Tog‘larga chiqishni bobomdan o‘rgandim. Bahor kelishi bilan bir zavq dilimni qitiqlaydi. Uning qiyosini hanuzgacha izlab topolmayman. O‘zbek bobomning ortidan chopqillab-chopqillab yolg‘izoyoq so‘qmoqlardan yuqoriga ko‘tarilib boraveraman, xuddi ertaklardagidek...
Tog‘ning ilondek bilanglab ketgan yo‘llarida har qadamni ehtiyot bo‘lib qo‘ymasang, hayotingga bir zumda nuqta qo‘yilishi hech gapmas. Qirlar yo‘llarimizni bog‘layveradi. Bu yog‘ida yo‘l yo‘q desam, yana yo‘l chiqadi. Borgan sari yuqoriga ko‘tarilib boraveramiz, bobomning menga yod bo‘lib ketgan mahzun xirgoyisi yangraydi:
Tog‘larda devona kezdim,
Yo‘llarda monandi hur.
Ko‘chalarni to‘ldirib chiq,
Tutqazay qo‘lingga gul...
Qo‘lida yog‘langan qip-qizil zarang tayog‘ini ko‘z-ko‘z qilib yuqorilayotgan bobom ko‘zlarini tog‘lardan uzolmaydi. Men esa olislarda savlat to‘kib turgan keksa tog‘larga hayratlanib-hayratlanib qarayman. Yurgan ko‘yi ko‘zlarimni yo‘ldan uzmayman. Bobom har qadamda «yo‘lga qarab yur», deydilar. Nojo‘ya qo‘yilgan birgina qaltis qadam qimmatga tushadi. Yurak hapriqadi. Ulovimiz uchta log‘ari1 eshak, yukning og‘irligidan inqillab-inqillab yuqoriga ko‘tariladi.
— G‘ayrat qil, — deydilar bobom qat’iy ohangda.
— Bu kecha Avaz kalning bog‘iga yetib olishimiz kerak.
Avaz kalning bog‘iga hadahalab yursak bir kun deganda zo‘rg‘a yetib boramiz. O‘ziyam bog‘misan bog‘-da, shundaygina qirning yon bag‘rida joylashgan, bu bog‘ yonidan daryo ayqirib oqadi. Daryoning haybatidan qo‘rqaman, u dod solayotganga o‘xshaydi. Bo‘g‘ilib-buralib, boshini toshlarga urib-urib oqadi.
— Avaz kal o‘n besh yilga qamalib chiqqan, — deydi bobom. Sovuq xabardan badanim junjikib ketadi.
— Nega?
— Xotinini chavaqlagan...
Men bobomning so‘zlaridan battarroq seskanaman.
— U jinnimi bobo?
— Yo‘q jinnimas, xotini... Hozir bilishing shart emas, katta bo‘lganda tushunasan...
Bobom boshqa churq etmaydi. Yana esimni taniganimdan beri tillaridan tushmaydigan g‘amgin qo‘shig‘ini xirgoyi qilgancha, ilgarilaydi. Mening dilimda Avaz kalga nisbatan nafrat uyg‘onadi. Yo‘q unikiga bormaylik, deyman ich-ichimda. Lekin bobom bir so‘zli, aytganidan qaytmaydigan odam. Bir gapni ikki qilmaydigan cho‘rtkesar. Tog‘larda qorong‘i erta tushadi. Dara huvillab, kishini o‘z komiga tortgandek, olisda turgan xarsanglar xuddi sen tomonga bostirib kelayotgan lashkardek vahima uyg‘otadi. Kun bo‘yi yuraverib darmonim quriydi. O‘nqir-cho‘nqir so‘qmoq yo‘lda toshlarga qoqilaman. Koshki, bobomning rahmi kelsa-yu, eshakka minib ol desa. Yo‘q, bobom ulovini ayaydigan odam, mening yuk ustiga yana yuk bo‘lishimni xohlamaydi. Shundayam og‘ir yukdan eshaklar zo‘rg‘a yuqoriga ko‘tariladi. Qosh qorayib, ilon izi yo‘lning izi o‘chadi. Avaz kalning bog‘i go‘yo bizdan qochayotganga o‘xshardi.
