OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Yolg’iz uchayotgan kabutar (hikoya)

Laylakqor erinibgina yog‘ar, Ortiqali ikkimiz katta-katta odim tashlab, bir maromda ketib borardik. Baland bo‘yli, chayir va ko‘rkam gavdali bu yigitning ota-bobosi mergan o‘tgan, o‘zi ham tabiatning tanti o‘g‘li edi. Miltiq ko‘tarib dalagami yo toqqa chiqsa, uning ovi o‘ngidan kelmagan kun yo‘q. Hatto keksa ovchilar ham uni omadi yurishgan yigit, deb maqtashadi. U ko‘pdan beri meni ovga chorlar, birga chiqsak, quruq qaytmaysan, deb ishontirar edi.
Kuzning oyog‘i, qishning boshi. Biz ov qilishni mo‘ljallab jo‘nagan tog‘lar safida eng baland va salobatli bo‘lmish Qoraqiya cho‘qqilarini odatdagidek qalin tuman o‘rab olgan. Shipshiydam dalalardan, tashlandiq bog‘lardan o‘tib bormoqdamiz. Yalang‘och daraxtlarda hayot nishonasi qolmagan, boshlarini egib, tumtayib turishibdi.
Ortiqali: “Yengil, quruq qor yoqqandan keyin ov yaxshi bo‘ladi”, der edi. Kecha shunday qor yog‘di, men katta ovdan umid qilib, do‘stimga ergashgandim.
Qor hamon uchqunlab turibdi, havo ancha sovuq. Shunga qaramay, birpasda qora terga tushib ketdim. Har qanday kibr-andishani yig‘ishtirib qo‘ydim-da, Ortiqalining izidan odimlay boshladim. Endi oyoq bosishlarim bir oz yengillashgandek bo‘ldi-yu, bari bir o‘qtin-o‘qtin gandiraklab ketaman. Bir bahona topib, ortimga jo‘nab qolmoqchiman, biroq oriyat yo‘l bermaydi.
Buni sezgan Ortiqali o‘tmish voqealari, ota-bobosidan eshitgan ov xotiralaridan gap boshladi. Avval loqaydlik bilan eshitdim, bora-bora qiziqib ketibman. Badanimdagi ter qotib, yurak urishim ham bir tekis izga tushdi. Shunday qilib, tog‘ etagiga yetib kelganimizni bilmay qolibmiz.
Ortiqali to‘xtadi, miltiqni yelkasidan olib, kamaridagi o‘qlardan ikkitasini joyladi. So‘ng baquvvat kaftini yelkamga qo‘yib, menga boshdan-oyoq razm solgach, salmoqlab dedi:
- Mana, sovitilgan otdek bo‘libsan, do‘stim. Buyog‘iga charchamaysan. Ovimizning barori o‘zimizga bog‘liq...
Shundan keyin Ortiqali bugun bo‘ladigan ov rejalarini erinmay tushuntirdi. Uning uqtirishicha, men Qoratoshning chap biqini bo‘ylab ov qilib, Qatortoshga o‘tar ekanman, Ortiqalining o‘zi esa Qoratoshning o‘ng yonbag‘ridan borib, Teshiktoshga ko‘tarilarkan.
- Shundagina biror o‘ljadan umid qilishimiz mumkin. Chunki mendan uchgan yoki qochgan ov senga, sendan qaytganlari menga to‘qnash keladi, - dedi ovchi do‘stim jo‘nash uchun chog‘lanib.
Ortiqalining o‘zicha “fol ochishi” kulgimni qistatdi. Iljayganimni sezib qolib, o‘rtog‘imning jahli chiqmasin, deb teskari qarab oldim. Ikkimiz ikki tarafga qarab ketdik.
Men katta-kichik toshlar orasidan ehtiyotkorlik bilan o‘ta boshladim. Sal yurmay, kakliklarga yo‘liqdim. Cho‘chib tushib, tepkini beixtiyor bosib yuboribman. Kakliklar osmonda-yu, o‘qim besh metrcha nariga – qorga sanchildi. Eh, attang, o‘qim bekor ketdi-ya! Kakliklarning go‘zal parvoziga mahliyo bo‘lib, ularning ortidan uzoq qarab qoldim. Ular Qoratoshning o‘ng tomoniga uchib o‘tishgan ham ediki, u yoqdan qo‘shtig‘ miltiqning ketma-ket gumburlagan ovozi eshitildi. Yuragim hapqirib ketdi. So‘ng oyoqlarimni ohista bosib, yo‘limda davom etdim. Qiynala-qiynala nihoyat aytilgan marraga yaqinlashdim. Shu payt Teshiktosh tomonda qo‘shtig‘ning yana gumburlagan ovozi tog‘larni yangratib yubordi. Sal o‘tmay, o‘sha yoqdan bir gala kaklik men tomon uchib kela boshladi. Men ularning “g‘iyt-g‘iyt” ovoz chiqarishlariga, qanot qoqmay parvoz qilishlariga tikilgancha qaqqayib turaveribman. Kakliklar meni ko‘rib qoldilar-da, darhol chap berib, narigi toqqa o‘tib ketdilar. Mundoq qarasam, qo‘limda miltig‘im otish uchqun shay turibdi. “Noshudligim qursin, - dedim o‘zimga dashnom berib, - mening o‘rnimda Ortiqalidek ovchi bo‘lganda bormi, kamida uch-to‘rttasini tushirib olardi...”
Ortiqalining rejasiga avval kulgan edim, endi chinakamiga tan berdim.
