OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Axtamqul Karim. Tog‘begi (hikoya)

Balandda yurgan odam ko‘p narsani ko‘radi...
O‘zbek bobom hikmatlaridan.

Yil og‘ir keldi. Chorvadorning kuni qoraydi... Qishloqda bir parcha bo‘sh yerning o‘zi yo‘q. Hammayoqni paxta egalladi. Toshloq joylarni ham odamlar bo‘lib olishgan. Suruvni qayoqqa haydashni bilmay boshim qotadi. 
Bobom molga rahming kelsin, deb nuqul meni koyiydi. U kishiga paxtadan so‘z ochib bo‘lmaydi. Eshitishni ham istamaydi:
— Echkining tili bo‘lganda edi, senga nima deyishini bilarding. Bir maydon alang1larda chiratib kelsang, yoning­dan ketadimi?! 
Tayog‘imni olib gunohkordek qo‘tonga yo‘l olaman, u yerda mo‘ltirab yotgan echkilar menga intiq ko‘z tikadi.
Qo‘ton eshigini ochishim bilan pildirab, har tomonga yuguradi. Asli kiyikning naslidan bo‘lgani uchun ham ular qamalni xushlamaydi. Tog‘liklar echkini tuyog‘i boqadi, de­yishadi. Shotiro‘dliklarni ko‘rganda jag‘i ochiladigan Gul­qiz kampir esa: 
— Echkingni gum qil, bu shaytonning urug‘i-ku! Uning dastidan na gul, na daraxt qoldi, —  deya tinimsiz javray boshlaydi.
Shu shum kampirni ko‘rgim yo‘q. Ko‘chasidan suruvni qancha ehtiyot qilib o‘tmayin, baribir tanbeh eshitaman. Har gal bir bahona topadi. Uning jizzakiligi sababini bobom shunday so‘zlab bergan. Bir paytlar «qizillar»ning dodini bergan Boymirza cho‘loqning xotini bo‘lgan ekan. Gulqiz qizligida bir quchoq lovullagan gul edi. Hech kimni pisand qilmay yurgan damlari go‘zalligi ta’rifi Boymirza cho‘loqning qulog‘iga chalingan. Shunday qilib, Gulqizning ayni gullagan davri taqdir amri bilan to‘rtinchi xotin bo‘lib, Boymirza cho‘loqning hayotiga ko‘chdi. 
— Cho‘loq odamdayam to‘rtta xotin bo‘ladimi?! — deyman ajablanib. Bobom kuladi:
— Unda u cho‘loq bo‘lmagan, damining taftida holva pishardi. Yurtni bosqinchilar bosib olganidan keyin ham u ko‘p yillar qizillarga bo‘y bermay, tog‘larni larzaga solib yurdi. Har yerning tulkisini o‘zining tozisi ovlaydi, degan so‘z haq ekan. Uni o‘zimiznikilar tutib berdi, tut­qich bermas yovqurni «qizil»­lar so‘roq qilmasdan Sibirga surgun etishdi. Ammo Boymirza tushmagur qamoqda ham tinch yur­may, mallavoylarning boshlig‘ini urib, qochmoqchi bo‘lgan.
— Boymirzaning qilig‘i «og‘a»larga og‘ir botib, uni batamom egib olish uchun bir oyog‘ini tizzasidan kesib tashlashgan...
Buning tarixi juda uzun... Gap Gulqiz haqida ketayotuvdi. U boshida Boymirzani pisand qilmaydi. Savlatidan ot hurkadigan cho‘loq, Gulqizni xonaga chaqiradi-da, olmosdek o‘tkir pichog‘ini bo‘g‘ziga tiraydi. 
— Kalima keltir, menga erning hurmatini joyiga qo‘ymaydigan xotinning keragi yo‘q. Bugun sendan butunlay voz kechaman. Sen mening xotinimsan, meniki bo‘lib ketasan...
Gulqiz Boymirza cho‘loqning sovuq niyatini anglab, jon shirinligidan unga yalinib-yolvoradi. Cho‘loq bir oz hovridan tushib, unga to‘rtta shart qo‘yadi. 
— Men kelsam yugurib oldimga chiqasan, avval salom berib, otimning jilovini tutasan, so‘rovsiz biror qadam chetga chiqmaysan...
Gulqiz uning barcha istaklarini bajarishga ont ichadi. Shu tariqa uning yoshlik damlari zimistonga aylanadi. Shotiro‘dliklarni yomon ko‘rishi shundan. U zamonlar allaqachon o‘tib ketgan bo‘lsa ham alamini kimdan olishini bilmay, hamisha alamzada yuradi...