— Eshakning dumidan ushlab yur, yo‘ldan chiqib ketmaysan, deydi bobom menga qarab. Men eshakning dumidan ushlashni yomon ko‘raman. Qo‘lim iflos bo‘lishini istamayman. Ushlamaslikning esa iloji yo‘q, qorong‘i tushganda tog‘ yo‘lida yurishning azobi shu. Itlarning uzuq-yuluq hurgani eshitiladi, demak ko‘zlangan manzil yaqin. Birdan Avaz kalning ovozidan tog‘lar gumbirlaydi. Bir ovoz besh-oltita ovozga aylanib, sado beradi.
— Kimsan?..
— O‘zbekman... — deydilar bobom.
— Qaysi O‘zbek?..
— Karim merganning o‘g‘li.
— O, aylanay ovozingdan, Karim merganning o‘g‘li. Seni bu bemahalda qaysi shamol uchirdi?
— Piryaxtog‘ning shamollarini sog‘indim!..
— Momoqiz, chiroqni supaga keltir, mehmonlarga joy tashla!
Yonoqlari qip-qizil, qaddi-qomati kelishgan ayol o‘tovdan chiroq ko‘tarib chiqdi. Nazarimda uning yuzlari ham chiroqqa qo‘shilib nur taratayotganga o‘xshardi. Avaz kal bobomning gapidan keyin menga qo‘rqinchli odamga aylanib qolgandi. Yuzini jun bosib ketgan. Yurganda bir oyog‘i oqsoqlanib yuradi. Nima bo‘lganda ham u odamkush-da. Momoqiz uning xotini emish, o‘shanda aqlimni tanimagan yosh bola bo‘lsam-da, negadir Momoqizni Avaz kaldan qizg‘andim. Bo‘lishi mumkin emas, der edim ich-ichimdan norozi bo‘lib. Qarshimizda o‘tirib, bizga muzdek ayron quyib uzatayotgan Momoqizga burnimni tortib-tortib, ko‘z qirimni tashlayman. Ismi ajoyib ekan, Momoqiz. Xuddi Avazning nigohida momo-yu, mening nigohimda qiz o‘tirgandek edi. O‘shanda g‘alati bo‘lib ketganman...
— Jo‘raqul ham qamaldi...— deydilar bobom Avaz kalga.
— Qaysi Jo‘raqul? — uning hayrati oshadi.
— Jo‘raqul-chi, Gulyor...
— Ha, nima aybi bor ekan?
— Paxta xirmoniga qorovullik qilardi. Makka qorovuli bo‘lib yurgan bir gung yigitni tunda kimdir rosa kaltaklabdi. Gung hushini yo‘qotganmish. Ertasi undan seni kim urdi deb so‘rasalar, Jo‘raqulni ko‘rsatibdi. Jo‘raqul non bilan qasam ichdi. Men urganim yo‘q deb, zorilladi. Oxiri yig‘lab-yig‘lab, qamoqqa ketdi...
— Necha yilga ketdi? — qiziqib so‘raydi Avaz.
— To‘rt yilga...
— E, to‘rt yil ham jazomi? Kichkina barmog‘imga aytsam, to‘rt yilni o‘tab keladi. Men o‘n besh yil yotdim...
Bobom go‘yo Avaz kalning jon joyidan tutgandek bo‘ladi. U boshidan kechirgan qora kunlarini so‘zlayveradi-so‘zlayveradi. Men esa gurung qulog‘imga kirmay, bizdan sal uzoqroq o‘tov yonida bolalari bilan ovunib o‘tirgan Momoqizdan ko‘zimni uzmayman. Keyin shu holimda ko‘zim ilinib, toshdek qotib uxlayman. Yo‘l charchog‘i darrov bilinadi. Bobomning:
— Tur, oy chiqdi. Salqinda yurmasak bo‘lmaydi, — degan ovozidan uyg‘onib ketaman. Tog‘ning sovuq havosidan turgim kelmaydi. Daryoning quturgan tuyadek nolishi shundoq pastlikdan eshitiladi. Bobom uxladimi, yo‘qmi bilmayman.
