolibman. Bir chirpinib ko‘tarolmadim. Qarasam, ayiq belimdan mahkam tutib, ko‘tarib otishga chog‘lanyapti. Sal sustlashsam ish pachava. Butun kuchimni bilagimga yig‘dim-da, “Yo, piyrim!” deb hayqirgancha ayiqni dast ko‘tarib yonboshga urdim! Olamni qiyqiriq bosib ketdi. G’azablangan ayiq o‘rnidan tura kelib, menga chovut solyapti. Yiqilib o‘rganmagan ekan-da! Shunda ayiqning quloq-chakkasiga birinchi marta tarsaki tortib ag‘darib tashlagandim!...
– Mukofotni olganmisiz? – chuvillashdik barimiz baravariga.
– U paytlarda elektr yaqinda kelgan, radio deganlari juda antiqa narsa edi. Idorangizda eshitib o‘tirasiz, deb qadrdonim Hulkar oqsoqolga sovg‘a qilganman...
Bu suhbat qishlog‘imiz tog‘asi bilan so‘nggi suhbat ekanini qaydan bilibmiz. Ertasiga azonda shum xabar tarqaldi: “Qunduz tog‘a kechasi tumanda adashib zovga tushib ketibdi, ertaga peshinga qadar chiqariladi!..” Hammamiz dafn marosimida hassa ushlab qatnashib, qishlog‘imiz tog‘asi uchun kuyunib-kuyunib yig‘laganmiz. Mana, shungayam oltmish yildan ziyod vaqt o‘tib ketibdi. Hanuz yurt tog‘asini alohida e’zoz bilan yodga olamiz...
Darvoqe, Norimjon ocha taqdiri nima bo‘ldi, dersiz? Bola-chaqalari shunchalik qiyin-qistovga olsalar-da, choliga sadoqati tufaylidan, kampir bostirma tomdan ko‘chmadi. Umrining oxirigacha tog‘a o‘tgan kulbada hayot kechirdi. To‘g‘ri, nabira-evaralari navbatma-navbat yonlarida bo‘ldilar, issiq-sovug‘idan xabar olib turdilar. Yuzdan oshib olamdan o‘tgan ochani butun qishloq ahli izzat-ikrom bilan yurt tog‘asi yoniga dafn qildilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.