Echki boqish jonu dilim, ayniqsa, adirlarga yoyiqqa chiqarib, uloqchalarning shataloq otib yugurganini ko‘rsang, ko‘zing quvnaydi. Maza qilasan. Bizning suruvga «Qulat» bosh bo‘lib yuradi. 
Otam bu echkini Qulat mergandan sotib olganlari uchun biz uni «Qulat» deymiz. «Qulat» —  qaysar echki. O‘zidan oldinga o‘tgan echkilarning dodini beradi. Ayniqsa, uning «tarbiyasi»ga ko‘nmagan uloqchalarni qulog‘idan tishlab orqaga siltaganini ko‘rib, hayron qolaman. Suruv uning yo‘rig‘idan chiqmaydi...
— Bobo, tezroq tog‘larga chiqaylik, pastda mol boqishga joy qolmadi, —  deya bobomni holi-joniga qo‘ymayman. Bobom qor ko‘chib, tog‘ yo‘llari vayron bo‘lganini uqtiradi. 
— Olloh quvvatni nihondaraliklarga bersin! Biz baribir yo‘l sozlamaymiz... — deydi. 
Biz orziqib kutgan kun keldi. Tog‘ning yo‘llari soz bo‘libdi, degan xushxabar qishloqqa birpasda tarqaldi. Hamqishloqlarim ko‘ch-ko‘ronini ortib yo‘lga otlanadi. «Men ham toqqa boraman», deya ovozi boricha xarxasha qilayotgan bolakaylarning yig‘isi qishloqni tutadi. Odatda yosh bolalarni toqqa tut pishig‘ida olib borishadi. Ungacha ularning oqizgan ko‘z yoshlari hech kimning dilini yumshatolmaydi. Men dastyor bo‘lib qolganimdan, bobomga dumman...
...Havo seryog‘in kelib, o‘t ko‘paydi. Qirlar yam-yashil gilam yozib, bizga peshvoz chiqadi. Echkilar soqolini selpanglatib, kengliklarga yuguradi. Tog‘larning bag‘ri keng, hech kim molingni qaytar demaydi. Biz borliqning tiniq va sof havosidan nafas olib yuqorilaymiz. Tog‘lardek baland bo‘lgimiz keladi.
Yangi qurilgan shotidan o‘tishimiz bilan usta Zarif yo‘lsozlarning xatosini topadi. 
— Shotini mustahkam bog‘lashmabdi, bog‘lagan shotilari ko‘pga bormaydi, — deydi bobomga qarab. 
— Endi usta, shuni ham baraka topkur tamsho‘shlik kallar qurdi. Bizning shotiro‘dliklar qachon shoti bog‘lagan?!
— Yo‘l sozlash bizning chekimizda yo‘q, — deydi usta o‘jarlik bilan gapni cho‘rt kesib. — Bobomiz shox tashishni bo‘yniga olganida edi, bizlar ham yo‘l qurardik.
Usta Zarif so‘zini isbotlash uchun tortishadi. Men esa hayratlanib, bobomni savolga tutaman: 
—  Nega shox tashishni bobomiz bo‘yniga olmagan?!
U kishi avval menga, keyin usta Zarifga g‘azabnok tikilib, hikoyasini boshlaydi: 
— Amirlik davrida, hozir to‘g‘on ko‘tarilgan To‘polon suv ombori o‘rnida Hisor bekligiga qarashli qal’a bo‘lib, unga Sarijo‘ning miri boshchilik qilarkan. O‘sha davrlarda ham bizning ko‘chmanchi chorvador xalqimiz bahorda tog‘larga chiqib, kech kuzda havor1ga tushib kelisharkan. Nihondarada o‘ndan ortiq dara bo‘lib, uning har birida o‘ziga xos qavmlar yasharkan. Har bir qavmning tog‘begisi bo‘lib, ular beklikka hisob berarkan. Bir kuni Hisor begi barcha tog‘begilarni yig‘ib, farmon beribdi:
— Biz beklik uchun katta imoratlar bunyod etishga qo‘l urdik. Ammo yog‘och va shox yetishmayapti. Sizlarni yig‘ishimizdan maqsad har bir tog‘begi o‘z qavmi bilan yashab turgan joyidan beklikka shox tashiydi. Bu biz qurayotgan yangi imoratlarga qo‘shgan hissasi bo‘ladi.