— Yo‘lovchiga yo‘l yaxshi. Eshaklarni keltir, oyning yorug‘ida bir qadam bo‘lsa ham oldinga yurganimiz ma’qul. Eshaklarimiz oldida to‘kilgan pichanni kurt-kurtlayotgan bo‘ladi. Bobom ularning belini tortib-tortib:
— Jo‘ra, agar shu yerga yetib kelmaganimizda bu kecha eshaklarimiz och qolib ertaga yo‘lga yaramay qolardi. Baraka topkur Avazning bergan bir bog‘ bedasidan bularga ham darmon kirdi. O‘zimiz esa issiq o‘rinda maza qilib yotdik.
Bobomning amri bilan eshaklarni haydab, yo‘lga tushamiz. Bu paytda Avaz kal bilan Momoqiz yotgan o‘tovning chirog‘i o‘chgan bo‘ladi. Ular bizning qachon turib ketganimizga e’tibor ham berishmaydi. Bilsalar ham o‘zlarini bilmaganga olib uxlayverishadi. Men nimanidir qoldirib ketayotgan kishidek Momoqiz o‘tirgan supaga mo‘ltirab qarayman. Bobomning bir so‘zi bor: «Tong uyqusini totgan ham bir, tong otguncha yotgan ham bir».
— Hushyor bo‘l, toshga qoqilib ketma, hali uyqung qochmabdi. Eshakning dumidan mahkamroq tut, yiqilib ketmaysan.
Biz yana yolg‘izoyoq yo‘ldan yuqoriga ko‘tarilamiz. «Bordi-yu, hozir oldimizdan ayiq chiqib qolsa nima qilamiz ekan?» Yarq etib xayolimga kelgan sovuq savoldan seskanib ketaman, Gulmurod bobomning hikoyasi esimga tushadi:
— Oy tunda sutdek yog‘du sochib turgan payt, Cho‘ponqul bilan tog‘ yo‘lidan ketayapmiz. Cho‘ponqul unda yosh bola edi. Eshaklarimiz taqa-taq to‘xtadi. Shuncha ix deymiz qani endi, oldinga yursa. Hayron bo‘ldim. Qarasam, yo‘lning o‘rtasida ho‘kizdek keladigan bir ayiq o‘tiribdi. Ayiq desam, Cho‘ponqul qo‘rqadi. O‘zimning ham badanim uvishib, sochlarim tik bo‘ldi. Cho‘ponqulni katta xarsang ustiga chiqarib qo‘ydim. Keyin oldinga o‘tib, ayiqqa: «Polvonjon, siz shu daraning sultonisiz. Sizdan zo‘ri yo‘q. Yo‘l bering, o‘tib ketaylik», deb yolbordim. Ayiq so‘zlarimni fahmlagandek, o‘rnidan turib, o‘n qadamlar yo‘ldan chetga chiqdi. Biz o‘tib ketdik, ziyon qilmadi. Ayiq mard hayvon...
Bobom bilan oldinma-ketin ilgarilab yuraveramiz. Peshinga yaqin olisdan Piryaxtog‘ ko‘rinadi.
— Qorlaringdan o‘rgilay Piryax!
Birdan bobomning ko‘ngli yorishib, quvonchdan ko‘zlari porlaydi:
— Ana u ko‘rinayotgan Navro‘zgoh tog‘i, oldiga yetib borsak bo‘lgani...