Bu paytga kelib bulutlar taram-taram tusga kirdi, quyosh ham mo‘ralay boshladi. Qatortosh shamol tegmaydigan, hovonchaday dim va issiq joy ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu tog‘ning qori ham doim avval erib ketadi. Quyosh ko‘rinishi bilan dimog‘imga bahor isi urilgandek bo‘ldi. Toshlar orasidan qulay joy tanladim-da, ikki kaftimni boshimga yostiq qilib chalqa yotgancha atrofni kuzata boshladim. Naqadar go‘zal! Toshlar orasidan turli ko‘katlar dadil bosh ko‘tarmoqdalar. Quyosh taftidan eriy boshlagan qor suvi toshlardan “chak-chak” tomib, ko‘katlar ostiga singib ketmoqda. Allaqaerdan uchib kelib, bexosdan yonimga qo‘nib olay degan tog‘ chumchug‘i qattiq chirilladi-da, nariroqdagi toshga tushib, panaroq joyga berkindi. Keyin boshini sekin chiqarib, menga qaradi, cho‘zib-cho‘zib sayradi...
Teshiktosh tomondan har zamon-har zamonda o‘q otiladi: “Gum-um, gum-um!” Tog‘lar larzaga kelib, aks sado beradi. Gumburlash ovozlarini eshitganimda yuragim yana orziqib tushadi, mendan tuzuk ovchi chiqmas ekan, degan noxush fikr yuragimga soya solib o‘tadi.
“E, ov bo‘lmasa, tabiatdan rohatlansang-chi, nodon!” Shu fikr ko‘nglimga kelib, yuzimni quyoshga tutgancha ko‘zlarimni yumib, huzur qilayotgan edim, qandaydir qushlarning mayingina qanot qoqishlari qulog‘imga chalindi. Sekin ko‘zimni ochdim. Biroq hech narsa ko‘rinmasdi. Shundan so‘ng, o‘rnimdan qo‘zg‘alib, toshlar orasidan mo‘raladim. Ana menga ov! Ellik-oltmish metr chamasi naridagi katta keraga ustida bir gala yovvoyi kaptar o‘tirardi. Yuragim qattiqroq tepa boshladi. Men izlamasam ham o‘zlari kelib qolganini qarang! Ishqilib, endi bulardan quruq qolmay...
Hayajonimni bosa olmay, qo‘llarim titragancha miltiqni yerdan ko‘tardim. Qo‘ndoqni o‘ng yelkamga qo‘yib, chap ko‘zimni yumdim-da, galaning qoq o‘rtasini mo‘ljalladim. O’zlariga qaratilgan ajaldan tamoman bexabar bu qushlar orolanib taranishar, bir-birlarini yalab-yulqashardi. Yuragim “jiz” etgandek bo‘ldi. Sal tursam, o‘q uzolmay qoladiganga o‘xshayman. Ko‘zimni chirt yumdimu, tepkini bosib yubordim! Gumburlash bilan birga, kuchli zarb meni orqaga siltab tashladi. Kaptarlar gurillab havoga ko‘tarildi. “Nahotki o‘qim yana bekor ketdi?!” Shu payt toshdan-toshga urilib, pastga qulab tushayotgan kaptarni ko‘rib qoldim! Quvonchdan entikkanimcha, sakrab turib, o‘ljam tomon yugurdim. Jon talvasasida tipirchilayotgan kaptar yoniga yetib kelib, qo‘limni cho‘zdim-u, bo‘shashib turib qoldim. Mening aybim bilan bir beozor qush jon berayotgan edi. Buning ustiga, shu zumda yuz bergan antiqa sinoat meni battarroq lol qoldirib, qalbimni zirqiratib yubordi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uzoqlashib borayotgan kaptarlar orasidan bittasi ajraldi-da, to‘ppa-to‘g‘ri men tomon shiddat bilan uchib kela boshladi. U bor-yo‘g‘i o‘n metrlar chamasi nariga, boyagi kaptarlar o‘tirgan joyga kelib qo‘ndi. Boyoqish betoqatlanar, chiroyli bo‘ynini cho‘zib to‘rt tomonga alanglar, har qanday xavf-xatarni unutib, yo‘qotib qo‘ygan juftini axtarardi.
Ko‘nglimdagi xursandchilik o‘rnini o‘z-o‘zimga nafrat va qandaydir azob hissi qopladi. Biroq, nachora, endigi afsusdan foyda yo‘q. Nazarimda o‘zim ham tosh ustida mung‘ayib o‘tirgan kaptar ahvoliga tushib qolgandim. 
Shu payt toshdan-toshga sakrab Ortiqali yetib keldi. U yoniga o‘ntacha kaklik osib olgandi.
– E, ha... ovlar chakki emas-ku, do‘stim, – hazillashdi u o‘lib yotgan kaptarga imo qilib. – Endi qaytamizmi?
Men ma’yus bosh irg‘adim. Ko‘nglimga hech narsa sig‘mas edi. 
Katta yo‘lga tushib olganimizdan keyingina qo‘limda hech narsa yo‘qligini Ortiqali payqab qoldi.
– Ie, o‘ljang qani? – dedi u ajablanib.
– Mendan ovchi chiqmas ekan, tushirib qo‘yibman...
– Zarari yo‘q, – dedi Ortiqali. – Xafa bo‘lma, bu safar durust ov qilolmagan bo‘lsang, mana ko‘rasan, keyingi gal ishing albatta yurishib ketadi. Tomning boshiga birdan chiqib bo‘lmaydi-da, oshna! Manavi kakliklarning yarmi seniki, endi qovog‘ingni och, kelishdikmi?
“Mayli”, deganday bo‘ldim. Negadir bu haqda suhbatlashgim kelmasdi. Ortiqali bugungi chiroyli ovi tafsilotlarini so‘zlar, men bo‘lsam, o‘qtin-o‘qtin qanot qoqib, olis ufqlar sari uchib ketayotgan yolg‘iz kaptarni o‘ylardim...  

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.