OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Omon qolgan odam (hikoya)

1956 yili edi. Yetimxonada birga o‘sgan tengdoshlarimni uchratib qoldim. yigirma yilcha ko‘rishmagan bo‘lsak-da, men u haqda ancha-muncha gapni eshitib bilar edim. O’zim umrimda ko‘p qiyinchilik, mushkul vaziyatlarni boshimdan kechirganman. Lekin mening ko‘rgan kunimni buning ko‘rgiliklari oldida jannat desa bo‘lardi.
U tarixchi yosh muallim edi. 1941 yili urushga ketganini bilaman, keyin ko‘p o‘tmay, bedarak yo‘qolganini eshitdim. Urushdan keyin ma’lum bo‘ldiki, asir tushib, to‘rt yilda kontslager dahshatlarinn boshidan kechiribdi. G’alabadan keyin harbiy qismlarimiz qutqazganda, oilasiga darak keldi: ochlikdan chalajon bo‘lgan holicha gospitalga joylashtirishgan ekan. Ammo bir yil o‘tar-o‘tmay Kolimada emish, deb eshitdik.
Usha gapga ham to‘qqiz yil bo‘ldi. Demak, jami o‘n besh yilcha jahannam azobini chekib omon qolgan odam.
Lekin u hozir bunday kulfatni kechirgan kishiga sira o‘xshamasdi. Quloch yozib ko‘rishganimizda yana ham amin bo‘ldimki, u tog‘ni ursa talqon qiladiganday sog‘-lom, baquvvat, oq yuzidan kulgi charaqlab turibdi.
– Obbo, Fazliddin-ey...— dedim o‘sha tanishim ekaniga ishonqiramay. Sportchilarnikiday dag‘al, keng kafti bilan yelkamga urib qo‘ydi. Shuncha mudhish sinovlar kor qilmabdi, azamatga. «Biz detdom bolalari hammamiz shunaqamiz o‘zi — deya g‘ururlanib qo‘ydim,— mushkul yillar qaddimizni bukolmay o‘tdi-ketdi, biz esa o‘sha-o‘sha tetik!..
– Obbo, sen-ey, yur ketdik!
– Qayoqqa?
– Qayoqqa bo‘lardi, hovliga-da, o‘tgan qora kunlarni eslab chaq-chaqlashamiz, og‘ayni.
– Yo‘q,— dedi u.
– Yigirma yilda bir ko‘rishib-a?
– Yo‘q, Qo‘qon xonligining elchisi qabulxonamda kutib o‘ltiribdi... Siz ham boring. Xurosonda vaziyat og‘ir...—dedi u.
Ko‘zlarimni pirpiratib, yuziga boqsam, hazillashayotgan kishiga o‘xshamaydi, jiddiy. U-bu gap topgunimcha «xayr» deb jo‘nab ketdi.
– ... Attang...— deya shivirlab, terakka suyangancha orqasidan qarab qolaverdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.