Oldimizdan Mush qishlog‘i chiqadi. Mush Kokil boboning bog‘i. Qir bag‘rida yastanib turgan bog‘larni Kokil bobo barpo qilgan. U uyini katta qoya toshning tepasiga chiqarib qurgan. Uyining poydevori tog‘. Yonida kattakon hovuz ham bor. Buni Havzi Mardon deyishadi. Hovuzda gulmohilar suzib yuradi. Kokil bobo g‘alati odam. Yoshi saksonni qoralab qolgan bu qariyani tog‘liklarning hammasi biladi. Qariya biron-bir yo‘lovchini uyining yonidan quruq o‘tkazib yubormaydi. Mehmonxonasining eshigi har doim ochiq.
— Qani, eshakni bu yoqqa qaytar, bir piyola choy ich. O‘sha Shotiro‘d qochib ketmaydi. Alqosning onasi, qatiq keltir...
Kokil boboning choyini ichmay ketishning iloji yo‘q. Dasturxoni ochiq bu cholning mehmoni uzilmaydi. Ikki dara odamining yo‘li shu uy oldidan o‘tgan. Bobo sochini o‘stirib yurgan olifta yigitlarni xush ko‘rmaydi.
— Soch qizlarga yarashadi, — deydi. U mening tap-taqir boshimni silarkan.
— Oho, yigitmisan yigit bo‘libdi-ku, bu bola!
Boboning ko‘p bora soch qo‘yganlarga tanbeh berganini eshitganman. Kokil bobo o‘zini bilmaganga olib, sochi borga ishora qilib deydi:
— Qizingizning ham bo‘yi yetib qolibdi-ku?
Bolaning otasi hayratlanib: «qizmas, bu — ul bobojonisi», desa:
— Ul bo‘lsa, ulga o‘xshab yurmaydimi? Yigit kishiga soch yarashadimi? Soch ayollarning bezagi. Indamasang, hozirgi yigitlar jamalak taqishdan ham qaytmaydi, — deydi Kokil bobo istehzo aralash.
Bobom nega har gal sochimizni buncha qirtishlab oladi desam, buning tagida gap bor ekan. Bobomni ham tushunib bo‘lmaydi. Hali zamon ko‘rasan, qayoqdandir kelib:
— Qani tayyorlaninglar, sochlaringni olamiz, — deb qoladi.
Dunyoda eng yomon ko‘rganim, bobom qo‘llari bilan boshimizni o‘ynatib-o‘ynatib, sochimizni qirtishlashi. Boshqalar sochni issiq suv bilan sovunlab olsa, bobom unday qilmaydi. Bizni muzday oqib turgan ariq bo‘yiga chaqirib, avval boshimizni sovuq suvga yuvib, keyin kaftlari bilan rosa ishqalaydi. Biz tishimizni tishimizga qo‘yib chidaymiz. Ukam Jabbor nozik bo‘lgani uchun yig‘lashga tushadi. So‘ng eski pokini tizzalariga ishqab-ishqab, bismillo, deb boshimizga yurgizadilar. Boshimiz biram og‘riydi deng.
— Og‘riyapti... — Yig‘lashimiz foyda bermaydi. Baribir sochdan ayrilamiz. Bobom huzur qilib kuladilar.
— Og‘riydi-da, sochni o‘stirgandan keyin. Rangingni qara, sarg‘ayib ketibdi. Yigit kuchini soch oladi.
U kishi, ming bora eshitganim eski rivoyatini boshlaydi.
— Bir boy bor ekan. Bolasini polvon bo‘lsin deb har kuni qo‘y go‘shti bilan boqarkan. Bir kambag‘al bor ekan, u ham polvon bo‘lsin deb bolasini qotgan non bilan boqarkan. Boy o‘g‘lining sochini olmas, kambag‘al esa har o‘n kunda o‘g‘lining sochini qirtishlab olar ekan. Bir kuni katta maydonda ikkisini bellashtiribdilar. Kambag‘alning o‘g‘li boyning o‘g‘lini ko‘tarib uribdi. Hamma hayron. Boy donishmandlardan buning sirini so‘rabdi. Ular boyning xatosi o‘g‘lining sochini oldirmaganida, deyishibdi. Soch uning kuchini olib, zaif qilib qo‘ygan-da...