O‘shanda barcha tog‘begilar bekning farmonini bajarishga rozi bo‘libdi. Ammo Shotiro‘d2ning tog‘begisiga bu farmon og‘ir botibdi. U bekka qarab shunday debdi:
— Shox tashish shotiro‘dliklarga to‘g‘ri kelmaydi, sababi yo‘limiz beklikdan salkam ikki yuz chaqirim olisda, uning ustiga yolg‘izoyoq tog‘ yo‘lidan bitta shoxni sudrab keltirishning o‘ziga to‘rt kun vaqt ketadi. Odamlarim och-nahor, bu mushkul vazifa ularga og‘ir tushadi...
Tog‘begining so‘zlaridan bekning qahri kelib, mirshabga buyuribdi:
— Agar odamlari shox tashishni istamasa, yangi bino devoriga uning o‘zini qo‘shib, loylanglar! Toki farmonni bajarishni o‘rgansin... 
Shunday qilib, Tog‘begini bekning farmoni bilan paxsachilar devorga qo‘shib tizzasigacha loy uribdi. U shox tashishni bo‘yniga olmabdi. Ikkinchi kun loy beligacha ko‘tarilibdi. Devor orasida qisilib qolgan Tog‘begining og‘iz-burnidan tizillab qon oqibdi. Loychilar uchinchi paxsani boshlamoqchi bo‘lganida, Tog‘begi mirshabga debdi:
— Menga bekni chaqirib beringlar!
Mirshab Tog‘begining ahvolini ko‘rib, endi taslim bo‘lsa kerak deb bekning huzuriga oshiqibdi. Uning arzini bekka yetkazibdi. Qo‘rg‘ondan savlat to‘kib chiqqan bek Tog‘begining oldiga kelibdi. Uning g‘arib ahvoliga achinib: 
— Xo‘sh, endi shox tashiysanmi? — debdi. 
Tog‘begi bekning ko‘zlariga tik qarab: 
— Begim, sizdan birgina iltimosim bor, loychilaringizga ayting, mayli tanamni bosh-oyoq loylab chiqishsin, ammo ikki qo‘lim bilan bo‘ynim devor ichida qolib ketmasin. Qo‘llarimni ikki tomonga chiqarib qo‘ysinlar! Shotiro‘dliklar tog‘dan horib tushgan chog‘ida ulovini bog‘lashga qoziq qidirib yurmay, mening qo‘llarim bilan bo‘ynimga bog‘lashsin...
Tog‘begining so‘zlaridan hayajonlangan bek uning qavmiga bo‘lgan cheksiz sadoqatiga qoyil qolib, jazoni bekor qilibdi. Shotiro‘dliklarning yo‘li uzoq deb, shox tashishdan butunlay ozod etibdi... Bizning ozodligimiz shundan... 
Men Tog‘begining jasoratidan hayratlandim. 
Keyin shotiro‘dliklar xaloskorini rosa e’zozlashgandir, —  deya bobomga qarayman. U kishi indamaygina ko‘zlarini tog‘larga olib qochadi. 
— Eh, nimasini so‘raysan, yaxshilikning ham goho yaroqsizi bo‘ladi...
Bobom menga har gal yaxshilikdan so‘zlaydi. Ularning hikoya davomida kalovlanib qolishidan voqeaning oxiri xayrsiz tugaganini anglayman. Shu payt yo‘lda yurganida ko‘zlari yumilib-yumilib ketadigan usta Zarif bobomning joniga oro kirib, hikoyani davom ettirdi: 
— Oradan ko‘p o‘tmay Tog‘begi bedavo dardga chalingan. Kasalining yuqumli ekanini payqagan shotiro‘dliklar undan yuz o‘girib, qishloqdan badarg‘a qilishgan. Tog‘begi omonatini o‘z qavmidan yiroqda, odam qadami yetmaydigan joyda, tanholikda topshirgan ekan. Bu shunaqa bir qo‘tir dunyo...
Usta Zarif boshini sarak-sarak qilib, xalacho‘p bilan eshagini niqtab, tezlaydi. Qirlar ortda qoladi. Piryax tog‘idan enib kelayotgan daryo boshini toshlarga urib, ayqiradi. Uning ayqirig‘idan quloqlarim ostida go‘yo Tog‘begining qonga belanib: «Loychilar, qo‘llarim bilan bo‘ynimni loydan chiqarib qo‘yinglar!», degan ovozi tinimsiz yangrayotganday bo‘ladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.