Jabbor ukam soch oldirganda rosa yig‘laydi. Aytdim-ku, juda nozik deb, buning ustiga Ahmad akamiz nuqul uni mazax qilib holi-joniga qo‘ymaydi. Emishki, Jabbor sochini oldirsa, Ibrohim kalga o‘xshab qolarmish. Bu so‘z ukamga juda og‘ir botadi. Ori bor-da, birovga o‘xshagisi kelmaydi. Shuning uchun ham yig‘laydi. Tog‘larda nima ko‘p, kal ko‘p. Lekin muhimi bu emas, tog‘liklar uchun eng muhimi yigit bo‘lish kerak. O‘ylayman — tog‘larda kallarni ko‘paytirgan narsa, bobomning eski pokisi bo‘lsa kerak. Sovuq suvga boshingni yuvib, kaftlab-kaftlab eski ustarada sochingni olsami, bosh jarohatlanib kal bo‘ladi-da...
Darvoqe, Kokil bobo... Tovoqlarda to‘lib turgan echki qatig‘idan rohatlanib ichamiz, keyin boboning duosini olib, yo‘limizni davom ettiramiz. Eh, bu tog‘liklar, deyman o‘zimga o‘zim. Bular balandlarda yurganlari uchun ham ko‘nglida gidir yo‘q, baland odamlar, ularning qiyosini topolmayman. Dunyodagi barcha odamlar qani shunday bag‘ri keng, baland bo‘lishsa. Balandda yurgan odam ko‘p narsani ko‘rar ekan, buni menga bobom aytgandi.
Qishlog‘imizga ikkinchi kuni quyosh botish arafasida kirib boramiz. Kavraklarning xushbo‘y isi dimoqqa uriladi. Eshaklarimiz ham qishloqqa yaqinlashib qolganimizni payqab, ildam yuradi. Endi biz ularga yetolmay qolamiz. Qishloq bizga quchoq ochadi. Qir bag‘rida bobomning bog‘lari bo‘yi yetgan qizlar kabi shivirlashga tushadi. Singlim Gulsanamning qo‘ng‘iroqdek ovozi yangraydi.
— Ur-ra- a- a, bozorchilar kelishdi...
Oldimizdan tayog‘ini to‘qillatib Maysara momo chiqadi. U bizni ko‘rganda dunyo topgandek quvonadi. Cho‘pillatib yuzlarimdan o‘padi.
— Pastdagilar yaxshi yurishibdimi? — so‘raydi momo. Bobom ishora qilib, qo‘llarini silkitib-silkitib so‘zlaydi. Maysara momoning quloqlari og‘ir, past ovozni eshitmaydi. Uning uchun bulbullarning xonishi bilan daryoning shovullashi bir.
— Quloqlarim kar, — deydi momo nolib. — Ko‘zlar ham xiralashgan, nima qilay?
Bobom xurjunda Maysara momoga «posilka» borligini tushuntiradi. U tayog‘iga suyanib-suyanib bizga ergashadi. Isimizni sezgan Qoplon hovlidan yugurib chiqadi-da, avval bobomning, keyin esa mening oyoqlarimga suykalib-suykalib yuguradi. Eshaklarimiz og‘ir yukdan xalos bo‘lib, xumordan chiqquncha tuproqqa ag‘anaydi. Onam Maysara momoni: «...bu kampir sira yangi gapni gapirmaydi», der edilar. Onamning so‘zlari haq. Momo hech qachon yangi gap aytmaydi, faqat o‘tmishdan so‘zlaydi. Biz uchun yod bo‘lib ketgan o‘sha bolalik yillarida daryodan qancha ko‘p baliq ovlagani-yu, Haybibi xolani baliq tozalashdan esi ketib yig‘laganlarini faxrlanib so‘zlayveradi.
— Qani, u baraka? — deydi momo savolni oldimizga ko‘ndalang qo‘yib.
— Hammasi ketdi... Eh, — deydi kampir turib-turib. —Merganjon tirik bo‘lganida, hozir sizlarni kiyik go‘shti bilan siylagan bo‘lardim. Endi u boshqacha yigit edi-da...
— Merganjon kim? — so‘rayman otamdan.
— U kampirning ukasi, devqomat yigit edi. Yetti-sakkiz botmon yuklarni yuk demasdi. Bir ilib yelkasiga olardi. Bir kuni deng, bog‘imizda o‘rik yeganini ko‘rib, qoyil qolganman. Oldiga bir tog‘ora o‘rik danagini taxlab qo‘yibdi. Endi o‘ylab ko‘ringlar, u bir o‘zi qancha o‘rik yeganini?! Otamning so‘zlari hayratimni oshiradi.
— Shunchalik bahaybatmidi?
— Bizlar uning belidan ham kelmaymiz, — deydi otam. —Vajohatidan ot hurkadigan yigit bo‘lgandi.
— Nega o‘ldirishdi uni?
Maysara momo gapimizni fahmlab turgandek, so‘z boshlaydi.
— Zo‘rlarni ko‘rolmaydiganlar zamonida shunday qilishdi. Dushmanlari hiyla ishlatib, ovga olib chiqishgan. Keyin dam olib yotgan paytida bolta bilan boshini chopib tashlashgan... U besh-o‘n kishini pisand qilmaydigan polvon edi...
Momoning eski dardi qo‘zg‘aydi. Ko‘zlaridan shashqator yosh oqaveradi.
— Butun qishloq ahli oyoqqa turib, o‘ligini o‘n besh kun qidirdik. Oxiri murdani qumning ostidan Cho‘yanning Malluk iti topdi... Men ukamning jasadini ko‘rib, qattiq dod solganman. O‘shanda quloqlarim kar bo‘lib qolgan. Endi hech narsaga ishonmayman. Bu dunyoning ko‘p ishlari yolg‘on. Eshitishni ham xohlamayman...
Momo «posilka»sini qo‘ltig‘iga qisib, o‘rnidan turadi. Onam kampirning biror marta yangi gap aytmaganidan noliydi... Ha, tog‘liklar shunaqa...
Kelganimizdan tog‘begi xabar topadi. Tog‘begi Muxtor Qassob. Uni ko‘plar Muxtor kal deyishadi. Garchi so‘zlarni ko‘pirtirib gapirsa-da, undan yaxshi odam yo‘q. Otam uning ko‘p so‘zlarini yolg‘onga chiqaradi. Agar sal bo‘sh kelsangiz, u o‘zini mamlakatning barcha kazo-kazolari bilan qadrdon etib ko‘rsatadi. Dunyodagi hamma katta uning tanishi bo‘lib chiqadi. Uzoq yillar xizmatini halol bajargan odam ham mana shu Muxtor Qassob. U bizni uyiga boshlaydi:
— Bugun qo‘shga chiqdim. Sho‘rchilik Jo‘lli ko‘rning katta bir qo‘chqorini tosh uribdi. Ellik kilodan ortiq yuki bor. Jo‘lli nima qilishini bilmay hayron turgan ekan. Vaqtida boribman, go‘shtni xurjunning ikki ko‘ziga to‘ldirib, eshakka ortdim-da, qo‘liga yuz so‘m tutqazdim, vaqti chog‘ bo‘ldi, deng. Bu ham sizlarning nasibangiz...
U ikkita yog‘och tovoqda qovurilgan qo‘y go‘shtini dasturxonga qo‘yadi. Biz maza qilib go‘shtxo‘rlik qilamiz. Tog‘ odamlari ichida yomoni yo‘q, yomon deganlari ham bir xislati bilan ajralib turadi.
— Sizlar bilmaysizlar, — deydi Jabbor ukam Muxtor kalga yon bosib.
— Muxtor bobo savodsiz bo‘lgani bilan qonunni suvday biladi. Unga hech kim gap topib berolmaydi...
Ukamning so‘zlarini Rayimqul tog‘a tasdiqlaydi.
— Kal tug‘ma talant, hujjati o‘zi bilan. Chindan ham raislar undan zirillaydi. Biror rais yo‘qki, undan hayiqmasa, oldiga borsa, uni bo‘sh qaytarmaydi.
Eshagini minib idoraga bordimi, demak arpami, bug‘doymi omborda nima bo‘lsa, birinchi Muxtor kal oladi. Raisning esa bermay iloji yo‘q. U borishi bilan darhol, omborda nima bor rais, deb so‘raydi. Rais qo‘rqqanidan, uning bejiz kelmaganini bilganidan, hamma narsamiz bor, Muxtor aka deydi. Bordi-yu, rais omborimizda hech narsa yo‘q desa bormi, unda kalga Xudo beradi.
— Rais, bu yil yaxshi ishlamabsiz, omborning bo‘shligi — xalqqa non yo‘q degani, endi kursini bo‘shatib qo‘ysangiz ham bo‘laveradi, — deydi tap tortmay. Raislar shuning uchun ham undan qo‘rqib yuradi. Xuddi Muxtor kal ulardan lavozimini tortib oladigandek.
Ayniqsa, yillik hisobot yig‘ilishi yaqinlashdimi, Muxtor kalning eshagi idoraga serqatnov bo‘lib qoladi. U hech qachon quruq qaytmaydi. Ana shunaqa...
* * *
Yillar o‘tdi... Yigit bo‘lib qoldim. O‘zbek bobom bilan yana tog‘larga chiqib boryapmiz. Bu gal bobom meni ko‘p tergamaydi. Bu yo‘llarda yuraverib pishidim. Xohlagancha tog‘u toshlarni tomosha qilib boraveraman. Bobom o‘sha-o‘sha kamgap. Turib-turib o‘zicha xirgoyi qiladi. Xirgoyi qilganda ham so‘zlarning salmog‘i borini, yurakning tinchini buzadiganini topib aytadi. Yuraverganimizdan mening qornim ochqaydi.
— Bobo, ozroq dam olaylik, och qoldim, — desam, u kishi miyig‘ida kulib:
— Senga nima balo bo‘lgan o‘zi, bir zo‘r mullani topib, bod o‘qitishing kerak, — deydi.
— Och qoldik-da, bobo, — deya xurjunga qo‘limni tiqaman.
Bobomning dardi yangilanadi, bolaligini eslaydi.
— Bir paytlar tog‘ yo‘lida otam bilan boryapmiz. O‘shanda olti-etti yoshdaman, ochlik yillari. Otamga sira yetib yurolmayman, otam bir buloqning bo‘yiga o‘tirib oldilar-da, yonidan menga bir burda taxta kunjara chiqarib berdilar. Men kunjarani ishtaha bilan yeyishga tushdim. Bu payt otamning o‘zi bir burda arpa nonini suvga botirib yeganiga ko‘zim tushdi. O‘shanda arpa noni ko‘zimga dunyodagi eng noyob narsadek ko‘rindi. Kunjara yeyishdan to‘xtadim. Otamdan ozroq non berishini so‘radim. Otamning g‘azablanganini o‘shanda ko‘rganman. U kishi menga qarab:
— Sen yoshsan, hozir toshni yesang ham hazm qilasan. Men-chi, men... Bordi-yu, yo‘lda sen ochlikdan yiqilib qolsang, men seni ko‘tarib manzilga yetkazib boraman. To‘g‘rimi? Agar men ochlikdan yiqilib qolsam-chi? Sen meni hech qayoqqa olib borolmaysan. Negaki sen yosh bolasan, kuching yetmaydi. Unda ikkimiz ham nobud bo‘lamiz, uqdingmi? ...
O‘sha-o‘sha otamga boshqa gap qaytarmadim, endi o‘ylasam u kishi to‘g‘ri aytgan ekan. Lekin, qani o‘sha otam...
Bobomning yaralariga go‘yo tuz sepgan bo‘laman.
— Sizlar non to‘kin-sochin zamonda ham och qoldik deysiz. U kunlarni Xudo ko‘rsatmasin...
Biz yana o‘z xayolimizga berilib, yo‘l tortamiz, endi aqlimni taniganim uchunmi, bobomning so‘zlari menga boshqacha ta’sir qiladi. Bolalik xotiramga muhrlanib qolgan bog‘ — bu Avaz kalning bog‘i. Qancha yillar o‘tib, yana o‘sha tanish boqqa yetib keldik.
— Shu yerda tunaymiz, — deydi bobom. Itlar hura boshlaydi. Daryo dod soladi. Negadir bu gal Avaz kalning tog‘larni gumburlatadigan ovozi chiqmaydi. Momoqiz bolaligimda ayron quyib bergan qadrdon supa yoniga bobom bilan borib, ulovdan yukni tushiramiz. Qaerdandir Momoqiz paydo bo‘ladi. Yo‘q, u men bundan o‘n besh yil ilgari ko‘rgan Momoqizimga sira o‘xshamasdi. Kiyinishi qahratonda qor bosgan daraxtni eslatardi. Yuzlarigacha oqarib ketgan, aftodahol ayol. U supaga joy qiladi. Bobom bilan chiqib o‘tiramiz. Bobom atrofga alanglaydi:
— Avazboy qani?
— Uydalar, hozir...
Momoqiz g‘am cho‘kkan ko‘zlarini gunohkordek yerdan uzmaydi. O‘tovdan qoqsuyak bo‘lib qolgan Avaz kal chiqadi. Uning qo‘lidan tutib kelayotgan qizaloqda ilgari uchratgan Momoqizimning o‘tli nigohini ko‘raman. Go‘yo u Momoqizning nigohini o‘g‘irlab olgandi...
— Avaz aka! — deya bobom quchog‘ini ochadi.
Avaz kal yosh bolalardek o‘zini bobomning bag‘riga otadi. Ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘laydi.
— Uyim kuydi, O‘zbek. Uyim kuydi... Bolamdan ayrildim... Bolamni daryo olib ketdi, O‘zbek. Daryoga nima yomonlik qiluvdim? Daryo menga yomonlik qildi. Eh, nomard dunyo...
U o‘kirib-o‘kirib yig‘laydi. Bu bilan bir yo‘la Momoqizning ham dardlarini qo‘zg‘aydi.
— Onang o‘lsin, bolam...
Momoqizning yurakni ezib yuboradigan mungli nolasi daryoning ovoziga jo‘r bo‘ladi. Biz bobom bilan karaxt bo‘lib qolamiz. Keyin bilsak, Avaz chol o‘g‘lini daryoga berib, uning hijronida ko‘zlaridan ayrilibdi, shuning uchun qizchasi uni yetaklab yurardi. Bir vaqtlar uning qamalganidan qanchalik nafratlangan bo‘lsam, bugun yosh bola kabi ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘layotganini ko‘rib, achindim. Axir uning ham yuragi bor ekan-ku?! O‘z juftining qotili bo‘lgan odam farzand dog‘ini ko‘tarolmay ikki ko‘zidan ayrilib o‘tirsa... Bu qanday sinoat? Tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi. Daryoning sovuq na’rasidan badanim uvishib ketdi. Biz tuni bilan Avaz cholga qo‘shilib, ayriliq azobini chekdik. Tong yorishdi. Tun qaro to‘nini sudrab, juftakni rostladi. Uyqusizlikdan achishib turgan ko‘zlarim oldida haqiqiy momo bilan qiz paydo bo‘ldi...